G’ULOM KARIMIY «ARSLONXON MINORASI»

G`ulom KARIMIY

ARSLONXON MINORASI
tarixiy hikoya

Arslonxonning Buxoroga tashrifi har gal g‘oyat tantanavor kechar, shahar darvozalari oldida karnay-surnaylar chalinar, nafaqat a’yon-u ulamolar, ulamo-yu boyonlar, balki oddiy buxoroliklar ham favj-favj bo‘lib, ulug‘ hukmdorni qarshilash, sadoqat-u ixloslarini izhor etish uchun chiqishardi.
Xon bemorligi va bemajolligi sabab, a’yonlar va raiyat bilan ko‘risha olmasligini yasovullar e’lon qilgach, xaloyiq yo‘lning ikki tarafiga chetlandi va otliq soqchilar qurshovidagi soyavon arava Qorako‘l darvozasidan shaharga kirdi. Hamisha nayzalarini azot ko‘tarib yuradigan soqchilar g‘ussa alomati sifatida nayza uchlarini yerga qaratishgan. Arava ortidan mung‘ayib kelayotgan buxoroliklarning ko‘zlarida yosh yiltirardi. Axir, Buxoro obodligi, xalq osoyishtaligi va farovonligi uchun Arslonxonchalik jon kuydirgan hukmdorni tarix kam ko‘rgan. Arslonxon o‘zini saroyga yoki Arkka emas, jome masjidiga olib borishni buyurdi. O‘n yilcha avval o‘z farmoyishi bilan qurilgan muhtasham masjid oldida uni aravadan taxtiravonga olishdi. Xonning pahlavon gavdasi ancha kichrayib, qushdek yengil bo‘lib qolgan, mosh-guruch soqolli yuzi rangpar, qalin qoshlari ostidagi ko‘zlari ich-ichiga cho‘kkan bo‘lsa-da, hamon tiyrak. Masjid oldida qad ko‘targan yuksak minoraga boqarkan, tuyqus xonning ko‘zlari yolqinlandi. Minora qurilganiga ikki yil bo‘ldi, xolos, biroq dovrug‘i yetti iqlimga taraldi. Uzoq-yaqin o‘lkalardan Movarounnahrga kelib-ketayotgan savdogar va sayyohlar Buxorodan so‘z ochishganda gapni minora ta’rif-tavsifidan boshlashadi. Bunyod etilishi hamono, qadimiy shahar timsoliga aylangan benazir inshootning pastidan tepasigacha muayyan oraliqda bezaklar almashina boradi. Jonsiz g‘ishtlar me’mor-u muhandislar irodasi bilan turli handasaviy shakl-naqshlar yasab, belbog‘lar bilan ajratilgan bezaklar yorqin bo‘yoqlar bilan pardozlangach, shakllar uyg‘unligi va ranglar jilosidan go‘yokim ularga jon bitgan va jo‘r bo‘lib, mangu hayot qo‘shig‘ini kuylashayotganday edi.
Minoradan ko‘z uzolmay turgan xon xayolida ikki yil burungi voqealar jonlandi. Bir necha asr qo‘r to‘kib turgan eski minora koshinlari ko‘chib, g‘ishtlari nurab, qo‘qqisdan qulab, bir tepa tuprog‘u va g‘isht uyumiga aylandi. Xayriyatki, voqea tunda ro‘y berganidan hech kimga shikast yetmadi. Jome masjidini yangidan tiklagan Arslonxon ayni qulagan minoraning o‘rnida yangi minora qurdirishga qaror qildi. Eski minoraning umri kaltaligi saboq bo‘lib, yangi minora imkon qadar uzoq muddat poydor turmog‘ini istar edi. O‘shanda u usta Baqoni huzuriga chaqirib, Arkda yakkama-yakka suhbatlashgan.
— Ne sababdan chaqirganim ayon bo‘lsa kerak, — dedi xon taxt suyanchig‘iga yastanib. — Minora qulagani, ehtimol, arshdan bir payg‘om, ya’ni “yangi masjidga yangi minora yarashur”, degan ishoradir. Biroq minora yolg‘iz muazzinlar azon aytishi uchun qurilmasa, degandim. Misr mamlakatidagi Iskandariya shahrida dengizdagi kemalar adashmay bandargohga yetmog‘i uchun ulkan mayoq qurilganidan xabaring bor. Buxoroda dengiz yo‘q. Biroq chor tarafdan keladigan karvonlar qum dengizini kesib o‘turlar. Minora hali cho‘l ichkarisida bo‘lgan karvonlar ko‘ziga tashlansa, nihoyat manzilga yaqinlashgan yo‘lovchilarga dalda va ruhiy madad bo‘lur. Koshki, Buxoroda boqiy turadigan minora bunyod etolsak! Xo‘sh, bu xususda ne deysen?
Xondagi jonlanish usta Baqoga ko‘chib, hayajondan joyida bir qo‘zg‘alib qo‘ydi:
— Olampanoh! Ko‘hna minora qulab tushgandan beri qulingizda tinim yo‘q. A’lohazratdan biron farmoyish bo‘lmasa-da, qodir Olloh dilimga soldimikin, tun-u kun xayolimda yangi minoraning tarhiga oid turfa fikrlar g‘ujg‘on. Ul minora xayolimda allaqachon qad rostlagan. Bunyod etsak, shubhasiz, rub’i maskundagi minoralar arsloni bo‘lur!
— Barakalla, otang bejiz Baqo nomini qo‘ymagan. Aning tarhini qog‘ozga tushirdingmi?
— Yo‘q hali, hazrat. Amr etsangiz, shogirdlarim bilan uch kunda bajo keltirurmen.
— Bugundan kirish! Xazinadan so‘raganingcha mablag‘ berilur. Minora bitgach, me’mor, muhandis va quruvchilarga minoraga ishlatilgan g‘ishtlar soniga teng kumush tanga in’om eturmen…
Usta Baqo nomiga munosib ulug‘ bir ishga jazm etganiga Arslonxon minora poydevori uchun qazilgan chuqur xandaqni ko‘rganda yana bir bor iqror bo‘ldi. Xandaqdagi suv korizlar orqali oqizilib, tubi quritilgan, poydevor uchun joy tayyorlayotgan quruvchilar tepadan qaraganda mitti odamchalar bo‘lib ko‘rinardi.
— Minorani zamin qa’riga emas, samoga qaratib qur, degandim-ku, — deya hazillashdi kayfiyati ko‘tarilgan xon.
— Zaminda poydevori qancha mustahkam bo‘lsa, samoga parvozi shuncha yuksak bo‘ladi, shohim, — dedi usta Baqo hozirjavoblik bilan. — Alhol, inoyat ko‘rsatib, minora poydevorining ilk g‘ishtini muborak ilkingiz ila qo‘ysangiz.
Xonni masjid ichkarisiga olib kirishdi. Xaloyiq namozga kelishiga hali vaqt bor. Arslonxon yotgan holida kasallik oqibatida bukilmaydigan bo‘lib qolgan qoqshol qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, pichirlab duolar o‘qib, Ollohga ibodat qildi. Shu asno xon farmoniga ko‘ra shahar tashqarisidagi Namozgoh masjidi qurilishiga boshchilik qilayotgan usta Baqo yetib keldi. Soch-soqoli oqargan me’morni yasovullar kiyimini almashtirishga ham fursat bermay, oshig‘ich keltirishdi. Sal bukchaygan usta Baqoning egnida yaktak, boshida tumoq, belida fo‘ta, oyoqlarida mahsi-kavush. U har kuni qurilishgohga tong sahardan kelib, kun bo‘yi tinim bilmas, chizmalarni ushlab, havozalar bo‘ylab goh yuqori ko‘tarilar, goh pastga tushar, har joyda hozir-u nozir bo‘lib, har bir g‘ishtning terilishiga sin solib, ishni kuzatar, biron joy ko‘ngliga o‘tirishmasa, muhandis-u quruvchilarga xatolarini anglatib, amrona o‘sha joyni buzib, qayta qurishni buyurardi. So‘zini hech kim ikki qilolmas, zero usta Baqo Arslonxon yorlig‘i bilan qoraxoniylar saltanatining bosh me’mori lavozimiga tayinlangan. Usta Baqo xonning ayanchli ahvolidan garangsib, bemorga javdirab qarar, ustma-ust ta’zim qilar, tili kalimaga kelmasdi. Uning ahvolini tushungan Arslonxon o‘zi so‘z qotdi:
— Ko‘p vaqtingni olmasmen, usta. Buxoro men uchun aziz, biroq uzoq to‘xtalishga bu gal fursat yo‘q. Dilim suhbatingga moyil. Holi suhbatimiz o‘zing qurgan minora tepasida kechishini istaymen.
— Olampanoh, minora bunyodkori — siz. Qulingiz ezgu niyatingiz ro‘yobga chiqishiga vosita bo‘lgan bir me’mormen. Biroq, minora tepasiga chiqmoq sizga aziyat bo‘lur…
— Boshqa ilojim yo‘q. Buxoroni butun bo‘yi-basti bilan ko‘rmoq istaymen. Minora tepasidangina buning imkoni bor.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !