O’TKAN KUNLAR

O’tkan kunlar (III- bo’lim)
Abdulla Qodiriy

Uchinchi bo’lim
Musulmonqul Istibdodiga Xotima
Musulmonqulning aholi ustiga bo’lg’an jabru zulmi haddan tashqari ketdi. Uning istibdodi o’zga shaharlarga uncha sezilmasa ham, ammo markaz — Qo’qon odamlarini juda to’ydirdi. Uning o’z kayficha oyda emas, haftada solib turg’an soliqlari fuqaroning terisini shilsa, arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarini osdirib, kesdirib turishi xosni (xavosni) ham esankiratdi. Otig’ag’ina xon bo’lib o’lturg’uchi Xudoyor ham osdirish, kesdirish va yorlaqash o’z ixtiyorida bo’lg’an Musulmonqul maydondan olinmagan fursatda o’zining qo’g’irchoq sifat yuraberishini tushundi. Ko’bdan beri unga yuragida kek saqlab kelib, ammo ne tariqada najotka chiqishini bilmadi. Chunki ul suyanadirg’an Qo’qon beklarini «mana» deganlari Musulmonqul va kishilari (qipchoqlar) tomonidan osilib kesilganlar, qolg’anlari tovush chiqarishg’a majolsiz edilar. Atrof shahar va qishloq beklari ham aksar qipchoqlardan, ya’ni Musulmonqulning o’z odamlaridan, ulardan bir ish kutish yana mumkin emas.

Shahar xalqining har bir tabaqasi deyarlik Musul-monqul dakkisini eb kelgan, magar ulamo xalqi undan juda rozi, zeroki Musulmonqulning birinchi istinodgohi o’zining qipchoqlari bo’lsa, ikkinchisi ulamolar edi. Ul ulamo orqaliq o’z zulmini mashru’ bir tuska qo’yg’an, o’zi uchun zararlik unsurlarni yo’qotishda shu ulamolardan «ululamirga bog’iyliq» degan fatvoni olishni unutmag’an edi. Ulamoning bu yanglig’ istibdodni «bog’iyliq» rangi bilan bo’yab berishi mukofoti uchun Qo’qon va Andijon kabi shaharlarga ma’lum madrasalarni bino qilg’an va bu madrasalarga xizmati bilan tanilg’an ulamodan mudarrislar ta’yinlag’an edi. Ammo Musulmonqulg’a yaqinlasha olmag’an, ya’ni uning xizmat va marhamatidan chetda qolg’an «nimcha» ulamolar ham yo’q emas edilar.

Aztahidil Musulmonqulning otalig’idan qutilishni va mustaqil ravishda hukmron bo’lishni orzu etkan Xudoyor, nihoyat keyin qayin otasi bilan kurashda o’ziga birinchi istinodgoh qilib shu keyingi sinf ulamoni oldi. Musulmonqul balosidan qutilg’andan so’ng Xudo-yorning ularga qiladirg’an in’om va ehsonlari, beradirgan mansablarining naqddek va’dasi barakasida bu keyingi tabaqa — Qo’qon mullalari harakatka keldilar.

Musulmonqul tarafdori ulamolar uning siyosatini shari’atqa qancha mutobiq ko’rsatib kelgan bo’lsalar, bu keyingilar ham o’shancha xilofi shar’iy ekanligini isbotka kirishdilar.

Boshda bu harakat albatta «eng ichida» bo’ldi va bu harakatning boshida Xudoyorning o’zi turdi. Birinchi galda yashirin ravishda Toshkand, Andijon, Marg’ilon va o’zga shaharlarning ishonchlik ulamo va beklariga Musulmonqul istibdodidan qutulishda ko’mak berish uchun murojaatnomalar yo’llanildi. Bu murojaatnoma-larda Musulmonqulning nomashru’ ishlari, Qo’qon odamlariga qilg’an jabru zulmlari sanalgan, keyingi vaqtlarda xonning o’zi ham bu zulmlar qarshisida chidab tura olmasliq holg’a kelganligi so’zlanilg’an, agarda boshqa shahar ulamo va ashrofidan ko’mak bo’lg’an taqdirda bilfe’l Musulmonqulg’a qarshi ko’tarilishka hozir turilg’anlig’i aytilgan edi. Ikkinchi galda Qo’qon sipohlarining qipchoqdan boshqa qismig’a yashirin ra-vishda, umuman anovilarg’a qarshi tashviqot yurgizilib boshlang’an edi.

Andijon, Marg’ilon, Namangan kabi shaharlardan «xon bu ishni maslahat ko’rsalar, biz yordamga hozirmiz» degan quruq va’dalar kelib, ammo Toshkanddagi Yusufbek hoji to’dasidan amaliy choralarini ham ko’rsatilib yozilg’an javob maktubi oling’an edi.

Maktubda aytilar edi:

«Siz Xo’qand ulamoyi kiromlarining Musulmonqul xunxo’rlig’idan faryodga kelib va shari’ati mustafoni orag’a vosita qilib yozg’an maxfiy xatlarini oldiq. Biz Toshkand ulamo va ashrofidin domla Solihbek oxund, mulla Yusufbek hoji, sarkardalardin Qosim va Niyoz qushbegilar, Karimqul va Muhammadrajab qo’rboshi ham Qambar sharbatdorlar bir orag’a o’lturishib voqi’an Musulmonqulning zulm va taaddasi Xo’qand fuqarosi va ayni zamonda bo’lak shahar va qishloq, kent aholisi ustiga ham bag’oyat oshib borg’anlig’ini muzokara va mukolama qilishdiq. Biz faqirlari ham Musulmonqul harakati behudasini shari’atga xilof, yurt va el uchun muzir, xalo-yiqning osoyish va umr guzaronlig’i vajhiga xalaldir deb bildik.

Bul ma’niga ul tojdor amiralmo’’minin muvofaqat ko’rsatsalar ul beparhez g’osibi taxtu saltanatning haydalmog’i behroqdir va yana Toshkand mardumlari bul to’g’rida haqiqat tomonida sobit qadam bo’lmoqqa til berishurmiz. Basharti siz kiromlar ul beparhez zolimning mingboshiliq vazifasidin tard etishka azdilu jon bel bog’lag’an bo’lsalaringiz, biz faqirlarning aqli qosirimizg’a bir andisha keladir. Andog’ki, Toshkand Xo’qand hukumatidin yuz o’girgan bo’lib xudnafsiga0 mustaqillik e’lon qilsin. Bu taqdirda itoatdin bosh to’lg’ag’an Toshkand ustiga albatta Musulmonqul zolim qo’shin tortar. Ushbu qo’shin orasig’a siz kiromlar o’z odamlaringizni ko’broq kirguzishka ko’shish qilib va yana janobi tojdor ham birga kelsinlar. Qo’shin Toshkandga etkan ba’dida bizlar tashqaridin va sizlar ichkaridin bo’lib Musulmonqulni oradin ko’targaymiz. Bul maslahat faqirlarning aqli qosirlarimizg’a ko’b tafakkurlar ba’dida kelib, yana ra’yi savob o’zlarida bo’lg’ay. Ammo bul taqdirda qon to’kilmasdin muddao husulg’a kelurmu deb o’ylaymiz. Boz maxfiy qol-mag’aykim, Toshkand begi bo’lg’an zot borasida andisha lozim ermas, zero ul odam fuqaroning osoyishi yo’lida jonbozliq qilg’uchi kishidir. Bizlar limaslahatan nima desak, ul bo’yin to’lg’amas. Inshoolloh, bu andishamiz kiromlarga ma’qul tushkan taqdirda janobi tojdorning hamray’larini olmoq va imkoni bo’lsa ul janobning ismi shariflaridin bizlarga pisandnoma yozmoq marjudir.

Toki bizlar ishonch birlan muddaog’a shuru’ qilayliq».

Bu xat Xudoyorning qo’lig’a tekkandan keyin xatda ko’rsatilgan tadbirni juda ma’qul topdi va tezlikda o’z ismidan tashakkur va pisandnoma yo’lladi. Ijobatni olg’andan so’ng yuqorida mazkur Toshkand ashroflari bir majlis qurib o’lturishka Normuhammad qushbegi (Toshkand hokimi)ni ham chaqirdilar. Majlisda xondan va ulamodan oling’an murojaatnomani o’qub Normuhammad qushbegiga eshitdirdilar. Majliska yig’il-g’anlardan Yusufbek hoji va domla Solihbek oxundlar qushbegining pir, deb inobat qilg’an odamlari bo’lg’anlari uchun elning osoyishi va mamlakatning obodlig’i nomiga bu taklifni, ya’ni Qo’qong’a qarshi isyon etkan bo’lib turishni ul o’z bo’ynig’a oldi. Bundan onglashiladirkim, Normuhammad qushbegi ham o’zi- ning valine’mati bo’lg’an Musulmonqulning tutkan siyosatini yurt manfaatiga xilof deb bilibdir.

Uzoqlamay Normuhammad qushbegi Qo’qondan bosh toblab o’z oldig’a mustaqil hukumat e’lon qilg’an bo’ldi va Yusufbek hojilarning o’ylag’an tadbirlari ayni kutkan natijalarni bera boshladi. Itoatdan bosh tortqan Toshkandga qarshi Musulmonqulning tepa sochi tik turib, adab berish niyatida safar jabdug’ini tuzdi. Toshkandga qarshi ayniqsa g’azablangan bo’lib ko’rin- guchi Xudoyor ham bu safarning tadorikini barobar ko’rishdi va Musulmonqul bilan birlikda Toshkand ustiga chiqdilar. Yo’l ustida ham Toshkand bilan yashirincha so’z olishib, xatti- harakat chizishib turishdilar.

Musulmonqul ilg’ori Chirchiq bo’yiga kelib etkanda, qushbegi boshluq Toshkand yigitlari ham suvning berigi yuzida yov kutib turg’an edilar. Tush chog’ida ikki yov bir-birlarig’a qarshi kelishdilar. Qo’qonliqlar dam bermayino Toshkand qo’shuni miltiqlarg’a o’t berdi.

Musulmonqul kutmagan joyda qo’shunidan bir durkumi o’z ustiga hujum boshlab va bir firqasi Toshkand yigitlari tomoniga qochib o’tdi. Musulmonqulning o’z yigitlari (qipchoqlar) sarosimalikda qolib, Musulmonqulning mudofaasini-da va qochishni-da bilmay qoldilar. O’z ustiga chug’irchiqdek yopirilib kelmakda bo’lg’an qo’qonliq va toshkandliklarga qarshi o’zida kuch yo’qlig’ini bilgan Musulmonqul bir ot va bir qamchi arang qo’shundan chiqib qochdi va bir qancha yo’lg’acha quvlandi. Boshluq orqasidan qochmoqchi bo’lg’an qipchoq yigitlariga munodi nido qildi:
— Qipchoq og’aynilar! Bizning hamma adovatimiz Musulmonqulg’a edi! Siz og’aynilar ilgari xon yonida qandog’ xizmatda bo’lg’an bo’lsalaringiz, endi ham o’sha vazifada qolaberasizlar va lekin Musulmonqulg’a tarafdorlaringiz bo’lsa, tinchlikcha qo’shindan chiqib ketsin! Qipchoq yigitlari ham bir erga uyushib, o’z taraflari-dan munodi qo’ydilar.
— Biz Musulmonqulni tanimaymiz! Bizning boshlug’imiz Xudoyorxondir! Shundan so’ng qipchoq va o’zbek birga aralashib ketdi, go’yo hamma adovat Musulmonqul bilan birga ketkandek bo’lib, ikki xalq bir-biri bilan ko’rishdi. O’n minglab xalq yangidan Xudoyorg’a itoat izhor etib, chin xonlik bilan uni muborakbod qilishdilar. Toshkand xalqi izzat-ikrom ostida xonni va Qo’qon sipohini shaharga tushurib, o’rdada uch kun ziyofat berdilar. Ziyofat asno-sida ittifoqning foydalari, tarqoqliqning zararlari so’zlanildi. Qushbegi va Yusufbek hojilarning taklifi bilan Musulmonqul o’rniga O’ttaboy qushbegi (Marg’i-lon hokimi) mingboshi belgulanib, to’rtinchi kun Xudoyorxon qo’shuni bilan Qo’qong’a qaytdi.
* * *

Qish chiqar oldi. Musulmonqul voqi’asidan yigirma kunlar chamasi keyin edi. Muhammad Rajab qo’rboshining uyidan ikki-uch qaytalab kishi kelabergandan keyin, Yusufbek hoji ilojsiz qolib borishg’a majbur bo’ldi.

Yig’inda Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul ponsadlardan tor-tib Toshkandning etuklik ashrof va a’yonidan o’n beshlab odam bor edi.

Mehmonlar uchun meva-cheva, quyuq-suyuq tortildi. Ziyofat to’kun edi. Yemak asnosida Niyoz qushbegi so’zlab yig’inning maqsadi bilan ahli majlisni tanishdira bordi:
— Og’alar, inilar! Bilindiki, og’aynilar bir tan, bir jon bo’lsalar qipchoq kasofatidan qutilish uncha qiyin tushmas ekan. Mundan bir oy ilgari biz qanday holda edik?

Musulmonqulning omonsiz qilichi og’aynining bo’g’zida edi. Xudo hoji akamizning umrini uzun qilib, bola-chaqasining egaligini ko’rsatsinki, avvalo uning aqllik tadbiri, undan keyin og’aynining bir yoqadan bosh chiqarishi soyasida Musulmonqul balosidan engilgina qutildik.

Ammo bu qutilishni chin qutilish deb bo’lmaydi. Nega desalaringiz, oq it bo’lmasa, qora it tovoq-qoshiqqa tegmakda. Hali biz sahroyi qipchoq elidan uzil-kesil qutilg’animiz yo’q. Anovi Musulmonqul bo’lmasa, boshqa Alimqulning bosh ko’tarishi aniq, — dedi qushbegi va dasturxondan cho’qinib davom etdi. — Normuhammadning ra’yini deb, hamma ixtiyor o’z qo’limizda bo’lgani holda, O’tabboyni mingboshi belgulab yuborduq… Bu ham o’zimizning eng katta xatolarimizdin. Men o’sha kundan beri o’z-o’zimdan bo’g’ilib yuriyman: Musulmonqulning iti bo’lmasa, o’zimizdan mingboshi bo’larliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yo’q, og’alar, temirni qizig’ida suqib qolish kerak! Qachong’acha biz bu sahroyi itlar bilan sanu manga borishib yuramiz? Yaxshisi shulki, bu bosh og’rig’larni bir varakay oradan ko’tarib tinchishaylik. Biz shu erdagi og’aynilar bilan kengashib bir gapka to’xtab qo’ydiq. Ammo bu maslahatning hoji akamizga ham ma’qul tushmog’ida shubha qilmaymiz. Bu o’yimizga xon ham bir narsa demasa kerak. Qo’qon, Marg’ilon, Andijon, O’sh va boshqa erlarning og’aynilari ham bu gapdan bosh to’lg’amaslar. Nega desangiz, qipchoq degan iflos barchani ham jonidan to’ydirdi, — dedi va nosqovog’ini qoqa-qoqa bir otimini tilining tegiga tashladi.

Yusufbek hoji haligi gap so’zlang’anda qo’lidag’i piyo-lasini chayqatib og’ir bir holat kechirgan va chuqur bir sukutka ketkan edi. Boshqalar bo’lsa Niyoz qushbegi-ning so’zidan keyin bir ko’zdan deyarlik hojining yuziga ti-kilgan edilar. Hoji miq etmay o’ltura bergach, Qambar sharbatdor o’zining xipcha tovshi bilan qushbegining gapini kuchlab tushdi:
— So’zingiz juda to’g’ri, qushbegi, — dedi, — siz aytkandek, bizga ikki yo’l bor: qipchoqni qirib yo’yish va yoki butunlay qipchoq qo’lida qolib ketish.

Yusufbek hoji ko’tarilib Qambar sharbatdorga qaradi va majlisni er ostidan kuzatib chiqib, yana jim qoldi.

Karimqulponsad hojini turtmak maqsadida:
— Kengashlik ish tarqamas, deganlar. Hoji akamiz o’ylashib javob bersinlar-chi, axir, — deb qo’ydi.
— Bilmadim… — dedi nihoyat hoji, — sizlarning muddaonglarga tushunmadimmi yoki tushunsam ham o’zimga yotishib kelmadimi, hayronman.

Niyoz qushbegi boshini qashib oldi:
— Nimasiga hayronsiz, hoji!
— Maqsadlaringiz Qambarbekning aytkanidek qipchoqni kesishmi?

Qushbegi ikkilanmay javob berdi:
— Kesish!
— Sizlarni, — deb istehzolanib kuldi hoji, — bu ishka nima va kim majbur qiladur?

Qushbegi yoronlarig’a qarab oldi:
— Savolingiz qiziq, — dedi, — sababi bizlardan ham ko’ra sizga ma’lum bo’lsa kerak-ku.
— Durust aytasiz, — dedi hoji boshidagi sallasini olib, — Musulmonqulni haydamoqqa majbur bo’lg’an edik — haydadiq. Barcha yomonliq o’shaning boshi bilan birga ketkandek qipchoq og’aynilar ila totuklashdik, qipchoqlarning eski adovatlari bitdi… Bas, bizga tag’in nima kerak?

Hojining bu gapi majlisni bir-birisiga alanglatib qo’ydi. Ammo qushbegi sirni boy bermas uchun tirishkandek qilib kuldi:
— Musulmonqul endi tinch yotar, deb o’ylaysizmi?
— Albatta, o’ylamayman, lekin Musulmonqulni tin-chimaydir deb ho’lu quruq qipchoqqa tig’ tortish hech bir aqlg’a sig’adirg’an gap emas. O’zingiz qushbegi ay-ting-chi, biz bu kungacha yomonliqni kimdan ko’rdik? Qipchoq otlig’ xalqdanmi yoki uning sanog’liq bo’lg’an bir necha kishilaridanmi?
— Nafsilamrni aytkanda, biz qipchoq deganning har birisidan ham dakki eb kelamiz.
— So’ngizda yanglishliq bor, qushbegi! Agar siz naf-silamrga qarasangiz ikki xalqni bir- birisiga sovuq ko’rsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor… Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular to’g’risida o’ylash kerak. Nainki, to’rtta muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish!
— Siz aytkandek, yomon to’rttagina emas, hoji! Sahrodan kelgan har bir qipchoq bizning elkamizga minmakchi. Bizning tovog’imizga tumshug’ini tiqmoq-chi— bunga qolganda ishni bir oz engil o’ylab turibsiz, hoji aka! Qosim mingboshi:
— Hoji akamning hamma gaplari faqat rahmdillikdan aytiladir, — dedi, — ammo o’ylash kerakki, qipchoq bu kungacha ozg’ina og’aynining qonini to’kdimi? Anovi kun Marajabbek bilan hisoblashib ko’rsak, Qo’qonning o’zidan ikki yilning ichida etmish sakkiz bek o’ldirilibdir.

Hali bu hisobka fuqarodan o’ldirilgan bechoralar kirmaydir.
— Men bu haqiqatlardan tonib turg’anim yo’q, mingboshi. Ammo biz senga sen, deb javob bermasak, bizniki aql va insof doirasidan chiqmasa deyman…

Oradan birav hojining so’zini bo’ldi:
— Aql, insof bilan ish qila-qila endi juda to’ydik.

Hoji sukut qildi, o’zining shunchalik gaplarini havog’a ketib turg’anini, majlisning Niyoz qushbegi ruhida borganlig’ini yaxshi sezdi. Mundan boshqa Niyoz qushbegining bunday bir fikrga kelishi uchun uni nima majbur qilg’an — buni ham ochiq ongladi. Niyoz qushbegining barcha kinasi O’tabboyning mingboshi belgulangan kunidan boshlang’anini, «men turg’an erda, qipchoq mingboshi bo’lsinmi!» degan kek orasida bu fikr faqat uning tomonidan maydonga chiqarilg’anlig’i Yusufbek hojining mulohazasidan o’tdi. Majlisning boshqa a’zolarig’a bo’lsa, ish yo’g’idan yumish chiqa-rishqa talabgor bekorchilar, deb qaradi.

Albatta, el foydasidan ko’ra o’z manfaatini olding’a surg’uchi bu cho’talchi beklarga qarshi hojining sovuqqonliq saqlay olishi va asabiylashmasligi mumkin emasdi.
— Beklar, — dedi, — manim hamma mulohazam yurt, el manfaati nuqtasidan turib aytiladir. Men hech bir vaqt inkor qilaolmaymankim, yolg’iz o’z g’arazi yo’lida ish qilg’uchi palid kishilar qipchoqlar orasida bor bo’lg’anidek, bizda ham yo’q emas… Balki anovilarda o’nlab bo’lsa, bizda yuzlab bor. O’zi bizning ko’zimizga itdek sovuq ko’ringan qipchoq bachcha Normuham-madning el uchun qilib turg’an to’g’ri xizmatini men o’z umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba ko’raman. Buni siz, yaxshilar ham inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yo’lida ish ko’rguchi boshliqlarida va qipchoqlar o’ylag’andek gunoh qora choponlilarda bo’lmay, balki uning uch-to’rt ma’nisiz beklarida!.. Burodarlar! O’rus o’z ichimizdan chiqadirg’an fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo’r to’kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovg’a beradirgan kuchimizni o’z qo’limiz bilan o’ldirsak, sen falon deb qirilishsaq holimiz nima bo’ladir. Bu to’g’rida ham fikr qilg’uchimiz bormi? Kunimizning kofir qo’lig’a qolishi to’g’risida ham o’ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko’rib qo’yg’anmizmi?! Hoji o’zini tutolmay ko’z yoshisini oq soqolig’a quyib davom etti:
— Mana, burodarlar! Siz o’z qipchog’ingiz uchun qabr qazig’an fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko’targanda, o’rus bizga to’p o’qlaydir. Siz dunyoda o’zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko’rsangiz, men boshqa yovni har zamon o’z yaqinimg’a etkan ko’raman! — dedi va ro’ymoli bilan ko’z yoshisini artib o’rnidan turdi. — Agarda dunyodan o’tayozg’an bir keksangizning maslahatiga quloq bersalaringiz bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni o’ldig’a chiqarib, bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz! — dedi va majlisning o’lturing, to’xtang so’ziga quloq solmay, o’lturishni tashlab chiqdi.

Hoji darbozadan chiqmag’an ham edi, Niyoz qushbegi xaxolab kulib yubordi:
— Voy vahmang qurg’ir, hoji! Bu kun ko’knori ichkan ekan, shekillik! — dedi.

Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-g’ovir boshlandi.
— Yo’q, — dedi Qambar sharbatdor, — hoji akaning yoshi qaytib, ko’ngli juda ham bo’shashib ketibdir!
— Voy xo’vari hoji, — dedi Niyoz qushbegi, — oldidag’i ovni ko’rmay, uzoqdagi yovni ko’radir!
— Xudda-xudda! Muhammad Rajab qo’rboshi boshini chayqab Niyoz qushbegiga qaradi:
— Men sizga aytib edim-a, qushbegi, — dedi, — hojini har narsaga ko’ndirsangiz ham bu gapka ko’ndi-rolmassiz, deb.
— Men uni kela bermay ovora qilg’anidan ham payqag’an edim.
— Kecha bir oz xomsigan edi, — dedi Karimqul ponsad.
— Ish buzildi-da, — deb qo’ydi Muhammad Rajab qo’rboshi.
— Nega buziladir? — deb so’radi qushbegi.
— Sirrimiz ochildi, albatta hoji tinch yotmaydir.
— Sirrimiz hali ochilg’an emas, — dedi ishonch bilan qushbegi, — agar biz shu o’lturgan og’aynilar boyag’i gapda sobit qolsaq, sirrimizni yana yashirib ketish mumkin.
— Masalan? — deb so’radi Qambar sharbatdor.
— O’sha so’zimiz — so’z, ittifoqimiz — ittifoqmi?

Majlis tasdiq ishorasini berib:
— Albatta-albatta! — deyishdi.
— So’z bitta bo’ladirgan bo’lsa, — dedi qushbegi, — hojining ishi juda oson, biz hozir so’zni bir joyga etkuzamiz-da, birimiz hojining oldig’a borib, masla-hatingizni muvofiq ko’rdik, biz yanglishqan ekanmiz, deymiz. Albatta, hoji ishonadir-da, hech kimga so’zlamay qo’yadir. Biz bo’lsak, eng ichida hozirlik ko’ra beramiz, ana xolos.
— Ma’qul gap, to’g’ri maslahat!
— Ma’qullikka ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo gap bu erdaki, biz aniq ishka bel bog’laymizmi?
— Bog’laymiz, bog’laymiz!
— Barakalla, — dedi qushbegi, — ma’lum bo’la-dirki, hammamiz ham yakdil ekanmiz, endi boshqa gapka o’tsaq ham bo’ladir.
— Xonni ko’ndirib bo’larmikin? — deb so’radi Qosim mingboshi.

Qushbegi kuldi:
— Xon ko’ngan hisob, — dedi.

Bu gap majliska uncha onglashilmadi shekillik, ajablanib bir-birlariga qarashdilar.
— Izoh, qushbegi, izoh! Qushbegi izoh berdi:
— Men xonni Toshkanddan jo’natish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir daraja arz qilib o’tkan edim, — dedi, — bu fikrim xonga juda ma’qul tushkan bo’lsa kerak, so’zimni e’tibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. O’ylashib, tadbirlari bilan menga fikringizni yozing, men ham o’ylab ko’rarman», dedi. Menga qolsa bu to’g’rida bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning o’naqayini topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan.
— Xon tayyor ekan bo’lmasa, — dedi kulimsirab Qambar sharbatdor.
— Tayyor ekan, tayyor ekan! Shundan keyin ishning o’naqayi to’g’risida muzokara va mubohasa boshlandi. Har kim bir turlik fikr bayon qilib, uzoq bosh og’ritdilar va natijada xonga quyidagi noma yozildi:

«Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon, toji sari xushbaxton huzuri humoyun oliylariga arzi ubudiyat adosidan so’ngra biz faqirul-haqir sadoqatpeshai benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim, navkarlari doimulavqot ul janobga qipchoq xaloyiqi beparxezidin birar osibi etarmu deb harosidadirmiz. Va yana ul haromzoda sahroyilarning ro’yi zamindin taroshlamay turib, ul janobi oliyning ta’mini amniyatlari ham biz qullaricha ko’b xavfu xatar ostida bo’lg’andek taxmin qilinadir. Shul mulohaza va andishalar ba’dida biz Toshkand qullaridin bir nechalarimiz bir erga jam’ bo’lishib, duru- daroz tafakkur va tahayyurlar so’ngg’ida azbaroyi ul shahanshohning ko’b zamonlar boshimiz soyabon bo’lmoqlari umidida bar taqdir ul tojdorning xotiri otir daryo muqotirlariga pisand tushib ijobat og’oz qilsalar, bir ma’nini xo’b va sadoqat maqosidig’a mahbub deb bildik. Andog’ki, ul xaloyiqi g’assoblarni o’n besh sinni solidin bolig’ va etmish yoshidin quyi har bir erkak zotini bilotarahhum qatli om qullaricha sazovordir va illo ul murtaddin badtar jobir0 va bexiradlardin janobi tojdorg’a xarro’z balki har soat xavf bordir. Ammo bul taqrirni o’shal muayyan qatli om soati etmag’uncha har bir bexirat va bog’iy bo’lmog’i yaqin majhul odamlardin po’shida tutilmog’i marjudir. Va lekin ul tojdor bir soati sa’idi muzaffarni muayyan aylab qalamravlaridagi barcha shahar va ko’ylar, qishloq va kentlarning sadoqati zohir va qalbi tohir qullarig’a maxfiy nomalar ko’ndirib, sakbachchalarning qatli omig’a amri oliylarini darig’ tutmag’aylar. Ammo Xo’qandi firdavs monandning o’zida ul shaqovatpeshalar behad va behisob nufuska molik bo’lg’anlari vajhidin biz Toshkand navkarlarining i’onati beshakku shubha vojibdur. Siz shahanshohi, o’shal soati muzaffarni ta’yin aylab, biz qullarig’a xabar yuborsalar, bunda lozim bo’lg’an odamimizni qoldirib va yana har qayusimizg’a tegishlik bir yuz, ikki yuz va besh yuz yigitimizni olib, xaloyiq ko’zida go’yo janobi tojdorning Musulmonqul falokatidin ozodliqg’a chiqib mustaqil sohibi toj bo’lg’anlarini muborakbod qilmoq uchun yurgan bo’lib, i’onatlariga etarmiz va darbozadin kirishimiz on faj’atan ul galai saklarga0 hujum boshlab, qatli omga qilich tortarmiz. Va yana maxfiy qolmag’aykim, Toshkandning alhol beklik mansabida o’lturg’uchi qipchoq Normuhammad borasida qandog’ farmon ber-g’aylar, bul ma’nida ham ishoratini darig’ tutmasalar qullarini andishadan ozod qilg’an bo’lg’aylar. Ushbu boloda mazkur mahzi samarayi sadoqat aqli qosirlari-miz xusuli natijasini biz qullarig’a ushbu nomani qosidi qo’lidin savob va xato, rad va ijobat, pisand va nopisand javobini irso qilsalar va yana o’z fikri bosavoblarini izofa qilib, qusur va xatolarimizni tanbeh etsalar, biz navkari bejavhar va bosadoqati befarosatlarni dunyo-dunyo shodu xurram qilib, ul soyaboni marhamat va mehriboni boshafqatning xizmatlariga kamari xizmatni berk bog’latqan bo’lur edilar, huval-lohul- musta’in.

Sadoqatingiz majlisiga jam’ bo’lg’uchi navkarlaringiz (imzolar)”.

Bu noma ertasi kun xonga yuboriladirg’an bo’lib, bunga maxsus kishi belgulandi. Majlisning qo’rqunchi Yusufbek hojidan bo’lg’an uchun unga soxta qarorni eshitdirmak to’g’risig’a Muhammad Niyoz qushbegining o’zi bevosita majlisdan chiqib ketdi. Shuning ila bu majlis tarqaldi.
Qorong’i Kunlariga Xotima
Otabek Marg’ilondan qaytib kelgandan keyin o’n kunlar o’tkazib usta Alimdan bir xat olg’an edi. Usta Alim xatida qutidorg’a uchrashqanini hamma mayda-chuydalarigacha yozib kelib aytar edi: «Siz xiyonatni payqag’uncha qayin otangizg’a qandog’ kina saqlab kelgan bo’lsangiz, ul ham sizga o’shandog’ kinalik ekan. Meni va oilamni tahqir etdi deb, bu haqoratni umr bo’yi unuta olmasligini tushunib, o’t ichida yurar ekan. Mendan haqiqati holni onglab juda shoshib qoldi, hatto hushi boshidan uchdi. Ichkaridan aniq ma’lumot bera olmasam ham, ammo ularning ham qayin otangiz holig’a tushkanlarini mulohaza qildim. Qayin otangiz sizning o’tkan holingizning og’irligini tasavvur qilolmag’anidek, dushmanlaringizga bergan javobingizni taqdir etish uchun ham so’z topolmas edi. Har holda orangizdag’i kinaning dushmaningiz bilan birga supirilg’aniga shubha yo’q”.

Maktubning yana bir o’rnida: «Sizning qaerda bo’lg’anlig’ingizni so’rag’an edi, men bilganimni aytdim. Kelarmikin degan edi, bunga ham o’zingizning o’shal muhmal javobingizni berdim. Fikrimcha, qishda bo’lmag’anda ham, ko’klamga chiqib o’zlari Toshkand tusharlar, deb o’ylayman”.

Xatning oxirida: «Sizdan bir kun so’ng Homid o’ldi. Haytovur bir og’iz so’zsiz to’ng’iz qo’pibdi. Men o’lar chog’ida ham sizga bir tuhmat to’qirmi, deb qo’rqqan edim. Qutidorg’a hech bir jarima ortmabdirlar. Maqtul-larning egalari hech kimni tutib ko’rsatolmag’anlari uchun mahkamalar ham ishni tekshirmay qo’ydilar. O’ylashimcha, hech kim bilmaganda ham, sirni o’lgan Sodiqning onasi bilsa kerak edi. Ammo uning ham dami ichida, so’rag’anlarg’a xudodan ko’rdim, deb javob berar emish. Bul xotinning qo’lidan har bir ish keladir deb o’ylab, o’tkan kun qayin otangizg’a aytdim: begona xotinni uyingizga yo’latmasinlar va chetdan kelgan taomni emasinlar deb. Har holda yomondan xazar lozimdir”, deb yozar edi.

Bu xatdan keyin Marg’ilondan tiq etkan xabar bo’lmadi va oradan ikki oylab fursat o’tib ketdi. Shuning uchun Otabekning kunlari quyosh botib chiqg’an sayin bir onglashilmovchiliqg’a, qorong’uliqg’a kira borib, har soat achchig’ va yo chuchuklig’i noma’lum bir hol kechirib boshladi.

Ba’zi kezlarda ul umid quchog’ida shoshib qolar edi va ikkinchi vaqtda yaramas — qora xayollar bilan entikar edi.

Umidlangan kezlarda:
— Oy tuynukdan tubanroqda, bu kun bo’lmasa erta— chimmati qo’lida, paranjisi ustida, sarig’mi, qorami atlas ko’ynagi egnida darbozadan kirib kelgandek va o’pkalangandek…

Ikkinchi bir vaqtda kimningdir quyidagi gapini eshitar edi:
— Ul o’zining dushmanlarini o’ldirish uchungina Marg’ilong’a qatnab yurg’an ekan, hisobini tugatdi-da, bedarak ketdi, qoldi. Tuzukroq joyi chiqsa berib qolayliq Kumushni… umri ham o’tib boradir.

Ana shu qora xayol uni chindan yonib turg’an bir o’t ichiga tashlar va shu choq o’zini muvoxazaga boshlar edi: «Men nega ikki yil sarson bo’lib yurdim-da, bu sarsonlig’ning natijasiga borib chiqg’anda shunday ahmoq-liqqa tushdim?” der va Marg’ilon yo’lini ko’zlar edi. Ammo endi unga Marg’ilon borish o’naqayi sira kelmas: «Men nega keldim-da, endi nega boraman va nima deb boraman? Qizingizni Toshkand olib tusharsiz deb ketkan edim… Siz olib tusha bermaganigizdan keyin o’zim qaytib keldim deyaymi?” Otabek mana shunday chuchmal azoblar ichida keyingi kunlarini kechira boshladi.

Oy to’lmasdan Marg’ilon qatnab turg’uchi o’g’lini endi uch oylab qo’zg’almay qolishi uchun O’zbek oyim eskicha yana quvonib ketdi. «Keyingi qildirg’an issig’-sovug’im kor qildi shekillik, birato’lasig’a Marg’ilonni tiliga olmayoq qo’ydi. Endi xotinig’a isib, mehmonxo-nada yotishni ham barham bersa… har nuchukda duodan qolmayliq”, deb Zaynabni domlanikiga qistar edi.

Otabek keyingi vaqtlarda savdoga yurishni tark qilib qo’yg’ani uchun Hasanali ishsiz qolg’an, uzun kun uyda bekor zerikkanlikdan hojiga aytib bir muncha dastmoya bilan guzardan baqqolliq do’kon ochgan edi. Otabek ko’pincha mehmonxonasidagi kutubxonadan uni-buni o’qub o’lturar, o’qushdan zerikkan kezlarida Hasan-alining do’koniga chiqar va guzardan ham zerikkandan keyin boshi og’qan yoqlarg’a, Salor bo’ylarig’acha ketar va gohi Chuqur qishloq tomonlarig’a ham tushar edi. Ammo tushkani bilan burung’icha ichmas, ikki-uch, ortib ketkanda to’rt oyoq ila kifoyalanar, ko’z o’nglari oz-oz jimirlashkan, turlik xayollari bir muncha tarqalg’an holda qaytar va lekin Hasanali ham uning bu kayfini juda siyrak seza olur edi.

O’tkan kun Chuqur qishloqqa tushkan edi. Asr vaqtlarida qaytib guzarga keldi-da, xayolat bilan Hasanali do’koniga o’lturdi. Otliq, yayov o’tkinchilar to’rt tomong’a qatnab turardilar, uning bu kungi kayfi o’tacharoq ketkan bo’lsa kerak, ularni g’ira-shira ko’zga ilgandek qaraydir.

Hasanali bir-ikki uni kuzatkandan keyin so’radi:
— Marg’ilong’a nega ketmay yuribsiz?

Bu savoldan uning kayfi tarqalg’andek bo’lib, ko’zlari moshdek ochildi.
— Havsala yo’q…
— Qayin otangiz ko’nsa, ko’chingizni olib kelsangiz ham ma’qul edi qatnab yurg’andan…
— Qaydam…

Ilgari shunday savol chog’larida o’zining yolg’on javoblaridan juda xafalanar, Hasanaliga o’tkan gaplarni birin-birin aytib bergusi va «manim uylanishimga sen sabab bo’lg’an eding, endi uni mendan ajratdilar”, deb undan o’z dardiga davo istagusi kelar edi. Hozir o’zidan xafalik, o’ng’aysizliq sezmagan bo’lsa ham boshig’a «o’zim borolmasam-da, Hasanalini yuborishim va kezini topib o’tkan gaplarni otag’a hikoya qilishim kerak edi”, degan fikr keldi. Bora-bora bu fikr uning boshig’a jiddiy o’rinlashib oldi, shu to’g’rida chinlab o’ylab ketib kayfi ham tarqalayozdi. Do’konni yopib, Hasanali bilan birga ketdi — yo’lda, mehmonxonada birga o’lturib osh edi, dasturxon ustida uning o’ylag’ani faqat shu bo’lib qoldi.

Biroq bu fikr qaror tusiga kirib keta olmadi, daqiqa sayin tarqalib borg’an kayfidek turlik mone’larg’a uchray boshladi:
— Hali Marg’ilonda ishlar qalayikin? Ular yana aynab qolmag’anmikinlar? Marg’ilondan bir narsa pay-qamay turib, kishini ovora qilishg’a arzirmikin?..

Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, er yuziga kulib qaradi. Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turlik erlarga jon suvi sepish ila charchag’an bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq chumchuqlar chirqillashib, musichalar kukulashdilar. Anovi ar-ar te-rakka uya qo’yishg’a o’ylag’an bir juft karruklar ham vijir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini eshitib, dalaga oshiqg’an onasig’a ergashib qashqa buzoq ham mag’rab yubordi. Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar ham bo’qog’ini chiqarib raqibining tevaragida yag’rin bera boshladi… Qisqasi bu kun uyg’onishdanoq butun koinotning yaxshi tush ko’rib turg’anlig’i sezilar edi.

Bahorning bu kungi sihirlik kuni Otabekni ham qitiqladi. Choyini naridan-beri tugatib, Hasanali ketidan guzarga chiqdi. Ul guzarga chiqg’anda Hasanalining qo’shnisi bo’lg’an Ali erinibkina do’kon taxtasini tushirmakda edi. Otabekni ko’rish bilan do’kon ochishni to’xtatdi:
— Bu kun bo’shmisiz, bek aka?
— Bo’shman.
— Bo’sh bo’lsangiz, Ming o’rukka — qimizga borar edik, — dedi Ali. — To’la qozoq biyalarini yayloqqa solibdir.
— Do’koningiz-chi?

Ali tushirgan taxtasini qaytadan joyig’a qo’yaberdi:
— Dunyoning ishi bitar emishmi, bek aka. Xo’b desangiz, do’konni yopaman.

Otabek yarqirab chiqib kelgan quyoshg’a qaradi:
— Yoping bo’lmasa, — dedi.

Otabek Hasanalining do’koni vositasida Ali bilan yaqinda tanishqan edi. Ul ichi kirsiz, serkulki, ochiq-qina bir yigit bo’lub, bek bilan go’yo ko’b yillardan beri bo’lg’an tanishlarcha muomala qilar edi.

Bekga bu tasodif juda qulay keldi. Chunki uydan chiqishdanoq uning qasdi bu kunni dalada o’tkizmak edi. Et oldilar-da, yayovlashib Ming o’rukka ketdilar.

«Ming o’ruk» mavzi’i otidan ham ma’lum, bunda ming chog’liq o’ruk daraxti o’sqan uchun bo’lib, Shiblining suvidan boshlab to Salor arig’ig’acha qator-qator o’ruklar edi. Salorning narigi yog’i biydek qir, endigina ko’m-ko’k o’t gilami unib chiqg’an edi. Ming o’rukning etagi bo’lg’an Salor bo’yicha uch-to’rtta qozoq o’tovlari tikilgan edilar. Ikkisi Salor bo’yig’a etib, To’la qozoqning kelinchagiga etni sho’rva qilish uchun berdilar.

Ali o’tovdan kiygiz olib, Salor bo’yiga yozdi. Kelinchak yostiq, ko’rpacha tashlab berdi, Otabek hordiq chiqarib yaslandi.

Quyosh ozorsizg’ina qizdirar edi. Yengilgina eskan shamol dimog’qa turlik o’lan islarini kelturib urar edi. Bir necha qaldirg’och Salorning oqishi bo’ylab uchar va uchkan ko’yi «valfajri» o’qur edilar. Poyonsiz qirning yuqori-quyi o’rinlari yakrang ko’kat va ko’z ilg’amaydirg’an uzoqliqlari tumanlangansumon ko’rinish berar edilar. Qushlar, qurtlar sayrashi tabiiy bir soz xizmatini o’tab kishiga ifodasi qiyin bo’lg’an bir sezgi solar edilar.

Otabek tabi’atning shu ko’rkam va latif ko’rinishiga maftun bo’lib, bir oz yotqandan keyin «ul ham bo’lsa edi”, deb o’yladi va uzoq tin olib qo’ydi.

Bu kunning ko’rkamligidan olg’an taassurotini Ali ichiga sig’dirolmadi:
— Zap yaxshi kunmi! — dedi.

Otabek ham shu go’zallikni o’ziga tatitmay turg’an dardidan shikoyatlandi:
— Shunday kunlarda kam-ko’sting bo’lmasa…
— Sizning ham kam-ko’stingiz bormi? — deb Ali kulimsiradi.
— Yo’q, deb o’ylaysizmi?
— Hammada bo’lg’anda ham, sizda yo’q deb bilaman.
— Masalan?
— Masalanmi, — dedi kulib Ali, — sizning bilan otangizning obro’si qushbegida ham yo’q, davlat to’g’ri-sida bo’lsa, ochiqarlik erda emassiz… Ikkita to’tidek xotiningiz bek akam uchun sochini tarab o’lturadir… tag’in qanaqa kamu ko’st?

Kishining baxtini yuzakigina ko’rib hukm qilg’uchi Ali unga qiziq ko’rindi va kulib:
— To’g’ri aytdingiz! — dedi.
— Shukur qilish kerak, bek aka, — dedi Ali va o’zi-ning baxtsizligidan, topqanini ro’zg’ordan ortdirolmay, shu kungacha uylanalmay kelishidan hasrat qilib ketdi. Otabek uning hasratini diqqat bilan eshitdi, hayotning zarbasi har kimning o’z darajasiga qarab va lekin istisnosiz bo’lg’anlig’ini tushundi.
— Dunyoning ishi shunaqa ekan, mulla Ali, — deb uni yupatib qo’ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt jim qoldilar.
— Marg’ilonliq xotiningizdan bolangiz bordir?
— Yo’q…
— Bo’lsa ham turmadimi, uylanganingizga ancha yil bo’lg’an shekillik?
— Turmadi.

Ali Otabekning kami ko’stini shu bolasizliqdan deb o’ylag’an edi:
— Bolasizliq uchun xafa bo’lish kerak emas, hali yoshsiz, bek aka! Otabek javob bermadi. Korsonda qimiz keldi. Bek bir-ikki zarangni ichkandan keyin, yamlanib ko’kka qarab yotib oldi. Ali bor tovshini qo’yib ashula qildi:

Ko’zlarim yo’l ustida, kelmadi yor, Ushbu keng dunyo ko’zimga bo’ldi tor.

Qay qaroqchi oldi yorimning yo’lin, Mundagi baxtsiz yigit yo’l uzra zor…
— Qo’shilishmaysizmi, bek aka?
— O’zingiz yaxshi aytasiz, to’xtamang! Ali borliq ovozi ila hamma hunarini ishlatib, g’azal tugalguncha ashulani aytib bordi.
— Tuzikmi, bek aka?
— Yaxshi ashulachi ekansiz!
— Undog’ bo’lsa ustidan buni ichib yuboring, — dedi kulib, bir zarang qimiz uzatdi. Bek qimizni bir simirishda bo’shatdi-da, entikib uzoq qirg’a qaradi, uzoq qarab turdi-da, yuqoridag’i baytni o’qub og’iz ichidan ming’illadi.

Ko’zlarim yo’l ustida, kelmadi yor, Qay qaroqchi to’sdi yorimning yo’lin…
— Qo’qong’a ketkan sipohlardan darak eshitdingizmi, bek aka?

Otabekning xayoli bo’linib, Aliga qaradi:
— Eshitmadim.
— Manim akam ham ketkan edi… Oy borib, omon kelishsunlar-da!
— Akangiz yigitmidi?
— Yo’q, mergan edi. Qo’qon ketayotgan o’rtoqlarig’a qiziqib, borma deganga ko’nmadi. Urush ehtimoli yo’q-mi, shunchaki fotiha uchun ketishkandirlar-a?
— Kim bilsin, — dedi bek va bir oz o’ylab qolg’an-dan keyin, — bo’lmas, — deb qo’ydi.

Korsondagi qimiz tugab, sho’rva ham ichildi. Dasturxonni yig’quvchi kelinchakka o’g’ul tilab duo qilin-g’andan keyin, qo’lig’a o’ttuz chaqa surma puli berdilar va qirni aylanish, binafsha terish uchun turib ketdilar.

Qipchoqqa Qirg’in
Kechki soat to’rtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan o’n adim narida boshi tanidan oling’an uch kishining gavdasiga yo’liqdilar. Otabek bu holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirg’on gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar edi. Shunga ko’ra darbozabonni hujrasidan chaqirib so’-radi:
— Bular qanday gunohkorlar ekan?

Darbozabon bekni tanib qo’l qovishtirdi:
— Taqsir, qipchoqlar.
— Gunohlari nima ekan?

Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinig’a keldi:
— O’zlari bilarlar-ku, taqsirimning… begimga aytkulugi yo’q…
— Gunohlari nima, axir?
— Axir qipchoqlar-da, to’ram.

Otabek diqqatlandi:
— Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan so’rayapman! Darbozabon qo’l qovishtirg’ancha Otabekka ajablanib qaradi:
— Aniq xabarlari yo’qmi taqsirimning? — deb yana so’radi.
— Yo’q!
— Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri ko’rin-gan qipchoqni so’yib yurdilar-ku.

Gunohlari surishtirilmadi, taqsir, — dedi va o’luklarning yonig’a yurib kelib izoh berdi, — manovisini uyidan olib chiqib so’ydilar, manovisi manim yonimda turg’an darbozabon edi — rahmatlik. Manovisini tanimayman va lekin o’zi qipchoq bo’lsa kerak. Otabek dahshatlanib yonidag’i Aliga qaradi, Ali esa yotqan jonsiz gavdalarga qarab labini tishlab turar edi.
— Kimlar o’ldirdi? — deb Otabek dahshat ichida darbozabondan so’radi.
— Bu erga kelguchilar yigirma chog’liq edilar, o’zimizning Toshkand yigitlaridan ham bor, qo’qonliqlar ham ko’rinadilar. O’zlari ham qipchoqni qidiraberib hamma yoqni tozayam g’alvir qilib yubordilar-da, taq-sir… Qo’qonga ketkan beklardanmi, xondanmi, ishqilib, shunaqa buyruq kepti-da, taqsir… Bizlar xizmatkor odam — nimani bilaylik, to’ram! Otabek masalaga tushungandek bo’ldi va dahshat ichida Ali bilan yo’lg’a tushdi. O’ttiz qadam bosmay tag’in ikki o’lukka uchradilar. O’n adimda bir jonsiz gavda…

Endi Ali so’ramay chidamadi:
— Nauzanbilloh, bu nima degan gap, bek aka?!
— So’ramang!
— Yo’g’-a, — dedi Ali, — axir hammasi ham gunoh-kormikin?
— Gunohkor!.. — deb zaharxanda qildi bek, — Musulmonqulni bilarsiz, albatta?
— Nega bilmay, ikki oy ilgari qochig’ini ham ko’rdim…
— Bilsangiz, — dedi bek, — bularning hammasi o’shaning gunohiga o’ldirilg’an o’xshaydir!
— Shu ham gapmi, xudoyo tavba! Adim sayin bir o’lukka uchrar edilar. Ali sanab kelar edi, guzarga etkanda sanoq etmishdan ortdi. Hali bu birgina to’g’ri ko’chaning hisobi bo’lib, keng Tosh-kandning o’zga ko’chalarini ham hisobga olg’anda faji’ bir adad tashkil etishi ma’lum. Guzarning ichiga kirganda qator chizilg’an qirq chog’liq o’luklarni ko’rdilar…

Kun asrdan og’ib shomga yaqin, shuning uchun guzardagi do’konlardan ochug’i uch-to’rtta, jumladan, Hasanali ham yarim ochiq do’konni oldida o’lturar edi.
— Sog’ keldingizmi, bek! Biz bu erda yuz xil vasvasaga tushib tashvish tortdiq, — dedi Hasanali.

Otabek boshqa xayolda edi. Hasanalining so’zini go’yo eshitmagandek so’radi:
— Bu kun dadam qaerda edi?
— Sizdan keyin o’rdaga ketkan edilar. Bir soatdan keyin shoshqannamo qaytib keldilar-da, sizni so’radilar, shundan so’ng qayoqqa ketkanlarini bilolmadim.
— Qachondan boshlab qipchoqni so’ydilar?
— Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib foji’ani hikoya qildi. — Ey…

bek, rahmsizlik bunaqa bo’lar ekan… Xudda qiyomat bo’ldi! Bechoralar nima gunoh qildilarkin?

Uyida halol kasbini qilib o’turg’anlarg’acha tutib so’ydilar… Ey bechoralar, qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yig’lashadilar… Ayniqsa bir bo’yoqchi… xudda xum yonidan tutib kelganlar — qo’li bo’yoq… Ey xudo, men nima gunoh qildim, deb yig’laydir…

Chidab bo’lmadi, do’konini yopib qochdim, ko’plar ham qochdilar… tag’in bir…
— Bas, — dedi Otabek. Hasanali hikoyadan to’xtadi, chunki bekning yuragi ezilib oqish darajasiga etib, Ali Ota bilan xayrlashmasdanoq qochqan edi…

Uyga borib kechki oshni ham emadi va otasig’a ham uchrashmadi, go’yo shu yirtqichlar dunyosidan yashi-ring’andek oq kundayoq to’shagiga yotib, ko’rpasiga burkanib oldi. Uning bu holiga uy ichi tushunganlari uchun, nima qildi, deb so’ramadilar va yonig’a ham kelmadilar…

Yusufbek hoji ertalab choyni Otabek bilan birga ichish uchun mehmonxonag’a chiqdi. Otabek tersaygancha kelib choyg’a o’lturdi, otasiga salom bermadi. Chunki ul o’z otasini qipchoq qirg’inining bosh omilla-ridan deb qaror qo’yg’an edi. Choy yarimlay yozdi. Oradan churq etkan so’z chiqmadi.

Nihoyat, o’g’lig’a engillik berish niyatida hoji tilga keldi:
— Xafa bo’lma, o’g’lim.
— Sizlarga o’xshab, — dedi istehzolanib, — quvo-naymi?

Hoji o’g’lining qandog’ fikrda va nima uchun tersayganini bildi.
— Yanglishasan, o’g’lim.
— Rajabbeknikidagi majlisda, — dedi zaharxanda bilan, — bu yirtqichlarning rejachisi kim edi?

Hoji entikdi va:
— Rajabbeknikida bo’lg’an majlisni sen bilasanmi?..— deb so’radi.
— Bilaman.
— Bilsang, — dedi hoji, — manim ustimga mundog’ tuhmat orttirishdan uyal, bola!
— Rajabbeknikida bu kengash bo’lmag’anmidi?
— Bo’lg’an edi.
— Bo’lg’an bo’lsa, tag’in nega o’zingizni quruqqa olasiz?

Yusufbek hoji boladan kulgandek qilib iljaydi.
— Ba’zi engil muhokamalaring onangnikidan qo-lishmaydir, Otabek! — dedi. — Majlisdan xabaring bo’l-g’an bo’lsa, kim qaysi fikrda qolg’anini ham bilarsan?
— Yo’q.
— Majlisda nimadan bahs qiling’anini-chi?
— Majlisda nima muzokarasi bo’lg’anini ham bilmayman va lekin o’sha majlis faqat qipchoqlarga qatli om uchun yig’ilgan ekan, deb kecha ishondim. Majlisingiz a’zolarining sizdan boshqasi nega yigit to’plab, Qo’qong’a ketdilar va ular Qo’qong’a etmaslaridanoq nega bu vahshat boshlandi?
— Bu muhokamang to’g’ri. Ammo otangni ham shu jonivorlar orasig’a qo’shib o’ltirishing qisqalig’ingdir,— dedi. Ko’ziga yosh oldi. — O’zing o’ylab ko’r o’g’lim, o’z qo’limiz bilan o’zimiznikini kesishimizdan mamlakat uchun qanday foyda bor? Basharti men bu vahshatka ishtirok qilg’an bo’lsam, qaysi aql va qanday manfaatni kuzatib qo’shilishqan bo’laman? Agarda manim yurt so’ramoqqa va shu vosita bilan boylik orttirmoqqa orzum bo’lsa, boshqalardan ham ko’ra o’z o’g’limg’a — senga ma’lum bo’lmasmidi? Nega har bir narsaga etkan aqling shunga qolg’anda oqsaydir. Nega yong’an yurakimga yana sen ham zahar sochasan?! Titralib va to’lqinlanib aytilgan bu so’zlar Otabekni o’kintirdi, o’lganning ustiga chiqib tepish qabilidan bo’lg’an o’z hujumining haqsiz ekaniga tushundi.

Yusufbek hoji bitta-bitta yotig’i bilan majlis haqida bayon qilib, o’zining qarshi tushkanini va ularga uqdira olmag’andan keyin, majlisni tashlab chiqib ketkanini so’zlab kelib dedi:
— Biror soatlar so’ng orqamdan Niyoz qushbegi kelib mendan afu so’radi va majlisning u fikrdan qaytqanini, o’zlarining xatog’a ketkanlarini aytdi. Men xursand bo’lib, bu ishning zararini yana isbot qilib chiqdim. Niyoz men bilan xayrlashar chog’ida: «Jon hoji aka, endi gap shu erda qolsin, bitta-yarimta eshitgudek bo’lsa, biz erga qararliq bo’lmayliq, o’lturishning katta iltimosi sizdan shul”, dedi. Men bu iblisona aldovga uchib, bu to’g’rida na senga va na Normuhammad qushbegiga og’iz ochmadim va ularning Qo’qong’a fotiha uchun qo’zg’alishlaridan hech bir shubhalanmadim… Eh, shaytonlar! Hoji bir oz to’xtab davom etdi:
— Kecha ertalab o’rdaga borg’an edim. Sahn yuzida uch-to’rt yuz musallah yigitlarni biravini kutkan holda ko’rdim va iltifotsiz qushbegi mahkamasiga kirdim. Kirsam, Qo’qong’a ketkan Qayum ponsad uch-to’rtta yigiti bilan qushbegining qarshisida turibdir. Qushbegi qo’lida bir qog’oz ushlab, go’yo es-hushidan ayrilgan kabi qotib o’ltiribdir. Meni eshikdan ko’rib, so’zsiz- nesiz qo’lidag’i qog’ozni menga cho’zdi va boshini tebratib qo’ydi. Men bir narsaga ham tushunmagan holda borib qog’ozni oldim… O’qudim-o’qudimda, manim hushim boshimdan uchib, qushbegi holiga tushdim. Bu qog’oz xonning yorlig’i edi va bunda taxminan shunday gaplar bor edi:

«Biz Turkiston mamlakatining xoni o’z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik. Bu yanglig’ hukmimizni o’z qalamravimizda bo’lg’an barcha beklarimizga, hokim va qo’rboshi va dahboshilari-mizga bildirib buyuramizkim, ushbu farmonimizni olg’an on darhol o’n besh yoshdan to etmish yoshg’acha bo’lg’an qipchoq er zotini qilichdan kechirgaylar va hech bir silai rahmni vosita qilmag’aylar. Ushbu hukmimizni eriga etkuzishda sustlik qilg’an mansabdor bizg’a itoatdan bosh tortqan hisoblanib, eng qattig’ jazoimizg’a mahkum qili-nur. Bu hukmimizni ijro etkuchi Toshkand hokimi Nor-muhammad qushbegiga marhamati shohonamiz shuldurkim, garchi sizning qipchoq qavmig’a mansubiyatingiz bo’lsa ham, Musulmonqulni haydashda bizga unutilmasliq xayrixohliqlar va xizmatlar ko’rsatdingiz, binoan alayhi siz bu jazodan ma’fudirsiz va sadoqatingizda boqiy qolib amrimizni ijro etishingizda shubha qilmaymiz!» Qushbegiga qaradim, ul ham manim og’zimg’a qarab turar edi. «Buyruqni qachon oldingiz?» deb so’radim. Ul javob o’rniga Qayum ponsadga imladi.

«— Men olib keldim», — dedi Qayum ponsad.

«— Siz Qo’qondan olib keldingizmi?» — deb so’-radim. Chunki sen aytkandek besh-olti kunda Qo’qong’a borib-kelish sira aqlg’a sig’mas edi.

«— Biz beklar bilan Qo’qon yo’lida edik, — dedi Qayum, — yo’l ustida xondan ushbu yorliq kelib qoldi. Niyoz qushbegi menga yigit qo’shib bu hukmnomani ijro qilishda yordam bermak uchun jo’natdi».

Bu so’z menga hamma shaytanatni ochib berdi va o’zimning iblislar tomonidan aldang’animni bildim:

«— Ertadan boshlab hukmni ijro qilsaq qalay bo’larkan?» — deb qushbegiga qaradim.

«— Men ham shuni o’ylab turib edim…» — dedi qushbegi va Qayumga qaradi.

Qayumning ustodlari ishni keyinga siltashimizni ilgaridan ko’rib qo’yg’an ekanlar:

«— Ertaga qo’yib bo’lmas!» — dedi Qayum.

«— Nega?», — dedim.

«— Negaki ertagacha qipchoqlar qochib bitadirlar».

Men Qayumning so’ziga quloq solmadim-da, qushbegidan ertaning kengashini so’rag’an bo’ldim.

Bu holdan achchig’lang’an Qayum yonimg’a kelib o’lturdi.

«— Ovora bo’lmangiz, hoji aka», — dedi.

Uning bu harakatidan achchig’im qistadi:

«— Sizning bilan manim bu ishka aralashmoqqa haqqimiz yo’q!» — dedim.

«— Sizniki bo’lmasa to’g’ri, ammo meniki bor!» — dedi Qayum.

«— Buyruq kimning otig’a?» — dedim.

«— Qushbegining!» «— Bas, siz bilan men faqat u yordam so’-rag’andag’ina ketman ko’taramiz, boshqa daxlimiz yo’q!» — dedim.

Qayum zaharxanda bilan yonini kavlab ikkinchi bir buyruq chiqardi va menga berib:

«O’qungiz!” — dedi. O’qudim.

«— Bas, birinchi buyruqni siz olg’an ekansiz, nega yana qushbegidan fotiha kutib o’lturibsiz?!» — dedim o’t ichida.

«—Har narsa bo’lg’anda ham ulug’imiz, deb siylab turg’an edim…» — dedi Qayum.

«— Egasini siylagan itiga suyak tashlar, qilmoqchi-siz-da, barakalla!» — dedim. «— Boringiz, ustodlaringizning vasiyatini bajaringiz!» «— Xafa bo’lmangiz, hoji aka!» — dedi Qayum va qo’limdan qog’ozni olib qushbegidan so’radi: «— Nima deysiz endi, bek?» «— Manim kengashimga kirsangiz, ertadan boshlayliq!» — dedi qushbegi, «— Sira iloj yo’q, qushbegi! Chunki barcha shahar va kuylarga ham faqat shu — bu kunga, deb buyurg’an ekan!»— dedi Qayum.

Qushbegi bilan men go’yo tog’ ostida bosiriq bo’lg’an edik. Boshimizg’a hech bir gap kelmas edi.

Qayum o’rnidan turg’an holda qushbegidan javob kutar edi. Qushbegi ko’b fursat qotib o’lturg’andan keyin, Qayumga qo’li bilan chiqishg’a ishorat qilib: «— Bil-ganingizni qilaberingiz», — dedi. Qayum yonidag’i yi-gitlari bilan mahkamadan chiqdi. Uning chiqishi bilan qushbegiga dedim:

«— Endi nima qilamiz?» «— Nima qilar edik?» «— Axir qarab qolaberamizmi, vaqt tang! Qarshig’a biz ham yigit chiqarayliq!» «— Qo’yaberingiz, hoji!» «— Bechora gunohsizlar kesilabersinlarmi?!» «— Kesilabersinlar!» — dedi qushbegi. Men iztirob ichida unga tushunolmay qolg’an edim.

Ul yig’i ichida tilga keldi:

«— Mamlakatning tinchlig’i qipchoqlarni kesish bilan hosil bo’lsa, mayli, kessinlar! Yurtning obodlig’i gunohsiz qipchoqning qizil qonig’a qolg’an bo’lsa mayli, o’ldirsinlar! Agarda najotimiz qipchoq tuxumini quritishda bo’l-sa— meni ham ossinlar! Bu palidlarning marhamatiga men ham muhtoj emasman!» Hozir inodning o’rni emasligini harchand uqdir-moqchi bo’ldim, ko’nmadi. Noiloj, yolg’iz o’zim chiqib qo’limdan kelgancha qipchoqlarni qochirishga harakat qildim, tevarakka kishilar yo’lladim. Ammo to’rt yuz jallodning qarshisig’a chiqg’an bir kishining uhdasi albatta bir kishicha edi. Muttahamlar ko’b bechoraning yostig’ini quritishg’a muvaffaq bo’ldilar, — dedi hoji.— Mana, Otabek, haqiqat shul, kishi tushunmasdan turib biravga tuhmat to’qimaydir.

Otabek o’zining o’rinsiz gapidan uyalg’annamo erga qaradi va bir muncha vaqt fikrga ketib o’lturg’andan so’ng so’radi:
— Yirtqichlarning bu qirg’indan qanday muddaolari hosil bo’larkin?
— Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi bo’lmoqchi, ikkinchisi Normuhammad o’rnig’a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o’ziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulg’a bo’lg’an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga qolsa o’rtada shundan boshqa hech gap yo’q, o’g’lim. — dedi va bir oz to’xtab davom etdi: — Men ko’b umrimni shu yurtning tinchlig’i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o’zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg’iz o’z manfaati shaxsiyasi yo’lida bir-birini eb, ichkan man-sabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog’idan yo’qolmay turib, bizning odam bo’lishimizg’a aqlim etmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirg’an bo’lsaq yaqindirki, o’rus istibdodi o’zining iflos oyog’i bilan Turkistonimizni bulg’atar va biz bo’lsaq o’z qo’limiz bilan kelgusi naslimizning bo’ynig’a o’rus bo’yindirig’ini kiydirgan bo’larmiz. O’z naslini o’z qo’li bilan kofir qo’lig’a tutqin qilib topshirquchi — biz ko’r va aqlsiz otalarg’a xudoning la’nati albatta tushar, o’g’lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to’ng’uzxona qilishig’a hozirlang’an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo’liqarmiz! Temur Ko’ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug’bek va Ali Sino kabi olimlarning o’sib-ungan va nash’u namo qilg’anlari bir o’lkani halokat chuqurig’a qarab sudrag’uchi albatta tangrining qahrig’a sazovordir, o’g’lim! Gunohsiz bechoralarni bo’g’izlab, bolalar yatimxonalarini vayron qilg’uchi zolimlar — qurtlar va qushlar, erdan o’sib chiqg’an gi-yohlar qarg’ishig’a nishonadir, o’g’lim!..

Oy Etak Bilan Yopilmas
Choy tugalgan edi. Otabek fotiha o’qub, o’rnidan qo’zg’almoqchi bo’ldi.
— Turma! Yusufbek hoji tarafidan berilgan amirona buyrug’ Otabekni qaytadan o’lturib qolishga majbur etdi va otasig’a «nima xizmatingiz bor?” degandek qilib qaradi. Yusufbek hoji bir so’z demasdan sallasini olib tizzasiga qo’ydi, bosh qashinishib yana sallasini kiydi.

Dadasining salla olib bosh qashinishi keyinidan ko’pincha o’zini bir tergov ostida ko’rar edi.

Shuning uchun yana bir martaba dadasiga qarab qo’ydi.

Chini bilan ham hojining tusidagi boyag’i hasrat va qayg’u alomatlari yo’qolib, ularning joyini sharq otalig’i vaziyati oldi.
— Marg’ilonda nima ishlar qilding?

Kutilmagan bu savolga Otabek nima deb aytishini bilmay qoldi. Javob o’rnig’a xavfli tomong’a qaradi.
— Sendan so’rayapman, Otabek.
— Sizga xabar berguvchi nima ishlar qilg’animni ham aytkandir…
— Jo’n odamlar qatorida odam o’ldirib yurdim, degin? Otabekning yuzida kulimsirash bilindi.
— Jo’n odamlar qatorida emas, — dedi, — majburlar qatorida, zo’rlanganlar qatorida…

Hoji o’g’lining kinoyasiga tushunmadi:
— Odam o’ldirish uchun seni kim zo’rlab majbur qildi?
— Hali bilmaysizmi?
— Bilmayman, — dedi hoji, — aytishlariga qara-g’anda seni hech kim majbur qilmag’an.
— Meni zo’rlag’an va majbur qilg’an edilar, dada, — dedi zaharxanda bilan. — Yo’qsa, sizning o’g’lingiz bo’lg’an bir yigitning sha’niga albatta odam o’ldirish uyat va nomusdir.
— Kim seni majbur qildi, axir?
— Siz, onam!
— Esing o’zingdami, yigit?
— O’zimda, — dedi o’g’ul, — siz o’zingizning orzu-havasingiz yo’lida meni majbur qildingiz va dushmanlarimga yo’lni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonivorliqni xoh-noxoh ishlashka majbur qoldim.
— Shundog’mi, — dedi hoji o’z gunohi o’kuliga tushkan holda, — undog’ bo’lsa, bizni kechir, o’g’lim.
— Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishka manim haqqim yo’q, dada. Lekin gunohsiz bo’laturib, ham yana muvahaza ostig’a tushkanim uchun o’zimni mudofaa qilishga majburman…

Hoji labini tishlab, boshini chayqadi.
— Xom sut emgan bandamiz, — dedi, — xayr, bu aybniku bizning bo’ynimizg’a qo’yasan, darhaqiqat qo’-yishga haqqing ham bordir… Ammo oralaringg’a yomonlar oralag’an ekan, shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading? Yoki bunda ham birav seni indamaslikka majbur qildimi?
— Hech kim majbur qilmadi, — dedi, — ammo meni shu vartaga tashlag’an do’stlarimdan…

ko’mak so’rash ham ma’qul ko’rinmadi…

Hoji boshini quyi soldi. O’g’lining keyingi so’zi unga juda ta’sir qilg’an edi… Nima qilsinki, Otabek to’g’ri gapni aytar edi…— Biz seni Toshkanddan o’ylantirsak-da, — dedi nihoyat hoji, — katta xotiningdan ajratish fikrida emas edik. Agar sen shu xayol bilan bizdan si-ringni yashirib kelgan bo’lsang, katta ahmoqliq qilibsan, bolam.

Otabek dadasining bu keyingi so’ziga qarshi hech narsa demadi, go’yo hamma alamini yuqoridag’i ikki jumla bilan chiqarib yuborgandek jimgina somi’lik darajasiga tushdi. Ammo natijani tezroq eshitib olish uchun uning yuragi qaynag’an oshdek shopirilar edi.

Hoji davom etdi:
— Kishining boshig’a bir ish tushkanda, darrov biravdan kengash va yordam so’raydir. Hatto ota-onasidan ham sir saqlag’an bir yigitni o’z o’g’lum bo’lib chiqg’ani menga qiziq ko’rinadir.

Qayin otang menga bir xat yozibdir, o’qub-o’qub mazmuniga tushunolmay hayron bo’laman. Oy sayin Marg’ilon borib turar edi-ku, deb o’ylayman. Xatni ikki-uch qayta o’qib chiqg’andan keyin, bilsam haqiqat shu emish… Mirzakarimning yozg’anig’a qarag’anda bir muncha yanglishiq undan ham o’tkan ko’rinadir va lekin sening bolalig’ing oldida uniki holvadir… Yaxshiki, bu aqlsizlig’ing boshqalarning boshiga ko’ringan… O’zing ayt, agar menga shu kasa-lingni bir og’iz bildirsang, men qayin otangg’a xat yozmasmi edim, Hasanalini yuborib haqiqatni ochmasmidim va bu taqdirda odam o’ldirib yurishlarga qanday hojat qolar edi?

Otabekning boshig’a bu gaplarning bir harfi bo’lsin o’rnashmas va o’zi kutkan natijaga borib etish uchun-gina qiynalar edi.
— Shunchalik ishlarni qilib, nega oxirda qayin otangg’a yo’liqmay kelding?
— Shunga majbur edim.
— Marg’ilong’a endi qachon borasan?

Otabek o’ylanib qoldi. Chunki bu «qachon borish» masalasini yaxshilab eshmak kerak edi va uni eshmak ham qiyin edi, uzoq o’ylang’andan keyin:
— Ma’lum emas, — dedi.

Garchi bekning yuragi hozir bo’lsa ham Marg’ilong’a qarab uchishka tayyor edi. Biroq uning yuragidan ham kuchlik bo’lg’an yana bir narsa bu «borish» masalasini chuvaltirib «ma’lum emas» bir holga qo’yg’an edi.
— Qayin otang kelin bolani olib shu hafta ichi yo’lg’a chiqmoqchi ekan, — dedi hoji, — tarixiga qarag’anda xatning yozilg’anig’a o’n kunlab bor, ehtimolki, erta-indin kelib qolsalar, to’rdagi uyni bo’shatdirib, polos yozish kerak edi…

Ul bu gapni eshitar ekan borliq, yo’qliq — ish qilib allaqandog’ qiziq bir holat kechirdi.

Issig’ bir narsa badaniga tegib ketgandek hurkinib qo’ydi va «nihoyat, endimi?” degandek qilib entikdi. Ko’z o’ngidan birav-ning surati o’tib sarxushlandi va til bilan onglatib bo’lmasliq bir sog’inish chidamsizligi ichida bu ivir-jivir holatdan gangib ko’z ochdi. Ko’z ochdi, biroq o’ziga «nima deysan?” deb qarab turg’uchi otasig’a muvofiq javob berishni bilmadi. Yusufbek hoji esa o’g’lining bu sustlikka o’xshab ko’ringan holini yomong’a yo’ydi.

Marg’ilon degan shahardagi katta o’zini kichik olib qizi ila kelayotgan Mirzakarim akaga o’g’lining xo’rliq keltirishidan cho’chidi. Shunga binoan Otabekni epaqag’a olish uchun unga kulki tuyulgan bir qancha nasihatlarni chizdi:
— O’g’lim, — dedi, — siylag’anni siylash kerak, endi senga qadrsizlang’an bo’lsalar, ammo bizning qoshimizda ularning qadr-qiymatlari yuqori, qutidor bo’lsa ko’z ochib ko’rgan qudamiz, xotining bo’lsa bosh kelinimiz. Agar sen meni otam deydirgan bo’lsang, shularning ko’nglini olmoqqa tirish. Qayin otangdan meni quvladi, deb ko’ngling olinmasin, chunki u bechora ham bir shaytonning vasvasasi bilan bu xatoga tushkan. Har holda hurmatlarini bajo keltir, Marg’ilon degan shahardan sening yuzingni, deb keladirlar.

Otasining bu so’zlari go’yo uning istiqboli uchun yaxshi ta’minotlar berar, go’yo majburiyat ostida ota nasihatini quloqqa oladirg’andek bo’yin egib o’lturar edi.
— Agar ularning kelish kunlarini aniq bilsak, — dedi hoji, — sen yo’ldan qarshilab kirar eding.

Otabek javob bermadi.
— Har holda o’ttasi kun mo’ljal, sen chiqmasang ham Hasanali chiqsin yo’lg’a.
— Mayli chiqsin, — dedi Otabek.

Maktub
Hoji shundan keyin o’g’lidan bir daraja qanoatlandi va choyga fotiha o’qub, o’rnidan turar chog’ida yonidan bir xat chiqarib uzatdi:
— Xatning ichidan chiqdi. Kelindan — senga bo’lsa kerak, — dedi.

Otabek maktubni olib otasining ketishini kutib qoldi. Xat sakkiz buklanib, qizil ipak bilan bir-ikki eridan chatilg’an va Otabekka atalg’an edi. Otasining uzoq-lashishini kutar ekan, yuragi yomonlag’an otdek tipirchilar edi. Tikilgan ipaklarni so’kdi va maktubni ochib och ko’zini ishka qo’ydi:

«Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yig’lag’an Layli otidan — sizga boshimdag’i sochlarimning tuklaricha behad salom. — Mendan — haddu-hisobsiz gunoh, sizdan — kechirish. O’tkan ishga salavot. Chunki shu ikki yil ichida kechirgan qora kunlarni eska olish manim uchun o’sha kunlarni qaytadan boshdan kechirishlik singari, ul kunlarni siz unuting, unutmang, ammo men unutdim. Shuning uchun so’zimni o’zimni oxirg’i, ham chin baxt islari hidlagan tariximdan boshlayman.

Siz — qochoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozg’andek bo’lib qochqansiz, ikki yil bo’ldi Marg’ilon kelib yurishlaringizni men o’zimcha eshdim, lekin topib eshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz — dushmanlaringizdan o’ch olish uchun bo’lg’anini ongladim. Yo’qsa, meni ko’rar edingiz, ko’rgingiz kelmaganda ham boshqalar sizni ko’rar edilar, to’yar edilar… Men kabi baxtsiz, men kabi g’ovg’asi ko’b sizni zeriktirib, jondan to’ydirg’an bo’lsa ajab emaski, qocha boshlag’ansiz… Qochsangiz qochib ko’ringiz, ammo men bu kundan boshlab biravlarni quvishqa bel bog’ladim: otam bilan onam ra-foqatlarida xizmatingizg’a — cho’riliqingizg’a erta-indin yuraman, suyganingiz kundoshim oldida qadru-qiymatimning nima bo’lishini ham bilaman… Siz olijanobsiz: eski qadrdonliq hurmatiga ko’ngil uchun kulib boqarsiz… Loaqal shugina bilan ham baxtsizni mas’uda qilarsiz. Ammo… suyganingiz — kenjangizning jerkishlaridan, qarg’inishlaridan behad qo’rqaman, o’zimda yo’q qo’rqaman. Shu yaqin oradag’i uning bilan bo’ladirg’an mas’ud daqiqalaringizda xudo yo’lig’a va’da olingiz — meni og’ritmasin, raqibam keldi deb o’ylamasin. Nihoyati maqsadim ikki do’stka bir cho’rilik va shu munosabat bilan biravlarini ko’rib yurish…

Xatim oxirinda shuni ham aytib qo’yay: o’ch qaytib, men ham ko’chadan haydalmasam edi, degan xavf hamisha ko’nglimda. Agar xudo yarlaqab eshikingizda o’rinlashib olsam, uyog’ini o’zim bilar edim…

Erta-indin ko’zimga yo’l ko’rinur, Yo’l bosishliq ko’ngilga bir umr ko’rinur…

3-inchi hamal, Marg’ilon, Kumushingiz yozdi».

Otabekning suyunchi ichiga sig’masliq, o’zini yo’qo-tib qo’yg’an holda iljayar edi. Xatni ikkinchi qayta o’qub chiqib yana so’yina boshlag’an edi, kechagi manzaralar unga ko’rinish bergandek bo’ldilar. Ul seskandi, ko’z o’ngidan kechagi mazlum gavdalar birma-bir o’tib, ul oshig’ich ravishda xatni bukladi va ulardan yashirg’andek cho’nchagiga tiqdi, irg’ib o’rnidan turib ketdi…

Ko’chani bir aylanib kelgandan so’ng, boyag’i manzaralardan bir oz qutilg’andek bo’lib yana maktub esiga tushdi. Mehmonxonaning darichasiga qiya turg’an holda xatni yana o’qub chiqdi.

Lekin bu gal ham xat boyag’idek so’yinch emas, kechagi mazlumlarga ta’ziya tutqandek og’ir ma’no berdi: «Ammo… suyganingiz — jekirishlaridan, qarg’inishlaridan behad qo’rqaman…» Boya nima uchun so’yinganiga o’z-o’zidan hayron bo’la boshladi. Chindan ham maktubning muncha ko’chirilgan jumlasi, o’ylab qarag’anda, hech qanday quvonchg’a yo’l qo’ymasliq darajada qora ma’nolik edi. Bu jumla kelasidagi onglashilib bitmagan, lekin bo’lishi aniqg’a o’xshag’an yaramas va tinchsiz bir hayotning go’yo muqaddimasi edi…

Otabek Kumush aytkandek kundash, ya’ni Zaynabdan uncha qo’rqmasa ham, ammo dardning eng davosizi bo’lg’an onasi to’g’risida yuragi titradi. Umrining eng qiymatlik kunlarini og’ulag’an, ikki yil bo’yi davosiz dardga mubtalo qilg’an, yaramas va ishonch-siz yo’llarda sanqishig’a sabab bo’lg’an o’z onasi emasmidi? Va raqiblarga, dushmanlarga yo’l ochib bergan shu onaning orzusi emasmidi?

Butun shaharni alg’oq-dalg’oq qilib ko’hliq qiz qidirg’an, nihoyat chiroylilikda tanho, aqllilikda yakto topib, to’ylar, tomoshalar, orzu va havaslar bilan o’g’lig’a «xotin bu bo’libdir!» degan iftixor va mag’ru-riyat ila taqdim qilg’an suyukli kelini ustiga go’yo o’chakishkandek bo’lib keladigan Marg’ilon parisiga nima va qanday muomala qilar edi.

Kumush kundashning jekirishidangina cho’chig’an bo’lsa, Otabek bu cho’chishni o’zining ko’lagasida qol-diraturg’on onasi to’g’risida tamom aqlini yo’qotib qo’ydi.

O’zbek Oyim — Og’ma, Zaynabning Dardi
Yusufbek hoji chala-dumbul tabiatlik xotinining fe’li xo’yini yaxshi bilgani uchun o’tkan voqi’larni, ya’ni Otabek sirlarini unga ochmasliqqa qaror bergan bo’lsa ham, ammo marg’ilonliq kelin va qudalarning kelishla-ridan xabar berishni lozim deb topdi. Chunki xotinining marg’ilonliq kelinga bo’lg’an adovatini Otabekdan ham yaxshiroq bilar va uning «O’g’lingiz Marg’ilondan uylanmadi, bir balodan uylandi!» deb qiladirg’an shikoyatla-rini hamma vaqt eshitar, doimo issig’-sovuqchi domla, xo’jalarnikida bosh og’ritib yurishini ham bilar edi. Shuning uchun o’z tarafidan O’zbek oyim tushkurni yaxshilab ebka olmoq, yuz qizaradirg’an ishlarga qarshi choralarni ko’rmak fikriga tushdi.

Cholu kampirning har bir o’lturishlarida so’z O’zbek oyim tomonidan boshlandimi, albatta noqobil o’g’ul bilan marg’ilonliq «andi» kelin ustida bo’lar va uning uchun eng ahamiyatlik masala faqatgina shugina bo’lib ko’rinar edi.

Boshqa kezlarda kampirning bu to’g’ridag’i dod-hasratini kulgulik bilan va kam havsalalilik bilan eshitsa ham, ammo bu gal O’zbek oyimning o’sha eski ashulasini ortiqcha bir to’zimsizlik orasida kutar edi. Kampirning dardi g’o’zada, sichqonning ko’zi donlik ko’zada, deganlaridek, bizning O’zbek oyimizning ham dardi bo’zada edi. So’z urindi, so’zdan — so’z chiqdi, nihoyat hojining kutkanidek o’g’ul hasrati ham boshlandi:
— Ahmoqingiz bir oz esini yig’qan ko’rinadir, — dedi O’zbek oyim, — haytovur uch oydan beri Marg’i-lonni esidan chiqarib qo’ydi.

Hoji kuldi:
— Issiq-sovug’ing kor qilg’andir…
— Bilmadim… Har nechuk suv quyg’andek bo’ldi, qoldi. Ilohim em tushkan bo’lsin…
— Ilohi em tushsin, — deb kuldi hoji.

O’zbek oyim erining istehzosiga tushunib qoldi va labi-labiga tegmay bobillay ketdi:
— Nega kulasiz? — deb depsindi, — bu kungacha kulib-ku, o’g’lingizdan ajrala yozdingiz.

Endi nega siz ham… xudoyo tavba qildim…
— Zo’ri behuda miyon shikanad.
— Ilohi tojikingiz qursin! — dedi O’zbek oyim, — men to’g’risini aytsam, bu gaplarning hammasiga siz sabab bo’lmoqdasiz, er. Yakkash kulish, yakkash kulgi! Undan ko’ra o’g’ul-qiz o’sdirishg’a uquvim yo’q, deb ayting! Hoji tag’in kuldi:
— Ha, uquvim yo’q, oyimcha!
— Kuling-e, kuling! Xudo o’lim bersin kulguga! — dedi O’zbek oyim va achchig’i bilan yuzini chetka o’girdi.
— Menga qara, xotin, — dedi hoji jiddiy tusda. O’zbek oyim qaradi. — O’rinsiz chiransang, beling sinadir, deydi tojiklar. Shunga o’xshash o’zing joysiz chiranganingdek, meni ham o’z yoningg’a tortmoqchi bo’-lasan.
— Bo’lmasa manim barcha harakatlarim o’rinsiz ekan-da?
— O’rinsiz.
— Nega o’rinsiz bo’lar ekan?
— Sening muddaong, — dedi hoji, — marg’ilonliq kelinni o’g’lingdan ajratib yuborish va bu kelining bilan qoldirish — shundog’mi?
— Albatta shundog’!
— Mana bu harakatingni o’rinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz o’g’lingni oldingg’a olsangda, undan so’rasang «qaysi xotining bilan bo’lishni xohlaysan?

Xohlamag’aningni qo’y», deb. Ana shu vaqtda o’g’ling nima der edi? Nima deyishini o’zing ham yaxshi bilsang kerak, xotin!
— Bilaman, — dedi O’zbek oyim, — marg’ilonliq-ning domlasi kuchlik. O’g’lim bechoraning boshini aylantirib, ko’nglini xippa o’ziga bog’lag’an.

Yusufbek hoji o’zini kulgidan yana to’xtata olmadi:
— Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma domlaxo’jalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega o’g’lingning ko’nglini Zaynabka xippa qilib bog’lay olmading?

O’zbek oyim erining bu savolidan hayron bo’lib turmadi:
— Marg’ilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men bo’lsam, bu erdan hindi domla topa olmadim.

Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlag’an edi.
— Bundog’ aqlsiz ishlarni qo’yayliq, xotin, — deb muloyimona so’zlab ketdi, — bir oz aqlg’a yon berib ish qilg’an kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning yolg’iz ishonchimiz shu o’g’limiz ekan va uning sog’liq, shodlig’i bizning tirikligimizning tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandlig’i nima bilan bo’lsa, shuni axtarishdir. Men yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat o’g’lingni ayag’aningdan qilasan va senda shundan boshqa hech bir maqsad yo’q, bu tarafdan qarag’anda seni ham ayblab o’lturish oson emas… Shuni yaxshi bilg’ilkim, o’g’lingning oy sayin Marg’ilong’a qatnab turishi seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchig’imni qistatar, hatto ba’zi kezlarda so’kib yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim bo’lsa, faqat «o’lganimdan kulaman, yuzimni erga suraman» qabilidan bo’lib, bunga sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildog’img’a etdi-da, o’g’lingni bu gal Marg’i-long’a borma, deb yo’ldan qaytarib qolg’uchi ham men— o’zim bo’ldim…

O’zbek oyim boshini tervatib so’zni eshitib kelar edi. Bu keyingi so’zni eshitkandan keyin boshini ko’ksigacha etkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qo’ydi.

Hoji davom etdi:
— Manim bu to’xtatib yubormay qo’yg’animdan xabarsizlig’ing uchun bo’lsa kerak, ko’ngling dom- laxo’janing duosiga ketib qoldi va men sening so’zingdan kuldim. Chunki haqiqatda buning sababchisi o’zim edim…

O’zbek oyim eridan o’pkaladi:
— Nega axir meni xabardor qilmaysiz?
— Bu to’g’rida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan o’zimning muddaolarimiz bir, deb o’ylag’anim uchun Otabekni koyib to’xtatqanimdan so’ng seng’a kengash olmasdanoq qudalaringga bir xat yozg’an va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini so’rag’an edim.

Haytovur so’zimni erda qoldirmag’an o’xshaylar, bu kun qudadan bitta javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadag’asi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni o’qub nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimg’a qaysi yuz bilan qarayman, deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borg’andan so’ng albatta yuziga solmaslar, deb ishonamiz», deydir…

O’zbek oyim eriga anqayg’ancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustalig’i O’zbek oyimdek dumbul tabi’atlik xotinlarni gangitarlik edi.

Ul xotinining javobini kutib o’tirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi:
— Qaysi uyni bo’shatdirsaq ekan? — deb so’radi va javob kutmasdan, — qudalaringni nima bilan kutishni bo’lsa o’zing bilasan: tuya so’yib chorlag’aningda ham kelmaydirgan kishilar, — dedi.

O’zbek oyimning miyasi aynadimi yoki o’zi aytgan sihirchi hindining duosi asar qildimi, har nuchuk uch yillik adovatlar va kina-kuduratlar barchasi ham allaqa-yoqg’a qarab uchib ketdilar va ularning o’rnini «ikki kelinlik bo’lish» masalasi kelib oldi. Uzoq-yaqin xotinlarning «Hoy, O’zbek oyimning marg’ilonliq kelini ham kelibdur, xuddi to’tining bolasi emish.

Yuringlar, bir ko’raylik», degan so’zlari eshitilgandek bo’ldi. Shu chog’qacha Zaynabka yalinib, yalpog’lanib kun ko’rib kelgan bo’lsa, mundan so’ng bir qo’sha kelinni o’zining oyog’lari ostida yalinib yurgan holda ko’rdi.
— Har nima bo’lganda ham tegi nozik,— dedi oyim,— izzati uchun shu uyimizni bo’shatib beramizmi?
— O’zing bilasan.
— Biz to’rdagi uyga ko’chib o’tsak ham bo’ladir. Axir tegi nozik..

Uch yillik kina va adovat o’rnida nihoyatda oliy marhamat va mehribonchilik kelib o’lturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik o’zgarishdan O’zbek oyimning yuzi qizarmas va qizarishni ham bilmas, hatto o’g’ul-qiz o’sdirishni bilmaguchi Yusufbek hojidan allaqancha yuqorilarda yurar edi. Yusufbek hoji esa xotinidagi bu kulgulik o’zgarish uchun ajablanmadi va kulmadi, chunki bu kulki tabi’atka molik bo’lgan xotin bilan endi o’ttuz besh yillab birga yashar edi.

O’zbek oyimni shu holga keltirgandan keyin undan so’rab qo’ydi:
— Zaynabka ham bu xabarni yotig’i bilan aytib qo’yamizmi?
— Siz bilan men bir ishni muvofiq ko’rganimizdan keyin Zaynabka chikora, — dedi O’zbek oyim. Mundan uch daqiqa ilgari saodati uchun tirishilgan orzuliq Zaynabning oqibati ham shu bo’lib qolg’an edi.
— Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor, ayniqsa kundashlik ishi qiyin, kosa kosaga tekkanda g’idi-g’idi gaplar ko’paysa, bizga emas, o’g’lingga ham tatimay qoladir.
— Chaqir deysizmi?
— Chaqir.

O’zbek oyim Zaynab bilan Otabekning kutilmagan ravishda ochilib so’zlashib o’lturganlari ustidan chiqdi.
— O’g’ul-qizning kengashimi?

Otabek kulimsirab Zaynabka qaradi, Zaynab esa tuzatinib o’rnidan turdi va qayin onasiga joy ko’rsatib:
— Shunaqag’a o’xshaydir, oyi. O’g’ul-qizning kengashi xudda shu kunga yig’ilib qolg’an ekan, — dedi va kulimsirab eriga qaradi.

O’zbek oyim o’lturmadi va uni-buni surishtirib, o’ylab turmadi:
— Ikkalasiga bir pardan ko’ylaklik ol! Birini past, birini baland qilma, bu xotining bo’lg’anda ul ham ko’z ochib ko’rganing… Zaynab, sen men bilan jurchi, hoji otang chaqiryaptilar,
— dedi.

Tomdan tarasha tushkandek qilib so’zlangan yuqo-ridag’i gaplarga boshda ularning ikkavi ham tushunmadi. Ammo bir ozdan so’ng Otabek aytilgan telva-teskari so’zlarning ma’nosini onglab oldi, onasining nima bo’lsa ham Marg’ilon tarafka og’ishqanini va o’zining kuchlik bir dushmandan qutilayozganini bilib Zaynabni nima uchun chaqirilg’anini ham payqadi. Zaynab esa bir nar-sa tushunmagan holda qayin onasi bilan chiqdi.

Qayin ona, kelin qarshisig’a kelib o’lturishkandan keyin, hoji Zaynabka qarab oldi.
— Bolam, Zaynab, — dedi, — biz Marg’ilondagi opang ko’chini olib kelmakchi bo’ldiq… Sen shunga nima deysan?

Zaynab yalt etib qayin onasig’a qaradi, chunki O’zbek oyimning boyagi gapi endi unga onglashilg’an edi. Do’stni dushman yonida ko’rib bilinar-bilinmas qilib entikdi.
— Men nima der edim…
— Gap nima deyish va nima demasingda emas, oyim!— dedi hoji, — gap shundaki, ul kelgan chog’da egachi-singildek bo’lib keta olasanmi, deb so’ramoqchiman.
— Bo’lib ketarmiz…
— Egachi-singil bo’lib ketarsiz-a? — deb takror so’radi qayin ota.
— Bilmadim…
— Nega tag’in bilmay qolding?

Zaynab bir muncha vaqt o’ylanib qoldi.
— Qars ikki qo’ldan chiqadir, — dedi Zaynab, — men yaxshi bo’lg’anim bilan opam yomon bo’lsa, hozirgi bergan va’damdan nima foyda bo’lsin.
— Juda to’g’ri gapirding, bolam, sendan olg’an va’dani undan ham olamiz.

Zaynab sukut qildi.
— Zaynab siz o’ylag’an kelinlardan emas, — dedi O’zbek oyim, — xudog’a shukur, aql-hushi boshida.
— Boshqa gaplarni ko’nglingga kelturma, qizim. Marg’ilonliq kelin bilan sening bizga hech bir farqlaring yo’q, ikkavlaring ham bolamizning qo’shog’i — bolamizsiz! Zaynab boshini irg’atib qo’ydi. Yusufbek hojining duosidan so’ng, Zaynab Otabekning oldig’a kirdi.

Otabek Zaynabning yuzidagi ma’yuslikni birinchi ko’rishdayoq sezdi. Bir oz jimgina qarshima-qarshi o’lturishdilar, ikkisiga ham so’z aytish o’ng’aysiz va al-lanarsa mone’dek edi.
— Nega chaqirg’an ekanlar? — deb nihoyat Otabek so’rab yubordi.
— Bilib turib so’raysizmi? — dedi Zaynab kuchlanib kulgan holda.
— Nimani bilib turib?
— Marg’ilondan keladirgan kishingizni.

Otabek qiyin holatda qoldi va og’zig’a shu gap keldi:
— Munda manim ixtiyorim yo’q… hamma ishni otam qilayotibdir.
— Otangiz qilsalar ham sizning ko’nglingizdagicha.
— Nima ko’nglimdagicha?
— Suyganingiz bilan birato’lasiga qo’shilib olish, albatta, sizning ko’nglingizdagicha…
— Men uni suyamanmi?..
— Albatta suyasiz…

Otabek o’zini tinch ushlagan holda:
— Yanglishasiz! — dedi.
— Hech yanglishmayman,— dedi Zaynab,— siz uyla-nishdayoq uni suyub olg’ansiz, meni bo’lsa…

men: ota-onangizning orzularicha, — dedi va ko’ziga jiq yosh oldi.

Otabek og’ir holga tushdi, bu to’g’ri so’z uni tamom esankiratdi va bu haqiqatka qarshi borish, ya’ni yolg’onlash yana og’ir edi. Shunday bo’lsa ham yolg’onlamay chorasi bo’lmadi:
— Boshda… suyub uylanganim siz aytkancha to’g’ri, ammo hozir undog’ emas, — dedi.
— Ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz, ishoning…

Zaynab bir oz unga qarab turg’andan keyin:
— Ishonmag’animnnig sababi bor, — dedi.

Otabek tinchsizlandi:
— Sababini… so’zlang…
— Menga uylanganingizga qancha bo’ldi?
— Ikki…
— Shu ikki yildan menga bo’lg’an aloqangiz bir zar-ra ham o’zgargan emas, — dedi Zaynab, — meni xotin o’rnida ko’rmaysiz!
— Bekor gap…
— Bekor gap emas, jonim, — dedi Zaynab qizishqan holda. — Marg’ilondan qaytkandan keyingi kunlaringizni mehmonxonada kechirib kelishingizdan albatta tona olmassiz. Shu ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo’yg’an edi, deb manim to’g’rimda o’ylab qaramas-lig’ingizning sababi ham o’zingizga…

Zaynab so’zini bitira olmadi, chetka qarab ko’z yoshisini to’kdi. Otabek go’yo tog’ ostida qolg’an edi.
— Siz tamom boshqacha tushunibsiz…
— Bo’lmasa, bu gaplarning sababi nima?
— Sababi juda ochiq, — dedi Otabek. Lekin nimani sabab qilib ko’rsatishni o’zi ham bilmas edi.
— Aytingiz axir?
— O’zingiz ham bilarsiz, deb o’ylayman.
— Men hech narsa bilmayman.
— Bilasiz!
— Xudo haqqi bilmayman.
— Bilmasangiz… — dedi bek, — bilmaganingiz yaxshi. Sizga o’z og’zim bilan iqror qilishg’a uyalaman…
— Mendan-a, xotiningizdan uyalasizmi?
— Uyalmayinmi ?
— Uyalmang.
— Uyalmasam… mizojim zaif…

Zaynab ishonar-ishonmas unga qaradi.
— To’g’ri so’zlamadingiz…
— Ishonmasangiz o’zingiz biling, lekin haqiqat gap shu, sizdan uzoqda yurishimning sababi ham shunda.
— Ishong’animda ham bu hol tashqarida yotib yu-rishingiz uchun katta sabab bo’la olmaydir.

Chunki men faqat shuning uchun sizdan o’pkalamayman, — dedi va ko’zini to’ldirib Otabekka qaradi. — Menga sizning mizojingiz kerak emas… O’zingiz!.. — dedi va yig’lab yolborg’an holda Otabekning quchog’ig’a o’zini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borlig’ini bi- rinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni o’pib quchoqlar va yolborar edi.
Qudalarni Kutib Olish
Kechagi kirgan savdogarlardan qudalarning bu kun aniq kirish xabarlarini bilgan edilar.

Nariroqdan kuzatib kirish uchun Hasanali yo’l ustiga ketkan, Yusufbek hoji-ning o’zi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari havlini tozalatar edi. Ichkarida bo’lsa, O’zbek oyim qo’shni xotinlardan bir nechasini hasharga aytib, hammani joy-joyig’a qo’ydirg’an, havli yuzini ham yog’ tushsa yalag’undek holga kelturgan edi. Ammo o’z uyini bo’shatdirib, gilam solib qo’yg’anig’a endi uch kunlab bor, qudalarning ziyo-fati uchun kerak bo’lg’an hamma narsalarni ham hozirlatqan, ular kelib tushdi deguncha, bo’g’izlatish uchun, deb bir g’o’non qo’yni og’ilning ustuniga qantattirib qo’yg’an edi. Kumush bilan Zaynabka atalib oling’an xon atlaslarga ko’ngli to’lmay «har nuchukda tegi nozik, bu bo’lsa endi ko’p kiydi, atlasning yonig’a yana bir xitoyi latta olingiz», deb marg’ilonliqning ko’ynagini bir qo’sha qildirg’an, bitta xitoy jujim mursakni kam ko’rib, yonig’a o’zining qiymat baho zarrin mursagini va ikkita ro’ymolga ham qoniqmay, o’zining kelinligidan o’rolmay qolg’an qalmoqi sallachasini qo’shqan edi.

Zaynab ham uncha xafa ko’rinmas, qayin onasining buyruqlarini eski holicha bajarib yurar va hozirda uyga kirib olib mehmonlar kelib tushdi deguncha, oldilarig’a yozish uchun dasturxon yasatar edi.

O’zbek oyim hasharchi xotindan biriga tandirga o’t qo’yishni buyurdi-da, o’zi Zaynabning oldig’a keldi:
— Dasturxoning bitdimi, bolam? — deb so’radi.
— Bitdi. Tashqarining asali kamga o’xshaydir.
— Kam bo’lsa, darrav ombordan keragicha olib chiq, undan keyin xamiringga o’zing qara, Oybodoqning qo’li tegmas, xamir gup berib ketibdi, — dedi va darichadan ko’tarilib dasturxonlarni kuzatdi, — dasturxoning tuzik, varaqini esingdan chiqarma, — dedi va o’rta yo’lakda ko’ringan Yusufbek hojini o’ziga imladi. — Beri keling.

Yusufbek hoji boshida oq to’ppisi va egnida oq olacha to’ni bilan ustidan belini bog’lag’an edi. O’zbek oyim yonig’a sekin-sekin yurib keldi:
— Nima gap?
— Dasturxonlarimizga bir qarab qo’ying-chi?

Hoji parvosizg’ina qilib qarag’an bo’ldi:
— O’zingga yoqsa bo’pti, — dedi.
— Qassob aytkanmisiz, tag’in ular kelgandan so’ng shoshib qolmayliq.
— Qassob tayyor, hozir bo’g’izlatsaq bo’lmaydimi?
— Yo’q, — dedi O’zbek oyim, — osh egasi bilan shirin. Ha, aytkandek, qudangiznikiga yuborg’an kishingiz keldimi?

Asal uchun shoshib borg’an Zaynab to’xtab qayin otasining og’zig’a qaradi.
— Borib keldi, — dedi hoji, — Alimbek dalasiga ketkan ekan, xotin qudalar kelishmakchi bo’lishibdir.

Zaynab asalga ketdi. Hoji O’zbek oyimning yonig’a yurib keldi va sekin so’radi:
— Zaynab xafa emasmi?
— Nimaga xafa bo’lar edi.
— Axir, so’rayman-da.
— Tuppa-tuzik, — dedi O’zbek oyim, — tashqarin-gizdan Oybodoq qutilayozdimi?
— Qutilib qoldi. Mahalladan ham uch-to’rtta kishi aytdim, oshni ko’proq qilish kerak.
— Xo’b.

Hoji uyon-buyong’a alang’lab olg’andan keyin so’radi:
— O’g’ling qayog’da, ko’rinmaydimi?
— Tashqarida edi-ku.
— Boya shuyoqqa kirgandek bo’lg’an edi.
— Guzar-puzarga chiqg’andir, — dedi O’zbek oyim.

Oybodoq tashqarini yig’ishtirib kirdi. Hoji meh-monxonaga chiqib ketdi. O’zbek oyimning amricha Oybodoq, Zaynab va hasharchi xotinlar kulcha yasashg’a o’lturdilar.

Kun tushdan og’qanda hamma saranjom oling’an edi. O’zbek oyim to’yga boradirg’an xotinlardek yasangan, egnida odimi xon atlas ko’ynak, boshida oq shohi dakana, ko’zida surma edi. O’zbek oyimning: «Kelinni xor tutar ekan demasinlar, sen ham o’zingni tuzat», deb aytkani uchun Zaynab ham tamom ipaklarga ko’milib yasang’an, kecha erga tekkan yangi kelinlar suratiga kirgan edi.

Zaynabning onasi — Mohira oyim, opasi — Xush-ro’ybibi va yangasi Hanifanisolar ham kelishdilar. O’zbek oyimning ko’ngil tortar qo’shnilaridan Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular ham yasanib-tusanib chiqdilar. O’n chog’liq xotin bo’lishib sovutmachoq dasturxonga o’lturishdilar. O’zbek oyim majliska— marg’ilonliq qudaning odamgarchilikni bilishidan, Ota-bekni Toshkanddan uylantirishga qarshi lom-mim demay, qaytag’a o’zi kuyavi bilan birga kelib, to’yni o’tkazib ketkanidan, marg’ilondag’i obro’sidan va davlatidan bahs qilib aytar edi:
— Bechoraning bori-yo’g’i peshonasidagi bolasi shu bizning kelinimiz. Otabekni o’z bolasidan ham yaxshi ko’rib, «O’g’lim bo’lsa shundog’ bo’lar edi-da, mendan keyin hamma davlatim shuniki, ilohi omon bo’lsin», der ekan.

Mohira oyim allanuchkalangani holatda javob berar edi:
— Ha, aylanay quda, qars ikki qo’ldan chiqadir, de-ganlar… Buzoq yaxshi bo’lsa, ikki onani ham emar ekan…

Quyoshning qizdirishidan changi chiqib ketkan havlig’a suv sepib turgan Oybodoq tashqaridag’i guldir-guldirni eshitdi va chopib mehmonlar o’lturg’an uyning darichasi yonig’a keldi: «Kelishkanga o’xshaydirlar», dedi. O’zbek oyim gapirib turgan so’zini yarim yo’lda qoldirib, o’rnidan turdi va mehmonlar ham unga ergashdilar. Zaynab bo’zarg’an holatda uyiga yugurib ketdi. O’zbek oyim boshliq xotinlar havli yuzasiga tushdilar. Mohira oyim qizi Xushro’yning qulog’ig’a nimadir shivirlab kulib qo’ydi. O’zbek oyim o’rta eshikka borib etmagan ham edi, narigi yoqdan qo’shnining bolasi yugirib kirib qoldi.
— So’yinchi bering, bek buvi, kennoyim keldila! O’zbek oyim cho’nchagiga qo’lini solib besh-o’n pul olib berdi. Bola orqasidan Xasanali ko’rindi:
— Qani oyi, ko’rmanani bering-chi, men sizning qochqoq keliningizni tutib keldim! — dedi va yo’lakka qarab: — To’xtang, to’xtang, ilgari men so’yinchimni undirib olay.

Yo’lakdan Oftob oyim ko’rindi. Paranjisi boshida, chashmandi qo’lida edi. Hasanali O’zbek oyim bilan tanishdirdi:
— Bu kishi qudachangiz — Oftob oyim bo’ladirlar.

O’zbek oyim Oftob oyim bilan salomlashib quchoq-lasha ketdilar. O’zbek oyimdan keyin boshqa xotinlar uning bilan ko’rishib chiqdilar. Hammaning ko’zi along-jalong’ keldi. Kumushni axtarishar edilar. Kumush hali ichkariga kirgan emas. O’zbek oyimning ikki ko’zi yo’lakda, Hasanali bir yo’lakka va bir O’zbek oyimg’a qarab nima uchundir ko’zini qisib qo’yar edi.

Xotinlar bilan ko’rishib chetda turgan Oftob oyim qudasi yonig’a keldi: «Uyalib turg’andir» deb kuldi. O’zbek oyim kulimsirab yo’lak tomong’a:
— Hoy, posha kelin! — dedi, — bizlar kutib qoldiq-a, uyalmang bolam! Hasanalining ko’rmanasi bo’lsa tayyor! Hasanali yo’lakka qarab imladi. Qip-qizarg’an holda Kumush ko’rindi: paranjisi qo’lida, qora atlas ko’ynak egnida, zangor latta mursak ustida, oq shohi ro’ymol boshida edi. Shahlo ko’zlari kulimsirashka yaqin holda uyatlik edilar.

Hasanali tanitdi:
— Mana bu kishi qayin onangiz — bek oyim bo’ladirlar.

Kumush salom berdi va qo’lidag’i paranjisini erga tashladi, yugirib kelib o’zini O’zbek oyimning qucho-g’ig’a oldi. O’zbek oyim ham uni mahkam siqib quchoqlab olg’an, yuzidan shap-shap o’pib aylanib, o’rgular va tikilib-tikilib nima uchundir yig’lar edi… Kutib turgan xotinlar, Mohira oyim, Xushro’y va Hanifalar Kumushni ko’rgan on bir-birlariga qarashib lablarini tishlashdilar…

Qayin ona-kelin bir daqiqa chamasi ko’rishib qoldilar. So’ngra Kumush boshqalar bilan bir- bir ko’ri-shib chiqdi. O’zbek oyim har bir xotinni kim bo’lganini unga tanitib bordi. Eng keyin orqadan Zaynab ko’rindi. Chunki ul uydan endi chiqib kelgan edi. O’zbek oyim kulib Kumushka qaradi.
— Qani, o’zing tani-chi, kim ekan bu?

Kumush hayron bo’lib qolmadi… Ipaklar ichiga g’arq bo’lg’an Zaynabka qarab olib, unga tomon adim tashladi:
— Zaynab opam! — dedi. Zaynab ham kulimsiragan holda Kumushka yaqinlashib keldi… Ikki kundash «esonmisiz, omonmisiz, eson-omon yuribsizmi…» so’z-lari bilan ozorsiz qilib bir- birining elkasiga va qo’ltiq ostig’a qo’l yuborishdilar. Ular ko’rishib turg’anda yo’lakdan Yusufbek hoji ko’rinib, qochadirg’an xotinlar o’zlarini chetka oldilar. Hoji ularning oldig’a
— yuzaga chiqg’ach,Oftob oyim salom berib ro’ymoli bilan tomog’ ostlarini o’rab oldi. Hoji qudachasi bilan so’rashib:
— Barakalla, singlim! Haytovur charchamay kelding-larmi, men sizlarni ovora qildimov, — deb uzr aytib kulgan va uyalib borg’an qudachasig’a engillik bergan bo’ldi.
— Qani, bek otasi, ko’rmanani bering-chi! — dedi O’zbek oyim Kumushni imlab.

Kumush uyalib zo’rg’ag’ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig’a kelib bo’yin egdi. Hoji qo’li bilan Kumushning elkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig’a tegizib olg’an o’z qo’lini o’pdi:
— Bizning Marg’ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurg’an ekanmiz-da, — deb tevaragiga qarab kulindi va qo’lini duog’a ochdi. — Bizni shunchalik siylab kelibsizlar, bu yaxshiliqlaringiz bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin. Olloh taolo yoshlarg’a tinch va barakatlik umr bersin. Ilohim, taqabbul duo…

Hamma duog’a yuz siypashdilar. So’ngra Yusufbek hoji Kumush bilan Zaynabka qaradi:
— Men sizlarning ko’rishib turg’anlaringizni ko’rib juda quvondim, — dedi. — Mundan so’ng ham shu yo’sunda bir-birlaringizga egachi-singildek bo’lmoq-laringizni tilayman, — dedi va O’zbek oyimg’a:
— Qani, mehmonlarni ichkariga olinglar, — deb o’zi tashqarig’a burildi.

Zimnan Adovat
Shundan keyin O’zbek oyim olding’a tushib, qudasi bilan Kumushni uyga boshladi. Ularning ketidan bosh-qa mehmonlar yurdilar. O’zbek oyim yo’l ustidan Oybo-doqqa:
— Tezroq choyingga qara, bechoralarning aravada ichagi uzulg’andir,— dedi va Oftob oyim bilan Kumushka,— men sizlardan juda xafaman,— deb qo’ydi.

Oftob oyim Kumushka qaranib javob berdi:
— Aytsangiz, aytmasangiz biz juda uyatlik bo’lg’an-miz.

Uyning dahliziga kirdilar. O’zbek oyim ularni to’rga taklif qildi:
— Qani, yuqorig’a! — dedi.

Oftob oyim to’rga harakat qilsa ham, Kumush boshqa mehmonlardan uyalib to’xtadi, O’zbek oyim uni qistab tushdi:
— Iymanma, Kumush otin, bu kun-erta bizga yangi kelinsan, uchunchi kundan boshlab sen mug’ombirning boshingda tegirmon yurgizishni o’zim yaxshi bilaman! — dedi. Oftob oyim va keyindagilar kulishdilar. — Yana hali sen manim sobunimga kir yuvib ko’rganing yo’q! — deb qo’ydi. Bu gal Kumush ham kulimsirab oldi. To’rga Oftob oyim va Mohira qudachalar o’lturdilar. Oftob oyimning so’liga Kumush, Kumushning yonig’a Xushro’y, Mohira oyimning o’ngiga Hanifa, undan keyin Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular qator chizilishdilar.

Eng oyog’da O’zbek oyimning o’zi o’lturdi. Karima otin qo’l ochib duo qilg’andan keyin, O’zbek oyim «Xush kelibsiz» qildi. Mundan so’ng hammaning ko’zi ittifoq qilg’andek Kumushka tushdi.

Kumush uyalib erga qaradi. Bir necha vaqt jim qolishib Mohira oyim Oftob oyimdan so’radi:
— Marg’ilondan etib kelguncha ham juda bir erga etkandirsizlar?
— Uncha charchag’animiz yo’q, — dedi Oftob oyim,— o’zi Marg’ilondan Toshkandgacha arava yo’li o’n kunlik ekan, biz charchamayliq, deb sekin-sekin o’n ikki kunda keldik.
— Yo’l loydir? — deb so’radi Mahinabonu.
— Loy emas, — dedi Oftob oyim, — yo’l juda yaxshi ekan — ikki yoqda ko’m-ko’k maysa, qirlarda lolalar, yo’lning juda ham tomosha vaqti ekan.

So’z navbati O’zbek oyimg’a keldi:
— Kelmaganlaringizda Otabekni endi sira ham yubormasliqqa qaror qo’yg’an edim, — dedi,
— booo xudo, o’g’lim, uch yildan beri oy sayin Marg’ilong’a qatnab zerikmadingmi, endi ular ham kelsin axir, deb yo’ldan to’xtatqan edim.

Kumush Otabek ismini eshitkach, sekingina ko’tari-lib qo’ydi. Oftob oyim Hasanalidan hamma sirni o’rganib olg’an, shuning uchun O’zbek oyimning dovdirashiga tushundi:
— Yuzimizga solmasangiz ham juda uyatlik bo’l-g’anmiz, — dedi.

Zaynab dasturxon ko’tarib kirdi va mehmonlarga «Xush kelibsiz» aytkandan so’ng dasturxonni yozdi. Dahlizdan — Oybodoq qo’lidan yasalg’an barkashlarni olar ekan, bir-ikki qayta er ostidan Kumushka ko’z yubordi va Kumushning ko’zi ham uning keyingi qarashida to’qnashib oldi. Barkashlar qo’yilib bo’ldi. Oybodoq to’rt choydish choyni mis tekligi bilan kirgu-zib berdi. Zaynab choydishlar yoniga mehmonlarga choy quyish uchun o’ltirdi. O’zbek oyim chiqib borg’an Oybodoqni to’xtatib so’radi:
— Qassob kelganmikin?
— Boya kelgan edi. Oyimlardin fotiha olib bersangiz, qo’yni chiqarib berar edim.

O’zbek oyim qudachasig’a qaradi:
— Fotiha berasizmi, quda! Oftob oyim Mohira oyimg’a qaradi.
— Fotiha beringiz, oyi!
— Qo’y sizga atalg’an, — dedi Mohira oyim. — Fotiha berish sizning haqqingiz, biz bo’lsaq fotihani ko’b berganmiz…

O’zbek oyim ham «siz bering» degandek qilib Oftob oyimg’a imladi. Oftob oyim uyalinqirab fotiha berdi. Oybodoq chiqg’andan keyin dasturxonga qaradilar va «oling-oling» bilan bir-birlarini qistasha boshladilar. Boyag’idek ko’bchilikning ko’zi Kumushda edi. Ayniqsa O’zbek oyim suqlanib unga qarar va tomoqqa qistar edi:
— Ol bolam, ol! Men tomoqdan uyalaturg’an kishini yomon ko’raman. Yoki eshikdan kirishingdanoq sansi-ray boshlag’anim uchun xafa bo’ldingmi?
— Xafa bo’lish emas, so’yindim, — dedi Kumush va dasturxondan cho’qindi.

Oftob oyim:
— Sansirashingiz uch yildan beri Kumushni bolam, deb yurganingizni bizga ochiq onglatdi.

Ayniqsa men buning uchun sizdan minnatdorman.

Karima otin:
— Kishi o’z bolasini sansiraydir, begonani ham sansirasin-chi.

Zaynab:
— Meni ham chimildiqdan chiqishim bilanoq sansi-ragan edilar…

O’zbek oyim:
— Men yaqin ko’rgan kishimni sizsiray olmayman.— deb maxtang’an sumol bo’lib oldi, — hoy Kumush, ol, jilla qurisa anuv varaqidan bir-ikkita e, yuraging uzilg’andir.

Kumush uzr aytdi:
— Charchadim shekillik, — dedi, — ishtihom bo’g’il-g’ang’a o’xshaydir…

O’zbek oyim kuldi:
— Ishtihong bo’g’ilg’an bo’lsa charchag’aningniki emas eringni sog’inganingniki, — dedi.

Birdan hamma kulib yubordilar. Zaynab ham kulguga ishtirok qildi… Ammo Kumush yuzini chetka o’girgan edi. Ehtimolki, qayin onasining zakovatiga ichidan tahsin o’qur edi.

O’zbek oyim Oftob va Mohira qudalarni dastur-xong’a qistadi:
— Oling quda, siz yoshlarni qo’yabering, bularni yigit asrasa, siz bilan meni tomoq asraydir.

Yana kulgi boshlandi. Oftob oyim o’zini tutolmay kular edi. Kumush ham ochiq kulib, kulgi orasida Zay-nabka qarab oldi — Zaynab ham kular edi…

Kulgi bosilib tushkandan keyin, Zaynabning yangasi Kumushdan so’radi:
— Begingiz bilan ko’rishmaganingizga qancha bo’l-di?

Kumush dahshatlanib onasig’a qaradi. Oftob oyim javob berdi:
— Uch oy shekillik.

Xushro’y o’zining zolim ko’zini o’ynatdi:
— Ha, bo’lmasa xolam aytkanlaridek ishtihongiz bo’g’ilg’ani o’shaniki.
— To’g’ri, to’g’ri! — deyishdi xotinlar.
— Men o’zim bilaman, — dedi O’zbek oyim, — jo’rttaga Otabekni uch oy to’xtatib qo’ydim-ku, axir! Kumushning ko’nglidan kechdi: «Aniq bilasiz, jo’rt-taga to’xtatdingiz!» Oftob oyim kulib javob berdi:
— Jilla uniki bo’lmasa kerak. Manim ham ishtihom bo’g’ilg’andek…

O’zbek oyimning esiga Otabek tushkan edi.
— Hoy, aytkandek, Otabekni ko’rdingizmi? — deb Oftob oyimdan so’radi:
— Yo’q.

O’zbek oyim Zaynabka qaradi:
— Tashqaridamikin?
— Yo’q emishlar… — dedi Zaynab.

O’zbek oyim ajablandi:
— Boya otang ham so’rag’an edilar… — dedi, — qa-yoqqa ketkan ekan, aqlsiz… Ertalab senga hech narsa demabmidi?

Kumush Zaynabning og’ziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi:
— Ertalab mendan ust to’nlarini so’rag’an edilar,— dedi, — men to’nni berib qayoqqa borishlarini so’rag’animda, bir joyda ishim bor, degan edilar…

Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo’shashib, Oftob oyim ham og’ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. O’zbek oyim oradan o’tkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqg’andir», dedi. Shu vaqt darichadan Hasanali ko’rindi, qo’lida bir mesh qimiz ko’targan edi, darichadan turib mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi» va qimizni uza-tib Oftob oyimg’a qarab kuldi:
— Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi.

Oftob oyimning hushi o’ziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar bo’lsa, endi bularning holiga tushib bo’zrayishdilar.

Qimiz bilan engillashkan O’zbek oyim Hasanalidan so’radi:
— Qachon keldi?
— Hozir.
— Qayoqqa yo’qolg’an ekan, ahmoq?

Hasanali izoh berdi:
— Kecha hoji unga ish buyurg’an ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora bo’lib xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman, deb shunga ketkan ekan. Boradirg’an joyi uzog’roqda bo’lib, kechikkan va yo’ldan kelaturib bu gunohiga ikki mesh qimiz olg’an… Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting, juda uyatlik bo’ldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi.

Karima otin:
— Kechirilmaydir, qimiz o’zi nima degan gap, — dedi.

Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqg’andan keyin Hasanaliga kulib javob berdi.
— O’zimiz juda cho’llab kelgan edik, shuning uchun kechirdik.
— Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman.
— Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim.
— Siz-chi? — deb so’radi Hasanali Kumushdan.

Kumush baqadek qotib o’lturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi:
— Men ham kechirdim…
— Sizning ikki boshdan kechirishingizni o’zim ham bilar edim, — dedi Hasanali. Bo’g’oz- qisir uy ichini kulgi bosdi.

Kulgidan so’ng O’zbek oyim:
— Nega o’zi kirmadi? — deb so’radi.
— Qayin otasi bilan so’zlashib o’lturibdir…

Hasanali ketkandan keyin O’zbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis tog’orag’a bo’shatishka buyurdi. Qo’y so’yilib tayyor bo’lg’an edi. O’zbek oyim qudachasining ra’yini so’radi:
— Nima buyurasiz?
— Mendan so’rab o’lturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham o’shanga yormiz.

O’zbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis tog’orog’a ag’darilg’an qimizni cho’michlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi.

Hoji Etak Silkkan
To’rda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt og’asi Pirnazar jallod va Sotiboldi otalig’ yana bir keksa o’lturar edilar. Pirnazar jallodning yonida Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyog’da Hasanali meshdan qimiz quyar edi.

So’z to’rtinchi kuni bo’lib o’tkan qipchoq qirg’ini ustida ketib, Yusufbek hoji bu to’g’rida so’zlar edi.
— Men biz xalqning odam bo’lishimizdan tamom umidimni kesib qo’ydim… Esimni tanig’animdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini ko’zlab kelib, oyog’ida o’zini qushbegi, mingboshi olg’an uch-to’rtta manfaatparastlardan go’yo yosh bola kabi aldandim… Ululamir bo’lg’an kishi ham shu manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu to’g’rida bir og’iz kengash so’rashni unutdi. Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg’uchilarning bittasi biz edik. Natijada ersa so’zi
— so’z, kengashi — kengash bo’lg’anlar shu uch-to’rtta kalla buzarlar bo’lib, bizga o’xshag’anlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan…

Yunus Muhammad oxund uning so’zini bo’ldi:
— Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo’lsa, uch- to’rtta muttahamning yomonlig’i hech qaerg’a bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni o’rinsiz to’kilmas edi. Janobi payg’ambari xudo hadisi shariflarida aytadirlarkim, «Bismillahir- rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada al-amru ilo g’ayri ahlihi fantazir as-soata, ya’ni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim, agar bir qavmning ishi noahl odamg’a topshirilg’an bo’lsa, bas, o’shal qavmning qiyomatini yaqin bil, ya’ni halokatiga muntazir bo’l».

Bas, bizning korlarimiz ham ko’b fursatlardan beri noahl odamlarning qo’lig’a qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning boshimizg’a anvo’i kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari o’z boshlari birlan daf’ bo’lg’ay.
— Saddaqta yo rasulilloh, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru ilo g’ayri ahlihi fantazir as-soata» — voy bo’lsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz ma’yuslanib to’xtadi va domla tarafidan bo’lingan so’zini shu gaplar bilan tamomladi:
— Shu kungacha bo’lmag’anlarg’a bo’lishmoqchi bo’lib umrimning nihoyatiga etib qoldim, — dedi.

Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qayg’usida oqardi. Bu ko’ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka etib bir vaqt bo’lsin ibodatimni janobi haqqa bevosita yo’naltirg’animni va ko’ngil ko’zim ochilib qilg’an sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo’lma-g’anlarg’a bo’lishmoqchi bo’lg’anim uchun bir kinoya-dir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to’sha’i oxirat tadorikini qilmog’im uchun g’animat ko’rinadir.

Bu so’z majliska bir ma’yusiyat berdi. Ko’b vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining gapi ayniqsa Pirnazar akaga ta’sir qilg’an edi. Ul o’z hunari ruhida mulohazasini so’zladi:
— Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi.

Bu so’zdan keyin majlis ahli hojining og’zig’a qaradilar. Hoji kulib qo’ydi, bir ozdan keyin:
— To’g’ri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda o’lturg’an bizning o’g’ulni ham ko’makingizga chaqira olasiz…

Hamma kulib yubordi. Qutidor er ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek bo’ldi. Yaxshiki qutidor va Hasanalidan boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi.

Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi.
— Otabek menga o’xshag’an jallodkina emas, amiri lashkar bo’la oladir. Siz fotiha bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam, — dedi.
— Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh olish…

Biz o’ylaymizki, go’yo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz o’z xohlag’animizni qila olamiz.

Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi emasman va lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib, faqat el baxti uchun bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning o’z maslaki yo’lida kuzatkan ma’lum bir nishonasi bo’lmog’i zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga qarab intilishda oyog’ ostig’a elashkan cho’p-xaslarni supira borish lozim. Mana shundagina to’kilgan qonlar o’rinlik va mashru’, berilgan boshlar chin qurbon hisoblanadirlar. Yo’qsa, sizning bosh olishingiz ham anovilarning qirg’inidan farq-lik bo’lolmas, — dedi va bir oz to’xtab olg’andan keyin afsuslandi, — shu yoshg’a etib bu xalq orasida haligi jamoani uch-to’rt nafardan ortiq uchratolmadim, afsus.

Yana bir muncha gaplar o’tkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni o’qub kirish uchun qo’zg’al-dilar. Otabek ham ko’bchilik bilan birga qo’zg’alg’an edi, Hasanali uni to’xtatdi:
— Siz to’xtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga bir kirib chiq-masangiz ayb bo’ladir… Boyag’i ishingizni bo’lsa zo’rg’a yolg’on-yashiq bilan ularning ko’nglidan chiqardim.

Otabek nihoyatda bo’shashqan holda qaytib o’rniga o’lturdi:
— Mayli, bo’lmasa… — dedi.

Hasanalining Hiylasi
Kishi ortiqcha qo’rqqanda gangib a’zosi harakatsiz va og’riq holga tushadirkim, albatta buni biz qattig’ qo’rqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizg’a yo’lbars chiqsa, biz qattig’ qo’rqamiz, chunki bizni o’lum kutadir, inson uchun dunyoda o’lumdan qo’rqunch narsa yo’q.

Binoan alayhi biz bundagi qo’rquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo qizig’i shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat bashorati berilganda nega biz o’lum kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (o’rganizmamiz) birinchidagi holatni kechiradir?

Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlang’an bu holat Hasanalining ke-yingi so’zi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsiz-larcha o’lturib qoldi.

Hasanali kirgandan so’ng qilinadirg’an muomalani ta’lim berdi:
— Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar, buni qayin onangiz bilan kelinga ham uqdirib qo’yg’anman. Ular bilan so’rashib, so’zlashqa-ningizda, go’yo uch oydan berigina ko’rishmaganlardek bo’lingiz.

Otabek bo’zarib entikdi:
— Ul-ku oson… — dedi.
— Qiyini qaysi?
— Shu choqg’acha tushunmadingizmi?

Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi…
— Yigit emasmisiz, ey barakalla.
— Yigitlik bilan yurakni to’xtatish…

Hasanali ham o’ylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi. Hasanali bir necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab o’ylandi. Nihoyat, o’zicha kulindi:
— To’xtang bo’lmasa,— dedi,— men bir ish qilayki…
— Nima ish qilmoqchisiz?
— Siz hozir so’ramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topishtiring.

Otabek kuchlanib kuldi:
— Nima, axir? — deb yana so’radi.
— So’ramang, — dedi Hasanali, — siz tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni o’quy bering.

Hasanali shu so’zni aytib mehmonxonadan chiqdi. Otabek Hasanali tarafidan tashir etilgandek, turib tahorat oldi va mehmonxonaga kirib «tarobih» boshladi… Oradan yarim soat chamasi vaqt o’tkan edi, Hasanali ichkaridan chiqib keldi.

Otabek esa hanuz ruku’da, sujudda edi.
— O’qub bo’lmadingizmi? — deb so’radi darichadan.

Otabek yonig’a salom bermasdan unga qaradi. Bu holga Hasanalining kulgusi qistab kelsa ham, o’zini zo’rg’a to’xtatti:
— Qani, men bilan yuring.
— Qayoqqa yuraman.
— Ichkariga.
— Tag’inmi?

Hasanali kuldi:
— Endi kirsangiz bir martaba bo’ladir, — dedi. — Siz… hozir o’rta yo’lakdan sekingina manim uyimga kirasiz… Xotinlar namoz o’qub yotibdirlar, sizni hech kim ko’rmaydir. Siz kirgandan keyin men eshikni ustingizdan yopib olaman-da, bir ozdan so’ng oldingizg’a kelinning yolg’iz o’zini kirguzaman… tuzikmi?
— Tuzik…
— Qani, turing tezroq! Otabek turdi. Uchrashishka hali anchagina vaqt bor, shuning uchun uning yuragi tinch sumol edi. O’rta yo’lakka kirdilar. Oldinda borg’an Hasanali to’xtadi va uyning eshigini ko’rsatib «o’ting!» dedi. Otabek uning aytkanicha qilib o’zini uyga oldi. Hasanali Otabekni uyga kirguzgandan so’ng kelib eshikni qiyaroq ravishda yopdi va darichani narigi uydan qarag’anda kishi ko’rinmaslik qilib qiyg’och ochdi. Shundan keyin ul o’zicha nimagadir kulimsirab xotinlar oldiga ketdi.

Otabek kirguzilgan Hasanalining uyi Oybodoq ona tarafidan tozag’ina yig’ishtirilib, o’rta hollik kishilarning uyidek asbob, jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar ganchlangan, shiplar sirlangan, oyog’ osti alvon gullik kiyiz bilan to’shalgan va taxmong’a kirpo’sh ko’rpalar osilg’an edi. Otabek kafshini dahlizga eshdi-da, uy bo’yicha bir-ikki qayta yurindi va entikib nafas oldi. Shu vaqt taxmong’a osilg’an kirpo’sh o’z-o’zidan qimirlag’andek bo’ldi. Bu qimirlashni Otabek payqamadi. Haligi qimirlag’an kirpo’sh birdan ochilib ketib Otabek cho’chidi… Birav taxmondan unga qarab kulimsirar edi. Otabek titrar edi… Bir ozdan so’ng ikkisi ham o’zlarini bir muncha to’xtatdilar-da, bir-birlariga tomon yurishib keldilar va so’zsizg’ina quchoqlashdilar… Otabek sunbul islik sochlardan ruh olar, Kumush go’yo uning bag’rig’a singib ketkan edi. Bu hol bir daqiqa chamasi davom etkandan keyin bir oz ajralishqan ko’yi uyning oyog’ig’a yurib bordilar va tiza-batiza o’lturdilar… Birisi ham so’zlay olmas, faqat termulishar edilar. Necha daqiqag’acha shu holatda bo’ldilar. Nihoyat, Kumush kulgi aralash ko’ziga yosh oldi.
— Siz… qochqoqsiz, — dedi.
— Siz…
— Men?
— Siz quvloqsiz.
— Ajab qilaman, — dedi Kumush va shapalog’i bilan erining yuziga sekingina urib qo’ydi.
— Bu yoqqa ham…
— U yoqqa Zaynab ursin.
— Zaynabning… urishka haqqi yo’q.

Kumushning ko’zida haligacha ko’rilmagan bir shodliq o’ynadi:
— To’g’ri aytasizmi?
— To’g’ri aytaman!
— Mana bo’lmasa, — dedi Kumush. Otabekning ikkinchi yuzini ham silagandek qilib qo’ydi.

Yana kulimsirashib, termulishib qoldilar…
— Biravning g’amida kuyib qaridim, — dedi Kumush.
— Bekor aytasiz… Meni aytsangiz to’g’ri.
— Siznimi? — dedi Kumush. — Siz endi qirchillabsiz!
— To’g’ri gapirmadingiz.
— To’g’ri gapirdim.
— Ammo siz…
— Men?
— Keyin aytaman…

Kumush o’pkaladi:
— Ayting hozir, — dedi va jodu ko’zini allaqanday holatka qo’ydi. Otabek javob o’rnida Kumushning yuzidan o’pdi… Kumush o’zini qutqazib o’rnidan turdi.
— Yaxshi qoling endi.

Otabek tushunolmay unga qaradi:
— Nima bo’ldi sizga, qayoqqa borasiz?
— Marg’ilong’a…
— Bu kun kech bo’lib qoldi, ertaga ketarsiz.

Kumush kulib Otabekning yuziga urdi:
— Bizning ovloqda ko’rishkanimizni, — dedi, — oyim va Hasanali otamdan boshqa hech kim bilmaydir, ayniqsa Zaynabingiz bilsa yaxshi emas.
— Bilsa nima qiladir?
— Hech narsa qilmaydir… Yaxshi emas-da,— dedi,— bir ozdan keyin chiqib oyim bilan so’rashing, kirmaganingiz uchun qayin onalaringiz so’yinishib o’layotiptilar.

Kumush yana bir kulib qarag’andan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom o’zini bosib olgan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomong’a oshiqibqina edi. O’zi yolg’iz qolg’andan so’ng nimaga bo’lsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq o’zida muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradirgan mas’ud kunlarini tasavvurdan ojiz va Zaynab to’g’risida o’ylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas edi. Oradan Kumushning uyga kirib olishi fursat o’tkandan keyin, uydan chiqdi va parvosizcha mehmonlar o’lturgan uyga bordi. Uning kelishini o’z uyidan ko’rgan Zaynab yugirgancha Otabek orqasidan mehmonlar oldig’a kirdi.

Uydagilar Otabek-ni ko’rish ila o’rinlaridan turganlar, faqat O’zbek oyim «hap» etkancha o’lturar edi. Otabek Oftob oyim bilan ko’rishdi… Oftob oyim uni quchoqlab yuzidan o’pdi va ko’ziga yosh oldi… So’ngra kichkina qayin onasi bilan, Zaynabning opasi va boshqalar bilan so’rashib chiqdi va kulimsiragan holda Kumushka «esonmisiz…» deb qo’ydi. Kumush ham «shukur» deb kulindi. So’rashish tamom bo’lg’andan keyin o’lturishdilar. Otabek onasining yonig’a, Zaynab uning yonig’a o’lturdilar. Kumush Zaynabning bu qilig’ig’a g’ijinib bir-ikki qayta er ostidan unga ko’z yubordi.

Fotiha o’qulib kuyav qayin onag’a uzr aytdi:
— Avvalo sizlar kelguncha qaytarman, deb ertalab bir gunoh qildim. Undan keyin mehmonxonadan qo’zg’alolmay ikkinchi uyatka qoldim…

Oftob oyim:
— Bolamiznikini aybi yo’q.

O’zbek oyim:
— Qimiz kirguzib qayin onangning og’zini ho’l-lamag’aningda nax balog’a qolib eding, bolam.

Kulishdilar. Karima otin:
— Kumushoy bo’lsa, sen erimni yashirg’ansan, deb Zaynabning engka-tengkasini chiqardi.

Yana kulgu bir-biriga elashdi. Zaynabning boyag’i ishiga Kumushning g’ashi kelganini aytilmasa, hozir ul ham juda ochilg’an, kular va er ostidan Otabekka ko’z qirini tashlar, Zaynab bo’lsa Kumushni ta’qib etar edi. Majliska bir oz jimjitlik kirgandan so’ng Otabek ham o’z tomonidan bir kulgu to’qumoqchi bo’lib, Zaynab bilan Kumushka qarab oldi:
— Men bir ishka hayronman, — dedi.
— Nimaga? — deb so’radi Mohira oyim.
— Nega Zaynab semizu Kumush ozg’in?! O’zbek oyim javoblandi:
— Buning hikmatini mendan so’ra, bolam, — dedi,— Kumushing o’zingga o’xshash serfikr ko’rinadir, Zaynab bo’lsa menga o’xshash quvnoq.

Otabekni o’ziga o’xshatqani uchun Kumush qayin onasidan rozi bo’ldi. Ammo Zaynab o’zini Otabekdan chetka qoqqani uchun O’zbek oyimga g’ijindi.

O’zbek oyimning bu fikriga Karima otin qarshi tushdi:
— Yanglishdingiz, oyi, — dedi, — bundagi farqni Yusuf-Zulayho qissalarini o’qug’an kishi biladir… Uch oy degan fursat ozg’ina vaqt emas, Kumush xonimning ozg’ani sog’inishniki! Karima otin qosh qo’yaman, deb ko’z chiqarayozdi. Ya’ni Otabek bilan Kumushni Yusuf-Zulayxoga o’xsha-tib, Zaynab va qarindoshlarini o’t ichiga tashlag’an edi.
— O’zbek oyimniki to’g’ri, — dedi Mohira oyim, — Zaynab quvnoq, Kumushnisa manim ko’zimga ham serfikrga o’xshab ko’rinadirlar…
— To’g’ri-to’g’ri, — dedi Xushro’y.

Kumush bilan Oftob oyim oradan kechkan sirga tushunib jim o’lturar edilar. Kumush er ostidan Otabekka rizosizcha ko’z tashladi.
— To’xtanglar-chi, — dedi Otabek, hamma unga qaradilar, — hech qaysilaringiz ham topolmadingiz.
— Topolmag’an bo’lsaq o’zingiz ayting! — dedi Sharofat chevar.
— O’zlaringiz topolmag’andan keyin men aytib nima qilay?
— Men topdim, xax shayton! — dedi Karima otin, — qizil gulning ham o’z oldig’a, oq gulning ham o’z oldig’a isi bor, demakchi! Hamma birdan kulishib:
— Xudda-xudda! — deyishdilar.

Otabek kulib o’rnidan turdi va «topolmadingiz, topolmadingiz» degancha uydan chiqdi.

Kumush bilan Oftob oyimning ko’nggillari birdek bo’lsa ham bu kashfdan keyin Zaynab bilan Mohira oyim ancha engillashdilar. Bu qiy-chuv orqasidan mehmonlarga quyuq-suyuq berildi.

Kumushning So’z O’yuni
Shomga yaqin mehmonlar tarqalishdilar. Mehmon-xonada hoji, qutidor, Hasanali va Otabek qolg’an edilar.

Ichkarida O’zbek oyim mehmonlarni kuzatib bo’lib, Kumush bilan onasidan ho’ppak olar edi.
— Men sizlardan juda xafa bo’lg’an edim. Sizlarni churuk lattaga tugib, tokchag’a tashlash darajasiga etgan edim. Nahotki uch yil bo’lsayu — bir yo’li o’z bilgularingizcha kelmasalaringiz. O’g’lim bechora oy o’tmasdan bo’zchining mokisidek qatnab tursa… Axir manim ham o’zimga yarasha obro’m bor. Toshkandda kimsan, Yusufbek hoji deganing ko’chiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon bo’ldilar… Qushbegining uy ichlari bo’lsa, bir ishni manim kengashimsiz qilmaydirlar… Shuncha obro’ ko’rgan bir kishi kelib-kelib nahotki o’z qudasidan va kelinidan munchalik obro’sizlik ko’rsa… Shahardagi kattadan kichik ertayu kech quloq-miyamni eydirki, hoy, marg’ilonliq keliningiz keldilarmi, nega shundog’ keliningiz bo’laturib Marg’ilong’a tashlab qo’yibsiz? Men bo’lsam hech so’z topolmag’animdan aytaman: — Kelinimning onasi kasal emish… Ikkinchi vaqtda: — Kelinim bechora munglug’… deyman. Endi ko’rsam miltiqning o’qidek, pushti gulning to’qidek kelinim bor ekan… Men bu adabsizga tag’in o’zim o’lturgan uyimni bo’shatib beribman-a, — der edi.

O’zbek oyimning dali-g’ulilig’idan Oftob oyim va Kumush unga juda o’zlashib olg’anlar, uning so’ziga goh kulib, goh uzr aytar edilar. Hozir uyda Otabek bo’lmag’ani uchunmi, nimadan bo’lsa ham har nuchuk Zaynab o’z uyida kuymalanishib yotar va mehmonlarni O’zbek oyimning tanho o’ziga tashlag’an edi.

Tokchalarga sham’lar yoqilib, vaqt xuftanga yaqinlashib qolg’andan so’ng uyga Otabek kirdi.

Ul kirgandan keyin Oftob oyim bilan O’zbek oyim ular oldida o’ltirishni eb bilmadilar-da, sirlashish uchun boshqa uyga chiqib ketdilar. Ularning chiqib ketishini kutib turg’andek, qo’lig’a bir choydish choy ko’targani holda Zaynab kirdi va Otabekdan choy ichib, ichmasini so’radi.

Otabek ichmayman, deb javob bergan edi, Kumush orag’a tushdi.
— Men ichaman, o’zingiz ham o’lturing.

Zaynab uncha qistatmadi, o’lturib Kumushka choy quyib bera boshladi. Kumush uni so’zga solib so’radi:
— Manim balo-qazodek etib kelishim uchun xafa bo’lgandirsiz?

Zaynab Otabekka qarab oldi:
— Nega xafa bo’lay, — dedi, — siz kelmaganingizda ham o’zlari borar edilar…
— Bormas edilar! — dedi Kumush, — men bilan urishib kelgan edilar…

Otabek Kumushka er ostidan kulib qaradi, Kumush ham kulib javob berdi.
— Shu kishi birav bilan urishadirlarmi? — dedi Zaynab, — ikki yildan beri menga bir og’iz qattig’ so’z aytkanlarini bilmayman…
— To’g’ri aytasiz, — dedi Kumush, — bu kishi emas, men urishkan edim… Bu kishida sira gunoh yo’q va arazimizga bir to’ng’uz sababchi bo’lg’an edi.
— Kim balo ekan ul? — dedi Zaynab.
— Bizning shaharning eng yaramasi, — dedi Kumush va Otabekdan so’radi, — siz eshitdingizmi, yaqinda o’shani bir bek o’ldiribdir?

Otabek kulimsiradi:
— Eshitdim…
— O’sha bekning haqiga eshitkan kunimdan beri duo qilib kelaman…

Zaynab so’radi:
— Sizlarda qanday dushmanlig’i bor ekan?

Otabek «endi nima deysan» degandek qilib Kumushka qaradi. Kumush bo’lsa parvosiz javob berdi:
— O’sha to’ng’iz uylanmakchi bo’lib manim bir o’rtog’img’a sovchi qo’yib yurar edi… Men ersa o’rtog’imni unga tegishdan aynatkan edim. Aynatishim halig’i to’ng’uzning qulog’ig’a etib meni bu kishiga chaqibdir. Bu kishi bo’lsa, nega biravni o’rtasig’a tushasan, deb mendan xafa bo’ldilar…

«Bu kishi» Kumushning yolg’on uyushdirishidan kuldi, Zaynab ersa erini oqlab tushdi:
— Ayb sizda ekan, — dedi, — siz ham nega birav-ning o’rtasig’a tushasiz?
— Ayb mendalikka menda, — dedi Kumush va Otabekka qaradi. — Nafsilamrga qarag’anda ayb bizning oramizg’a cho’p bo’lib tushkan xolamning qizi Zaynabda, shundog’ emasmi? — deb so’radi.

Otabek sachrab Kumushka yuz o’girdi:
— Bu o’rtag’a Zaynabni nimaga kelturib tiqasiz, endi?

Kumush kuldi va eski holini buzmadi:
— Siz hovliqmang, bek, — dedi, — tunovi kun xolamnikiga borg’an edim, xolam qizi Zaynabdan shikoyat qilib hamma gapni Homid cho’chqaning qulog’ig’a etkizguchi o’z qizi Zaynab gumbaz bo’lg’anini birma-bir aytib berdi, bildingizmi?

Otabek zo’rg’a-zo’rg’a xaxolashdan o’zini tutib qol-di:
— Nima bo’lg’anda ham ayb sizda, nega boshda o’zingiz bu ishka aralashdingiz, axir? — dedi.

Zaynab:
— O’zingizning aralashishingiz chakki-da, — deb qo’ydi.

Kumush jiddiy tus oldi:
— Siz aytkandek Zaynab gumbazda ham ayb yo’q, menga qolsa hamma gunoh bek otam bilan xon oyimda,— dedi. — Orzu-havaslik joyni qidirmasdan qizlarini bir kishiga berib qo’ya qolsalar — albatta bu savdolar yo’q edi… Nahotki ikki yildan beri necha bechorani zir qatnatib ovora qilsalar, Toshkand qishlog’i bilan Marg’ilonning orasi ozg’ina yo’lmi, axir?

Otabek xaxolab yubordi:
— Hamon aybni o’z bo’yningizga olmaysiz, astag’-firulloh…

Zaynab Kumushdan:
— Bek otangiz bilan xon oyingiz kim?
— Haligi men aytkan o’rtog’imning ota-onalari… Orzu-havas qidirib bechora qizlarini qaritib qo’ydilar.
— Nega siz tayyor kuyavdan o’rtog’ingizni aynatdingiz?
— Davlati bo’lsa ham o’zi teri namoyish edi… Kishi davlat uchun erga tekkandan erga teksin…
— Albatta, — dedi Zaynab.

Otabek Kumushning so’z o’yuniga ajablanar va xoy shayton, degandek unga qarar edi.

Kumush yana tinchiy olmadi:
— Bizning urishib qolishimiz uchun Karim sandiqchining ham daxli bor, — dedi.

Otabek jo’rttaga so’radi:
— Qanday daxli bo’lsin. Sizga qolsa, butun shahar daxldor ekan-da?
— Shoshmang jonim, — dedi Kumush, — nega o’ylamay-netmay eshigiga bosh urib kelgan bir yigitni quvlab soladir?
— Astag’firulloh… uning quvlanishig’a ham Homid sabab bo’lg’an. Homidning yomonlig’ig’a ersa siz sabab bo’lg’ansiz…

Zaynab nimadir so’ramoqchi bo’lg’an edi, Kumush unga yo’l bermadi.
— U ham emas, bu ham emas, — dedi, — hammasi xudoning taqdiri.

Otabek:
— Ana endi to’g’ri aytdingiz.

Kumush:
— Ikki o’rtada dum qidirib quloqdan ham ajralg’an puchuq oyimning holi ham xudoning taqdiri! Otabek kuldi. Zaynab keyingi so’zlarga tushuna olmag’an, shunga ko’ra Kumushdan izohlar olmoqchi edi. Kumush unga izohlar uyushdirishni xohlamag’anliqdan so’zni chetka chalg’itib yubordi:
— Necha yoshqa kirdingiz, Zaynab opa?
— O’n to’qquzg’a shekillik.
— Hali siz bola ekansiz, — dedi Kumush.
— Siz nechaga kirdingiz?
— Meni so’ramang, men endi qarib qoldim…

Zaynab unga hasadlanib qaradi va kuchlanib aytdi:
— Hali yoshqa o’xshaysiz-ku.
— Necha yoshqa kirgan deb o’ylaysiz?

Zaynab Kumushning to’lib etmagan gavdasiga va o’n olti yoshlar chamaliq g’ubor tegmagan husniga hayron bo’lib, mulohazasini aytishdan qo’rqdi. Zaynabka qolsa ehtimolki Kumush o’zidan ham yosh chiqar edi.
— Men qayoqdan bilay…
— Yigirmaga kirdim.
— Mendan bir yosh katta ekansiz.
— Sizdan albatta kattaman, — dedi Kumush.

Kumushning «albatta kattaman» degan so’zini Otabek ichidan tasdiqladi, uning husndagina emas, aqlda va boshqada Zaynabdan necha barobar yuqorida ekanini o’yladi. Orag’a bir necha daqiqaliq so’zsizlik kirdi. Otabek er ostidan Kumushka nigoh tashlar, Zaynab gilamning popugini chirmab nimaningdir xayolini surar, Kumush bo’lsa hech kimga ham qaramay mudrag’an sumol o’lturar edi. Kumushni bu holda ko’rib Otabekning yuragi achidi…
— Yo’lda charchag’an ko’rinasiz, Kumush.

Zaynab gilamdan ko’zini oldi, Kumush mudrashdan cho’chidi…
— Qaydam…
— Biz ketaylik, siz tinchib uxlang, — dedi Otabek.
— Mayli… Xuftanni ham o’quy olmaydirg’an o’xshayman.
— Zarari yo’q, — dedi, — yolg’iz qo’rqmaysizmi… Yoningizda Zaynab yotsinmi?
— Zaynabnisa siz bilan yotsin… Men yolg’izliqg’a o’rganganman…
— Onangizni chaqirib beraylik bo’lmasa.
— Rahmat.
— Yolg’iz yotib qolgangizni ayniqsa oyim eshitsa…
— Siz bilan Zaynabnisa yolg’iz yotib qolg’animni aytmasangiz, hech kim bilmaydir… O’rin o’shami?

Zaynab nimagadir juda ham quvonib ketdi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Kumushni o’rin yozishg’a qo’ymay o’zi par to’shakni olib erga soldi. Kumush mudrag’an ko’yi Zaynabka tashakkur aytib to’rdagi burchakka o’lturib oldi. Otabek berigi burchakdan turib uni qo’li bilan yanar va kulimsirab xo’mrayar edi. Kumush mudrag’an ko’yi, suzilgan ko’yi iljayib javob berar edi…

O’rnini solib bitirgandan keyin, Zaynab qanoatlanib uydan chiqmoqchi bo’lg’an edi, uni Kumush to’xtatdi:
— Zaynabnisa, — dedi, Zaynab qaradi, — bu kishini tashqarig’a chiqib yotishg’a qo’ymang, tuzikmi?
— Nimaga?
— Nimagaki, dadamning ko’ngliga gap keladir.
— Xo’b, — dedi Zaynab va eshitdingmi degandek qilib eriga qarab olg’andan keyin uydan chiqdi. Uning keticha Kumush Otabekka qattig’ qilib aytdi:
— Qani, siz ham uyingizga!..

Zaynab juda ishong’an holda o’z uyiga borib etdi.
— Chindan aytib yotibman, eshitasizmi?

Otabek o’zini g’aflatka solib Kumushning yonig’a bordi:
— Siz…
— Men?
— Siz quvsiz…
— Men quv emasman, — dedi kulib Kumush, — men hali urushig’liq holdaman, yarashqanim yo’q.
— Boya nimalarni so’zladingiz, sir ochiladimi, deb jonim bo’g’zimg’a keldi.
— Nega sir ochilsin? — dedi, — men siz bilan o’tkan ishlar haqida so’zlashmoqchi bo’lib turar edim — o’zi jo’rttaga kirib keldi. Men ham so’zimni to’xtatmay jo’rttaga boshqa yo’lda aytib chiqdim. Nima, bir narsa payqadimi?
— Payqamadi-ku… Shundog’ bo’lsa ham men juda qo’rqdim.
— Hali shu yuragingiz bilan uch kishini o’ldirdingizmi, men ishonmayman, — dedi Kumush va Otabekning xanjar tekkan qo’lining chizig’ig’a ko’zi tushdi. — Pichoq yomon kesipti… Chumchuq so’ydingizmi? Qani chiqing, men yotaman.
— Yota beringiz.
— Sizning oldingizda eshinaymi?
— Uyalsangiz men yuzimni o’girib turay, — dedi va yuzini chetka burdi.
— Qaramang bo’lmasa, — dedi Kumush eshinar ekan, — «bo’lg’ani yo’q, bo’lg’ani yo’q» degan so’zni besh-olti qayta takrorladi va o’ringa kirib olg’andan keyin ham «bo’lg’ani yo’q, bo’lg’ani yo’q» deb kular edi.

Otabek nihoyatsiz «bo’lg’ani yo’q» dan zerikib qaradi:
— Aldamchi.
— Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq.
— Aniq qo’rqmaysizmi yolg’iz?
— Nega qo’rqay, ikki yil yolg’iz yotib, endi juda o’rgandim… Ehtimol siz yolg’izliqdan qo’rqarsiz.
— Kinoyangiz…
— Bu kinoya emas, to’g’ri so’zim, — dedi Kumush,— men bu holda yolg’iz ham emasman…
— Bu nima degan so’zingiz tag’in?
— Ya’ni hamrohim bor, deganim — mendan qo’rqmang, deganim…

Otabek yana tushunmadi…
— Hamrohingiz…
— Hamrohimmi? — dedi Kumush, — hamrohim biravning xayoli, biravning fikri. Bas, bundan ham yaxshi rafiq bormi? Ba’zi vaqtlarda bu yo’ldosh uyqudan ham shirin.

Otabek «hamroh»ga tushundi va yotib Kumushning yuzidan o’pdi:
— Lekin men bu so’zingizga ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz?
— Negaki, siz anovi… kechasi hamrohsiz edingiz… Pish-pish uxlar edingiz…

Kumush Otabekning elkasiga qo’lini tashladi:
— O’shal vaqtlarda hamrohsiz uxlag’anim to’g’ri, — dedi, — chunki biravlardan butunlay umidim kesilgan, hamrohim menga hamisha umidsizlikgina berar, dah-shatimnigina ortdirar edi. Ammo o’sha kunlarda uyqu menga juda shirin bir narsa bo’lib qolg’an, men uyqudag’ina biravlarni ko’rar va kunduzlari ham uyqu qidirar edim. Endi bo’lsa yana yo’ldoshim xayol…

Tag’in nima deysiz?
— Hech narsa demayman… Lekin siz ikki yil burung’i Kumush emassiz.

Kumush ko’rpaga burkanib oldi:
— Chiqing… uyqum keldi.

Otabek zo’rg’agina o’rnidan turdi… Ul uzog’lash-qandan keyin Kumush sekingina yuzidan ko’rpani oldi va mudroq ko’zlari bilan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek havlidag’i oyog’ tovshini eshitib, tokchadag’i sham’lardan uchtasini o’chirg’an edi, darichadan Zaynab ko’rindi:

«Hali ham shu erda ekansiz, men sizni tashqarig’a chiqg’ansiz, deb o’ylabman…» dedi. Otabek javob bermay qolg’an sham’larni o’chirdi. Zaynabning «hali ham shu erda…» so’zi bilan Kumushning ko’zi uyqudan ochilib ketkan edi… Otabek eshikni yopib chiqdi.

Kundash — Kundashdir
Kumush qayin otasi bilan qayin onasiga uch-to’rt kunning ichidayoq o’zini ko’rsatib qo’ydi, shirin va aqllik muomalalari bilan ularni o’ziga maftun qildi. Yusufbek hoji «bu odam farzandi emas — farishta» der, orada Zaynab bo’lmasa «farishta», deb atamoqqa ham hozir edi. O’zbek oyim bo’lsa eski kina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga jo’natdi. Tevarakdan marg’ilonliq, kelinni ko’rish uchun kelguchi xotinlarg’a muomalani yana ham yuqoriroqdan turib qila boshladi. Har bir «keliningiz ajabmi?» deb Kumushka suqlang’uchi xotinlarg’a, «Manim chin kelinim Marg’ilonda edi-da!» der edi. Goho O’zbek oyimning o’zi ham Kumushning husniga va muomalasiga ajablana boshlar, hojini ovlog’roqda uchratib qolsa, «alhazar, o’g’lingizdan — uylangan xotinini qarang», deb qo’yar, hoji bo’lsa, «o’zing bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir…» deb iljayganda, O’zbek oyim «rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tag’in bir alohida xosiyati borg’a o’xshaydir!» deb kular edi. Kumush o’zini ko’rgan kelguchi xotinlardan ko’proq olqish olsa (albatta oshkora emas), xotinlarning jo’nashi bilanoq darrov O’zbek oyim Oybodoqdan isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin ko’ngli qolmasin, deb Zaynabka soldirar, agar Otabek ko’rinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi.

Egasini siylag’an itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar ham juda yaxshi izzat ko’rar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni bo’lsa O’zbek oyim o’tqizg’ali joy topmas, quda so’zi o’rniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning ra’yini so’ramasdan buyurmas edi.

Kelganlarining o’n beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib o’tkardilar. Ya’ni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi, qo’rboshi to o’rda oyimlarig’acha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan darajada izzat, hurmat ko’rdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga mehmon bo’lmasdan ketmaysiz, egachi degan takliflar ham hisobsiz edi. O’zbek oyimning lozim topishicha, bu takliflardan faqat o’n chog’lug’i ijobat etiladirgan bo’lib va birinchi martaba Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, ya’ni o’rdaga borilmoqchi edi.

O’n oltinchi kun mehmon oyog’i tovsillanib, O’zbek oyim Sorabek oyimga o’zlarining borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qo’shmoqqa buyurdi. O’rda oyimlarining turmushlarini ko’rmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borg’usi keldi va ertalab choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb so’rag’anida, O’zbek oyim:

«Zaynab bir martaba borish bo’lsa borg’an», deb javob berdi.
— Men-chi?
— Sen ham bormaysan.

Kumushning ma’yuslanib qilg’an sukutidan keyin, O’zbek oyim mundog’ izoh berib chiqdi:
— Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini bo’lasan, bolam! Chorlamag’an joyga borish uchun se-ning kafshing ko’chada qolg’an emas, — dedi.

Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek oxundning Ko’kaldosh hujrasiga mehmon bo’lib ketganlar. Faqat bu kun uyda qoladirg’anlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar.

O’zbek oyim yo’lakkacha kuzatib chiqg’an Kumush bilan Zaynabka qarab arava yonidan kuldi:
— Ikki kundash uyni xoli topib tag’in yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan xabarsiz qolma! Oftob oyim aravaga minar ekan:
— Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi.
— Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali.
— Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib Kumush va darbozaning halqasi bilan o’ynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan so’radi. Zaynab javob bermadi.

O’zbek oyim Oybodoqqa ba’zi ta’limotlarni bergandan keyin kelinlariga:
— Tushda issig’siz qolmanglar! — dedi. Arava qo’zg’aldi.

Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga qaytib kirdilar. Kundashining so’zsiz, nesiz o’z uyiga kirib ketkani uchun o’ylanib, bir oz havli yuzida to’xtadi, so’ngra bu ham o’z uyiga burildi.

Kundan-kunga Zaynabning susayib, o’ziga begonalashib borg’anini ul yaxshi onglar edi. Bu kun bo’lsa o’ynab aytkan so’zi javobsiz ham qoldirilib, bu hol yana uning miyasini qotirdi.

Ko’nglida bir xiralik bilan borib daricha yonig’a o’ltirdi. Zaynabning hasadini qo’z-g’atmas uchun Otabek bilan muomalada qilg’an ehtiyotlari zarracha foyda bermaganiga hayron, endi qaysi yo’sunda mirosani sozlash yo’llarini o’ylar edi. O’n besh kun ichidayoq buncha keskinlashkan Zaynabning ichki adovatining bir oyda qaysi darajalarga borib etishini o’ylar va mirosa bu holda ketgan taqdirda bu uyda uzoq qola olmasini fahmlar edi. Lekin bu uydan chiqib ketishni, bir-ikki oylab Otabekni Zaynab qo’lig’a topshirib qo’yishni yana muvofiq ko’rmas, ya’ni Kumushda ham bir qizg’anchiqlik hissi uyg’ong’an… Fikri shu erga etkanda qaysi kunidir Otabekning Zaynabka boshqa-charoq qilib kulib qarag’ani va Zaynabning shu vaqtdag’i oydek jozibalik to’la yuzi ko’ringandek bo’ldi… Bu ko’rinishdan so’ng ul sakrab o’rnidan turdi-da, tokchadag’i oynani oldi va o’ziga qaradi…

Ma’lumki, kishi oynaga boqqanda nechog’liq aybsiz bo’lsa ham o’zini bir kamchiligi orqaliq ko’radir. Shunga o’xshash bir qarashda Kumush ham o’z-o’zidan rozi qolmadi. Shahlo ko’zlar, o’siq jinggila kipraklar, qunduz qosh va qora xollar va boshqa latofatlar o’ziga pisand bo’lmadilar… O’zini Zaynabka qarag’anda siqiq, yosh, bolasifat ko’rdi… Oynani tokchag’a qo’yib Zaynabka chinlab hasadlangan holda kelib boyag’i o’rniga o’lturdi. Anchagina o’ylab o’lturg’andan keyin ko’ngliga «u meni suysa bo’ldi-da», degan gap keldi… O’zining bu hukmiga rozi bo’lmadi, go’yo o’zining suyilishi bir necha oyliqqag’ina o’xshar, Zaynabning to’lg’an oydek yuzi bu suyilishka shu besh-o’n kunning ichidayoq xotima beraturg’andek ko’rinar edi. Shu ko’rinish orasida Zaynabni yana o’z ko’zidan yaxshilab o’tkarmakka va uning husn kuchini sinamoqqa qaror berib o’rnidan turdi…

Kumush kirganda Zaynab daricha yonida to’ppi tikib o’lturar edi.
— Oyim aytkandek, — dedi kulib Kumush, — siz bilan yulishqali keldim.

Zaynab to’ppisini qo’yib o’rnidan turdi:
— Men ham oldingizg’a chiqaymi, deb turg’an edim…

Kumush istehzo bilan kuldi:
— To’ppi tikib o’lturibsiz-ku, manim oldimg’a chiqarmidingiz, barakalla sizga, — dedi.

Zaynab bir sabab ko’rsatalmay o’ngg’aysiz holda qoldi. Darhaqiqat, uning bu ishi ochiqdan-ochiq bolalarcha ketgan edi. Kumush uni o’ngg’aysiz holdan chiqarish uchun tikilgan to’ppini erdan olib ko’rgan bo’ldi.
— Chokni yaxshi tikar ekansiz, kimga?
— Biravga atag’anim yo’q, axir bittasi kiyar… O’ltu-ring.

Ikki kundash qarshima-qarshi o’ltirishdilar. Kumush unga tikilib-tikilib qarar edi…

Zaynab boyag’i o’ng-g’aysizliqdan hali chiqib etmagan, qizarinqirab erga boqqan edi. Bir-ikki daqiqani so’zsiz kechirdilar.
— Chiqmag’animni ham ko’nglingizga olibsiz-da, — dedi nihoyat Zaynab.
— Nega ko’nglimga olay, men yosh bolamanmi, — dedi,— kelganimga o’n besh kun bo’lmasdan o’zingizni chetka tortib boshladingiz… Men siz bilan egachi-singil bo’larmiz, deb o’ylag’an edim…
— Hali nima bo’libmiz… Arzimagan gapni ham ko’nglingizga olabersangiz…
— Bu arzimagan gapmi? — dedi Kumush, — uyda hech kim yo’qlig’ini bilaturib o’zingizni chetka tortasiz… Bu esa yuzingni ko’rishga toqatim yo’q deganingiz bo’ladir.
— Qo’ying-chi… O’zingiz har bir narsani ham ko’ng-lingizga olaberar ekansiz… men unaqa emasman…

Boshlanishda anchayin hazilga o’xshab ko’ringan bu kinaxonliq kutilmagan joyda bir tus olib ketdi. Kumush o’n besh kunlardan beri yig’ilib kelgan achchig’ini bir varakay to’kib soldi:
— Men ko’nglimga olsam arziydirganini bilib olaman, — dedi.
— Oldingizg’a chiqmag’anim yuzingizni ko’rmaslik uchun bo’lg’anini siz qayoqdan bildingiz, manim ichimga kirib chiqmag’andirsiz-ku, axir?

Zaynab ham ancha qizishib oldi. Kumush undan ham oshib tushdi:
— Bilish uchun ichingizga kirib chiqishim shart emas… Ba’zi ishlaringiz ichingizdagini menga ochiq so’zlaydir.
— Qaysi ishlarim?
— So’ramang…
— Bilmagan bo’lsam bildirib qo’ying, axir.
— Aytsam yana achchig’ingiz qistaydir…
— To’g’ri gap bo’lsa achchig’im sira qistamaydir…

Yaqinroqda yumish qilib yurgan Oybodoq eshitmasin uchun sekinroq tovushda:
— Qistamasa aytay, — dedi Kumush, — eringiz manim oldimg’a kirsa, nega ishingiz bo’lsa- bo’lmasa kirib o’ltirib olasiz-da, yolg’iz qolg’animda kirmaysiz?
— Shundog’ deyarsiz, deb turg’an edim o’zim ham— dedi Zaynab,— kirishimni ham ko’nglingizga olg’an bo’lsangiz, endi mundan so’ng kirmaganim bo’lsin.
— Qani, to’g’ri gapka achchig’ingizning qis-ta-mag’ani?
— Axir, eringiz bilan yolg’iz o’ltirg’aningizda mundan so’ng kirmayin deyapman-ku.
— Egrilikka olmang, Zaynab, — dedi Kumush, — men bu gapni yonimda erim bo’lg’anda kirma, deb aytmadim, balki boyag’i so’zimning isboti uchun aytdim…

Bu o’rinda ikkisi ham jim bo’ldilar. Oybodoq darichaga kelgan edi:
— Tushlik osh vaqti bo’ldimi, nima tomoq qilsamikin?

Kumush Zaynabka qaradi:
— Nima tomoq buyuramiz?
— Sizdan so’rayapti…
— Zaynabnisa yaxshi ko’rgan tomoqni qilingiz, — dedi Kumush.
— Lag’mon qilaymi? — deb Oybodoq Zaynabka qaradi.
— Tomoqqa ishtihom yo’q, o’zingiz bilganingizcha qilabering.

Oybodoq ketdi. Uning keti bilan Zaynab «tavba» deb qo’ydi.
— Tavba demang, Zaynab… Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham azbaroyi meni yolg’iz tashlab qo’yg’aningizdan aytdim… men sizning uyingizga butun umrga kelgan emasman…

Atigi uch-to’rt kun qayin ota, qayin onalarimni ko’rib ketish uchungina kelganman. Shunchalikka bir-biravimizdan chetlashib, ming’ayishib yurishimiz kishiga og’ir kelar ekan.

Kumushning «uch-to’rt kuni…» bilan Zaynab yo-rishib ketgandek bo’ldi:
— Voy o’lay, Kumush opa, — dedi Zaynab bo’shashqan ohangda, — chindan ham ko’nglingizga olibsiz deyman. Ko’nglimda tariqdek yomonlig’im bo’lsa, ertagacha etmayin.

«Ketish» so’zini eshitib ond ichib boshlag’an Zay-nabka Kumush ichdan kulib qo’ydi va «endi o’lsam ham ketmay, sen qarab tur!» deb yandi.

Shundan keyin oradan gap-so’z to’xtag’andek bo’ldi. Kumush tizzasini quchoqlab nimanidir xayolida, Zaynab bo’lsa qatimini uzun tortib to’ppisini tikar edi. Anchagina shu holatda qatim tortqandan so’ng Zaynab sekingina qarshisidag’i g’ayri rasmiy yovg’a yovlarcha qaradi. Uzoqqina qarab turg’andan keyin o’ziga ham sezdirmaslik qilib entikdi, yana uch-to’rt qatim tortti…
— Siz munchalik qo’rqmasangiz ham bo’lar edi…

Kumush bir oz javobsiz qoldi va surilib devorga suyaldi:
— Nimadan ham qo’rqmasam bo’lar edi?
— Axir… jek ko’rmasangiz ham… deyman-da…
— Men kimni jek ko’ribman?
— Bilarsiz axir, kimni…
— Uyat, Zaynab!
— Sizniki ham uyat! Yana ikki kundash hujumga hozirlanishqan xo’roz-lardek bir-birlarining ustlariga hurpayishdilar.
— Nimam uyat? — deb so’radi Kumush.
— Men erim bilan o’lturganda ustimga kirma, de-yishingiz albatta uyat.
— Avvalo men bu so’zni sizning haligi qilig’ingizg’a qarshi aytdim. Agar siz buni chinga hisoblag’an bo’lsangiz, men ham sizdan chinda so’rayin: siz eringiz bilan o’lturganda men ustingizga kirdimmi?

Zaynab bu savolning javobiga qolg’anda bir oz tutiliqdi. Chunki, Otabek Zaynab yonida bo’lg’anda Kumushning kirganini xotirlay olmadi.
— Siz kirsangiz albatta ko’kragingizdan itarmas edim, — dedi Zaynab. — O’zingiz jek ko’rganingiz uchun meni ham o’zingizdek fahmlab kirmaysiz.
— Kishini bo’g’asiz, Zaynab! Gapka temirchilik yaxshi emas!
— Gapka temirchilikdan xudoy saqlasin, ota-bobom temirchi o’tkan emas.
— Kim sizga — otang temirchi deyapti?
— Axir so’zingizning sirasi shunga keladi-da…
— Tavba, — deb kuldi Kumush, — jek ko’rasan, deb bir aytasiz, o’zingdek fahmlaysan, deb uzib ulaysiz, sen qo’rqmasang ham bo’ladi, deb tag’in nina tiqasiz… Mana shuni gapka temirchi, deb aytadilar.
— Rost-da axir, siz qo’rqmasangiz ham…
— So’zlay bering.
— Axir…

Zaynab o’zining xatosini ongli va gapuralmay g’o’ldiradi. Kumush esa buni sezib Zaynabning o’z og’zidan iqror etdirish ko’yiga tushdi.
— Men tushundim, — dedi, — sen qo’rqmasang ham bo’ladi ering seni yaxshi ko’radi, demakchisiz.

Zaynab ishini to’xtatib bo’zrayg’ancha Kumushka qarab qoldi… Bu xatosini o’nglash uchun esiga hech gap kelmas edi:
— Axir… menga o’xshash sizni ham ishondirib qo’yg’andirlar.
— Sizni nimaga ishondirg’anlar?
— Axir… Men sensiz turolmayman, deb sizga ham aytkandirlar…
— Hech.
— Sizga aytmagan bo’lsalar… menga yuz qaytalab aytadirlar… U kishini sizga ham shunaqalar, deb o’ylabman…

O’zi aslo ishonmag’an shuncha yolg’on gaplarni boyag’i dovdirash holatida ilhom ravishda to’qib yubordi. Uning bu dovdir gaplari g’alaba qozonmoqchi bo’lg’an Kumushni dovdiratti, boyag’i oyna yonida tug’ilgan shubhasi chinga chiqg’andek bo’ldi va muhokama xususiyatini yo’qotdi. Zaynab to’g’ri aytadi, deb o’yladi, agar uni yaxshi ko’rmaganda Toshkandga kelishimni kutib o’lturarmidi?..

Zaynab bu yolg’onlash natijasidan qo’rqib, o’ngu ters ishiga yopishdi. Kumush moddiy hayotidan ayrilg’an jonivordek bo’shashdi. Oybodoq ona tarafidan ikki kundash o’rtasig’a qo’yilgan tushlik bir necha vaqt sovib yotdi. Zaynabning qo’rqa-pisa «oling, opa»sidan so’ng ikki taraf ham lagandan chimchigan bo’lishdilar-da, birin-sirin qo’lni dasturxon chetiga artishdilar…

Shundan birar soat keyin Otabek qaytib Zaynab tomondan qarshi olindi. Ust to’nini eshib Zaynabka bergandan so’ng, qaysi uyga kirish to’g’risida havli yuzasida bir oz taradudlanib qoldi. Tevaragida g’ildirlab yurgan Zaynabning uyiga kiraberish uchun Kumushning mulohazasini qilar, Kumushning oldig’a kirmak uchun Zaynabni o’ylar edi. Kumush uyda ko’rinmadi, shunga ko’ra «uxlag’andir», deb o’ylab Zaynab bilan kirdi. Zaynab oyog’i olti, qo’li etti bo’lg’an holda erini to’rt qavat ko’rpacha ustiga o’tquzib, yoniga uchta par yostiqni uydi.

Erining mahsisini artishka ko’maklashib, elpib qo’ymoq uchun izn so’radi. Otabek uzr aytib bunchalik mehribonchiliq ma’nosidan cho’chib qo’ydi. Otda kelgan bo’lsa ham kunning issig’lig’idan bir piyola choyga muhtoj edi. Choy so’zi og’zidan chiqmasdanoq Zaynab o’choq boshig’a yugurib ketdi. Uning keti bilan Kumushning uyiga qaradi. Eshik va darichalar ochiq bo’lsalar ham uyda birav ko’rinmadi.

Kumush kelgandan beri Otabek kun sayin o’zini siqiqroq bir doiraga kirib borg’anlig’ini sezar edi. Adimini sanab bosish, bir cho’qib sakkiz yoqqa qarash kabi ehtiyotlarga ta’limotsizoq o’rganib qolg’an, buning ustiga bir xil o’ngg’aysizlig’i ham yo’q emas edi… Uning o’tkan kunlari, ya’ni Kumushka Marg’ilonda qiladirg’an muomala va aloqasi Zaynabka qorong’i, shu qorong’iliqdan foydalanib Zaynab bilan muomalasi o’zi tilagancha. Ammo endi o’sha holatni davom etdirish mumkin emas edi. Kumushka kulib qarasa, Zaynabka ham shundog’ qilmoqqa, unga qandog’ muomala qilsa, bunga ham shundog’ qilishg’a majbur edi. Biroq buning birinchisi yurakdan, ikkinchisi… Birinchisini tavsif qilib ko’rsatish nuchukkim, biz shu o’ringacha ko’b qog’ozlarni qoralab kelamiz, o’qug’uchini ham zeriktirmay orqamizdan ergashdirgandek bo’lamiz, chunki Otabek va Kumush ishqlarida samimiyat, yana to’g’risi she’riyat bor edi. Ikkinchi masala ustiga o’tib tahlil qilmoqchi bo’lsaq, Otabekda majburiyatdan boshqa hech gap topolmaymiz, topgan bilan o’qug’uchig’a qiziqarliq bir narsa chiqmaydir.

Qahramonimizning hozirgi «majburiyati» sabablarini muhtaram o’qug’uchilar yaxshi his etsalar ham yana biz bir daraja o’z tomonimizdan ularni sanab ko’rsatamiz:

Din adolatka buyuradir va ota-onaning hurmatlari ko’ndalang, majburiyatning eng kuchligi ham nozigi — mundan bir necha hafta ilgari Zaynab avval martaba yurak dardini ko’z yoshlari ichida ochib berdi. Hammadan ham mana shu keyingisi Otabekni siqib tashlag’an edi. Bu dard ayniqsa Otabekka uch yildan beri sinashta, ul bu dardning achchig’-chuchugini uch yil bo’yi totib kelar va shuning uchun ham boyag’i og’irliqni o’z ustiga olmoqqa majbur edi…

Zaynab unga ikki piyola choyni ichirgandan so’ng so’radi:
— Sizni kech qaytarsiz, deb osh qoldirmag’an edik, sovug’roq bo’lsa ham ozroq olib qo’yg’an edim… esangiz?

Otabek ochiqib kelgan edi, «mayli, bering», dedi. Boyagi gap bilan eyilmagan lag’mon Otabekning oldig’a keldi. Ustidagi qiymasi bilan laganning buzilma-g’anini ko’rib Otabek so’radi:
— O’zlaring emadinglarmi?
— Yedik. Kumush opa ham shu erda edilar… Lag’monni uncha xushlamas ekanlar, shekillik, yaxshi emadilar… U kishi emaganlaridan keyin men ham eb o’lturg’ali iymandim…
— Yemagan bo’lsangiz, siz ham olishing, — dedi bek.

Zaynab eridan iymanmay birgalashdi.

Xo’rak orasi Otabek Zaynabdan so’rab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Ko’zi uyqug’a borg’ach, faqat shuni kutib o’lturgan Zaynab qo’lida elpug’ichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab ketkandan so’ng elpiy boshladi… Yelpir ekan, Zaynabning ko’zi Kumushning uyida edi…

Zaynab o’zining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan o’tkuzib olmoqchi va boyag’i da’vosini bir daraja amalda ham ko’rsatmakchi edi.

Zaynab shu holda uzoq fursat erini elpidi va natijada ma’lum ko’rukni odatdan tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan o’tkazdi: nima yumish bilandir uydan chiqg’an Kumush Otabekning yostig’i yonida qo’lig’a elpug’ich ushlagan Zaynabka ko’z qirini tashlab o’tdi.

Birar soatdan keyin Otabek uyg’ondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilg’uchi el tegirmonini to’xtat-moqqa majbur bo’ldi.

Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch o’rimlari bilan chulg’atib Kumush uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga rohatsizlik bermas uchun sekingina orqasig’a qayt-di. Uy eshigidan chiqar chog’ida yana bir qarab oldi… Endi uyquliq ko’z ochilg’an edi.
— Tinch uxlay bering, men ketaman.

Kumush ko’z yumish o’rniga yostiqdan boshini uzdi va erga tushkan ro’ymolini o’rab, o’lturdi.

Uning ko’zi uyqudan qolg’an kishilarning ko’zidek qizarg’an edi. Otabek qaytib kirdi.
— Nega qo’zg’aldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovog’i solig’ edi. — Ko’zingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi?
— Tobim yo’q…
— Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonig’a o’ltirdi, — qaeringiz og’riydir?
— Bilmayman, — dedi. Ko’zi tokchadag’i allanarsalarda edi.

Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayig’a qo’lini tegizdi:
— Nega bilmaysiz?
— Qo’lingizni oling.
— Nega olay?
— Mendan hazar lozim…
— Sizdan hazar qilmayman…

Kumushning ko’zida bir turlik g’iltillash bor edi:
— Zaynabdan-chi? — deb so’radi.

Otabek daf’atan javob beralmay havli tomong’a qarab qo’ydi:
— Buni… mendan ham siz yaxshi bilasiz.

Otabekning alang’lab javob berishi Zaynabning boyag’i da’vosini chinga chiqarg’andek bo’lib, Kumush juda ham to’nini teskari kiydi va yuzini chetka burdi:
— Yalhaqlikni qo’ying.

Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning ko’ziga jiq to’lg’an yosh yana uni shoshirib qo’ydi.

Shundog’ ham bo’lsa kulimsirab:
— Uyqudan so’l yoningiz bilan turibsiz, — dedi.
— Chunki manim o’ng yonim bilan turg’uzadigan kishim yo’q…
— Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi.

Kumush ko’z yoshisini artdi:
— Ha, shuning uchun.
— Shuning uchun bo’lsa arzimaydi…

Kumush ko’tarilib ketdi:
— Ikki yuzlamalig’ingiz va til tegida til saqlag’a-ningiz ham arzimaydimi?
— Tushunmay yotibman…
— Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz.

Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda necha xil ehtimollarni o’ylab chiqdi:
— Zaynab sizga bir narsa dedimi?
— Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan so’zla-ringizni ham dedi.

Unga nima bo’lsa ham ikki kundash o’rtasidan ancha gaplar o’tkani bir daraja ma’lum bo’lib, Zaynabning yolg’on-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga o’t yoqqanini payqadi. Ammo boyag’i yarim jiddiy vaziyatini buzmay so’radi.
— Zaynabning so’ziga siz ishondingiz?
— Ishonmaydirg’an gapmi?
— Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham bo’layin, lekin shunda ham sizning xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap…

Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina erga bosdi:
— Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap o’tdimi, — deb so’radi.
— Ha o’tdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi.
— O’n besh kun bo’lmasdan?
— Mendan boshqa xotin bo’lsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi…
— Xudo xayringizni bersin…
— Kesatmang.
— Kesatmasam gapuring.

Kumushning raqobat o’ti bir oz o’cha tushkan edi, uch-to’rt kunlik mojarodan yaxshig’ina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi so’zi va so’nggi elpitish foji’alari ham hasrat qolipig’a birma-bir kirib chiqdi. Hasrat tugalgandan so’ng Otabekning yuzidagi boyag’i yarim jiddiylik ketib, uning o’rnini o’ychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina so’zsiz qoldi va oxirda o’zini natija kutib o’lturg’uchi Kumushka qarab kulib qo’ydi.
— Nega kulasiz?
— Chunki yig’lamoqqa arzimaydir.

Kumushning qoshlari chimirildi:
— Zaynabingizning bu qilig’iga men chidalmayman.
— Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qo’yib turayliq, — dedi Otabek, — ammo hammadan ilgari sizdan so’rayman: menga ishonchingiz bormi?
— Bor, ham yo’q, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz o’ylanib oldi, — Zaynabning haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan…
— Ammo sizni shubhadan chiqaraturg’an hujjatlaringiz albatta yo’q emas edi.

Kumush uyalg’annamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi:
— O’tkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yo’q-mi?» deb so’rag’anim ham faqat shunga o’xshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz, hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga ma’qul ko’rinadir. Chunki men sizni shuning singari o’rinsiz ozor chekishingizni xohlamayman.
— Siz quvlamasangiz, men Marg’ilong’a bormayman.

Otabek kuldi.
— Agar siz shunga o’xshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum qilabersangiz, albatta quvlayman.

Kumush bir xil o’pkalangan boqishda:
— Sizga ishonsam bo’ladimi? — deb so’radi.
— Yuragingizdan so’rang.
— Yuragim… Yuragim ishonma, deydi.
— Bo’lmasa bu yurak so’zi emas.
— Albatta yurak so’zi.
— Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir?
— Bor.
— Bo’lsa ayting.
— Yuragim: quvlanishg’a kim sazovor, deb sizdan so’raydi… Siz o’z yuragingizdan olib javob bering.

Otabek maqsadga tushundi, daf’atan javob berishka hayron bo’lib qoldi. Darhaqiqat, Kumush eng nozik joydan ushlag’an edi.

Kumush Otabekdan javob kutib o’lturmay yana dedi:
— Boshqalar yuragini sinab ko’rishka qudratim etmasa ham manim yuragim ikki narsani o’z ichiga sig’dira olmaydir…
— Sening yuraging ikki narsani o’z ichiga sig’di-radir, demakchisiz.
— Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt bo’ladirg’an gap emas…

Kumush hamon yuqorida aytilgan bir ma’nonigina ifoda qilmoqchi bo’lar edi. Ammo Otabek Kumushning to’sindan o’zgarib ketkan xarakter qat’iyatiga va bir kundayoq, bunchalik masofani o’tkan keskinlikka juda taaj-jubda, qarshisidag’ining suratida emas, siyratida qiziq bir o’zgarish ko’rar edi.
— Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralg’anda ham siz bu to’g’rida haqlisiz. Ammo o’shang’acha… balki buni o’zingiz his etarsiz, deb o’ylayman…

Kumush indamay qo’ydi. Ehtimolki, ul keyingi masala to’g’risida erining fikrini bilib qo’ymoqchi edi…

Eson Bo’lsaq Ko’risharmiz
Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan qutidor Marg’ilong’a qaytish fikriga tushdi.

Hoji va Otabeklar yana bir necha hafta qolishg’a qistasalar ham, bo’lmay uzr aytdi: «Uy yolg’iz, faqat To’ybeka bilan Oysha ona; hollari nima kechti, nima qo’ydi ma’lum emas. Boshqa tarafdan o’zimning savdo ishlarim ham o’lda-jo’lda, shunchalik mehmon bo’ldiq. Bas, qilg’an izzat va ikrom-laringiz uchun rahmat», dedi. Hojining: «Endi kelin bolani yubormaymiz-da», deb kulishiga — «Manim bolam emas — sizniki, u er ham bu er ham o’zining uyi, janobingiz nimani muvofiq ko’rsalar, menga ham ma’quli o’sha», dedi. Hoji birmuncha gap aylantirib, «O’rtadan anovi gaplar o’tmagan bo’lsa edi, albatta bu erda olib qolmas, zeroki, sizning bag’ringizni bo’sh qo’yish insofdan bo’lmas edi. Agar sizga og’ir tushmasa yurtdagi gap-so’z bosilg’uncha birar yil Toshkandda tur-sin, so’ngra Marg’ilon borsin, derdim», dedi. Qutidorg’a ham bu mulohaza juda ma’qul tushib «bu mulohazalari beandoza to’g’ri, albatta munda birar yil turishi lozim va lobid!» deb javob berdi.

Kumushning Toshkandda qolishig’a otasi shunday yovosh qaradi, bu to’g’rida Oftob oyimning fikr va rizolig’i bilan hisoblashish emas, hatto uni ko’ngliga ham kelturib ko’rmadi. Holbuki Marg’ilondan chiqishda Oftob oyimning «Kumushni Toshkandda qoldirmaysiz!» deb qo’yg’an birinchi shartiga qayta-qayta qo’l qo’yg’uchi shu qutidor edi. So’zni cho’zmoqqa hojat yo’q:

erlarimizning Oftob oyimlarg’a qarashi hamisha shundan boshqa emas.

Qaytish xabari Oftob oyim qulog’ig’a etishkandan keyin uning avvalg’i uchrashishi qizi bilan edi. Chunki eriga qarag’anda ham ko’broq ixtiyorni qizida bo’lg’anini yaxshi bilar edi.

Shu xabarni Hasanalidan eshitishi ila to’g’ri Kumushning yonig’a kirdi:
— Kumush, — dedi kulimsirab, — qaytar emishmiz, dadang aytibtilar.

Kumush qo’lida nimadir tikib o’lturg’an edi. Ko’zini ishdan olmadi:
— Qaytsalaringiz, xayr-xo’sh.

Bechora ona qizining louboli bu gapidan bo’shashib ketdi va ne zaylda o’lturib olg’anini bilmadi:
— Nima deysan?

Kumush iljayib onasig’a qarab qo’ydi, yana ishini tika berdi:
— Ketsalaringiz xayr-xo’sh.
— Sen-chi?
— Men qolaman.

Oftob oyim tushunolmay qizig’a bir necha vaqt tiki-lib turdi. Kumush unga qaramay nina sanchar edi.
— Hazilingni qo’y.
— Hazilim emas — chinim.
— Uyat emasmi?

Kumush kuldi:
— Nega uyat bo’lsin?
— Qo’y-chi!
— Qolsam o’z erimniki, — dedi Kumush, — begona emaski uyat bo’lsa…

Oftob oyim o’t ichida qolg’andek toblandi:
— Birav qol, demasa ham qolaberasanmi?

Kumush ishini yonig’a qo’yib endi onasig’a qaradi:
— Avvalo bu erda qolishimg’a sizdan boshqa hech bir qarshi kishi yo’q. Zaynab sizning yoningizg’a o’tsa ham, biroq uning xohishini menga ahamiyati yo’q.
— Esing o’zingdami, bola?
— O’zimda, — dedi kulib, — man sizning qizingiz Kumush… Hozir Toshkandda o’z erimnikida o’lturibman…
— Erim, deb tuqqan onangdan kechasanmi, yuzsiz?
— Yo’q, kechmayman, faqat bir necha vaqt sog’i-nibqina yuraman.

Oftob oyim qizining bu gapini eshitib yig’lab yubordi:
— Onangning o’sha sog’inishqa toqati yo’q, — dedi,— man sani kundashlik uyga ishonmayman…
— Kundashim bitta bo’lsa, do’stlarim sakkizta.

Oftob oyim ko’z yoshisini artdi:
— Kundash bilan hazil o’ynama, qizim.

Kumush go’yo Zaynab ustiga hujum yasayturg’andek hurpaydi:
— Ul kundash bo’lg’anda men kundash emasmi?
— Ming qilg’anda ham, — dedi onasi, — sen chin kundash bo’lolmaysan.
— Nimaga?
— Nimagaki ering sen tarafda, chin kundashlik va chin dushmanlik Zaynab tarafda.

Kumush kulimsirab onasining qulog’ig’a shivirladi:
— Bu to’g’rida xotirjam’ bo’ling.
— Nima uchun xotirjam’ bo’lay?
— Agar Zaynab manga kundashlik qilabersa, ku-ya-vingiz uning javobini bermakchi… Shuning uchun ham manim bu erda qolishim ma’qul.
— Javobini bersa, qaytib kelishlik qochmas…
— Man ketsam, — dedi Kumush, — hech qachon Zaynabka javob bermaydir.
— Nega bermaydir?
— Shuning uchunki qudachangiz kelinsiz qolaman deb orag’a tushadir, ammo men shu erda bo’lsam, albatta tiliga kaltak keladir.

Oftob oyim hamon oyog’ uzatmadi, qizig’a yalinib ko’rdi:
— Yosh joning bor, qizim, — dedi, — biravga yomonliq sog’inma, man bilan birga ket, nima qilishsa o’zluk-o’zi qilishsin… Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo’yg’an.
— Siz tushunmay yotibsiz, — dedi Kumush va eshikdan oyog’ tovshini sezib gapni shu erda to’xtatdi. O’zbek oyim so’zlanib kirdi:
— Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo’lsin… Marg’ilon degan yurtdan ot- otlab, tuya qo’mlab kel emish-da bir oyg’ina turmay ket emish! — Oftob oyim bilan Kumush uning hurmatiga o’rinlaridan turdilar. O’zbek oyim o’ltura-o’ltura so’radi. — Hali eshitdinglarmi?

Eshitdik, — dedi Oftob oyim biz ham shuning mojarosida edik.
— Axir shu ham gapmi, xudda allakimlarga o’xshab.

Oftob oyim uzr aytdi:
— Uyimiz yolg’iz, shunchalik sizlarni ozor chekdirdik… Begona kishinikida ham yigirma kun turayliq-chi… Xudda o’z uyimizdek yayrab-yashnadiq, sharofatlaringiz soyasida ko’b kishilar bilan tanishdiq, izzat-ikromlaringiz ta’rifidan ojizmiz… Endi navbat sizlarning ham bizning shaharlarga borishlaringizg’a keldi.
— Bekor gap, — dedi O’zbek oyim, — hali qudalarimizni muddaodagidek siylay olg’animiz yo’q, shu holda jo’natsaq bizning sha’nimizga yaxshi emas… Men qudamning oldig’a chiqaman, bizga nomus keltirmakchi bo’lsa ertaga jo’naybersin.

Oftob oyim takror uzr aytdi:
— Bizni uyaltirmoqchi bo’lsangiz mayli, chiqing, agar xursandligimizga qarasangiz, qo’ying.

Kumushingiz ham; shuncha turg’animiz bas, endi Zaynabni olib oyimning o’zlari biznikiga borsinlar, deydi…

Ketish orasig’a Kumush ham kelturilib siqilg’ach O’zbek oyimning haligi odamgarchiliklari keyingi navbatka qoldi.
— Hali Kumush ham ketmakchimi?

Kumush kulimsirab onasig’a qaradi. Oftob oyim uzr aytdi:
— Shukur, sizning oldingizda Zaynabnisa bor. Manim bo’lsa qanot-quyrug’im shu Kumush.

Ayniqsa, Kumushingizga javob bermasangiz bo’lmas, oyi.

O’zbek oyim Kumushka xo’mrayib oldi:
— Yo’q-yo’q Oftobbonu, — dedi, — sizlarga javob bersam-da, Kumushka yo’q.
— Shu galcha javob berasiz, men sizdan so’rayman.
— So’zingiz erda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka yuzini o’girdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib.
— Menda ixtiyor yo’q, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani ma’qul ko’rsalaringiz menga baribir.

O’zbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qo’ydi. Oftob oyim qizig’a o’qrayinqirab er tegidan qaradi:
— Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmaslig’a faqat meni ko’zi qiymag’ani uchun… bo’lmasa albatta ketmas edi.

O’zbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnag’anda qizingiz bir yilgina Toshkandda tursa nima qipti…» kabi so’zlarni o’zgarishsiz bir maqomda aytilib turg’andan keyin Oftob oyim boshqa yo’l tutmoqchi bo’lib, Kumushni uydan chiqib turishka buyurdi. Kumush chiqg’andan so’ng:
— Qizini menga qoldirishg’a ayadi demang, oyi, — deb qo’ydi, — munda boshqa mulohazalar ham yo’q emas…
— Ayting.
— Aytsam shuki, — dedi bechora ona, — Kumushingizning fe’li xo’yi o’zimga ma’lum: erka o’skan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yo’q, har kun Zaynabingiz bilan g’idi-bidi qilaberib sizni qiynab qo’yarmikin deyman… Bir kuni kelganda onasi qurg’ur bir og’iz aytmagan edi, deb mendan ranjirmikinsiz deyman… Tana buzoqning turqi tuqg’anig’a tamg’a deganlaridek, albatta menga ravshan… arazchi desangiz ham shu, ichi qoraliq desangiz ham shunda…

Shuncha to’qumadan O’zbek oyimning yuzida hech bir o’zgarish sezilmadi:
— Albatta unaqa gap har kimda ham bo’ladi, — dedi,— shukur, men bilan hoji otangiz tirik bo’lsaq, undog’ gaplarga yo’l qo’ymaymiz. Zaynab bo’lsa xudo-ning yaratkan maxluqi; urish va araz degan gapni bilmaydir.
— Zaynabingizning fe’li albatta sizga ma’lum ekan, ammo men Kumushni sizga yaxshi, deb aytalmayman.
— O’z bolasini yomonlag’uchini, — dedi kulib O’zbek oyim, — men o’z umrimda birinchi martaba ko’rdim… Undan ko’ra bolamni senga ishonmayman, deb ayting.
— Nega ishonmayin, faqat qozonimdag’ini sizg’a suzib qo’ydim…
— Nima bo’lg’anda ham Kumushka javob yo’q.
— Xo’b qolsin, — dedi Oftob oyim, joni kuyib asabiylashkan edi, — Kumushdan har na yomonliq ko’rsangiz mendan o’pka qilmang.
— Qizingizg’a yomonliqni o’zingiz o’rgatib ketmasangiz sizdan o’pkam yo’q.

Ikki quda havli yuzasiga tushkanda Kumush sahn bo’ylab yurinib turar edi. Ular Zaynabning uyiga to’g’ri kirdilar. Zaynab ularni qarshilab o’tqazdi va achinish ohangida Oftob oyimg’a dedi:
— Qaytar emishsizlar, deb eshitdim. Birar oy ham turmas ekansizlar-da.
— Ancha turdik aylanay, buv Zaynab, — dedi Oftob oyim, — endi navbat sizlarning borishlaringizg’a qoldi.

Uchunchi so’zni O’zbek oyim oldi:
— Shuncha aytdim — bo’lmadi, yov quvlaptimi bilmadim. Oppoq oyingga qolsa, Kumush opangni ham birg’a olib ketmakchi.

Zaynab bir turluk holga tushdi. Kuchlangandek qilib:
— Ular nega ketsinlar! — dedi.

Oftob oyim qudasig’a qarab qo’ydi:
— Ketmasa bo’lmaydir, buv Zaynab. Bir chekkasi sizning es-hushingiz joyida, manim Kumush opangizdan boshqa hech kimim yo’q, qolsa-ku mayli, biroq meni Kumushsiz o’ldi, deng. Shunga qolg’anda qayin onangiz bir oz tushunmay turiptilar.

Zaynab er ostidan qayin onasig’a ko’z yubordi. O’zbek oyim hanuz tirtishib yotqan qudasig’a qarshi qizishdi:
— Qo’ying-chi, — dedi, — besh-olti kun qizsiz turg’an kishi bir narsa bo’ptimi?!
— Siz tushunmayapsiz oyi… hali tag’in dadasi biladilar.
— Men senga aytay, Zaynab, — dedi O’zbek oyim va endi qudasining gapiga quloq solmay qo’ydi, — oppoq oyingning hamma mulohazasi sendanga o’xshaydi. Zaynab siqilmasmikin, ikki o’rtag’a sovuqchiliq oralamasmikin, deb qo’rqadi. Men: Zaynab siz o’ylag’an kelinlardan emas, tegu taxtlik, aslzoda, Kumushni siylamag’anda ham bizni siylaydi, — desam ham unamaydi…
— Meni xudo uriptimi, — dedi Zaynab.

Oftob oyim qudasining keyingi gapidan ancha siqildi. Go’yo o’zi Kumushni qoldirishg’a tarafdor bo’lsa ham, faqat Zaynabning kundashlik qilishidan qo’rqib turg’andek ko’rsatilgan edi.
— Yanglishyapsiz, oyi.
— Yanglishsam, yanglishmasam Kumush bu uydan siljimaydir.

Oftob oyim bo’g’ilib, foydasiz tortishib o’lturishni tark qildi. Endi bu to’g’rida eriga murojaat qilmoqchi edi…

Marg’ilong’acha aravani Hasanali minadirgan bo’ldi. Chunki Marg’ilondan arava minib kelguchi yollanilg’an kishi bo’lib, Toshkandga kelishning ertasi kuni hisobini olg’an edi.

Qudalarning qaytishi chinga aylangandan keyin, yo’l taraddudi boshlandi. O’zbek oyim bo’g’irsoq qovirtirish, talqon tuydirish, to’qoch yopdirish bilan mashg’ul bo’ldi.

Oftob oyim eridan ham qo’lini yuvib qo’ltug’ig’a urgan edi. «Hoji afandi birar yil tursin, deb aytdi. Endi bir yilni o’zimizcha ko’rmasak bo’lmas. Ikki oyog’imizni bir etukka tiqishimiz uyatka o’xshaydir» deyishi va so’zga quloq ham solmay — «mehmonxonada hoji bor, sen bilan yo’lakda ezilishib o’lturolmayman, nomus!» deb burilib ketishi bechorani juda ham esankiratib tashladi. Oxirda Otabekka ham murojaat qilib ko’rdi. Undan ham asli maqsadni hosil qilolmay, faqat ularnikidan jo’yalikroq uzr eshitdi. Otabek qayin onasining fikriga qisman qo’shilib «Nima bo’lsa ham besh-o’n kun og’irliqni manim uchun o’z ustingizga olasiz. Agar men sizning talabingizni ma’qul qiladirg’an bo’lsam, ayniqsa qizingizning ko’ngliga shubha keladir… Sizga aytkulugi yo’q, bu to’g’rig’a manim aralashmog’im yaxshi bo’lmas. Kundash adovati borasidagi fikrlaringiz to’g’ri va lekin ish u darajalarga etmas, deb o’ylayman… Juda bo’lmaganda Kumushning o’zini oldingizg’a jo’natarman, xotirjam bo’ling!» dedi.

Oftob oyim shu yo’sun har tarafdan ham umidsiz-lanib, mengravsib qoldi. Kumushni ko’rgan sayin allanuchka yuragi achir, judoliq kunlarini aslo tasavvur qilolmas edi. Kumush bo’lsa, onasining hozirgi holiga aching’andek, unga yaqinlashmay, chetlab yurar va ikkinchi tarafdan Zaynabning bir yarim qarich osilib ketkan qovoq-dudog’ig’a istehzolanib tomosha qilar edi.

Yo’l hozirliklari bitib, O’zbek oyimning Oysha kampirga atab tikdirgan sarupolari ham bitdi. Bu kun mehmonlarning eng so’nggi kechalari edi. O’zbek oyim yarim kechalargacha qudachasi bilan so’zlashib o’lturdi.

So’ngra Oftob oyim bilan Kumushni yolg’iz qoldirib o’z uyiga yotqali chiqdi. Ona-bola bu kechani birga kechirmakchi edilar. Oftob oyim qudasining ketidan qizig’a hayfsinib qo’ydi.
— Onangni firoq o’tida yondirishdan uyalmading, qizim.
— Nega yonar ekansiz…
— Nega yonmayin axir, dunyog’a kelib sendan boshqa ovinchog’im bo’lmasa… Agar qo’limdan kelsa achib va yonib turg’an yuragimni senga ochib ko’rsatar edim… Koshki edi bir shaharginada bo’lsang.

Kumush onasining yuragidagi o’tni hozir sinamasdan ham his etkan, chunki yigirma yil o’z quchog’ida o’sdirg’an onadan ajralish uning o’ziga ham og’ir tuyulib boshlag’an edi.
— Besh-olti oy… hech narsa bo’lmas, oyi. Eson bo’lsaq tag’in ko’risharmiz.

Oftob oyim ko’z yoshisini duv to’kib yubordi. Nachog’lik o’zini qattig’ ushlagan Kumush ham sirrini yashirolmadi… Ona-bola bir necha vaqt yig’i ichida bo’-g’ildilar.
— Qolishg’a-qolding, — dedi oxirda ona, — ammo qayin ota va qayin onalaringg’a xizmat qil, yaxshiliqni qo’lingdan berma, ayniqsa, kundashingga yomonliq sog’inma, yaxshiliqdir, yomonliqdir har nimaiki o’zlari qilsinlar, zinhor sen aralashma.
— Manim nima ishim bor…
— Albatta ishing bo’lmas… Shundog’ bo’lsa ham men kechagi so’zingdan cho’chib qoldim. Kunda- shingning ko’rinishi bayovg’a o’xshasa ham, ammo o’zi pismiq ekan… Bunday odamdan albatta hazar kerak. Agar oralaringg’a savuqchiliq tushadirg’an bo’lsa, sen o’chakishib yurma, yaxshisi qayin otangg’a uzringni aytib, bu uydan ketish harakatini qil. Men bu to’g’rida ering bilan ham so’zlashib qo’ydim, tuzikmi?
— Tuzik.
— Xudoyg’a shukr, qo’lingda xating bor, o’lg’anning ustiga chiqib tepkandek xat-xabarsiz qo’yma. Har bir o’n besh kunda xat yozib eringga ber.
— Albatta, siz ham unutmang.

Bir oz jim qoldilar… Oftob oyim entikib og’ir nafas oldi va ma’yusona Kumushka qaradi.

Kumush o’rinsizcha onasig’a qarab iljaydi. Bu o’rinsiz ishdan Oftob oyim achchig’landi:
— Manim holim senga kulgimi, qizim?
— Yo’q, — deb yana kulimsiradi Kumush, — bir-ikki kundan beri siz aytadirgan…
— Nima men aytadirgan?
— Axir… — deb qizarindi Kumush, — ko’nglim aynar edi, deb aytar edingiz-ku…

Oftob oyimning ham yuzida bir kulimsirash ko’rishdi:
— To’g’rimi?
— Bilmadim… — dedi, erga qarab qizardi, — o’tkan kundan beri ko’nglim aynagandek bo’ladi… Ayniqsa palov isidan ko’nglim ketadi… Achchig’ narsalar egim keladi…
— Muborak bo’lsin, — dedi Oftob oyim, kuldi. Kumush ijirg’anib o’zicha allanarsa so’zlandi. Oftob oyim engashib Kumushning qulog’ig’a shivirladi, — bu sirni eringdan boshqa hech kimga bildirma, qayin onang ham engil xotin, ayniqsa kundashing seza ko’rmasin.

Kumush ma’qul ishorasini berdi. Ona-bola bir o’rin yozib yotdilar. Ko’b vaqtkacha Oftob oyimning ivir-shiviri nabira to’g’risida bo’lib qoldi. Ko’ziga uyqu kelmay «shuni ham ko’rar kun bo’larmikin?» deb edi.

Sahar paytida turib choy ichdilar. Subh namozini o’qub, arava qo’shildi. Aravaga chiqadirg’an mayda-chuyda tashilib bitdi. Ot jilovida Hasanali, arava yonida qutidor va hoji so’zlashib turar edilar. Otabek arava orqasig’a narvoncha chiqarib qo’ydi. Xotin-xalaj hamma yo’lakka yig’ilib, Oftob oyim birin-birin kuzatkuchi xotinlar bilan ko’rishib chiqdi. Eng so’ng Kumushni bag’rig’a bosib yig’lab yubordi. Kumush ham o’zini tutib turolmadi. Boshqalar ham yig’idan nasibasiz qolmadilar.
— Xudoyg’a topshirdim, Kumush, qazom etib ko’ralmay o’lsam, mandan rozi bo’l!
— Siz ham, oyi!..

Qutidor ham ko’chadan yo’lakka kirib qizining manglayidan o’pdi:
— Ko’rishkuncha, qizim.
— Xayr, otajon.

Yo’lakka Yusufbek hoji yuzlanib umumiy duog’a qo’l ko’tarildi. Duodan so’ng Otabek to’riq yo’rg’ani chiqarib qutidorg’a tutdi. Oftob oyim yana bir qayta qizi bilan quchog’lashg’ach, Otabekning ko’magi bilan yig’lag’an ko’yi narvonchadan aravaga mindi va soyabon orqaliq olding’a o’tdi. Qutidor Yusufbek hoji bilan salomlashib quchoqlashg’andan keyin Otabekning qo’ltig’lashi bilan otqa mindi. Otabek ham aravaga, Oftob oyim yonig’a chiqib o’lturgach, umumiy «Ollohu akbar!» dan so’ng Hasanali otni yo’lg’a soldi.

Kumush darboza yonig’a chiqg’an edi:
— Xayr onajon! Manim uchun buvimni quchog’lab qo’ying. O’rtoqlarimg’a salom ayting!
— Xudoyg’a topshirdim, Kumush, yaxshi qoling, quda!
— Yaxshi boring, buv Oftob!
— Yaxshi qoling, buv Zaynab!
— Yaxshi boring, opoq oyi! Arava ko’chadan burilg’uncha «yaxshi qoling, yaxshi boring, salom ayting» so’zlari takrorlanib turdi. Arava katta ko’chadan burilib, ko’zdan yo’qolg’ach, eng keyinda qolib yig’lag’an ko’yi Kumush ichkariga kirdi. Otabek bir necha bekatkacha mehmonlarni kuzatib borib, so’ngra qaytmoqchi edi.

Xushro’ybibi Va Zaynab
Xushro’ybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki o’g’ul va ikki qiz dunyog’a kelib, to’ng’uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro’y (yoshlig’ida Xushro’y o’rniga Xushra der edilar), uchunchisi Karimbek va to’rtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi Xushro’ydan etti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan talashib tushkan bo’lsalar ham, sajiya — xarakterda tanib bo’lmasliq darajada bir-birlaridan farqlik edilar.

Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta o’zgaliklari bor edi.

Xushro’y uzun bo’ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo’y, go’shtdor va oq tanlik edi. Xush-ro’yning harakati engil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o’nta so’zga arang bitta javob qaytaradirg’an edi. Xushro’yning ko’zi o’ynab, har sekuntda o’n yoqqa alang’lar edi.

Singlisi bo’lsa birav bilan betma-bet kelib so’zlashqanida ham ko’zini hamisha bir nuqtadan uzmas edi. Xushro’yga bolaliq chog’idayoq uy ichi va qo’ni-qo’shni «shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo’lsa-bo’lsin, aytkanini qildirmay qo’ymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshig’a kiyib olar edi. Shuning uchun Xushro’yning ra’yini bilmasdan qozon osilmas, unga yoqmagan gapka og’iz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi.

Zaynab egachisining aksicha o’z yaqinlaridan «pismiq» deb ism olg’an, onasi bo’lsa achchig’i chiqg’anda «ming’aymas o’lgur» deb uni qarg’ar edi. Ayniqsa quyida zikr qiladirg’an holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib ko’rsatish uchun etadir:

Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarig’a kiyimlik oldirar edi. Oldirg’an kiyimlik Xushro’yg’a yoqmasa darrav yaramag’anini aytib almashdirib berishka dadasini majbur etar va ko’ngli-dag’ini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab bo’lsa o’ziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib ham arafa kunlari kelib etkandan keyin hurpayib hech kim bilan so’zlashmay qo’yar edi. Mohira oyim qizining birarta ishdan norozilig’ini payqab «Ming’aymas, pismiq o’lgur, tag’in nima jin urdi seni?» deb so’rag’anida, Zaynab qovoq-dudog’ini solib bir og’iz ham javob bermas edi. Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yig’i bilan almashar va yig’i orasi maqsad ochilsa ham ko’pincha natijasiz qolar edi. Birar joyga mehmondorchiliq uchun boradirg’an bo’lsalar, Xushro’y hammadan ilgari e’lon etar edi: «Men ham boraman!» Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yo’q. Ikkinchi vaqt: «Men bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo Zaynab onasi bilan yangasi Hanifa bir joyga otlanadirg’an bo’lsalar, «boraman, bormayman» demas, ular ham yig’lamag’an bolag’a sut berilmas qabi-lidan indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar. Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda Zaynab yig’lab o’lturipti:
— Nega yig’laysan?
— Nega meni birga olib ketmadingiz…

Zaynabning shu fe’li balog’atka etib, erga tekkandan keyin ham o’zgarmadi.

Otabekning Zaynabka bo’lg’an munosabatini o’qu-g’uchig’a albatta so’zlagulugi yo’q. Eri unga oylab, yil-lab qaramay qo’yg’anida ham ul ih deb tovush chiqarmadi. Otabekning bu holiga qarshi chiqg’uchi va Zaynabni yo’l-yo’ruqqa solg’uchi yana faqat O’zbek oyim ediki, buning sababi ham izzatlik o’qug’uchimizg’a bir daraja ma’lum bo’lsa kerak. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar deganlaridek, O’zbek oyimning o’shal vaqtlardag’i tash-viqotlari ham uning tarafidan faqat «kelinlik» majburi-yati ostida qabul qilinar, masalan, qayin ona — «falonchi domlag’a borib mundog’ qil, Zaynab», deb buyur-mag’uncha o’rnidan qo’zg’almas va shuning bilan birga erining tashlab qo’yishi to’g’risida onasi, egachisi va boshqa yaqinlarig’a churq etib og’iz ochmas edi. Zaynabning bu holiga hukman — «erining qarash va qaramaslig’i uning uchun farqsiz edi» deb aytish albatta to’g’ri bo’lmaydir. Chunki kundashining Toshkandga kelish xabarini eshitkan Zaynabni biz yuqorida Otabek quchog’ig’a tashlang’an holda ko’rib edik. Xulosa, Zaynabning bolaliq vaqti bilan hozirgi holini chaqishdirib qarasaq ko’ramiz; yosh Zaynab bir oy ilgari tikilib qo’yilgan kiyimning o’ziga yoqmag’anini faqat arafa kuni aytib, yig’laydir, bu kungi Zaynab o’zining muhabbatini eriga faqat kundashi kelib etar oldida e’lon qiladir.

Biz yuqorida yosh Xushro’y bilan o’qug’uchini bir darajada tanishdirgan edik. Endi uning oila hayoti bilan ham tanishdirishka majburmiz:

Xushro’yning erga tegishi ham o’ziga o’xshash fav-qulodda bo’lg’an edi. Masalan aksariyat qizlarimiz ota-ona kimni muvofiq ko’rsa, shunga tegishka majburdirlar. Lekin Xushro’yniki mundog’ bo’lmadi. Xushro’y o’n sakkiz yoshka etkandan keyin unga sovchilar kela boshlaydirlar.

Tabiiy Xushro’yning fe’lini yaxshi bilgan ota-ona uning ra’yini olmasdan turib bir ish qilmoqdan qo’rqadirlar. Olim ponsadboshig’a ma’qul bo’lg’an necha yigitlar, Mohira oyimg’a yoqg’an qancha tegu taxtlik xonadonlar Xushro’y tomonidan rad qilina boradir. «Falonchining o’g’limi?» deb so’raydir Xushro’y va onasidan javob kutmay: «xudoy ko’tarsin erni. O’shanga tekkanimdan ko’ra, qaro erga tekkanim yaxshi!» deydir. Bir necha vaqt shu yo’sun Xushro’yning ra’yiga qarab er-xotin zerikadirlarda, o’zlaricha bir joyga qudalashmoqchi bo’ladirlar.

Ularning andishasini bilgan Xushro’y boshda bunga qarshi bir narsa demaydir. Ammo uzil- kesil fotiha o’qub, qudalashish uchun uyla-riga kelgan sovchi va quda xotinlarning oldilarig’a kelib betlariga aytadir: «Hali men ersirab qolg’anim yo’q, fotiha o’qub tashvish chekmay uylaringga jo’nay beringlar». Mohira oyim bu yuzsizlikdan er yorilsa erga kirgundek bo’ladir. Sovchilar ersa mundog’ uyatsiz qizdan alhazar o’qushib jo’naydirlar. Albatta ota- onaning bunga qarshi choralari qarg’ish va ranjishdan nariga o’tolmaydir. Og’asi Azimbekning Xushro’y ustiga ko’targan mushti ham «nega meni urasiz, men falonlik qildimmi?» degan haqlik so’z bilan darmonsizlanadir.

Shu voqi’adan so’ng sovchilar oyoqi uziladir. Xush-ro’y uchun hech kim og’iz solmay qo’yadir.

Chunki boyag’i sovchilar bu favqulodda muomalani ko’ringan biravga doston qilib o’quydirlar.

Mohira oyim ta’naga til ochadir: «Endi dunyodan ersiz o’tasan, qizim!» Lekin Xushro’y hanuz pinagini buzmaydir: «Er qurib ketkan emasdir, xohlasam ertagayoq erga tega olaman», deydir.

O’rtadan bir necha vaqt o’tib Azimbekning o’rtoqla-ridan bo’lgan Nusratbek otlig’ bir beknikidan xotin ustiga sovchilar keladir. Mohira oyim eridan fikr so’rash o’rnig’a qizig’a arz qiladir va Xushro’y munga qolganda quloq qoqmaydir. Bu roziliqni eshitib otasi va og’asi juda so’yinishadirlar. Zero Nusratbek beklar ichida obro’likroq kishining o’g’li va hozirgi tutib turg’an ishi ham ancha dong’lik bo’ladir. Shuning uchun uning xotinliq bo’lish kamchiligi ham e’tiborg’a olinmaydir. Fotihaning ikkinchi haftasi to’y-nikohlari bo’lib, Xushro’yning Nusratbek bilan chodirda qilg’an birinchi muomalasidan til biriktirib erga tekkani xotinlarg’a ma’lum bo’ladir.

Xushro’y chodirdan chiqmasdanoq choy tashib, xizmat qilib yurgan kundashiga kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda to’ppa-to’g’ri kundash ustiga sapchiydir. Hafta, o’n kun o’tmasdan erini o’z tomonig’a og’ishdirib kundashi yonig’a kirgizmayoq qo’yadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda o’choqboshini o’z qo’lig’a olib kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek bo’lsa ko’chaga chiqg’anda beklik da’vosini qilib, uyiga kirganda Xushro’ybekka mute’. Bechora katta xotin Xushro’yning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita go’daklari yuzi uchun bo’lsin marhamat ko’rmay azoblanadir.

Ikkinchi oylardan boshlab Xushro’y kundashini bo’g’ib urish odatini chiqaradir va o’rim-o’rim kundash sochini alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir.

Tamom jonidan to’ygan bechora kundash uchunchi oyg’a chidab borolmay eridan taloq so’raydir.

Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur bo’ladir. Alamzada bechora ikki go’dakni eriga tashlab ketmakchi bo’lg’anida Xushro’ydan ochiqchasig’a shu gapni eshitadir: «Itdan bo’lg’an qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan bo’lsang, itbachchala-ringni bu uyda qoldir!» Xushro’yning og’zidan chiqg’an bu tahdid bechora onaning yuragini uyushdiradir.

Darhaqiqat, Xushro’yning bu ishdan ham toymaslig’ini aniq bilib, yig’lay-yig’lay bolalarini o’zi bilan birga olib ketadir.

Xushro’y uch oy ichida tomir yoyib qolg’an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab tinchiydir.

Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham o’z ishoratiga qaratadir.

Endi etti-sakkiz yil bor, ul o’z kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun, biroq…

Shuncha muddatdan beri ona bo’lolmag’anidan xafa, hamma qayg’u hasrati ana shu tug’masliqda.

Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tug’maysan, ko’r-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushro’y erining maqsadi nima ekanini payqab:

«Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg’an bo’lsa, bir oz zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o’zim eyman!» dedi. Shundan keyin Nusratbek mundog’ gapni ikkinchi gapirmay qo’ydi.

Darhaqiqat, Xush-ro’yning bu so’zini hazil deb bo’lmas edi.

Esini Kirgizdi
«Kundashlik uyda kunda janjal» deganlar. Albatta buni aytkuchi kishi o’ylamasdan va bilmasdan aytmagandir. Jilla, har kuni janjal bo’lmag’anda ham haftada, o’n kunda bir to’polon chiqmasa albatta kundashni kundash, deb bo’lmas. Nega desangiz, bizning ba’zi bir kundashsiz, chiqitsiz oilalarda ham ikki, uch kunda tovoq-qoshiq sinib, tog’ora yangilanganini har qaysimiz bila-miz, bas, endi kundashlik oilalarimizga kelganda-chi, albatta yuqoridag’i
— «kundashlik uyda kunda janjal» maqolini to’g’rig’a, chinga chiqarmasdan chora yo’q.

Men — yozg’uchi, «O’tkan kunlar» hikoyalarini otam marhumdan necha qaytalab eshitsam ham zerikmas edim, faqat bir joyigina meni zeriktirar edi. Bu kun men shu «O’tkan kunlar»ni qalamga olganimda ham o’sha o’zimni zeriktirgan faslini tashlab o’tishka majbur bo’ldim.

Darhaqiqat, o’z oramizda kundash janjalini kim bilmasin? Arzimagan gap ustida dunyo buzg’an kundash to’polonlari kimning qulog’ig’a yoqsin? O’qug’uchining qimmatlik vaqtini ayag’animdek, qalamni ham bu g’idi-bididan ozod qilishni muvofiq ko’rdim. Meni kechirsinlar.

Zaynab xafaligi oshqan kezlarda qarindosh-urug’lari-nikiga yurib chigilini eshar edi. Uch- to’rt oyning ichida ikki martaba egachisi Xushro’ynikida ham mehmon bo’lib ketdi. Ammo hozirgisi uchunchi martaba kelishi edi.
— Nuchuk xudo yarlaqadi! — deb Xushro’y singlisini qarshiladi. Sunbula oyining mo’’tadil havosiga qaramasdan Zaynab marjon-marjon terlagan edi.
— Nega muncha o’zingni oldirib qo’yding, Zaynab! Uyingdan tinchmisan, ering eson-omon yuriptimi?
— Qurib ketsin, — dedi Zaynab va ko’ziga yosh oldi. Xushro’y achinish o’rniga kuldi.
— Kel, ayvong’a chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi?
— Yo’q.
— Uyingdan keldingmi?
— Ha.

Xushro’y singlisini o’tqazib cho’risiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson, omonmilar?» deb so’rag’uchi singlisiga:
— Pochchang o’lsin! — dedi achchig’lanib Xush-ro’y,— Najmiddinbek deganning dalasiga ketkan edi. To’rt kundan beri dovu daraksiz, o’ldimi, qoldimi — bilmayman.

Zaynab uch-to’rt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi to’lalig’ining yarmisini yo’qotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, ko’z harakatida ham bir besaranjomliq zohir va bularning ustiga har qachon unda ko’rilgan «og’irliq» o’rniga asabiylikka yaqin bir vaziyat o’lturg’andek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi:
— Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning ham boshingizg’a manim kunimni solsa nima qilar edingiz?
— Men ham Zaynab bo’lsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushro’y, — menga qolsa har kim o’z nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni o’zi hozirlaydir…
— Tavba deng, opa.
— Men shu choqg’acha, — dedi Xushro’y, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim…
— Katta gapirmang.
— Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushro’y,— manim fe’lim har kimga ma’lum va hammadan ham senga ochiq… Qo’ychi bu gaplarni, o’zing tinchmisan?
— Tinchligim qursin…
— Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurig’an.
— Quritg’an qurisin…
— Sening tinchlig’ingni hech kim quritg’an emas, Zaynab! Hamma jabrni o’zing-o’zingga qilayapsan!
— Hamisha shu gapni aytib qolg’ansiz,— deb o’pkaladi Zaynab,— dunyoda kim o’ziga jabrni xohlaydir?
— Sen va senga o’xshag’anlar.
— Xudo urar…
— Aytsang, aytmasang xudo urib qo’yipti.
— Shunday kunlarga men qolay dedimmi?
— Degansan! Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi bo’lg’anig’a tushunolmadi:
— Degan bo’lsam ayting…
— Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi?
— Bilaman…
— Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushro’y, — endi kelaylik sening erga tegishingga:

albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizolig’ing yo’q edi, ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima o’zing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing ham bo’lg’andir — biroq uni hech kim maydonda ko’rmas edi. Shuning uchun tizgining oying bilan dadangning qo’lida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga sotsa, qaerg’a jo’natsa ixtiyorsiz eding… Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib, chaqchaqlab aravaga mindim, sen bo’lsang, uydan yig’lab chiqding va eringnikiga yig’lab bording… Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish bitmasligini yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qo’ydi, sen churq etmading, istiqboling to’g’risida o’ylamading… Faqat g’alvir suvdan ko’tarilgandan so’nggina, sen o’zingni har tarafka tashlay boshlading… Lekin endi bir ming toblansang ham natija o’zingning fe’lingcha— bitta: sening uchun har kun bir o’lim yoki o’sha uydan boshingni olib chiqish.

Xushro’yning rahmsiz muhokamasidan oqg’an bu haqiqatlar Zaynabni yig’latdi.
— Men shunday bo’lar, deb o’ylamag’an edim…
— Sen o’ylashni bilarmiding? — deb kuldi Xushro’y.
— Birav o’lay desa, siz kulasiz!
— Men yig’lashni bilmayman! Kishilar yig’lag’anda, manim kulgim qistaydir.
— Manim o’rnimda bo’lsangiz, siz ham yig’idan bosh ko’tarmas edingiz…
— Sening eringda bo’lsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushro’y, — dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo’shib tashlar edim.

Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga ko’ta-rilib qaradi va Xushro’yning yuzida zolimona bir istehzo ko’rdi.
— Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma do’stlaringiz sizga dushman bo’lsin, uch yildan beri sizning so’zingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham dushmaningiz yonig’a o’tsin: hatto sizni tuqg’an ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb quruq so’z aytib o’ltursinlar… Bas, shu holatda siz yig’lamay nima qilar edingiz?

Xushro’y pinagini buzmay yana kuldi:
— Dushman o’zi nima degan so’z? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining dunyoda do’sti yo’q, magar nafsiga o’zi do’st; kishining dunyoda dushmani yo’q, magar nafsiga o’zi dushman! Masalan sen o’zing: otangg’a, onangg’a do’stim, deb ishonding, ammo ulardan nima yaxshiliq ko’rding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan kengashlari sening yarangga malham bo’larmi? Albatta, bo’lmas. Boshdayoq ering senga qaramay qo’ydi. Ammo sen qayin onangning va’dasiga va tag’in allanarsalariga ishonding… O’zing o’yla, bolani ona tug’adir, lekin unga muhabbatni ham ona tug’ib beradimi? Albatta bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr ediradir, qayin onang bo’lsa kundashing duosida…

sen bo’lsang yig’i quchog’ida…
— Sizdan o’zimni chaqdirg’ali kelgan emasman! — dedi yig’lag’an ko’yi Zaynab, — o’z uyimda ham tegmay chaqadirg’an gazandalarim bor… Siz ham manim kuygan jonimga o’t yoqmang-da, agar qo’lingizdan kelsa, bu o’rtang’an singlingizni tinchiting.
— Sen hech tinchiy olmaysan…
— Har narsaga aqlingiz etadi… Loaqal bu baxtsiz singlingiz uchun birgina bosh og’ritsangiz-chi… Ustimga shu balo kelgandan beri eshigingizga necha qayta kelib quruq qaytdim, endigina siz ham…

Xushro’y bir oz Zaynabning yuziga qarab turg’andan keyin:
— Manim kengashimga yurasanmi? — deb so’radi.
— Jo’yalik bo’lsa nega yurmay.
— Yursang, — dedi Xushro’y, — chiq eringdan.

Zaynab o’krab yubordi:
— O’zim ham shundog’ deyarsiz, deb turg’an edim…

Xushro’y:
— Negaki sening dardingning davosi, menga qolsa faqat shu.
— Qanday qilib chiqay, axir…
— Erdan chiqg’anlar qanday qilsa, sen ham shunday qilasan! Zaynab javob bermadi. Cho’ri xotin o’rtag’a dastur-xon yozib choy keltirdi, Xushro’y xizmatchini o’choqboshi yumishlariga buyurib choyni o’zi quydi.
— Dasturxonga qara, Zaynab!
— Ishtihom bo’g’ildi…
— Manim aytkanimni qilsang ishtihong ham ochiladir.
— Erim… erimni ko’zim qanday qiysin.
— Javob so’rasang, — dedi kulib Xushro’y, — seni taloq qilish uchun eringning ko’zi qiyadimi?
— Bilmayman…
— Albatta yaxshi bilasan, qiyadi! Ammo sen ahmoq-san, ko’rpangga qarab oyoq uzatishni, qars ikki qo’ldan chiqishini bilmaysan!
— Etagingni qoqib ketaber, deysizmi?
— Chunki shundan boshqa chorang yo’q!
— Sen hasratda o’l, kundashing yayrab-yashnasin, shumi maqsadingiz?
— Hozir hasratda emasmisan, kundashing yayramaydimi?
— Tuzik, — dedi Zaynab, — lekin har qadamda uning huzurini buzaman, bir cho’qitib o’n qarataman.

Xushro’y kuldi:
— Bundan nima chiqadi?
— Ishqilib kelgindini tinchitmayman.
— Sen tinchitmasang, — dedi Xushro’y, — boshqalar seni tinchitar…
— U nima deganingiz?
— Ya’ni rohatini buzaversang, ering seni qo’yar?..

Zaynab bu haqiqat oldida o’ylanib qoldi. Xushro’y o’zining vahshiy ko’zlari bilan singlisiga qarab kulimsi-rar edi. Bu kulimsirash orasi «qo’lingdan nima keladi?» degandek bo’lar edi. Zaynabning tusi shu choqg’acha ko’rilmagan ravishda o’zgarib ketdi. Negadir tinmay oqib turg’an ko’z yoshisi ham quridi va tovshida ham hanuz eshitilmagan keskin bir ohang bor edi:
— Esimni kiritdingiz, opa, — dedi, — rahmat sizga.
— Rahmatingni menga aytma, — dedi Xushro’y, — ishonsang yuragingga aytarsan…

Oy-Kuni Yaqin Edi
Kumushning oy-kuni yaqin edi. Nabiralik bo’la-dirg’an O’zbek oyimning ishi boshidan oshqan, Kumushning oyi tug’masdanoq ul beshik yasatish bilan mashg’ul edi. Doyacha kim, aqiqaga nechta qo’y kerak, nechanchi kunda to’y o’tkaziladir, nechta erkak, nechta xotin aytiladir va kimlar? Mana shuningdek masalalar bilan O’zbek oyimning miyasi juda shishkan edi. Kumushda ko’rilgan ba’zi nishonalarga binoan nabirasining o’g’ul bo’lishida shubha qilmas — «o’g’ul tug’asan, Kumush, men ham Otabekni senga o’xshash engil ko’targan edim», der edi. Kumushni xizmatdan bo’shatilib ba’zi o’choq-boshi yumishlarini Zaynab idorasiga topshirilg’anig’a endi bir oylab bor.

O’zbek oyim nabira masalasida qancha xursand bo’lsa, Otabek shunchalik xafa, chunki Kumushni ko’rgan sayin usta Alim foji’asini xotirlar edi. Yusufbek hoji ma’lum aldanishdan so’ng yurt ishidan qo’l yuvg’an, ko’b vaqtini mehmonxonada «Qur’on» va «Daloyil» o’qub kechirar, kundash orasi buzilib, o’rtadan so’z chiqg’anini goho eshitsa, ikkala kelinni o’z oldig’a chaqirtirib, ularni qator o’tqazar edi. Avvalo Kumushdan o’pka qilib: «Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan-kichikka shafqat lozim, mundog’ yaxshi emas!» va Zaynabka qarab:

«Bolam Zaynab otin! Sizdan hali yoshlik g’ururi ketmagan, lekin manim bolam bo’lg’an- lig’ingizni siz ham unutmang!» der va shuning singari yumshoq gaplardan keyin ikkisini duo qilib bir-birisiga salom berdirar — «ana, shundog’ bo’lsin, opoq qizlarim!» deb ketishka ruxsat berar edi. Ular ketkandan keyin albatta O’zbek oyim eri yonig’a kirar, hoji bo’lsa xotinig’a sizsirab: «Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilg’an ko’rinasiz, ayniqsa Zaynabning ko’ngliga qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!» der edi.

O’zbek oyim shunday kezlarda Kumushning yonini olib «Zaynabni xudoy ko’tarsin, ayb o’zida…» deya boshlasa, hoji uning og’zini arang to’xtatur: «Sekin-sekin, uyat! Qayin ona deganning adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu havasimiz emasmidi?» Ammo nabira masalasidagi O’zbek oyimning ba’zi bir quyushqondan tashqari harakatlarini ham bosquchi yana hoji edi: «Zaynab bor, Zaynabni unutdingizmi. O’z keliningiz Zaynabni!» Mundan o’n besh kuncha ilgari Kumush onasig’a bir xat yozg’an edikim, ahamiyatiga ko’ra biz bu o’rinda ko’chiramiz:

«Onajon, kuyavingizning yozg’anlaridan tashqari men sizga shu bilan oltinchi xat yozdim.

Ammo sizdan uchta va dadamdan ikkita xat oldim. Ayniqsa dadamning keyingi xatidagi qora xabar bilan dori dunyo ko’zimga toraydi. O’lim haq, ammo bechora buvim jon berar ekan, yonida turib duosini olib qolmag’anim uchun ko’b hasrat chekdim. Ayniqsa musofirchiligim yomon asar qildi. Ko’z yoshlarim bilan yuzimni yuvdim. Bu kun beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohig’a atab qur’on boshladim, xatim qilib bag’ishlayman. Xudo g’ariqi rahmat qilsin, sizga sabr bersin. Endi musofir qizingizning baxtiga siz o’lmang, omin.

Ba’da ma’lum bo’lsinki, alhamdulilloh kuyavingiz va qudalaringiz salomatdirlar va ularning soyalarida men qizingiz ham o’ynab-kulib yuribman. Sizni va otamni juda sog’indim, agarda og’ir oyoq bo’lmasam edi, qish bo’lishig’a qaramasdan Marg’ilong’a jo’nar edim. Qudangiz — qayin onamning so’ziga qarag’anda, kelasi oyg’a ko’zim yorir emish. Qudangiz meni na erga va na ko’kka ishonadir, o’n besh kundan beri qo’limni sovuq suvga ham urdirmay qo’ydi. O’zi go’yoki to’yga hozir-lang’andek beshik yasab, sarpa tikib yuriydir… Manim bo’lsa nima uchundir yuragimda bir qo’rquv bor… O’tkan xatlarimda kundashim bilan mirosamiz kelishmay turganini kulguluk tarzida yozg’an edim. Nafsilamrda ersa, oramiz juda buzilg’an, men ham o’shal vaqtlarda chin kundashlik to’nini kiygan edim. Zaynabning bitmas xusumati esa g’olibo manim ikki qatlig’im oshkor bo’lg’an kundan boshlandi. Sizning boshingizdan kundashlik savdosi o’tmagan bo’lsa ham tushunsangiz kerak: biz ikav agar qo’yib bersalar go’yo bir-birimizni eb-ichmakchi edik… U kunlardagi holimdan o’zimga endi hisob berishka ham uyalaman… Yaxshiki, bizning mojarolardan qayin otam juda siyrak xabardor bo’ldi. Shundog’ ham bo’lsa bu janjallar goho uning qulog’ig’a etib qolar va biz ikki yov uning oldig’a chaqirilib nasihatini eshitar va lekin yana yomonlig’imizdan qolmas edik. Siz ranjisangiz ham aytay: qayin otamni o’z dadamdan ham yaxshi ko’raman. Bu yaxshi ko’rishim kuyavingizning dadasi bo’lg’ani uchun emas, balki uning nur ichiga cho’milg’andek bo’lib ko’ringan siymosini, oyim deb xitob qilg’andagi muloyim, beozor va muassir so’zini yaxshi ko’raman. Ul nasihat uchun og’iz ochsa vujudim erib ketkandek va bir turluk uxlab huzurlang’andek. Qisqasi, Zaynab bilan janjallashishning o’zi bir huzur va janjaldan bo’shalg’ach, qayin otamning qarshisig’a o’lturib nasihat eshitish undan ham yaxshi huzur… Siz manim telba so’zlarimdan achchig’lanmang. Agar bu gapimning to’g’rilig’ini bilmakchi bo’lsangiz, Toshkand kelingizda, qayin otamning nasihatini o’z qulog’ingiz bilan eshiting-da, undan keyin so’zimga qiymat bering.

Shu yo’sun Zaynab bilan uyatsizcha ko’b olishdiq, bu it-mushuklikdan biz zerikmasak-da, kuyavingizning jonidan to’ydirayozdiq. Mundan bir muncha ilgari ul biz ikki kundashning yuzimizga: «Agar shu holda davom etabersalaring ikavlaringga ham barobar javob berib quti- laman!» dedi. Uning bu tahdidi ikkimizga emas, balki bittamizgagina xos edi. Men bu tahdiddan albatta qo’rqmadim, ammo «Zaynab tushunib qolmasa yaxshi edi», deb qo’rqdim.

Darvoqi’ natija men qo’rqqancha bo’ldi. Zaynab bu tahdiddan so’ng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshig’ina dakki egan bo’lsa kerak, bir necha kundan so’ng yovoshqina bo’lib qaytib keldi. Endi shu voqi’aga ikki oy chamasi vaqt o’tdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men jo’rttaga ba’zi gaplarni teskarilikka olib ko’rsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim uchun yaxshi emas, ul yana ko’b vaqt bizning oramizda tikan bo’lmoqchi…

Kelasi oydan juda yuragim uyushadir… Kechalari ko’kka qarab kelasi oy shu kunlarda yorug’ dunyoda bormanmi, yo’qmanmi deyman… Oysha buvim marhum bo’lmag’anda shu oy ichi o’zingiz Toshkandga etib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz, qizingizning ko’ngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan qo’rqaman… Ko’rishalmasak mendan rozi bo’ling, dadam va boshqa yoru do’slar ham. Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida».

Kumush o’z xatida yozg’anidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka tortqan, o’n og’izg’a bir og’iz so’z qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, ya’ni mundan bir yil burung’icha edi.

Qayin ona tarafidan «Opangning ko’zi yorir vaqti etdi, o’choqboshi ishla-ringni endi o’z qo’lingg’a ol!» deb qiling’an taklifni mamnuniyat bilan qabul etib, hatto Oybodoq onani ham o’choqboshi yumishidan xalos eta yozg’an, unga faqat havli supurish, uy yig’ish va shunga o’xshash mayda ishlarnigina qoldirg’an edi. Zaynabdagi bu o’zgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri to’g’risida ham shundog’ edi. Otabek o’z yonig’a kirsa — kirdingmi demas va kirmasa
— kirmading demas edi. Erining ba’zi bir samimiyati qorong’uroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qo’yar edi.

* * *

Oy tug’ib, mo’ljal yaqin etdi. Marg’ilondan ham Oftob oyimning yo’lg’a chiqish xabari keldi.

Lekin Kumushda ma’lum og’riq boshlang’an edi. Og’riqning birinchi kuni Kumush hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin O’zbek oyim sezdi.

Otabek ma’lum xavf ostida bu sirdan kishiga og’iz ochish uchun o’zida majol topmasa ham, O’zbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari belgulanib qo’yilg’an doya xoting’a yugurtirdi.

Doya kelgandan so’ng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni o’qtin-o’qtin og’riq ushlamakda, doya xotin va O’zbek oyim unga o’zlari bilgan udimlar bilan yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, o’qtin-o’qtin dam-badamga alishindi.

Tashqarida Otabek yo’q edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qo’lini-qo’lig’a ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonag’a kirib to’riq yo’rg’aning u er, bu erini supirar edi. Hoji bo’lsa xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofatda «Daloyil» o’qur edi, har besh daqiqada ichkari tomong’a quloq solib to’xtar, goho darichadan Hasanalini chaqirib «tinchlikmi» deb so’rar edi.

Ular masjiddan shomni o’qub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan na Hasanali va na hoji og’iz ochib hol so’ramadilar. Taom ustida Otabekning yo’qlig’i ham his etilmadi. So’zlashmasdang’ina lagandan bir muncha cho’qig’an bo’ldilar-da, qo’l artishdilar.
— Xuftan aytildimi? — deb so’radi hoji.
— Eshitmadim… Chiqa bersak ham bo’lar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va qo’rqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yig’i tovshi ham kelib qo’ydi… Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundog’ bo’lsa ham yana churq etib og’iz ochmadilar. Oradan ko’b fursat o’tmadi, ichkaridan Oybodoq yugurib chiqdi va darichadan turib «so’yinchi!» dedi. Hoji yonchig’ini kavlay berib «alhamdulilloh» deb qo’ydi. Hasanali ham iljayib yonchiq kavlashka tutindi va:
— O’g’ulmi, holva? — deb so’radi xotinidan.
— O’g’ul!
— Barakalla.

Hoji kulimsirab qo’lidag’i uch-to’rtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi — «Tangalarni o’zing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali so’yinchisini topshirg’andan so’ng duog’a qo’l ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan bo’lsin». Shundan keyin xotirjam’ bo’lg’an holda xuftanga ketdilar.

Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yig’isini eshitib ixtiyorsiz ichkari havlig’a tomon burildi va yo’lakda onasig’a yo’liqdi. Qorong’u bo’lsa ham O’zbek oyimning tusidagi shodliq belgulari ochiq ko’rinib turar edi:
— O’g’ul muborak bo’lsun, bolam!
— O’zi tetikmi?
— Tetik!
— Oldig’a kiraymi?
— Yo’q, — dedi O’zbek oyim, — chillalik uyga kechasi ko’chadan kelib kirish yaxshi emas…

Ichkari kirsang to’g’ri Zaynabning oldig’a bor. Dadang shundami?
— O’zi?..
— O’zi yaxshi, xotirjam bo’l, — dedi O’zbek oyim, orqasig’a qaytdi. Otabek ketiga burilib tashqari yo’lak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va o’ylanib to’xtadi.

Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan to’qnashish uning uchun bir oz o’ngg’aysizroq tuyulgan edi.

Shu yo’sun bir muncha vaqt yo’lakda turib, so’ngra ichkariga tomon yurdi. Zaynabning uyiga o’tar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy tarafka qarab oldi.
— O’g’ul muborak bo’lsin! Zaynab erini shu so’z bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlug’ bo’lsin!» deb qo’ydi. O’lturgandan keyin Zaynab o’zicha kulindi:
— Haligi… — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qo’ydimi yoki o’ylab qoldimi, nima bo’lsa ham aytalmadi. Otabek uning og’zini kulimsiragan holda bir oz kutib «xo’sh, haligi…?» deb so’radi.
— Haligi…
— Uyog’i?
— Oti qursin… ha, aytkandek, oshingizni eysizmi?
— Yeyman.
— Sovib qolmag’an bo’lsa — shu.

Otabek ertadan beri hech narsa emab edi.
— Qandog’ bo’lsa ham, — dedi.

Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq ko’rinsa ham, ammo bu ochiq chehraning zamirida uni jiddiyroq mashg’ul qilg’an yana bir gap bordek, ya’ni ko’rinishdan shoshqanliq va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostig’a yashiring’andek edi. Zaynabning o’n besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorig’i kabi «esdan chiqarish» holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda so’ramoqqa majbur bo’ldi:
— Nega holingiz parishon?

Zaynab kuldi:
— Nega parishon bo’lsin.
— Manim ko’zimga parishon ko’rinasiz.
— To’g’ri, — dedi Zaynab, — qo’rqdim…
— Nimadan qo’rqdingiz?
— Tug’ishdan…
— Qiynaldimi?
— Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — o’z ko’zingiz bilan ko’rmaganingiz uchun ishonmaysiz.
— Oyim mundog’ demagan edi-ku?
— Sizdan yashirg’anlar.

Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilg’an bu gap Otabekka qandog’ ta’sir qilishi ko’b tafsilga muhtoj emas. Bu to’g’rida Zaynabka yana savol tashlab tafsilot olishdan qo’rqdi, ham uzoq o’lturolmadi. Choyini naridan-beri ichib, o’runini to’shatib yotdi. Zaynab sham’ni o’chirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab Kumushlik uyga — xotinlar oldig’a chiqib ketdi.

Otabek uxlash uchun yotqan bo’lsa ham haligi gap uni ko’z yumdirmay qo’ydi, o’ng, so’l, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi qulog’i ostidan ketmas edi… Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turg’an xotinlarning g’o’ng’ir-g’o’ng’iri ham uning uyqusig’a xalal berar va ora-chora go’dakning yig’lag’an tovshi ham eshitilar edi. Bu ma’sum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi qo’zg’alg’andek bo’lsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yo’qolur edi. Shu yo’sun ivir-jivir, achchig’ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun mi-yonasidagi kechinmalar turlik rang bilan uning uyquliq dimog’ida akslana boshladilar… Cho’chib uyg’ondi… Yonida Kumush… Zaynab yo’q edi. Uyquliq ko’zi bilan narigi uyga quloq soldi, hanuz boyag’i tovushni eshitdi va o’ng yonini bosib ko’rpaga burkandi, mundan keyin tinch uxlab ketdi…

Tush ko’rar edi: «Chamanda gullar ochilg’an emish… Bu gulshan uning o’ziniki emish… Ul rango- rang chechaklardan ko’zini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan xavf bor emish… Xanjarini ushlab yovg’a qarshi chiqg’an emish… Yov qochqan emish… Yov orasida onasi ham bor, otasi ham ko’rinar emish… Qaytib chamanga kirsa bir sigir gulni bosib, yanchib o’tlab yurg’an emish… Bu holdan o’zini unutkan va qo’lidag’i xanjari bilan sigirga yugirgan emish… Sigir emas — sariq sochlik albasti emish… Darmonsizlang’an va xanjari qo’lidan tushkan emish… Dunyoni qorong’uliq bosqan emish…» Cho’chib uyg’ondi va o’z yonida uxlab yotqan Zaynabni ko’rdi. Haligi bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va vujudini ter bosqan edi. Sekingina o’ng yonig’a ag’darilib havli tomong’a qarab yotdi. Uning ag’darilishi bilan Zaynabning ko’zi ohistag’ina ochilib yana yopildi.

Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xo’rozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradag’i objuvoz poyko’pining zarbi erni silkitib-silkitib to’lqin berar edi. Narigi uyda yonib yotqan sham’ nuri daricha tirqishidan milt-milt ko’zga ilinur, ammo ship etkan tovush eshitilmas edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi to’g’risida xayollanib ketdi. Subh azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan ham azon tovshi kelgach, ul tahorat olmoq uchun qo’zg’aldi.

Kumushning yonig’a kirish qulay bo’lsin, deb nonishtani Zaynabning uyida qildi. O’zbek oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush yonidan bir oz vaqtg’a chiqib turdi. To’rga Kumush yotqizilg’an, uning oyog’ tomonida O’zbek oyim chaqaloqni ko’tarib o’lturgan edi. Otabek kirganda o’zining siniqg’an yuzi, ichkariga botinqirag’an ko’zi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab, «muborak bo’lsin!» dedi. Kumush javob o’rniga uyalib yuzini ko’rpaga yashirdi. O’zbek oyim:
— Berganga qulliq bo’lsin, o’ltur, — dedi.

Otabek Kumushning bosh tomonig’a o’lturdi. O’zbek oyim fotiha o’qudi. So’ngra chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychog’imning ko’rmanasini chiqar, dadasi. — Otabek qizarib bolag’a qaradi, Kumush yuzini yana ko’rpaga yashirib oldi.
— O’zingiz tuzikmisiz?
— Shukur…
— Qiynalibsiz, deb eshitdim…
— Tug’moq hazilmi senga, — dedi O’zbek oyim.

Kumush Otabekni o’ziga imladi va qulog’ig’a shivirladi: «sizning gunohingizga…»
— Xo’rak qildingizmi?

O’zbek oyim:
— Kechadan beri ichiga issig’ kirgani yo’q. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, — dedi.
— Albatta! — dedi Otabek va onasig’a bir tilla so’yinchi bergandan so’ng xotirjam’lik bilan uydan chiqdi.

Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqag’ami ketkan edi. Shu vaqt ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonig’a keldi:
— Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi.

Otabek kitobni belguluk qilib yopdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik… darrav kiring-chi! Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi o’chkan holda Kumushning uyidan chiqib kelar edi.
— Nima gap? — deb undan so’radi Otabek.
— Bilmadim, — dedi, — opam ko’ngillari aynab qusyaptilar…

Otabek eshik yonig’a kelgandan so’ng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilar-da, ul uyga kirdi. O’zbek oyim jom ushlag’an, Kumush jomga o’qchib qusar edi.
— Nima bo’ldi?

Kumush javob beralmadi.
— Bilmadim… boyatdan beri to’xtovsiz qusyapti, — dedi O’zbek oyim. Qusib charchag’an Kumush holsiz-lanib boshini yostiqqa tashladi. O’qchib yoshlang’an ko’zlari bilan eriga qarab oldi.
— Yoqmaydirg’an xo’rak bergansiz.
— Yoqmaydirg’an hech narsa egani yo’q, — dedi onasi,— o’sha ataladan boshqa xo’rak qilmadi.

Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolg’ani ana tokchada…

O’zbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini tutdi.
— Tabib aytdiraymi?
— Aytdir. Manim ham ko’nglimga shu kelib turgan edi.

Otabek Kumushning qusug’i bitkuncha turdi-da, so’ngra yugurib tashqarig’a chiqdi. Hasanali hanuz boyag’i ishda edi.
— Ota, siz yugurib tabibga boring-chi! Hasanali ishini tashladi:
— Nima gap?
— Keliningiz boyadan beri qusar emish.

Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab ko’targan, Kumush hamon qus-moqda… Kumush holsizlanib o’zini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari ko’kargan, yonig’a kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi.
— Tuzikmisiz?
— Ko’nglim.

Otabekning hamma badani titrab ketdi, shundog’ bo’lsa ham o’zini qattig’ ushladi:
— Qatiq ichirib ko’rdingizmi? — dedi onasig’a.
— Yo’q.
— Qatiq buyuring! Oybodoq qatiq keltirguncha Kumush yana jomga intildi. Bir-ikki o’qchib qusqandan keyin, Otabekning qo’lidag’i suv bilan og’zini chaydi va piyoladagi qatiqdan bir-ikki ho’plab, o’zini yostiqqa tashladi. Harorati kuchlik, yurak urishi favqulodda tez edi. Otabek uning manglayini qo’li bilan bosib ushlagan edi, bir oz tinchigandek bo’ldi. O’zbek oyim burchakda bola ko’tarib o’lturgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni to’kib kelishka buyurdi. Otabekni manglayida turg’an qo’li qizib ketib, ikkinchi qo’lini almashdirishg’a majbur bo’ldi. Manglayida sovuqliq his etib Kumush ko’zini ochdi.
— Ko’nglingiz bosildimi?

Kumush javob o’rnida yostiqdan qo’zg’aldi. Jom yo’q edi. Otabek shoshib tokchadag’i xitoyi norin tovoqni oldi. Kumush qusdi. Bu gal qusuq boyag’i qatiq aralash ko’kimtil va sarg’imtil narsalar edi. Og’zini chayg’andan keyin Otabek qatiqni taklif qilg’an edi, ichmadi va o’zini yostiqqa otdi…

Tabib keldi xabarini eshitib, Otabek jonlang’andek bo’ldi. Uy eshigiga jom ko’tarib kelgan Zaynab keyiniga qaytdi. O’zbek oyim ham chaqaloqni ko’tarib uydan chiqdi. Otabek tabibning hurmatiga turishni unutib Kumushning manglayini bosqancha o’lturar edi. Tabib Otabekdan voqi’ani so’rab bilgandan so’ng Kumushning tomirini ko’rib labini tishlab qoldi va tovoqdag’i qusuqni hidlab qaradi:
— Bu kun nima xo’rak qilg’an ekan?
— Atala.
— O’sha taomdan bir oz qolg’ani bormikin?
— Bor! — dedi Otabek va boya onasi ko’rsatkan joydan kosani olib tabib qo’lig’a berdi.Tabib kosadan barmog’ig’a bir oz elashdirib yaladi va darrav tuflab tashladi.
— Zahar ichibti! Otabek sapchib ketdi, tusi qo’rqunch holga kirgan edi…
— Bekor gap! Tabib Otabekning hozirgi holatidan dahshatka keldi…
— Men hozir daf’i uchun doru yuboraman, — dedi va qo’zg’aldi. Otabek ham uning bilan birgalashib o’rnidan turdi:
— Zaharni kim beradi?

Nima deyishka ham hayron tabib:
— Man… man… o’zingiz o’ylab ko’ring-chi… Man darrav doru yuboray, darrav ichiring, tuzikmi? — dedi.
— Bildim, bildim! — dedi bechora Otabek. — Zay-nab, Zaynab, Zaynab… Jalab! Yuboring, yuboring, darrav yuboring! Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib Kumushning boshig’a keldi, yuzini ochib manglayini bosdi va o’pdi… Kumush ko’zini ochib kuch bilan so’l qo’lini erining elkasiga tashladi… Qo’lida chaqaloq bilan O’zbek oyim kirdi.
— Zaynabni chaqir, Zaynabni! O’zbek oyim tabib so’zidan xabardor edi:
— Zaynab! Zaynab! Zaynab yugurib uyga kirdi. Tusi murdadek oqarg’an edi. Otabek Kumushni qo’yib erdagi atalani oldi:
— Ich muni, ich jalab! Zaynab orqag’a tislandi… Otabek kosani unga otdi… Zaynabning kiyimi atala bilan belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko’rindi.
— Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq! «Taloq» so’zini eshitkan Kumushning ko’zi yarq etib ochilib, yana yumildi… Hoji voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi.
— Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting’a! Zaynab chetlanib uydan chiqdi… Hoji Kumushning boshig’a kelib o’lturdi. Otabek va onasi oyog’ ustida edilar, Kumushning ko’zi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi. Hoji o’z qo’li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko’kimtil tovlang’an yuzini ko’rdi va manglayini bosdi…
— Oyim… Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko’zini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib… qo’zg’almoqchi bo’ldi.
— Qo’zg’almang, oyim… qo’zg’almang! Kumushning ko’z yoshisi chakkasidan oqib tushdi… Hoji ham o’zini to’xtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam! Kumush jomga qo’zg’aldi, Otabek kelib qo’ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi… Bu gal qusuq qong’a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi… Qusub yotg’ach, ko’zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi… dada… — so’ngra, — begim, — deb ingrandi… Erining yuzini yuziga qo’ydi, uyalg’ansumon ko’zini yumdi…

* * *

Ertasi kun dafn marosimi bo’ldi. Janozag’a Toshkandning har bir mahallasidan deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig’ina bu tantanaga etib kelalmadilar.

Bechora ona, bechora ota!..

Uchunchi kun ular ham kelib etdilar… Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?! Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg’a osh berildi va shu munosabat bilan chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo’yildi.

Kumushning yaqinlarig’ina emas, balki foji’adan xabardor bo’lg’an shaharning katta-kichigi Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o’ninchi kunlarida Zaynabning jinni bo’lib, ochiq ko’yi ko’chada yurgan xabari va og’asi tomonidan ushlanib kishanga soling’an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko’tarildi. Darhaqiqat, aqldan ozib ko’chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o’zi ham Zaynab uchun kichkina jazo hisoblanmas edi.

Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan so’ng, bechora bolu paridan ayrilg’anlar Marg’ilong’a qaytish harakatiga tushdilar. Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog’ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech kim yo’q edi.

Eng keyingi vido’lashish kuni etdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (…) qabristonining ikki tup qurig’an chinor yog’ochi orasig’a turg’uzilg’an yangi xishtin sag’ana qarshisida to’xtadilar.

Sag’ananing o’ng boshidag’i toshdan o’yib yasalg’an lavha ko’zga chaqilib turar edi:

La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil mashhudati al-mag’furati.

Kumushbibi binti Mirzakarim Marg’inoniy, tarixi tavalludi 1248.

Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval.

Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir.

Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir.

Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod, Ko’zim yoshlig’, tilimda qoldi faryod.

Hayotim lolazoridin ayurding, Yoqib jonim, kulim ko’kka sovurding.

Bechora ona chidalmadi, qabrni quchog’lab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonig’a tiz cho’kib, ko’z yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi… Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani o’qub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yig’lab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda qoldilar.

Qur’on o’qushg’a hech kimda majol yo’q edi.

Qarshidag’i binoga Yusufbek hoji tarafidan qo’yilg’an qori bularning holiga tushundi.

Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida o’lturib qur’on o’qudi. Oftob oyimning nolasi bosilsa ham, lekin ko’z yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda edilar. Fotiha tortilg’andan so’ng qutidor va Oftob oyim qorig’a pul berdilar. Qori ketkandan keyin har qaysilari o’zlarini bosib alohida-alohida qur’on o’qub bag’ishladilar, so’ngra ohista-ohista yo’l olib qabr bilan vido’lashdilar. Go’yo Kumush «mendan rozi bo’ling!..» deb onasig’a xitob qilar, Oftob oyim orqasig’a qaray-qaray yig’lab kelar edi…

Otabek ularni uyga qo’yib, qabr yonig’a keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan Hasanali aravani qo’shib tayyorlag’an, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni ko’tarib chiqdi, keyinroq Yusufbek hoji bilan qutidor ko’rindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqg’anda ko’cha tarafdan Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga — «tushing otdan!» dedi.

Hasanali otdan tushdi. Otabek irg’ib otqa mindi va qutidordan so’radi:
— Otni haydaymi?

Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yo’lakda turgan O’zbek oyim darbozadan mo’ralab qo’ydi. Qutidor indamagani uchun Otabek o’zicha otni haydab yubordi.
— Xayr!
— Xo’sh! Marg’ilong’a jo’naydirg’an Hasanali gangib ko’cha-ning o’rtasidan hojig’a qaradi. Hoji yo’lakdagi oyimg’a er ostidan ko’z qirini tashladi… Otabek ortig’a qaramasdan aravani haydar edi…

Xotima
Bir yildan so’ng Otabek usta Alim bilan birga Toshkand keldi. Hoji va O’zbek oyim og’iz ochib undan ranjiy olmadilar. Ul mehmonlar kabi edi. Na otasi va na onasi bilan ochilib so’zlashmadi. Usta Alim bilan bir hafta chamasi Toshkandda turib eng so’ngg’i kech yolg’iz ko’yi Kumush qabri yonida bo’ldi. Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzog’roqdan qur’on tovshi eshitilar edi. Ikki tub chinor butoqlarida qo’nib o’lturgan uch-to’rtta boyqushlar, qabr yonig’a tizlangan Otabek va yuqori, quyi do’mbaygan qabrlar bu tilovatka somi’ kabi edilar. Qur’on oyatlari qabriston ichiga og’ir ohangda oqar edi. Qabr yonig’a tiz cho’kkan yigitning ko’z yoshlari ham qur’on oyatlariga qo’shilishib oqar edi. Birar soatdan keyin tilovat to’xtaldi. Otabek holsizlanib oyog’ uzra turdi va orqasidag’i yarim yalang’och ko’lagani ko’rib bir necha qadam qabr tomong’a tislandi… Ko’laga yaling’an sumol unga yaqin yurib keldi…
— Kim bu?
— Men Kumush!..

Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
— Ket mundan!
— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodag’i eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasig’a qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi.

Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yonig’a tiz cho’kdi…

Ertasi kun O’zbek oyim yig’lay-yig’lay Yodgorbek uchun tikdirgan kiyimlarini o’g’lig’a topshirdi. Otabek usta Alim bilan birga Marg’ilong’a jo’nadi. Bundan so’ng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta O’zbek oyimning o’zi Marg’ilon borib keldi.

1277-nchi yilning kuz kezlarida bo’lsa kerak, Yusuf-bek hoji Qanoatshodan bir xat oldi.

Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi.

«O’g’lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo’shunda edi. Olmaota ustidagi o’rus bilan to’qunish-mamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo’ldi. Men o’z qo’lim bilan ikkisini dafn etdim…» Yusufbek hoji xatmi qur’on qilib yurtka osh berdi, O’zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi.
Bitdi
Yozg’uchidan
Keyingi Marg’ilon borishimda yaqin o’rtoqlardan Yodgorbek to’g’risini surishtirib bildim:

Yodgorbek ushbu asrning o’n to’qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o’g’ul qolibdir. O’g’ullaridan bittasi bu kunda Marg’ilonning mas’ul ishchilaridan bo’lib, ikkinchisi Farg’ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o’luk-tirigi ma’lum emas, deydilar.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !