MAKTUB YOZAYOTGAN BOLA

MAKTUB YOZAYOTGAN BOLA

Aziz o‘quvchim! Yana Siz bilan uchrashdik. Har biringizning o‘ylaringiz, intilish va izlanishlaringizdan xabar topib quvonib ketaman.
Qanday qilib, deysizmi?.. Ha-a, topdingiz!
Siz yo‘llagan maktublarda qalbingiz – o‘zligingiz ko‘rinadi. U tiniq suvdagi aksingizdan ham shaffof ko‘rsatadi orzularga to‘la yuragingizni: “Shamollarga shivirlab aytganlarim shabbodalarda etib borsin…”, “Bizning qishlog‘imizdagi yomg‘ir shahar ko‘chalaridagi yomg‘irga aslo o‘xshamaydi..”, “Nimaga kattalar yoshligini gapiraverishadi. Men esa kichkinalikdan charchab ketdim..”, “Iltimos, tanlovda menga birinchi o‘rinni beringlar. Ota-onamni shunaqangi xursand qilgim kelyaptiki…”. Qog‘ozga tushgan soyasiz, samimiy tuyg‘ular ifori gullab turadi nomalar qatlarida.
Tahririyatdagi ish kuni maktublar bilan tanishishdan boshlanadi. Ular har xil, bir-biriga o‘xshamaydi, bir-birini takrorlamaydi.
Ayting-chi, sinfingizdagi hamma bola xat yozadimi? (kimga bo‘lsa ham) Yo‘q, deysiz. Ammo redaksiyalarga bir martagina xat yozib, javob olishni orzu qilmagan bola kam topiladi.
Maktub yozayotgan bola xayollarini jamlaydi. Tezda chizib, yozib bo‘laman degani aksiga aylanadi. Bilganlari kamligini anglaydi. U yana izlanishga shoshadi: tortilgan har chiziqning qonun qoidasi aylanaga o‘xshaydi. Unda hayajonlar to‘qnashuvi suratlarga ko‘chadi. Qalam tutgan kichkintoy o‘ylaganlari qog‘ozga to‘kilganida sakragilari kelib ketadi, qushdan ham engil bo‘ladi…
U o‘zini mo‘’jiza yaratayotgandek his qiladi. Aslida bu ixtirolar ostonasiga ilk qadam… Orzu darvozalarining astagina qoqilayotgan saslariga o‘xshaydi…
Maktub yozayotgan bola – o‘z o‘ylariga o‘zi narvon qo‘yadi. U osmon qadar elka kerib boradi. Uchgisi keladi… goho varrakdek… ammo tushgisi kelmaydi… u haqda o‘yi ham yo‘q.
Xayoldagi “kashfiyot”dan bolakay shunchalar zavqlanadi. Dunyodagi eng totli ne’matning ta’mini totgandek… U yaratishning hali nima ekanini anglamay, uning saodatidan quvvatlanib borayotganga o‘xshaydi…
Maktub yozayotgan bola – u farzandingiz, aka-opangiz yo uka singlingiz… Tasavvuridagi dunyosi bilan tillashayotgan, sirlashayotgan va ildamlayotgan bolaga havas qiling. O‘z olamini axtarayotgan va yaratayotgan bolaning yoniga tiz cho‘king! U ertasiga qadam tashlayapti. Siz ham maktub yozishga o‘tiring! Shunda bu zavqlarning nima ekanligini o‘zingiz bilasiz…

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !