O’TKIR HOSHIMOV «G`AROYIB SAYOHAT»

G`AROYIB SAYOHAT
Ustoz Said Ahmad aka Amerikadan kelgan kuni telefonda aytib bergan xangoma

— Alyo, o`zingmisan, bolam Vaalaykum assalom, mullo bo’lgin! «Ziyoratlar qabul», deysanmi? Murod hosil! Rahmat. Safar qandoq bo’lardi, zo’r bo’ldi! «qani bir eshitaylik», deysanmi? Mayli, sazang o’lmasin. Ammo-lekin sen yaramasning bir odating yomon. Mendan zo’r-zo’r hikoyalarni eshitib olasan-da, qo’shib-chatib o’zingniki qilib yozasan. Bu safar shunaqa qilmasang, hammasini bir boshdan gapirib beraman.
Aslida-ku, Amerika to’qrisida avval ham ancha-muncha narsa o’qiganman. Yoshligimda Achchiq Maxsum degan yozuvchining (senlar uni Maksim Gorkiy deysan) «Sariq iblis shahri», baqirib she`r o’qiydigan Mayakovskiyning «Nima bizga Amerika», degan asarlarini varaqlaganman. Hatto o’zimizdan chiqqan Uzoqov degan muxbir ham «Amerikasini ham ko’rdik», degan maqola yozgan edi. Shular Amerikani ko’rganda, nega men bormasligim kerak? Shundoq qilib, biqiniga «Pan-Amerikan» deb yozib qo’yilgan, gardani xo’kiznikiga o’xshab shishib ketgan «Boing» samolyotiga o’tirdik.
Ishonsang-ishonmasang, ichi bamisoli metroning o’zi! Shifti shunaqangi balandki, Sabonis degan naynov basketbolchi bemalol basketbol o’ynasa bo’laveradi! Shunaqangi uzunki, u boshi bilan bu boshi ko’rinmaydi!
«Boing» osmonga ko’tarilishi bilan yonimga qoshlari ipdekkina, sochlari tilla kokildek, oyoqlari uzun-uzun, tizzasidan ikki qarich balandda to’xtab qolgan etak ostidan oppoqqina sonlari ko’rinib turgan xonimcha keldi. Og`izchasi angishvonadek. Lablari xuddi gilos tishlab turganga o’xshaydi. Odamning dilini qitiqlaydigan mayingina, sirligina tabassum hadya etdi.
-Gud moning, mister! — dedi.
Bir vaqtlar Stalin lagerlarida sargardon bo’lib yurganimda bir ingliz shpioni ham bizning barakda yotardi. Shu bilan gaplashib, tilini binoyidek o’rganib olgandim. O`sha esimga tushib, javob qildim:
-Hello! Okaginang aylansin, hello!
Xonimcha tilini bunchalik bilishimni kutmagan ekanmi, quvonib ketdi. Birpasda ancha narsalarni gapirib tashladi. «Djus» deydimi-ey, «biir» deydimi-ey! Ayniqsa, «chiken», «chiken» degan so’zni o’n martacha qaytardi-yov! Sal achchig`im chiqdi.
-Hay, menga qara, — dedim tushuntirib, — nega nuqul «chikka-pukka» deysan? Nima, sen bilan oshiq o’ynayapmanmi?
Xonimcha zipillab ketayotgan edi, yonimda o’tirgan bo’yinboq taqqan, bashang kiyingan amerikalik yigitcha gapirib qoldi:
— Oshiq o’ynaymiz. deyotgani yo’q. Tovuq keltiraymi, deyapti. Hayratdan yoqamni ushlab qopman. O`zbekchani suvdek biladigan bu ajnabiy qayoqdan paydo bo’ldi?
-Menga seni Xudoning o’zi yetkazdi, bolam! -dedim sevinib. – o`zbek tilini qayoqdan o’rgangansan?
— Men o’zbekman, Said Ahmad domla! — deydi.
Battar xayron bo’ldim. «Bo’lmasa nega bunaqa sap-sariqsan, nima balo, onang zarchavaga boshqoronqi bo’lganmidi?» degim keldi-yu, xafa qilib qo’yishdan qo’rqdim.
-Mabodo Nosir Fozilovga qarindoshliging yo’qmi, oltindek yaltirab turibsan, — desam kuladi.
— Men Xayitvoy sariqning nevarasi bo’laman, — deydi.
— Ie, Taxtapullik Xayitvoy sariqning nevarasimisan? — dedim. — Buvang raqmatli ko’p yaxshi odam edi. Sal tajangligini aytmasa, ja oriyatli edi. Bir gal bedanasi Isroil kalning bedanasidan yengilib qochganda, jonivorning kallasini shartta uzib tashlaganini ko’rganman.
Oting nima bolam, Amerikaga nega ketyapsan?
-Otim Xayitboev Said. Kaliforniya universitetida magistraturada o’qiyman, — deydi.
-Bundan chiqdi, adash ekanmiz! — dedim yelkasiga qoqib.
-Sizning hamma kitoblaringizni o’qiganman, domla, — dedi adashim.
Shu payt yana o’sha xonimcha kelib qoldi. Tag`in shirin tabassum bilan «chikin», deydi.
— Baraka topgur, — dedim ensam qotib, — «chiken-piken»ingni boshimga uramanmi? Dunyoda tovuqdan ahmoq parranda bo’lmaydi, odam nuqul tovuq yesa, aqli suyulib, tovuqmiya bo’lib qoladi! Menga qora qo’chqorning dumbasi solingan, Cho’nqaraning guruchidan damlangan bir luqmagina palov bersang, kifoya. Ustiga Uchqo’rg`onning ot qoqilsa yiqiladigan behisidan yarim pallaginasini bostirib kelsang ham teshib chiqmaydi. Ertalabdan beri qorinlar piyozning po’stiga aylanib ketdi-ku!
Adashim gapimni tarjima qildi. Xonimcha tabassum bilan eshitdi. Xayolimga g`alati o’y keldi. Menimcha, bu onasining qornidan tug`ilgandayam «inga-inga» deb yiglagan emas, iljaygan bo’lishi kerak.
-No problem! — dedi bosh irg`ab. Keyin yana ancha gaplar aytdi.
-Problema yo’q, — dedi Saidboy tarjima qilib. — Janob xoxlasalar Nyu-Yorkdagi «Buxoro» restoraniga kirib, «xalta palov» yeyishlari mumkin. Biz chiken, bifshteks, yangi so’yilgan cho’chqa go’shtidan pishirilgan xot-dog bilan siylashga tayyormiz.
Afsuski, janob aytgan piyozning po’sti bizda yo’q…
Insof bilan aytganda, bifshteksi mazaligina ekan.
O`zing bilasan, ovqatdan keyin sigaret moydek ketadi! Ayniqsa, o’zimizning «Xon!» quzur qilib ikki-uch tortganimni bilaman, tepamda yana xonimcha paydo bo’ldi.
Bijir-bijir qilib allanimalarni gapirdi. Nuqul «fifti dollar», deydi. Tilmochga qarab, nima gap, desam, «ellik dollar ekan», deydi.
Buning odamshinavandaligiga qarang! Izzatimni joyiga qo’yib, menga ellik dollar bermoqchi! O`zbekistondek mo’’tabar yurtdan borayotgan aziz mehmonligimni bilibdi-da!
-Meni sen siylasang, seni payg`ambarlar siylasin, — dedim duo qilib. — Menga sening puling jayam kerakmas. Amerikaga safarimning borish-kelish pattasini hukumatning o’zi obergan. Xatto «Sherotan» gastinisasining haqini ham oldindan to’lab qo’ygan. Xudoga shukr, hurmatim bor. Endii-i-i judayam ko’ngling bo’lmayotgan bo’lsa, «ellik dollar, oltmish dollar», deb maydalashib o’tirmagin-da… — Shunday deb, buyog`ini tarjimonimdan aniqlashtirib oldim: — «Ming”ni nima deydi bular?
-«Tauzen», — dedi Saidboy hozirjavoblik bilan.
-Bira yo’la tauzen dollar berib qo’yaqol, — dedim xonimchaga. — Nevaralarga padarka-madarka oborarman.
Xonim gapimning tarjimasini eshitdiyu, negadir ko’zi g`ilay bo’lib ketdi. Bittasi menga qaraydi, ikkinchisi adashimga! Haliyam kulib turibdiyu, yig`layotganga o’xshaydi.
-Ellik dollarni u emas, siz berishingiz kerak ekan! — dedi Saidboy. Hayron bo’ldim.
— Nega berarkanman?
— «Pan-Amerikan» kompaniyasining samolyotida chekish mumkin emas, ellik dollar jarima to’lasinlar, deyapti.
Rosmana jaqlim chiqdi.
— Birinchidan, men umrim bino bo’lib jarima to’lagan emasman. Mening mashinamni ko’rsa, GAI teskari qarab turadi. Biladiki, narushenie qilsam, bir tiyin ham bermayman. Ikkinchidan, men o’zimizning «Xon»ni chekdim. Amerikaniki emas. Uchinchidan, shu odating bor ekan, nega oldindan aytib qo’ymading? Shuning uchun men senga emas, sen menga jarima to’la! «Besh yuz» ni nima deydi?
— «Fayf xandrit», — dedi tarjimonim.
— Fayf xandrit dollar, — dedim beshta barmog`imni ko’rsatib. — Bo’lmasa, kattangni chaqir!
Zum o’tmay forma kiygan uchuvchi paydo bo’ldi -Shunaqangi po’rim, shunaqangi «akkuratniy»ki, Umarali Normatovga o’xshab ketadi. Hozir odob bilan jigarni ezadi, deb tursam, chest berdi. «Mister» deb gap boshladiyu, birdan chehrasi yorishdi.
— Said Ahmad aka, o’zingizmisiz? — deb quchoqlab oldi.
Razm solib qarasam, tanish ko’rinadi.
— Menga qara, chuvalachilik Mirvaqqos qatiqchining o’g`limisan? — desam, «qayoqdan bildingiz, «dadam sizni ko’p gapirardilar, bir maktabda o’qigan ekansizlar», — deydi.
Birpasda apoq-chapoq bo’p ketdik.
Shu samolyotda ikkinchi uchuvchi ekan. «O`zbekiston havo yo’llari» kompaniyasining vakili, obro’si ja baland ekan. Inglizchani «mixlab tashlarkan!»
— Bu ser kimligini bilasanmi? – dedi xonimchaga. — Mister Said Ahmad o’zbekning Mark Tveni bo’ladi. Tushundingmi?
Xonimcha shunaqangi xijolat bo’ldi, shunaqa xijolat bo’ldi! Nuqul «Aym sorri mister Axmed, aym sorri, pliz!» deydi. (Uzr so’rayapti chog`i.)
— Mayli, gunohingdan kechdim, okang aylansin! -dedim rahmim kelib.
— Menga priz bermasang ham xafa bo’lmayman. Faqat N’yu-Yorkka qo’nganimizda tauzent dollar berish esingdan chiqmasin!
Uchuvchi shu samolyotga minishimdan bexabar qolganini, bo’lmasa «do’ppidekkina» osh damlab qo’ygan bo’lishini aytdi. Nega bunaqa olis safarga otlanganimni so’radi. «Kelinlar qo’zg`oloni» Amerikada sahnalashtirilgani, aka buxor yahudiy qadrdonlarim asar premyerasini ko’rmasam, xafa bo’lishini aytib, o’n bir marta telegramma yuborganini, shu bahona ko’rmagan joylarni kirib, oyog`imiing chigilini yozish uchun safarga chiqqanimni aytdim. Farmonbibi rolini o’ynagan aktrisaga bir jo’ra juhud atlas olib ketayotganimni ham eslatib qo’ydim. Uchuvchi menga qilingan boyagi noxush muomalani «dazmollagisi» keldimi, taklif qilib qoldi.
— Samolyotning yuqori qavatida basseyn bor. Yuring, mazza qilib cho’milib olasiz. Hali manzilga yetishimizga sakkiz soat bor, Atlantika ustidan o’tayotganda o’zimiz ham zerikib ketamiz, — dedi.
Xushlamayroq turganim uchun bahona qildim.
— qo’yaqol, ukam, o’ng oyog`im zirqillab og`rib turibdi.
— Yuravering, basseynning suvi issiq, — deb qo’ltig`imdan oldi, tarjimon Saidboy ham ergashdi. Lift g`uvillab tepaga olib chiqdi.
Kichikroq tennis maydonchasidek keladigan qovuzda ko’m-ko’k suv mavjlanib turibdi. Basseyn o’rtasida ikkita suv parisi suzib yuribdi.
Koshinlangan qirg`oqda tag`in ikkitasi o’tiribdi. Ikkitasining sochi malla, ikkitasiniki qop-qora. Rostini aytsam, umrim bino bo’lib bunaqangi paripaykarlarni birinchi ko’rishim!
Mening o’rnimda Chingiz Ahmarov bo’lsa, bir zumda «Amerika madonnasi» degan portret chizib tashlagan bo’lardi. Mikelanjelo tirilib kelsa, shularning haykalini yasardi. Oq marmardan! Shunaqangi mukammal, shunaqangi «figurniy»ki, Umar Hayyomning chikkabel ko’zasi bularning oldida xumdek gap! Yo’q, bular odam bolasi emas, haqiqiy suv parisi! hushyor bo’lmasang, afsun qilib, suv tagiga tortib ketadi! Ana, bittasi «kelaver» deb imo qilayapti. Kaftimni peshanamga soyabon qilib tikilib qarasam, dumi yo’q! (Suv parisida dum bo’lardi, shekilli.) Endi imlaysanmi, noinsof! Aqalli o’n-o’n besh yil avval qayoqda eding?! Basseyn tugul dengizning tubiga ham birgalashib tushib ketaverardim!
— Yechinadigan xona uyoqda, dushxona buyoqda. Endi, oqsoqol, xizmatchilik, bizga ruxsat, — dedi uchuvchi.
— Hademay Bermud uchburchagi ustidan o’tamiz. Shturvalni o’zim ushlab turmasam, anavi amerikalik hamkasblarim qiynalib qolishi mumkin. Nima, siz bilan menga o’xshab har kuni qazi-qarta yeb yuribdimiki, bilagi baquvvat bo’lsa! Tarjimonning ikki ko’zi parilarda. Charviga tikilgan mushuknikiga o’xshab yiltirab turibdi. Taqin menga aql o’rgatadi.
— Oqsoqol, odatda, basseynga tushishdan oldin dushxonaga kirib, shampunga obdon cho’milish kerak, bo’lmasa yuz dollar jarima soladi, — deydi. Jinday rashkim keldi.
— Men bekordan-bekorga cho’miladigan anoyilardan emasman, — dedim zarda bilan.
Shunaqa desam, nima deydi, deign? «o`zingiz ham yaqin besh-olti yildan beri cho’milishga ehtiyoj sezmagan ko’rinasiz», deydi. Buvasi ham shunaqa, to’ng odam edi. Ke, shu yosh bola bilan teng kelamanmi, deb lift tomon yurgan edim, ketimdan ergashdi.
Joyimizga kelib o’tirishimiz bilan sertabassum xonimcha tag`in tepamizga keldi,
— Kofe? Ti? — dedi qildek qoshini uchirib.
— Janob kofe ichadilarmi, choymi, deb so’rayapti, — dedi tarjimonim.
Bilasan, umrimda ko’k choy ichmaganman. Ko’k choy ichsam, obro’yim tushib, davleniyam pasayib ketadi. Shunaqa-ku, boya jarima to’laysan, deb tinkamni quritgani uchun men ham g`ashiga tekkim keldi.
— Menga kofe-mofe sapsem kerakmas. Menga 95 ko’k choydan bir choynakkina obkel. Shri-Lankaning choyidan bo’lsin. Choynakka tushishi bilan shapaloqdek yoyilib ketadiganidan bo’lsin, o-key? – dedim qo’limni paxsa qilib. Xonimcha tamanno bilan nari ketdi. Bularning choy zavodi bormi, nima balo! Patnisda yetti xil ko’k choy olib kelsa, deng! Kahrabodek achchiq qilib damlangan choydan ikki xo’plam ichganimni bilaman, shilq etib pinakka ketibman. Aytmovdimmi, ko’k choy davleniyamni tushirib yuboradi, deb! Sovug`im oshib ketgan-da!
Bir mahal: «Ko’zingizni oching, oqsoqol, buyog`i yaqin qoldi», degan ovozdan uyg`ondim. Tepamda chuvalachilik uchuvchi turibdi.
— Nyu-Yorkka yetib keldik, samolyotni ataylab pastlatib uchiraymi, tepadan turib shaharni bir tomosha qilasizmi? — deydi.
Xayolimga «ariginalniy» fikr keldi.
— Menga qara, ukam, — dedim. — Rostdanam menga xizmat qilging kelayotgan bo’lsa, bir ish qilasan.
Samolyotingni «Ozodlik qaykali» atrofida ikki marta aylantirib o’tasan. Shu xotinni yaqindan ko’rishni ko’pdan beri orzu qilib yurardim.
— No problem, oqsoqol! — Uchuvchi shunday deb chest berdi-da, kabina tomon yugurib ketdi.
Zum o’tmay uzoqdan haykal ko’rindi. Boshida chambarak. Qo’lida mash’ala. Samolyot shunaqangi yaqin bordiki, qanoti haykalning qo’liga tegib ketay dedi. Shunda g`alati ish bo’ldi. Boyagi xotin o’ng qo’lidagi mash’alani olib, chap qo’ltiqiga qistirdi. Keyin o’ng qo’lini Kapitoliy qubbasidek bo’liqqina chap ko’ksi ustiga qo’yib, ta’zim bajo qildi.
— Assalomu alaykum, qadrli Said Ahmad aka! Bizning yurtimizga xush kelibsiz! — dedi tantanavor ohangda. — Sizning kelishingizni intizorlik bilan kutayotgan edim. «Kelinlar qo’zg`oloni» komediyasi «Tiklanish» teatrida namoyish qilinadi!» degan reklamani boshim atrofidan ikki yuz marta aylantirdim! — Shunday dedi-da, egilib-egilib tag`in uch marta ta’zim qildi. O`ziyam chimildiqdan yangi chiqib, qaynotasiga salom qilayotgan kelinchakka o’xshab ketdi.
— Vaaleykum assalom, qizim! — Shundoq dedim-da, samolyot derazasidan boshimni chiqarib, peshanasidan o’pib oldim. (Peshanasi muzdekkina ekaniga parvo ham qilmadim.) — Umringdan baraka top! Baxtli-saodatli bo’l! — dedim. «qo’shganing bilan qo’sha qarigin», — degim keldiyu, bu atrofda boshqa haykal yo’qligi esimga tushib, uyoqini aytmay qo’yaqoldim. Shu payt kerosin oxirlab qoldimi, samolyot pastlay boshladi…
…Ie, shoshmay tur, bolam, bog` eshigi ochildi, shekilli. Ana, oq «Neksiya» kirib kelyapti. Kim bo’ldi bu? Mashinaning chap eshigidan GAIning tayoqiga o’xshagan burun chiqib turibdi. Ie, Anvar Obidjon-ku! Ja yaxshi ko’raman-da, shu bolamni! Oltiariqning «badring»idan bir qopgina oboraman, degandi. Shuni olib kelayapti chog`i… qolganini keyin eshitarsan. Badringni vaqtida marinovka qilib qo’ymasak, so’lib qoladi…

Muallif izohi. Hikoyani ustoz qanday aytgan bo’lsa, shundayligicha qog`ozga tushirdim. Senkyu veri-mach! Gud bay!

O`tkir Hoshimov “So`qqabosh bevagina” kitobidan olindi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !