BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI

 B i r l a s h g a n M i l l a t l a r T a s h k i l o t i

REJA:
1. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi
2. BMTning O`zbekistondagi Vakolatxonasi Axborot markazi to`g`risida qisqacha ma`lumot
3. O`zbekiston rasmiy doiralari bilan muloqot
4. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik o`rnatish bo`yicha faoliyati

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi

Biografiyasi
Hozirgi kunda BMT ning (hisob bo’yicha sakkizinchi) bosh kotibi Koreya Respublikasi vakili hisoblanmish Pan Gi Mundir. 2007 yil boshlarida bu lavozimga o’tirishdan oldin Pan Gi Mun 37 yil davomida halqaro munosabatlar sohasida va hukumat tarkibida o’z faoliyatini olib borgan.

Ish faoliyatining muhim bosqichlari
Bosh kotib bo’lib saylanishidan oldin Pan Gi Mun o’z mamlakatining tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri bo’lib ishlagan. Vazirlikda uzoq yillar davomida u prezidentning tashqi ishlar bo’yicha maslahatchisi, milliy havfsizlik bo’yicha bosh maslahatchisi, siyosatni rejalashtirish ishlari bo’yicha vazir o’rinbosari va amerika bo’limi bosh direktori sifatida faoliyat olib borgan. O’z faoliyatini olib borishda Pan Gi Mun o’z hududini va butun dunyoni rivojlantirish hamda barqarorlashtirish yo’lida muhim ahamiyat kasb etgan Koreya yarimoroli g’oyasiga doimo sodiq qolgan.
Janob Panning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan aloqalarining ildizlari uning 1975 yilda tashqi ishlar vazirligining Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo’limida ishlagan paytlariga borib taqaladi. Yillar bilan bu sohadagi ishlar mikyosi kengayib bordi: u Nyu-Yorkda joylashgan BMT qoshidagi Koreya Respublikasi doimiy vakolathonasi birinchi kotibi, Seulda vazirlikning markaziy apparati tarkibidagi BMT bo’limi direktori va Venada elchi, 1999 yilda esa BMT ning butun jahonda yadro quroli tajribalarini taqiqlash shartnomasi bo’yicha tayyorlov komissiyasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2001-2002 yillarda esa Bosh Assambleya Raisi apparatining boshqaruvchisi sifatida bir qator takliflar bilan chiqqan va buning natijasida inqiroz, ikkilanishlar bilan boshlangan sessiyada bir nechta muhim islohotlar qabul qilinishiga erishgan.
Bundan tashqari janob Pan ikki Koreya munosabatlariga tegishli masalalarni ijobiy hal etishda faol qatnashgan. 2005 yil sentyabr oyida Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga hizmat qiluvchi Shimoliy Koreyaning yadro masalasiga oid oltitomonlama kelishuvda muhim rol o’ynagan shaxs ham Pan Gi Mundir.
Ma’lumoti
1970 yili janob Pan Seul milliy universitetining halqaro munosabatlar yo’nalishi bakalavr darajasi sohibiga aylandi. 1985 yili esa Garvard universiteti qoshida faoliyat olib borayotgan Kennedi nomidagi boshqaruv maktabining davlat boshqaruvi yo’nalishi magistri darajasiga ega bo’ldi.
Mukofot va medallari
Janob Pan ko’plab milliy va halqaro mukofotlar, medallar bilan taqdirlangandir. 1975, 1986 va 2006 yillarda u o’z mamlakati ravnaqi va tarakkiyotiga qo’shgan hissasi uchun Koreya Respublikasi oliy ordeni — “Hizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangandir.
Shaxsiy ma’lumot
Janob Pan 1944 yil 13 iyun kuni tavallud topgan. Turmush o’rtog’i honim Yu (Pan) Sun Dek bilan ular 1962 yili maktabning yuqori sinf o’quvchilari bo’lishgan paytlarida tanishishgan. Ularning bir og’il va ikki qiz farzandlari bor. Koreyschadan tashqari janob Pan ingliz va fransuz tillarida erkin gaplashadi.
BMTning O`zbekistondagi Vakolatxonasi Axborot markazi to`g`risida qisqacha ma`lumot
Ushbu Axborot markazi – BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi qoshida 1995 yilda ochilgan edi. U BMTning 70 dan ortiq mamlakatlardagi axborot markazlari va xizmatlarning butunjahon tarmog`iga kiradi. Uning markaziy mutasaddi tashkiloti – 1946 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «dunyodagi barcha xalqlarning Birlashgan Millatlar to`g`risida imkon qadar to`liqroq ma`lumot olishlari maqsadida» tashkil etilgan Nyu-Yorkdagi BMTning Jamoat axboroti departamentidir. Rezolyutsiyada ta`kidlanganidek, «Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`z vazifalarini, faqat dunyo xalqlari uning maqsad va faoliyatidan to`liqroq xabardor qilingandagina yaxshiroq amalga oshirishi mumkin bo`ladi». Xuddi shu vazifa BMT fikrlari ifodachisi bo`lgan va shu bilan birgalikda mahalliy jamoatchilik e`tiborini global ahamiyatga ega muammolarga jalb etishga yordam beradigan Jamoat axborot departamentining joylardagi Axborot markazlariga yuklatilgan. Toshkentdagi Axborot markazining asosiy vazifasi – BMT maqsad va vazifalarini yanada yaxshiroq tushunib olishga yordamlashish va odamlarni uning O`zbekistondagi faoliyatini qo`llab-quvvatlashga safarbar etishdir. Bunga axborotlar tarqatish va ommaviy axborot vositalari, hukumat va nohukumat tashkilotlar, ta`lim-tarbiya berayotgan muassasalar va boshqa mahallaiy hamkorlar bilan birgalikda tadbirlar o`tkazish yordamida erishiladi. Markaz Jamoat axborot departamentining joylardagi boshqa bo`limlari singari, BMT tizimi uchun O`zbekistonda jamoatchilik bilan aloqa qilish xizmati rolini ham bajaradi.
O`zbekiston rasmiy doiralari bilan muloqot
Axborot markazi O`zbekiston davlat hokimiyat organlari, vazirliklar va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari (hokimliklar) va boshqa davlat muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi. Markaz ularning talab-ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda BMT faoliyati to`g`risida axborotlar taqdim etadi va ularning BMTga taalluqli tashabbus va tadbirlarining amalga oshirish uchun ko`maklashadi. Axborot direktori vazifasini ham bajaruvchi, BMTning O`zbekistondagi Doimiy Vakili tez-tez rasmiy tadbirlarda, bayramlarda va uchrashuvlarda BMT nomidan qatnashib turadi.
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik
Axborot markazi BMT faoliyati to`g`risida butun dunyoda va mamlakatda axborot materiallari e`lon qilishlari uchun O`zbekistondagi noshirlik va elektron ommaviy axborot vositalariga har tomonlama yordam beradi. Markaz – BMT rasmiy shaxslar va expertlari ishtirokida matbuot konferensiyalari, brifinglar va davra suhbatlari tashkil etadi. Shuningdek, BMT vakili BMTning O`zbekistondagi faoliyati masalalarida, shu singari BMTning global ahamiyatga ega bo`lgan tashabbuslari va loyihalari borasida O`zbekiston televideniesi, radiosi va matbuot organlarida chiqishlar qiladi. Axborot markazi ommaviy axborot vositalariga nashr etilgan, audio va video materiallar taqdim etadi va radio hamda televidenieda BMT to`g`risida muntazam ruknlar, dasturlar tashkil etilishini qo`llab-quvvatlaydi. Markazning matbuot uchun ma`lumotnomalarni tarjima qilishi va Jamoat axborot departamentining matbuot uchun ma`lumotnomalarini va boshqa axborot ma`lumotlarini tarjima qilishi va tarqatishi odatdagi amaliyotga aylanib qolgan, shuningdek, Markazning o`zi ham ro`y berayotgan voqealar hamda Tashkilot loyihalari va uning O`zbekistondagi ixtisoslashtirilgan muassalari to`g`risida matbuot ma`lumotnomalari mustaqil chiqarmoqda. Ommaviy axborot vositalarida BMT faoliyatini yoritishni kengaytirish maqsadida Axborot markazi mahalliy matbuotda BMT mavzui bo`yicha eng yaxshi maqolalar konkursi o`tkazmoqda.
Nohukumat tashkilotlar va o`quv yurtlari bilan hamkorlik
Axborot markazi O`zbekiston nohukumat tashkilotlari va o`quv yurtlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida Markaz BMT xodimlari va ekspertlarining chiqishlarini tashkil etmoqda, axborot bilan ta`minlashda yordam ko`rsatmoqda, BMT nashr etgan ma`lumotlarni taqdim etmoqda. Shuningdek, Axborot markazi Tashkilotning BMT kuni, Inson huquqlari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni singari nishonlanadigan kunlari to`g`ri kelgan maxsus tadbirlarini o`tkazmoqda, nohukumat tashkilotlariga, ularning BMTga taalluqli o`z tadbirlarini o`tkazishlariga yordamlashmoqda.
Markaz O`zbekiston maktablari va oliy o`quv yurtlari bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotga kirishishni qo`llab-quvvatlaydi, bu hol viktorinalar, BMT «modeli» kabi hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini beryapti. Bundan tashqari Axborot markazi yoshlar davrasiga mo`ljallangan hujjatlar, matbaa mahsulotlari va videodastarlarni tarqatmoqda.
Ayni paytda Markaz O`zbekiston nohukumat tashkilotlari bilan BMT Jamoat axborot departamenti o`rtasida rasmiy hamkorlik munosabatlarini o`rnatish uchun BMT bosh qarorgohiga ma`lumotalar va tavsiyalar taqdim etadi.
Markaz kutubxonasi
Axborot markazi O`zbekistondagi BMT rasmiy hujjatlari va boshqa axborot materiallari, jumladan, plakatlar rasmlar statistik hisobotlar va audiviuzal materiallarning asosiy manbai hisoblanadi. Markaz kutubxonasi barcha talabgorlar uchun ochiqdir. Kutbxona fondida Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi, Vasiylik kengashi va Xalqaro sud majlislarining rasmiy protokollari, shuningdek, BMTning xalqaro tinchlik va xavfsizlik, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari, atrof muhit muhofazasi, demografiya, ijtimoiy taraqqiyot, jahon iqtisodiyoti, qishloq xo`jaligi va boshqa mavzulardagi nashrlari mavjud. Shuni ta`kidlab o`tish kerakki, Axborot markazi va uning kutubxonasi BMT axborot markazlari butunjahon elektron tarmog`iga ulangan va bu erda BMTning Internetga joylashtirilgan axborot manbaalaridan ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Markaz kutubxonasi BMT hujjatlari va nashrlarini O`zbekiston kutubxonalariga, oliy o`quv yurtlariga va boshqa muassasalariga muntazam ravishda taqdim etmoqda. U haftaning payshanba, shanba va yakshanba kunlaridan tashqari soat 14.00dan 17.00ga qadar har doim keluvchilar uchun ochiq. Muloqot uchun telefonlar: (998-71) 1394835, 1391462.
Axborot markazi televideniega nohukumat tashkilotlarga va o`quv yurtlariga ularning talablariga binoan berishi mumkin bo`lgan BMT videodasturlari kolleksiyasiga ega. Videodasturlar tomoshasi bevosita Markazning o`zida ham tashkil etilishi mumkin. Bu erda shu kabi seminarlar va boshqa tadbirlar ham tez-tez o`tkazilib turiladi.
Noshirlik faoliyati
Axborot markazi faoliyatining muhim yonalishlaridan biri – BMT nashrlarini o`zbek tilida qayta nashr etishdan iboratdir. Keyingi yillarda o`zbek kitobxonlari BMTning «BMTni bilasizmi?», «BMT yurtida» kabi taniqli kitoblarni qo`llariga oldilar. Makaz, shuningdek, Bosh Assambleyaning maxsus sessiyalariga bag`ishlangan, BMTning muhim butunjahon konferensiyalariga to`g`ri keladigan axborot materiallarini o`zbek tiliga tarjima qilmoqda va tarqatmoqda. Bundan tashqari, Axborot markazi BMTning O`zbekistondagi dasturlari va agentliklariga ularning davriy hisobotlari va boshqa nashrlarini tayorlashda ko`maklashyapti.
BMTni bilasizmi?
Ko`pchiligimiz, albatta, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etish yoki insonparvarlik yordami ko`rsatish bilan bog`liq faoliyati borasida eshitganmiz. Biroq uning hayotimizga bevosita ta`sir ko`rsatayotgan boshqa ko`plab faoliyatlari to`g`risida zamondoshlarimiz har doim ham batafsil ma`lumotga ega bo`lolmaydilar. Mazkur ishimda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`z faoliyati bilan butun jahon xalqlari hayot tarzini yaxshilashga qanday yordamlashayotgani haqida hikoya qilish bilan birga bu tashkilotning qachon tashkil etilgani va qanday ishlar bilan shug`ullanayotgani borasida qisqacha ma`lumot beriladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun insoniyat duch kelayotgan muammolar hal etiladigan markazdir. Mazkur faoliyat Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimini tashkil etuvchi 30 dan ortiq tashkilotning hamkorlikdagi sa`y-harakatlari natijasi o`laroq amalga oshiriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tizimidagi tashkilotlar inson huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish, turli xavfli kasalliklarga qarshi kurashish, taraqqiyotni barqaror etishga yordamlashish va qashshoqlikka qarshi kurashish borasida kundan kun faolroq ish olib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti muassasalari havo va dengiz orqali xavfsiz va samarali aloqalarni yo`lga qo`yish norma va qoidalarini ishlab chiqadi, tetelekommunikatsiyalarni takomillashtirish va talabgorlar hojatini qondirisha ko`maklashadi, intellektual mulk huquqiga hurmat-e`tibor bilan yondoshish va radioto`lqinlarni tarqatishni tartibga solishga yordamlashadi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi va terrorizmga qarshi kurash xalqaro kompaniyasining ham tashabbuskoridir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning muassasalari dunyoning barcha mintaqalarida faoliyat ko`rsatib qochoqlarga yordam qo`lini cho`zadi va Minalardan tozalash dasto’rini amalga oshiradi, ichimlik suvlarining sifatini yaxshilashga yordamlashadi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytiradi, rivojlanayotgan mamlakatlarga qarz beradi va moliyaviy bozorlarni barqarorlashtirishga ko`maklashadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qanday faoliyat ko`rsatadi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1945 yil 24 oktabrda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yalpi xavfsizlikni mustahkamlash tufayli tinchlikni barqaror etish jur`ati bilan to`lib-toshgan 51 mamlakat tomonidan tashkil etildi. Bugungi kunda 185 mamlakat, ya`ni dunyoning qariyb barcha mamlakatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining a`zolaridir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining a`zosi bo`lgan davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, xalqqaro shartnomalardan iborat bo`lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida bayon etilgan majburiyatlarni qabul etadi. Nizomga binoan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti to`rtta asosiy maqsadga amal qiladi: xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta`minlashga ko`maklashish, millatlar o`rtasida do`stona aloqalarni rivojlantirish, xalqaro muammolarni hal etishda va inson huquqlarini hurmatlashni rag`batlantirishda, xalqaro hamkorlikni barqaror etish hamda ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar sa`y-harakatlari, kelishuvlari uchun markaziy rolni o`ynash.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti a`zolari — mustaqil davlatlardir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti butunjahon hukumati emas va u qonunlar qabul qilmaydi. Biroq xalqaro mojarolarni bartaraf etishga va bizning barchamizga daxldor bo`lgan masalalarni hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam bera oladigan mablag`larga ega bo`ladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga barcha katta-kichik, boy va kambag`al, turli siyosiy qarashlar va ijtimoiy tizimdagi davlatlar a`zo bo`lib, ular ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita bosh organ mavjud. Ulardan beshtasi — Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Markaziy qarorgohida, oltinchi organ — Xalqaro Sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat ko`rsatadi.
Bosh Assambleya
Bosh Assambleya — o`ziga xos butunjahon parlamentining insoniyatning eng dolzarb muammolari ko`rib chiqilayotgan majlislarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti a`zosi bo`lgan barcha mamlakatlar vakillari qatnashadi. Har bir a`zo-mamlakat bir ovozga ega. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni muayyan darajada saqlab qolish tavsiyalari yangi a`zolarni qabul qilish yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti budjetini tasdiqlash, shu jumladan, tinchlikni saqlash operatsiyalariga mablag` ajratish singari muhim masalalar ko`pchilik, aniqrog`i, uchdan ikki qism ovoz bilan qabul etiladi.
Boshqa masalalar bo`yicha qarorlar, odatdagidek, ko`pchilik ovoz bilan qabul etilaveradi. Keyingi yillarda Assambleya qarorlari rasmiy ovoz berish yo`li bilan emas, balki, konsesus asosida qabul etilishi uchun maxsus sa`y-harakatlar olib borilmoqda. 1999/2000 yilgi sessiyalarda yadroviy qurolsizlanish, taraqqiyot, atrof muhitni muhofaza etish va yangicha demokratiyani mustahkamlash singari kun tartibidagi turli-tuman 173 masala ko`rib chiqilishi kerak edi. O`z qarorlari g`oyat muhim ahamiyatga ega bo`lsa ham, ular jahon jamoatchiligi fikrlarini ifodalasa va xalqaro jamoatchilikning axloqiy talabi hisoblansa ham Assambleya o`z qarorlarini majburan qabul qildirmaydi.
Assambleyaning har yilgi navbatdagi sessiyasi sentabrdan dekabrga qadar bo`lgan muddat davomida o`tkaziladi. Assambleya zarurat tug`ilganda o`z ishini qayta chaqirilgan sessiyada davom ettirishi yoki jiddiy tashvish tug`dirgan masalalar bo`yicha maxsus yoki favqulodda sessiyalar o`tkazishi mumkin. Assambleyalar orasidagi muddat davomida uning ishlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining oltita bosh qo`mitalarida, boshqa organlarida va Kotibiyatda davom etadi.
Xavfsizlik Kengashi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barqaror etish borasida Xavfsizlik Kengashi bosh javobgarlikni zimmasiga oladi va u tinchlik xavf ostida qolgan kecha yoki kunduzning har qanday daqiqasida chaqirilishi mumkin.
Kengash 15 a`zodan tashkil topgan. Ularning beshtasi — Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Qirollik, Amerika Qo`shma Shtatlari va Fransiya — doimiy a`zolar hisoblanadi. Kengashning qolgan o`n a`zosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar. Keyingi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotida Kengashning a`zolar tarkibini o`zgartirish, bu tadbir zamonaviy va iqtisodiy voqelikni yanada yorqinroq aks ettirishi masalasi muhokama qilinayapti.
Kengashning qarorlari, uning uchun to`qqiz a`zo ovoz bergan taqdirdagina qabul qilingan hisoblanadi. Kun tartibidagi masalaga Kengashning doimiy a`zolaridan birortasi qarshi ovoz bersa, shuningdek, veto huquqidan foydalansa qaror qabul qilinmaydi.
Xalqaro tinchlikka xavf solinganligi haqida kengashga xabar berilganda bu mojaro avvalo tinchlik yo`li bilan bartaraf etish nuqtai nazaridan ko`rib chiqiladi. Kengash, balki bartaraf etish tamoyillarini ishlab chiqadi yoki hakam vazifasini o`taydi. Harbiy harakatlar boshlanib ketgan taqdirda
Kengash o`t ochishni to`xtatish choralarini ko`radi. Shuningdek, u tomonlarni yarashtirish yoki bir-birlari bilan janjallashayotganlarni ajratishga yordam beradigan, tinchlikni barqaror etuvchi missiya yuborishi mumkin.
Kengash o`zi qabul etgan qarorlarning bajarilishini ta`minlash bo`yicha tadbirlar qabul qilishi mumkin. U iqtisodiy jazo choralari qo`llashi yoki qurollarni yetkazib berishga embargo qo`yishi mumkin. Juda kamdan-kam hollarda Kengash o`zi qabul qilgan qarorni bajarish uchun a`zo-mamlakatga birgalikdagi harbiy harakatlarga qadar bo`lgan «barcha zarur vositalarni» qo`llashga vakolat beradi.
Shuningdek, Kengash Bosh kotib lavozimiga muayyan nomzodni va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yangi a`zolarni tavsiya etadi.
Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash
Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash Bosh Assambleyaning umumiy rahbarligi ostida harakat qilib Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tizimidagi muassasalar faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy sohada muvofiqlashtirib turadi. Xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni muhokama etish va shu sohadagi siyosat borasida tavsiyalar ishlab chiqish uchun bosh anjuman hisoblangan Kengash taraqqiyot maqsadlarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o`ynaydi. Kengash ish faoliyatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Fuqarolar jamiyati o`rtasidagi o`sha muhim hayotiy muloqotni qo`llab-quvvatlagan holda tegishli nohukumat tashkilotlari bilan maslahatlashadi.
Kengash tarkibiga Bosh Assambleya tomonidan uch yilga saylanadigan 54 nafar a`zo kiradi. Kengash har yili — Nyu-York va Jenevada, galma-galdan — o`zining bir oy muddatga cho`ziladigan sessiyasini o`tkazadi. Sessiya davomida muhim iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni muhokama etish uchun ministrlar darajasida majlis, 1998 yildan esa sessiya doirasida insonparvarlik masalalarini ko`rib chiqish bosqichi o`tkazilmoqda.
Kengashning ishlari yil mobaynida o`z yig`ilishlarini muntazam o`tkazib turadigan va Kengashga hisobot beradigan yordamchi tashkilotlar tomonidan olib boriladi. Masalan, inson huquqlari komissiyasi dunyoning barcha mamlakatlarida inson huquqlariga qanday rioya etilayotganligini nazorat qiladi. Boshqa tashkilotlar ijtimoiy taraqqiyot, xotin-qizlarning ahvoli, jinoyatchilikdan ogoh etish, giyohvandlikka qarshi kurash va atrof muhitni muhofaza etish masalalari bilan shug`ullanadilar. Beshta hududiy komissiya iqtisodiy taraqqiyot va o`z hududlarida iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.
Vasiylik Kengashi
Vasiylik Kengashi 7 a`zo-mamlakat qo`l ostidagi 11 vasiylik hududida xalqaro nazoratni ta`minlash, shuningdek, ularning hukumatlari bu hududlarda o`z-o`zini boshqarish yoki mustaqillikning zarur chora-tadbirlarini ko`rishlari uchun xalqaro nazoratni ta`minlash maqsadida tashkil etilgan. 1994 yilga kelib vasiylik hududlarining barchasi o`zlarini boshqara boshladilar yoki alohida davlatga aylanib mustaqillikka erishdilar, yoxud mustaqil qo`shni davlatlar bilan qo`shilishdi. Eng oxiri bo`lib bunday tadbirni Qo`shma Shtatlari qo`l ostida bo`lgan Tinch okean orollari (Palau) vasiylik hududi amalga oshirdi va 185-a`zo davlat bo`lib qoldi.
Hozirgi paytda, tarkibiga Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a`zosi kirgani sababli Vasiylik Kengashi ishlari, asosan, tugallandi, uning ish tartibi qoidalariga tegishli o`zgartirishlar kiritildi, ya`ni u o`zining yig`ilishlarini faqat shart-sharoit taqozo etgan hollardagina o`tkazadigan bo`ldi.
Xalqaro Sud
Xalqaro Sud — Butunjahon sudi sifatida hammaga ma`lum bo`lib, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh sud organidir. Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tomonidan saylangan 15 sudyadan tashkil topgan Xalqaro Sud davlatlar o`rtasidagi mojarolarni bartaraf etish bilan shug`ullanadi. Davlatlarning — sud muhokamasida qatnashishlari ixtiyoriydir, biroq davlatlar shunga rozi bG`lsalar, ular Sud qaroriga bo`ysunishlari shart. Shuningdek, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi iltimoslari bilan Sud konsultativ xulosalar chiqarish ishlari bilan ham shug`ullanadi.
Kotibiyat
Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Xavfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari ko`rsatmalariga muvofiq tezkor va ma`muriy ishlarni amalga oshiradi. Uni umumiy ma`muriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi.
Hozirgi vaqtda Kotibiyat qariyb dunyoning 160 mamlakatidan bo`lgan 8900 kishi ishlaydigan yetti deportament va turli boshqarmalardan tashkil topgan. Bundan tashqari Nyu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo`limlari mavjud.
BMT tinchlikni barqaror etish uchun nimalar qiladi?
Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng bosh vazifalaridan biri — butun dunyoda tinchlikni barqaror etishdir. Nizomga binoan a`zo-mamlakatlar o`zlarining xalqaro kelishmovchiliklarini tinch yo`l bilan hal etadi, qurolli kuchlarni boshqa davlatlarga nisbatan qo`llamaydilar, ularga tahdid solmaydilar.
Ko`p yillar mobaynida xalqaro krizislarni bartaraf etish va paydo bo`lgan mojarolarni hal qilishga yordam berishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti muhim rol o`ynadi. U tinchlikni o`rnatish, tinchlikni saqlab qolish va insonparvarlik yordami ko`rsatish borasida ko`plab operatsiyalar turkumini amalga oshirdi. Shuningdek u birmuncha jiddiy tus olgan mojarolarni ham bartaraf etishga muvaffaq bo`ldi. Mojarolar kelib chiqqan hollarda u zo`ravonlikning tub ildizlarini qirqish va mustahkam tinchlik uchun asoslar yaratishga yo`naltirilgan va koordinatsiyalashtirilgan yanada qat`iy chora-tadlbirlar qabul qiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada diqqatga sazovor natijalarni qo`lga kiritdi. Masalan, 1962 yilgi Karib krizisini, 1973 yilgi Yaqin Sharq janjalidagi keskinlikni bartaraf etishga muvaffaq bo`ldi. 1988 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinch yo`l bilan hal etish borasidagi sa`y-harakatlari Eron-Iroq urushini bartaraf etish imkonini berdi, undan keyingi yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan o`tkazilgagn muzokaralar tufayli sovet qo`shinlari Afg`onistondan olib chiqildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 90-yillarda Quvayt mustaqilligini tiklashga yordam berdi, Kambodja, Salvador, Gvatemala va Mozambikda fuqarolar urushini to`xtatishda, Gaiti va Syerra-Leonda demokratiya asosida saylangan hukumatni tiklashda katta rol o`ynadi, shuningdek, qator boshqa mamlakatlardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etdi va hal qildi.
Qurolsizlanish
Qurol-yarog`lar tarqalishiga chek qo`yish, shuningdek, yalpi qirg`in qurollarining qisqartirilishi, pirovardida, ularning barcha zahiralari yo`qotilishiga erishish eng muhim vazifalardan biridir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qurolsizlanish bo`yicha muzokaralar o`tkazish, shu sohada tavsiyalar ishlab chiqish va tadqiqotlar tashabbuskori bo`lish uchun doimiy forum vazifasini o`taydi. U qurolsizlanish bo`yicha Konferensiya va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida olib boriladigan ko`pqirrali muzokaralarni qo`llab-quvvatlaydi. Bu muzokaralar natijasida Yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi keng qamrovli shartnoma (1996 y.) va yadro qurolidan xoli zona to`g`risidagi shartnoma kabi xalqaro kelishuvlar ro`yobga chiqdi.
Shuningdek, bundan boshqa kimyoviy (1992 yil) va bakteriologik (1972) qurollarning zahiralarini tayyorlash, ishlab chiqish va to`plashni ta`qiqlovchi, dengiz va okeanlar tubiga (1971 yil) va kosmik fazoga (1967 yil) yadro qurolini joylashtirishni ta`qiqlovchi shartnomalar, shu singari yana boshqa turdagi qurollarni ta`qiqlovchi yoki chegaralovchiartnomalar tuzilgan edi. 1977 yilda yer usti minalaridan foydalanishni ta`qiqlovchi konvensiyaga 100 dan ortiq davlat imzo chekdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mana shu konvensiyaga va vayron qiluvchi turdagi qurollardan foydalanishni ta`qiqlovchi boshqa xalqaro shartnomalarga barcha davlatlarni qo`shilishga chaqirdi. BMT shuningdek, o`q otar va yengil qurollar ustidan nazoratni kuchaytirishning ham tarafdoridir. Bosh Assambleya karoriga binoan xalqaro konferensiya o`q otish qurollari bilan noqonuniy savdo qilish bo`yicha masalani 2001 yilda ko`rib chiqadi.
Venada joylashgan atom energiyasi bo`yicha xalqaro agentlik, kafolatlar borasidagi bitimlar tizimi asosida faoliyat ko`rsatib, tinchlik maqsadlarida foydalanish uchun mo`ljallangan atom ashyolari va jihozlaridan harbiy maqsadlarda foydalanilmasligini ta`minlashga javob beradi. Gaagada joylashgan Kimyoviy qurollarni ta`qiqlash bo`yicha tashkilot jahonning barcha mamlakatlari kimyoviy obyektlari haqida ma`lumot yig`ish bilan shug`ullanadi va kimyoviy qurollar bo`yicha Konvensiyaga amal qilish uchun nazoratni ta`minlash maqsadida doimiy kuzatuv olib boradi.
Tinchlikni barqaror etish
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`zining tinchlik o`rnatish faoliyati doirasida diplomatik mexanizmlardan foydalangan holda qarama-qarshi bo`lib qolgan tomonlarning yarashishlariga yordam beradi. Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlik borasidagi o`z sa`y-harakatlari doirasida mojaroni bartaraf etish va tinchlik o`rnatish yoki uni, masalan, muzokaralar yoxud Xalqaro Sud yordamida barqaror etish yo`llarini tavsiya qilishi mumkin.
Tinchlikni barqaror etish ishida Bosh kotib muhim rol o`ynaydi. U Xavfsizlik Kengashi e`tiboriga o`z fikri bo`yicha xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan har qanday muammoni havola etishi mumkin. Bosh kotib «beminnat xizmat»dan, vositachilik funksiyasidan foydalanishi yoki sahna ortida bevosita o`zi yoki maxsus vakil orqali «tinch diplomatiya» bilan ish olib borishi kerak. Bosh kotib, shuningdek, holat kesinlashguniga qadar janjalning oldini olish uchun «ogohlantiruvchi diplomatiya» mexanizmidan ham foydalanishi mumkin. Bundan tashqari faktlarni aniqlash, hududiy doirada shug`ullanayotgan tinchlik o`rnatuvchilarni qo`llab-quvvatlash, mamlakatlarda — tomonlarga ishonchni mustahkamlashga yordam ko`rsatadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining siyosiy bo`limlarini ochish uchun missiya jo`natishi mumkin.
Tinch qurilish
Birlashgan Millatlar Tashkilotining faoliyati — jabr-zulmning tub sabablarini imkon qadar ko`proq bartaraf etishga qaratilgandir. Shuning uchun ham tinch qurilishning eng muhim unsurlaridan biri — taraqqiyot uchun yordamni ayamaslikdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimning boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda va davlatlar orasidagi donor mamlakatlar hamda nohukumat tashkilotlari ishtirokida butun jamiyatning baxt-saodati uchun, qonun-qoidalar ustuvorligini barqaror etish uchun mojarolar oqibatlarini boshdan kechirayotgan mamlakatlarda saylovlar o`tkazish va inson huquqlarini himoya qilishga yo`naltirilgan, boshqarishni takomillashtirishni qo`llab-quvvatlaydigan yordam ko`rsatadi. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu mamlakatlarga mojarolar oqibatida izdan chiqqan ma`muriy tizimni, sog`liqni saqlash, xalq ta`limi va ijtimoiy infrastrukturaning boshqa unsurlarini tiklashga yordam beradi.
Mazkur faoliyatning 1989 yilda Namibiyada saylovlarning o`tkazilishini, Mozambikda minalardan tozalash dasto’rini va Gaitida fuqaro politsiyasi xodimlarini tayyorlashni kuzatish kabi ba`zi turlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni o`rnatish bo`yicha operatsiyalari doirasida amalga oshirildi, bu holda ushbu faoliyatning ba`zi jihatlari tinchlikni o`rnatish operatsiyasidan keyin ham davom etishi mumkin. Faoliyatning boshqa, masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liberiyada tinch qurilish jarayonini qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`z bo`limini ochishi, Kambodjada Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha bo`limining faoliyat ko`rsatib turishi yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gvatemalada mamlakat hayotining qariyb barcha jabhalariga ta`sir ko`rsatib, tinchlik bitimlari tuzilishiga yordam berayotgani kabi turlari hukumatlarning iltimosiga binoan amalga oshiriladi.
Tinchlikni saqlab qolish
Xavfsizlik Kengashi o`zining tinchlikni saqlash va xalqaro xavfsizlik borasidagi sa`y-harakatlari doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash bhyicha operatsiyalarining vakolat va mandat doiralarini tasdiqlab beradi. Muzokaralar davrasida uzoq muddatga mo`ljallangan qarorlar ustida izlanishlar olib borilayotgan paytda, bunday operatsiyalarning ko`pchiligida o`t ochishni to`xtatish rejimini kuzatayotgan yoki oraliq zona tashkil etgan harbiy xizmatchilar ishtiroki ko`zda tutiladi. Boshqa operatsiyalarda saylovlarni tashkil etishga yordamlashadigan yoki inson huquqlari himoya etilishini nazorat qiladigan fuqaro politsiyachilar va fuqaro mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin. Sobiq Yugoslaviya Respublikasining Makedoniyasida amalga oshirilgan shunga o`xshash ba`zi operatsiyalar ehtiyot chorasi sifatida talqin etildi va u harbiy harakatlarni kengayib ketishining oldini oldi. Ko`pgina hollarda operatsiyalar tinch muzokaralarga amal qilinishini nazorat etishga yo`naltiriladi va hududiy tashkilotning tinchlik o`rnatuvchi kuchlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tinchlik o`rnatish operatsiyalari bir necha yilga qadar davom etishi mumkin. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Hindiston va Pokistonning Jammu va Kashmir shtatlari o`rtasidagi o`t ochish to`xtatilishi lozim bo`lgan liniya bo`ylab faoliyat ko`rsatayotgan operatsiyasi 1949 yildan buyon davom etadi, Kiprda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etuvchilari 1964 yildan beri posbonlik qilmoqdalar. Boshqa bir tomondan, 1994 yil Liviya va Chad o`rtasidagi Aozu mintaqasida operatsiya o`tkazish uchun bir oydan ortiqroq muddat zarur bo`ldi.
1948 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik o`rnatuvchi eng birinchi missiyasi shakllangan soniyalardanoq Tashkilot ixtiyoriga 118 mamlakat ixtiyoriy ravishda 750 000 nafar harbiy xizmatchi va fuqaro politsiyachilari ajratdilar. Ular minglab fuqaro mutaxassislar bilan birgalikda tinchlik o`rnatish borasida amalga oshirilgan 53 operatsiyada ishtirok etdilar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik o`rnatish bo`yicha faoliyati
Afrikada…
Uzoq yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etish borasidagi sa`y-harakatlari, uch o`nyillikka cho`zilgan Janubiy Afrikadagi aparteidga qarshi kurash kompaniyasini, Namibiyaning mustaqillikni qo`lga kiritish jarayonini faol qo`llab-quvvatlanishini, tinchlikni o`rnatish bo`yicha amalga oshirilgan 18 operatsiya va saylovlar o`tkazishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha qator missiyalarni shu jumlaga qo`shganda g`oyat xilma-xil shakllarda amalga oshirildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Mozambikdagi qochoqlarning o`z uylariga qaytishlariga yordam berdi, Somali va Sudanda insonparvarlik yordami ko`rsatdi va Buyuk ko`llar rayonida tinchlikni o`rnatish bo`yicha diplomatik sa`y-harakatlar olib bordi. U Janubiy Saxara kelajagi to`g`risidagi masala bo`yicha referendum tayyorlashga yordam bermoqda. Yaqinda Xavfsizlik Kengashi iltimosiga binoan Bosh kotib Afrika mamlakatlaridagi mojarolarning har tomonlama tahlilini mustahkam tinchlik o`rnatishga ma`lum darajada yordam beradigan tavsiyalar bilan tayyorladi.
1999 yilda Xavsizlik Kengashi tinchlikni baqaror etish bo`yicha Serra-Leon va Kongo Demokratik Respublikasida ikkita yangi operatsiya tashkil etdi.
Osiyoda…
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kambodja mamlakatida 1992-1993 yillardagi keng ko`lamli operatsiyasi tugallanganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi muassasa va tashkilotlari fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va demokratiyani mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlarini davom ettirmoqdalar.
Afg`onistonda Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus missiyasi 1993 yildan buyon faoliyat ko`rsatmoqda. Uning vazifasi milliy yarash va uzoq davom etgan fuqarolar urushi natijasida izdan chiqqan xo`jalikni tiklashga yordam berishdan iboratdir. Biroq, Bosh kotib va uning maxsus vakillarining qat`iy diplomatik sa`y-harakatlariga qaramasdan mamlakatda juda katta insonparvarlik xarajatlarini talab qilayotgan harbiy harakatlar davom etmoqda, bu — Birlashgan Millatlar Tashkilotining afg`on xalqiga yordam ko`rsatish tizimi faoliyatiga jiddiy ta`sir ko`rsatyapti.
Sharqiy Timorda BMT yordamida Indoneziya va Portugaliya o`rtasida o`tkazilgan, mazkur xududning maqomi borasida butunjaxon referendumi uchun yo`l ochgan muzoqaralar 1999 yili may oyida yakunlanadi. Shu muzokaralarga binoan BMT missiyasi ovoz beruvchilarni ro`yxatga olish ishini kuzatib bordi va 1999 yilning avgustidagi bu referendumda Sharqiy Timor aholisining 78 foizi Indoneziyadan mustaqil bo`lish uchun ovoz berdi. Referendum yakunlari e`lon qilinganda mustaqillikka qarshi turgan militsiya Sharqiy Timorning 200 ming aholisini o`z uylarini tashlab ketish uchun majburlashga harakat qildi. 1999 yilning sentabr oyida Xavfsizlik kengashi tartib o`rnatishga yordam bergan xalqaro xavfsizlik kuchlarini junatish uchun qaror qabul qildi. BMTning muvaqqat ma`muriyati xalqaro kuchlarni almashtirdi va ayni paytda Sharqiy Timorda mustaqillikni amalga oshirish jaroyonini kuzatib bormoqda.
Yevropada…
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qariyb 4 million kishiga favqulodda insonparvarlik yordami ko`rsatib sobiq Yugoslaviyadagi mojarolarni bartaraf etishga astoydil harakat qilmoqda. 1991 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti qurol-yarog` yetkazib berishga chek qo`ydi; ayni paytda Bosh kotib va uning vakili qon to`kishni to`xtatish uchun yo`naltirilgan diplomatik sa`y-harakatlar bilan yordam qila boshladi. 1992 yildan 1995 yilga qadar Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etuvchi kuchlari Xorvatiyada tinchlik va xavfsizlikni tiklashga harakat qildilar, Bosniya va Gersegoviniya fuqaro aholisining xavfsizligini ta`minlashga yordam berdilar, shuningdek, sobiq Yugoslaviyaning Makedoniya respublikasi urush girdobiga tortib ketilmasligiga ko`maklashdilar. 1995 yildagi Deyton (Parij) tinchlik bitimi tuzilganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkilotining to`rtta missiyasi bu hududda tinchlik va xavfsizlikni ta`minlashga ko`maklashdilar. Ularning birmuncha yirigi hisoblangan — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sharqiy Slovoniya uchun muvaqqat ma`muriyati Xorvatiya tarkibidagi bu hududning reintegratsiya jarayonini kuzatib turdi. Kosovoda (Yugoslaviya Federal Respublikasi) NATOning bombardimonlarini to`xtatilganidan va Yugoslaviya qurolli kuchlari chiqarilganidan so`ng, 1999 yili bu yerda BMT muvaqqat xalqaro ma`muriyat tashkil etdi. Xavfsizlik kengashi BMTning bu ma`muriyatiga Kosovo xududi va xalqiga nisbatan barcha qonuniy, ijroiy va huquqiy vakolatlarga qadar bG`lgan favqulodda vakolatlar yaratib bermoqda. Yevropa ittifoqi, Yevropa xavfsizligi va hamkorligi tashkiloti, BMTning qochoqlar ishi bo`yicha Oliy komissari va Birlashagan Millatlar Tashkiloti demokratik jamiyat hamda barqaror avtonomiya tashkil etishda Kosovo xalqi bilan ish olib bormoqda.
Amerika qit`asida…
Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etish borasidagi faoliyati va uning tinchlikni o`rnatish bo`yicha sa`y-harakatlari Markaziy Amerikada paydo bo`lgan to`qnashuvni bartaraf etishda katta rol o`ynadi. 1989 yili Nikaraguada tinchlik o`rnatish borasidagi sa`y-harakatlar tufayli qarshilik ko`rsatish kuchlari ixtiyoriy tarzda tarqatib yuborildi va uning qatnashchilari o`z qurollarini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga topshirdi. 1990 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti missiyasi Nikaraguadagi saylovlarni kuzatdi — bu, mustaqil mamlakatda Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvida o`tgan birinchi saylov edi.
Salvadordagi Bosh kotib vositachiligida o`tgan tinch muzokaralar 12 yil davom etgan harbiy harakatlarga chek qo`ydi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni barqaror etish bo`yicha missiyasi barcha kelishuvlarning amalga oshirilishini kuzatib turishni ta`minladi. Gvatemalada Birlashgan Millatlar Tashkiloti yordamida tashkil etilgan muzokaralar tufayli 35 yillik fuqarolar urushi to`xtatildi. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gvatemaladagi Nazorat komissiyasi keng ko`lamdagi tinchlik bitimlari to`la-to`kis amalga oshirilishini ta`minlash uchun da`vat etilgan.
Gaitida demokratik yo`l bilan saylangan mamlakat hukumatini qayta tiklash bo`yicha xalqaro chora-tadbirlar amalga oshirilganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`z ishini milliy politsiyaga ta`lim berish bilan davom ettirmoqda.
Yaqin Sharqda…
Birlashgan Millatlar Tashkiloti beshta o`nyillik mobaynida (bu muddat davomida besh marta keng ko`lamdagi urush olovi alanga olgan) Arab — Isroil mojarosiga katta diqqat-e`tibor bilan qarab keladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti haqqoniy va mustaqkam tinchlik o`rnatish tamoyillarini muammoni hal etishning mustahkam asosi bo`lib qoladigan Xavfsizlik Kengashining 242 (1967) va 338 (1973) sonli ikkita tayanch rezolyutsiyalarida ishlab chiqdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti siyosiy muammolar asosida kelib chiqqan mojarolarni bartaraf etishga yo`naltirilgan boshqa tashabbuslarni ham qo`llab-quvvatladi va bu mintaqaga qator tinchlik o`rnatuvchi missiyalar jo`natdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948 yilda tashkil etilgan birinchi harbiy kuzatuvchilari guruhi mintaqada bugungi kunda ham faoliyat ko`rsatib kelmoqda. 1956 yildagi Sues krizisi davrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlik o`rnatish bo`yicha o`zining birinchi kuchlarini tashkil etdi.
Hozirgi paytda mintaqada tinchlikni barqaror etuvchi ikkita missiya faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning 1974 yilda tashkil etilgan bittasi Golan tepaliklarida Isroil va Suriya qurolli kuchlarini ajratib turadigan mintaqani nazorat etadi; 1978 yilda tuzilgan ikkinchisi barqarorlikni ta`minlashga va Livanning janubiy qismida yashayotgan aholi himoya qilinishini ta`minlashga yordam beradi.
Yaqin Sharqning boshqa rayonlari haqida shuni aytish kerakki, 1991 yili Quvayt mustaqilligi tiklanganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkilotining kuzatuvchilar missiyasi Iroq va Quvayt o`rtasidagi qurolsizlantirilgan mintaqaning nazorat qilinishini ta`minlamoqda.
BMT adolatni barqaror etish, inson huquqlari va xalqaro huquq borasida nimalar qilmoqda?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti sa`y-harakatlari tufayli dunyoni bizning hammamiz uchun yanada bexatar va sog`lom, yanada istiqbolli va pok qilish uchun hukumatlar bilan yuzlab ko`ptomonlama shartnomalar tuzilgan. Xalqaro huquq normalarining bu kengqamrovli majmui va inson huquqlari standartlarining ishlab chiqilishi Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng ulkan yutuqlari hisoblanadi.
Inson huquqlari
1948 yili Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari deklaratsiyasida barcha erkak va ayollar uchun umumiy bo`lgan asosiy huquq va erkinliklar, jumladan, yashash, ozodlik va fuqarolik huquqlari, fikr, vijdon va din erkinliklari, mehnat qilish, bilim olish va boshqarishda ishtirok etish huquqlari e`lon qilingan.
Ishtirokchilari ko`pchilik davlatlar hisoblangan ikki xalqaro bitim bu huquqlarga yuridik jihatdan majburiy xarakter kasb etadi. Bitimlarning biri iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar. Ikkinchisi esa — fuqarolik va siyosiy huquqlarga bag`ishlangan. Deklaratsiya bilan birgalikda ular inson huquqlari haqidagi Xalqaro billni tashkil etadi.
Deklaratsiya inson huquqlari borasida, jumladan, irqiy kamsitish va xotin-qizlarni kamsitishga barham berish to`g`risidagi konvensiya; bolalar huquqlari haqidagi konvensiya, qochoqlik maqomi va genotsidga barham berish, o`z taqdirini o`zi hal etish, zo`ravonlik bilan yo`qotib yuborish to`g`risimdagi deklaratsiyalar va taraqqiyot huquqi kabi 80 dan ortiq konvensiya va boshqa deklaratsiyalarni tayyorlash uchun poydevor qo`ydi.
Normalarni ishlab chiqish faoliyati nihoyasiga yetayotgan ayni paytlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`zining inson huquqlari borasidagi ishlarida asosiy e`tiborni joriy etilgan normalarni hayotga tatbiq etilishiga qaratmoqda. Inson huquqlari bo`yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi butun faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Oliy komissar har qanday buzg`unchilikning oldi olinishi, har qanday jinoyat taftish etilishiga erishib, inson huquqlari yanada yaxshiroq muhofaza qilinishini ta`minlash maqsadida hukumatlar bilan hamkorlik qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha komissiyasi hukumatlararo organ hisoblanib, davlatlar tomonidan inson huquqlarini himoya qilishga bag`ishlangan masalalarni ommaviy ko`ribig`ish ishlarini amalga oshiradi. U inson huquqlari buzilgan muayyan holat to`g`risida ma`ruza taqdim etish uchun yoki ba`zi bir mamlakatdagi inson huquqlari sohasidagi ahvolni o`rganish uchun mustaqil ekspertlar — «maxsus ma`ruzachilar» tayinlaydi. Jeneva-dagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bo`limida keng jamoatchilik uchun inson huquqlari buzilganligi haqidagi axborotlar beradigan faksimal aloqaning bevosita ochiq liniyasi (41-22-917-0092) faoliyat ko`rsatmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha tashkilotlari ilgaridan ogohlantirish va mojarolarning oldini olish, turli tadbirlarini qo`llash, shuningdek, kelishmovchiliklarning tub ildizlarini qirqishga yo`naltirilgan sa`y-harakatlarni amalga oshirish yo`llari bilan faoliyat ko`rsatadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi qator komissiyalari inson huquqlari komponenti bilan joylashtirilgan: shunday komponent, jumladan, Gruziyadagi va Gvatemaladagi missiyalar tarkibida mavjud. Gaitida esa bu ish Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Amerika davlatlari tashkilotining birgalikdagi operatsiyalari doirasida olib boriladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari sohasidagi barcha tadbirlari hozirgi paytda 27 mamlakat va hududlarning turli joylarida amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlariga g`oyat katta hurmat-e`tibor Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyotga yordamlashish borasidagi sa`y-harakatlarida yana ham sezilarli o`rin egallaydi. Jumladan, taraqqiyot huquqi o`zida barcha fuqarolik, madaniy, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlarni mujassam etgan dinamik jarayonning muhim unsuri sifatida olib qaraladi va bu — jamiyatning barcha a`zolari farovonligining oshishiga yordam beradi. Taraqqiyot huquqining kalitini topish — qashshoqlikka barham berish bilan izohlanadi, bu esa, o`z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsadlaridan biridir.
Xalqaro huquq
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldiga xalqaro huquq va uning kodifikatsiyasini ilg`or taraqqiyot yo`liga burishdan iborat aniq vazifa qo`ygan. Bu ishning natijasi hisoblangan konvensiyalar, shartnomalar va normalar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish uchun asos yaratadi. Bu konvensiyalarni ratifikatsiya etgan davlatlar huquqiy jihatdan uni bajarishga majburdirlar.
Xalqaro huquq komissiyasi xalqaro huquqiy mavzudagi hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, ular keyin konvensiyaga qo`shilishi va davlatlarning ratifikatsiyasi uchun zarur bo`lishi mumkin. Bu konvensiyalarning ba`zilari davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni reglamentga solish huquqiy normalarining asosini tashkil etadi. Jumladan, diplomatik aloqalar haqidagi konvensiya, xalqaro ochiq suv oqimlaridan foydalanish turlarini reglamentlaydigan konvensiya shunday hujjatlardandir. Dengiz huquqi bo`yicha konvensiya barcha mamlakatlarga Dunyo okeani boyliklariga teng huquq bilan kirib borish, uni ifloslanishdan muhofaza qilish va kema qatnovi hamda tadqiqotlar erkinligiga yordam berish uchun yo`naltirilgan. Giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylantrishga qarshi kurash haqidagi konvensiya giyohvand moddalarni tarqatishga qarshi kurashda g`oyat muhim xalqaro-huquqiy vosita hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro savdo huquqi bo`yicha komissiyasi o`zaro muvofiqlashtirish va xalqaro savdo sohasida huquqiy normalarni tayyorlashga yordamlashish maqsadida qoida va boshqarish tamoyillarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro ekologik huquqni ishlab chiqish kashshofi hamdir. Yerlarning cho`lga aylanishiga qarshi kurash to`g`risidagi konvensiya, xavfli chiqindilarni tashish haqidagi konvensiya kabi kelishuvlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof muhit dasturida o`z takomilini topmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari tomonidan terrorizmga qarshi kurashning asosiy huquqiy quroli hisoblangan xalqaro bitim ishlab chiqildi.
Jazosizlikka chek qo`yiladi
Sobiq Yugoslaviyadagi harbiy harakatlar davomida yuz bergan ko`plab inson huquqlarini buzish normalari Xavfsizlik kengashini ushbu mojaroda 1993 yili harbiy jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan shaxslarni sudlash uchun xalqaro tribunal tashkil qilishga majbur etdi. 1994 yili Kengash Ruandadagi genotsidda ayblanganlarning ishlarini ko`rib chiqish uchun yana bir tribunal tashkil etdi. Ushbu tribunallar ayblanganlarning ishlarini ko`rib chiqish bo`yicha qator sud majlislari o`tkazdilar. 1998 yil Ruanda bo`yicha tribunal tarixda birinchi marta genotsid jinoyatiga oid ishlar uchun xalqaro sud tashkilotining verdiktini, ya`ni tarixda ilk bor mazkur jinoyat bo`yicha hukmni e`lon qildi. Sobiq Yugoslaviya bo`yicha tribunal, shuningdek, Kosovodagi mojarolar paytida sodir etilgan jinoyatlarni ko`rib chiqayapti.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng asosiy maqsadlaridan biri — inson huquqlari keng ko`lamda buzilgan hollarda buning uchun javobgarlik mas`uliyatini barqaror etish uchun xalqaro mexanizm tashkil qilish ishi hukumatlar Xalqaro jinoiy sud tashkil etishga rozilik bildirishganlaridan so`ng, 1998 yilda amalga oshdi. Genotsidda ayblanganlarni va insoniylikka qarshi qilingan boshqa jinoyatlarni jazolash uchun Sudda barcha zarur vositalar mavjud. Xalqaro hamjamiyat Sud tashkil etish uchun ovoz berib, kimki jinoyat sodir etsa, jazoni chetlab o`tishga, qasosdan qutulib qolishga umid bog`lamasligi zarurligini qo`llab-quvvatladi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro insonparvarlik huquqi sohasida qator konvensiyalar ishlab chiqishga o`z hissasini qo`shdi.
Adolat va tenghuquqlilikni barqaror etish borasidagi turli chora-tadbirlar 1945 yili o`z egalari boshqarmaydigan hududlarda 750 million kishi yashar edi. Ushbu son bugungi kunda 1,3 millionni tashkil etadi. Bu g`oyat jiddiy tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qaram hududlarda yashayotgan xalqlar orzu-umidlarining qo`llab-quvvatlanganligi va ularning mustaqillikni tezroq qo`lga kiritishlari uchun berilgan yordam tufayli amalga oshdi. Bosh Assambleya qaram mamlakatlar va davlatlarga mustaqillik berish to`g`risida Deklaratsiya qabul qilgan 1960 yildan buyon 60 ga yaqin sobiq qaram hududlarda yashayotgan xalqlar mustaqillikka erishdilar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining to`la huquqli a`zolariga aylandilar. Assambleya o`z oldiga 2000 yilgacha kolonializmdan xalos bo`lish maqsadini qo`ygan.
O`ttiz yildan ortiq muddat davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan olib borilgan muayyan operatsiyalar majmui tufayli aparteid singari butun dunyoga ma`lum bo`lgan Janubiy Afrikadagi irqiy segregatsiya tizimiga barham berildi. 1994 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti missiyasi kuzatuvchilari ishtirokida bu mamlakatda barcha irqlar vakillari uchun ochiq bo`lgan birinchi saylovlar o`tkazildi.
Birlashlan Millatlar Tashkiloti tashkil topgan kunlaridanoq barcha xalqlar tinchligini barqaror etish va barcha shakllardagi irqchilikka qarshi kurashish ustida ish olib boradi. Bosh Assambleya qaroriga muvofik 2001 yilda Janubiy Afrikada irqchilik, irqiy kamsitishlar, ksenofobiya va shu kabilarga toqat qilib bo`lmaslik masalalariga bag`ishlangan konferensiya o`tkaziladi.
BMT insonparvarlik yordami ko`rsatish borasida nimalar qilmoqda?
Ijtimoiy haloqatlar har bir joyda va har qanday vaqtda yuz berishi mumkin. Biroq ularning sababi suv bosish yoki qurg`oqchilik, zilzila, fuqarolar mojarosi, bir so`z bilan aytganda — nima bo`lmasin, — har doim u odamlarning qurbon bo`lishiga, xalqlarning aralashib ketishiga, butun-butun jamoalarning o`z yashash imkoniyatlarini o`z kuchlari bilan ta`minlay olmay qolishlariga olib keladi va juda katta qiyinchiliklar tug`diradi.

Favqulodda yordam
Shunday faloqat paytlarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining tashkilotlari jabrlanganlarga — asosan bolalar, ayollar va qariyalarga oziq-ovqatlar va dori-darmonlar bilan yordamlashadi, ularga boshpana beradi va moddiy-texnik jihatdan qo`llab-quvvatlaydi. Muhtojlarga beriladigan bunday yordamlar uchun mablag`larning milliard dollarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro donorlardan topdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti sa`y-harakatlari tufayli 1999 yilda qariyb 26 million kishiga favqulodda insonparvarlik yordami ko`rsatish haqidagi chaqiriqqa javoban 1,4 milliardga yaqin AQSH dollari yig`ildi. 1997-1998 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 77 tabiiy ofat va ekologik haloqat oqibatlarini bartaraf etishga ko`maklashish uchun 51 a`zo-mamlakatga yordam berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti insonparvarlik yordamlari berish bilan keng ko`lamda moddiy-texnika ta`minoti va joylarda xavfsizlikni ta`minlash muammolarini hal etishga erishadi. Talofat ko`rgan rayonlarga yetib borishning o`zi ham ko`pincha mushkul bo`lib, gohida juda murakkab to`siqlar orqali o`tish zarur bo`ladi. Keyingi yillarda ko`pgina tangliklar inson huquqlariga amal qilmaslik tufayli murakkablashmoqda. Insonparvarlik yordami ko`rsatayotgan xodimlarni muhtojlikda qolganlar huzuriga qo`ymaydilar, janjallashayotgan tomonlar ataylab tinch yashayotgan aholi va yordam olib borayotganlarga qarab o`t ochadilar. 1992 yildan keyingi davr mobaynida dunyoning turli rayonlarida insonparvarlik operatsiyalari olib borayotganlarning orasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti fuqaro bo`lgan xodimlarining 180 nafardan ortig`i halok bo`ldi va 178 nafari garovga olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari jabrlangan aholi himoya qilinayotganda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sharoitida insonlar huquqlari buzilishining yashirin xavf-xatarlariga ham e`tibor bilan qaragan holda Birlashgan Millatlar Tashkilotining favqulodda holatlar munosabati bilan joylarda olib borayotgan faoliyatida yana ham katta rol o`ynaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ijtimoiy bo`hronlarni bartaraf etish bo`yicha o`z harakatini barcha asosiy insonparvarlik bo`linmalarini birlashtruvchi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining favqulodda yordamlar Koordinatori raisligida faoliyat ko`rsatuvchi komitet orqali muvofiqlashtirib turadi. Bu komitet tarkibiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (YUNISEF), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Jahon oziq-ovqat dasturi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissar Boshqarmasi kabilar kiradi. Uning tarkibida, shuningdek, Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat va qishloq xo`jalik tashkilotlari, Xalqaro Qizil Xoch kabi yirik hukumatlararo va nohukumat insonparvarlik tashkilotlari mavjud.
Insonparvarlik yordamlari
Favqulodda yordamlar Koordinatori insonparvarlik yordamini ishlab chiqish siyosati va insonparvarlik masalalariga e`tiborni tortish, jumladan, o`q otish qurollarini tarqatish oqibatlari yoki sanksiyalarning insonparvarlik qudratidan jamoatchilik xabardorlik darajasini oshirishga yordamlashish borasidagi ishlar uchun javob beradi.
Urushlardan, ta`qib etishlardan yoki inson huquqlarini poymol etilishidan qochib ketish bilan himoyalanib yurgan kishilarga — qochoqlar va ko`chirilgan shaxslarga Qochoqlar ishi bo`yicha Oliy komissar Boshqarmasi yordam ko`rsatadi. 1998 yili Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissar Boshqarmasi diqqat-e`tiborida 22 million kishi bor edi. Uning birmuncha yirik operatsiyalari 2,6 million Afg`on qochoqlari bo`lgan G`arbiy Osiyoda, bir million kishi yordamga muhtoj bo`lgan sobiq Yugoslaviyada va yarim millionga yaqin qochoq to`plangan Afrikaning Buyuk ko`llar rayonida amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat bilan favqulodda ko`mak berish ishlariga bu boradagi yordam bo`yicha jahon talabining yildan yilga uchdan ikki qismini qondirib kelayotgan Jahon oziq-ovqat dasturi javob beradi.1999 yili Butunjahon oziq-ovqat dasturi jahon bo`yicha 82 mamlakatdagi 86 milliondan ortiq odamlarni oziq-ovqat bilan ta`minlashga yordam berdi.
Keyingi 10 yil mobaynidagi urushlar va fuqarolarning turli janjallari natijasida 1 millionga yaqin bolalar o`z ota-onalaridan ajralib qoldilar, 12 millioni esa boshpanasiz qoldi va 10 millioni og`ir ruhiy jarohat oldilar. YUNISEF bu bolalarning talablarini qondirish, ularni oziq-ovqat, ichimlik suvi va turar joy bilan ta`minlash uchun barcha choralarni ishga solmoqda. Bundan tashqari, bolalarni harbiy to`qnashuvlar sharoitida himoya etish, ularga eng zarur sharoitlarni yaratib berish sa`y-harakatlaridan kelib chiqib, YUNISEF «tinchlik mintaqasidagi kabi bolalar» konsepsiyasini ishlab chiqdi va «tinch turmush kunlari» hamda «tinchlik koridorlari»ni e`lon qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik sohasidagi faoliyatining yana bir tarmog`i tabiiy ofatlarni bartaraf etish va buning uchun tayyor turishni ta`minlashdan iboratdir. Masalan, 1998 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi tabiiy ofatlar yuz bergan sharoitda ishlarni tashkil etish va 11 mamlakatda ularning oqibatlarini bartaraf qilish dasto’rini ta`sis etdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bevosita tabiiy ofatlar yuz bergan sharoitida mahalliy hudud doirasida favqulodda yordam berish borasidagi ishlarni koordinatsiyalash bilan shug`ullanadi. Shu bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi favqulodda yordamni tiklanish va uzoq yillar davomida rivojlanish uchun berishiga harakat qiladi. Uzoq muddatlar mobaynida tabiiy ofatlar girdobida qolgan yoki mojarolarini endigina bartaraf etgan mamlakatlarda insonparvarlik yordamiga, asosan, taraqqiyot, siyosiy va moliyaviy ko`mak bilan bir qatorda tinch qurilishni ta`minlash borasidagi umumiy chora-tadbirlar elementlarining biri sifatida qaraladi.
Falastin qochoqlari
Falastin qochoqlariga yordam berish ishlarini 1949 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam va Ishlarni tashkil etish bo`yicha Yaqin Sharq agentligi olib bormoqda. Bugungi kunda agentlik ro`yxatga olingan 3 milliondan ortiq falastin qochoqlariga sog`liqni saqlash, maorif, favqulodda yordam va ijtimoiy xizmat sohalarida asosiy ko`mak berib keladilar. 1993 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkilotining Koordinatori — Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo`li bilan G`azo va G`arbiy sohildagi Falastin aholisiga taraqqiyot sohasida beriladigan barcha yordamlar ustidan nazorat olib boradi.
Iroq bo`yicha Dastur Boshqarmasi
1966 yilda muvaqqat chora sifatida Bosh kotib Iroq bo`yicha Dastur Boshqarmasini ta`sis etgan edi. Iroq tomonidan Xavfsizlik Kengashining bu mamlakatga nisbatan sanksiya joriy etgan qator rezolyutsiyalari bajarilguniga qadar Boshqarma o`zining «neft o`rniga oziq-ovqat» dasturi asosida Iroq aholisining insonparvarlik talablarini qondirib turadi.
Taraqqiyot maqsadida BMT nimalar qilmoqda?
Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy vazifalaridan biri yanada yaxshiroq hayot tarzini, ish bilan to`liq bandlikni, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va rivojlanish uchun sharoitlarni ta`minlashdan iboratdir. Bu vazifa ijrosi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining 70 foiz faoliyati mashg`uldir. Ushbu faoliyat asosida — qashshoqlikni bartaraf etish va hamma joyda insonlar farovonligi darajasini oshirish — butun dunyoda mustahkam tinchlikni ta`minlash sharoitini yaratish yo`lidagi zarur qadamlarga ishonch yotadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot ishini rag`batlantirish borasida noyob afzalliklarga ega. Uning faoliyat doirasi butun dunyoni qamrab oladi, keng ko`lamli mandati esa ijtimoiy, iqtisodiy va favqulodda ehtiyojlarni qondirishni ko`zda tutadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti allakimlarning tor doiradagi milliy yoki tadbirkorlik manfaatlarininggina ifodachisi emas. Muhim strategik qarorlarni tayyorlashda barcha mamlakatlar, boy va kambag`allar qatnashadilar.
Kun tartibini tayyorlash
Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot manfaatlari yo`lidagi sa`y-harakatlar borasidagi xalqaro konsensusni ishlab chiqishda hal qiluvchi rol o`ynaydi. 1960 yildan boshlab Bosh Assambleya Taraqqiyotning qator o`nyilliklar xalqaro strategiyasi doirasidagi birinchi darajali ishlari va vazifalarining kun tartibiga qo`yilish tarzini aniqlashga yordam bermoqda. Bu o`nyilliklar dasturi diqqat-e`tiborida aniq masalalar turibdi, unda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barcha yo`nalishlari bo`yicha taraqqiyotga erishish zaruriyati shubhasiz ta`kidlanadi. Rivojlanishning to`rtinchi o`nyilligi (1991-2000 yillar) doirasida quyidagi to`rt soha: qashshoqlik va ochlik, inson resurslari va institutsional (belgilangan qoida va tartiblar asosidagi) rivojlanish, xalq va atrof muhit kabilarga ustuvorlik beriladi.
Qator butunjahon konferensiyalari o`tkazish tufayli maorif (1990 yil), atrof muhit va rivojlanish (1992 yil), inson huquqlari (1993 yil), xalq, taraqqiyot va tabiiy ofatlar xavfining kamayishi (1994 yil), ijtimoiy taraqqiyot (1995 yil), xotin-qizlar mavqeini yaxshilash (1995 yil), aholi punktlari (1966 yil) va oziq-ovqat xavfsizligi (1996 yil) kabi qator sohalardagi global muammolarni hal etishning amaliy yo`llari belgilab olindi. Hozirgi vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti a`zo-mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikda shu konferensiyalarda qabul etilgan qarorlarni amalga oshirish bilan shug`ullanmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti barqaror rivojlanishni tashkil etish, ayollar mavqeini yaxshilash, inson huquqlariga amal qilish, atrof muhitni muhofaza etish va oqilona boshqarish kabi rivojlanish sohasidagi qator yangi muhim vazifalarni ishlab chiqish, shuningdek, ularni amalga oshirish dasto’rini yaratish uchun javob berdi.
Taraqqiyot maqsadlaridagi yordam
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi — shu jumlaga kiradigan Tashkilotning o`zi, uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, dasturlari va jamg`armalari ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlarni qo`lga kiritishga yordam berishda ko`pqirrali faoliyat olib bormoqda. Ixtisoslashtirilgan muassasalar (oxirgi berilgan ro`yxatga qarang) mandati ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatning qariyb barcha jabhalarini qamrab oladi. Bu muassasalar dunyoning barcha mamlakatlariga texnik yordam ko`rsatadi va ularga boshqa shakllarda amaliy yordam beradi. Ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda faoliyat ko`rsatib siyosatni ishlab chiqishga, rahbarlik tamoyillarini aniqlashga, yordamlar tashkil etish va mablag` jalb qilishga ko`maklashadi.
Masalan, Butunjahon banki taraqqiyot maqsadlari uchun har yili 25 milliard AQSH dollaridan ortiqroq yordamajratadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar bunday yordamlardan o`z iqtisodiyotlarini mustahkamlash va bozorlarini kengaytirish uchun foydalanadilar. Qarzlar faqat hukumatlarga beriladi, biroq barqaror o`sish darajasiga erishish maqsadida Bank mahalliy jamoalar, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalaridan, shuningdek, Xalqaro moliyaviy korporatsiyalar orqali xususiy sektordagi korxonalardan ham foydalanishlari mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ixtisoslashtirilgan muassasalar o`rtasidagi muomalalarni yaqindan muvofiqlashtirish — tarkibiga Bosh kotib, ixtisoslashtirilgan muassasalar rahbarlari va atom energiyasi bo`yicha Xalqaro agentlik kiradigan koordinatsiya bo`yicha Ma`muriy komitet orqali ta`minlanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dasturlari va Jamg`armalari o`z faoliyatlarini — Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi mandatini bajarayotgan Bosh Assambleya hamda Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash rahbarligida olib boradilar. Bu organlar o`rtasidagi hamkorlikning samaradorligini oshirish uchun Bosh kotib 1977 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tezkor jamg`armalari va dasturlarining vakillari tarkibida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot masalalari bo`yicha Guruhini tashkil etdi.
Ijtimoiy va iqtisodiy sohada taraqqiyotni barqaror etish sa`y-harakatlarining eng oldingi saflarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson potensiali barqaror rivojlanishi uchun yordam mablag`lari — subsidiy berish bo`yicha ko`ptomonli yirik mexanizmi bo`lib qolgan bu tashkilot o`z sa`y-harakatlarini texnik hamkorlik va qashshoqlikni tugatish tomonga yo`naltirgan holda 174 mamlakat va hududlarda faoliyat olib bormoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (YUNISEF) Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining — bolalarning hayot kechirishi, muhofazasi va rivojlanishini ta`minlash bo`yicha uzoq muddatli, kelajakdagi vazifalarni hal etish bilan shug`ullanadigan yetakchi tashkiloti hisoblanadi. Qariyb 150 mamlakatda amalga oshirilayotgan YUNISEF dasturi diqqat markazida emlash, birinchi meditsina-sanitariya xizmati, oqvatlanish va boshlang`ich ta`lim kabi masalalar turadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko`plab boshqa dasturlari taraqqiyot borasidagi o`z ishlarini hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boradi. Jahon Oziq-ovqat dasturi — asl mohiyati favqulodda yordamdan, shuningdek Taraqqiyot dasturidan iborat bo`lib, dunyodagi oziq-ovqatlar bilan yordam ko`rsatadigan eng yirik xalqaro tashkilotdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg`armasi (YUNFPA) ham xalqlar va elatlarga yordam beradigan yirik xalqaro muassasadir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit dasturi (YUNEP) dunyoning hamma burchaklarida tabiatdan foydalanishning eng ilg`or usullarini joriy etishga ko`maklashadi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi punktlari markazi (Xabitat) esa turmush sharoiti salomatliklariga tahdid solayotgan kishilarga yordam ko`rsatadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo`yicha konferensiyasi (YUNKTAD) dunyo ekonomikasida rivojlangan mamlakatlar rolini e`tirof etgan holda xalqaro savdoni rivojlantirishga yordam beradi. YUNKTAD shuningdek, Jenevadagi xalqaro savdo bo`yicha Markaz orqali taraqqiy etgan mamlakatlardan eksport qilib kelishga yordam beradigan, mustaqil faoliyat ko`rsatadigan Butunjahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.
Resurslar birlashmasi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi muassasa va tashkilotlar o`zlarining kompetensiyalaridagi barcha sohalarni qamrab olgan holda har qanday yolg`iz harakat qilgan mamlakatning qurbi yetmaydigan murakkab muammolarni hal etish uchun o`z kuch-qudratlarini yana ham yaxshiroq jipslashtirmoqda.
Masalan, butun dunyoda 50 million kishi kasallikka chalingan epidemiya — OITSga qarshi kurashish maqsadini ko`zda tutgan Birlashgan dasturni amalga oshirishda Birashgan Millatlar Tashkilotining olti muassasa va dasturining mutaxassislari ishtirok etmoqdalar. Xarajatlari 25 milliard AQSH dollarini tashkil etadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afrika bo`yicha 10 yilga mo`ljallangan maxsus Umumtizim tashabbusi asosiy ta`lim, meditsina xizmati va shu mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash maqsadidagi umumiy dasto’rini amalga oshirish ishiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining deyarli barcha bo`linmalarini jalb etadi. BMTning taraqqiyot dasturi, YUNEP va Butunjaxon banki tomonidan boshqariladigan 2 milliard AQSH dollariga teng zahiraga ega bo`lgan Global ekologik jamg`arma taraqqiy etayotgan mamlakatlarga atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ularning dasturlarini amalga oshirishga yordam beradi.
1998 yili YUNISEF, BMTning taraqqiyot dasturi, Butujahon banki va Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti o`z sa`y-harakatlarini birlashtirib har yili 1 milliondan ortiqroq odamning yostig`ini quritayotgan kasallik — bezgakka qarshi kurash bo`yicha yangi kompaniyani amalga oshirishga kirishdilar.
1998 yili YUNISEF, BMTning taraqqiyot dasturi, Butunjahon banki va Butunjahon sog`likni saqlash tashkilotilar yili 1 milliondan ortiq odamni nobud etayotgan bezgakka qarshi yangi kampaniya e`lon qilish uchun kuchlarini birlashtirdilar. Emlash ishlarini kengaytirish va OITSga, bezgakka va silga qarshi yangi vaksinalar yaratish borasidagi tashabbuslar, YUNISEF, Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti va Butunjahon banki singari, tadbirkorlik sohasi bilimdonlarini, filantropik tashkilotlarning va hukumatlarning ham qo`llab- quvvatlashlariga sazovor bo`ldi. Bu kabi hamkorlikka xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, akademik institutlar, jamg`armalar, nohukumat tashkilotlari va yana ham kengroq mikyosda xususiy sektor jalb etilmoqda.
BMTdagi islohotlar: 1997-2002 yillar
Kofi Annan 1997 yil BMT Bosh kotibi lavozimida vazifasini bajarishga kirishishi bilan BMT faoliyatini yanada yaxshilashga va o`zidan oldingi rahbarlar boshlagan islohotlarning to`la amalga oshishiga yo`naltirilgan tezkor choralar ko`rishga kirishdi. Dastlabki olti oyda Bosh kotib xodimlarning vazifalari o`rtasidagi o`zaro takror holatlarga barham berib, muvofiqlashtirish va hisobot berishni yaxshilash maqsadida, BMT tarmoqlaridagi tashkiliy tizimni birlashtirdi va Tashkilotning yetakchi rahbarlari mahkamasini tuzdi. Bu islohotlar BMTning eng asosiy qismi — uning xodimlari ishini yaxshilashga yo`naltirilgan edi.
So`nggi yillarda Bosh kotib tinchlikni saqlash bo`yicha operatsiyalarni isloh qilish jarayoniga rahbarlik qilib, inson huquqlari himoyasi BMT faoliyatining barcha asosiy sohalariga kiritildi. Fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning rivojlanish va xalqaro faoliyat masalalariga yangicha ta`siri e`tiborga olingan holda, mazkur sohalar bilan hamkorlikning yangi shakllari yo`lga qo`yildi.
2000 yili davlat va hukumat rahbarlari yig`ilishlari tarixidagi eng katta — ming yillikning epoxal Sammiti o`tkazildi. Yangi asrda jahon miqyosida amalga oshirilajak qator maqsad va vazifalar aniq belgilab qo`yilgan misli ko`rilmagan kelishuv — BMT Ming yillik deklaratsiyasiga imzo chekilishi Sammitning eng yirik natijasi bo`ldi.
Islohot jarayoni shunchaki o`zgartishlar majmuidangina iborat emas: islohotlar sabab mazkur xalqaro organ faoliyatidan keng ochiqlik, batartiblik, yangilanish va ishonch madaniyati joy oldi. Bu jarayon yigirma birinchi asrda ham BMT faoliyatidagi serqirralikni saqlab qolish va tahdidlariga munosib javob berish uchun Birlashgan Millatlar tashkilotini sezilarli darajada o`zgartirish uchun imkon yaratdi.
Qayta tashkil etish
Bosh kotibning BMT tashkiliy tizimini oqilona tashkil etishga qaratilgan ilk qadami uning bu lavozimdagi birinchi muhlatining dastlabki oyidayoq — 1997 yil yanvarida amalga oshirildi. BMTning o`ttizta departamenti, jamg`arma va dasturi sohalar bo`yicha to`rtta tarmoq: tinchlik va xavfsizlik, gumanitar masalalar, rivojlanish, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo`yicha guruhlarga birlashtirildi. Bu guruhlarning ishini muvofiqlashtirish uchun ijroiy qo`mita tashkil etildi (ijroi qo`mita a`zolarining ro`yxatiga qarang). Bir paytning o`zida 1996 yilida bo`sh turgan mingga yaqin lavozim butunlay bekor qilindi.
Keyinchalik ijroi qo`mitalar yetakchi rahbarlar guruhlari orqali Bosh kotib devoni bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`lanadigan bo`ldi. Guruhlar «mahkamasi»ga BMTning barcha departament, jamg`arma va dasturlari rahbarlari kiradi.
Tashkiliy tizimni soddalashtirish uchta departamentni Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo`yicha departamentga birlashtirish hamda BMT Jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatni oqilona sudlash bo`yicha bo`limi bilan BMT Giyohvandlikni nazorat qilish bo`yicha dasto’rini Giyohvandlik va jinoyatchilik bo`yicha boshqarmaga birlashtirish orqali amalga oshirildi. Inson huquqlari bo`yicha markaz Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar Boshqarmasi tarkibiga kirdi. Inson huquqlari bo`yicha idoraning yiriklashishi bilan bir vaqtda yetakchi rahbarlar guruhlari va ijroi qo`mitalar yordamida inson huquqlarini himoya qilish faoliyatini tinchlik o`rnatish va rivojlantirish faoliyati, shuningdek, BMT ishining boshqa sohalariga kiritishga qaratilgan choralar ko`rildi. Yiriklashtirish mamalakatlar darajasini ham chetlab o`tmadi. BMTning «mamlakatlar bo`yicha guruhlari» rivojlanayotgan, iqtisodiyoti o`tish jarayonida hamda krizis holatida bo`lgan 134 davlatda BMT jamg`armalari, dasturlari va maxsus muassasalari ishini amalga oshiradi. 1997 yilgacha ularning har biri asosan alohida idoraga ega edi. «Mamlakatlar bo`yicha guruhlar»ga mablag`ni tejash va hamkorliklikdagi ishning yanada samarador bo`lishini ta`minlash, eng muhimi, ushbu davlatlarda BMTning yagona qiyofasini yaratish maqsadida idoralar va xizmat ko`rsatuvchilardan birgalikda foydalanishga iloji boricha tezkorlik bilan o`tish topshirildi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarning har birida BMTning hozir uchta va undan ortiq tashkiloti faoliyat ko`rsatayotgan 50 dan ortiq umumiy Uyi mavjud. Bundan tashqari, bugun BMTning Internetga umumiy bog`lanish va umumiy xizmat ko`rsatuvchilar xizmatidan foydalanish imkoniga ega 30 dan ortiq BMT virtual Uyi faoliyat ko`rsatmoqda. BMT «mamlakatlar bo`yicha guruhlari» bunday yiriklashtirish tufayli yuz minglab dollarning tejalishi haqida ma`lumot berdi.
Ayni paytda, 1997 yili Bosh kotib BMT rezident-muvofiqlashtiruvchilarga, mamlakatlardagi ishlar rejasini muvofiqlashtirish va har bir mamlakatda BMT faoliyatini «yagona bayroq ostida» olib borish maqsadida, yanada keng vakolatlar berdi. Koordinatsiyani yengillashtirish va BMT yordamining ushbu ko`mak berilayotgan davlatlar strategiyasi va prioritetlari bilan yanada kengroq moslanishiga erishish maqsadida yana ikkita qo`shimcha yo`l ochildi: mazkur mamlakat talablarini o`rganuvchi Mamlakat ahvolini umumiy baholash va rivojlanish hamda BMT konferentsiyalarida qo`yilgan vazifalarni bajarishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha mamlaktlarga ko`maklashish ishlarini BMT muassalari o`rtasida taqsimlovchi BMTning Rivojlanish yo`lida yordam ko`rsatish bo`yicha andazaviy dasturi. 2002 yil iyuliga kelib 106 mamlakatning ahvolini baholash nihoyasiga yetdi, 32 mamlakatning ahvolini baholash jarayoni davom etib (ulardan bir nechtasi qaytadan baholanadi), 69 ta rivojlanish yo`lida yordam ko`rsatish bo`yicha andazaviy dasturi tuzilgan, yana 26 tasi tuzilish jarayonida edi.
VICh-OITSga qarshi kampaniya muayyan mamlakat darajasidagi hamkorlikning yaqqol namunasidir. Kishilik tarixidagi eng qiyin epidemiya, deb atash mumkin bo`lgan bu o`latga qarshi muvaffaqiyatli kurashish, o`zining madaniy, ijtimoiy, tijoriy va texnologik jihatlariga ko`ra, BMTning bir-ikkita emas, balki, ko`plab muassasalari ishtirokini, shuningdek, jamoat tashkilotlari yordami va mahalliy firmalariyu transnatsional farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikkacha bo`lgan ko`p qirrali yondashuvni ko`zda tutadi, albatta.
VICh-OITSga qarshi birlashtirilgan dastur (YuNEYDS) o`z faoliyatini 1996 yili BMTning olti muassasasi — BMT Taraqqiyot bo`yicha dasturi, BMT Ta`lim, fan va madaniyat bo`yicha tashkiloti, BMT Aholishunoslik bo`yicha jamg`armasi, BMT Bolalar jamg`armasi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki qo`shma loyihasi sifatida boshladi. Shu o`tgan davr mobaynida bu asosiy guruhga Xalqaro mehnat tashkiloti va BMTning Giyohvandlik moddalarini nazorat qilish va jinoyatchilikning oldini olish bo`yicha boshqarmasi ham qo`shildi, BMT boshqa organlarining ko`pchiligi BMTning VICh-OITSga oid guruhiga muayyan mamlakatlar miqyosida birlashgan strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish borasida qo`shildi. 2001 yili BMT tizimida yanada yuqori tashkiliy miqyosda — OITSga qarshi kurash bo`yicha byudjet va BMTning 29 jamg`arma, dastur va muassasasi ish rejasini birlashtirgan BMTning OITS bo`yicha birlashgan rejasi tuzildi.
BMT tizimi muassasalari faoliyatini jonlantirishga qaratilgan asosiy tadbir 1944 yili Bretton-Vudsda asos solingan institutlar bilan aloqani rivojlantirish bo`ldi. Bir tarafdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ikkinchi tomondan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg`armasi o`rtasidagi hamkorlik Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr ko`p qirrali faoliyat asoschilari tomonidan rejalashtirilgan darajaga yetmagan edi. 1998 yildan boshlab BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi Bretton-Vuds institutlari moliya vazirlari bilan turkum yillik uchrashuvlar o`tkazdi. Bu muhim burilishlar 2002 yili Monterreda (Meksika) BMT tomonidan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg`armasi hamda Jahon savdo tashkilotining faol ishtirokida tashkil etilgan Taraqqiyotni mablag` bilan ta`minlash bo`yicha xalqaro konferentsiyada erishilgan yutuqlar uchun muhim omil bo`ldi.
Tinchlik o`rnatish faoliyati
1999 yilning so`ngida Bosh kotib BMTga a`zo davlatlar va xalqaro fuqaro xizmatchilarni xalqaro hamjamiyatning 1994 yil Ruandadagi genotsidning va 1995 yili Srebrenitsa qulashining oldini olish borasidagi o’rinishlari besamar ketganligini e`tirof etishga chaqirdi. Bundan keyingi tinchlik o`rnatish operatsiyalarini o`tkazish bo`yicha amaliy va amalga oshirilishi mumkin takliflarni ishlab chiqish uchun maxsus tanlab olingan ekspertlar kengashi chaqirildi va 2000 yil avgustida, Ming yillik sammiti arafasida BMTga a`zo davlatlarga mazkur kengash raisi Laxdara Braximi nomi bilan atalgan «Braximi Ma`ruzasi» jo`natildi.
Kengash xalqaro hamjamiyat tomonidan ba`zi tinchlikni ta`minlash operatsiyalari, shunchaki, «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida, hatto, adolatli ishni amalga oshirishga irodasi bo`lmaganda ham yoki qanday tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi haqida kelishib olinmasdan turib, amalga oshirilgan, degan fikrga keldi. To`g`risini aytganda, Braximi Ma`ruzasi chala-yarim choralardan voz kechib, istakni haqiqat o`rnida ko`rishdan aniq va keng miqyosda qo`llab-quvvatlanadigan amaliy rejalarga o`tishga chorladi. Kengash, muvaffaqiyatli harakatlarga zamin yo`q bo`lsa, yaxshisi, umuman hech qanday operatsiya o`tkazmaslik lozimligini; harakatlar amalga oshiriladigan bo`lsa, operatsiyalar yaxshi ta`minlangan va kuchli madadga ega bo`lishi kerak, degan fikrni bildirdi.
Ma`ruzada ishonchli harbiy ishtirokka zarurat tug`ilsa, ko`p sonli, yaxshi qurollangan va yaxshi o`rgatilgan qo`shin qo`llash lozimligi tavsiya etilgan. Kengash tinchlik o`rnatish missiyalarini qo`llab-quvvatlash uchun mas`ul bosh qarorgohlardagi xodimlar sonini ko`paytirish va BMTga a`zo davlatlar, ayniqsa, Havfsizlik Kengashi a`zolari tomonidan siyosiy, moliyaviy va moddiy jaihatdan yanada kuchliroq qo`llab-quvvatlanishi lozimligini isbotlab berdi. Shu bilan birga, Kengash tinchlik o`rnatuvchilarning joylardagi va bosh qarorgohlarlardagi harakatlarini baholashning yanada qat`iyroq andazalarini belgilab berdi.
Bosh Assambleya Tinchlikni saqlash bo`yicha operatsiyalar departamenti xodimlari sonini 50 foizga oshirish va BMTning Brindizidagi (Italiya) Moddiy-texnik ta`minot bazasini ta`minlashga qariyb 150 million AQSh dollari ajratishni ma`qullab, ma`ruzaga o`zining iliq munosabatini bildirdi. Kotibiyat ma`muriy va ta`minot masalalarida yanada tezkorlikni ta`minlash uchun joylarga yanada kengroq vakolatlar berdi.
2001 yil 11 sentyabr voqealari yuz berib, Afg`onistonda Tolibon tuzumining qulashidan so`ng xalqaro hamjamiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga siyosiy kelishuvga erishishda vositachi bo`lishni so`rab, iltimos qildi. Bosh kotib nomi zikr etilgan ma`ruzadan so`ng Laxdar Braximidan ilk bor yangi tinchlik o`rnatish operatsiyasini rejalashtirish va amalga oshirish jarayoniga rahbarlik qilishini so`radi. Bosh kotib, ushbu ma`ruza ruhi va mohiyatidan kelib chiqib, Xavfsizlik Kengashiga joylardagi vaziyatning rivojiga BMT qay yo`sinda yaxshiroq ta`sir ko`rsatishi zarurligi haqida xolis tavsiyalar berdi. U, «zangori kaskalarni» jo`natish o`rniga, BMTga asosiy siyosiy rol berilib, bu davlatdagi siyosiy, gumanitar va rivojlanish harakatlarini birlashtirish uchun BMTning Afg`onistonga ko`mak bo`yicha ixcham missiyasini (BMTAKM) tuzishni taklif qildi. Bonn kelishuvini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli vositachilik, xavfli darajaga yetayotgan gumanitar haloqatning yengillashishi hamda Afg`oniston muvaqqat ma`muriyatining tashkil etilishi bunday yondashuvning samarasidan dalolatdir.
Yangi tinchlik o`rnatish strategiyasi va doktrinasi 2002 yil 20 mayda Sharqiy Timor mustaqilligi e`lon qilinishi bilan muvaffaqiyatli yakunlangan BMTning Sharqiy Timordagi Muvaqqat ma`muriyati (BMTShTMM) va shu kabi may oyida osoyishtalikda saylov o`tkazilib, yangi hukumat tuzilgan Syerra-Leonda qo`llanildi. BMTning Syerra-Leonni qo`llab-quvvatlash missiyasi bunday burilish uchun zamin yaratish hamda 47 000 nafardan ortiq qo`zg`olonchini qurolsizlantirish va demobilizatsiya qilishda ko`mak berdi.
Xodimlar va boshqaruv
2002 yil 1 mayidan boshlab xodimlarni tanlash, joylashtirish va mansabini ko`tarishning yangi tizimi joriy etildi. Bunda ularning muayyan lavozimda ishlagan muddati va qaysi tashkilotdan kelganligiga emas, ko`rsatgan xizmati va lavozimiga munosibligiga ko`proq e`tibor beriladigan bo`ldi. Dasturlar rahbarlari, kadrlarga oid yangi mexanizm umumiy «paketi»ning bir qismi bo`lmish ushbu tizim doirasida hamda Bosh kotib bilan tuzilgan va ularning erishilajak natija uchun mas`uliyatini nazarda tutuvchi shartnoma asosida, xodimlarni o`zlari mustaqil ravishda tanlash vakolatiga ega bo`ladi. Shu tariqa, o`zgartishlar Bosh kotib tomonidan amalga oshirilayotgan qaror qabul qilishda mas`uliyatni quyi, hatto, operativ xodimlar darajasigacha oshirishga yo`naltirilgan o`zgartirishlar umumiy oqimida kechmoqda.
Bosh kotibning Bosh Assambleyaga 2000 yil avgustda taqdim etgan «Inson resurslarini boshqarishga oid islohot» (A-55-253) ma`ruzasidagi soddalashtirilgan jarayonlar xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish davom etishi bilan izohlanadi. BMTning amalda o`z xodimlari orasida turli mamlakatlar fuqarolari vakillarining bo`lishiga erishish hamda yuksak malakali xodimlardan voz kechmagan holda gender balansini yaxshilash tarafdori ekanligi xodimlarni ishga qabul qilish borasidagi qarorlar boshqa tashkilotlardagi kabi tez qabul qilinmasligini anglatadi. Lekin so`nggi yillarda ishga yollash jarayonining o`rtacha cho`zilishi 400 va undan ortiq kunni tashkil etdi. Bu esa haddan ziyod ko`pdir. Yangi qabul qilingan tanlov tizimida ishga qabul qilish jarayoni qariyb 90 kunni tashkil etishi belgilab qo`yilgan. Inson resurslari boshqarmasi, bundan tashqari, xodimlarning mansabini ko`tarishga oid masalani uzog`i bilan ikki hafta ichida tasdiqlashi va amalga oshirishi lozim.
Barcha bo`sh o`rinlar haqidagi ma`lumotlar BMT veb-saytiga joylashtirayotgani tufayli jarayon yanada ochiqroq kechadi. Bosh kotibning inson resurslarini boshqarish masalalariga oid ma`ruzasida Kotibiyatning 7469 doimiy xodimining mobilligi masalasiga ham alohida e`tibor qaratilgan edi. Turli malakali xodimlardan tashkil topgan yanada universal fuqarolik xizmatini tashkil etish maqsadida xodimlarning muayyan lavozimni egallab turish muddati chegaralanadi; bosh qarorgohlardan uzoqda joylashgan joylarda ishlovchilar alohida rag`batlantiriladi; bundan tashqari, xodimlarni o`qitishga oid qo`shimcha dasturlar kiritiladi va mavjudlarining darajasi yanada yaxshilanadi.
Boshqa tarafdan esa BMT boshqaruv zvenosi xodimlari hozir inson resurslarini boshqarish sohasidagi tezkor o`quv kurslaridan o`tishlari lozim. Bu esa kadrlar bilan ishlash sifatini oshirishni ko`zda tutib birinchi bor amalga oshirilayotgan ishga qo`shilajak muhim hissadir. Bundan tashqari, xodimlarni attestatsiyadan o`tkazishning yangi tizimi joriy etilyapti.
2001 yil oxirida ichki odilona sudlash tizimini mustahkamlash maqsadida diskriminatsiya va boshqa arzlar bo`yicha masalalarni ko`rib chiqish bilan shug`ullanib kelgan guruh o`rniga, ishlab chiqarishga oid mojarolarni hal etishda vositachilik vazifasini amalga oshiruvchi ombudsmen boshqarmasi tuzildi. Bosh kotib ilk ombudsmen lavozimiga Patritsiya Dyurrantni tayinladi. Uning vazifasiga yarashtiruv tadbirlarini o`tkazish, norasmiy vositachilik, tomonlar o`rtasidagi bahslarni yechish va arzlarni hal etishning rasmiy jarayongacha yetib bormasligining oldini olishda har qanday boshqa ma`qul keluvchi usullardan foydalanish kiradi.
So`nggi o`n yilliklar mobaynida BMT xodimlariga bo`layotgan tahdidlar soni ortayotgani Bosh kotib tomonidan xodimlar xavfsizligini ta`minlash borasida tezkor choralar ko`rilishini taqoza etdi. 2000 yili u BMTning barcha bo`limlari uchun joylarda xavfsizlikni ta`minlashga doir zarur rejalashtirish, xodimlarni o`qitish, aloqa vositalari va jihozlarning asosiy andazalari darajasini joriy etish orqali ikki yillik BMT xavfsizlik tizimini mustahkamlash dasto’rini o`tkazish to`g`risidagi farmoyishni qabul qildi. 2002 yil iyunidan buyon yuzga yaqin xavfsizlik xizmati xodimi tayyorlanib, joylarga yuborildi.
Fuqarolik jamiyati va ishbilarmon doiralar
1990 yillarda rivojlangan davlatlardan rivojlanayotgan davlatlarga berilayotgan rasmiy (hukumat ko`magi va qarzlar) hamda xususiy (savdo-sanoat kompaniyalari mablag`lari, hissadorlik kapitali shaklida mablag` ajratish) moliyaviy mablag` manbalari o`rtasidagi nisbatda misli ko`rilmagan o`zgarishlar ro`y berdi. Bu borada 1981-1990 yillarda rasmiy mablag` ajratish barcha mablag`larning o`rta 60% ni, xususiy manbalardan ajratmalar esa 40% ni tashkil etgan bo`lsa, 1991-95 yillarda xususiy sarmoya 80% gacha o`sgan, rasmiy sarmoyaning hissasi esa 20% gacha pasayib ketgan edi.
Bosh kotib Kofi Annan, rivojlanish istiqbolini asosan xususiy sektor belgilab berayotganini hisobga olib, ishni savdo va sarmoyalar o`sishi borasidagi faollikni yanada rag`batlantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdan boshladi. 1997 yilda u globallashtirish afzalliklaridan birinchilar qatorida manfaat ko`ra boshlagan korporatsiyalarni «jahon fuqarosi» sifatidagi mas`uliyatni ham zimmasiga olishga chaqirdi. Keyinchalik ularga Global shartnoma imzolash taklif etildi. Mazkur hujjatga binoan unga imzo chekkan ishbilarmon tizimlar BMTning inson huquqlari, mehnat standartlari va atrof muhitga oid muhim qadriyatlarini targ`ib etishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishi lozim. 2000 yilning iyulida Bosh kotib bilan Global shartnomaga bag`ishlab o`tkazilgan birinchi uchrashuvda taniqli fuqarolik jamiyati va xalqaro mehnat tashkilotlarining ellikdan ortiq rahbari ishtirok etdi. Unda kompaniyalar rahbarlari Bosh kotib tomonidan ilgari surilgan g`oya o`z kompaniyalari rahbariyati tomonidan ma`qullanganini ma`lum qildi. Shundan buyon nomi zikr etilgan Shartnomani imzolagan firma va korxonalar soni 300dan oshib ketdi.
Ayni paytda, BMT faoliyati turli xastalik, qashshoqlik va haloqatlar oqibatini tugatishga qaratilgan fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikni davom ettirdi. Ular bilan amaliy aloqalar yanada mustahkamlanib, nodavlat tashkilotlarning (NDT) hukumatlararo jarayonlardagi ishtiroki yo`lga qo`yildi. Ba`zi davlatlar hukumati hozir bunday tashkilotlarni vakillarini o`zining Bosh Assambleya doimiy sessiyalarida ishtirok etuvchi delegatsiyalari tarkibiga kiritmoqda, xalqaro konferentsiya va maxsus sessiyalarda esa bunday tajriba o`zining yanada keng ifodasini topmoqda. Fuqarolik jamiyatiga oid tashkilotlar rahbarlari va ekspertlar umumjahon konferentsiyalariga tayyorgarlikka bag`ishlangan uchrashuvlar va konferentsiyalarda kechadigan muzokaralarda o`z fikr-mulohazalarini yanada faolroq aytishga kirishgan.
Fuqarolik jamiyatlari guruhlari, BMT bilan tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalaridan foydalanib, o`zining xalqaro hayotdagi mavq`eini yanada oshirib, voqealar rivojidagi ta`sirini tag`in ham ko`tarishi mumkin. Rivojlanayotgan davlatlarning o`z qarzini to`lashini yengillashtirishga oid xalqaro rejaning tuzilishiga sababchi bo`lgan 2000 yil yubiley kampaniyasi va piyodalarga qarshi minalarni ta`qiqlashga qaratilgan besh yillik xalqaro kampaniyadan keyin hukumatlar tegishli konventsiyani imzolaganliklari shundan dalolatdir. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari inson huquqlari normalarini jahon miqyosida keng yoyish harakatida va Xalqaro jinoyat sudini tuzishda muhim rol o`ynadi. BMTning fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan o`zaro hamkorlikka yangidan keng quchoq ochishi tufayli boshqa sohalarda ham katta muvaffaqiyatlarga erishildi. 2000 yili beshta yetakchi farmatsevtika kompaniyasi OITS tarqalishidan katta talofot ko`rayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarni mazkur kasallikka qarshi antiretroviral dori-darmon bilan ko`proq ta`minlash strategiyasini ishlab chiqish masalasida BMT muassasalari bilan muloqotga jalb qilindi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari farmatsevtika kompaniyalariga ko`rsatgan ta`sir va Bosh kotibning bu masalani soha kompaniyalari bilan muhokama etish chog`idagi qat`iyati qator mamlakatlarda dori-darmon narxining keskin tushishiga olib keldi. Bunda dori-darmonning yuqori sifatli, mo`ljallangan manzilga aniq yetib borishi va arzon dori-darmondan foydalanish uchun zarur bo`ladigan asosiy klinik infratizimning ta`minlanishi borasida zarur choralar ko`rildi.
Bosh Assambleyaning 2001 yil iyunida VICh-OITS bo`yicha o`tgan maxsus sessiyasi arafasida amalga oshirilgan yana bir tadbir — hozir OITS, bezgak va sil kasalligi bo`yicha global jamg`arma, deb ataluvchi jamg`armaning tashkil etilishi bo`ldi. Jamg`armaning tashabbuskori bo`lgan Bosh kotib Kofi Annan uning, avvalo, davlat muassasalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda xususiy sektor o`rtasida o`ziga xos ko`prik bo`lishini nazarda tutgan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga doir yaqinda tashkil etilgan maxsus guruhdagi oliy texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi texnik ekspertlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari yetakchilari va kompaniyalar rahbarlari mazkur sohalar bo`yicha dunyo mamlakatlari o`rtasidagi mavjud uzilishlarga barham berish ishiga o`z hissasini qo`shmoqda.
1997 yili Ted Terner BMT o`z oldiga qo`ygan maqsadlarga erishishida ko`mak ko`rsatish uchun 1 milliard AQSh dollari miqdorida mablag` ajratajagini ma`lum qildi. Buning natijasi o`laroq 1998 yilning martida Xalqaro hamkorlik jamg`armasi (BMTXHJ) tuzildi. BMTning T. Terner xayr-ehsoni hisobidan tuzilgan Jamg`arma- jamoat hayriya tashkiloti sifatida 2002 yilda talay ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Jamg`arma o`z dasturlarida bolalar sog`lig`ini saqlash, aholishunoslik, ayollar, atrof muhit, tinchlik, xavfsizlik va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun 484 million dollar ajratishni ko`zda tutdi. Jamg`arma korporatsiyalar, fondlar va sahovatparvar tashkilotlar bilan mavjud munosabatlarni mustahkamlab, yangilari bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatmoqda, xususiy sektorga hamkorlikning yangi jabhalarini taklif etmoqda.
Kofi Annan Bosh kotib lavozimiga ikkinchi marta saylanganidan so`ng Ming yillik deklaratsiyasida beligila berilgan vazifalarni amalga oshirishni Kotibiyat o`z faoliyatining bosh maqsadi sifatida qabul qilishi lozimligi haqida ko`rsatma berdi. Kotibiyat xalqaro hamjamiyatning bu boradagi faolligini qo`llab-quvvatlashga oid xatti-harakatlarini kuchaytirdi. Ming yillik deklaratsiyasida belgilangan rivojlanish yo`lidagi maqsadlarini amalga oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilishi lozim va ularning ijrosi uchun kimlar mas`ulligi qayd etilgan va barcha amal qilishi lozim bo`lgan yo`nalishlarni aniqlash 2000 yilning sentyabrida boshlangan edi. Bir yil o`tgach, rivojlanish yo`lidagi maqsadlarining bajarilish jarayoniga oid dastlabki yillik hisobot chop etildi. Unda rivojlanishga oid sakkiz sohasi bo`yicha jahon miqyosida va muayyan mintaqalarda erishilgan ijobiy natijalar yoki boy berilgan imkoniyatlardan dalolat beruvchi asosiy tendentsiyalar o`z ifodasini topgan edi. Amalga oshirilgan ishlar haqidagi bunday hisobotlar 2015 yilgacha har yili chop etib boriladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !