ANVAR OBIDJON. BEZGAKSHAMOL-2

ANVAR OBIDJON
BEZGAKSHAMOL-2
Hajviy hangomalar

Bugungi ilg‘or hajvchilarimiz qatorida turuvchi O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning
mashhur Usta Gulmat tilidan yozgan g‘azallari ko‘p nusxada bir necha bor chop etilsa-da, kulgisevarlar tomonidan tezda talamon bo‘ldi ketdi. Ushbu to‘plamga devonavash Gulmatga chevara bo‘lmish Kulkuliy afandining shov-shuvli she’riy hangomalari jamlandi. U bobosining «Mushtum» kutubxonasi turkumidan 1985 yilda chop etilgan «Bezgakshamol» devoniga taqlid qilib, o‘z to‘plamini «Bezgakshamol-2» deb atagan. Ishonchimiz komilki, ushbu hajviy hangomalarni ham kulgidan simirib-simirib, yayrab-yayrab o‘qiysiz.
Agar hozir do‘konda turgan bo‘lsangiz, sizga do‘stona maslahatimiz shunday: chapani
og‘aynilaringizga sovg‘a qilish uchun bu tansiq kitobdan bir yo‘la ikki-uchtasini sotib olaqolganingiz ma’qul. Keyin attanglanib yurmang deymiz-da.

G‘AZALSIMONLAR
1. Maqtanuvchan zo‘r g‘azal
Meningdek tashnabop shoir olmadek kamdir ayronda,
Birov bunda haqiqiy dur, birovlar soxta marjonda.
Moldan inson qilodir farq o‘t o‘rnig‘a g‘azal kavshab,
G‘azal ta’min xushlamaslik fanda uchraydi hayvonda.
Soliqbonlik edi kasbim, g‘azal bitmas edim, naylay,
Bobom ruhi sachratib shavq tanam bo‘ylab suzar qonda.
Bobom noskash edi mashxur, vale menga tabak manzur,
Tabak ichra «Kazbek»i zo‘r, tutatsang — darding osmonda.
Bobong kimdir demas nazmiy quduqda g‘avvos o‘lg‘onlar,
Alar Gulmat yoyin sezgay Kulkuliycha bu paykonda.
Kulkuliy — Ikkinchi Gulmat, bobomni kim etsa hurmat,
Qilib she’rim gazak-sharbat, qimizdan tortsin ayvonda.
2. Shunchaki zo‘r g‘azal
Tojiqorin to‘yga kelar kindigini yalanglatib,
Liko-liko qilib boshin, quymichini lapanglatib.
Yelkada to‘n, og‘zida nos, do‘ppisi qoshin uchida,
Kalishda to‘zon ko‘tarib, ishtonbog‘in salanglatib.
O‘tib yalangdan to‘riga, chikdi g‘ijirloq so‘riga,
O‘xshata burnin mo‘riga, qildi duo jaranglatib.
Juvonlara bir qarasa, qozonlara uch qaragay,
Soatdagi mushuk misol ko‘zin alang-jalanglatib.
Bir lunjiga qazi solib, bir lunjiga tiqdi patir,
Kemirdi borin boricha sheriklarin garanglatib.
Qoldirdi Kulkulga ushoq dasturxonni g‘arot qilib,
Bo‘kkanicha ketdi arang nimanidir varanglatib.
3. Taklifli zo‘r g‘azal
Kel, soqovdek turma, sayrona bo‘laylik,
Bir-birovga sha’mu parvona bo‘laylik.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 3
Notaruslab ovro‘paviy nikoh-hujjat,
Mullaga so‘ng borib sharqona bo‘laylik.
Jadal ishlab chiqarmak-chun bola-baqra,
Ikkimiz zo‘r qo‘shma korxona bo‘laylik.
Tijoriy sayr etib Istambulu Tehron,
Bozorlarda umri kayfona bo‘laylik.
Kelsa omad — birga yashnab, kjsalib juft,
Ketsa omad — birga vayrona bo‘laylik.
Bo‘ldi ertak birlashib Farhodu Shirin,
Janna-Kulkul bo‘lib, afsona bo‘laylik.
4. Zamonaviy zo‘r g‘azal
E bo‘tako‘z, qo‘nding xayolga mana qushdek,
She’rimni duchor aylayin senga yana mushtdek.
She’rimni qo‘yib mo‘dalar e’lonini yodlab,
Jonimni jigin qirqma tobora janaqushdek1.
Tomda mushuk ingrasa bil holim chatoqdir,
Men ham xayolingga qo‘nay goh chala tushdek.
Rostini ayt, nega meni ko‘rganda doim
Metroga qochib berkinadursan kalamushdek?
Uzro esang Vomiq bo‘lay, kinoga kirsang —
«Tiko»ngni qo‘riqlay o‘sha polvon Siyovushdek.
She’r-xat bitib Kulkul sekin so‘mkangga tikdim,
So‘mkang ichida ketdi fig‘onim lashu-lushdek.
5. Garangsiragan zo‘r g‘azal
Sevdim Fotima-Zuhrani — vo unisi! Vo bunisi!
Zora yonib sevsa meni ho unisi, ho bunisi.
O‘tsa ikovlon ko‘chadin ikki ko‘zim tarqoqlanib,
Oh uraman jalang-julang: «O, unisi! O, bunisi!»
1 Janakush — yopiladigan pichoqcha.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 4
Mo‘ri-mo‘ri tabak chekib ishq yo‘lida yutsam zahar,
Men zorini aylar mazah go unisi, go bunisi.
Kutsam etak o‘pmoq uchun, o‘tgay etak changin qoqib,
Go‘yoki men paskash gado, sho unisi, sho bunisi.
Qaysi birin chin sevasan deydi kuyib sodda onam,
Dilga axir birvarakay jo unisi, jo bunisi.
Ikkovining fe’lin sinab bildim aniq, Kulkulmamat,
O‘ldiradir bir kun meni yo unisi, yo bunisi.
6. Ezgin zo‘r g‘azal
Sevgi dardi meni uyga qo‘ydi paqqos ko‘mmalab,
Ziyon ko‘rdim do‘konimni ocholmay ko‘p so‘mmalab.
Qaydanam shum balobozga duch kelibman bemaxal,
Titki-pitki qildi bag‘rimni ko‘zida bo‘mbalab.
Lolman unga magar men zulm etmasam-da bir gramm,
Nega ustimga jafolar yog‘dirodir to‘nnalab?
Zoraki she’r-tuzog‘imga silovsindek suqsa bosh,
Mo‘ylovim yo butoq aylab o‘tsa qushdek qo‘nmalab.
Unga bir tanbeh berarga shaymanu, lek qo‘rqaman,
Yurodir tyg‘ tirnog‘ini egov birla yo‘nmalab.
Uchrashib mirshabga, Kulkul, boshga yor xavf solg‘onin
Arzlanib aytsammi yoki shartta lo‘nda-lo‘ndalab?
7. Mavsumiy zo‘r g‘azal
Mana keldim yoningga, yor, yigirmatta urib bodring,
Quvonching men uchunmu yo tugunchamda ko‘rib bodring?
Ana taajjub, ana hayrat — tugunni teshgudek turtib,
Talpinodir sen tomonga mendan oldin yurib bodring.
Takosin tark etib echking kelur barra po‘choq istab,
Cho‘loq-shabko‘r iting hatto tilar mendan hurib bodring.
Soddalar qiz dilin ovlar tutib oltin uzuk-baldoq,
Meningdek serfahmlar lek aylagay rom berib bodring.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 5
Bu yil, e yor, to‘yga taxtman, hosilu ham daromad mo‘l,
Sho‘rim qurg‘on edi bultur ertaroq sal qurib bodring.
Kelib omad takdiring gar qo‘shilsa mard Kulkuliyga,
O‘tar umring farog‘atda chopib, go‘nglab, terib bodring.
8. G‘irt zo‘r g‘azal
Zuhrani «pakka» deb chopsak, menga Tohir yetolmaydi,
Bibini deb kasallandim, bibi hatto yo‘talmaydi.
Qancha sevsam shuncha ichdim, yana sevdim, yana ichdim,
Bundan ortiqroq sevishni arganizm ko‘tarmaydi.
Majaq-maymoq xayoldan g‘um bo‘lib bosh har kuyga tushdim,
Yigitni qiz buzar shayton uncha yo‘lddn chiqarmaydi.
Nuqub ko‘ksimga qarg‘andi chayondan yor bo‘lib battar,
Chayon o‘z oshig‘in yeydi, ko‘ksidan lek itarmaydi.
Sevib to‘xtamga keldimki zoti sal sust qizni so‘ysang,
Pastliging hech ozarmaydi, izzating ham ko‘parmaydi.
Ayo Kulkul, borib nazming o‘qi oddiy odamlarg‘a,
Kuning qolsa «daho»larg‘a bitta she’ring ko‘karmaydi.
9. To‘ydagi zo‘r g‘azal
Demang to‘yda kelin zebo o‘tirg‘onlar orosinda,
Bo‘lak bir qiz biza shaydo o‘tirg‘onlar orosinda.
Kuyovga biz kuyovo‘rtoq, kelinga u kelinsepchi,
Gulmiz ajriq ichra go‘yo o‘tirg‘onlar orosinda.
Biri o‘ynab, biri esnab, yemas avqot satang qizlar,
U qiz «xo‘r-xo‘r» ichar sho‘rvo o‘tirg‘onlar orosinda.
Sevdigimning qadi shampon, yonida men pepsikola,
Akang shumshuk, u tamanno o‘tirg‘onlar orosinda.
Yuzi bo‘lichkayu labi xo‘rozqand, gajjagi pashmak,
O‘zi to‘qson kilo holvo o‘tirg‘onlar orosinda.
Hama joyda hama shoir hama qizga yoqar, Kulkul,
Meni sevg‘on umas tanho o‘tirg‘onlar orosinda.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 6
10. Kayfbaxsh zo‘r g‘azal
E qaqa qiz, qiypanglama, kimga kerak g‘amzalaring,
Qiypanglatib vino uzat — «Chashma», «Kagor», «Gimza»laring.
Bo‘lsin desang oliy bazm to‘lguncha quy, toshguncha quy,
Bobovga ber qandu asal, chuchvarayu somsalaring.
Kelsa sharob — yoningdaman, begonaman — ketsa sharob,
Yangicha oshiqman g‘alat, qotsa qotar ensalaring.
Ag‘daradur tegsa shamol — shalviragan jussang dema,
Kayfimda duch kelsa agar yakson bo‘lar ninzalaring.
May beru so‘ng javramagil qaylarda sang‘iysan debon,
Bir tosh axir mastlik chog‘im Bishkek, Boku, Penzalaring.
Dil xumiga ilhom-sharob to‘lganda she’r bitsamki, bil,
Bas kela bilmas Kulkula Hamzatovu Hamzalaring.
11. Qishloqona zo‘r g‘azal
Muqom qildi soy bo‘yinda qoqigul,
So‘qqa bo‘ydoq, bellari o‘ynoqi gul.
Boshqa gullar sirlashurlar juft bo‘lib,
O‘ynashi yo‘q birgina shu toqi gul.
Sarg‘ayib turmay yetiltir to‘zg‘og‘ing,
Oqbadanlar ichra bo‘l eng oqi, gul.
Qo‘l uzatsam nega barging siltading,
Dog‘ dilimning oshdi battar dog‘i, gul.
Izlayursan balki donoroq oshiq,
Bu o‘ramda o‘zimman eng sog‘i, gul.
Shahar ketsam «Romashka» ko‘p Kulkula,
Kunim senga qolmas, e qishloqi gul.
12. O‘gitli zo‘r g‘azal
Mardga mehring bas qilma o‘tar-ketar dunyoda,
Nomardlarga arz qilma o‘tar-ketar dunyoda.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 7
Minnatsiz qoq non qo‘ygan Nor yo‘qsilning poyin o‘p,
Boyga burning past qilma o‘tar-ketar dunyoda.
Xomush tursa Xol piyon, yaxshilik qil, vino ber,
Lek o‘zingni mast qilma o‘tar-ketar dunyoda.
Itfe’l Yormat xasisdan so‘rab yurma sigaret,
Qiymatingni xas qilma o‘tar-ketar dunyoda.
Po‘chtachidek yetkazma Eshmat so‘zin Toshmatga,
G‘iybatlanib sas qilma o‘tar-ketar dunyoda.
Ey Kulkul, she’r daftaring chetin yesa yer sichqon,
Kichiklarga qasd qilma o‘tar-ketar dunyoda.
13. Tantanavor zo‘r g‘azal
Kelodir ko‘kragin elab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im,
Orqa etaklarin silab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
Qo‘rqadurman bugun bexos poson mo‘ylovni kuydirgay,
Dilga go‘laxdek o‘t qalab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
Qiyo boqmas pul uzatsam gadolar ergashib unga,
O‘tar bir noz-la haq to‘lab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
Kissavurlar u yonimdan qochar hamyonimni talab,
Bu yondan jonimni talab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
Balki ishqimda yongandir, sovutdi o‘z-o‘zin asta,
Muzqaymoqqa barmoq bulab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
Payqadimki ado qilgay meni ham bir kuni, Kulkul,
Muzqaymoqdek yalab-yalab bayramda yurg‘on do‘mbog‘im.
14. Ko‘rko‘rona zo‘r g‘azal
Og‘rir oyog‘im dardi ishq tizzada markazlashib,
Yozmasam bo‘lmas qo‘yib oshpazligim, she’rpazlashib.
Pulla, ey gazmolsotar, gazcho‘pda o‘lchab gazmoling,
Men sotay dil gazzagini misralar gaz-gazlashib.
G‘am chekib el ishqida o‘kransa yot shoir agar,
Sizga men xo‘ngray suluvlar jabridan bir va’zlashib
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 8
Jazzava tutgancha yor yursa tushibon jazda raqs,
Jazmanin joni buyokda jizzadir jaz-jazlashib.
Cho‘ldagi yulg‘un misol so‘ldim uni suygan sayin,
Suymasam yurgay edim men ham qorin gumbazlashib.
Kulkul afandi sevdiki, xo‘shshayma yor, sen ham sev,
Sevmasang rasvo bo‘lodir she’rlarim pirkazlashib.
15. Nosqovoqbop zo‘r g‘azal
Gohida qolmay tabak kiftladim oz-oz nos,
Bir-biridan o‘tkiru xushta’mu soz-soz nos.
Aynidi ko‘nglim picha kayf urib, bosh aylanib,
Chot kerib bosdim qadam, ayladi g‘oz-g‘oz nos.
Bilmadim balki boshim qildi nosga ishva yo,
Raqs etib boshim ichinda qildi yo noz-noz nos.
Der tabib: «Badbo‘y dimog‘ tushlaring alg‘ovlatur,
Ki etur sog‘ bandani tentagu vos-vos nos».
Tursa «Kazbek» haykali Ikkinchi Gulmat qalbida,
Qistadi Gulmat Birinchi: «E bolam, yoz-yoz nos!»
16. Dod-voyli zo‘r g‘azal
Qochdi do‘ndiq men faqirni ortidan hak-haklatib,
Ko‘zlarim yoshini suzma singari chak-chaklatib.
Ahli erkak joniga qasdlar qo‘mondoni bo‘lib,
Tortdi ustimga balolar askarin lak-laklatib.
Men o‘kinch dashtida bo‘zlab misli g‘ijjak yig‘lasam,
Bog‘da u ayshin surodir doyrasin bak-baklatib.
Barchinoy Alpomishin asrasa, ul rahmi yo‘q —
Ezg‘ilab o‘tdi jigarni to‘flisin tak-taklatib.
Qaydadir ul maysaqoshim, labi go‘yo sho‘rdanak,
Maqtayin kipriklarini bittalab yak-yaklatib.
Xalqaro mavzu qolib, borsam-da ishqiy she’r to‘qib,
Xdydadi Kulkulmamatni itlarin vak-vaklatib.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 9
17. Ochiqchasiga zo‘r g‘azal
Bo‘rini qonxo‘r demanglar, o‘lmasiga qon kerak,
Katta toshning ostida ming mayda tosh — qurbon kerak.
Yurmangiz behuda qarg‘ab, bo‘rilik oson emas,
Bo‘ri bo‘lmoqqa temir tish ham po‘latdan jon kerak.
Sherxonu yo‘lbarslar ichra bo‘rilik qilmoq og‘ir,
Shu zayl kun ko‘rsa odam, yuztalab ishton kerak.
Saqlagaydir toza iymon yerda odam naslini,
Bo‘richa davron surarga bo‘richa vijdon kerak.
Esla odamliging Kulkul goh ko‘rib hayvon zotin,
O‘z-o‘zin tanirga inson gohida hayvon kerak.
18. Dog‘langan zo‘r g‘azal
Bandilikka meni tashlab ozodligingdan dog‘man,
Yotibman yerbiring vayron, obodligingdan dog‘man.
E parang qiz, otang birla onangga gar esang avlod,
Makr bobida shaytonga ajdodligingdan dog‘man.
Boshqalarga bo‘lib malham «Tez-isko‘riy yordam» misol,
Ishq o‘timga pajarnikdek jalloddigingdan dog‘man.
Ishqda Majnun mayo‘r bo‘lsa, sevgida men-ku palko‘vnik.
Yefreyto‘rfe’l bir satangga sallotligingdan dog‘man.
Hislarim tirnabon behis, asab torimni o‘ynaysan,
Dutor topgan junsotardek bedodligingdan dog‘man.
Qo‘yib qizga tuzoq, Kulkul, o‘zing, eh, har safar majruh,
O‘limdan qo‘rqmagan botir sayyodligingdan dog‘man.
19. Sayohatli zo‘r g‘azal
Tog‘-dala kezmoq bo‘lib, tashlab shahar qizlar bilan,
Bir o‘zim chiqdim saylga o‘n nafar qizlar bilan.
O‘zbegu uyg‘ur, qozog‘u tojigu turkman, o‘ris,
Qoraqalpog‘u karis, qirg‘iz, tatar qizlar bilan.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 10
Chuchmomo kavlab adirda, jarda quvlab qurbaqa,
Qochdik ilondan shattalab novcha-pakar qizlar bilan.
So‘ng dala yalpizlarin hidlab faranglar atridek,
Otquloq yeb ustiga sepdik shakar qizlar bilan.
Dashtda bir tashlandiq uyni ayladik «Super otel»,
Doyra bazmin qizdirib hufton qadar qizlar bilan.
Kulkulmuhammad, sho‘r qurib, qoldim-ku tomda dildirab,
Uyda bir baxtli mushuk uxlab yotar qizlar bilan.
20. Attangli zo‘r g‘azal
Chiqqandi erdan sevgilim, boshqa merov oldi yana,
Kirmadi bag‘rim qasriga, torgina uy soldi yana.
Ajrashdiyu attoridan, dallolga ko‘ngil boyladi,
Katta bir shoirni band etmakka uyoldi yana.
Xappa yutardi yot ayol men kabi yumshoq luqmani,
Vaslima parhezlanib nafsini tiyoldi yana.
Bu buyuk foje’ magar, na unda ayb, na menda ayb,
Muttaham takdir oyoqni orqadan choldi yana.
Horigay o‘ylab boshim, charchab yozarmon o‘ng qo‘lim,
So‘ylabon ishq darsini nodonga jag‘ toldi yana.
Gulmat bobo, gar chevarang Kulkul afandi «oh» desa,
Anglaki o‘zbek uchun bir zo‘r g‘azal qoldi yana.
21. Qo‘llanma zo‘r g‘azal
Jo‘ja shoir, endi pandimga toqat qil,
So‘zim umring xonishiga naqorat qil.
Bu olamda xayol ashyo, yurak dastgoh,
Do‘kondir bosh, yoyib fikring tijorat qil.
Nazm cho‘ng mo‘‘jiza, noyob, muqadadsdir,
Nazm bitsang nasr birla taxorat qil.
Kangul — bir uy, agar shoir desang o‘zni,
O‘z uyingni o‘zing yondir va g‘orat qil.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 11
Xatoyimni qidirma gap titib, e bit,
Xatomni ham o‘zingga sen mahorat qil.
Kulkuliyga egilma, lek bilib maktab,
She’rlarimni har kuni bir ziyorat qil.
22. Tortimli zo‘r g‘azal
Yusufdek men o‘sal oshiq, Zulayhodek davo «Kazbek»,
O‘kinganda tasallimdir, qo‘shiq aytsam navo «Kazbek».
Tamokini qilib malham, berur shoirga zo‘r ilhom,
Agar tanqidchi bir tortsa o‘ldirur behavo «Kazbek».
Aylamish gurjilar yurtin Manguberdi nechuk ishg‘ol,
Nahot ul zotni ham etmish o‘zig‘a muftalo «Kazbek»?
Chekar o‘zbek, o‘ris, ozar, balki hindu xabash, ingliz,
BMTdan burun qurgan aloqa xalqaro «Kazbek».
«Prima», «Layka»yu «Shipka», «Pamir»lar o‘ldi savdoda,
Yashab kelmoqda «Kent», «Kamel», «Hollivud», «Xon» aro «Kazbek».
Kulkuliydek ziyolilar tutatsa faxr etur yayrab,
Yurislar ham chekib ba’zan bo‘lur baxti qaro «Kazbek».
23. Yangicha zo‘r g‘azal
Boqmasang yorim dilimga yoprilur jumboq, boq,
Mo‘ltirab umring o‘todir nega beo‘rtoq toq?
Qiynading yoshlik qilib bu shoiring shashlik qilib,
Gar tanim tandirga tiqsang bo‘lmag‘ay andog‘ dog‘.
Tushmadim molu amal yo zebu ziynatga asir,
Sevgiga taslim bo‘loyin silkitib bayroq oq.
Noraso bo‘lsam o‘zing aylab rasoroq sev, axir —
Kashta tiksang gul chizib, bo‘lg‘ay-ku chit belbog‘ bog‘.
Quvnadim ishq zanjirin solsang-da joning sog‘ ko‘rib,
Qo‘l ipingda misli qul mo‘ndi ko‘zmunchoq choq.
Quvdi yor galdirligimni Kulkuliyga es berib,
Oqibat bo‘lmish ko‘ringki shoiri nosog‘ sog‘.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 12
24. Ijtimoiy zo‘r g‘azal
Kim Baqokal kabi ochchangal bo‘lur,
Savlati zo‘r aqli ham sal-pal bo‘lur.
Har amalg‘a ishqiboz, u loaqal —
Ikki yalqov uzra bosh tanbal bo‘lur.
Qaro ko‘nglin niqobi oq galsto‘k,
Fe’li isqirt, to‘ni pok bahmal bo‘lur.
Burun tiqsa agar harbiy jabhaga,
Bir askarga qalbaki genral bo‘lur.
Aytsa boshliq tonar hatto jinsidan,
Kecha ayg‘ir, bugun u baytal bo‘lur.
Baqo sur bo‘lmading, Kulkul, shukur qil,
Tiyik nafsing senga zo‘r haykal bo‘lur.
25. So‘qqabosh zo‘r g‘azal
Kipriging charxlanib «shir-shir» shu oqshom menga yoylansin,
Menga o‘q tegsinu bunda, dushmanim unda «voy»lansin.
Tilim tinsin so‘kishlardan, dilim rom aylasin vasling,
Uyimdan tarqatib zulmat yuzing ko‘rpamda oylansin.
Xirom etsang qistiroyin hama maqtovni do‘ppingga,
Zanglag‘on bu kangul moydek so‘zingdan qayta moylansin.
Ki barmoqda uzuk posbon, qulog‘ingda sirg‘a soqchi,
Bebaho lablaring endi mo‘ylovim birla poylansin.
Ko‘zlaringdan ko‘zlarimga hislaring chakkalab tomsin,
Ikki zulfing ikki daryo bo‘lib ko‘ksimda soylansin.
Shirin avqot umid qilmay shirin yor orzula, Kulkul,
Qari qirchang‘ilikdin kech, yurakda tuyg‘u toylansin.
26. Kechinmali zo‘r g‘azal
Demang kim u seni bejiz qiynadi,
Bismillosiz tug‘ilg‘on qiz qiynadi.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 13
Belimdan ushladi debdur chaqimchi,
Uch akosi quvib g‘iz-g‘iz qiynadi.
Otosi musht urib shildi jag‘imni,
Onosi jag‘ga bosib tuz qiynadi.
Oposi bo‘chkada muzqaymoq sotur,
To‘kib ichga bir hovuch muz qiynadi.
Tag‘osidan so‘rab borsam himoyat,
Quydirib g‘isht yozu to kuz qiynadi.
Royishi bor o‘zga qiz top, Kulkuliy,
Az-azal shoirni beyuz qiynadi.
27. Kutilmagan zo‘r g‘azal
Yaxshiga esh bo‘lish sharti — yaxshilardan surinmaslik,
Yomondan asranish sharti — yomonlarga ko‘rinmaslik.
Kuchuk zo‘r chiqmog‘in bilsa bo‘rilar yoprilib g‘ajir,
O‘lib dovrug‘ solish sharti — tiriklikda bilinmaslik.
Boshingga goh balo kelg‘ay ixtiroyu tashabbusdan,
Xatosiz ish qilish sharti — ish qilishga urinmaslik.
Bolari boyimas — xotam, jim tashib, jim yutar sichqon,
O‘zingga to‘q yashash sharti — o‘zgalarga ilinmaslik.
Kichik chumchuqqa dap qilmay magar turna topar izzat,
Bo‘rilik obro‘yin sharti — quyonga avf qilinmaslik.
Hayotga zog‘ boqib Kulkul har qadam g‘am-alam tortding,
Tuzuk shoir bo‘lish sharti — dard chekishdan erinmaslik.
28. Zardali zo‘r g‘azal
Suygan qizim boy ko‘saning yori bo‘lib,
Yig‘lar ana shoirining zori bo‘lib.
Boyning shirin so‘zlari ham unga zahar,
Endi mening do‘q-po‘pisam dori bo‘lib.
Kulbama u kelsa agar ziynat edi,
Boy g‘aznasi ichra turar xori bo‘lib.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 14
Tashvish yukin ostida boy — bukri tuya,
Men yuraman erkin hayot nori bo‘lib.
Qunt ila yor sochin silab, orom berib,
Avrar edim tonggacha hind mori bo‘lib.
Boyni qara, Kulkul afandi, to sahar —
Xurragida dam soladur qori bo‘lib.
29. Zo‘raki zo‘r g‘azal
Balofe’l yorimni sizga so‘ylayin bobu bob aylab,
Magar ismi Adolatdir, adolatsiz hisob aylab.
Adolatmas, Ado‘lifdek2 yotib bunkersimon uyda,
Meni tashqida qoldirdi xuddi Robintrop3 aylab.
Kammidi qiz jafosi, vah, tag‘osi bo‘g‘di bo‘ynimdan,
Ko‘zig‘a «Kabek»im bosdim munosib bir javob aylab.
Gulmatiycha desam: tuzlab yurak, buyrak, jigar, o‘pkam,
Boshimga yetdi oxirda meni to‘rt six kabob aylab.
Aridek to‘zdirib ilhomlarimni ishq cho‘pin niqtab,
She’rlarim kashtazor qildi tilginamni popop4 aylab.
Qiziq holat tushib boshga qotibdur Kulkuliy mumdek,
Yurar o‘z ko‘zyoshimga yor o‘zimni bosh mirob aylab.
30. Jo‘g‘rofik zo‘r g‘azal
Farg‘ona — Shoshning o‘rtasi yalang-yulang,
Qamchiq dovonin yo‘llari ilang-bilang.
Shoshdagi qizlarni borib ko‘ray desam,
Uydagi yorimni ko‘zi jalang-julang.
Shoshda kezar dutor-gitar ohanglari,
Uyda qozon, kirtog‘ora darang-durang.
Gohida yer chopib, gohi mol boqaman,
Gohi ko‘mir tashib tilim salang-sulang.
2 Ado‘lf — Adolf Gitler.
3 Robintrop — Gitler davridagi tashqi ishlar vaziri.
4 Popop — kashta tikish mashinasi. (Popopchi — kashtachi).
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 15
Men kabi zo‘r shoir sira bo‘lmas unut,
Yursam-da qishloqisifat garang-gurang.
Kulkulni Navro‘zda — tug‘ilg‘on kunida
Eslaydi xalq mushak otib varang-vurang.
31. Ayronlashgan zo‘r g‘azal
Zap yetilmishdir bo‘ying oy yuzlaring shirmonlashib,
Old tomondan olmazoru orqadan xirmonlashib.
Suykanib yoshlikda kino kelsa patta oldirib,
Endi hech qilmay pisand o‘tding soching o‘rmonlashib.
Bo‘lma ko‘p beyuz desam men, «Fu!» deding zaxring sochib,
Chiqmasa basdir gazetda do‘kdaring farmonlashib.
Bir paqir ayron bilan qoldim ketingdan termulib,
Yuz paqir orzu-umidlar ming paqir armonlashib.
Men qolib ketding saylg‘a satta puldorlar bilan,
O‘rganib Lo‘ndo‘n, Porijda yurg‘ali mehmonlashib.
Chiqmading xorijga, Kulkul, sotmading hech o‘zliging,
Borsa kim Berling‘a balki qaytadur girmonlashib.
32. Darakchi zo‘r g‘azal
Kirdi bir qiz qalbima razbeg bilan,
Vaslining xummori teng «Kazbek» bilan.
Ayladi ishg‘ol dilim bir zarbada,
To‘qnashib lolman spesnazdek5 bilan.
Ortidan chopdim lapang o‘rdaklanib,
Ishq ko‘linda suzgali g‘ozdek bilan.
Sog‘inib keldim falon xil nozini,
Ajrashib nozi picha ozdek bilan.
Ki o‘sha «Tiko»simon qizdan kechib,
Bir ochomlashsam edim «MAZ»dek bilan.
Sevgida manzil topolmay Kulkuliy,
5 Spetsnaz — ishg‘olchi maxsus bo‘linma.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 16
Bo‘zlagay kuygan yurak — jazdek bilan.
33. Tentakparvar zo‘r g‘azal
Xomila olmasin g‘o‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni,
O‘ta sassiqtutun mo‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni.
Zoti jipriq g‘iybat ahlin podasi goh qursa davra,
Joyi shu molxona to‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni.
Qutirg‘och o‘z qizin ig‘vo qilib yozsa ajablanmang,
Tuzatg‘ay bukrini go‘ri… o‘sha ispiropkasiz jinni
Chala anglab, chala so‘ylab, chala bitgay, chala g‘ajib,
Chala ko‘ppak, chala bo‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni.
Amal-obro‘ topsa kimdir ortidan izma-iz kavlar,
Shaloq iblisga kir cho‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni.
Kulkuliy hech ishonma kim qoplonu sher desa havfli,
Qonchi hayvonni eng zo‘ri — o‘sha ispiropkasiz jinni.
34. Qardoshlarcha zo‘r g‘azal
Ukrain qiz sevgi muhrin yurakka bosdiyu ketdi,
O‘zimdan dor yasab unga o‘zimni osdiyu ketdi.
Ko‘zi zangor o‘sha otin sezdirib boy-baland zotin,
Zulfiga purkabon oltin menga go‘r qazdiyu ketdi.
Yurakni bir qilib dangal, dedim «pasto‘y» cho‘zib changal,
«Ay-yay» deya chap berib sal, o‘zin qutqazdiyu ketdi.
Qolmas erdim ko‘zim yoshlab ketsa bir qismini tashlab,
Oyokdin bosh qadar boshlab balandu pastiyu ketdi.
Onosig‘a borib tikka, desam: «Qizni ber o‘zbekka»,
Boqib og‘zimda «Kazbek»ka hushidan ozdiyu ketdi.
Otosin bilsam ulfat deb, quvladi birbalo «…mat» deb,
Buni yosh avlodga xat deb Kulkuliy yozdiyu ketdi.
35. Tamtamlangan zo‘r g‘azal
Qiziq she’rlar to‘qib Shoshga tijorat qilg‘ali keldim,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 17
Olifta ba’zi shoirni xijolat qilg‘ali keldim.
Yorga yolg‘ondakam yig‘lab, elga ham qalbaki kuyg‘on
Dardfurush to‘dalar birla raqobat qilg‘ali keldim.
Millatin qoqlagan boylar, yurtga befarq kazolarni
Shirin gaplar bilan zimdan haqorat qilg‘ali keldim.
O‘ldirib xun olishlikdan kuldirib jon olish yaxshi,
Nafratimni mazahlardan iborat qilg‘ali keldim.
Kulkuliy, kul, dimog‘dorlar kulgining qudratin ko‘rsin,
Qisingan Kulgining ramzin Jasorat qilg‘ali keldim.
36. Achinarli zo‘r g‘azal
Bo‘yi yetg‘on sanamni deb bo‘lib qoldi boshim g‘ir-g‘ir,
Buzib o‘tg‘och qovoq-kiprik to‘g‘onin ko‘zyoshim g‘ir-g‘ir.
Ana Bulbul yana Gulga mening she’rimni kuylaydur,
Bo‘lak shoirga muxlis ul Qarg‘alarga toshim g‘ir-g‘ir.
Boshokdek bel eshib dildor ko‘zin bejo suzar bo‘lsa,
Nafas pish-pish bo‘lib tuyqus imo qilg‘ay qoshim g‘ir-g‘ir.
Yog‘ilsa tosh berardim dosh, sog‘intirsa vale yorim —
Tanamni tark etar chumchuq to‘pidek bardoshim g‘ir-g‘ir.
Ko‘zi go‘yo o‘git aytur jabr qilsam sabr qil deb,
Tushunmas ul paqirkalla — o‘tib borg‘ay yoshim g‘ir-g‘ir.
Sovchi bo‘l deb, e Kulkulmat, yolladim qancha qondoshni,
Yetmadi naf alardin lek bo‘ldi g‘oyib oshim g‘ir-g‘ir.
37. Dag‘dag‘ali zo‘r g‘azal
Oxiratni sotib qilg‘on kayfingga o‘rtancha barmog‘im,
Odam nomi yana isrof — hayfingga o‘rtancha barmog‘im.
Piyon qo‘sh ulfating qursin — biri qo‘shning, biri bojang,
O‘sha qo‘sh kulfating Noru Sayfingga o‘rtancha barmog‘im.
Bobom ul deb, zotim bul deb ko‘ring‘on zotga qaydingga
Va bo‘g‘izdan buloq bo‘lg‘on qaytingga o‘rtancha barmog‘im.
Ayni ro‘za oyi mirshabxona oldida dong qotding,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 18
Tanlagan joyingu topgan paytingga o‘rtancha barmog‘im.
Tavba aylab zora yuvsang qo‘lansa ayb-gunohingni,
Aslida bor gunohu bor aybingga o‘rtancha barmog‘im.
She’r yozishni qiyib qo‘yding zo‘r radif kashf etib, Kulkul,
O‘z-o‘zing maqtag‘on so‘nggi baytingga o‘rtancha barmog‘im.
38. Cho‘pchaknamo zo‘r g‘azal
Dugonangdir bo‘yniga dur, quloqqa tilla osg‘onlar,
Ulfatimdir kuya tushg‘on quloqchin boshda to‘zg‘onlar.
Senga sirdosh fan-hunardan baxt qidirg‘on orzumandlar,
Menga yo‘ldosh tekin ishrat toparg‘a reja tuzg‘onlar.
Yalab bolu murabbolar yoningda bir gala to‘lpoq,
Quruq vino ichib so‘lg‘in yotar tegramda ozg‘onlar.
Kitobxonlik bir bahona kezarsiz uyma-uy mehmon,
Betaklif to‘yma-to‘y yursak biz — uydin ko‘ngil uzg‘onlar.
Bo‘lib bir ko‘cha o‘tdingiz chirmanib shohi-atlasga,
Tikildik jim mazgisin is, ko‘ylagin burga bosg‘onlar.
Marksiy bir xulosa shu bu holatg‘a, ayo Kulkul,
Biz — qarovsiz ezilg‘onlar, go‘zallar — bizni ezg‘onlar.
39. Tilim-tilim zo‘r g‘azal
Yemrilsa so‘z boyligi — tog‘ qirchalanur,
Til buzila borsa elat parchalanur.
«Inoq», «Totuv» unut bo‘lib, faqat «Ahil»
Qolsa agar jingala soch kalchalanur.
Arabiy Haq so‘zidir, sev, forsiyni uq,
Lek jo‘yasiz qo‘llasa, gap g‘alchalanur.
O‘z tilimiz — o‘z yerimiz uzra chinor,
Ovro‘pacha chatishsa mo‘l, archalanur.
O‘zbeknikin jangchi tili derlar azal,
Boy bersa qo‘rs erkakligin, marjalanur.
Asra tiling, Kulkul, yana yot tilni bil,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 19
Shunda jahonga qulog‘ing darchalanur.
40. Doimgidek zo‘r g‘azal
Qaydanam e qushburun qiz tuzog‘ingda shaqal bo‘ldim,
Mamayqo‘rg‘on kabi zulming lashkariga qamal bo‘ldim.
Taksiga pul bo‘lib isrof sovchilar so‘ljayib qaytgach,
Taxt suyakni og‘izdan oldirib itdek o‘sal bo‘ldim.
Yuribman endi tentakvash, unutdim qaydaman, kimman,
Bemakonu bemetirka, beism, bemuchal bo‘ldim.
Bo‘lib ko‘zyoshlarim ummon suzodirman kema yanglig‘,
Yig‘ilsa men kabilar bu flotga admiral bo‘ldim.
Yashardim shod g‘o‘daygancha o‘z-o‘zimga bo‘lib haykal,
Oyog‘ing ostida aspalga qorishdim, shag‘al bo‘ldim.
Kulkuliy men edim odam dildagi sirlarim asrab,
O‘zimni shu qag‘ozga beayov chaplab g‘azal bo‘ldim.
41. Es-xushli zo‘r g‘azal
Bilmagaymiz umr so‘ngin, ammo bilodir o‘lim,
Jonimizni belgilangan damda yulodir o‘lim.
Yer ustinda sig‘mayin goh joy talashsak zo‘rlashib,
Yer ostinda jim yotarg‘a majbur qilodir o‘lim.
Eslabon besamar kunlar, sergunoh onlarni biz,
O‘krab-o‘krab yig‘lar ersak, pinhon kulodir o‘lim.
G‘aflat ichra yotar vaqti tirik do‘stmiz o‘limga,
O‘lib ham gar hayot yursak bag‘rin tilodir o‘lim.
Yashay olsak odamiy dard va insofda, Kulkuliy,
Abaddurmiz bizdan oldin o‘zi o‘lodir o‘lim.
42. Qalandarona zo‘r g‘azal
Kelsa sanam narxini Laylo qilajak,
Majnunlatib go‘llarni shaydo qilajak.
Ildirib ishq to‘rvasini, vasl tilatib,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 20
Ko‘pni gado, o‘zni yana sho qilajak.
Kim biladur — bizni atay aylab gado,
Saxovatin qay kuni ijro qilajak?
Kutsak-da hech bor etmayin himmatini,
Har gal yana bir fitna paydo qilajak.
Eng yomoni — yalintira, tilantira,
Mendek yirik shoirni maydo qilajak.
Bag‘rim ezib, tangriga tinsiz yig‘latib,
Kulkulni u soxta Huvaydo qilajak.
43. Hazilkash zo‘r g‘azal
Ko‘pqavat uyda yasharg‘a kimniki toqati bo‘lg‘ay,
Onosin yelkalab hajga borandek jannati bo‘lg‘ay.
Boshlanur ilk azob-qiynoq oyoq yuvmay hali so‘fi,
Sutchi qizda opera xonandasin san’ati bo‘lg‘ay.
Ish-o‘qishga chopsa hamma, zina «tak-tak», «taraq-tuq», «gurs!»,
It yugurg‘on piyonino tovshining g‘urbati bo‘lg‘ay.
Tunda kimdir o‘qir oyat, so‘kar qay mast quvib yorin,
Chapda aza, o‘ngda qizto‘y, so‘g‘in jang navbati bo‘lg‘ay.
Ostki qo‘shning turbani «dangdang» qilur ko‘proq yo‘talsang,
Ustkining goh tepangdan suv quyarg‘a mandati bo‘lg‘ay.
Ishda rohat qilib Kulkul, bezillab uyga qaytmokdin,
Kulahmaddek yer ostig‘a kirurg‘a rag‘bati bo‘lg‘ay.
44. So‘roqli zo‘r g‘azal
Devor osha boqay-chi bir ul qo‘shni qiz yakkamikin,
Tirnog‘ini bo‘yar, ana, xinogami, lakkamikin?
Nesi meni maftun etar, pishloqsimon yuzlarimi,
Yo o‘zi dumbul-sho‘rvada pishgan shirin makkamikin?
Fe’li juda jangaridir, gap otmadim, qoni uning —
Qaysi qabilaga tutash — massagetmi, sakkamikin?
Qancha tuzuk-suzik bilan quvlashmachoq o‘ynab rosa,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 21
Oxir kelib to‘xtaganim menga shu qiz pakkamikin?
To‘zitadir xayollarim yurakka og‘udek tomib,
Yoki boshim chanog‘idan teshib o‘tgan chakkamikin?
Seskantirib Kulkulni kim shaqilladi bog‘ ortida,
U — sevgilim onosimi, yo shunchaki hakkamikin?
Raqamsiz oxirgi zo‘r g‘azal
Demish Gulmat — guliqahqah bo‘lib tarixga kirgum men,
Kuysa Mashrab shami, guldek so‘lib tarixga kirgum men.
Agar Mashrab yoqib qahrin chirmovuqlarg‘a o‘t qo‘ysa,
Iljayib asta tomirdan yulib tarixga kirgum men.
O‘zin mangu haykalini qursa Mashrab o‘zi bilmay,
Ilgaritdan joyim sozlab, bilib tarixga kirgum men.
Chaqnasa farqsiz boqurlar, dodlashar portlasa yulduz,
Hama allomalar yanglig‘ o‘lib tarixga kirgum men.
Yana Gulmat demish — Mashrab so‘zin nopokka o‘q qildi,
Harom qo‘lga zaxarli gul ilib tarixga kirgum men.
Kulkuliy she’rlaring bol-xat, ta’mida — kislota sulfat,
Elga Gulmat sirin ulfat qilib tarixga kirgum men.
TO‘RTQAVATLILAR
Nari tur e dilyoqar qiz, o‘zni men o‘tga topshirmay,
Bir azobim qilib mingta, yaramni yodga topshirmay.
Yo‘ling poylab ayozda ko‘p, tumov bo‘ldim, javobgarsan,
Seni soldim Xudoyimga ishingni so‘dga topshirmay.
* * *
Umring bo‘yi shukur qil — chapdan o‘ng‘ayguningcha,
Seni asrab keldi Haq o‘sib-qo‘nqayguningcha.
Balki bir yurt yo‘q bo‘ldi sen aljirab mast-alas —
Bir yiqilib, bir turib, yana do‘nqayguningcha.
* * *
Bir go‘zalni madh aylamish Mir boboning o‘zlari:
Kiprigining soyasinda ul parining yuzlari…
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 22
Jahonga bir aytsin endi Kulkuliy ham o‘xshatib:
Yotar burnim salqininda uch mahalla qizlari.
* * *
O, madam,
Bizam odam.
Oshiqlarni
Demang podam.
* * *
Mo‘mintoy qulga bu — farmonli dunyo,
Orzumand bandaga — armonli dunyo.
Fahmdor kishig‘a — qamchili kazzob,
Yallaboz anqovga — garmonli dunyo.
* * *
O‘z so‘zi-la yashar shoir pishiq yo xomidan so‘ylab,
Bu ruhiy xastalar qasrin tikanli romidan so‘ylab.
Bo‘lma artis, Kulkiliyjon, kecha bir artisni ko‘rdim,
O‘zi nojins, turar ammo Temurning nomidan so‘ylab.
* * *
O Kulkul, teskari dunyo — tagingda,
Bilmasding sirin mast yotmaganingda:
Eng qiziq narsa — eng zerikarligu,
Eng kutgan narsang — eng kutmaganingda.
* * *
Bu olamning teng huqukdi ahlisan,
Baxtli bo‘lish uchun to‘la hakdisan.
She’rim o‘qi, mag‘zin tushun, baxtga bot,
Tushunmasang, undan battar baxtlisan.
* * *
O‘tib bahor-yozim, shu qishdan —
Iste’foga chikdim sevishdan.
Demak boshi ochiq xonimlar
Endi holi xatar-tashvishdan.
* * *
Go‘yo mening vujudim ko‘pmillatli bir xonlik,
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 23
Goh o‘yinim hindchayu, goh ohanggim eronlik.
Oshpazlikda g‘irt uyg‘ur, tilovatda arabman,
Dilim, tilim o‘zbegu, burnim ozarbayjonlik.
* * *
O‘ylagil qo‘rkdim do‘qingdan men qachon,
Chaqchayib burningni qilma baqlajon.
Sher uchun obro‘ emas pashsha quvish,
E raqib, davrimda mayli saqla jon.
* * *
Sherik topmay o‘zim birla o‘zim oynakda ichgayman,
Kosa sinsa, orqasiga quyib poynakda ichgayman.
Icharman goh o‘zim maqtab, yo‘q g‘animdan kuymanib goh,
Bezrayib gohi hay’atda mayni choynakda ichgayman.
* * *
Uyoti yo‘q zot uyotdin o‘lmag‘aydir o‘lmasa,
Fikri qul nursiz hayotdin o‘lmag‘aydir o‘lmasa.
O‘zganing dardlarin uqmas to o‘zi dard chekmagan,
O‘z «Bayot»i yo‘q «Bayot»din o‘lmag‘aydir o‘lmasa.
* * *
Asta keldim dalda birla yaxshi gapga och bo‘lib,
Yora aytay hasratimni ko‘nglima tilmoch bo‘lib.
Barcha qiz xil-xil taomu, sevdigim yolg‘iz palov,
Qaqranib tursam netar men yonida qirmoch bo‘lib?
* * *
Nozingga uchib devona Mashrab bo‘laqoldim,
Xo‘rlikda qolib ko‘zyoshga xumdek to‘laqoldim.
Tark etib jabring do‘zaxin, o‘z xotinimdan —
Jannatni isin sezdimu uyga kelaqoldim.
* * *
Umring so‘nar baxt degan yulduz miltillaguncha,
Ko‘z alanglab kipriging hayron pilpillaguncha.
Yoshligingni berma boy, bos tikanni, o‘tga kir,
Yoshlik o‘tar qo‘shni qiz uch-to‘rt jilpillaguncha
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 24
Men uxlasam nafas rostlar qalamim,
Dilim tirnar tushimda zo‘r alamim:
Ichishda teng kelsam^da ming ulfatga,
Yozishda teng kelmadim bir Gulmatga.
SO‘TARUBOYILAR
Dutor chertay ding‘ir-ding‘ir,
O‘yna, yorim, qing‘ir-sing‘ir.
Bir kunda bir ichib kelsam,
Qilma hadeb ming‘ir-ming‘ir.
* * *
Yasansang men taqinchoqman,
Cho‘milsang men oqinchoqman.
Bezib ketsang qocholmassan,
Oyog‘ingda qoqinchoqman6.
* * *
Garchi janjalda balanddir,
Dod solishda zo‘r talantdir.
Qo‘shnilar bilmas, xotincham —
Xudo urg‘on semuvlantdir7.
* * *
Shoirlikka tutilg‘onman,
Fahmi bo‘rdoq yetilg‘onman.
E raqib, ul «Tarix»ingta
Sensiz taklif etilg‘onman.
* * *
Mo‘yqalam der mo‘ylovi o‘q:
«Sariq rang — och, qora rang — to‘q.
Shundan faraz qilurmizki,
Bu olamda haqiqat yo‘q!»
* * *
Guruch edim boshoklanib,
Ko‘p ezildim oqshog‘lanib.
Rubob bilan soldim oxir
6 Qoqinchoq, qoqinchaq — oyoq barmog‘i ostidagi yara.
7 Simuliant — bahonachi.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 25
O‘jar qizni mashshokdanib.
* * *
Chimloqda chim chaynab yurdim,
Choydishdek goh qaynab yurdim.
U yomon qiz erga tekkach,
Ko‘nglim tinib, o‘ynab yurdim.
* * *
Shafqating, yor, serob bo‘lsin,
Labing bepul gulob bo‘lsin.
Sevgi qoidasin buzsam,
Bu jonim ishtarop bo‘lsin.
* * *
Kel, oshna, qahringdan uzat,
Yov qo‘psa, jahlingdan uzat.
Ortsa lek johilligim,
Axliqqa8 aqlingdan uzat.
* * *
Qo‘lma-qo‘lsan, sen yasang‘i,
Senga, yorim, men asrang‘i9.
Asqoturman, chiqsa ishdan —
Barcha qalang‘i-qasang‘i.
* * *
O‘y-xayolga itob bo‘ldim,
She’r yozarda shitob bo‘ldim.
Edim balki yomon odam,
Vale mixdek kitob bo‘ldim.
UCHPAXSA
Ko‘p qiynadi yig‘latib…
Oxir meni uxlatib,
Erga tegib ketdi u.
* * *
8 Axliq, oqliq — qatiq qilishda sutga qo‘shiladigan suzma
9 Asrang‘i — ehtiyotda turgan buyum.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 26
Uy yonmoqda beomon,
Sohibi yurar shodon,
Kuymadi deb soqolim.
* * *
Nasha urug‘ yeb oz-moz,
Hujum qildi yosh xo‘roz
Och yottan bir qassobga.
* * *
Silliq o‘tsin deb pora,
Boshliqqa bir bechora
Pul berganmish sovunlab.
* * *
Topildi chit to‘shagim,
Solg‘on ekan eshagim
Sevgilisin ostig‘a.
* * *
Bu dengizning balig‘i
Nega «Sho‘rsuv solig‘i»n
To‘lamasdan yuribdi?
* * *
Bir shilqim der: «Bu tentak
Odam qurib ketgandek,
O‘z xotinin sevarmish».
Egovlashdi asabim,
Men ham egov yasadim…
Arzigudek asab yo‘q.
* * *
Bug‘doy o‘rim — bir bora,
Paxta ketma-ket bola —
Ko‘raverar o‘zbekdek.
* * *
— Qiziq fojia ayt-chi!
— Jondan to‘ygan bir qaychi
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 27
O‘zin qiyolmay xunob…
* * *
Oltiariq tomonda
Yuribdi ko‘k choponda
Sen o‘ldirgan bir yigit.
* * *
Uqdirdim go‘l sichqonga:
— Tushdim dema qopqonga,
Yangi nomi — bojxona.
* * *
Doim dorda o‘ynaydur…
Uni kimlar qiynaydur
Sig‘dirmasdan keng Yerga?!
* * *
She’r — miyaga osh bo‘lar,
To‘dasiga bosh bo‘lar
Kitob yegan kalamush.
IKKIQATLAR
Sharob ichsang yana sherikman,
E hayriyat, demak tirikman.
* * *
Goh chekaman jiddiy aziyat,
Xom she’rimga o‘qib ta’ziya.
* * *
Otingni sot, molingni sot sen
Va sotib ol andak uyot sen.
* * *
Tamaki goh dardim oladur,
Hayotimni saqlab qoladur.
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 28
Norpolvonga qarashli ho‘ go‘r…
Men buguncha Norpolvondan zo‘r!
* * *
Garchi senga yo‘lchiyukdurman,
Unutma, yor, men buyukdurman!
* * *
Labingdagi bu xol kishmishdan,
Qoraygan u turli mish-mishdan.
* * *
Ko‘zing chiroq, biram xumordir,
Keng shlyopang chiroqtumordir.
* * *
Toshqin bo‘lsang, o‘zim qirg‘oqman,
Moshin bo‘lsang, avtoturg‘oqman10.
* * *
O‘lsak bizda o‘lar manmanlik,
Dushmanlarda esa — dushmanlik.
* * *
Har balodan asrayman seni,
Yo‘q qilmasang bas, do‘stim, meni.
* * *
Oyog‘imdan chalaverdilar,
Chalib ortda qolaverdilar.
* * *
U shoirdir, yo‘kdir amali,
Amal asli — shoir ajali.
* * *
10 Avtoturg‘oq — avtomobillar qo‘yiladigan maxsus joy.
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 29
Shu kungacha saqladimki jon,
Demak dunyo emasdir yomon.
* * *
U — nodiru sarsonroq edi,
Bu — shodonu arzonroq edi.
* * *
She’r — Alpomish, g‘azal — Barchinoy,
Biron-birin yomonlama, hoy!
* * *
Kecha o‘lding demagil menga,
Tug‘ilgayman asli indinga.
O‘RTABARMOQ
Tovug‘ingni yedim, hey xo‘roz!
* * *
Iljaymay o‘l, sevdirding meni.
* * *
Bir qop savob oldim bozordan.
* * *
Go‘rdan chikdi sigaret so‘rab.
* * *
Xotiniga sotdi erligin.
* * *
It — sayoq, lek qimor o‘ynamas.
* * *
Ro‘molcha bor, Dezdemona yo‘q.
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 30
Tushlikda uch likob baxt yedim!
* * *
Uylanganmish koptokka tarvuz.
* * *
Zindonda bit? Gunohi nima?
* * *
Ol-e, ana madaniyating!
* * *
Go‘sht yesa-ku qo‘ydan qo‘rqardik.
* * *
Kalda taroq, ko‘rda chiroq bor.
* * *
Sol pashshani! Gap poylayapti!
* * *
Kim tanir? Bu kimning haykali?
* * *
Hind kinosi xotindir unga.
* * *
Go‘ng yeb ko‘rdi havaskor yulg‘ich.
* * *
Saroygami? Qalin shim kiyvol.
* * *
Qiynaysan-da insofli bo‘lsam.
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 31
Navbatga tur… kaltak yeyishga.
* * *
It egasin qopmas, pul qopar.
* * *
Ko‘nglingga ko‘p burningni tiqma.
* * *
Muzey — Gulmat nos tupurgan joy.
* * *
Ho‘, gadoy! Ma… danak chaqib ber!
* * *
Yiqildingmi? Nega chiquvding?
* * *
Qoch! Quyoshni to‘sma, shamchiroq!
* * *
She’r yozmadim… Ana mahorat!
* * *
Do‘st bo‘larmish… tilimni tiysam.
* * *
Yeb bo‘ldingmi? Endi xizmat bor…
* * *
Eng qiziqchi — tobut o‘g‘risi.
* * *
Oshqozonga o‘xshar nigohi.
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 32
Shu sho‘rvaga cho‘kkim kelyapti…
* * *
Do‘stlasholmas Nay va Nog‘ora.
* * *
Bekor ketding. Sog‘inmadim hech.
* * *
Taniyman, g‘irt erxo‘r xotin bu!
* * *
O‘zi sassiq, ovozi shirin.
* * *
Shimim mendan ko‘ra puldorroq.
* * *
Sotib oldim uch kilo kitob!
* * *
Bir o‘pich deb ovqatsiz qoldim.
* * *
Meni tinch qo‘y… Bo‘pti, dahosan…
* * *
Oy buncha tez bo‘g‘oz bo‘gggurar?
* * *
O‘lib qoldi qarsak chalyotib…
* * *
Kaltak yeb-eb, qiziqchi bo‘ldim.
* * *
Anvar Obidjon. Bezgakshamol-2
www.ziyouz.com kutubxonasi 33
O‘z shoirin tanimadi she’r.
* * *
Kema cho‘kdi… Suzmokda kalish…
Xushlashuv
Men o‘qib she’r, sen tekin may ichib turding,
Qochib og‘zing ishtonbog‘i, qichib turding.
Gahi «Qoyil!», gahi «Ha, do‘st!», «Ofarin!» deb,
Har gujum bayt sha’nig‘a qin bichib turding.
She’r — o‘rtada, lek qachon may ilinding sen?
Kulib soxta, yolg‘ondakam kuyunding sen.
Xotindan dod desam birga urib faryod,
Aslida xo‘p ich-ichingdan suyunding sen.
Bevafo do‘st, o‘jar yordan jonim kuydi,
Elu yurt deb tomirlarda qonim kuydi.
Shuki qo‘shg‘on ulushing bu yonishlarg‘a,
«Xon»ingdan11 cho‘g‘ tushib dasturxonim kuydi.
Mayfurushni kuylasam, so‘z dalda qilding,
Sutchi qizdan so‘ylasam, sal zarda qilding.
Oxiri gal kelanda «O‘rtabarmoq»qa,
Xurragingni ilhomimga parda qilding.
Payti yetdi, balki oshna xushlasharmiz,
Hali she’r, may ustida ko‘p qo‘shlasharmiz.
Kitobda she’r, ko‘zada may tugab bitdi,
O‘tirsak gap aynib endi mushtlasharmiz.
11 «Xon» — o‘zbek sigaretlaridan biri.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !