O’TKAN KUNLAR II QISM

O’tkan kunlar (II- bo’lim)
Abdulla Qodiriy

Ikkinchi bo’lim
Azizbek Toshkanddan jo’natildi. Uning eriga Qo’qondan Normuhammad qushbegi belgulanib keldi.

Azizbekni qo’lg’a tushurib berish bilan qipchoqlar nazdida ham Yusufbek hojining qadru qiymati yuqorilang’an edi. Ammo o’zining mansab suymasligi vajhidan yana eskicha «Yusufbek hoji» bo’lib qola berdi. Shuning bilan birga Azizbek yonida qanday mavqi’ tutkan bo’lsa, Nor- muhammad qushbegi oldida undan ham yuqoriroq va ma’noliroq e’tibor qozondi. Uning har bir ra’yiga Normuhammad qushbegi qonunan majbur bo’lmasa-da, ammo ma’nan bir majburiyat his etar edi: o’rinsizga kishi o’ldirishlar, vaqtsiz ham o’rinsiz soliq solishlar, behuda o’rda usrofotlari, bo’lmag’ur taqiqlar va ortiqcha diniy takallufotlar bir muncha ebka olindilar.

Uch yillab Azizbek istibdodida ezilgan Toshkand xalqi erkin nafas oldi: savdo-sotiq, ekin-tikin va kasbikor ko’tarilib boshladi. Odamlar jonlang’andek bo’lib bu holni:

«Zamon-zamon dorilamon, Normat to’ram bo’lsin eson!» — deb boshlag’an ularning ashulalari ham ifoda qilar edi.

Ota-Ona Orzusi
O’zbek oyim elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabi’atlik bir xotin bo’lsa ham, ammo eriga o’tkirligi bilan mashhur edi. Uning o’tkirligi yolg’iz erigagina emas, Toshkand xotinlarig’a ham om edi. O’zga xotinlar uning soyasiga salom berib to’ylarida, azalarida, qisqasi, tiq etgan yig’inlaridag’i uylarining to’rini O’zbek oyimg’a atag’an edilar. Bir bugina emas, qiz chiqaraturg’an, o’g’ul uylantiradirg’an, sunnat to’yi qila-dirg’an xotinlar o’z to’ylarini O’zbek oyim kengashidan tashqari jo’nata olmas edilar. O’zbek oyim aralashqan to’ylik xotinlarning ko’ngillaridagi orzu havaslari ham erlari tomonidan kamchiliksiz bajarilar, chunki «O’zbek oyim shundog’ buyurdilar» degan so’z erlar uchun ham farz kabi eshitilib, O’zbek oyimning aytkanicha hozirlik ko’rila boshlanar edi. Bu tomondan qarag’anda O’zbek oyimning o’tkirligi erlar tomonidan ham tasdiq etilganligini iqror qilishg’a to’g’ri keladir.

O’zbek oyim uncha-muncha to’yu azalarga «kavshim ko’chada qolg’an emas» deb bormas edi. Shuning uchun xotinlar o’z to’ylarini O’zbek oyim ishtiroki bilan o’tkazib olsalar, o’zlarini shaharning eng baxtlik xotinlaridan sanab «maning to’yimni bek oyim o’z qo’llari bilan o’tkazdilar» degan jumlani majlislarda iftixor o’rnida so’zlab yurar edilar. O’zbek oyimning obro’si yolg’iz shular bilangina cheklanib qolmas, uni o’rda xonimlari ham ehtirom qilib o’zlarining «onaxonlari» deb bilar edilar. Shunga ko’ra qaysi bir vaqtlarda o’rda yasovullari Yusufbek hojining eshigiga arava ko’ndalang qilib «o’rda begi oyim buyurdilar”, deb O’zbek oyimning yasanib chiqishini kutar edilar. Bu tomon bilan qaysi bir majlislarda O’zbek oyim xotinlarning eslarini ham chiqarib yuborar edi: «Kecha o’rda bek oyimdan menga arava kelgan ekan, fe’lim aynab turg’an edi, bormay aravadan bo’sh qaytardim… Bo xudo, o’rda bekachi bo’lsa o’ziga, dedim» der edi. Ikkinchi vaqtda: «O’tkan kun o’rdaga borg’an edim; xonimlar yotib qolasiz deb qo’ymadilar, noiloj bir kecha yotib keldim”, deb so’z orasig’a qistirib ketar edi.

Bu so’zlarni eshitkuchi xotinlar o’zlarining qandog’ bir xotinning suhbatiga noil bo’lg’anlarini o’ylab, O’zbek oyimning ehtiromini tag’in ham kuchaytirar edilar.

Ul o’z uyida o’lturg’anida ham ustidagi atlas ko’ynak bilan adras mursakni, oq shohi dakana bilan kahrabo tasbihni qo’ymay, qish kunlari tanchadan par yostiqqa suyalib, yoz kunlari ayvonning to’riga yoslanib Hasan-alining xotini bo’lg’an Oybodoqqa, cho’ri qiz Hanifaga xamirni achitmaslikni, palovni qirmoch oldirmasliqni tanbihlabkina o’lturar edi.

Otabekning Marg’ilondan uylanib qo’yishi otasi uchun uncha rizosizlikka mujib bo’lmasa ham, ammo uning o’g’ul to’yisidan boshlab, Toshkand qizlarini ost-ust qilib u «buning qizi yaxshi bo’lsa ham, uy-joylari yaramas ekan; buning uy-joylari tuzik bo’lsa ham, qizi ko’rksiz ekan; buning qizida, uy-joylarida tuzik, biroq zoti pas ekan» deb qiz, quda, uy, joy, nasl va nasab tekshirib yurg’uchi O’zbek oyimning Otabekni uylandirib buning orqasidan ko’raturgan orzu-havas, to’yu tomoshalarini shartta kesib qo’yg’an bu uylanishka nima deyishi va qanday qarashi albatta ma’lum edi. Bittayu bitta o’g’li Marg’ilon degan joyda, allakimlarning qo’lida, asli noma’lum kishilarning qizig’a uylansin-da, bu kun-erta o’g’lumning orzu-havasini ko’raman, deb entikib o’ltirg’an va o’g’ul boqib katta qilg’an ona — O’zbek oyim ikki qo’lini burniga tiqib qarab qolabersin…

Bu xabarni Hasanalidan eshitkan kunlari ul bu ishka chidab turolmadi: «Endi menga mundog’ o’g’ul kerak emas… Oq sutimni oqqa, ko’k sutimni ko’kka sog’dim… Endi Toshkandga kelmasin ul o’zboshimcha betiyuq!” deb baqirib-chaqirib, yig’lab-sixtab, dardu hasratni boshig’a kiyib oldi.

Oradan o’n besh kun o’tar-o’tmas Marg’ilondan Otabek keldi. Uch oylab ko’rmagan o’g’lini quchog’ig’a olib ko’rishmak o’rniga undan yuzini o’gurib, san kimsan, keldingmi, deb so’ramadi va salomiga alik ham olmadi. Go’yo uxlamoqchi bo’lg’an tovuqdek hurpayib oldi. Otabek onasining araziga al- laqachon tushungan, ham shu holni Marg’ilondayoq kutkan edi. Bir-ikki qayta uzr aytib ko’rgandan so’ng O’zbek oyimning epaqag’a kelishiga ishonmay qoldi va shuning uchun ul ham go’yo bilmagan, tushunmagan kishidek yuriy berdi.

Turg’an gap, Otabekning Marg’ilong’a uzoq bormay turishi mumkin emas edi. O’rtadan ikki hafta o’tar-o’tmas otasig’a allaqanday bahona ko’rsatib, yo’l hozir-lig’ini ko’ra boshlaydir va onasig’a bildirmayoq Mar-g’ilon jo’naydir. O’zbek oyim o’g’lining «o’lganni ustiga chiqib tepish» qabilidan bo’lg’an bu harakatidan tutuni ko’kka chiqib, borliq qahru g’azabini eri ustiga to’kadir: «Siz qarib esingizni eb qolibsiz, o’g’lingizni marg’ilonliqqa topshirib qo’yib, yana el ichida boshingizni ko’tarib yurmakchi bo’lasizmi?..» deydir.

Yusufbek hojining qiziq bir tabi’ati bor: xotin bilan-gina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo’lsa bo’lsin uzoq so’zlashib o’lturmaydir. Otabekmi, onasimi, Hasanalimi, ishqilib uy ichidan birartasining so’zlari va yo kengashlari bo’lsa, kelib hojining yuziga qaramasdan so’zlab beradilar; maqsad aytib bitkandan so’ng sekingina ko’tarilib uning yuziga qaraydirlar. Hoji bir necha vaqt so’zlag’uchini o’z og’zig’a tikiltirib o’lturg’andan so’ng, agar ma’qul tushsa «xo’b» deydir, gapka tushunmagan bo’lsa «xo’sh» deydir, noma’qul bo’lsa «durust emas» deydir va juda ham o’ziga noma’qul gap bo’lsa bir iljayib qo’yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so’z aytmaydir va aytsa ham uch-to’rt kalimadan nariga oshmaydir. Uy ichi uning bu fe’liga juda yaxshi tushunganliklaridan ko’pincha bir og’iz javob olish bilan kifoyalanadirlar. Ammo Otabek bilan birar to’g’rida so’zlashmakchi bo’lsa, uni aksar mehmonxonaga chaqirib yoki chaqirtirib oladir. O’zbek oyim yuqoridag’i o’zining itob va xitobiga eridan bir iljayib qo’yish javobini olib dami ichiga tushadilar va chor-nochor o’ttuz kunlab bir zamonni o’zicha marg’ilonliqni qarg’ash bilan kechiradir. Otabek Toshkandga qaytib kelib, «endi araz bitkandir» degan o’yda onasig’a salom beradir. Araz bitish qaerda, O’z-bek oyimning o’g’lig’a qarshi kinasi tag’in bir necha qat ortqan, ammo bu gal salom berguchiga bir qaraydir-da, «O’g’lim, menga salom berib nima qilasan, marg’ilonliq onangning duosini ol!» deb yuzini chetka o’guradir. Ul onasining bu kinoyasini kulgulik bilan kechirib, yana eskicha arazda qolaveradirlar. Otabek yana o’n besh kunni o’tkazib, tag’in bir nozik sababni o’rtag’a tashlab onasining ruxsatisiz Marg’ilong’a jo’nab soladir. Tag’in O’zbek oyimning rangi o’chkan, qoni qochqan: tovoqni kosaga, cho’michni piyolaga urib dodi faryod: «Siz otamisiz, nimasiz axir, o’g’lingizni tiyib olish sira esingizga keladimi? O’g’lingizning bu ishi bechiz emas:

marg’ilonliq sihr qildimi, jodu qildimi, haytovur siz shu yo’sunda yuruy bersangiz, erta- indin o’g’uldan ajralasiz. Bu kalvak o’g’lingiz marg’ilonliqning eshigida qul bo’lib yotib oladir…» Ammo Yusufbek hoji xotinning so’zini bu gal ham elamaydir, faqat: «Qo’yaber, xotin, o’zi sog’ bo’lsa, bir kun esini topar», deb qo’yadir. Bir yarim oylar vaqtni Marg’ilonda o’tkazib, tag’in Otabek Toshkandga keladir. Tag’in ona-bola oralarida kina-kudurat… Tag’in araz… O’n besh kun o’tmasdan yana Andijon safari, yana O’zbek oyimning fig’oni falakka…

Marg’ilonliqning sihrchi-joduchisiga o’lim tilash; meni o’g’limdan ajratsa o’zi ham suyganidan ajrasin, qarg’ish…

Nihoyat oradan bir yil chamasi vaqt o’tib Marg’i-long’a qatnash etti-sakkizga etkach, O’zbek oyimning g’idi-g’idisi bilan bo’lsa kerak Yusufbek hojida ham bir o’zgarish ko’rila boshlaydir.

Xotinining : «O’g’ul o’sdirishni, o’g’ul tiyishni bilmaysiz» deb shiltalashiga: «Nima qil, deysan endi?» deb so’raydir.
— Biz Otabekni Toshkanddan uylandirib boshini bog’lamasaq, kun sayin uning Marg’ilon yugirishidan qutila olmasmiz. Toshkanddan uylansa suv quyg’andek tinar-qolar; Marg’ilon balosini esidan ham chiqarar… — deydir O’zbek oyim. Ya’ni hamisha yuragini shopirtirib, miyasini mashg’ul qilg’an muddaoni aytib solish fursatini qochirmaydir.
— O’g’ling qaytsin-chi, bo’lmasa…

Erining bu so’ziga O’zbek oyim ortiqcha qizishadir, labi-labiga tegmay bobillab beradir:
— Siz shu kungacha barcha ixtiyorni o’g’lingizga topshirib, bolani bola qilmadingiz, bir xudbin qildingiz… O’g’ul o’sdirish bu turda bo’lmas; ul tilasin-tilamasin shartta-shartta tilaganingizcha qilingizda, qarab turaberingiz. Siz o’zingizning shu «o’g’ling bilar» degan gapingiz bilan qancha yaxshi joylardan qolib, nihoyat marg’ilonliq balosig’a yo’liqdingiz…

Endiki ixtiyor manda: ul kelguncha bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan so’ng to’yni ham jo’natib yuborayliq!
— Turatur-chi…

Hojining bunchalik bo’sh kelishi O’zbek oyimg’a qanot-quyruq bergandek bo’ldi va mundan so’ng tinib-tinchib turolmadi. Shu gapning ikkinchi kuni Hasanalini qo’yarda-qo’ymay arava qo’shdirib shaharning to’rt tomonig’a qiz ko’rish uchun yurib ketdi. Marg’ilonliq kelinning ta’rifini Hasanalidan ko’b eshitkan edi. Otabekning ko’nglini o’sha go’zal marg’ilonliqdan sovitish yo’lida undan ham ko’hlik, undan ham suluk qiz topish ko’yiga tushdi. Shunga ko’ra unga uncha- muncha qiz yoqmay, shahardagi ko’b eshiklarni sanashg’a to’g’ri keldi. Yettinchi martaba ko’chaga chiqishda Olim ponsad deganning qizi yoqa tushib hojiga arz qilindi. Hoji boshda xotinining bu gapiga kuldi, undan keyin «turatur, o’g’ling kelsin», dedi. O’zbek oyimning bobillashi kuchayabergach: «Nima qilsang o’zing bil, basharti o’g’ling ko’nmasa men zo’rlamayman!» dedi.

O’zbek oyim eriga yalinib boshladi:
— Bir so’zlig’ingizni qo’ying, er; o’zi aslzoda, loaqal bir og’iz o’g’lingizga aytib o’tishka va’da bering-chi,— dedi.
— Yaxshi. Va’da ham berayin, ammo san unashmay tur.
— Unashmayman, lekin o’g’lingizga unashdiq, deb eshitdirarmiz… Tuzikmi?
— Ma’qul.

Shu o’lturishdan so’ng O’zbek oyim juda ham jonlanib ketdi va ertasiga Olim ponsadnikiga qarab yana arava qo’shdirdi. Bu ikkinchi sovchiliqda go’yo qudachalardek qarshi olindi. Olim ponsadboshilar: Yusufbek hojig’a quda bo’lar ekanmiz, deb juda ham tipirlashib qolg’an va izzat-ikromni haddan oshirg’an edilar. Yegan og’iz uyalar qabilidan O’zbek oyim ham muomalani qudalarcha qildi, hatto: «Bek otangiz bilan men so’zni bir joyiga qo’ydiq. Faqat ish Otabekning ke-lishiga qoldi» deb qo’ydi. Kechqurun uyga qaytib bu aytkan so’zini hikoya qilg’an edi, hoji labini tishlab qoldi va: «Sanga sira aql bitmay ketar ekan-da», dedi.

Bir oylab kechikkandan so’ng Otabek qaytib keldi va bu kelishining vijdon azobi va tilamagan bir taklifni eshitish uchungina emas, balki qabul qilish uchun bo’lg’anlig’ini payqadi. Ul bu gapni onasining ilgarigi achimsiq so’zlarini va arazlarini tugalganidan va o’rniga chuchuk so’zlar, silliq muomalalar bitib «eson-sog’ kel-dingmi, bolam»laridanoq sezgan edi. Bunday bo’lmag’ur taklifni eshitmas uchun o’zini chetka olib, otasi, ayniqsa onasig’a yo’liqishdan qochib yurishka majbur bo’ldi. Ikki oradag’i bu qochish-quvish ishi uzoqqa cho’zilmay, bir kun mehmonxonada ota-o’g’ul so’zlashib o’lturganning ustiga O’zbek oyim kelib kirdi va o’lturmasdanoq hojiga imlab qo’ydi. Bu imqo’qni Otabek payqamag’an bo’lsa ham lekin anuv gapni aniq shu majlisda ochilishig’a ko’zi etib, chiqib ketishning ilojini qilolmadi. O’zbek oyim kelib kirgandan so’ng Yusufbek hoji bir necha vaqt o’ylab qoldi. O’zbek oyim depsinib- depsinib eriga qarab olar edi. Anchagina so’zsiz o’lturg’andan so’ng hoji muloyimona so’z ochdi.
— O’g’lim, hali san eshitdingmi, yo’qmi haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qo’ydiq…

Otabek ma’lumki, ularning «qilib qo’ygan yoki qilmoqchi bo’lg’an ishlarini» albatta bilar edi. Shundoq ham bo’lsa bilmaganga solindi:
— Aqllik kishilarning o’g’ullari ustidan qilg’an ishlari albatta noma’qul bo’lmas, — dedi.

Hoji o’g’lining bu javobidan erga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi.

Istehzo aralash xotinig’a qarab oldi. Yana orag’a jimjitlik kirdi. Bu so’zsizlik ma’nosig’a O’zbek oyim tushuna olmag’an edi. Bir oz qarab o’lturg’ach, yuragi qaynab ketkandek bo’ldi:
— Biz saning uchun Olim ponsadboshining qizig’a unashib qo’ydiq… Endi san bilan to’y maslahatini qi-lishmoqchi edik…

Otabek onasig’a bir og’iz so’z demay, ma’nolik qilib otasig’a qarab oldi. Hoji uyatliksumon «shundog’» deb qo’ydi.
— Sizlarni ranjitib bo’lsa ham bir martaba uylangan edim-ku? Endi…
— San uylansang biz ranjirmidik? — dedi kulib hoji.
— Ranjimasalaringiz…

Hoji tuzuklanib o’lturib oldi:
— Bu ranjishdan emas, hojatdan o’g’lim.
— Nima hojat?
—Hasanalining so’ziga qarag’anda, qayin otang qizini Toshkandga yubormas ekan. O’g’il o’sdirib katta qilg’an onangning bo’lsa oldig’a kelin qo’yg’usi keladir…

Otabek onasig’a qaradi:
— Bu kungacha kelinsiz ham yashab keldingiz, bundan keyin ham shusiz turib bo’lardi-ku, — dedi.

O’zbek oyim marg’ilonliq tomonidan sihrlangan o’g’lig’a qarshi qizishib ketdi. Bir yillardan beri ichiga yig’ib kelgan kinasini to’kib berdi:
— Man sani bu umid bilan boqib katta qilmag’an edim… San bizning naslimizni ko’tarish o’rniga, erga urib bulg’ading. Biz sani Marg’ilon andisiga bunchalik mukkadan ketishingni o’ylamag’an edik, adabsiz… o’zingga qolsa shu marg’ilonliqni xoting’a hisoblab ketaberar ekansan-da, uyatsiz!..

Otabek ham qizishdi:
— Xotin bo’lmasa nima, axir?!
— Qoshliq, ko’zlik bir andi!
— Andi deganingiz nima o’zi?

Yusufbek hoji o’g’lini bosish o’rniga javob ber, degandek qilib iljaygan holda xotiniga qaradi. O’zbek oyim «andi» ma’nosini bildirib, andilarning sihrini rad qilish uchun bir oz tutiliqib qiynaldi:
— Andi… andi… o’zi xitoymi, nima balo… o’zi qalmoqdan tarqag’an bo’ladir… Tushunmagan bo’lsang, lo’lilarning bir toyifasi…

Bu javobga Yusufbek hoji o’zini xaxolab kulishdan to’xtata olmag’anidek, Otabek ham kulib yubordi. Xotinining tirnoq ostidan kir izlab va da’vosining isboti uchun g’o’ldirashidan ortiqcha kulib kayflangan Yusufbek hoji ko’ziga chiqg’an yoshlarni artar ekan, jiddiyat bilan o’g’lig’a dedi:
— O’g’lim, san onangning gapiga achchig’lanma. Ul har narsa desa faqat Marg’ilondan uylanganingga qarshilig’idan aytadir. Ammo mendan so’rasang, Marg’ilondag’i na qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda bo’lmoq-qa eng muvofiq kishilar edi, balli o’g’lim, deyman. Saning tinib-tinchishing, o’sib-unishing uchun quvonmag’an ota-ona sog’qa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi ishon. Ammo bizning hozirgi ba’zi bir ra’ylari-miz sanga yotishib kelmas ekan, bunga haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qo’yma. O’g’lim, bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yo’q. Dunyoda ko’rib o’taturg’an barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolg’an. Biz xudoi taolog’a minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik- hushlik bo’lding; kishilardek sen bilan iftixor qilolmasaq-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik. Ayniqsa onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun onang saning oldingg’a tiz cho’kib va onang ko’ngli uchun men ham orag’a tushib sandan so’raymiz: san o’z xohishing yo’lida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak bo’lsin. Eslilik da’vosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa bo’lmas. Shu bilan birga sa-ning sababi vujuding bo’lg’an bir kishi o’z hayoti ichida bolasi orqaliq bir orzu-havas kechirmakchi… Uning bu orzusig’a haq berasanmi, yo’qmi yana ixtiyor o’zingda…

Hojining bu so’zi O’zbek oyimg’a nechog’liq yoqqan bo’lsa, Otabekni shu qadar erga qaratqan edi. Hoji o’zidan oshirib so’zlag’an bu so’zlarini shu gap bilan tamomladi:
— Bilgan topib so’zlar, bilmagan qopib, deganla-ridek, onangning aytmakchi bo’lg’an so’zi faqat shu edi. Boyag’i gaplari bo’lsa o’z haqqini himoya yo’lida uning popisalarigina bo’lib, mendan ham ko’ra onangning fe’lini o’zing yaxshi bilasan…

Otabek hamon sukutda, O’zbek oyim bo’lsa boshi bilan «shundog’» ishorasini berar edi.

Yusufbek hoji yuqorida o’tkan gaplarni quruq va asossiz so’zlamag’an, balki shu turmushning rukn va asosini bir daraja aytib o’tkan, Otabek esa buni shu muhitning bir o’g’li bo’lib eshitkan edi. To’g’risi ham ul dadasi tomonidan so’zlangan haligi qonung’a qarshi chiqish uchun lozim bo’lg’an kuchka molik emas; bas, kuchsizlikning natijasi esa sukut edi. Ul bir tomondan shunday orzu-havas uchun bola o’sdirg’an ota-onani mukofotlandirmakchi va otasi aytkan xijolat chekdirmayturg’an o’g’ullardan bo’lmoq-chi edi ersa ham, ikkinchi yoqdan o’zini asir etkan shahlo ko’zlar unga nafratlanib qarag’andek bo’lurlar, go’yoki vafosiz, va’dasiz, deb qichqirarlar edi. To’g’risi ham uni ota-ona mukofotiga qarshi oyoqlandirmoqchi bo’lg’an narsa haligi ko’zlargina, ammo uning bu isyonnamo harakatidan boshqa unsurlar qidirish va chiqarish o’rinsiz tushar edi. Ota-ona orzusini ifo etishdan bir soniya ham o’zining ko’z o’ngidan xayoli ketmagan anuv ilohiy muhabbat uchun hech bir turlik kamchilik kelmasiga ishonsa ham hozir uning yuragini boshqa bir haqiqat tirnay boshlag’an va vijdonini faqat shu masala-gina o’rab olg’an edi. Otabekcha eng nozik sanalg’an bu masala qaroshidag’i javob kutib o’lturg’uchilarni nihoyat zeriktirdi.
— Bizni kutdirma, o’g’lim.

Otabek mag’lub bir boqish bilan bu so’zni aytkuchi otasig’a qaradi va yalinchoq bir ohangda javob berdi:
— Men sizlarning orzularingizni bajarishka — agar xursandchilig’ingiz shu bilan bo’lsa — har vaqt hozirman. Ammo bir bechoraga ko’ra-bila turib jabr ham xiyo-nat…

Hoji o’g’lining maqsadig’a darrov tushuna olmadi va so’radi:
— Kimga, xotiningg’ami?
— Yo’q, sizning oladirg’an keliningizga. O’g’lingiz-ning vujudi bilan orzuingizni qondirish oson bo’lsa ham keliningiz qarshisida meni bir jonsiz haykal o’rnida tasavvur qilingiz.

Yusufbek hoji yalt etib xotinig’a qaradi. O’zbek oyimning bo’lsa oladirg’an keliniga e’timodi yuqo-rilig’idan o’ylab-netib turmadi:
— Mayli, bolam; buyoqni hozir san o’ylamay qo’y,— dedi.

Otabek bir og’iz so’z aytmay sukut qildi, Yusufbek hojining esa o’g’lining so’zini to’g’rilig’ig’a, keyindan yuz ko’rsataturg’an ko’ngilsiz ishlarga aqli etsa ham, ammo bir mulohaza yuzasidan istiqbolning qorong’i ishlarini hozir uncha mulohaza qilib ko’rmadi:
— Juda to’g’ri aytasan, o’g’lim; biroq onangning bir mulohazasizligiga boshdayoq men labimni tishlab qolg’an edim. Hozirda ham shu holda qolmoqqa majburman, — dedi va: — Biz hozir andi-shaning bandasi, men emas onang biravni ishondirib qo’yg’an: biz-ning oiladan lafsizlik chiqishi menga ma’qul ko’rinmaydir.

Otabek ota-ona orzusig’a o’z ta’biricha jonsiz haykal bo’lib rizoliq berdi. Ammo o’z rizolig’ining sharti qilib to’ydan ilgari Marg’ilon borib kelishni va bir daraja ularga aytib o’tishni, shundan so’ng to’y boshlashni ahd qildi. Ishning engil ko’chishiga so’yingan ona Otabek-ning bu shartiga lom demasdan ko’ndi va orzuliq to’yni tez boshlash uchun o’g’lini Marg’ilon ketmakka qistay boshladi.

Unutmaysizmi?..
Uning bu galgi Marg’ilon yo’liga qo’zg’alishi ortiqcha bir og’irliq bilan, ikkilanish bilan o’ralg’an edi. Kumushbibi uchun dunyoga sig’masliq bir shodliqning, ko’rguchi ko’zlariga ishona olmasliq bir baxtning bu gal ko’tarib bo’lmayturg’an bir qayg’u, chidab bo’lmayturg’an bir hasrat bo’lib borishini ul yaxshi tushunar edi. Har bir gal Marg’ilon borg’anida olib boraturg’an nafis sovg’alari bu gal juda zaharlik, ortiqcha alamlik bir sovg’ag’a aylangan, Kumushbibi bu sovuq kundash sov-g’asini ko’rganda ehtimol… nimalar bo’lar va qandog’ hollarga tushar edi. Bu mudhish sovg’ani ehtimolki, uning ota-onalari ham qabul qilmaslar: birdan-bir yolg’iz qizlari uchun bunday gapning yarashmasini aytib: «Sovg’ang ham kerak emas, o’zing ham» degan javob bilan yuziga ham urarlar. Mana, uning bu galgi og’ir harakati va qo’zg’alishig’a nimalar sabab edi.

Bu og’riqqa orzu egalarining qistoqlari nihoyat berdi. Ya’ni chor-nochor bu tuturiqsiz sovg’ani ko’tarib yo’lg’a tushishka majbur bo’ldi.

Otning boshini o’z ixtiyoriga qo’yg’an, ilgarigidek yurak oshiqishlari ichida otni tez yurishka qistamay suvga tushkan nondek bo’kib-bo’shashib, yuz xil sovuq, yaramas xayollar qo’lida ezilib, o’zining dunyoda bormi-yo’qmilig’ig’a ham tushunmay keta beradir.

Hozir ko’klam kunlari: qirlar, tog’lar, soylar; ko’k-qizil, oq-qora, sariq-zangor, pushti- go’las va tag’in allaqancha ranglik chechaklar bilan ustlarini bejab, qishi bilan to’nggib arang etishkan oshiqlarig’a yangi hayot, yangi umid beradilar. Qish bo’yi alla qaysi go’r ostlarida junjib chiqg’an qush zotlari: chumchuqlar, chittaklar, to’rg’aylar, sa’valar va boshqa allaqancha qush durkumlari o’z to’plari bilan vijir-vijir, chug’ur-chug’ur sayrab kuladirlar, er yuzini tutkan chechak gilamlari ustini o’pib yalaydirlar, yotib cho’qiydirlar, sapchib uchadirlar… uzoq- uzoqdan kakku qush ham arzi vujud qiladir: «kakku-kakku».

Poyonsiz qirlarning nihoyatsiz bijir-bijir ko’rib to’ymasliq ko’k gilamlari va ularning dimog’larg’a majburiy iskatkan davo islari, yoqimliq hidlari har qandog’ ishdan chiqayozg’an hayot egasini ozg’ina bo’lsa ham epka ola biladirlar. Shuningdek, bu chechak qirlari o’z bag’rida suzib borg’an Otabekni ham o’ziga qaratmay qo’ymaydir. Uning fikri anuv qorong’uliqlar ichida suzma ham ko’zi chechak va sabzalar tomoshasida, dimog’i hidlar istishmomida, qulog’i qushlar nag’masida bo’ladir. Nima bo’lsa ham tevaragidagi ko’klam bejaklarini ko’zdan kechira boradir.

Bora-bora fikri ham shu ko’rinishlardan hissa olmoqqa boshlaydir.
— Hov ana bir qaldirg’och, to’g’rig’a qarab o’qdek otilib boradir, uchkan yo’lida vijir-vijir sayrab ham qo’yadir. Qaldirg’ochning qayg’usi yo’q, suyganining oldig’a tezroq etish uchun shoshadirg’andir: sayrog’i ham suyganining ko’rish shodlig’i uchundir… Baxtlik qaldirg’och: olg’an sovg’asi ham qo’rqunch emasdir, ota-onasining ham orzu-havaslari yo’qdir. Ularning turmush qonunlari juda engil, ikav-ikav, suygan-suyganni oladirlar-da tog’larda, erlarda, ko’klarda uchib yuruyberadirlar. Men ham shu qaldirg’ochdek uning sari otilib, vijir-vijir sayrab uchar edim.

Uning qaldirg’ochliq qanoti ota-ona mukofoti bilan qayrilg’an. Unga uchkali erk bermaydir-lar. Lekin hayvon uning qayrilg’an qanotig’a qaramasdan o’zining eski adim tashlashida qirlar, tog’lar oshib suvlar kechadir; etti-sakkiz qayta borib kelgan tanish shahariga intilgandan intila beradir. Bu oshishlar, bu kechishlar o’zga vaqtlarda Otabek uchun huzur va oshiqish bag’ishlag’an bo’lsalar, bu gal uni nafratlandiradirlar, bormay qaytish fikri halidan-hali ko’ngliga kelib turadir.

Uzoqda qo’sh haydab yurgan yigitning ashulasi eshitiladir: «Ikki yorni ajratuvchi bu falakning gardishi!» Ruhlik, kuchlik ko’krakdan chiqg’an bu ashula tevarakni zir-r etdirib yuborg’andek, Otabekka ham boshqacha bir ta’sir beradir. Go’yo bu dehqon uning istiqbolidan hikoya qilg’andek bo’ladir. Bu bayt dehqonning og’zidan yana takrorlanib tag’in tevarakni yong’iratadir. Endi Otabekning ko’nglidan bir gap ham o’tib ketadir: «Ikki yorni ajratquchi bu falakning gardishi emas, ota-onaning orzusi!» O’zining sirlik ma’nosig’a Otabekning istiqbolini olib ko’ringan bu bayt nihoyat uni yig’latadir. Ko’z yoshlari yuzi orqaliq egarining qoshig’a va otining yolig’a toma boshlaydir…

* * *

Marg’ilong’a to’rt qo’nib kirar edi, bu gal oltinchi qo’nishda etdi. Tevarakdan asr azoni eshitilgan vaqtda otdan qo’ndi. Otini qutidorning yo’lagiga etaklar ekan, negadir yuragi o’ynab ketdi. Bu gal o’z odatidan o’n kunlar chamasi kechikkani uchun «balki kutib o’ltur-g’andir» deb o’ylab haligi yurak o’ynog’isi tag’in ham kuchaydi va yo’lakdan mehmonxona havlisig’a chiqg’ach, ixtiyorsiz otining bo’ynig’a suyalib to’xta-moq-qa majbur bo’ldi.

Chindan ham ul ayvonning oldida kutib o’lturgan edi. Xayolot ichida Otabekning kelib kirganini sezmay ham qoldi. Nihoyat, qora ohu ko’zlarni to’ldirib bunga qaratib olg’ach, o’rnidan turdi-da, ichkari havlisig’a burilib keta berdi. Bu burilish ma’nosig’a Otabek alla- qachon tushunib qolg’an, bu o’zining kechikib uni zoriqdirg’ani uchun… Kechikish uchun bunchalik araz qilg’an bu go’zalning kundash uchun qandog’ holga tushmog’i ma’lum edi. Otabek tamom bir esankirashda qoldi. Otini axtaxonag’a bog’lab, sovg’a-salom to’ldirib kelgan ipak xurjinni ko’tarib ichkariga kirdi. Suyukli kuyavni yo’lakda ko’rgan Oftob oyim qilib turg’an yumishini uloqtirib Otabekning oldig’a yugurdi, jonini ming tasadduq qilib ko’rishkach, kechikkani uchun nechog’liq tashvishlar tortib va qandog’ tushlar ko’rganini labi-labiga tegmay so’zlay ketdi.

Allaqayoqlarda yurgan To’ybeka ham yugura kelib so’rashmoqqa uyalsa ham, ammo «chiroylik yigit»ning qo’lidag’i xurjinni oldi.

Oftob oyim yugura-yugura qat-qat ko’rpachalar solib, kuyavni o’lturishka taklif qildi va qarshilashni har galgidan ham oshirib yubordi. Lekin Otabek bu qarshi olinishlarg’a juda ishonchsiz qarar, bu kun bo’lmasa ertaga «ota-ona orzusi» bilan bu siylanishlarni birdan o’zgarib ketmagiga imon kelturib, qaysi yo’sunda o’lturib olg’anini ham payqamas edi. Oftob oyimning bir qancha yaxshi tilaklar bilan bo’lg’an duosiga ham ishonchsiz qo’l ko’tardi va mash’um «orzu»ning bundog’ yaxshi duolarni ost-ust qilishini o’yladi. Fotihadan keyin Oftob oyim tovoqni xurmaga, xurmani tovoqqa urushdirib kuyavga qatiq olib chiqdi va Otabekning ichmaganiga ham qo’ymay «ichingiz, yo’l g’uborini oladir» deb qistay boshladi. So’ngra To’ybekani choy qaynatishg’a buyurib o’zi kuyavi bilan so’rashdi:
— Otangiz, onangiz salomatlarmi?
— Shukur, sizga salom aytdilar.
— Hasanali otam sog’mi, nega siz bilan kelmadi?
— Shukur, sog’, ba’zi ishlar bilan bo’lib kelolmadi,— bu javobni berish homono ko’nglidan kechdi: «Nega yolg’on gapirasan, Hasanali to’y harakatlari bilan mashg’ul emasmi…» Otabekning kirib o’lturganiga bir necha daqiqa fursat o’tkan bo’lsa ham hamon Kumush uydan chiqmadida, arazini qattig’ ushlagancha o’lturib oldi. Oftob oyim kuyavi yuzida ko’rilgan o’ychanliqni Kumushning uydan chiqmag’anlig’ig’a yo’yib qizini chaqirdi:
— Kumush! Qallig’ing keldila-ya, chiqib so’rashishni ham bilmaysan! Oftob oyimning shu yo’sun chaqirishi uch-to’rt qaytalab bo’lsa-da, Kumush eshitmaganga solinib arzimagan narsalar bilan shug’ullang’an bo’lib chiqa bermadi. Otabekning yuzidagi o’ychanliqqa razm qo’yg’an sayin Oftob oyimning haligi shubhasi ulg’aya bordi, kuyavning ko’zini shamg’alat qilib qizining oldig’a kirdi va shivirlab Kumushni urisha boshladi: «Esingni edingmi qizim, ering sani deb Toshkand degan shahardan kelsayu, san kim keldi deb oldig’a chiqmasang. Tur, chiqib so’rash, arazlab ketib qolsa nima qilasan?» Oftob oyimning bu keyingi so’zi chindan ham Kumushni o’ylatib qo’ydi: «…Ketib qolsa nima qilaman?» degan jumlani ko’nglidan kechirdi-da, onasidan ilgariroq go’yoki, ayvon toqchasidan bir narsa oladirg’andek bo’lib, o’ziga termulib turg’an Otabekka er ostidan sekingina bir kulib boqdi va toqchadag’i keraksiz bo’lg’an bir piyolani olib, yana uyga kirib ketdi.

O’zbek oyimning sihirchi-joduchi deb qarg’ashi ham hikmatsiz bir gap emas. Kumushbibining bu kulib qarashi Otabekka ajib bir inqilob yasag’an edi. Undagi oniy bu o’zgarish juda qiziq va sira ishonmasliq edi. Ul bu er tegidan bir kulib boqish ta’siri bilan ustidagi tog’dek bosib yotqan «orzu»ni ag’darib solg’an va qushdek engil tortqan edi. Uning oniy bu o’zgarishi shundan iborat edi: «Ularning orzu va rizoliqlari, bu rizoliq sharofati bilan topiladirg’an savob, yurtning yuqori-quyi gaplari — barchasi ham Kumushning yolg’iz shu birgina kulib qarashi oldidan o’tabersin!» Oniy bu o’zgarishdan so’ng taraddudsiz shu qarorni ko’nglidan kechirdi: «Ularning orzularini bularga so’zlamayman-da, Toshkandlariga ham bormayman».

Undagi bu o’zgarish oniy bo’lg’anidek juda jiddiy ham edi. Ko’ngliga necha kunlardan beri uzala tushib yotqan bu chigil «bir kulib boqish» sihri bilan eshilgan va Marg’ilonda doimiy turg’unliqqa deb tugilgan edi… Bu o’zgarishdan keyin onadan tug’ma bo’lib engil tortdi, go’yoki mundan so’ng o’ziniki bo’lg’andek qilib ishonch va sokit ko’zlari bilan uyga qaradi. Shu vaqt uy ichidagi sitamgar pari o’zining sihirlik ko’zlari bilan Otabekka yana kulib qarab turar edi- da, go’yoki shu ku-lish bilan o’z sihrining qaysi darajalarda kuchlik bo’lg’anini so’zlab faxrlanar edi.

* * *

O’rtadan o’n besh kunlar vaqt o’tdi. Kumushning qaytalab so’rashig’a:
— Chindan-chindan: mundan so’ng Toshkand bormayman, — degan javobni berar edi. Kumush bu gapka ajablanar, to’g’risi, shodlanar edi.

* * *

Marg’ilon kelganning yigirmanchi kuni. Otabek hozirg’ina qayoqqadir chiqib ketkan edi.

Qutidor odatig’a qarshi bozordan kunduz soat uchlarda qaytib keldida, Otabekni so’radi, yo’qlig’ini bilgandan so’ng xotinini mehmonxonag’a boshlab chiqdi.
— Tinchlikmi? — deb so’rag’uchi Oftob oyimg’a so’yinch va yo quvonchlig’i bilinmagan bir vaziyat bilan javob berdi:
— Tinchlik.

Mehmonxonada eru xotin yonma-yon o’lturishdilar. Oftob oyim bu boshi-oyog’i yo’q ishdan yorilar darajasiga etayozgan edi.
— Otabekdan hech bir so’z eshitdingmi? — deb so’radi qutidor.
— Qanday so’z eshitay, har qachon so’zlaydir, albatta men eshitaman.
— Toshkand to’g’risida hech gap aytmaydimi?
— Toshkandga bir gap bo’lg’anmi?
— Toshkandga hech gap bo’lmag’an, — deb kulimsiradi qutidor. — Manim muddaom boshqa to’g’rilarda. Qizingdan ham hech gap eshitmadingmi?
— Hech gap… Ha, aytkandek kecha, erining mundan keyin Toshkand bormaslig’ini so’zlag’andek bo’lg’an edi.

Qutidor bir ishka tushungandek ko’zini o’ynatib oldi va so’radi:
— Endi Toshkand bormas emishmi?
— Bilmadim; chinmi, chin emasmi, haytovur qizingizdan eshitkandek bo’lg’an edim. Nima, ota- onasi bilan urishib kelganmi?
— Yo’q, — dedi qutidor va cho’ntagidan bir narsani ola-ola aytdi, — men bu kun Toshkanddan qiziq bir xat oldim.
— Kimdan?
— Qudangdan, — dedi qutidor va xatni ocha-ocha,— shuni sanga o’qub bermakchiman, — dedi.
— Axir o’zi nima gap? — deb so’radi Oftob oyim.
— Eshitsang bilasan.

«Qudamiz Mirzakarim qutidorg’a va qudachamiz xo-nimg’a etub ma’lum bo’lg’aykim, bizlar munda sog’-salomatdirmiz va ul jonibdagi siz hurmatlik va izzatliklarni parvardigori olamdin sihhatlaringizni saloti xamsa oldida so’rab turmoqdamiz. Ba’da maxfiy qolmag’aykim, kuyav o’g’lingiz xizmatlariga yuborilg’an edi. Inshoolloh, salomat etkan bo’lsa kerak. Ammo siz hurmatlularga ma’lumdir, bizning shul Otabekdan o’zga farzandimiz bo’lmay, dun-yoda o’zimizdan keyin qoldiraturg’an tuyoqimiz va ko’z tikkan orzu-havasimiz, umid hadafimiz faqat shul Otabekdir. Muhtaram siz burodarimizning shul yagona o’g’limizni farzandlikka qabul qilib, ammo bizning kelin bolamizni Toshkandga yubormag’anlari bizning janobla-ridin bo’lg’an minnatdorlig’imizni va yana o’g’limizg’a bo’lg’an marhamatlarini bir oz tugallay olmadilar. Ammo kaminalari bu xususdagi aybni sizning ustingizga butunlay yuklay olmaymiz, zeroki, bizning boshimizda bo’lg’an «yolg’iz tuyoqliq» savdosi sizning ham boshingizda bordir. Nachukkim, Otabekning ko’p umri Marg’ilonda o’tib, bizlarni ham siz o’ylag’an og’irliqqa solmoqdadir. Birodari aziz, siz manim bu so’zlarimdin xafa bo’la ko’rmangiz, zeroki, faqiringiz bu so’zlarni bir yo’sin kelish vajhidin yozib o’tdimiz. Dunyo orzu-havas uyi derlar. Yuqorida bayon qiling’anidek va o’zlari bilganlaridek, ayniqsa qudachalarining dunyoga kelib kutkani shu yolg’iz o’g’ulning orzu-havasidir. Janoblari bul ishka haq berurlarmi, yo’qmi, ammo azizlarning ruxsatlarini olmasdanoq Otabekni Toshkanddan ham taalluqdor qilmoqchi bo’lib, bul ma’niga ba’zi harakatlarini qilib qo’ygan erdik. Ammo bizlarning bul ra’yimizga o’g’lingiz qarshi tushib harchand rad qilsa ham nihoyatida onasining so’zini erda qoldirmasliq uchun qabul qilg’an erdi. Ammo bul to’g’risidag’i siz janoblarining ruxsatlaringiz ba’dida javob bermakchi bo’lib, xizmatlariga ketkan erdi. Siz hurmatlular bul ma’nini savob toparsizlarmi-yo’qmi, bu jihati yana marhamatlaringizga bog’liqdir. Bu maktubni yozishdan qasdimiz shulkim, Otabekning u ikkinchi taalluqqa aslo ra’yi bo’lmay va yana sizlarga aytmay bul tarafda bizlarni xijolat chekdirib qo’yarmi, deb o’yladiq. Burodari kiromi, siz dunyo ko’rgan bir kishisiz, onasining bu talabini xo’b mulohaza qilib ko’ringiz, bu to’g’ridag’i ra’yi o’g’lingizga qarag’anda ham faqirlaricha sizlarda bo’lg’ani vajhidin albatta ko’ndirishka sa’y va ko’shish qilursiz, deb ishonamiz. Otabekning ikkinchi taalluqi to’g’risida kelin bolamizg’a bildirilmasa xo’b erdi. Bizlarning xursandchiliklarimiz yo’lida Otabek bilan birga Toshkand tushib, o’z qo’llari bilan to’yimizni o’tkazishingizga ishonib Yusufbek hoji va qudachalari. 17-nchi savr oyida 1265-inchi hijriyada yozildi».

Qutidor xatni o’qub bitirdida, xotinig’a qaradi. Oftob oyimg’a bu xat muzlik suvga sho’ng’utib olish ta’sirini bergan va o’lturgan erida sirra bo’lib qotib qolg’an edi. Otalar uchun bundog’ gaplar unchalik yomon ta’sir bermasa-da, xotinlarg’a qanday asar qilishi bilgulukdir. Oftob oyim uchun go’yoki qizining birar aybi uchun bu ishka majbur bo’ling’andek, Kumush esa endi eriga suyumsiz, ishdan chiqg’an va burchakka tiqilg’an uvadadek bo’lib ko’rina boshlag’an edi. Maktubni eshit-kan quloqlari yanglish eshitkandek bo’lar edi.
— Tag’in o’qub ko’ringiz-chi…

Qutidor xotinining so’zidan kuldi:
— Qaytarib o’qishning foydasi yo’q, xatning maqsadi san onglag’andek, — dedi.

Oftob oyim boshi yanchilg’an ilondek to’lg’andi:
— Qizim ustiga kundash?! Qutidor qafaska yangi soling’an qushdek urinmakka olg’an xotinini bosmoq bo’ldi:
— Ortiqcha urinma, ilgari haqiqatka tushun-chi…
— Haqiqati nimasi?
— Bunda gap bor.
— Nima gap bor?
— Agar bu ishda kuyavingning ham izi sezilganda edi, san emas man ham bu gapka chidamas va qizim ustiga tushkan bu og’ir masalani tinchlik bilan qarshi olmas edim. Ammo bunda kuyavingning ishtiroki ko’rilmay, shuning ila manim damim kesilib qoldi. Hali uning qizingg’a: «Mundan keyin Toshkand bormayman», deb aytkanini so’zlab eding-a?
— Yolg’onmi, chinmi, — dedi Oftob oyim tilar-tilamas, — eshitkandek bo’lg’an edim.
— Eshitkandek bo’lg’an bo’lsang ham bu so’z chindir, — dedi qutidor, — nega desang, xatining mazmunidan ham onglashiladirkim, bu ikkinchi uylanishka Otabek butunlay qarshi bo’lib, faqat bu gap qudala-ringninggina ishlaridir. Shuning uchun kuyavingning uylanishini qizing ustiga chin ma’nosi bilan kundash deb bo’lmaydir.

Oftob oyim kutmagan joyda qutidor tamoman Otabekni ikkinchi uylantirish tarafida turib so’zlar va o’lganning ustiga chiqib tepar edi.
— Agar Otabek bu ikkinchi uylanishka rizo bo’lsa edi, birinchidan ruxsat olish uchun Marg’ilong’a kelib yurmas…
— Shoshmang-chi, — dedi Oftob oyim, — o’zingizcha nimani so’zlay yotibsiz?
— Bu ikkinchi uylanishda Otabekning rizosizligini.
— Kuyavingizning rizolig’i bo’lmasa xudo xayrini bersin, vassalom.
— Gap unda emas-da, — dedi kulib qutidor.
— Nimada? — dedi qizishib Oftob oyim. — Qizingiz ustiga kundash balosini o’z qo’lingiz bilan yuklamakchi bo’lasiz shekillik! Qutidor sovuqina qilib kulib qo’ydi:
— Tushunmay yotibsan, xotin.
— Hamma gapka tushunib turibman.
— Tushungan bo’lsang bu xatka nima deb javob beramiz?
— Bizga ma’qul emas, deng.
— Ma’qul emas, deyish bilan ish bitmaydir, birarta dalil ko’rsatish kerak.
— Toparsiz, axir dalilni.

Qutidor tamoman to’nni teskari kiyib olg’an xotinig’a qarab boshini qashib oldi:
— Xatda ikkinchi uylantirish uchun bo’lg’an sababni qizimizni Toshkand yubormag’anlig’imizda ko’rsatila-dir, — dedi qutidor. — San aytkancha kuyaving Toshkanddan ikkinchi uylanmasin-da, Kumushni qudalaring oldig’a turg’un qilib yuborayliq, tuzikmi?
— Nega men yolg’iz qizimni Toshkandga yuboray, — dedi ko’zini olalandirib, — biz qizimizni berishda Marg’ilondan tashqarig’a olib ketmas va’dasi bilan berganmiz.
— Bu gaping to’g’ri-ya, — dedi qutidor, — men ham Kumushni Toshkand yubormoqqa qarshiman.

Gap bu erda: biz Otabekdan bu va’dani olg’an choqda, «Ota-onang’dan kechasan, ikkinchi uylanmaysan» degan va’dani ham olg’anmi edik?
— Bunday va’dani bergan bo’lsin-bo’lmasin, — dedi entikib, — suyub olg’andan so’ng ikkinchi uylanish so’zini ham og’zig’a olmasin.
— Kim aytdi sanga, og’zig’a oldi, deb?
— Hech kim aytmagan bo’lsa ham siz orag’a tushmang deyman, o’z oyog’ingizga o’zingiz bolta qo’ymang, deyman.
— Pichoqni o’zingga ur, og’rimasa boshqag’a, degan bir gap bor, — dedi jiddiy vaziyatda, — mendan ham san yaxshiroq tushunib turibsanki, agarda bizning rizoligimiz bo’lmas ekan, Otabek sira ham ikkinchi uylanmaydir. Masalan, biz ikav — qudalarning o’rnida bo’lib, yolg’iz o’g’limiz boshqa bir shaharda, biz tanimag’an bir qizg’a uylanib qolg’anda — o’ylab qara, chiday olurmi edik. O’g’limiz ko’nmaganda ham o’z shahrimizdan ikkinchi uylantirishka kirishmasmi edik. Bu tilagimizga qarshi tushib o’g’limizni o’z shahri va o’z uyida olib o’lturg’uchi qudalarimizg’a la’nat o’qub o’lim tilamasmi edik?

Bu so’z Oftob oyimni bir oz o’ylatib qo’ydi. Lekin hali ham oyoq uzatmag’an edi.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Nima qilar edim, — dedi qutidor, endi hamma ixtiyorni o’z qo’lig’a olib qo’yg’an edi, — Otabek ko’nmaganda ham ko’ndirib, o’zim birgalashib Toshkand tushaman…
— Qizingiz bechoraga…
— Qizimga hech gap yo’q. Hali ham izzati, hurmati o’z qo’lida.
— Qurib ketsin shu dunyoning ishlari!
— Qizingni Toshkand jo’natishka ko’n bo’lmasa.

Oftob oyim javob berish o’rniga o’krab-o’krab yig’ladi.

* * *

Qayin ota, qayin ona, kuyav… Bu uch burchaklik o’lturmishdan Otabek ko’nglida necha turluk shubha tug’ilmoqda edi. Bu odatdan tashqari chaqiriq nega me-hmonxonag’a bo’ldi? Nega Kumush bu o’lturishka chaqirilmadi? Qayin onasi nega unga termulib boqadir? Qutidor tomonidan shu orada ul kutmagan bir savol ham tashlanib qo’yildi.
— Otabek, uyalmay, tortinmay javob beringiz; bu gal Toshkanddan chiqishingizdagi asl maqsadingiz nimaga edi?

Otabek tarafidan kutilmagan bu savol uni shoshirdi va nima deb javob berishni bilmay qoldi.
— O’zim… sizlarni ko’rish uchun.
— To’g’risini so’zlangiz, bek, — qutidor bu gapni yarim jiddiy qilib kulib aytdi. Chunki Otabekni shu yo’sun ba’zi yoqlardan ta’min etmakchi va unga bu to’g’rida jasorat bermakchi edi.
— Aytdim-ku.
— To’g’ri aytmadingiz…

Otabek shoshqan holda edi:
— Toshkanddan chiqg’animdagi maqsadni so’zlash sizlarga bir behuzurlik berganidek o’zimga ham og’ir… U to’g’rida qat’iy bir qarorg’a kelganim uchun sizlarga so’zlab o’lturish ham foydasiz, — dedi.

Oftob oyim eriga qarab oldi, qutidor yovoshqina bir tovush bilan so’radi:
— So’zlash og’irmi?
— Mengagina emas, hammamizga ham og’ir…
— Agarda biz rizoliq bersamiz-chi?

Erining bu jasoratiga qarshi Oftob oyimning yuziga rizosizliq belgusi chiqdi. Otabek ersa seskanib uyqudan uyg’ong’andek bo’ldi va ikkilanib so’radi:
— Siz nimaga rizoliq berasiz?
— Bu gal Toshkanddan nima maqsadda chiqg’an bo’lsangiz — o’shanga.

Otabek xijolat bilan ter chiqardi:
— Toshkanddan nima maqsadda kelganimni bilasizmi?
— Bilamiz, — deb kuldi qutidor.
— Sizni bunday ishka rizoliq uchun kim va nima majbur etadir?
— Hech kim majbur qilmaydir, — dedi kulib qutidor,— majbur qilg’an narsa: shunday kunlar uchun o’g’ul o’sdirg’an ota-onaning rizoliqlarig’ina, balki sizni ham shu gap majbur qilar.
— Otam bilan onamning rizoliqlari uchun shundan boshqa sabab qurib qolg’anig’a nima deyishimni ham bilmayman. Garchi Toshkandda ekan chog’imda bu rizoliq yo’lig’a bel bog’lang’an bo’lsam ham, endi bu bel bog’lashni butunlay o’rinsiz bo’lg’anig’a tushundim…

Oftob oyim oz qoldiki, «to’g’ri!» deb qichqirsin. Ammo qutidor xotinig’a xo’mrayib qaradi.
— Qisqaroq o’ylaysiz, Otabek, — dedi, — otangiz bizga murojaat qilmag’anda edi, biz bu ishda betaraf qolsaq bo’lar edi. Hozirda biz ham sizning so’zingizga qo’shilsaq siz emas, yomon otliq biz bo’lamiz.
— Uning mulohazasini qilmang.
— Nega qilmayliq?
— Hamma aybni manim ustimga yuklab javob yozingiz.

Qutidor kuldi va so’radi:
— Toshkandda ekan chog’ingizda otangizning taklifini qabul qilg’an edingizmi?
— Qabul qilg’an edim.
— Bizning ruxsatimizni olg’ali Marg’ilong’a ham kelgan edingiz, shundog’mi?
— Shundog’…
— Barakalla, Marg’ilong’a kelib bu gapdan aynadingiz-a?
— Aynadim…
— Endi Toshkandga Marg’ilondan aynab borasiz?
— …
— Mana ko’rdingizmi, faqat bu ishda bizgina yomon otliq bo’lamiz. O’zingizning shu xatongiz uchun ham bu gapni qabul qilmoqqa majbursiz.

Otabek nima deb aytishdan ojiz qoldi va o’zining bolaliq harakatidan seskandi va xijolat orasida so’radi:
— Otam sizga qachon xat yozg’an edi?
— Kecha oldim. Demak, ko’ndingiz?
— Men bu gapka durustlab o’ylamasdan javob beralmayman.
— Qancha o’ylasangiz ham javobingiz birgina bo’lishi kerak; ya’ni rizoliq.

Qutidorning bu so’zi juda ham qat’iy edi. Bu qat’i-yatni onglag’uchi ko’ngildan chiqarayozg’an bu masalani chinlab o’ylamoqqa majbur edi. Nima bo’lg’anda ham ko’nglining bir chekkasini kirlatib yotqan bu «ota-ona orzusi» bir tomondan qaralg’anda juda engil ko’chkan edi. Ammo ikkinchi tomondan masalaning eshilmagan o’rinlari ham bor edi.
— Yaxshi, — dedi, — men sizning taklifingizga ko’nayin, ammo ko’nishning va rizoliqning zaruri qizingizda emasmi?

Shu choqqacha mungg’ayib o’lturgan Oftob oyim yalt etib eriga boqdi, yana cheksiz bir mehribonchiliq nazari bilan Otabekka qaradi.
— Siz qizimizning andishasini qilib o’lturmangiz, bek, — dedi qutidor, — bu ishni eng yaxshisi unga bildirmaslikdir, keyinroq o’zi ko’nikib ketar, bu taraflardan tashvish lozim emas.
— Yo’q, — dedi bek, — men bu ishka basharti ko’nganimda ham qizingizdan yashirmayman.
— Nega?
— Negaki uning rizolig’ini olmasdan turib, bu ishka oyog’ qo’yishim mumkin emas.
— Agar ko’nmasa-chi?
— Ko’nmasa, men ham ko’nmaslikka majburman.

Bu uzil-kesil so’zdan qutidor o’ylab qoldi. Oftob oyim bo’lsa, qizining qadrini bunchalik arshlargacha ko’tarmakda bo’lg’an yigitka o’zida cheksiz muhabbat, poyonsiz ehtirom sezmakda va nima uchundir yig’lag’usi va kuyavi yuzidan o’pkusi kelmakda edi.
— Tuzik, — dedi qutidor, — uning rizolig’ini o’zingiz olmoqchimisiz?
— Yo’q, negaki qizingiz uchun haqorat bo’lg’an bu so’zni aytish manim qo’limdan keladirgan ish emas, — dedi. Eru xotin bir-birlariga qarashib qo’ydilar. Keyingi so’zni aytib bitirgach, Otabekning ko’ziga yosh kelgan edi. O’zining holidan uyaldi shekillik, ularning oldidan turib tashqarig’a chiqdi. Ul chiqg’andan so’ng eru xotin yana yarim soatcha janjallashib o’lturdilar.

* * *

Xuftan namozidan so’ng yangilangan tashvishlarni bir oz unutdirar umidi ila poychirog’ yonig’a o’lturib, Fuzuliy devonini varaqlar edi. Ammo Fuzuliyning rang-barang she’rlari ustida qanoatlanib to’xtamas, hamon varaqlag’andan-varaqlar edi. Shoirning nafis she’rlari hozir uning uchun tuzsiz so’zlar yig’indisidan boshqa bir narsa ham emas edilar. Ul shu vaqt to’sindan kitobni yopdi-da, ayvong’a quloq soldi. Chunki hozirgina so’zlashib o’lturgan Kumush bilan onasining tovushlari o’chkan edi. Ul bu holdan shakllandi. Ayvondan ona-bolaning qayoqqadir yo’qolg’anlarini payqag’ach, tusida o’zgarish bo’lg’ani holda qaytib kelib o’lturdi.

Nima uchundir hozir unda birar foji’aga tushkuchining holati bor edi. Kishi iztirobka tushkan kezlarda tilab emas, ixtiyorsiz ba’zi bir yo’sunsiz ishlarga urinadir. Shuningdek, ul ham jiddiy bir ravishda Fuzuliy mutolaasiga berildi.

Ul o’zining shubhasidagi gapka qoni’, oradan yarim soatlab emas, bir soatlab vaqt o’tib borg’an bo’lsa ham bu unga zerikarlik emas, tez kelgandan kelmagani yaxshi; yaxshiliqmi, yomonliqmi haytovur bo’ladirg’an ko’ngilsiz gapni kechikkani yaxshi… Fuzuliyni yaxshilab o’qush kerak. Shuning uchun ham ma’nolik she’rlardan boshini ko’tarmaydir-da, go’yoki aytarsiz kitobka mixlangan…

Kumushning uyga kelib kirgani ham unga sezilmay qoldi. Ul qushlar kabi latif tovush chiqarmasliq qilib gilam ustidan yurib keldi-da, sekingina sham’ yonig’a — Otabek qarshisig’a o’lturdi. Uning ko’ynagining chiqarg’an engilgina shamoli bilan yonib turg’an sham’ «lop» etdi- da, ko’rishkandek, o’ynashqandek bo’ldi. Bu holdan kitob ustiga mukkadan ketib o’lturg’uchi cho’chib ko’tarilib qaradi. Qarshisida: Fuzuliy ta’biricha sebi zanaxdoni negadir qizarib, novaki mijgoni ko’z yoshlari bilan juftlangan haligi pari edi… Birinchi qarashdayoq kutkan ishining to’g’rilig’ig’a inondi va osiylar kabi ko’zini erga tikdi. Ul Kumushdan itobomiz so’zlar, achchig’ xitoblar kutar; birinchi itobdayoq ota-ona gunohiga tavba qilishg’a hozirlanar edi. Ammo ish ul kutkuncha chiqmadi. Kutilmagan joyda, go’yoki uni bu og’ir holdan qutqarmoqchi bo’lg’andek:
— Fuzuliy yaxshi kitob, — dedi Kumush, — men ham yolg’iz qolg’an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim, sizammi?

Bu oliyjanob go’zalga nima deyishni bilmas, qaerdan so’z boshlashqa hayron edi:
— Kim yig’latdi sizni?
— Yig’labmanmi?
— Ko’zingiz, kiprakingiz…
— O’zi shunaqa…
— Yig’latg’an men emasmi?
— Kitobni nega yopdingiz? Ochib o’qung, men eshitay.
— Ota-ona rizolig’ini bir tomchi ko’z yoshingizga arzitdimmi?
— Men rozi, men ko’ndim, — dedi daf’atan Kumush, bu so’zni nimadandir qo’rqg’andek shoshib aytdi.
— Ko’ndingiz… nega, a?

Otabek hayrat va taajjub ichida edi.
— Negaki, — dedi Kumush, — men sizga ishonaman…
— Shuning uchun…
— Shuning uchun ko’ndim…
— Ko’nglingiz farishtalar ko’nglidek.
— Sizning ham ko’nglingiz…

Ikki jon, ikki yurak go’yoki bittadek bir-birisini onglar, birisidan-birisiga o’tib yurar edi shu vaqt.
— Bo’lmasa nega yig’ladingiz?

Bu savoldan Kumush bir muncha o’ngg’aysizlanib, uyat aralash bir tabassum bilan:
— O’zim… — dedi va keyinidan o’zining hamma tilak va shartlari ma’nosini jam’i bo’lg’an,
— menim unutmaysizmi? — degan so’rog’ini berdi. Ul nima deb aytishka so’z topolmay qoldi.

Chunki yurak sirini ifoda qilarliq jumla topish mumkin emas edi. Javob berish o’rniga o’zicha so’zlandi:

«Ota-ona orzusi…»
— Bilaman, — dedi ovutquchi tovush bilan Kumush.
— Manim orzumni ham bilasizmi?

Kumush Otabek yaqinig’a surildi va tirsaklari bilan uning tizzasiga yonboshlab erkalandi…

* * *

Qutidor tarafidan ertaga Toshkand jo’nash e’loni berildi. Ikkisining hamma vaqtlari sham’ yonida so’zlashib kechdi…

Qovoq Devonaning Belbog’i
Och qoring’a salimsoq eb, ko’kchoy ichishdan zerikkan kishilar choyxonaga Qovoq devonaning kirishi bilan unga so’z qota qoldilar:
— Keling-keling, devona!
— Bir kosa choylaring bormi, xo’vari?
— Bor-bor, avliya, bitta bachcha bo’lsangiz idishi bilan sizniki.

Qovoq devona deganimiz o’rta yosh, siyrak soqol, qotma, kun issig’lig’ig’a qarshi o’chakishkandek boshig’a eski telpak, egniga paxtasidan boshqasi to’zib ketkan guppi chopon kiyib, yangi bo’z belboqni besh-olti aylandirib bog’lag’an va unga besh-oltita chilim qovoqdan tortib to suvqovoq, nosqovoq va tomosha qovoq-larg’acha osqan; qovoqlarning og’irlig’idan arang harakat qiladirg’an o’z zamonasining mashhur bir devonasi edi. Bu devona Toshkandning barchasiga ma’lum; beklardan, boylardan; qisqasi, shaharning katta-kichigidan o’ziga ixlosmandlar ortdirg’an va ko’blarning tarafidan qilg’an karomatlari rivoyat etilgan bir majnun edi. Shahardagi har kim uning oshnasi, karomati bilan beparvo bo’lg’anlar ham uning qiziq harakatlariga va tutal so’zlariga qiziqar edi. Bu choyxonadagilar ham shu keyingi sinfdan edilar.

Birarta ixlosmand qo’lidan boplab tomoq egan bo’lsa kerak, hozir o’shaning chanqovini bosmoq fikrida edi.
— Bachchang kim, bachchang? Onam meni bachchalik uchun tug’mag’an… Choyingdan ber, cho-yingdan!
— Onangiz sizni nima uchun tuqqan?
— Xonning qo’yini boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun; choyingdan berchi, xo’vari! Devonaga bir piyola choyni ichishka ham tinchlik bermadilar. Ulardan bittasi ko’zni shamg’alat qildida, belidagi qovoqdan bittasini yulib ham qochdi. Ish yomonga aylandi. Quvlab tutolmadi. So’ngra kelib yana bir kosa choyni ichdi va unga-bunga qovog’i to’g’risida iltimos qilib qaradi. Bo’lmag’ach, qovog’ini qo’msab ho’ngir-ho’ngir yig’lamoqqa oldi. Ermakchilarning kutkani ham faqat uning yoshi mishig’ig’a, mishig’i tupugiga qo’shilib yig’lashi edi.

Qovoqni yulib qochqan tomdan kelib sufaning ustidagi so’riga qovoqni osdi va o’zi tushib devonaning yonig’a keldi:
— Qovoq o’g’risini ushladingizmi, devona?
— Yo’q, uka! Qovog’imdek shishib o’lsin, qochqancha ketdi! Birav Eski Jo’vada ko’rganligini va qovoqqa minib ketayotqanini so’zladi. Ikkinchisi «zap qovoq edi-da» degan edi, uchinchisi «attanga» deb qo’ydi. Devonaning o’pkasi shishib ketdi.

Ermakchilar uning yuragiga galma-gal o’t yoqar edilar.
— Qovog’ingizning o’zi bu iqlimda yo’q narsa edida,— dedi birav. Devona qovog’ining tarjumai holini so’zlab berdi:
— Dadam musallas qovoq, oyim mosh qovoq, men bel qovoq… — dedi. Kulishdilar.

Ermakchilardan bittasi yuqorida osilg’an qovoqni ko’rsatib ajablandi:
— Iyi-iyi, anuv kimning qovog’i-ya?

Devona suyukli qovog’ini so’rida ko’rib quvona ketdi:
— Voy xo’varingni… jinnilar, voy esi yo’q xo’varilar! Qovog’imni ber jinnilar!
— Tuzik-tuzik, avliya. Qovog’ingizni tushirib bersam nima berasiz?
— So’rag’aningni ol, jinni… Oyim qishlog’ig’a bek bo’l, tentak: tilla jabduqliq ot min, jinni…
— Men Oyim qishlog’ining bekligi uhdasidan chiqolmayman. Qovoqlaringizning kasbini aytib bersangiz bo’ladi manga. Devona bu shartka ko’ndi, qovoq tushi-rilib, devonaning qo’lig’a eson-omon tegdi. Mahbuba ortiqcha bir ehtiyot va e’tibor bilan belga — boshqa yo’ldoshlari yonig’a tugildi.
— Qani, endi bo’lsin, devona! Qovoq devona belidagi qovoqlardan bitta egri maymog’ini ko’rsatib: — Manov Musulmon cho’loq, — dedi, uning yonidag’i kichkina tomosha qovoqni turtib: bunov, Xudoybachcha (Xudoyorbachcha), — dedi, suv qovog’ini erkalab «Nor kalla» (Normuhammad qushbegi), — dedi.

Qolg’an ikkita silliq qovoqchalarni «nosqovoq, yupqa tomoq», deb qo’ydi. Ermakchilar ku- lishdilar. Bu qovoq o’g’rilari ichidan tezroq qochib quti-lish uchun ketishka intilgan edi, biravi ushlab qoldi.
— To’xtang hali, gap bor! — devona so’kinib to’xta-di.— Manavi belingizdagi belboqni qaerdan o’g’irlab oldingiz?
— Qo’y, juvonmarg bo’g’ur!
— O’tkan kuni o’g’irlatqan belbog’ing shu emasmi, Karimqul? — deb yonidag’ig’a qaradi ermakchi.
— Ha, ha, xudda o’g’irlatqan belbog’im, tutdik o’g’-rini! Qovoq devona xudda belbog’idan ajrayturg’andek ikki qo’li bilan beliga yopishdi.
— Saniki bu emas, tentak!
— Yo’q, xudda maniki shu, esh, bo’lmasa mirshab chaqiraman.
— Xo’varingni… nima deydi, bu!
— To’g’ri ayt, buni qaerdan o’g’irlading?! Devona belbog’ining tuguniga aztahidil yopishqani holda:
— O’g’irlamadim, tentak, hoji pochchangni to’yidan oldim, jinni! — dedi.
— Hoji pochchang kim? Yolg’on so’zlama, o’g’ri!
— Hoji pochchangni tanimaysanmi, tentak?
— Toshkandda hoji pochchadan ko’pi bormi, o’g’ri?
— Esing ketibdi, jinni… Yusufbe hojing-chi. Axir; to’y bo’ldi, bazm bo’ldi, o’g’ul uylandi…

qo’y, juvonmarg, bo’g’ur! Devona ermakchilar qo’lidan arang qutilib chiqdi. Ammo ularning ichidagi ko’zini bog’lag’an bir kishi nima uchundir devonaning orqasidan ergashdi. Choyxonadan anchagina uzoqlashqan edilar.
— Devona! — deb chaqirdi haligi ergashuvchi.

Devona o’ziga qarab kelguchi bu ko’z og’rig’ini tanidi. Suyukli qovoqlar ustiga kelgan balo bo’lmasin uchun, ketar ekan, qovoqlarini ehtiyotlab ushladi:
— Nima deysan, ko’z og’rig’i?
— Qo’rqmangiz, devona! — dedi ko’z og’rig’i va adimlarini tezlatdi.
— Nima ishing bor?
— To’xtang.

Devona arang to’xtadi. Ko’z og’rig’i uni cho’chitmas uchun naridan turib yonchig’ini kavliy berdi.
— Sizga nazrim bor.

Bu so’zni eshitib, devona yo’lg’a tushdi. Ko’z og’rig’i uning ketidan yugirdi va:
— Mang! — deb pul ko’rsatdi. Devona iltifotsiz ketabergan edi: — To’xta deyman! — deb do’q urdi. Devona narida to’xtadi:
— Kelma, kelma, ko’z og’rig’i! Ko’z og’rig’i o’n adimcha narida turdi:
— Hali, kim o’g’lini uylantirdi, deding?..
— Kim uylantirdi, deding?
— Aytding-ku choyxonada!..
— Aytding-ku choyxonada…
— Belboqni qaerdan olding?
— Buving berdi.
— To’g’ri ayt!
— To’yga keldingmi?
— To’yga keldim…
— Yusufbenikigami?
— Yusufbenikiga.
— Belbog’ing yo’qmi?
— Yo’q.
— To’y o’tkanda kelibsan.
— Yusufbe qaysi o’g’lini uylantirdi?
— Nechta o’g’li bor?
— Nechta o’g’li bor!
— Bitta… Qorategindan keldingmi, opang omanmi?
— Omon… qachon uylantirdi?
— O’zing uylanganmisan?.. Qorategindan necha kunda kelding?
— Besh kunda. Qachon uylantirdi?
— Eshakka minibmi, yayov?
— Eshakka minib.
— Nashang bormi?
— Bor.
— Qitta ber-chi.
— Beraman, oldin ayt; qachon uylantirdi?
— To’y o’tkanda kelibsan, tentak… Manga-chi, bir tog’ora osh tegdi.
— Bozordan osh olib bersam eysanmi?
— Yuzingga qachon chechak chiqdi?

Ko’z og’rig’i bu tutal so’zlardan asabiylashib ketdi:
— Qachon uylantirdi deyman?
— To’y o’tkanda kelibsan dedim-ku… Bir hafta bo’ldi, o’n kun bo’ldi, bir oy bo’ldi. Ha, ha, charlari endi bo’lar emish… charlarga bor. Qorategin.
— Toshkanddan uylantirdimi?
— Xi, xi, xi, ahmoq. Toshkanddan bo’lmay, Qorategindan uylantirsinmi?

Shundan keyin ko’z og’rig’i choyxonaga qaytdi…

Jodugar Hindi
Qayin otasining og’rig’an kasalidan tuzala olmay va yo tezroq o’lib tiriklarni qutultirmay «charlar» balosi bilan o’zini ipsiz bog’lang’ani uchun so’ng chekda si-qilg’an, shunga ko’ra onasig’a achitib so’zlamakda edi:
— O’ylab-boqing onajon! Bir bechora sizning orzuingizni deb, qizi ustiga kundash yukladi va birgalashib to’yingizni o’tquzishdi. Ish kuchidan qolib, o’n kunlab Toshkandda yurdi. Nima bo’lg’anda ham biravning yaxshilig’ini bilish kerak edi.

O’zbek oyim o’zining bir haftalik so’zini takrorlar edi:
— Endi nima qil deysan bolam, o’tquzmay ketishing uyat.
— Uyat deysiz-da, uyatka o’zingiz tushunmaysiz.

O’zbek oyim o’g’lining ters so’zidan qizishdi.
— Juda hovliqa berma, o’g’lim. Charlar ham o’tar, andining yuzini ham ko’rarsan!..
— Onajon, — dedi Otabek, — sizning zaharlik so’zlaringizga nima deyishka ham hayronman… Billoki, maning hovliqishim siz aytkancha bo’lsa… xoti-nimnig’ina emas, uning ota-onalarini andishasida shoshaman. Ularning ko’ngillariga gap kelmasin degan mulohazada hovliqaman. Men sizning orzungizga butunlay qarshi tushib, Toshkandingizni tilga olmasliqqacha borg’animda o’sha bechoralar sizning rioyangiz bilan meni bu erga sudrag’andek qilib olib keldilar… Uyatni bilsangiz, eng ozi shuning andishasi kerak emasmi?
— Bo’lmasa charlarni kutmagin-da, yugira qol, — dedi O’zbek oyim, — marg’ilonliqning o’kchangdan urg’anlig’i aniq ekan.

Otabek kamoli bo’g’ilg’anidan sukut qilishg’a majbur bo’ldi, chunki bu orzu havas onasi yarani har zamon kattaroq ocha borishg’a juda ham usta va bu ustaliq uning barcha kutkanlarining kundan-kunga bo’shka chiqa borg’anlig’idan edi. Ayniqsa unga hozir butun ma’nosi bilan sir onglashilib, marg’ilonliqning jodusini juda ham kuchlik ekaniga imon keltirdi. O’g’lining orzu-havasini ko’rdi — ko’rish bo’lsa — orzulag’andan ortiq. Biroq bu orzu-havas orqasidan kutilgan marg’ilonliq balosidan o’g’lini qutqarish masalasi uning tilagicha bo’lib chiqmadi-da, yana marg’ilonliqning sihri o’tkirlik qildi… Nikoh kuni Otabekning kiyimlarini juhud domladan o’qutishlar, marg’ilonliqdan sovitib toshkandlikka isitishlar — barchasi ham hozir o’z ajzlarini unga iqror qilar edilar. Keyingi «beshbosh» domlaning bergan tutatqi, ezib ichki, duo va tumorlari ham negadir ta’sir asarini sezdirmadilar…

O’zbek oyim marg’ilonliqning domlasini kuchlik ekanida shubha qilmasa ham, ammo bir ishka juda hayron edi: juhudning qilg’an jodusini — juhud, musulmon domlanikini — musulmon daf’ qila olur edi; nega bular asar qilmaydi sira? — Hozir O’zbek oyim buning sirrini o’ylab topolmas edi. Bu boshi berk ko’chada ul uzoq qamalib qolmadi — buning sirrini daf’atan topdi, ham juda to’g’ri topdi: «Marg’ilonliqning domlasi juhud ham emas, musulmon ham emas — hindi! Hindilarning ham hannosi: bas, hannosining sihrini na musulmon domlasi qaytarsinu, na juhud. O’shal hindining o’zi qaytarmasa, o’zga iloj yo’q!» Nima qilmoq kerak? Toshkandda birarta hindi dom-lasi yo’qki, ilojini qilib bersa…

Endi xotin boshi bilan marg’ilong’a murojaat qilsunmi?

Boshqa tushkanni ko’z ko’rar, degan so’z bor. O’zbek oyim ham boshig’a tushkan bu kulfatni ko’rishka majbur edi: «Shu galdan qoldirmay Otabekning yonig’a Hasanalini qo’shib Marg’ilong’a yuboraman, Hasanali u erdagi hindi domlag’a uchrashib, Otabek ustidagi sihr-jodularni eshdirsin… Hindi har qancha olsa ham mayli, bisotdan u-buni sotib pul qilib beraman».

Otabek onasining qarshisida boyag’i sukutka ketkanicha jim o’lturar edi. O’zbek oyim haligi kashfi-yotdan qutilib bu to’g’rida so’ngg’i qarorini ham berib bo’lg’ach, Otabekka dedi:
— O’g’lim… yangi uylangan oting bor. Manim oldimda o’lturib nima qilasan? Bechora yolg’iz o’lturibdir.

Otabek onasig’a bir qarab oldi-da, javob bermadi.
— Bor, bolam, bor. Yaxshi emas bu ishing… — O’zbek oyim so’zini bo’lib daricha yonig’a kelib to’xtag’an Oybodoqqa qaradi.
— Sutchoy tayyor bo’ldi, suzib kiraymi?
— Ikki kosani kelinlik uyga ber, men bilan Hasan-alinikini shu erga keltir.

Oybodoq keta boshlag’an edi, Otabek uni to’xtatdi:
— Manikini ham shu erga olib kir, — dedi. Oybodoq O’zbek oyimg’a qaradi. O’zbek oyim o’g’lig’a xo’mraydi. Otabek xo’mrayishg’a iltifot qilmay, Oybodoqqa «shundoq qil» ishorasini berdi.
— Bo’lmasa kelinnikini ham shu erga berib, o’zini chaqir. Hasanali uyida ichsin, — dedi O’zbek oyim. Oybodoq ketkach, o’g’lidan so’radi: — bu nima qiliq, bolam?
— Qiliq emas.
— Kelin bilan birga ichsang nima bo’lar edi? Biravning bolasini munchalik xorlash yaxshi emas.
— Bundan xorlag’anliq chiqmaydir. O’zini shu erga chaqirdingiz — ish bitdi.

O’zbek oyim tag’in nimadir aytmakchi edi, Oybodoq dasturxon ko’tarib kirib qoldi.
— Kelinga aytdingmi?
— Aytdim.

Dasturxon yozilib, tushlik choy keldi. O’zbek oyim kosasiga non tashlab ko’zi eshikda, ya’ni kelinni kutar edi. Kelin eshikdan ko’ringach, o’g’lig’a «qarshi ol» degandek qilib qarab qo’ydi.

O’n etti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, o’rtacha husnlik Zaynab qayin onasining tilak va sha’niga loyiq tavozi’ — odoblar bilan bitta-bitta bosib dasturxon yonig’a keldi.

Qayin ona tomonidan «o’lturing» ruxsati berilganidan so’ng, qisilib-qimtinib tovush chiqarmayg’ina o’lturdi. O’zbek oyimning ko’zi o’g’lida. O’g’li bo’lsa choyga non ho’llab emoqda edi.

Bir-ikki qayta xo’mrayib-xo’mrayib o’g’lig’a qaradi-da, uning ko’zini uchrashdira olmag’andan keyin, unga so’z qotishg’a majbur bo’ldi:
— Charlaring ham bo’la qolmadiki, qayin otangni borib ko’rsang. Yoki charlarsiz ham ko’ra qolasanmi?

Zaynab ko’zini eriga tikib qoldi. Otabek salqing’ina onasig’a javob berdi:
— Ko’rsam bo’ladir… — dedi va kulimsiragansumon Zaynabka qaradi. Zaynab ham kulgan bo’ldi. Shu kich-kinagina kulimsirash O’zbek oyimni ancha tinchitdi. Ammo musohaba shuning bilan to’xtalib, orag’a yana boyag’i jimjitlik kirdi. O’g’lining miridan sirini ajratib o’lturg’uchi ona yana olazarak og’rig’ig’a yo’liqdi. Zaynabning ko’zi tez-tez Otabekka tushar, u bo’lsa xo’r-xo’r choyni ichar edi. Bu holdan O’zbek oyim ich-etini eb, yutkan luqmasining mazasini ham bilmas, qisqasi o’lturish so’zsiz, go’yo tuzsiz va ma’nosiz edi. Bu ma’nosizlik tadbirini ko’rish yana O’zbek oyim ustida:
— Kelin poshshog’a tilla uzuk buyurdingmi?
— Buyurdim. Erta-indin bitib qolar. — Otabek so’zni cho’zmoqqa yo’l qo’ymadi. Ammo onasi gapdan gap chiqarib, so’zga so’z ulamoqchi edi:
— Tilla chochpopugingiz bor edimi?

Zaynab eriga qaradi va iymanibgina javob berdi:
— Yo’q.
— Yo’q bo’lsa olib beraman, — dedi Otabek. O’zbek oyim anchagina jonlanib oldi. Tag’in undan-mundan so’z urintirmoqchi bo’lg’an edi, uncha muvaffaqiyatlik chiqmay boshladi. Sutchoydan so’ng qumg’onda choy keldi. Zaynab birinchi piyolaga quyib o’rnidan turdi va qayin onasig’a ikki qo’llab uzatdi, ikkinchi piyolani to’l-dirib o’rnidan turmoqchi bo’lg’an edi, uni Otabek to’xtatdi.
— Mundan keyin choy berishda o’rningizdan turib o’lturmang, — dedi. — O’lturgan eringizdan bersangiz ham bo’ladir.

Lekin bu gap qayin onag’a yoqmadi, e’tiroz qildi:
— Nega undog’ deysan, bola. O’rindan turib choy berish odamzodning ziynatidir, kelinlarning bor-yo’g’i kelinligi ham shunda-ku!
— Sizning uchun ham o’lturib choy bersin, demayman; ammo bu takallufning menga keragi yo’q, — dedi va qo’lidag’i choyni tez-tez ichib bo’shatdi. Fotiha o’qub o’rnidan turar ekan: — Albatta, sizga o’rnidan turib choy berishi lozim… — dedi va chiqdi. Bu gapni Zaynab chinga hisoblag’ani uchun boshqa narsa payqamag’an, ammo O’zbek oyim bo’zarib qolib darav esiga hindining jodusi kelib tushkan edi.

Shu o’lturishdan bir soatcha keyin O’zbek oyim uyni xolilatib Hasanalini o’z oldig’a chaqirtirib kirdi. Hasanali bu chaqirtiriqdan bir narsa ham sezmagan, chunki, xo’jabekasining ichki sirriga uncha oshno emas; charlar maslahatidir, deb o’ylamoqda edi. O’zbek oyim uyning eshigini beklab keldi-da, Hasanalining yaqin-rog’ig’a o’lturdi va yarim tovush bilan muddaoni ocha boshladi.
— Endi ish Toshkand domlalari bilan bitaturg’anga o’xshamaydi… O’ylab qarasam, Marg’ilonliqning domlasi hindi ekan. Shuning uchun noiloj sani oldimg’a chaqirtirdim. San ham odamsumon gapimga tushunib, bu to’g’rida aqling etkancha zehningni yugirtirgin… O’zingga ma’lumki, kundan-kunga marg’ilonliqni unutish o’rniga har soat unga esi boradir. Bu hollarning barchasi o’sha hindining jodusidan bo’lib, muakkillar Otabekning bo’ynidan sirtmoq solib Marg’ilong’a tortadirlar…

Hasanali xo’jabekasining ko’bdan beri domlaxo’ja bilan sargardon bo’lib yurishini bilsa- da, ammo uning «hindi, sirtmoq solib tortish» kabi so’zlariga tushunmadi. Bekasining fe’li xo’yini yaxshi bilgani uchun, ya’ni uning qarg’ashidan qo’rqib tushunmaganligini bildirmadi-da, «qani gapning tegi qaerg’a borar ekan», deb jim, quloq solg’an bo’lib o’ltura bedi. Ammo O’zbek oyim so’zini haligi erda to’xtatib: «San shunga nima kengash berasan?» degan savolni berdi.
— Men nima der edim… Siz nimani ma’qul ko’rsangiz shuda, — dedi. Hasanalining tushunmaslik orqasida bergan bu javobi O’zbek oyimg’a nihoyatda yotishib keldi:
— Barakalla, Hasan. Ana shuning ilojini o’zing qilasan.
— Yaxshi…
— Erta-indin charlar bo’lib o’tsa, albatta Otabek Marg’ilong’a yugiradir. Shu vaqtda san ham bir narsani bahona qilib birga Marg’ilon borasan-da, qaerdan bo’lsa ham o’sha hindini topasan va nazrini berib yaxshilab qaytartiriq qildirasan…
— Kimni?
— Kimni bo’lar edi, Otabekni-da.
— Nega?
— Tushunmadingmi?
— Tushunish bo’lsa — tushundim… Shunchaki aniqlab olmoqchiman-da.
— Marg’ilonliq-ku Otabekni hindi domladan o’ziga bog’latib qo’yibdir. Ana shuni san ham payqab yurgandirsan-ku?
— Payqamag’an bo’lsam ham ammo maqsadingizga endi tushundim, — dedi kulib Hasanali. — Niyatingiz Otabekni marg’ilonliq kelindan sovitish.
— Barakalla, — dedi O’zbek oyim, — sovitishgina emas, uning changalidan Otabekni uzil- kesil qutqarish.

Hasanali hayron bo’ldi. Chunki xo’jabekasining marg’ilonliqqa munchalik adovati bor deb o’ylamas edi.
— Nega endi?
— O’g’limni marg’ilonliqlarning qo’lig’a berib qo’y-mayman-da, axir. Burun Toshkandda xotini bo’lmag’an bo’lsa — endi bor, mundan keyin andi kelinga bizning muhtojligimiz yo’q…
— Xayr, endi nima qilmoqchisiz?
— Nima qilishim kundan ham ravshan, — dedi O’zbek oyim va tamom qanoat va ishonch bilan boyag’i maqsadni takrorladi: — o’zingga aytkanimdek, Mar-g’ilondag’i hindi domlaning o’zidan bir martaba qaytariq qildirsaq marg’ilonliqning sir-jodulari botil bo’lib, Otabek o’z- o’zidan andini taloq qilib yuboradir…
— Siz marg’ilonliq hindi domlaning o’g’lingizga qilgan jodusini qaerdan bildingiz?

O’zbek oyim bu savol bilan o’zining kashfidan bir oz shubhalandi-da, ishonchsizroq qilib:
— O’zim bildim, — dedi.
— O’zingiz qayoqdan bilasiz, axir birav aytkandir sizga?
— O’z aqlim bilan topdim.

Hasanali o’zini tutolmay kulib yubordi:
— Lekin shunga qolg’anda aqlingiz bir oz yanglishibdir…
— Nega?
— Negaki ikki o’rtada sihirchi hindi ham yo’q, sihir qildirg’uchi marg’ilonliq ham, Otabek ham sihirlangan emas.
— Nega bo’lmasa Otabek hadeb uylansa ham Mar-g’ilonga oshiqaberadir?
— Buning sababini hali ham bilmaysizmi?
— Bilaman, sihir-jodu quvvati.
— Joduni kim qildiradir?
— Qayin otasi, qayin onasi, qolabersa xotini.
— Yanglishasiz, oyi.
— Nega yanglishaman?
— Sihir-jodu qilishdan ularning maqsadi nima, deb bilasiz?
— Kalvak o’g’limning aqlini o’g’irlab, pulini emakchilar.
— Pulini emakchilar? — deb kuldi Hasanali. — Marg’ilonlik qudalaringizning davlati oldida biznikini yo’q, desa bo’ladir. Undan keyin men yaxshi bilamanki, ular Otabekka uch pullik ham ro’zg’or qildirmaydirlar. Buni o’zim yaxshi bilganimdek o’g’lingizning o’zidan ham «ularning ro’zg’or qildirmag’anlaridan juda siqilaman» degan so’zini necha qayta eshitdim.

Shuni ham yaxshi bilmoq kerakkim, o’sha jodugor qudalaringiz yomon kishilar bo’lg’anlarida Otabekni Toshkanddan uylantirish siz o’ylag’ancha qulay ish bo’lmas edi. O’g’lingizning Marg’ilon borg’andan so’ng va’dasidan aynaganini albatta hojidan eshitkan bo’lsangiz kerak…

O’zbek oyim engilayozgan bo’lsa ham, ayniqsa Hasanalidan til qisib qolg’usi kelmas edi.

Go’yoki shuncha o’tkan gaplarga qiymat bermagandek:
— Men buning sirrini endi xo’b bilib oldim, — deb qo’ydi.

Hasanali kuldi.
— Bilsangiz ham yanglish onglabsiz, chunki buning sirri siz o’ylag’ancha emas.
— Qandog’?
— O’g’lingizning har zamon Marg’ilong’a oshiqmog’i… ayniqsa bu gal qayin ota, qayin onalaridan andisha qilibdir. Undan keyin…
— Undan keyin?
— Undan keyin katta keliningiz o’g’lingizning ko’z ochib ko’rgani.
— Ko’z ochib ko’rgani? — dedi O’zbek oyim va isteh-zolanib kuldi. — Zaynab o’sha marg’ilonliqcha bo’lmapti, degin?
— Men qayog’dan bilay… Ehtimol o’g’lingizcha shundaydir…
— O’zing ularning ikkisini ham ko’rgansan, indallo so’zla: ulardan qaysi birisining husni ortiq?

Hasanali bu savol qarshisida nima deb aytishka bilmay qoldi…
— Muhabbat degan narsa husnga qaramaydir.
— Qaraydirmi, yo’qmi, sandan uni so’rayotqanim yo’q. Qaysi birisi ko’hlikrak deb so’rayman?

Hasanali qiynaldi va gapni boshqag’a chalg’itish uchun:
— Endi maslahat nima bo’ldi? — deb so’radi.
— Oldin so’zimga javob ber-chi, er yutkur!
— Savolingiz qiziq, nima deb javob berishga hayronman… To’g’risini aytaymi?
— To’g’risini!
— To’g’risini indallo so’zlasam, — dedi va qiynalib to’xtadi, — har bir gulning isi o’z yo’lig’a.
— To’g’risini deyman!
— Anuv keliningizning o’lsa o’ligi ortiq…
— Gapirma-gapirma, — dedi O’zbek oyim, — boshda shu marg’ilonliq balosiga o’zing sababchi bo’lg’anmisan, hali ham o’shaning tomonini olib so’zlaysan! Sandek soqoli uzun, aqli qisqadan kengash so’rab o’lturg’an men ham ahmoq! Hasanalining chalg’itishi va hayron bo’lishi O’zbek oyimning tabi’atini yaxshi bilgani uchun edi. Ul o’z xohishiga teskari kelgan haqiqatni ko’rmaydirgan qiziq bir tabi’atka molik edi.
— O’zingiz to’g’risini so’zlatib, tag’in nega mendan xafa bo’lasiz, oyi, — deb muqobala qila boshlag’an edi, O’zbek oyim yana gurullab ketdi:
— Bo’ldi-bo’ldi… tuzingni ichib, tuzlig’ingga tupurganni xudoy ko’tarsin, — dedi.

Hasanali xo’jabekasining qarg’ish va koyishi ostida kula-kula uydan chiqdi.

Bu musohaba ko’rinishda O’zbek oyimg’a uncha o’zgarish bermagandek sezilsa ham, lekin ruhan uni ancha bo’shashdirg’an edi.

* * *

Shu gapdan bir hafta chamasi keyin va charlar kutishning o’n beshinchi kunlari edi. Otabek meh-monxonada toqchadag’i kitoblar orasidan qandaydir bir kitobni axtarar ekan, Hasanali uning yonig’a kirdi.
— Panjshanba kun charlar emish, xabarini berib ketdi.

Otabek kitoblardan birini sug’urib oldi va varaqlar ekan, «charlari ham qursin», deb qo’ydi. Ko’nglidan kechirdi: — «Bu kun dushanba bo’lsa, tag’in orada to’rt kun bor».
— Mana bu xat ham sizga emish, — dedi-da, Hasanali unga bir maktub uzatdi, — boya birav berib ketkan edi, — dedi va shoshib-pishib qazo bo’layozg’an asr namozini o’qush uchun joynamoz yozdi. Otabek maktubning unvoniga ko’z tashladi: «Toshkandda… mahallasida turg’uchi Otabek Yusufbek hoji o’g’lig’a tegsin». Kim tomondan yozilg’anligi unga ma’lum bo’lib, qo’lidag’i kitobni toqchag’a qo’ydi va shosha-pisha xatni ochdi.

Katta qog’ozda tussizroq siyoh bilan yozilg’an uzun bir xat. Uning ko’zi yozuv ustida suzdi.

Suzgan sayin negadir uning tusida ulug’ bir o’zgarish, vujudida bir titroq voqi’ edi. Bu xat unga so’yinch berar edimi, dahshatmi o’zidan boshqag’a majhul edi. Shu majhul o’zgarishlarning so’ng chekiga borib etkandan keyin xatdan ko’zini oldi va ixtiyorlikmi, ixtiyorsizmi, haytovur bor tovshicha «qo’rqutmoqchi!» deb yubordi. Bu so’z bilan Hasanali ham nari-beri namozini bitirdida, joynamozdan burilib qaradi:
— Nima gap?
— Hech gap yo’q, — dedi Otabek va esankirash vaziyatida unga qaradi:
— Qo’rtqutmoqchi, dedingiz-ku, xat kimdan?
— Xatmi? — dedi va shuning ila bir oz esini o’ziga yig’ib olg’andek bo’ldi, — xat keliningizdan… Qo’r-qutmoqchi bo’lib ba’zi bir kinoyalarni yozibdir…

Bu gapni aytkandan so’ng xatni buklay berdi. Ha-sanali fotiha o’qub Otabek yonig’a keldi.
— Kinoyalar yozishi kechikkaningiz uchundir, — dedi. Otabek tasdiq ishorasini bergandek bosh silkib qo’ydi.
— Ayniqsa shu gal kechikishingiz bechora kelinga og’ir tushib kinoyalar yozishg’a majbur bo’lg’an, — dedi Hasanali: — Anig’i ham bechoraga juda og’ir, «kundash— xotin zotining o’lumi» deganlar. Endi, nima bo’lg’anda ham orangizda oz qoldi, charlarni o’tkaza jo’naysiz-da. Otabek javob bermadi, chunki Hasanalining keyingi so’zidan rizo bo’lmag’an edi.

Hasanali uni tinchitish uchun: — Agar ko’nglingiz tinchimasa, — dedi kulib, — siz ham kinoyalik bir xat yozib beringiz. Xat keltirguchi ertaga xabar olib o’tishini bildirgan edi.

Otabek bu so’zdan bir oz jonlang’andek bo’ldi. Chunki uning ko’ngliga bu kinoyalik maktubni jo’rttaga yozilg’an bo’lg’anlig’i kelib tushgan edi.
— Bu gap to’g’rimi? — deb so’radi.
— To’g’ri. Ertaga erta bilan kelib, xat bo’lsa olib ketmakchi edi.
— Yaxshi, — deb kulimsiradi Otabek, — ertalab kelsa xat beraman.

Hasanali mehmonxonadan chiqg’ach, o’zini to’xta-tib olg’ani holda ikkinchi qayta xatni ko’zdan kechirdi:

«Vafosizga. Men o’zimning bu maktubimni ko’z yoshlarim bilan yozaman. Negaki hozirda manim yolg’iz ko’z yoshlarimgina emas, butun borlig’im siyohdir. Men endi og’izlardag’i «vafo» so’ziga ishonmayman. Chunki men o’zimning vafosiga ishong’anim bir yigitdan ulug’ vafosizlik ko’rdim.

Uyatimdan ko’zlarimni ocholmayman. Negaki eru ko’klar, tog’u toshlar va dunyodagi barcha narsalar manim aldang’anim uchun kulib masxara qilg’andek qaraydirlar… Bu kunimdan, bu hasratimdan qutilish uchun o’zimga ajal chaqiraman. Lekin ajal ham men sho’rlikdan nafratlangandek, go’yo ul ham menga vafosizlik qiladir.

Begim, garchi achchig’lansangiz ham aytishka majburman: sizda vijdon, insof, rahm, va’da, vafo, yaxshiliqni bilish, boring-chi, odamgarchilikdan hech gap yo’q emish. Bil’aks siz:

hiylakor bir tulki, og’zi qon bir bo’ri, rahmsiz bir jallod, uyatsiz bir yigit! Sizni hiylakor dedim: esingizda bormi, sodda otamni, go’l onamni qandog’lar qilib aldadingiz? Yodingizda bormi, sham’ yonida meni aldab aytkan so’zlaringiz, bergan va’dalaringiz, «manim orzum» deb qilg’an xitob-laringiz, to’kkan ko’z yoshlaringiz?.. Bas, bu hiylalar, bu makrlar sizdan boshqa kimda topilsin?

Sizni og’zi qon bir bo’ri dedim: chunki sizda rahm yo’q. Siz o’zingizning zaharlik tishlaringiz bilan mazlumlar ko’ksini, bayovlar bag’rini chok etasiz; yangi ochilg’an gullarni, endi bosh tortqan lolalarni vaqtsiz so’ldirasiz, ochilib bitmay o’ldirasiz! Sizni uyatsiz dedim: ilgarigi vahshatingiz bilan o’zingizning haqqingiz bitkanligini bilaturib ham yana uyalmay-qizarmay vijdonsizlar amrini berasiz va uyatsizlig’ingizni yana bir qat ortdirasiz! Men sizning ba’zi bir da’volaringizga hayron qolaman: otam Toshkandda ekan chog’da bu gapni aytishka uyalg’an emishsiz… Go’yo buning ila nomuslik bo’lib ko’rinmakchisiz shekillik?! Onam ba’zi vaqtlarda:

Yangi yor topqanda do’stlar, eskidan kechmoq kerak, Eskini o’lgan sanab, latta kafan bichmoq kerak baytini o’qub qo’yar, men bo’lsam ul vaqtlarda buning ma’nosiga tushunmas edim. Ammo… endi bu baytni kimga aytilganiga va uning ma’nolariga xo’b tushunmakdaman. Tashlandiqliqning so’ng o’tinchi qilib sizdan shuni so’rayman: uchunchi yor topqanda ikkinchi bechoraga ham shunday uyatsizlik qilinmasa edi. Bu tilagim uchun ajablanmangiz, chunki, «pichoqni o’zingga ur, og’rimasa o’zgaga sol», deydirlar.

Sizga yangi yor, menga uyatsizlikning qurboni bo’lish muborak. Kumush emas, Tuproqbibi yozdim. 17-javzo, 1265-inchi yil Marg’ilon».

Xiyonat
Qutidorning Toshkanddan yolg’iz qaytib kelishi Kumushni ancha entikdirgan edi. Ammo Otabekka voqi’ bo’lg’an uzr masalasi bir qadar uni tinchitdi. Ishonar-ishonmas shubha va vasvasalardan bir oz aridi: «Ul meni unutmagan, va’dalari chin, so’zlari to’g’ri… Ul ham meni suyar ekan…» deb burung’i odati bilan gohi eri-ning yo’lig’a chiqib kutmakka ham boshladi.

Otasining kelishining sakkizinchi kuni edi. Ul bu kechasi ko’rgan ba’zi bir tushlarini uning bu kun ke-lishiga yo’ydi-da, ertalabdan turib sochlarini eshdi. Sochlari orasidag’i chigillarini diqqat bilan tarab, jom yonig’a o’lturdi. Uning nafis qora sochlari orqa-o’ngiga to’zg’ib ajib bir manzara berdilar. Sochini qatiqlab va sovunlab yuvgach, onasidan ikkita qilib o’rdirdi. Oftob oyimning: «Nega qirq kokil qilmaysan?» deb so’rashig’a: «Qizingiz endi qizlik davridan o’tib, kelinlik davriga kirdi. Qizingizning mundan so’ng kuyavingizdan boshqa sovchilari ham yo’q», deb kuldi. Ammo bu ikki o’rim soch qirq kokiliga qarag’anda juda ham o’ziga kelishib tushib, unga yana bir qayta ulug’vorliq va oliyliq bag’ishladilar. Sochini o’rdirg’andan keyin uyiga kirdi-da, ki-yimlar taxlangan toqcha yonig’a to’xtadi. Ravoqliq toqchada uning o’n besh chamaliq asl ko’ynaklari uyulgan edi. Sariq rupoh atlasini kiyishka chog’lab ko’rgan bo’lsada, biroq ko’ynakni olg’an erida bu fikridan qaytdi. Qizilni… ko’kni…

olma gullini… qisqasi qaysi birisini kiyishka taraddudlandi. Ko’ynaklar ichida o’ziga yarashmaydirg’ani yo’q: oq olma uchun bargi ham, guli ham bir… Uning o’ziga sariq atlas xush kelsada, biroq hozir o’z xohishini bir yoqqa qo’yaturib Otabek ko’nglicha kiyinishka qaror berdi. Chunki Otabek ko’pincha qora ko’ynak kiyishka qistar edi. Sovsar guli qora atlas ko’ynagini kiyib, boshig’a zangor shohi ro’ymolini soldi va marvarid ko’zlik kichkina oltun halqani qutidan olib qulog’ig’a taqdi. Shu soddagina yasanishdan so’ng, ikkinchi toqchada tirog’liq turg’an ko’zgi yonig’a bordi. Ko’zgi ichidan to’zg’ib, chuvalib ko’ringan soch tolala-rini to’g’rilab o’zini kuzatdi. Ko’zgi ichidan ko’ringan malak o’z egasini ham kayflandirib sekingina iljayib qo’ygan edi, narigi yoqdag’i fitnai davron ham sadafdek oq tishlarini yoqut kabi irinlari orasidan ko’rsatkandek bo’ldi. Bu husnga otaliq vazifasini o’tag’andek ko’ringan latif burni yonidag’i qora xolini tabiiylig’ig’a ishonmag’andek qashib ko’rdi va ko’zgi yonidan jo’nadi. Jo’nar ekan, «…chiroylik bo’lsa ham menikidek xoli yo’qdir», deb ko’nglidan kechirdi.

Kechki olov vaqtida tashqari hovlisida u-buga ovora bo’lib yurar edi. Bu kungi ko’rgan tushi uni ortiq ishontirgan, shuning uchun To’ybekaning tashqari havli-da qiladirg’an yumishini ham o’zi bajarmoqda, To’ybekadan suv sepdirib o’zi er supurar ekan, quloq-lari yo’lak tomondan eshitiladirgan oyoq tovushlarida edi.

Havlidagi ikir-chikir ishlarni tamomlag’ach, ayvonning oldig’a o’lturib tuzatindi, tuzatinar ekan yo’lakdan yurib kelmakda bo’lg’an bir oyoq tovshini eshitib yuragi nima uchundir oshiqinib-shopirinib ketdi. Oyoq tovshi ichkariga yaqinlag’an sayin ul o’zida titroq aralash bir hol sezar edi. Nihoyat, yo’lakdagi oyoq tovshi tugalib, Kumush kutmagan joyda paranjilik bir xotin kelib chiqdi. Kumush uzoq bir entikib qo’ydi.

Xotin Kumushka qarab kelar edi. Ul erdan bichib olg’andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko’zi qoqqan qoziq o’rnidek chup-chuqur, og’zi qulog’i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og’riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o’ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko’rar edi. «Nima qilib yuribti bu och arvoh!» deb o’yladi. Xotin o’n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo’rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog’i bilan «qix» etib qo’ydi.
— Xi-xi-xi, aylanay sizdan, poshsha qiz! Mirzakarimboyning havlilari shumi? — deb so’radi. Kumush «shu» javobini bergandan so’ng o’zi bilan ko’rishmakchi bo’lg’an bu xotin oldig’a ikki adim yurib tilar-tilamas elkasini tutdi. Uning to’g’ri mavzun qomatiga erdan bichib oling’an mudhish xotinning qo’llari zo’rg’a etdi-da, «esonmisiz, poshsha qiz» deb so’rashdi.

Xotin paranjasi bilan ayvonning oldig’a o’lturib olg’ach, «uff» deb chayqaldi va «ancha yo’l ekan, tinkalarim qurib ketdi-ya?» deb shikoyatlandi.
— Mirzakarimboyning havlilari aniq shumi?
— Shu.
— Siz kimlari bo’lasiz boyning?
— Men, qizlari.
— Qix… sizga bersam ham bo’lar ekan, — dedi xotin va yonchig’idan bir xat chiqardi. — O’g’lim Toshkand bilan Marg’ilon orasida qatnab oliq-sotiq qiladir. Bu gal Toshkanddan qaytishida birav unga shu xatni berib, Mirzakarimboyning havlilariga tez etkuzib berasiz, deb iltimos qilibdir. Qix, xi-xi, aylanay sizdan poshsha qiz, qix… Maxtang’uliq bo’lmasin, o’g’lim ham o’zimga o’xshash biravning xizmati yo’lida o’lib qutiladir: bu kun tush vaqtida Toshkanddan keldi-da, onasi bilan so’rashishni ham bilmay shu xatni qo’limg’a tutqizdi. «Jon ona, o’zim yo’lda juda urinib keldim, sanga adabsizlik bo’lsa ham darrav Mirzakarimboynikini so’rog’lab shuni eltib ber, berguvchi tez berasiz deb o’tingan edi», dedi. Men ham ko’ngilchangman, aylanay poshsha qiz, kasaldan yaqinda turganim uchun bir qadam bosishg’a toqatim bo’lmasa ham savobdan quruq qolmayin, deb surgala-surgala havlingizni so’rog’lay- so’rog’lay topqunimcha o’lib bo’ldim… qix… — dedi. Kumush xatni xotinning qo’lidan olib rahmat aytdi va xatning unvoniga ko’z tashladi: «Marg’ilon shahrida sokin Mirzakarim qutidor havlisig’a».
— Yanglishmabsiz, oyi.
— Nega yanglishay aylanay sizdan, poshsha qiz. Ulug’ dargohlaringizni ko’chadagi har kim bilar ekan, — dedi xotin va yaltoqlanib o’rnidan turdi. — Endi men ketaqolay, bolag’inam yo’ldan och kelib, bir qoshiq issiqqa zoriqib o’lturgandir.
— Ichkariga kiring, choy qaynatayliq.
— Rahmat, poshsha qiz. Anchon icharmiz choy bo’lsa… qix. Bir ko’rgan bilish, ikki ko’rgan tanish, deydirlar…

Kumushbibi xotinni ortiqcha qistab o’lturmadida, yo’lakkacha kuzatib bordi. Xotin yo’lakka burilar ekan qayrilib to’xtadi:
— Bu dunyoda shunaqa hojat chiqarishlardan topqanmiz, agar Toshkandgami, Qo’qong’ami otan- gizning xat-patlari bo’lsa o’g’lim bajonudil olib ketadi. Shu o’rtalarg’a kelib qolsam xabar olib o’taymi? — deb so’radi. Kumushning «yo’q» deyishka og’zi bormay «maylingiz, og’ir kelmasa» deb javob berdi. Xotin yo’lakka burildi. Kumush ayvon tomong’a qaytar ekan oshiqib xatni ochti. Xat kichikroq qog’ozda o’lchavlik so’zlardan iborat edi.

«Kumushbibi binti Mirzakarimboyga — zavji toshkandlik Otabek Yusufbek hoji o’g’lidan.

Otangiz Toshkandda ekan vaqtida men bu ishni ochmoqqa og’irsing’an, to’g’risi uyalg’an edim.

Ma’lumingiz Toshkanddan uylanganimdan so’ng yolg’iz boshimg’a ham Toshkanddan, ham Marg’ilondan ikki xotin ushlab turish og’irliq qila boshladi. Shuning uchun bu ikki xotinning birisidan kechishka to’g’ri kelib, nihoyat turmishim uchun engil va orzumga muvofiq bo’lg’an bir narsaga qaror berdim. Ul ham toshkandlik xotinim bilangina qolib, sizni taloq qilish edi.

Maktubni olg’an kuningizdan boshlab o’zingizni mendan begona va nikohimdan tashqari hisoblasangiz bo’ladir. Manim bu taloq xatimni albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o’g’li.

13-inchi javzo, 1265-inchi yil, Toshkand».

…Ul bu maktubni o’zining so’ng tomchi kuchi bilan o’qub tamom qildi-da, jonso’z bir tovush ila «uyatsiz!» deb qichqirdi va erga yiqilib o’zidan ketdi… Yiqilishda qo’lidan chiqg’an qog’oz parchasi shamol bilan uchib borib boshi yonig’a tushdi. Yo’lak panasidan mudhish bashara chiqib bir-ikki qayta unga kulib qarag’ach, yo’qoldi…

Bozordan qaytqan qutidor erda hushsiz yotqan qizi ustiga dahshat ichida yugurib keldi.

Chakkasini zax erga berib yiqilg’an va kesak kabi hissiz qizini jon holatda quchog’ig’a oldi.

«Qizim… Kumush… ko’zingni och!» Ammo Kumushdan javob yo’q edi. Dahshati yuz daraja ortqan holda Kumushni ko’tarib olib ichkariga yurdi. Uyda Oftob oyim bilan To’ybeka qiychuv qo’pordilar. Ayvong’a yotqizg’an bo’lsalar ham Kumushni o’ziga keltirish chorasini bilmay, to’g’risi nima chora ko’rishni eslari topmas edi. Barakat bersinki, esi yarim bo’lsa ham To’ybeka umrida birinchi ish qildi: sovuq suv keltirib Kumushning manglay va ko’ksiga sepkan edi, seskanib o’ziga keldi. Hushdan ajralayozg’an bechoralar bu holdan so’ng bir oz jonlang’andek bo’ldilar. Kumushni sovuq ter bosib bir necha vaqt jim yotdi, shundan keyin ohistag’ina o’nglanib yotib olg’ach, ko’zini ochdi.
— Nima bo’ldi qizim, ko’zingga bir narsa ko’rin-dimi?

Kumush ko’zini yumdi-da, entikib qo’ydi. Javob bermadi. Bu savol otasi tomonidan ham berilgandan so’ng:
— Meni tashqaridan kim olib keldi? — deb so’radi.
— Men, qizim!
— Yonimda hech narsa ko’rmadingizmi?

Qutidor bu savoldan boshqa gap tushundi:
— Yo’q, qizim, sen o’zing yolg’iz yotar eding.
— Shundoq yo… — dedi. So’zining so’ngg’ini aytalmadi.
— Gapur, gapur, qizim.
— Yonimda bir xat bor edi… meni bu holg’a qo’yg’uchi shu xatdir, — dedi, bu so’zni nihoyatda kuchlanib aytdi.

Vaqt xuftanga yaqinlashg’an edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushkan qutidor qo’lig’a sham’ olib tashqarig’a chiqdi va erdan xatni oldi. Qizini bunchalik falokatka solg’an xatni olg’an eridan qo’zg’almayoq o’qub chiqdi. Xat haqiqatan jonso’z edi. Qutidorning ham oz qoldikim, hushi boshidan uchsin… So’ng chekda xo’rlang’an va favqulodda chayqalg’an yuragi bilan ixtiyorsiz «makkor, insofsiz!» dedi. Ko’z o’nglari qorong’ulanib bir necha vaqt serraygancha qoldi. Yana «yaxshiliqni bilmagan haromzoda» deb qo’ydi. Boya bu xatdan xabarsiz edi. Endi qizining oldig’a kirib, uning betiga qarash unga juda ham og’irlashqan, chunki bu foji’aning bosh omili deb o’zini tanig’an edi. Borib ayvonning oldig’a o’lturdi va boshini qo’llari orasig’a oldi. Bu xo’rlik, bu odatdan tashqari uyatsizlik bechora qutidorni juda ezgan; nima qilmoqg’a, xo’rlang’an, tahqir etilgan qizini ne yo’sunda yupatishka, bu qora kunlarni qandog’ qilib o’tkazishka bilmas edi. Shu holda ne vaqtg’achadir qoldi. Erining kechikishidan xavfka tushib, Oftob oyim uning yonig’a chiqqanda ham ul boyag’i holda edi.

Eru xotin qizlarining yonig’a kirdilar-da, uning oyoq tomonig’a o’tib sekin-sekin o’lturishdilar. Anchagina bir-bilariga qarashib qolg’ach, Oftob oyim olg’an taassurotini ichiga yutaberishka chidalmadi-da, yog’murdek ko’z yoshini to’ka berdi. Qutidor ham xotinini kutib turgandek ko’z yoshlari bilan soqolini yuvmakka oldi. Ko’zi yumuq bo’lsa ham ularning hozirgi hollarini sezib yotg’an Kumushningda qaynab chiqg’an ko’z yoshlari ikki chakkasidan yostiqg’a oqib tusha boshladi. Shu choqda na uchundir toqchada yonib turg’an sham’ ham lip-lip qildi-da, o’chdi…

Shuning ila bu havlini chin ma’nosi bilan qorong’uliq bosdi.

* * *

Bu voqi’aning uchunchi kuni Kumushbibi yillab yotg’uchi og’riqlardek sarg’ayib ozg’an, endigina g’unchadan chiqayozgan bu yosiman gulni xoin qo’llarning zahri so’litkan, fasod o’chog’ining uyatsiz mufsidlari husn bog’ining bu yangi erkasini ishong’an va ko’z tikkan jihati ismidan tahqir qildirib umidsiz bir vujud yoki jonsiz bir haykal holig’a qo’yg’an edilar. Uning ko’zlarida doimiy bir ma’yusiyat, arimas bir huzn, har onda bir entikib chayqalish edi. Oftob oyim ham so’ng chekda xo’rlang’an esa-da, lekin unga bu xo’rliqdan burun u-bu bilan qizini ovitish, uning ko’nglini ochib bu sovuq, uyat gapni unutdirish, har holda ko’zining oqu qorasi bo’lg’an Kumushni birar kasalga chalinmaslig’i yo’lida tirishish muhimroq edi. Va ikki gapning birida «Ortiq o’ylama, qizim… Esingdan chiqar, endi xafa bo’lg’aning bilan sira foydasi yo’q», der edi.

Kumush bo’lsa hushsizlarcha onasining og’zig’a ag’rayar va har qachon ma’yus edi. Kumushning bu holi bechora onaning yuragini uzar, yuz xil vasvasalarga solar edi.
— Kumush, — dedi Oftob oyim tushlik choydan ke-yin, — qaytag’a tog’angnikiga borib kelmaymizmi?
— Nima qilamiz tog’amnikida?
— Nima qilar edik. O’ynab kulamiz, qayg’ularingni ko’chaga tashlaymiz.

Kumush onasining so’ziga nima uchundir kuldi va «mayli» dedi.
— Tur bo’lmasa, yuz-qo’lingni yuvib otlan, xudo o’lim bersin uyatsiz eringga.

Kumush muloyimg’ina qilib onasig’a qarab oldi. O’rnidan turib To’ybeka hozirlab bergan obdasta yonig’a yuvinish uchun o’lturdi.

Ular tamoman yo’lg’a hozirlang’an edilar, yo’lak tomondan o’tkan kun xat keltirgan xotin ko’rindi. Kumushning ko’ziga bu xotin ofat kabi ko’rinsa ham, ammo ikkinchi tarafdan ul so’yindi. Onasini kelguchi xotin bilan tanishdirib, kim bo’lg’anlig’ini so’zladi.
— Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan… Shundog’ qi-zimnikiga o’tkan edim, qix … alva’ddayn, deb yo’l ustidan burilib kirdim… deb puchuq xotin so’zlanib kelar edi. Ona-bola qo’lg’a olg’an paranjini erga qo’yishg’a majbur bo’ldilar. Xotin Kumush bilan ko’rishkach, aching’ansumon so’radi: — Ha, aylanay, poshsha qiz, sizga nima bo’ldi, juda o’zingizni oldirib qo’yibsiz?

Puchuqqa joy ko’rsatib, Oftob oyim javob berdi:
— Bir-ikki kundan beri tobi yo’q.
— Xudoy saqlasin, xudoy saqlasin, — dedi xotin, — qix… bevaqt kelib sizlarni yo’ldan to’xtatdimmi… xayr, xudo singlimni yomon ko’zdan asrasin, — deb fotiha o’qudi.
— Xush kelibsiz, — dedi Oftob oyim…
— Xushvaqt bo’linglar, aylanay, qix… — dedi xotin va Kumushka qarab davom etdi, — anuv kungi so’zingiz bilan yo’ldan qayrilib kirgan edim. Ertaga o’g’lim Toshkand jo’namoqchi, otangizning xat-patlari bo’lsa… qix.

Kumush javob berish o’rniga onasig’a qaradi. Qizining qarashidag’i ma’noga tushungan Oftob oyim «yuboraturg’an xatimiz yo’qdir», deb javob bedi. Bu so’z bilan puchuq xotin g’ilt etib Kumushka qarab qo’ydi. Kumush onasini unga xabarsiz ko’rsatib javob berdi:
— Otamning xatlari yo’q, meniki bor, ozg’ina kutishka vaqtingiz bo’lsa, yozib berar edim.

Puchuqning kelishidan maqsadi faqat shu yozib beriladirgan xatgina edi. Kumushning o’tinchi unga moy kabi yoqib tushdi:
— Yozib bering aylanay, poshsha qiz, boraturg’an joyimdan kechiksam-da, savobi bor-ku, qix… — dedi. Kumush xotindan minnatdor bo’lib uyiga xat yozish uchun kirdi.

* * *

Yuqorida Otabek tomonidan oling’an maktubning haqiqati mana shu yo’sun xiyonatning natijasi edikim, biz endi xiyonat qahramonlari bilan o’qug’uchini ta-nishdiramiz.

Isitma Orasida
Saratonning ikkinchi kuni… Marg’ilonning shimolida bo’lg’an B… mahallasining kunchiqar tomonida janubga qarab burulg’an tor ko’chaning yuqorig’i burchagida otining tizginini ushlagani holda bir yigit kiyimiga o’lturgan chang-to’zonlarini qoqar edi. Yigitning uzoqqina yo’ldan kelganligi, uning kiprak va qoshlarig’a, ham endigina chiqa boshlag’an soqol-murtlariga o’lturg’an to’zonlardan bilgulik edi. Yigirma ikki yoshlar chamasida bo’lg’an bu yigit sariq tanlik, ukkining ko’zidek chaqchayib, o’ynab va yonib turg’an qizil ko’zlik, yuziga parchinlangandek yuza (puchuq) burunlik, manglayi qancha tashqarig’a o’sib chiqg’an bo’lsa, yuzi o’shancha ichkariga ketkan, qisqasi vaqtsizroq yaratilib qolg’an bir maxluq edi. Burchakda erdan ikki yarim gazlar yuksalikda kunbotishg’a qaratib qurilg’an ikkita ko’rimsiz bir betlik eshiklar yuzlariga yopiq holda edilar.

Ma’lum yigit boshidag’i qalpog’ini qo’lig’a oldida, haligi eshiklarning o’ng tomonidag’isini ochib, oti bilan ichkariga yurdi. Eshik ortiqcha tor bo’lg’ani uchun ot siqilibkina o’tdi-da, endi uzung’ina usti ochiq yo’lak boshlandi. Yo’lakdan so’ng havli edi. Havlining sharq va janub tomonlari buzilib-yorilib yotqan eski xaroba imoratlar bo’lib, havli yuzi turlik axlatlar bilan bulg’anch, go’yo yillardan beri tozalanmag’an, supurgi ko’rmagandek edi. Havlining o’rta erida pakanagina baliq tut o’sib, ostig’a kul va boshqa axlatlar to’plang’an edi. Havlining kunbotar tomonida xarobaliqdan ozg’ina berida bo’lg’an, boyag’i yo’lakka tiraltirib soling’an ikki darichalik bir uy, bu uy qatorida bir ayvon bo’lib, shu-ning ila bu havlining tikkaygan binosining hisobi tamom edi. Bu xonadonning oshxonasi bo’lmag’ani uchun bo’lsa kerak haligi ayvonning bir burchagiga o’choq qurulg’an. Tutunlar bilan ayvon deganimiz qob-qora is, go’yo ayvon bo’lg’anig’a ond ichmakda. Buning ustiga o’choq boshidag’i tovoq-qoshiqlar, tog’ora va qozonlar tartibsiz ravishda iflos yotarlar, qozon tevaragida uymalashmakda bo’lg’an uch-to’rtta tovuqlar mundagi ifloslikni yana bir qat oshirmoqda edilar. Ayvonning narigi yonidag’i daricha orqaliq uyga kirilur edi. Uyning yarmisi quruq er — qora shibdan iborat bo’lsada, ammo to’rida chaqich bog’lab yiltiramakda bo’lg’an — kir, yulduz kabi ilma-teshuk jafokash oq kiyiz, ham taxmondag’i eski sandiq ustiga yig’ib qo’yulg’an bir to’da paxtasi chiqg’an uvadalar ko’rpa-yostiq otini o’z ustila-riga olur edilar. Bitta toqchadag’i cheti uchkan, qoni qochqan uch to’rtta piyola va bir qora qumg’onni, ikkinchi toqchadag’i umrida yuvinib ko’rmagan qora mis barkashni, bo’sh qoziqlar ko’ngli uchun osilg’an bittagina kir dasturxonni tilga olish bilan bu havlining butun jihoz-amloki ro’zg’orini yozib chiqilg’an bo’linur, burchakdagi toqchada qattig’ non mujib o’lturg’uchi sich-qonni ko’rsatib o’tilmasa, bu uyda boshqa jonliq zot ham ko’rinmas edi. Qarshidag’i bo’g’oti tushib o’rtasi emirilgan, devorlaridan baqa sallasi unib chiqg’an xaroba binolarning o’nda-so’nda ko’rilmada bo’lg’an eski naqshlaridan va sirlaridan bu oilaning ilgarida davlatlik bir xonadon bo’lg’anlig’i, ammo bu kunda ortiqcha faqirlikda yashag’anlig’i onglashilur edi.

Yigit otini tut yog’ochig’a bog’lab, uyga tomon yurgan ham edi, burchakdagi xaroba uydan o’zini tuzatib o’qug’uchining qutidor havlisida ko’rgani pakana xotin go’yo onalarning «ziyondosh albasti»laridek xunuk qi-yofada yigitka qarab yugirib kela boshladi. Xotin yigit bilan eson-sog’liq so’rashqach, ikkisi uyga kirdilar. Yigit to’nini eshib uyning to’riga irg’itdi, boshidan qalpog’ini olib qoziqqa ildi. Shundan so’ng, ikkisi ham o’lturishdilar.
— Qalay, — deb so’radi xotin, — ishing o’ngidanmi?
— Chakki emas.
— O’zi hozir shu erda edi. Eblab kelsa shu edi, deb tashvishlanib o’lturdi. San kelur oldingdag’ina chiqub ketkan edi.
— Uyga ketdimi?
— Bilmadim, kelib qolsa kerak. O’zi ham qatnay-qatnay o’layotibdir, kecha qayta kelib- ketdi, qix…
— Nimadan tashvishlanadir?
— Ishni aytkanimdek qilolmasa, hamma mehnat to’rt pul, deydir.

Yigit kulimsirab olg’ach, so’radi:
— O’zimizning ishlar qalay?

Bu savoldan xotinning yuziga umidsizlik tusi kirdi:
— Bilmadim, do’stdanmi, dushmandanmi haytovur olding ochilmay turadir, sovchiliqqa chiqmag’an kunim yo’q, qix… Yomon qo’shnini er yutsin; Marayim ku-dingchi bo’shashqandek bo’lg’an edi, uni ham qo’shnilar o’lgur aynatibdilar… Homidboy bo’lsa bu kun unashsalaring ertaga to’yni boshlaymiz deydir, qix… — Bu so’zdan yigitning ko’zlari olayib allanechuk tuska kirdi.
— Qaysi qo’shni ekan, u?
— Qurib ketsin, yomon qo’shnilar, qix… Man sanga qaysi bir qo’shnini tutib beray, hammasi ham aynatar emish.
— San manga o’sha… ni ko’rsatib ber, tobini olib qo’yay o’sha onangni…

Ikkisi shu mojaroda edilar. Yo’lakdan kirishdayoq tutka bog’lang’an o’zining otidan odamning kelganini bilgan Homid ayvondan aylanib kirishka sabri chidamay, darichadan oshib uyga kirdida, yigit bilan quchoqlashib ko’risha ketdi. O’lturar-o’lturmas Homid undan so’ray boshladi:
— Xo’-o’-o’sh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkandda nima gaplar bor?
— Nima gaplar bo’lsin. Toshkandda tinchlik. Bahona bilan Toshkandni ham ko’rib oldiq.
— Eshigini topa oldingizmi?
— Topdim. Aytkaningizdek, uning eshigini Toshkandda har kim bilur ekan.
— Bulmasa, xatni ham topshirg’andirsiz?
— Topshirdim.
— Bali sher, xatni qo’lingizdan kim oldi?
— Bir chol.
— Yuzi cho’ziqroq, chakkasi siqiqroq choldir.
— Xuddi o’zi.
— Xatini ham ololdingizmi? — dedi va sabrsizlanib Sodiqning og’zig’a tikildi. Sodiq yuziga mag’rur bir tus va ovozig’a muzaffariyat ohangi berib «xatini ham oldim», javobini aytdi. Bu javobdan so’ng Homidning og’zining tanobi juda ham qochqan va Sodiqning elkasiga qoqa boshlag’an edi. Sodiq qo’ynidag’i xatni olur ekan, ishlatkan hiylasini hikoya qildi:
— Xatni cholg’a berdim-da, ertaga Marg’ilon ketaman, xat bersalaringiz bemalol, dedim.

Chol bir oz o’ylab olg’andan keyin, hozirg’a xatimiz yo’q, sizga malol kelmasa erta bilan bir xabar olib ketmaysizmi, o’zingiz hozirda qaerda turibsiz, deb so’radi. Man og’ir-sing’ansumon o’ylanib oldim va xo’b, dedim, qo’shxonam uzoq bo’lsa ham bir xabar olib o’tarman, dedim.

Ishning o’nglanishiga quvonib, bir kechani choyxonada kechirib, ertasiga va’da vaqtig’a yana bordim, imon topkur otam xatni muzdek qilib tayyorlatib qo’yg’an ekan, Marg’ilon qaerdasan, deb bir ot, bir qamchi jo’nay soldim.

Homid xatni olur ekan, Sodiqning elkasiga qoqib «rahmat, rahmat», deb qo’ydi va: «Biz ham sizning harakatingizda», degan so’zni ham qo’shib qo’ydi. Xatni ochar ekan, Homidning yuzida quvonch aralash bir jiddiyat mushohada etilar edi.

«Umidim yulduzi, orzum chechagi, hayotim tiragi Kumushimga! Kinoya va achchig’lar bilan to’liq bo’lg’an maktubingizni oldim. Xatni yozg’an chog’ingizda tamom bir o’t ichida, g’azab dengizida suzg’anlig’ingiz gavdalanib ko’z o’ngimdan o’tdilar. O’tdilargina emas, hatto menga shunchaliq ta’sir etdilarkim, go’yo malikasining g’azabiga uchrag’an qul qay darajada es-hushidan ayrilsa, qilar ishidan, o’ylar o’yidan yanglishsa, maning-da hozirgi holim buning yuz daraja yuqorisig’a etdi. To’g’risi zahar olud maktubingizga odamlarcha tushuna olmadim va tushunishka ham luzum ko’rmadim, chunki g’azab ustida aytilgan so’zlar aqlli kishilarcha loyiqi muhokama va mutolaa bo’lolmas, gulxandan so’ng alanga hisobini hech bir vaqtda olinmas. Lekin maktubingizning bir o’rniga nima ma’no berish uchun tamoman ojiz qoldim: «Ilgarigi so’zingiz bilan o’zingizning haqqingiz bitkanligini bilaturib ham yana uyalmay, qizarmay vijdonsizlar amrini berib qo’yasiz-da, uyatsizlig’ingizni yana bir qat oshirasiz…» va «Otam Toshkanda ekan kezda bu gapni aytishka uyalg’an emishsiz», «go’yo buning bilan nomuslik, uyatchan bir yigit bo’lib ko’rinmakchisiz shekillik?!» Bu so’zlaringiz bilan nima demakchi bo’lasiz, taningiz sog’mi? Durust, man otangizga birga ketalmasligimni, charlarni uch-to’rt kun kutib qolishimni bir necha vaqt aytalmay yurdim va nihoyat otangiz ketishka ruxsat so’ray boshlag’ach, otam orqaliq uzrimni aytirdim, bas, bunda qanday uyatsizlik bo’lsin, gumonimcha isitmangiz qattig’ ushlag’an ko’rinadir va bu telbalarcha maktubingizni isitma orasida yozg’on o’xshaysiz…» Homid maktubning bu o’rniga etkanda ixtiyorsiz xaxolab yubordi-da, «voy ahmoq» deb qo’ydi.

Puchuq xotin bilan Sodiq kulib unga qarasalar ham ul iltifotsiz o’qushida davom etdi:

«Maktubni isitma orasida yozg’aningizg’a tamoman qanoat qildim. Shuning uchun sizni ayblashka haqqim yo’q, ham siz ma’zursiz. Bu kinoya va zaharlik maktubni yozishg’a sizni majbur etkan, meni hiylakor tulki, og’zi qon bo’ri, uyatsiz yigit… va tag’in alla qancha martabalarga mindirilishlarimning bosh omili albatta otangizdan ham eshitkan bo’lsangiz kerak, shu kungacha charlar balosi bilan tutqun bo’lishim orzu-havas qayin otasining og’rib yotish shumligidir. Nihoyat sizning achchig’ xatingiz barakasida bu kun charlar xabari ham kelib qoldi. Siz maning bu xatimni o’qub, gunohlarimni yarlaqab turg’an kezlaringizda, albatta man Marg’ilon yo’lida bo’lsam kerak. Onangizning o’quyturg’an bayti maning sha’nimga tamoman teskari, chunki ota-ona orzusi hech bir vaqt yangi yorlik vazifasini o’tay olmas va hamisha boshqalar-ning orzu-havasi bo’lib qola berar. Siz o’zingizni tuproq bilan tenglashdirmakchi bo’lg’ansiz, lekin man hozir Kumushka ham qanoatlanmay Oltinbibi deb atamoq fik-riga tushdim…

Borlig’im muhabbatingiz alangasi bilan tutashqani holda zavjingiz Otabek. 26 javzo, 1265-nchi yil. Toshkand».

Maktubning bosh tomonini o’qug’anda Homidning yuzida ko’rilgan shodlik o’zgarishlari xatning oxiri bilan negadir yuvilg’andek va shodliq o’rnini chuqur bir mulohaza olg’andek bo’ldi. Bir-ikki daqiqaliq fikrdan so’ng Otabekning «Siz maning bu xatimni o’qub gunohlarimni yarlaqab turg’an kezlaringizda, albatta man Marg’ilon yo’lida bo’lsam kerak…» jumlasini ko’zidan o’tkazdi-da, Sodiqdan so’radi:
— Toshkanddan chiqg’aningizga necha kun bo’ldi?
— Olti kun.

Sodiqning javobi uning ustidagi yukni tag’in ham og’irlashtirg’andek sezilib ul boshini quyiga engashtirdi va chuvoq soqolini tuzatib fikrda qoldi. Homiddagi keyingi o’zgarishdan xabarsiz taxmondag’i uvadalarni tuzatish bilan ovora bo’lib yurgan puchuq xotin Homidning yonig’a o’lturib, xunuk bir iljayish orasida so’radi:
— Qalay, Homidboy, ishlar o’ngdanmi? Poshshanisaga endi sovchiliqqa boraveramizmi?

Homid umidsizcha boshini chayqadi va salmoqqina qilib javob berdi:
— Ishimiz hali u darajaga etkan emas, biz hozir faqat sovchining yo’lidag’i birinchi g’ovnig’ina buzdiq.

Homid puchuq xotin orqaliq Kumushning xatini oldirish bilan o’zining birinchi martaba yuborg’an xiyo-natnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini sezib, Otabek ko’kragiga ham qo’l solib ko’rmak va uning Kumushbibiga bo’lg’an munosabatini bilib, ham shunga qarab ish yuritmak uchun Kumushning maktubini Sodiq orqaliq Toshkandga yuborg’an, Sodiq esa o’qug’uchig’a ma’lum maktubni Otabekka topshirib, Otabekning Kumushka yozg’an maktubini ham olib kelgan ediki, yuqorida bu xat Homid tomonidan o’qulib o’tdi.

Otabekning bu maktubi ortig’i bilan o’zining Kumushka bo’lg’an munosabatining hamon eski holida boqiylig’ini e’lon qilar va o’zining osonliq bilan raqibka berilmasligini so’zlar edi. Bu yo’lda birinchi qadamini muvaffaqiyat bilan bosqan Homid keyingilarini birin- chidek ketishi uchun qayg’ulanar edi. Bu kun-erta Otabek kelar-da, Kumush bilan topishar.

Xiyonat-nomaning o’ziniki bo’lmag’anlig’ini isbot etib, Homidning o’ylag’an ishini yana keyinga siltar yoki butunlayga Homidning umidini uzar — mana bu ochiq, ko’rinib turgan ehtimol emas, haqiqat oldida ul hayron va bunga qarshi tadbir o’ylash bilan garang edi. Ul bu to’g’rida uzoq o’ylab turmadi, bir narsaga qaror qo’yg’an kabi fikrdan ko’zini ochdi va puchuq xoting’a dedi:
— Jannat opa, bir chilim beringiz-chi, — Jannat opa chilim solish uchun qo’zg’alg’ach, Sodiqqa dedi: — Inim Sodiqboy, ishimiz juda xom hali.

Sodiqning qizil ukki ko’zlari o’ynab javob berdi:
— G’am emang, aka, xom bo’lsa o’bdan pishitarmiz, o’lmasak.

Sodiqning bu javobi Homidning ishonchini moyla-g’andek bo’ldi, to’ppisini boshidan olib namatka tashlag’ach, minnatdorlik ohangi bilan:
— San bilan Jannat opam tirik bo’lsalaringiz pishitarmiz, albatta! — dedi va Jannat opa qo’lidag’i chilimni olib takir-tukir qilib pishitdi va shi-g’-g’-g’ etdirib sar-xonani sindirib yuborar darajada ichiga tortg’ach, og’zidan chiqg’an pag’a-pag’a tutunlar orasida chilimni Sodiqqa uzatib, Jannat opag’a dedi: — Opa, siz tag’in bir martaba qutidorning uyiga xat olib boraturg’an bo’ldingiz…
— Qix, jonim bilan aylanay. Sodiq olib kelgan xatnimi?

Homid kuldi.
— Yo’q, opa, agar bu xatni olib borsangiz, shunchalik qilg’an ishlarimiz birpul degan gap bo’ladir. Ilgarigi gal yozdirib berganimdek o’z rejamizga muvofiqlab Otabek tilidan yana birini o’martirib beraman.
— Xi-xi-xi, aylanay, qix… Man bu ishlarni qayoqdan bilay, Homidjon.
— Albatta bilmaysiz. Lekin mundan so’ng yaxshi bilmog’ingiz kerak, ozg’ina yanglishib ketsangiz ham hamma qilg’anlarimiz shamolg’a uchadir, undan so’ng…— to’satdan bu o’rinda Homidning esiga o’zi-ning bir xatosi kelib tushdi: birinchi gal Otabek tilidan yozg’an soxta xatini uning qo’l yozuvini mulohaza qilmasdan yuborg’an va bu kungacha bu sirni qutidor, Kumushbibilar tomonidan sezilib qolishidan qo’rqib kelmakda edi. Endi bu ikkinchi soxta xatni yozdirishda garchi hozir Otabekning qo’lyozmasi o’z qo’lida bo’lsa ham yana qo’rqunchi yo’q emas edi. Endigi xatni niho-yatda ehtiyot bilan nusxaga qarab yozdirishni ko’nglidan o’tkazdi- da, yana qaysi to’g’ridadir uzoq o’ylab olg’ach, Sodiqqa dedi:
— Inim Sodiqboy, sizga ham yana katta bir xizmat bor, basharti…
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman! Homid Sodiq bilan Jannat opag’a qarab oldi va: — Shundoqmi? — deb ishonmag’ansumon takror so’radi, undan ijobiy javob olg’ach, yonini kavlashdira berib: — Jannat opa, — dedi Sodiq horib qorni ochib kelgan ko’rinadir, man ham ertadan beri tomoq egan emasman, biz Sodiq bilan so’zlashib o’ltursak-da, siz mana shu pulga guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho’rba qilib bersangiz. — Jannat opa paranjisini yopinib etka ketdi, so’ngra Homid Sodiqdan takror so’radi:
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman, deng-chi? — negadir Homid Sodiqning takror-takror: «qochqon odam emasman, sinamasdan xizmatini aytabering», deyishiga ishonmas edi. Nihoyat:
— Basharti sizga buyuradirg’an xizmatim bu kungacha qilg’an ishlaringizdan tamoman boshqa va og’ir bo’lsa-chi», — dedi. Sodiq Homidning maqsadig’a tushungandek bo’ldi va o’ylab turmay:
— Odam o’ldirishmi? — deb so’radi. Homid Sodiqqa ishonmag’ani holda bir daqiqa chamasi qarab turdi, so’ngra tevaragiga alang’lab olg’ach, hazil tariqasida:
— Basharti odam o’ldirish bo’lsa-chi? — deb so’radi.
— Bu kungacha ikkitasini joylashdirdim, uchunchiga o’tsa nima qiladi? — dedi Sodiq va mag’rur kulib qo’ydi. Bu so’zdan so’ng Homid ustidagi yukni otqandek so’lish olib qo’yg’an edi.
— Man kishining xizmatini unutaturg’an yigit emasman, — dedi Homid va davom qildi, — o’g’ul bola uchun o’g’ul bolalig’im, yomon uchun yomonlig’im bor, basharti shu xizmatni bajarib berishni bo’yningga olsang, ond bilan aytamanki, davlatimning yarmisi saniki bo’lsin! Sodiq o’lturgan joydan qo’lini Homidga uzatib «qaytmaysizmi?» deb so’radi. Homid qo’lini olib «so’z ham bir, xudo ham bir» javobini berdi.

Shu kunning ertasidan boshlab, Sodiq qutidorning eshik oldi tevaragida Otabekni kutmakchi, ul kelib yo’lakka kirdi deguncha orqadan borib uning ishini saranjomlamoqchi edi.

Sodiqning fikricha, bu ishni darbozadan tashqarida bajarish muvofiq bo’lsa ham, nima uchundir Homid bunga ko’nmay qutidorning uzun qorong’i yo’lagini qulay bilmish edi. Sodiqning «qay vaqtda kelar ekan?» savoliga:
— Albatta, shaharning darbozasi ertalab ochilib, shom bilan yopiladir, gumonimcha ertalab Qo’qondan chiqsa, asr vaqtlarida Marg’ilong’a kiradir, — dedi va so’z oxirida orada so’zlanib o’tilgan shartni yana ta’kidladi.
— Yaxshi o’yla, Sodiq. Olam hodis qo’lg’a tushib qolsang, so’roq kezida aybni faqat o’z bo’yningga olib, orag’a meni qotishtirmaysan.
— Xotirjam’ bo’ling, Sodiq deganingiz bunday xumsalikni jallodning qo’lida ham qilmas, azbaroyi xudo.
— Undan so’ng ikkinchi shart: bu sir faqat ikkimiz-ning oramizdag’ina qoladir, o’zing ham sezgan bo’lsang kerakkim, Jannat opani etka ovora qilishim uni ham bu sirdan tashqarida tutish uchun edi.
— Ko’nglingizni mendan juda to’q tutabering, aka! Avg’oni xanjaringizni beraman degan edingiz-a?
— Sho’rba pishguncha kelturaman, — dedi Homid va ketdi.

Quvlanish
Uchinchi kundan buyoqqa qutidorning eshigi tevaragidan Sodiq ayrilmas edi… hozir kechki soat ettilar bo’lib qolg’ani uchun bu kun ham uning kelmasligiga qaror bergan va ketishni chog’lar edi, lekin uzoqdan kelguchi birar otliqni ko’rsa balki shu bo’lmasin, deb yana kutib qolar edi. Ahvol bilish uchun bo’lsa kerak, Homid ham otiga qiyshiq minib o’tib ketdi. Savol nazari bilan qarag’an edi, Sodiq boshini chayqab javob berdi. Nihoyat qutidor ham kundagi vaqtda bozordan qaytib uyiga kirdi. Vaqt shomg’a yaqinlashib qolg’anliqdan bitta-yarimta do’konlar ham yopilib, o’tkunchilar ham siyraksib qoldilar. Shuncha kutkanning o’n daqiqasi deb bo’lsa kerak, ul hamon shu o’rtada aylanib yurar edi.

Poyafzal rastasining sharqqa qarab tortilg’an ko’chasi boshidan bir to’da yigitlar munga qarab kelar edilar. Boshda ul kelguchilarni tanimag’an edi, yigitlar yaqinlashib kelgach, o’zining o’rtoqlari ekanini bilib o’ngg’aysizlana boshladi. O’zini ulardan yashirish uchun qutidorning yo’lagini jo’blag’an ham edi, yigitlardan bittasi: «Bu erda Sodiq nima qilib yuribdir» deb yubordi, ikkinchi yigit «Sodiqboy, Sodiqboy!» bilan chaqirishg’a tutinib, shuning ila Sodiq burilg’an joyida to’xtab qo-lishg’a majbur bo’ldi.
— Nega bu erda tegirmonchining ishsiz qolg’an eshagidek junjayib o’lturibsan, Sodiq? — dedi bir yigit. Boshqalar buning so’ziga kulishdilar. Sodiq ham kulgiga ishtirok qilib, yigitlarning yaqinig’a keldi.
— Biravda ishim bor edi, shuni kutib o’lturibman.
— Sodiq dedi haligi yigit va Sodiqdan «ha» javobini olg’ach, — burningmi Risolat xolamning rapidasi? — dedi. Yigitlar tag’in ko’chani ko’tarib kulishib yubordilar.
— Jur, bazmga!
— Qanaqa bazmga?
— Shamshodbekning bazmiga, hali Shamshodbek-ning to’yidan xabaring yo’qmi? Jur, Sodiq jiyanim, basharangmi, do’lda qolg’an tappimi?

Sodiq ikkilanib javob berdi:
— Man keyinroq boraman.
— Eh xumsa, — dedi yigit va ariqdan sakrab So-diqning yonig’a o’tdi. Andijondagi Qaymoqxon ham kelibti, bazmi jamshid desang-chi, jur! — Yigit Sodiqni sudray boshladi.

Boshqalar ham uning orqasidan itara ketdilar. Sodiq o’rtoqlarining jabri ostida ilojsizgina borsa ham, lekin ikkinchi tomondan kutkanini bu kun ham kelmasligiga qarori ham yo’q emas edi. O’n-o’n besh otlamdan so’ng o’rtoqlarig’a itartirib o’lturmasdan o’z ixtiyoricha yuriy boshladi. Ko’chaning janubiga qarab borar edilar. Oradag’i g’arbg’a qarab tortilg’an ko’chani ham bosib to’g’rig’a o’ta boshlag’an edilar, uzoq-dan ot eldirib to’g’rig’a kelguchi otliqni ko’rgan Sodiq ko’chaning o’rtasida to’xtadi. Haligi mushtumzo’r yigit uni bir turtdi-da: — «Yur, yur, itbachcha, jinni-minni bo’ldingmi?» deb sudray boshladi, boshqalar ham unga to’rt tomondan chug’urchiqdek yopishdilar. Shunday qilib «bechora» Sodiqni o’z xolig’a qo’ymay ko’chadan anchagina nariga surgab ketdilar. Ular bu ko’chadan o’ttuz-qirq adimlab uzoqlashg’an ham edilar, haligi uzoqda ko’rilgan otliq to’riq yo’rg’asini qarsillatib katta ko’chaga chiqdi va yigitlar kelgan tomong’a — shimolga burildi. Sodiq ketar ekan, otliqqa burilib qaradi. Hasanalidan xat olg’ani borg’anida otxonada ko’rgan qora to’riq otni tanig’ani on qo’ltug’ig’a kirib olg’an ro’dapodan qutilishg’a tirishib boqdi, lekin uhdasidan chiqolmag’ach, ko’zini yirtqichlarcha chaxchaytirib «it emgan da’yus!» dedi qo’ltug’idag’i jonlik kishanga…

* * *

Uyoq-buyoqdan shom azoni eshitila boshlag’an edi. Ma’lum otliq qutidorning darbozasida otini to’xtatdida, o’ng oyog’ini uzangudan uzdi. Shu vaqtda shom namozidan qolmas uchun shoshilishib qutidor ham yo’lakdan chiqib keldi. Otini ko’chaning o’rtasida qoldirib, qayin otasi bilan ko’rishmak uchun yugirgan kuyavi oldida namozini ham unutkan qutidor dag’-dag’ titrab to’xtag’an edi. Ko’rishmak uchun o’ziga uzatilg’an qo’lni bo’sh havoda qoldirib, darbozasi yonig’a bordi. Bunday muomala oldida Otabekning qanday holda qo-lishi izohka uncha muhtoj bo’lmasa kerak. Ul turgan joyida qoziqdek qoqilib qolg’an edi. Qutidorning oldig’a yurishnida bilmas, so’zlashka ham tili kelmas edi.
— Bu qanday harakat, ota?

Qutidor titroq va hayajonli bir tovush bilan:
— Uyatsizga maning uyimdan o’rin yo’q, uyatsiz bilan so’zlashishka ham toqatim yo’q…

Boringiz, ma-ning eshigim yonida to’xtamangiz! — dedi-da, o’zini ichkariga oldi va darbozani yopib shildir-shildir zanjirini bog’lay boshladi…

Otabek esini boshig’a yig’ib, mixlang’an eridan qo’zg’alg’anda shom namozi o’qulib bitkan, kishilar uylariga qayta boshlag’anlar edi. Ul moshinavori kelib otig’a mindi va «chuh» dedi, lekin ot qo’zg’almadi. Ikki-uch qamchidan so’ng tolg’a bog’lang’an tizgin shart etib uzilib ketkach, boya yurib ketkan otini o’tkunchilardan bittasining bog’lab turg’anini esladi. «Chuh» dedi. Ot ko’chaning sharqig’a qarab ketdi.

Bu ketishda uning hushi o’zida deb aytish qiyin, shuning uchun otning boshini qayoqqa qarab solg’ani ham belgulik emas, ehtimolki unga hozir ot yursa bas bo’lg’ay. Ot ko’chaning ayrilishig’a etib «endi qayoqqa yuramiz» degandek to’xtag’an edi, egasi yana «chuh» deb javob berdi. Ot shimolga qarab burildi. Bu ko’cha bilan uzoq yurgach, oltinchi faslda o’qug’uchi bilan ta- nishdirilg’an B… mahallasiga chiqib, ot yana qay tomonga yurishni so’rab to’xtadi.
— Chuh.

Ot ko’chaning sharqig’a yurib o’qug’uchig’a ma’lum burchakdagi ikkita eshikdan ham yana shimolga burib, tor ko’cha bo’ylab uzoq ketdi. Vaqt xuftanga yaqinlashib qolg’anliqdan qorong’i o’bdan tushkan edi. Ot o’zining bu galgi to’xtashida egasining chuh-chuhiga ham sirt berib turib oldi va Otabek ko’zini ochib yo’l qarashg’a majbur bo’ldi. Otning tor ko’chaning nihoyatiga etib yo’lsizlikdan to’xtalg’anini onglag’ach, o’tkan ishlardan o’ziga hisob bera boshladi. Qayin otasi eshigida otini yo’lga solg’anini bir oz eslasa ham boshqasini bilmas edi. Har holda Marg’ilonning chetrog’idagi boshi berk ko’chada va katta bir darboza yonida turg’anlig’ini tushundi. Otning boshini burishni-da, burmasni-da bilmay bir oz o’ylab to’xtadi. Ul o’ylab turg’anda darboza ichkarisidan ikki kishining xayrlashib ajralishqanlari sezilar edi.

Ichkaridagi oyoq tovushi darbozaga yaqinlasha bergach, ul chiqg’uchig’a xalaqit bermas uchun otining boshini chetka burdi. Otabek to’xtag’an o’rin to’rt tomondag’i imoratlar bilan o’bdan qorong’i, shuning uchun darbozadan chiqg’uchining faqat boshidag’i oq sallasidan o’zgasi ko’zga ilinmas edi.

Chiqg’uchi darboza yonida turg’an otliqdan cho’chibmi va yo o’zichami so’radi:
— Kim otda turg’an?
— Man, — dedi Otabek va o’zining mantiqsiz javobidan o’ng’aysizlanib tuzik javob berishka og’zini jo’blag’an ham edi, chiqg’uchi «siz kimsiz?» degan savol bilan uni to’xtatib qo’ydi.
— Man… bir musofir g’arib, — deb javob berdi-da, negadir tomishka intilgan ko’z yoshisini kuch bilan to’xtatib qoldi. — Marg’ilong’a shom vaqtida kirgan edim, ko’zlagan joyimni topolmay adashdim…
— Qani bo’lmasa, juring biznikiga, mehmon, — aytkuchining so’z ohangidan o’rtoqliq bo’yi kelib Otabekning dimog’iga ursa ham:
— Rahmat sizga, aka, — dedi, lekin uning bu so’zi ham o’rinsiz ketkan edi.
— O’zingiz adashdim, dedingiz-ku, tag’in qayoqqa bormoqchi bo’lasiz?
— Sizga og’ir kelmasa…
— Og’irlig’i yo’q, yuringiz, — dedi va olding’a tushib Otabekka yo’l boshladi: — Man ham sizga o’xshagan bir g’arib.

Otabek kishi orqasidan ketdi, oldinma-keyin so’zlashmasdangina ko’chaning oyog’ig’a qarab borar edilar. Anchagina yurgach, boshlovchi «otingizga ham joy bor», deb qo’ydi. Otabek javob bermadi. Shu ko’yi so’zsizgina ko’chaning burilishiga etdilar-da, kishi Otabekni to’xtashg’a buyurdi, o’zi shoshilib o’qug’uchig’a ma’lum Jannat opa eshigining chap tomonidag’i ikkinchi eshikni ochish uchun qulfni timiskiladi. Eshikni ochishi bilan:
— Otdan qo’ningiz, mehmon, — dedi otni Otabek qo’lidan olg’ach, — siz xurjiningizni olib yo’lakdan to’g’rig’a kiraberingiz, — dedi. Otabek xurjinni ko’tarib eshikka kirdi, usti yopiq qop-qorong’i yo’lakdan o’tib kattagina bir havliga chiqdi va xurjunni havlining o’rtasig’a eltib qo’ydi. Kishi otni burchakdagi usti yopiq oxirg’ami, sufagami bog’lag’ach, kelib xurjinini oldi.
— Qani ayvong’a, — deb yo’l boshladi. Kishi Otabekni o’tquzg’ach, tokchadan sopol lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham’ yoqildi. Bu kishi qirq yoshlar chamaliq, qonsiz yuzlik, siyrakkina soqollik, qo’y ko’z, ko’b vaqt madrasa riyozatini chekkannamo, qotma, uzun bo’ylik bir odam edi. Ayvonning polos va asboblarida uncha boyliq ko’rilmasa ham puxta, ozoda, chirk yuqturilmag’an yo’sunda yig’ishtiril-g’anlig’idan egasining rind tabi’atlik ekaniga shahodat bermakda edi. Ayvonning so’l tomonida ko’rilgan bir eshik ila uymi, hujrami, borlig’i bilinar edi.

Uy egasi Otabekni yaxshilab ko’z ostidan o’tquzg’ach, so’radi:
— Qorningiz albatta ochdir, mehmon? — Otabekdan javob kutib turmay o’zi hukum ham berib qo’ydi. — Yo’l bilan albatta ochiqqansiz, savzi-piyoz va go’shtlarim hammasi tayyor, faqat o’choqqa olov yoqsam, xolos, o’zim ham hali xo’rak qilg’anim yo’q, ko’b emas ozg’ina, bir chimdimgina qilaman. — Otabekning uzriga quloq bermay oshg’a urnashka oldi. Otabek endi o’tkan ishlarni ko’z o’ngidan o’tkuza boshlag’an edi. Bu kungi besh daqiqa orasida bo’lib o’tkan voqi’ani hech bir yo’sun bilan miyasiga sig’dira olmas, chindan bo’lg’an ish deb o’ylashg’a aqli bovar qilmas edi.

Lekin quloqlari ostida hozirg’ina aytilgan «Uyatsizga maning uyimdan o’rin yo’q… Boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz!» so’zining sadosi qanday bo’lsa ham unga bir haqiqatni ochiq so’zlar va nafsida sezilgan xo’rlanish va hayajon buni tasdiqlar, bugina emas yuziga yopilg’an darboza- ning, shildir-shildir qilib bog’langan zanjirning sadosi ham bu haqiqatni ta’kidlar edi.

Bundan so’ng Kumushning zaharlik muammo maktubi bir sidira ko’z o’ngidan o’tib ketdi.

Maktubdagi tushunishi qiyin bo’lg’an nukta va ishoratlar yana bir qayta zahar sochib o’tkandek bo’ldilar. Lekin bularning barchasini yig’ib ochiq-oydin bir natija chiqarish kuchidan ojiz, go’yo isitma vaqtida bo’laturg’an tuturiqsiz, bog’lanishsiz alji-bilji holatni kechirib, ishni bir-birisiga bog’lay bilmas edi. Ammo hozirgi daqiqada unga eng ochiq ta’sir etkan narsa:

«Boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz!» jumlasi bo’lib, to’lqinlang’an izzati nafsi hamisha «qora ohu ko’zlarni» ko’rishka o’rganmish yurak ko’zini xo’rlik pardasi bilan yashirishg’a tirishar edi. Voqia’n tug’ilib erkalikdagina o’skan, hayotning dag’al muomalasidan begona, faqat uning chuchuk so’zlarinigina tinglab kelgan Otabekka bu xo’rlik turmishdan birinchi zarba edi.

Shuning uchun Kumushka bag’ishlang’an yurak tugunini eshilg’an holda ko’rar, go’yo marvarid tugilgan harir ro’ymol o’g’irliqdan so’ng oyoq ostlarida bo’m-bo’sh yotqandek va egasi shu o’g’irlang’an javohirotining alamini chekib turg’andek edi.

Uy egasi oshg’a savzi bosib, Otabek yonig’a keldi, ul boshqa hissiyot va fikrlarini vaqtinchag’a unutib, o’zini tetiklikka oldi. Uy egasi Otabek yonig’a o’lturar ekan, so’radi:
— Sizniki qaerda, mehmon?
— Toshkanddan, mulla aka.
— Ismingiz?

Otabek manglayini qashib olg’ach, javob berdi:
— Shokirbek…
— Marg’ilong’a birinchi kelishingizmi?
— Birinchi kelishim…
— Savdo vajhi bilan kelgandirsiz? — uy egasi Otabekning qiyofat va ust-boshidan savdogarga o’xshat-qan edi.
— Yo’q… Man asli Qo’qong’a kelgan edim, ammo Marg’ilonda otam tanishlaridan bittasida ozroq olasimiz bo’lib, shu kishiga uchrashib ketayin, deb Marg’ilong’a o’tkan edim, — Otabek o’zining yolg’on-lashidan o’ng’aysizlanib bir oz to’xtab oldi: — bu kishining qaer-da turishi manga ochiq ma’lum emas edi va Marg’ilonda boshqa tanishim bo’lmag’anliqdan va vaqtning kechligidan adashib qoldim…

Uy egasi kuldi:
— Nasibdan qochib bo’lmaydi, Shokirbek; bu kun kechasi menga mehmon bo’lishingiz bor ekan.

Uchra-shaturg’an kishingizning oti nima?
— Komilboy…

Uy egasi o’ylab turdi-da:
— Bizning bu yaqinlarda bunday kishi yo’q, ehtimol nariga dahadadir, — dedi va turib oshig’a qarab ketdi. Otabek o’zining qip-qizil yolg’onlashidan vijdoni oldida qizarindi. Ammo ul bir tomondan bunga majbur ham edi, chunki uning qutidor bilan qamalish va o’lumga hukm etilish tarixi butun Marg’ilong’a mashhur bo’lib, haqiqiy ismini yashirmay aytkanda, ehtimolki boshqa sirlarni ham ochmoqqa to’g’ri kelar edi. Uy egasi qozon yonig’a ketkach, ul ham o’rnidan turib havlig’a tushdi. Ayvonning narigi yoni bilan sharqqa qarab kirilaturgan bir yo’lak orqaliq bir boqchag’ami, maydongami chiqi-lishini bilib shu yoqqa yurdi va kichikrak bir mevazorga chiqdi. Kechaning qorong’ilig’i ustiga mevalarning quyuq yaproqlari qo’shilishib, bu maydon ayniqsa Ota-bekning hozirgi ko’ngliga yaqinlashib kelar edi. Uning ko’ngil mevasi bu kungi qora voqi’a bilan qanday o’ralib, yo’qolib ketgan bo’lsa, bundagi daraxtlar ham o’z mevalarini kecha rangi bilan bo’yab, yashil yaproqlari ila ko’mgan edilar, ya’ni bunda o’skan daraxtlar qanday meva beradir — ajratish qiyin edi. Ul shu qorong’izor bilan qo’shilishib ketkandek va qorong’iliqning quchog’iga kira borg’andek mevazorning ichkarisiga yuriy bordi.

Va nihoyat butoqlari bag’rig’a solinib tush-kan bir daraxtning ostig’a o’lturdi va bu o’lturishda uzoq fursat qotib qolg’andek harakatsiz edi. O’n besh daqiqalardan so’ng ichiga el qamalg’an puvvakdek ufff etib yuborgach, o’rnidan turdi. Boqchaning kunbotari bilan xarobazor imoratlarni yonlab yurdi.

Otabek ayvong’a qaytib kelganda, uy egasi oshni damlab bo’lib ayvonda kutib o’ltirmakda edi.
— Otingizga ozroq johori berib qo’ydim.
— Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, uy egasi nimadir so’zlamakchi bo’lsa ham o’ngg’aysizlang’an sumol Otabekka tikilib-tikilib qo’ymoqda edi.
— Kasbim to’qug’uchiliq, Shokirbek, — dedi uy egasi. Otabek so’zni tugalmaganligini bilib, uning og’zig’a qarab turar edi:
— Doim zaxda o’lturib ishlaganimdanmi yoki o’zimning tabi’atimda zaiflik bormi, ish qilib nima bo’lsa ham ko’p vaqtdan beri bedarmon tortib yuribman,— dedi va davom etdi, — goho ko’krak ham og’rib qo’yadir. Yaqinlarda tabiblarga ko’rsatkan edim, qoningiz oz, qimiz iching, xo’rak oldidan maviz isti’mol qiling, deb kengash berdilar. Ularning kengashi bo’yun- cha uch-to’rt kun qimiz va maviz iste’mol qilib boqqan edim, voqi’an bir muncha foydasi ham ma’lum bo’ldi. Sizga buni so’zlab shuni aytmakchimanki, osh oldidan bir-ikki piyola maviz ichib yuborsam, albatta bunga siz-ning qarshilig’ingiz bo’lmas-a? — dedi va kuldi.
— Qanday qarshilig’im bo’lsin, siz ma’zursiz.

Uy egasi iljaygan holda hujraga kirib, o’zining ta’biricha may emas, bir ko’vacha mavizni olib chiqdi, toqchadan piyola olg’ach, kelib Otabekning yonig’a o’lturdi. Mavizni piyolaga chulduratib quyar ekan, mehmonga er ostidan mo’ralab kulimsirab qo’ydi.
— Sizning ham ichkaningiz bormi?
— Yo’q.

To’g’risi ham Otabek ichkulukdan qattig’ hazar qilar va bu kungacha mayni o’ziga dushman kabi ko’rib kelar edi. Uy egasi quygan piyolasini simirib yuborg’ach, sezdirmaslik qilib seskanib qo’ydi va:
— Aniq ichmaganmisiz? — deb yana so’rag’an edi, Otabek boshni chayqash bilan kifoyalandi.
— Qattig’ uzr bo’lmag’anda ichmagan ham ma’-qul,— dedi va ikkinchi piyolani to’ldirar ekan, davom qildi,— lekin bu narsa bir tomondan kishining salomatligiga foyda bersa, ikkinchi jihatdan tiriklikning qayg’u va alamlarini-da unutdirib turar ekan. Boshimg’a o’lguncha unuta olmasliq qayg’u-hasratlar tushdi, Shokirbek. Ayniqsa keyingi yillarda o’zimga hech bir qaerdan ovinchoq topolmay, nihoyat shu achchig’ suv bilan ovinaturg’an xolg’a kelib qoldim, — dedi va uzoq tin olib to’lg’izg’an piyolasini oldig’a qo’ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt sukutda qoldilar. Ul ikkinchi piyolani ichkach, Otabekni diqqat bilan kuzatib chiqdi.
— Agar yanglishmasam, siz ham bir oz qayg’uliroq ko’rinasiz mehmon, bir piyolani ichib yubormaysizmi?
— Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, ammo o’zida ta’rifi so’zlanib o’tilgan narsaga bir ehtiyoj seza boshlag’an va o’zini ham ma’zurlar qatorig’a qo’yayozgan edi. Uning bu holini uy egasi sezdimi yoki sinab ko’rmakchi bo’ldimi, haytovur, uchunchi piyolani to’ldirib Otabekka uzatdi:
— Qo’limni qaytarmang, mehmon. Ikkimiz ham ma’zur ko’rinamiz.

Otabek uzrini aytib, piyolani olmay turg’an edi, ul ham piyolani uzatqancha kulib turaberdi.
— Man mavizni tamom shar’iy qilib tayyorlayman, tunov kun mahallamizning oxunlari ham halollig’iga fatvo berib ketdilar.

Otabek piyolani olishg’a majbur bo’ldi. Uy egasining aytkanidek maviz juda ham tiniq, yaxshi chiqg’an ko’kchoy kabi musaffo edi. Piyolaga uzoq qarab turmay ichib ham yubordi. Och qoring’a tushkan o’tkir may vijj etdirib me’dani qaynatdi-da, tomoq ostini lovullatmoq-qa oldi. Otabekka birinchi piyolani ichirg’andan so’ng, uy egasi oshni suzishka ketdi.

Baxt Va Baxtsizlik
Oshni suzib keltirgach, mehmonni oshg’a taklif qi-lishdan burun yana toqchadagi ko’vachani olib bir pi-yolani to’ldirdi va Otabekka uzatdi.
— Iching buni ham, so’ngra oshni eymiz, — dedi. Bu gal uncha qistatishqa to’g’ri kelmadi, birinchi piyola bilan uning ko’z o’nglari jimirlashmakka va o’zida bir engillik his etmakka boshlag’an va bu ikkinchi piyola go’yo «meni ichsang tag’in ham engil tortasan», der edi.

Otabekning ikkinchi piyolasidan so’ng oshg’a o’lturdilar. Bitta «don» hazmini ham tasavvur qilmag’an uning me’dasi ketma-ket tushib turg’an luqmalarni e’tirozsiz qabul qilmoqda edi.

Bunday ishtihoni, ehtimolki, ul o’z umrida birinchi martaba ko’rgandir. Tomoq orasida uy egasining bergan savollariga yaxshi javob berganidek, o’zi ham ba’zi so’zlarni to’qib yubormoqda, boyag’i oz so’zliliklar o’rnini ezmalik bo’lmasa ham mo’’tadil bir hol olg’an edi.

Oshdan so’ng lagan va dasturxonni yig’ishtirib olg’uchi uy egasiga sarxush va qizarg’an ko’zlari bilan uzoq qarab qo’ydi. Bu qarash unga minnatdorliq va tashakkur qarashi edi. Uy egasi Otabekning yonig’a ikkita yostiq olib qo’ydi va bittani o’z yonboshig’a ham oldi.
— Yonboshlangiz bek, — dedi, boshlab o’zi yonboshladi. Otabek ham unga ergashdi. Ikkisining orasidag’i sham’ el bilan o’ynashibg’ina nur separ, ikkisi ham so’z qo’yishqandek sham’ga ko’z tikib qanday o’yg’adir berilgandek ko’rinar edilar. Bir necha vaqtdan so’ng uy egasi ko’zini sham’dan oldi va er ostidan Otabekni kuzatkach, so’radi:
— Uylanganmisiz, bek?

Otabekning kayfi kuchlikmi edi yoki so’zni onglamay qoldimi, haytovur shu onda javob berolmadi.
— Uylanganman.

So’rag’uchi bir oz to’xtab olg’ach, yana so’radi:
— Xotiningizga muhabbatingiz bormi?

Otabek bu savol qarshisida garangsib qolg’andek bo’ldi, voqi’an orag’a og’ir savol tushkan edi, bilintirmaslik qilib uflab oldi.
— Muhabbatim yo’q.
— Yaxshi ekan, — dedi uy egasi. Otabek uning bu so’ziga tushuna olmay, «nega?» degandek qarab turar edi.
— So’zimga ajablandingiz shekillik?
— Yo’q, — dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko’rinib turar edi.
— Balki muhabbat baxtlik kishilar uchun yaxshidir, lekin o’z tajribamcha, baxtsiz kishi uchun badbaxtlikdir. Masalan, siz agar chindan ham xotiningizg’a muhabbatsiz bo’lsangiz, o’zingiz ham iqror qila olasiz: uyga kirsangiz xotiningiz bordek, ko’chaga chiqsangiz yo’qdek, bas, sizga xotinning og’irlik va engilligi birdak. Shundoq emasmi?
— Shundoq, — dedi Otabek, ammo muhabbat to’g’risida so’zlangan bu so’zlar uning kayflik ko’zini ocha yozdilar.

Uy egasi davom qildi:
— Men bu so’zlarni o’z holimdan chog’lab aytaman, ehtimolki men yanglisharman, — dedi va uzoq tin olg’ach, so’radi: — Siz uylanganda o’zingiz yoqtirib uylandingizmi yoki oradag’ilarning yoqtirishlari bilanmi?

Otabek so’rag’uchining qanday muddaosi borlig’ig’a tushunmay qoldi.
— Onamning yoqtirishi bilan.
— Barakalla, — dedi uy egasi va, — manimcha, hamma balo o’zing ko’rib, suyib uylanishda, — dedi va eshitkuchisi kutmagan joyda sukutka ketdi. Otabek bir ko’ynakni o’zidan burun yirtkan kishi to’g’risida go’yo o’z sarguzashtining eski tarixini mulohaza qila bosh-lag’an, qarshisida o’lturg’uchini-da, qayin ota eshigidan quvlang’an kishi deb bilgan edi. Qayin otang sani ham quvladimi, deb aytmasa ham shunga yaqin bo’lg’an «suygan xotiningiz sizni tashlab ketdimi?» degan savolni berdi. Uy egasi boshini chayqadi:
— Tashlab ketishka — ketdi, lekin o’z ixtiyoricha emas, — dedi. Otabek bu so’zdan so’ng buning ham qayin otasi yoki qayin onasi tomonidan zulm ko’rganiga ishong’an edi.
— Yomon odamning yuzi qursin, — deb qo’ydi, bu so’z uy egasiga tushunarlik bo’lmadi shekillik, Otabekka savol nazari bilan qarab oldi.
— Ezmalik bo’lsa ham boshimdan o’tkanlarni so’zlab beraymi, mehmon? — dedi.

O’z sarguzashti bilan farqsizg’a o’xshab ko’ringan bu hikoyani eshitishka uning ishtiyoqi ortqan edi:
— Siz so’zlamasangiz-da, men so’zlatmoqchi bo’lib turar edim.
— Manim sarguzashtimda siz kutkan qiziqliq yo’q. Lekin shunday bo’lsa ham so’zlab berayin,
— dedi va yostiqni ko’kragiga qo’yib olg’ach, hikoyasini boshladi:
— Men o’zim asli qo’qonliqman. Ota-onamdan yoshliqda yatim bo’lib, tog’amning qo’lida o’sdim.

Yoshim 17—18 larga borg’andan so’ng o’z kunim o’zimga qolib, bir o’rtog’imning kengashi bilan bundan yigirma yillar burun Marg’ilong’a kelib, bu kungi ustakorimning otasig’a to’quvchiliq hunariga shogird tushdim. To’rt yil chamasi qilg’an xizmatimdan so’ng haligi ustakorga xalfa bo’lib ishlay boshladim. Boshqa yigitlardek ortiqcha o’rinsiz sarflarim bo’lmag’ani uchun oz zamon ichida uch-to’rt tilla pullik ham bo’ldim. Ishimga ixlos bilan qarag’anim uchun maning to’qug’an ishlarim o’zgalarnikidan qadrlik yurar va xalq orasida ham otim «usta Alim kichkina» bo’lib shuhratlangan edi. Ma’lumki, bofandalar oldig’a ko’pincha xotin-qizlar kelib, yangi nusxa qidirib yuriydirlar. Maning to’qug’an ishlarim va chiqarg’an nusxalarim hammaga maqbul, ayniqsa xotin-qizlar uchun mashhur bo’lib, har doim to’quv do’konim yonidan xotin-qizlar ayrilmas edilar.

Kunlardan bir kun hali kishidan qochar darajaga etmagan o’n uch-o’n to’rt yoshlar chamaliq do’ndiqqina bir qiz kelib, men chiqarg’an yangi nusxa shohidan so’radi. Qizning so’rag’an nusxasi to’qilib va sotilib ketkan edi. Shuning uchun «yo’q» deb javob berdim. Qiz ko’zini jovdiratib turib, «maning uchun to’qib berolmaysizmi?» deb so’radi. Men qizning yuziga qarab, «mumkin emas opa, bir kiyimlik shohi deb nusxa bo’yash og’ir», dedim. Qiz so’zni aylantirib mendan va’da olishg’a tirishar edi. Men so’z orasida yana unga qarab oldim. Yonimdag’i xalfalardan bittasi qizg’a o’la, «to’qib bering, usta, opani xafa qilmang!» deb qo’ydi. Uchunchi qarashda o’zimda qizg’a qarshi bir yaqinliq his etkan, unga uzoqqina qarab qolishg’a majbur bo’lg’an edim.

Garchi qiz aytkan nusxani tayyorlash og’ir bo’lsa ham qandaydir bir kuch ta’sirida haligi qizg’a va’da berib yuboribman. Ul chiqib ketkach, qanday va’da berganimni o’ylab ko’rib, va’da kuni kelsa to’quy olmadim derman, degan so’zni ko’nglimdan o’tquzdim, lekin qizning gunohsiz o’ynab turg’an qora ko’zlari, qizil olmadek taram-taram yuzlari hamon ko’z o’ngimda ko’rinib turar edilar va «maning uchun to’qib berolmaysizmi?» so’zi quloq ostimda takror aytilgandek bo’lar edilar.

Bir necha kun shu yo’sun ikkilanib yurg’ach, niho-yat o’zimga tushunilmagan bir savq ostida va’damni ifoga ham boshlabman, bir kiyim shohi, deb o’ttuz kiyim bo’laturg’an ipakni bo’yash, tanda, arqoq, go’la mashaq-qatlari ko’zimga hech ko’rinibdir. Va’damdan ikki kun ilgariyoq shohini to’qib, uning kelar yo’lini poylar edim, ul kelmas edi. Nihoyat va’da kuni ham kelib o’tdi, kel-madi. Sizga shuni ham aytib qo’yayki, bir ko’rgan kishingizning tusini albatta uzoq fursat xotiringizda tutolmaysiz, lekin bu qiz to’g’risida man tamom boshqacha holatda bo’ldim:

shundoqki, uning qoshini, ko’zini, tusini, qo’g’urchoqdek qaddini ko’z o’ngimda tuta-tuta tamom bir yillik bilishlardek bo’lib qolibman. Uning tovush ohanglari qulog’im xotirasida u daraja yaxshi saqlanmag’an bo’lsa-da, ammo «maning uchun to’qib berolmaysizmi?» so’zini hozirg’ina eshitkandek bo’lar edim.

Va’da kunidan uch-to’rt kun o’tib ketkan bo’lsa ham hanuz ul kelmas edi. Men uning ko’chasini so’rab qolmag’animdan xafa bo’lar edim. Chunki, shohini o’zim eltib berishka ham endi hozirlanib qolg’an edim. Bu kutish kunlarimda na uchundir yonimdag’i xalfa shogirdlar bilan bo’laturg’an muomalalarim ham o’zgara boshlag’an, ya’ni so’zlarim dag’al va tundlikka aylangan, go’yo buning ila Alining kekini Validan olar edim.

Nihoyat va’daning beshinchi kuni qiz keldi. Qizni ko’rish bilan men borliq-yo’qliq holatda qolg’an, bir necha zamon maning uchun so’z topish ham qiyinlashqan edi. Qiz shohini so’ramay menga termulib turar edi. Uning minnatdorchiligini faqat shohi bilan olmoq-chi bo’lg’anim uchun bu hol menga og’ir keldi. «Nega va’daga kelmadingiz?» dedim. Qiz o’ng’aysizlanib, gunohkorlarcha ko’zini erga tikkani holda so’radi:
— Shohini sotib yubordingizmi?

Yonimg’a qo’yib o’lturg’an shohini qizg’a uzatdim. Ul shohining orqa-o’ngini ag’darib ko’rdi va:

«Yaxshi to’qibsiz», deb menga umidsizcha qarab qo’ydi. Shohini menga berib qo’lidagi mayda chaqalarni oldimg’a to’kdi.
— Shohingiz qancha pullik?

Men javob o’rniga chaqalarni sanab chiqdim, bitta oltmish pullik tangasidan boshqasi bir pullik, besh pullik zang bosqan chaqalar bo’lib, ko’p vaqtlardan beri yig’ilib kelganligi ma’lum edi. Bergan puli shohining yarim bahosini qoplar-qoplamas bo’lg’anlig’ini aytdim.
— Tag’in qancha kerak? — deb so’radi.
— Uch tanga, — dedim. Qizning o’ychan yuzini yana qayg’u bosdi. Men uning yuzidan katta husndor qizlarda ko’riladigan bir ulug’liq tomosha qilar edim va uning o’z va’dasiga kela olmag’anlig’i sirrini onglar edim. Bu yosh farishtani bu holda qoldirishg’a ko’nglim bo’lmadi va dedim:
— Qolg’anini qachon olib kelasiz? — Bunga ham tez javob bermadi va javobsizlik bilan yana o’z holini menga arz qilg’andek bo’ldi.
— Pul topqanda keltirasizmi? — dedim-da, uning javobini kutmay qo’liga shohini tutqazdim. Qiz menga ishonmay boshlag’an edi:
— Menga ishonasizmi?

Men ishonch bildirib o’lturmadim:
— Uyingiz qaerda?
— Ch… mahallasida.
— Kimning qizisiz?
— Sharif miltiqchining qiziman.
— Otangiz qarib qolg’anmi?
— O’lgan. Onam bor.
— Akangiz yo’qmi?
— Yo’q. Bitta kichkina o’g’ul ukam bor.
— Ismingiz nima?
— Saodat.

Shundan so’ng Saodatni shohi bilan jo’natib yubordim. Saodat maning bu ishimga ishonmayg’ina chiqib ketdi. Xalva shogirdlar: «Tuziksiz-ku usta», deb menga piching otishdilar. Ammo men Saodat uchun har bir og’irliqni ko’targundek ko’rinar edim…

Uy egasi bo’lg’an usta Alim hikoyasini to’xtatib, Otabekdan so’radi:
— Hikoyam uzayib ketdi shekillik, zerikdingizmi?

Otabek uni ortiqcha bir e’tibor bilan eshitar edi, sarxushchasiga:
— So’zlay beringiz, — dedi.

Usta Alim davom etdi:
— Menga uch tanganing ahamiyati yo’q edi. Ammo Saodat bilan bog’lanib turishim uchun bu uch tanga ming tanganing ishini qilar edi. Oradan o’n kunni o’tkuzib, uch tanga bahonasi bilan Saodatning uyiga bordim. Saodat xolasining uyiga ketkan ekan, onasig’a o’zimni tanitib, devor orqaliq anchagina so’zlashdik: eri o’lib erkaksiz qolg’andan, ip yigirib ovqat o’tkarganidan va qizining kengashmasdan shohi buyurg’anidan hasrat qilib ketdi; so’zining oxirida yana bir hafta kutib tu-rishimni iltimos qildi. Bir haftadan so’ng aloqani uzib qo’yish maning tinkamni quritaturg’an bo’lg’ani uchun ishni boshqa rejada yurgizmakchi bo’lib aytdim: — O’zingiz ip yigirib, kun ko’rib turgan bo’lsangiz, sizga uch tanga emas, uch pul berish ham og’ir ekan, agarda sizga ma’qul bo’lsa ko’nglimga bir gap keladir, shundoq-ki, siz erkaksiz bo’lg’aningizdak, men ota-onasiz yolg’iz yigitman.. Ko’pincha kir yuvdirish va yirtiq-yamoq vajhlaridan qiynalaman. O’sha sizdagi pul evaziga bir necha vaqt kir-pirimga qarab, yirtiq- yamog’imni yamab bersangiz, qandoq bo’lar ekan… Kampir bu so’zimni mamnuniyat bilan qabul qildi va ertasi kunga kirlarimni olib kelish uchun Saodatni yubormoqchi bo’ldi. Shundoq qilib bu kun bog’lanishni yaxshi asoska qurib qaytdim. Ertasiga Saodat kelib kirlarimni olib ketdi. Uch kundan so’ng yuvilgan kirlarni keltirib, to’quv do’ko-nimning yonida anchagina qarab o’lturdi. Men uning kelishi uchun har hafta panjshanba kunini belguladim. Kundan-kun Saodatka qattig’roq bog’lana borg’animni onglar edim, panjshanbani hayit singari qarshilar edim. Oradan uch-to’rt hafta o’tkandan so’ng qo’lig’a «oyingga eltib ber» deb yigirma-o’ttiz chaqa pul ham berdim. Saodat bilan aloqa qilg’animning to’rtinchi oyida ramazon hayiti keldi.

Fitir ro’za bahonasi bilan Saodat uchun sakkiz tepki xon atlas, onasi bilan ukasiga bo’z ko’ynak qilib, Saodatlarning uyiga o’zim chaqirib bordim. Saodat meni yo’lakdan qarshiladi va gunohsizcha qo’limdan tutib ichkariga boshladi. Men: — Saodat, esingni e-dingmi, onang mendan qochmaydimi?— dedim. Saodat tortishida davom etib:
— Qochmaydi, o’zi menga ustakang kelsa qochmayman, degan.

Men Saodatning yo’lboshchilig’i bilan ichkariga kirdim. Ayvonning oldida Saodatning onasi ip yigirib o’lturar ekan, qizining qo’lida begona yigitni ko’rgach, hayron bo’lib qolg’an edi.

Saodat meni havlining o’rtasida qo’yib onasining oldig’a yugurdi va:
— Ustakam-ku! — dedi. Onasi nari-berida dakanasini tuzatib o’rnidan turdi. Salom- alikdan so’ng so’rashdiq. Saodat tegimga ko’rpacha yozdi, men qo’ynimdag’ini olib o’rtaga qo’ydim.

Fotihadan so’ng bir oz yotsirashib, uyalishib ochilisholmay qoldiq. So’ngra kampir Saodatning manim to’g’rimda aytaturgan so’zlaridan muqaddima qilib dedi:
— Saodat sizni xudda o’z akasidek yaxshi ko’radir, tunov kun iroqi sobun olg’il, deb o’ttuz pul bergan ekansiz. Sobunni olib kelgach, yotib uyqusi kelmadi, voy ustakamdan aylanay, voy ustakamning umrini xudo baxtimga uzun qilsin, deb butun tongni tong otdirib duo qilib chiqdi.

Bu so’zni kampir so’zlar ekan, men o’ng’aysizlanib ketib er ostidan Saodatka qarab qo’ydim.

Saodat qizarib-bo’zarib chetka burilib olg’an edi. Kampir davom etdi: — Munchalik bizning holimizg’a qayish-g’aningiz uchun besh vaqt namozning oldida men ham haqqingizga duo qilishni unutmayman va hafta sayin qilib turg’an marhamatingizni ko’rib o’ylayman: xudo bandasiga mehribon, holimizning rahmini eb saxovatlik bu yigitni bizga uchratdi deb, ko’nglingizdagi har na tilagingiz o’ziga ayyondir. Siz yatimlarning rahmini esangiz, sizning g’amingizni o’zi esin. Kampir bir uflab olg’ach, dedi: — Manglayim sho’rlik ekan, bolam, Saodatning Qayumjon otliq bir akasi bor edi, yoshi ettiga chiqib, otasi rahmatlik endigina to’y qilaman deb turg’anda, qizamiq degan bir falakat kasal bilan og’rib dunyodan o’tdi, buning ustiga Saodatning otasi ham marhum bo’lib bizlarni ora yo’lda qoldirib ketdi. Loaqal shu bola bo’lg’anda ham edi, biz bu yo’sun og’ir kunlarga qolmasmi edik, deb o’ylayman, — ko’z yoshisini artib so’zini bitirdi. — Bandasining qo’lidan kelaturgani oh-vohdan nariga o’ta olmas ekan, bolam!..

Men ko’ngil ko’targan bo’ldim:
— Oldingizda yosh bo’lsalar ham qizingiz va o’g’lingiz bor ekan, bu kun bo’lmasa ertaga axir siz ham yorug’liq kunga chiqib qolarsiz, ona, — dedim va kelturgan narsamni kampirning oldig’a surib: — Shu arzi-mag’an narsani Saodat bilan ukasiga hayitlikka olib kelgan edim, bu aybim uchun albatta mendan koyimassiz, dedim.
— Odamgarchilig’ingizdan o’rgulay, — dedi kampir va og’zig’a kelgan so’zlar bilan duo minnatdorchilik qila boshladi. Boyag’i so’zdan keyin uyalg’anicha bizdan uzoq-roqda o’lturgan Saodat sekingina bizning yong’a keldi va qog’ozg’a o’ralg’an kiyimlikni ochib atlasni oldi. «Bu mengami?» deb mendan so’radi va javobimni kutib ham turmay yo’llik bo’zni oldi. «Bu Sayfiga», dedi. Uning orasidag’i odimi bo’zni ko’rub: «Bu oyimga», dedi. Saodat bu narsalarni juda oddiy qilib ko’rdi va soddacha haligi so’zlarni aytib qo’ydi. Go’yo bu narsalarni ilgaridan kutkan edi. Atlasni yaxshilab ko’rib chiqg’ach, yoqtirg’andek bo’ldi, bir menga va bir atlaska qarab turib nimadir aytmakchi bo’lsa ham aytalmadi. Men nima demakchi bo’lg’anlig’ini sezgan edim. Bu orada biz kampir bilan hasratlashib turg’an edik, ul kelib so’zni bo’ldi:
— Ustaka, — dedi, men qaradim. — Ro’zamisiz?
— Ro’zaman.
— Ro’za bo’lmasangiz choy qaynatar edim, — dedi. Onasi kuldi.
— Choyni hayitda kelganimda qaynatib berarsan, — dedim.
— Hayitda kelsangiz osh ham qilib berar edim, — dedi va onasig’a qaradi.
— Akangga har narsa qilsang ham arziydir, qizim,— dedi kampir va na uchundir ko’ziga yosh oldi, men ham arang ko’z yoshimni to’xtatib qoldim.
— Bo’lmasa bu kun iftor qilaqoling. — Saodatning bu so’ziga onasi ham qo’shilishdi. Men uzr aytdim. Lekin haqiqatda esa, Saodat bilan birga o’lturib iftor qi-lishni ko’ngil istay boshlag’an edi. Uzoq so’zlashib o’lturdim, bu uydan chiqib ketkim kelmas, bir soat orasida tamoman ochilib-sochilib ketkan Saodatning bolalarcha qilig’ini ko’rib to’ymas edim. Saodat goh men bilan, goh atlas bilan mashg’ul, boyag’i uyalib turishini bir yoqqa yig’ishdirib qo’yg’an, onasi bilan meni kuldirib, ancha-gina ko’tarilib qolg’an latif ko’kragi ustiga «senginadan aylaniy!» deb atlasni bosib quchoqlar edi. Men bo’lsa go’yo atlas emas, quchoqlang’uchi o’zim bo’lg’andek kayflanar edim.

Men kampir bilan xayrlashib chiqa boshlag’an edim, Saodat «Panjshanba kun boraymi», deb so’radi. Men kampirning oldig’a qaytib bordim-da, aytdim:— Saodatingizning bo’yi cho’zilib qolg’an ko’rinadir, mundan so’ng maktabdan bo’shag’an vaqtida Sayfini yuborsangiz qalay bo’lar ekan va qo’lim bo’shag’an kezlarda o’zim ham kelib turarman, — dedim. Go’yo kampir ham mendan shu so’zni kutib turg’an ekan, hamiyatimga va aqlimga tahsin o’qudi va qizig’a qaradi. «Ana, eshitdingmi ustakangning so’zini, endi vaqt-bevaqt ko’chaga ham chiqaberma!» dedi. Men chiqaturib Saodatka qarag’an edim, mendan o’pkalagansumon ko’rindi. Ammo maning bu so’zim bekorga emas, balki xalfa shogirdlardan ba’zilarining unga yomon ko’z bilan qarag’anlarini payqag’anim uchun edi.

Shu yo’sunda Saodatning onasi ham mendan qochmay qo’yib, aloqamiz tag’in ham qattig’lashdi.

Kutmagan bu muvaffaqiyatim bir necha kungacha ko’zimdagi uyquni ham qochirib qo’ydi. Uch-to’rt kun go’yo bu kun-erta Saodatka uylanaturg’an kabi hovliqib ham yurdim.

Uncha-muncha narsani ayamag’anim uchun bo’lsa kerak, tez zamonda go’yo Saodatlar oilasining boshlig’i holini olib qoldim. Jum’a kunlari masallig’ni ko’tarib Saodatlarnikiga borar, Saodatning qo’lidan osh qildirib eb qaytar edim. Saodat kundan-kunga o’sib borar, shu nusbatda husniga husn qo’shilar va men battar uning maftuni kesilar edim. Shu holda oradan ikki yil chamasi fursat o’tib ketib, Saodat ham o’n olti yoshlarg’a etib qoldi. Endi maning oshiqona termulishlarim ma’nosini ongliy boshlag’an, negadir «aka» deb qilaturg’an xitob- larnida tark etkan edi. Ikki yildan beri kampirning oldig’a sovchi kirguzishni o’ylab kelgan bo’lsam-da, ammo nima uchundir Saodatdek qizg’a uylanish baxtiga erishmakni o’zimga tasavvur qilolmas edim. Bu to’g’rida bo’lgan hamma umidim Saodatning onasidan edi, balki o’zi so’z ochar va yokim orag’a kishi qo’yar, deb kutar edi. Orag’a boshlab o’zim sovchi qo’yishdan o’ngg’ay-siz- lanar, to’g’risi o’zimga tushunilmagan bir xavf ostida bu jasoratdan mahrum edim.

Bir kun odatimcha Saodatlar uyiga borg’an edim. Osh-suvdan keyin kampir Saodatni o’choqboshi yumishiga yuborib, menga qarab kuldi:
— Saodatka bir yaxshi joydan kuyav chiqib qoldi. Kecha unashsak unashkundek ham bo’lg’an edik, biroq sizning maslahatingizni olayin, deb sovchilarni qay-tardim, — demasinmi, ustimdan bir chelak sovuq suv quyg’andek entikdim, qanday javob berishka tilim kelmay qoldi. Uzoq vaqt kesak kabi harakatsiz qolg’ach, kuch orqasida tilimni bazo’r shu so’zga harakatlantirdim:
— Joyi yaxshi bo’lsa, o’ylab ko’rish kerak…

Kuyavning kimning o’g’li bo’lg’anlig’ini va qanday kasb qilishini sharh qila boshlag’an edi, sabrim tamom bitdi:
— Undog’ bo’lsa, kecha sovchilarni bekor qaytaribsiz,— dedim. Kampir manim bu kinoyamga tushunmag’an edi:
— Kuyavning tegi-taxti menga ma’qul bo’lishka bo’ldi-ya, faqat endi ish sizning kengashingizga qarab qoldi, siz Saodatka ota bo’lmasangiz ham lekin otaliqdan yuqori ishlarni qilib kelasiz. Endilikda Saodatni uzatishda ham otalig’ingizni ayamangiz, — dedi.

Bu so’z bilan yana o’lganning ustiga chiqib tepilgandek bo’ldim.Chayon kabi meni zaharlamakda bo’lg’an kampirning to’g’ri so’zini eshitib turishka ortiq to’zalmadim-da, ertagacha o’ylab javob berishni aytib kampirning oldidan chiqdim.

Chiqg’ach, oyog’i kuygan tovuqdek to’rt tomong’a yugura boshladim. Epaqalik bir gap esimga kelmas edi. Nihoyat, aqlimni boshimg’a yig’ib, sirrimdan voqif bir oshnamg’a kengash soldim.

Ul uzoq o’ylab turmay, ertasi kunga tomonimdan sovchi bo’lib kampirning oldig’a bormoqchi bo’ldi. Lekin butun tuni bilan ko’zimga uyqu kelmay, tikanga ag’nag’an kabi azoblanar edim va sustligim uchun o’z-o’zimni so’kar edim…

Usta Alim hikoyasini bu erga etkuzgach, sham’-ning so’xtasini miqroziladi va og’zini poylab turg’uchi Otabekdan «zerikmadingizmi?» deb so’rab olib, davom etdi:
— Sovchini yuborib tinchiy olmadim, ishka qo’lim bormas va bir joyda to’xtab turolmas, u erdan turib bu erga o’lturar, ming turlik xayol bilan dovdir sifatiga kirgan edim. Yuborgan kishim tezda qayta bermagach, bir-ikki bora Saodatlar eshigi yonig’a borib keldim. Nihoyat, miyam shishib Saodatning uyi yaqinida bo’lg’an bir yong’oqning soyasida o’lturg’an edim, sovchim chiqib qoldi-ku: yuragim orqamg’a tortib ketdi. Va olding’a tushib yuriy berdim, chunki sovchig’a uchrashib haqiqatni onglash ham menga dushvor mushkul kelgan edi.
— Shoshma-shoshma, ho, kuyav! — dedi sovchim. Hazilmand bo’lg’ani uchun ishning chappa ketkaniga ishong’an, uning bu «kuyav» degan so’zini kinoyaga yo’yg’an edim, ketaberdim. Ul orqamdan tez yurib etdi:
— Qani, to’nni esh! — dedi va to’nimni o’ziga torta boshladi.
— Yuragim yorilishg’a etdi, hazillashma! — dedim.

Haqiqatan so’zi chin ekan, og’zidan o’pdim. Jiq to’lg’an ko’z yoshimdan ham uyalib turmadim. Sov- chim yo’l bo’ylab kampir bilan bo’lg’an hikoyasini so’zlab ketdi: Saodatka bir yildan beri har kun deyarlik sovchilar qatnar, kampir hammasiga ham boshi bog’liq, deb javob berib kelar ekan. Shuning barobarida maning og’zimni poylar yoki kishi qo’yishimni kutar ekan. Nihoyat, bir tarafini chin va bir tarafini so’z olish muddaosi bilan kechagi so’zni menga aytgan va shunga qarab ish qilmoqchi bo’lg’an. Uzun so’zning qisqasi kampir-ning javobi: bir qizim emas, yuz qizim bo’lg’anda ham usta Alimga nazir tortdim — bo’libdir.

Terimga sig’mas edim; ikki yillik yurak dardim nihoyat hoziqini topqan edi. Bir necha kun uyalib kampirning oldig’a bormay yurgan edim, o’g’li orqaliq yo’qlatdi. Bordim. Lekin borishimdag’i sezgularimni sizga bu til bilan tushuntirolmayman. Men borliq yo’qliq eshikdan kirganimda, Saodat kir yoyar edi. Meni ko’rgach, qizarinib ketdi va yoyilg’an kir ortig’a yashirinar ekan, shahlo ko’zlaridagi sezilar-sezilmas tabassumning farqig’a bordim.

Kampir bilan uyalishibkina to’y to’g’rilarini so’z-lashdik. Kampir ortiqcha takalluflar qilishg’a yo’l qo’ymasa ham, ammo o’zim Saodatning ko’ngli o’ksimasin uchun to’yni katta qilishg’a tarafdor edim. Kampir bilan to’y va nikoh kunlarini muqim qilg’ach, men ketishka turdim.

Saodat kir yonida menga bir ko’ringandan so’ng, qaytib ko’rinmagan edi. A, men bo’lsam yana uni bir ko’rmakchi va o’ziga bir-ikki og’iz so’z aytmakchi edim. O’choqboshida qozon yuvar ekan, to’g’ri oldig’a yurib bordim. Ul meni sezmadimi yoki sezsa ham bilmaganga solindimi, haytovur orqasi o’gurug’liq engashkan holda ishka mashg’ul edi. Bir o’rim bo’lib tushkan uzun qo’ng’ur sochi uning harakati bilan qo’ltug’i ostida o’ynoqlar edi. Anchagina orqasidan tamosho qilib turg’ach:
— Saodat, — dedim. Qaradi. O’choqda yong’an olov issig’idanmi yoki uyatidanmi uning yuzi qip- qizil olma edi. Qo’lidagi sochig’i bilan oldimg’a yaqin kelib to’xtadi. — Eshitdingmi, — dedim.

Yerga qaradi. Uni ortiqcha uyaltirmas uchun eshikka qarab yuriy boshladim-da: — Maylimi? — deb so’radim. Javob o’rniga:
— Osh emay ketasizmi? — dedi. Bu uning ikkinchi turlik qilib aytilgan «mayli» javobi edi. Bir bugina emas, qirq yillik qadrdon xotin tomonidan eriga qilinaturg’an mehribonchiliqning eng lazzatlisi edi. Chiqar ekanman, «Osh emay ketasizmi?» so’zining kayfiga tamom mas bo’lg’an edim.

Usta Alim shu so’ngg’i so’zlarini aytib bitirar ekan, Otabekning qoshlari chimirilib, go’yo o’zining ham shu yo’sun xotiralarining abadiy qaytib kelmaslik — yo’qliqg’a chiqqanlig’ini yana bir karra onglar edi. Usta Alim davom etdi:
— O’n kun orasida hozirlikni bitirib to’y qildiq. Nihoyat, Saodat meniki bo’lib, saodatlik kunlarim boshlandi. Saodatka bo’lg’an muhabbatim bir daraja sizga ma’lum bo’lg’anliqdan u kunlardagi mas’udiyatimni ham shu o’lchavg’a solib bila olasiz.

Rafiqam Saodat chin sa’ida edi. Bu yil o’zimga kutmagan darajada bir kuch va istiqomat ortdirib, to’y bilan tugalgan boylig’imni qaytarg’an edim. Turishka Saodatlar uyi ortiq torliq qila boshlag’anliqdan shu havlini (Jannat opa havlisig’a ishora qilib) hozirg’i qo’shnimizdan sotib olishg’a muvaffaq ham bo’ldim. Qayin onam, qaynim va eru xotin shu havlig’a ko’chib kelib tura boshladiq. Kundan-kunga Saodatka bo’lg’an muhabbatim oshqandek kasbim ham unumlik bo’la boshlag’an, uylanishim-ning ikkinchi yili haligi qo’shnimizdan o’zingiz ko’rgan boqchani ham sotib olg’an edim. Uylanishimning uchunchi yili Saodat yuklik bo’ldi. Eru xotin birimiz ota va birimiz ona bo’lmog’imizni o’ylab quvonar edik. Kechalari yotib uyqumiz kelmas edi. Nihoyat, Saodatning oy-kuni yaqinlashdi… — Usta Alim uzoq tin olishdan so’ng davom etdi: — … yaqinlashdi… lekin abadiy baxtsizlik kunlarim, manhus soatlarim ham yaqinlashdi… — dedi va so’zdan to’xtadi.
— Davom qilingiz, — dedi Otabek, usta Alim bir uflab olg’ach:
— Saodat boladan qiynalib uch kungacha azoblandida, to’rtinchi kuni o’ldi, — dedi.

Otabekning kayfi tarqag’andek bo’lib, ko’zlarini zo’raytirib ochdi va o’zini yostiqdan olib o’lturg’ach, so’radi:
— O’ldi?! Usta Alim ko’z yoshisini artib:
— O’ldi, — dedi va davom etdi: — dunyog’a kelib ko’rgan birdan-bir quvonchimdan ayrilg’an edim. Hayotning hamma umrimga kifoya qilarliq mudhish zarbasini shodliq ichida qarshilag’an edim. Oylar bo’yincha ko’z yoshimni yomg’ur kabi to’kdim. Chunki menga bundan boshqa bir ovinchoq qolmag’an edi. Ko’z yoshlarimning tiyilmag’anini ko’rgan qayin onam Saodatning vafotining ikkinchi yili meni zo’rlab uylantirdi. Lekin bu ikkinchi xotin menga Saodat bo’lolmadi.

Haqiqatan saodatim ko’milgan edi. Keyingi yillarda futurdan keta boshlag’an qayin onam qizidan yigirma oy so’ng, o’n bir yoshliq o’g’lini menga tashlab dunyodan o’tdi. Qayin onamning vafotidan so’ng, biylik o’z qo’lig’a qolg’an keyingi xotinim fahsh suratda ro’zg’orimni to’zita bosh-ladi. O’g’riliqcha va to’g’riliqcha qimorboz akasiga in’om qilishg’a kirishdi. Kundan-kunga ishim keyin ketib, ishlaganim ro’zg’orga uchurvoq ham bo’lmay boshladi. Yomon xotinning shum qadami bilan uyimdan baraka ko’tarilganligini va barcha barakalarimni rafiqam Saodat bilan birga ko’milganligini onglab, keyingi xoti-nimni taloq qildim. Endi uchunchi yildirki, xotinsiz yashayman va uylanishni ham o’ylab ko’rmayman. Chunki marhuma Saodat bilan kechirgan kunlarimning totli xotiralari menga abadiy lazzat bag’ishlag’anlaridek, ham achchig’-achchig’ yig’latadirlar. Uylanishimga kengash berguchi o’rtoqlarimg’a: — Men endi dunyodan o’tkan kishi, bu kun bo’lmasa ertaga yor qabri ustida yong’an sham’da o’zini halok qilg’uchi bir parvona, — deyman.

Endigi o’ylag’anim faqat qaynimni uylantirish, so’ngra… so’ngra yuzni yoruq qilib Saodat quchog’iga kirish… — dedi va darmonsizlang’an kabi yostiqqa yonboshladi. Ustaning bu so’ngg’i so’zi Otabekni ortiq asarlantirgan, ko’z chuquri bir-ikki qayta yosh suvi bilan to’lib chiqg’an edi.

Ikkisi ham uzoq jim qoldilar. Otabek o’z qayg’usini butunlay deyarlik unutib qo’yg’an, qarshisidag’i erga singibkina yotqan mujassam ishqdan ko’z uzolmay boshladi. Ustaning moziysida emas, holida ulug’ bir ma’no ko’rar edi. Ammo uning istiqbolida bir bo’shliqdan o’zga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulug’ bir ma’no ko’rgandek bo’lar edi. O’z istiqbolini ham shu ustaniki qabilidan ko’rmakchi bo’lsa-da, buning uchun bir narsa kamdek, etishmag’andek kelar, ikkinchi usta Alim bo’lish uchun bir «o’ldi» so’zigina oradan topolmas edi. Keyinroq bu «o’ldi» so’zini qo’shqan bilan ham usta Alim bo’lish qiyinlig’ini onglay boshladi, chunki Otabek Kumush tomonidan so’kilgan va tashlang’an edi. Holbuki, Saodat so’kmagan va tashlamag’an, balki eri-ning bir gunohi sababidan yosh umrini xazon qilg’an va usta Alim qayin otasi tomonidan hayvoncha quvlanmag’an… va qayin ota tomonidan kuyav yo’lig’a tuzoq qo’yilib, Saodatni chiqarib olish fikriga tushilmagan, ya’ni orag’a shaytanat oralamag’an… Bu so’ngg’i fikrni ul o’ylamag’an joydan ilhom qabilidan to’qib olg’an edi, ya’ni o’zining Toshkanddan uylanishiga qutidor tomonidan rizoliq berilishini, hatto uning to’yni o’z qo’li bilan o’tkazib kelishini ilgaridan hozirlanib kelingan tuzoq, deb tushungan edi. Muhokamasi shu ergacha kelib etkach, usta Alim darajasiga etish uchun o’zida hech bir munosabat ko’rmadi… Usta Alim yozib bergan o’ringa kirib yotar ekan, o’z-o’ziga aytar edi: «Quvlanishg’a, tahqir etilishka loyiq ko’rilgan Otabek usta Alim bo’lishg’a ham sazovor emas!» Ul uyqug’a ketar ekan, yuragi bolalarini uchurib ketkan karrukning uyasidek bo’m-bo’sh edi.

* * *

Otabek ertagi namozga turg’anda ko’zi Shamshodbekning bazmidan azonda qaytib kelib, dong qotib uxlab yotqan Sayfiga tushdi. O’n besh yoshlar chamasida bo’lg’an bu yigit o’zining o’tkur husni bilan Saodatdan xabar berar edi.

Bir-ikki piyola choy ichkan bo’ldi-da, usta Alim bilan xayrlashdi.

Unutolmasa Nima Qilsin?
Bu gal Otabekning kutilmagan ravishda Marg’ilon-dan tez qaytib kelishini O’zbek oyim o’zining juhud domladan qildirg’an jodusining hind sihrini engganligi, deb so’yingan edi.

Biroq Otabekning ko’pisincha mehmonxonada yotib qolishi uni bu to’g’rida shubhaga tushurib qo’yg’an va bunda qanday hikmat borlig’ini bevosita bilib olish uchun birarta romchi domlag’a bo-rish fikriga tushkan edi. Yusufbek hojining bo’lsa bunday mayda ishlarni tekshirib yurish uchun fursati ham yo’q, uning Normuhammad qushbegi yonidan bo’shag’an vaqti ponsad va beklarnikida kengash va ziyofatlar bilan tugalar edi. Uning diqqatini jalb etkan narsa bo’lsa, ul ham Otabekning tadbirsiz siyosat va ahmoq boshliqlar mavzu’idan olib qilaturg’an shikoyat va hasratini keyingi kunlarda jim-jit bo’lib ketkanligi edi. Bu kunlarda Otabekka eng yaqin turg’an kishi Hasanali ota edi. Chunki Otabek bu keyingi kunlarini mehmonxonada o’tkazganlikdan Hasanaliga ham uning yonig’a kirishka va bir muncha so’zlashib o’lturishka to’g’ri kela boshlag’an edi. Shuning uchun Otabekning qayg’ulik hollari, uyqusiz mutolaada o’tkan tunlari va umuman undagi o’zgarishlar bu to’g’rida Hasanalini o’ylatsa-da, sababini so’rashg’a botirlig’i etmas va so’rashni ham foydasiz deb bilar edi. Chunki ul Otabekdagi bu hollarning sirrini bilgandek, muhabbati orasig’a cho’b bo’lib tushkan keyingi uylanishi alamidan deb qaror qo’yg’an edi.

Otabekning orzuliq kelin oldig’a kirmasligi vajhidan O’zbek oyim achchig’landi, nihoyat achchig’ig’a chiday olmag’an bir kuni mehmonxonada Otabek yotar o’rnini yozib turg’an choqda kirib keldi va yozilg’an o’rinni buzib yig’ib tashladi va:
— Mehmonxonada yotaberib nima qilasan, ichkariga kirib yot! — deb jekirdi. Lekin o’g’li endi ilgarigi Otabek emas edi, onasining jekirug’ig’a quloq solmadi-da, qaytadan o’rinni yozib boshladi. O’zbek oyimning g’azabi tag’in ham alanga oldi:
— So’zimni eshitasanmi, kar?! Otabek sovuqqina qilib javob berdi:
— Kar emasman, lekin sizning bu taklifingiz oldida ham kar, ham ko’rman. Bu to’g’rida siz endi ortiqcha bosh og’ritmang!
— Insofsiz, adolatsiz! Otabek zaharxanda bilan so’radi:
— Men boshda sizga nima degan edim?
— Nima degan eding?
— Keliningiz mendan yaxshiliq ko’rmas, demaganmi edim? Siz bilan otam bunga ko’nmaganmi edingiz, siz buni inkor qilasizmi?
— Ota-onamdan va’da olg’anman, deb shunday xo-ting’a jabr qilib yura berasanmi?
— Keliningizga jabrni xohlamasangiz va o’zingiz aytkan insofka qaytsangiz, eng oson bir yo’l bor, — dedi va onasidan ma’lum «nima?» deb bilaturgan savolni kutib to’xtadi. Ammo O’zbek oyim so’roq o’rniga labini tishlab boshini ikki elkasiga tebratdi. — Siz so’rashni tilamasan-giz-da, men aytay: keliningizga jabrni xohlamasangiz mendan taloq qildiringiz va bir bechoraga bu yo’sun azob berib yurmangiz! — dedi va bir oz to’xtab davom etdi. — Siz bilgan insofni men ham bilaman. Bir bechorani faqat sizning kayfingiz uchun azob emas, chekkan xo’rlig’ini o’ylab har kuni bir qat etdan tushaman… Agar o’z kayfingizdan kechsangiz, yaxshi bilingizkim, bir emas ikki jonni azobdan qutqarg’an bo’lasiz, onajon! — dedi.

O’zbek oyim o’g’lining bunchalik qat’iy ketishini kutmagan edi va bu yo’sun qattig’ muomalani-da Otabekdan birinchi martaba ko’rar edi. So’z qaytarishg’a o’rin topolmadimi va yo janjalning ulg’ayishidan qo’rqdimi, haytovur uzoqqina istehzolanib qarab turg’ach, «esingni ebsan, bolam», dedi-da, mehmon-xonadan chiqdi.

Otabek yolg’iz mehmonxonada yotib kun kechirish bilangina qolmadi. Kechalari allaqayoqlarg’a ketib, yo’qolaturg’an odatlar ham chiqardi va bir-ikki qayta ortiqcha mast bo’lg’an holda qaytib, Hasanalini tamom hayratda qoldirdi. Ul Otabekka nasihat qilishni ham bilmas va bu sirni biravga aytish uchun ham hayron edi.

Bir kun kechasi ul yangi odati bo’yicha allaqayoqqa ketkan edi. Hasanalining ko’ngli bu kun ham bir ishka guvohlik bergandek bo’lib, ichkarida yotkusi kelmadi, o’rinni mehmonxonag’a yozib, darbozani zanjirlab keldi. Agar bu kun ham ul o’sha holda qaytsa, bir narsa demakchi, ya’ni qo’lidan kelgan nasihatni qilmoqchi edi. Uxlamay kutib o’lturdi. Ammo ul tungi soat o’n bir bo’lsa ham kelmas, o’n ikkida ham daraksiz edi. Nihoyat, kuta-kuta uyqusi tang qilg’ach, o’rniga cho’zilib kipragini kipragiga ulab yotdi va uxlab ketganini o’zi ham sezmay qoldi.

Oradan noma’lum bir muddat o’tib darbozaning so’naqasiz taqillashidan cho’chib uyg’ondi va yo’lakka yugurdi. Qorong’uda zanjirni timiskilar ekan, «kim?» deb so’radi va javobig’a «mmmman» degan sarxush tovushni eshitdi. Bu tovush uning yuragini uyushdirib yuborg’an va «bu kun ham shunaqa» degan so’zni ko’nglidan o’tquzg’an edi. Zanjirni tushurib, darbozaning bir tabaqasini ochishi hamono shu tabaqag’a suyalib turgan Otabek Hasanalining oyog’i ostig’a yiqilib tushdi. Hasanali bu kungi kayfning o’tacha ketkanligini payqag’an, yo’lakni tutib ketgan ichkulik isidan o’qchiyozg’an edi. Otabekni suyab mehmon-xonag’a kelturar ekan, ikki ko’zi ichkari havlining eshigida, chunki Yusufbek hojining tunlari tashqarig’a chiqaturg’an odatining shu vaqtg’a to’g’ri kelib qolishidan yuragi taka-puka edi. Otabekni eshintirar ekan, rizosiz bir ohangda dedi:
— O’g’lim, sizga shu shaytoni ishning nima zarurati bor?

Otabek mastlarcha kuldi:
— Mmmenga zarurati bo’lmasa kkkimga bor?!
— Nima bo’lg’anda ham men bu ishingizdan rozi emasman, — dedi Hasanali va qanday javob eshitishini kutib turdi. Otabek o’rniga yotib olg’ach, kuchlik qilib bir uflab oldi. Hasanali undan javob kutar ekan, bir ozdan so’ng javob o’rniga xurrak tovshini eshitdi… Otabekning kutilmaganda bu yanglig’ yaramas ko’chalarga kirib ketishiga hech bir turlik ma’no beralmay boshi qotsa ham, ammo uning ko’z o’ngidan ignaga zo’rlab taqilg’an ip nariga ketmas edi. Undan so’ng, ikki oylardan beri Marg’ilonni tilga olmasliqda uni bir oz shubhaga tushirib, «oralaridan birar sovuqchiliq o’tdimi ekan», deb ham ko’nglidan kechirdi. Otabek bilan birga choy ichish maqsadida ertalab Oybodoqning damlag’an choyig’a bormay, Otabekning uyg’onishini kutib yurdi. Otabek tushka yaqin uyg’ong’ach, Hasanali choy hozirladi. Dasturxon yozib o’zini kutib o’lturgan Hasanali yonig’a qisinib-qimtinib Otabek keldi. Tundagi holi esiga tushib bo’lsa kerak, boshini erdan ko’tarib Hasanaliga qaramas va bir og’iz bo’lsin so’z aytmas edi.

Otabekning bu holi Hasanalining nichka yuragiga qattig’ ta’sir etkan va o’ylab qo’yg’an nasihatlarni unutib, bekzodani bu og’ir holdan qutqazish fikrigagina tushkan edi.
— Yoshlik — beboshlik, degan ekan mashoyixlar, — deb kulib qo’ydi Hasanali va: — uy ichidan bitta-yarimtasi sezib qolmag’ay deb juda xavotirda bo’ldim… Haytovur hech kim payqamapti, — dedi. Otabek tashakkur etkansumon Hasanaliga kulib qaradi va o’zi-ning bu ketishidan rizosizlik bildirgan kabi entikib tin oldi. Hasanali so’zni urintirib Otabekni o’z holig’a qo’ymas edi. Unar-unmasdan bahs qilib, nihoyat, bu unar-unmasning oxirig’a shu savolni ham ulab yubordi:
— Bu gal Marg’ilong’a kechikdingizmi?

Biz yuqorida ham turtib o’tkan edikkim, Otabek na Yusufbek hojig’a, na O’zbek oyimg’a va na Hasanaliga Marg’ilondan tez qaytib kelish sababini aytmagan, Marg’ilon bilan uzil-kesil aloqasi uzilganligini churq etib so’zlamagan, so’ralmag’an so’zga javob berilmas qabilidan jim-jit alamini ichkulukdan olibg’ina yurgan edi. Ikki oydan beri birinchi martaba Marg’ilon to’g’risidan so’ralg’an savol ham faqat shu Hasanalining keyingi so’zi bo’lib, sirni ochish o’nqovida kelgandek edi. Lekin javob tamom haqiqatka mug’oyir va kishini hayratka solarliq bo’ldi:
— Bu kun jo’namoqchi bo’lib turibman, — dedi.

Hasanalining shubhasi bo’shka chiqdi. Choydan so’ng ul o’zining so’zini amalda ko’rsatib, otasidan ham ruxsat olib qo’ydi va peshindan keyin yo’lg’a chiqish uchun hozirlik ham ko’ra boshladi. Uning sirrini bilguchi va «Endi Marg’ilonda nima qilasan?» deb so’rag’uchi orada bo’lmag’anidek, ul bu so’roqni o’z-o’ziga ham berib qaramag’an edi. Go’yo burung’idek Marg’ilon yo’lig’a oshiqib hozirlanar edi…

Yigirma kun o’tar-o’tmas Marg’ilondan qaytib keldi. Bu borishdan birar ish chiqara oldimi- yo’qmi, bu to’g’rini biz kelasi fasllarning biridan o’rganarmiz.

Kelib Toshkandda bir hafta chamasi turdi, so’ngra yonig’a Hasanalini olib Oqmasjid shahriga jo’nadi. Ul ikki yildan beri to’xtab qolg’an savdogarchilik ishini qaytadan boshlamoqchi edi…

Bizda Kim Ko’p Yig’laydir?
G’ayri mashru’ taloq xati tekkaniga olti oylarcha fursat o’tib ketkan edi. Kumushning go’zallik ta’rifini g’oyibona eshitib, og’zining suvi kelguchi xotinliq va xotinsiz orzumandlar «yotib qolg’uncha, otib qol!» so’ziga amal qilib, qutidornikiga sovchilarni turna- qator yubora boshlag’an edilar.

Albatta, bunda shubha yo’qdirkim, Kumushning erdan chiqg’an xabarini Kumushning o’zidan ham ilgari tushungan va Otabekdan ham ilgari sezgan Homidning sovchisi boshqa sovchilarning muqaddimasi, yoz boshida kelaturgan qaldirg’ochlarning yo’lboshchisi edi. Homidning sovchisi bir martaba kelish bilangina qanoatlanmadi, uch-to’rt qaytalab kelib qutidorg’a Homidning kuyav o’g’ul bo’lish niyatida ekanligini arzu-niyoz qila boshladi. Natijada Homidboyning sovchisig’a berilgan javob shu bo’ldi: «Biz Homidboyni o’zimizga kuyav o’g’ul qilishdan hech bir mone’lik ko’rmaymiz. Ammo qizimiz mundan so’ng er qilmasg’a qattig’ isror etadir. Shunga ko’ra Homidboy bizni kechirsin». Boshqa sovchilarg’a ham javob shu edi. Qutidor bilan Oftob oyimning bu javoblari o’zlaricha emas, balki Kumushning ko’ngliga qarab berilar edi.

Biroq Kumushbibining «Man endi er qilib bo’ldim, mundan so’ng erga ehtiyojim yo’q», degan qat’iy javobig’a ular uzoq quloq solib turolmadilar, chunki uning bu isrorini «chidamasning so’zi» deb onglar va tuzukrak joyi chiqg’anda, erga berishka ham hisoblari yo’q emas edi. Shunga ko’ra, kelgan sovchilarning o’zlariga yoqmag’anig’a gunohning barini Kumushning bo’yniga ag’darib javob berar, ammo ikkinchi yoqdan tuzukrak joyini ko’zlar edilar.

Kutilmagan erga shaharning eng olding’i a’yon va sarvatdorlaridan bo’lgan Salim sharbatdor deganning Komilbek ismlik o’g’lidan sovchilar kelib qoldi.

Ota-otaning kutkanlari shunday tegu taxtlik kuyav bo’lg’ani uchun birinchi martaba sovchilarni yaxshi so’zlar va quyuq-suyuq oshlar bilan jo’natib, ikkinchi kelishka o’ylashib javob beraturgan bo’ldilar. Eru xotin uzoq o’ylashib turmay (chunki o’ylashturg’an joy emas edi) sovchining ikkinchi kelishida javob berishka qaror qo’ydilar. Kumushning qarshi tushmagi to’g’risida, albatta, ularning shubhalari yo’q edi. Shuning bilan birga ota-onaning so’zini erda qoldiradi, deb ham o’ylamas edilar.

* * *

Kuz kunlarining oyog’i va qish kunlarining boshi edi. Daraxtlardagi sariq barglar to’kilib tugalgan, er yuzi o’zining qishqi sariq kiyimini kiygan edi. To’rt tomoni-ning o’ralg’anlig’i soyasida yaproqlarini to’kilishdan saqlab qolg’an bu gilos yog’ochlari ham bu kun tungi qora sovuqqa chidalmay, elning ozg’ina harakati bilan-da barglarini shirt-shirt uzib tashlamoqda edilar. Havo ochiq bo’lib, quyosh tuzukkina ko’tarilgan, ammo uning o’zi ham bu kun uncha ta’siri yo’q, bu kungi qora sovuq quyosh kuchini-da keskan edi.

O’rta eshikdan Kumushbibi ko’rindi. Burung’i to’la-lig’i ketib ozg’inlang’an va lekin bu ozg’inliq uning husniga kamchilik bermay, bil’aks yuqorilatqanlar. Kamon qoshlari ortiq mavj urib o’zini ko’rsatkan, bir oz bota tushkan shahlo ko’zlar tag’in ham tim qoraliq, tag’in ham nurlilik kasb etkan edilar. Bu kungi sovuqqa qarshi kiyib olg’an sovsar po’stinining yoqalig’i kishining hasadini ortdirib, nafis bag’baqalarni o’pib yotar edilar. Biroq unda bir kamchilik bordek ko’rinar edi: shahlo ko’zlar burung’idek o’ynab turmas va so’ng chekdagi bir og’irliq bilan harakatlanar edi. Bir tomondan qarag’anda bu og’irliq-da unga bir oliylik, ulug’vorliq bag’ishlag’andek. Kelib ayvon muyishig’a o’lturdi-da, ko’zlarini og’irg’ina harakatlandirib, ketma-ket chip-chip etib to’kilmakda bo’lg’an hazonlarg’a qaradi va har bir yaproqni yuqoridan kuzatib erga qo’ya bordi. Ul erga tushkan har bir yaproqda o’zining tarjumai holini o’qur, o’zini-da mavqi’idan ayrilib, hechka chiqib turg’an shu xazonlardan ayira bilmas edi. Ayira bilmadi-da, latif ko’kragini to’rt enlik ko’tarib tin oldi va ko’zlari jiq yoshg’a to’ldi. Yeng ichidan bir-birisiga o’tquzilg’an ikki qo’lini barobar ko’tarib ko’z yoshini artar ekan, ichkari havlidan Oftob oyim chiqib kelar edi. Ul er ostidan qizig’a ko’z qirini tashlab mehmonxona eshigini ochishg’a tutindi. Oftob oyimning orqasidan Oyshabibi ham ko’rindi, kelib Kumush yonida to’xtab so’radi:
— Nima qilib tashqarida o’lturibsan?
— O’zim, — dedi Kumush qoshlarini chimirib, chetka yuzini o’girdi.
— Mehmonxonaga kirsang, sen bilan ikki og’iz maslahatimiz bor edi.
— Nima maslahatingiz bor?
— Oldin kir, bolam, — dedi kampir va Kumushning elkasiga qoqib turg’izdi. Ular ichkaridagi sovchi xotinlarni yolg’iz qoldirib, Kumushning so’zini olish uchun tashqarig’a chiqg’an edilar. Ammo Kumush bo’lsa sov-chilarning oldidan rizosizlig’ini onglatqandek bir namoyish bilan ketkan edi. Ul mehmonxonag’a kirgandan so’ng ham tersayib tokchalardan nedir axtarg’andek yurina boshladi.
— Tokchada san qidirg’an narsa yo’q, kelib yonimizg’a o’ltur, — dedi Oftob oyim.
— O’lturganimdan sizga bir pullik foyda yo’q, sov-chingizga o’zingiz bilgan javobni beravering! Oyshabibi qizig’a ma’nolik qilib bir qarab oldi:
— Bolam, axir ikki og’iz gap eshit-chi oldin! — dedi.

Kumush o’ltura bermagach, Oftob oyim qizishdi.
— Qizim, saning bu qarshilig’ingdan muddaong nima?!
— Siz bilan otamg’a muddaomni necha qaytalab aytdim-ku: mundan so’ng bu ishni xohlamayman.
— Dunyodan toq o’tasanmi?
— Toq o’tamanmi, yo’qmi, buni tangri biladir.
— Man saning hali ham o’sha uyatsiz eringdan ko’ngil uzolmag’aningni bilaman. Saning bu xomtama’lig’ing koni bolalig’ingdir. San yaxshi bilki, mundan so’ng otang ul uyatsizga o’z uyidan joy bermaganidek, uyatsizning o’zi ham uzil-kesil sani tashlag’andir. Agar so’zimga ishonmasang mana buni o’qub qara, dedi-da, Kumushka bir qog’oz uzatdi va davom etdi. — Biz buni san unga xat yozg’aningdan so’ng javob o’rnida olg’an edik. Biroq o’sha vaqtda bu uyatsizning birinchi taloq xatisi ham sanga etib ortqanliqdan bunisini sandan yashirg’an edik. Hamon-da saning umiding kesilmagani uchun bu xatni ham ko’rsatmakchi bo’ldim! — dedi. Kumush qog’ozni onasidan oldi:

«Matluqam Kumushbibiga. Manim birinchi xatim bilan sizning menga qilaturg’an erkaliklaringizga bir chek qo’yilg’an kabi edi. Lekin bunga tushunmabsizmi va yo tushunishka tilamabsizmi, haytovur yana ham eski erkaliklaringizni tark etmabsiz. Xatingizni o’qur va o’zimni kulgidan to’xtata olmas edim. Orzuga ayb yo’q, deydirlar. Chekdan oshib qilg’an hujumlaringiz eski qadrdonlig’ingiz otig’a kechiriladir. Endilikda sizga mendek vafosiz va hiylagar bo’lmag’an yangi er topilg’ay edi, deb addoi Otabek Yusufbek hoji o’g’li, 26 javzo, 1265-nchi yil, Toshkand».

Maktub uning yurak jarohatini qaytadan tirnab tashlag’an edi. Ko’z yoshini duv-duv to’kib, xatni o’z taxig’a soldi va o’zidan javob kutib turg’an achasi bilan onasig’a dedi:
— Men bu uyatsiz yirtqich bilan yarashmoq uchun umid tutmayman, shuning bilan birga er ham qilmayman!
— Nega? — deb so’radi onasi.
— Negami? — dedi Kumush va yig’lag’an ko’yi javob berib boshladi: — Negaki men o’zimning suygan va muhabbat qo’yg’an erimdan buncha uyatsizlik, bu yanglig’ vafosizlik ko’rdim. Endi er degan shu bo’libdimi? Mundan ko’ra dunyodan toq o’tkan yaxshiroq, yolg’iz yurgan tinchroqdir.

Shuning uchun qizingizg’a er otidan so’zlamang-da, yafroq kabi titrayturg’an yuragiga dahshat ham solmang! Bu so’zdan so’ng Oftob oyimning onaliq ko’ngli erib ketkan, ichkarida javob kutib o’lturg’uchi sovchilarg’a qanday bahona topib kirishni-da o’ylab ulgurmag’an edi:
— Yig’lama, — dedi. Kumushni mehmonxonada qoldirib onasi bilan chiqdi.

* * *

Salim sharbatdorniki qutidorg’a nihoyatda ma’qul tushib qolg’an edi. Shuning uchun xotini va qizidan so’rab o’lturmay bir kun do’konidan erkak sovchilar bilan bitishib ham keldi va xotinig’a «men bu kun fotiha qilib keldim, nima bo’lg’anda ham endi qizingni ko’ndirmasang bo’lmaydir», dedi. Ammo Oftob oyim-ning er otini eshitkanda titray boshlayturg’an qizi bilan uchrashmoqqa aslo toqati yo’q, erining bu so’zini eshitkanda tamom o’zini yo’qotqan edi.

Ul qizini ko’ndirish uchun qutidorg’a va’da berganda o’z holini ikki yoqdan o’qtanilg’an xanjar orasida qolg’uchig’a o’xshatar, qaysi tomong’a qimirlasa ham muhlik yara olishini aniq bilar edi. Shu kundan so’ng bechora ona-ning og’ir kunlari boshlandi. Eriga bergan va’dasini aslo bajara bilmas, bul haqda qizig’a og’iz ochib so’zlay olmas edi. Har kun bozordan qaytib kelib birinchi so’zi «ko’ndirdingmi?» bo’lib qolg’an eridan tuni bilan koyish eshitar va kunduzlari Kumushka og’iz ochishg’a yuraksina olmay azoblanar edi.

Bir necha kundan so’ng qutidor ham endi o’z xatosini onglag’an, chunki har kun deyarlik Salim sharbatdornikidan kelib to’y kunini so’rag’uchi kishiga turlik-turlik bahonalar ayta berib zerikkan va uyatidan do’konga tushishni-da tark qilish fikriga kelayozgan edi. Bir kun do’kondan nihoyatda achchig’lanib qaytdi va Oftob oyimni umrida eshitmagan so’kishlar bilan so’kdi: «Qizingni deb shaharda bosh ko’tarib yurolmayturg’an bo’ldim. Ko’ndirsang ko’ndir, bo’lmasa mendan umi-dingni uz, men endi sanlarning dastingdan shahardan qochib ketmasam bo’lmaydirg’an darajaga etdim!» dedi. Ertasi kun bechora ona qizig’a mash’um mavzu’dan so’z ochishg’a majbur bo’ldi. Qizining yonig’a o’lturib so’zlash o’rniga yum-yum yig’lay boshladi. Kumush esa onasini bu holg’a solg’an sirdan voqif, shuning uchun yig’i sababini so’rab o’lturmay, ul ham ko’z yoshisi bilan yuzini yuvmakka tutindi. Ona-bola uzoq yig’lashdilar, ko’z yoshlari bitkuncha bo’zlashdilar.
— Bu kunlardan ko’ra dunyog’a kelmagan bo’lsam edi. Bu tirikligimdan ko’ra, o’lib ketkan bo’lsam edi! — dedi oxirda Oftob oyim.
— Yanglish so’zlaysiz, onajon! — dedi Kumush va: — Siz dunyoda turishka loyiq edingiz, lekin sizning dunyo-dan to’yishingizga va qon-qon yig’lashingizga sababchi men bo’ldim. Men siyoh baxt dunyog’a kelmagan bo’lsam edi, sizga munchalik kulfatlar, munchalik an-duhlar ham yo’q edi.

Shuning uchun siz tangridan so’rangkim, tezroq men mash’umani mahv etib, sizga uch-to’rt kun tinchlik bersin, onajon! Sizni bu holda ko’rishka va o’z tilagim yo’lida sizni qurbon etishka ortiq toqatim bitdi. Tashlandiq bu qizingiz, qo’lma-qo’l yurg’uchi bu o’yinchiq qizingiz kimu, sizdek bir mehribon onani qon yig’latish kim? Yig’lamangiz, ona. Sizning to’kib kelgan ko’z yoshlaringizning bir tom-chisig’a ham bu tashlandiq qizingiz arzimas, siz otamg’a maning rizolig’imni tashvishlanmay bildiraveringiz. Ul ham kishilar oldida bu baxtsiz qizining ta’nasiga qolmasin. Siz manim yuzimga ezilib qaramangiz, o’ylamay-netmay rizolig’imni bildiraveringiz! — dedi va yuziga to’zg’ib tushkan sochini to’g’rilab olg’ach, davom etdi:— Agar siz menga ortiq achinsangiz, rizolig’imning bir sharti qilib to’yni kelasi kuzga bo’lishini aytib o’tingiz, agarda otam baxtsiz qizining bu tilagini qabul etsa-etsun, bo’lmasa manim bu tilagim ham sizning bir tomchi ko’z yoshingizga arzimas, onajon, sizning shodlig’ingiz yo’lida har bir og’irliqlarg’a bu baxti qaro qizingiz rozidir, onajon! Oftob oyim Kumushning bu so’zlariga to’zib turolmay, qizini bag’rig’a bosib quchoqladi, ona- bola tag’in shiddatlik ravishda ko’z yoshig’a ko’mildilar…

* * *

Oftob oyimning qat’iy isroriga binoan qutidor ham qizining shartini qabul etkan.

Qudalar ham kelasi kuzgacha kutishka rozi bo’lg’an edilar. Demak, kelasi kuzga qutidor Salim sharbatdor kabi bir kishiga qudalashib olg’anidek, Kumushbibi ham Otabek o’rniga Komilbekni almashdirar edi.

«Navo» Kuyi
Xalqimiz ta’biricha, bu zamonlar «musulmonobod» bo’lsa-da, biroq bu tantanalik ta’birni buzib qo’ya-turg’an ishlar ham yo’q emas edi. Xon musulmon, bek musulmon, xalq musulmon, buning ustiga yurish-turish ham musulmoncha, hukmlar ham shari’atcha edi. O’g’irliq qilg’an uchun qo’l kesiladir va yo dorg’a osiladir. Zoni bilan zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais afandi mulozimlariga darra ko’tartirib, namoz- sizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlarni urdiradir edi. Ish shunchalik nozik bo’laturib ham o’g’rilar o’z tirikliklari orqasidan qolmaydirlar. Esh aka bilan Tosh aka-ning uylari orqasidan teshilib mollari o’g’irlana beradir, peshtoqdan qopqa bo’g’ilib tashlanmoq uchun fohishalar ham etishib turadirlar. Butun umrida peshonasi sajda ko’rmaganlar ham ko’b, ammo farzi aynning bosh tomonidan to’rt-besh jumlani har kim qiynalmasdan sayriy olar edi. Ko’b kishilarning uylarida musallas bilan bo’zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda ichkulik sotish bilan tiriklik qilg’uchilar ham yo’q emas edilar. Toshkandning Chuqur qishloq degan erida qozoqlar tomonidan ochilg’an va hamisha rustamnamo kishilar bilan ayqirib yotqan bo’zaxonalar ham yo’q emas edi.

Besh oylab Oq masjid safarida yurib ketkach, Otabek to’g’ri shu Chuqur qishloq bo’zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo’ldi. Uni kunduz kunlari bo’zaxonada uchratib bo’lmasa-da, ammo bo’zaxonag’a kelmagan kechasi juda oz edi. Bo’zagar Otabekning kim bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, ul keldi deguncha oddiy bo’zaxo’rlar yonig’a o’tquzmay o’zining maxsus hujrasiga olib kirar, boshqalarg’a berilaturgan loyqa bo’zadan bermay, bo’za-ning guli bilan mehmon qilar edi.

Hozir ham ul shu bo’zaxonada edi. Endi uchunchi kuvachani tugatib, to’rtinchini chaqirg’an edi.

Bo’zagar kirdi:
— Bo’za beraymi, bek? — deb so’radi.
— Bering, — dedi va: — mashshog’ingizni ham kirgizing! Vaqt yarim kechadan ham og’qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag’an xo’randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo’zaxona tinchigan edi. Qo’lma-qo’l yurib charchag’an mashshoq ham bo’shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko’rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush qo’lidan bir piyola bo’zani ichkach, dutorini chertib so’radi:
— Qanday kuyni chalay, bek aka?

Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi:
— Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz! Mashshoq ajabsing’an edi:
— Dunyoda bunday kuylar borlig’ini umrimda bi-rinchi martaba eshitaman, bek aka!
— Dunyoda bunday kuy yo’q deb o’ylaysizmi, siz eshitmagan bo’lsangiz maning eshitkanim bor… Bilmasangiz, bilgan kuyingizni chalingiz! Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so’radi:
— Bu kuylar yangi chiqg’anmi?
— Yangi chiqg’an.
— Qaerda eshitdingiz?

Otabekning kayfi tarqag’andek bo’lib, mashshoqqa qaradi:
— Bu kuylarni Farg’onaning Marg’ilonida eshitdim…— dedi.

Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turg’an mashshoq, Otabek kutmagan joyda «Navo»dan boshlab yuborg’an edi. Kuyning boshlanishi bilanoq uning vujudi zirr etib ketkandek bo’lib keyingi piyolasini bo’shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning munglik tovshig’a berildi. Dutor tovshi qandaydir o’zining bir hasratini so’zlag’andek, hikoya qilg’andek bo’lib eshitilar edi. Yo’q, bu hasratni ul o’z tilidan so’zlamas edi — Otabek tilidan so’zlar edi… Otabekning ko’z o’ngidan o’tkan kunlari birma-bir o’tib boshladilar-da, nihoyat «anuv» xotiralari, «anuv» hangomalari ham ko’rinish berib o’tdilar… Yo’q, o’tmadilar… uning ko’z o’ngida kelib to’xtadilarda, shu ko’yi turaberdilar… Dutor bu ko’rinishni uning ko’z o’ngiga keltirib to’xtatqach, bu foji’aga o’zi ham chidab turolmag’andek yig’liy boshladi… Dutor quruqqina yig’lamas edi, balki butun koinotni zirr etdirib va xasta yuraklarni dirr silkitib yig’lar edi… Otabek ortiq chidab turolmadi-da, ro’ymoli bilan ko’zini yashirib yig’lamoqqa kirishdi… Ul ko’z yoshlarini to’xtatmoqchi bo’lar edi. Biroq hozirgi ixtiyor o’zida emas edi — hamma ixtiyor dutorning hazin «Navo»sida, toqatsiz yig’isida edi…

Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqg’an «Navo» kuyi o’z nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. O’z dardiga tushungan bu yigitka borg’an sayin dardini ochib so’zlar, yig’lab va ingrab so’zlar edi… Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig’lar, kuchini yig’ishtirib yig’lar va hasratu alamini ko’z yoshisi bilan to’kib yig’lar edi…

Nihoyat «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko’zi orqaliq to’kdirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo’ydi va dunyoda yolg’iz hasratkina bo’lmag’anligini bildirgandek o’zining «savt» kuyini er yuziga shodliq va so’yinch yog’dirib arz eta boshladi.

«Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko’z yoshlarini quritdi-da, bir engillik bag’ishladi.

«Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi…

* * *

Bu o’lturishdan so’ng ul bir oylab bo’zaxonag’a kelmay ketdi. Marg’ilondan qaytib kelgach, yana eski odatida davom eta boshladi…

* * *

Otabekning o’sha voqi’adan so’ngg’i Marg’ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan o’zining sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo’l ustidan ko’rib ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg’ilonda ko’b to’xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo’l ustidan «Xo’ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o’n kunlab yo’l mashaqqatini o’z ustiga olib, Marg’ilonda qilaturg’an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug’uliq edimi, yo’qmi, o’qug’uchi buni quyidan onglar:

Marg’ilondan natijasiz, tamoman bo’shka qaytib Toshkand kelgach, Kumushni unutkandek bo’lib uch-to’rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so’ngra hafta, o’n kundan so’ng yana Marg’ilon to’g’risida o’ylab boshlar, o’ylab o’yining tegiga eta olmag’ach, o’zini qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so’ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola qilib, o’n-o’n besh kun bosim ichkanidan so’ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va shuning yonida uning ko’ngli bir narsaning bo’yini olg’andek sezinar, go’yo Marg’ilon borsa bir gap bo’laturg’andek, bormay qolsa keyinchalikda o’zi o’kinaturg’andek… Shundan so’ng to’satdan Marg’ilon yo’lig’a tushib qolar, yo’lda borar ekan, o’zini to’rt ko’z bilan kutib turg’andek sezilgan Marg’ilong’a har nimadir, bir soat ilgariroq etish uchun oshiqar edi. Le-kin… lekin Marg’ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o’zgarib boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o’ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga yaqinlashgach, uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik o’zgarishda qolg’an Otabek rastaning o’zida qanday holg’a tushmog’ini tasavvurdan ojiz kelur va rasta ko’rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan kimningdir «…boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz… uyatsiz!» tovshi eshitilgandek bo’lar edi… O’z-o’ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo’yar va shuning ila hamma kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo’l mashaqqatlari havog’a ketar, hatto xayolda emas, haqiqatda o’ylab qo’yg’an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham unutilar va yo’qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko’raymi, o’zi ham qursin, yuzi ham!» der edi-da, otini to’g’ri usta Alimnikiga qarab solar edi.

Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo’yg’a-nidek, uning majlisi bilan ham ancha engillashar, o’n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang’an va qabrg’a ham birga ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o’zining o’lgan Saodati to’g’risidag’i ipidan-ignasigacha bo’lg’an xotiralarini takror-takror hikoya qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig’madi-da, o’ldi», deb qo’yar, bu so’z Otabekning ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko’nglidan: «Manim ham peshonamga sig’madi-da, tiriklayin o’ldi» degan so’zni o’tquzar edi. Shu holda ikki-uch kun usta Alimnikida turg’ach, eng so’ngg’i martaba Marg’ilon bilan xayrlashkan kabi shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og’qan tomong’a ketkandek Marg’ilonning o’ng’ay kelgan darbozasig’a qarab yo’l olur edi. Qo’qonda bir-ikki kun, Kirovchida uch-to’rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir necha kunlab qo’na-qo’na nihoyat, Toshkandga kelib etar yana… yana…

Otabekning Marg’ilong’a borib kelishi shu yo’sunda edi. Uning sirri o’zidan boshqa hech kimga ma’lum bo’lmag’anliqdan, orada uning holig’a kulguchi va undan hisob olg’uchi birav ham yo’q, faqat ul hamma hisobni o’z yuragidan olib, o’z yuragiga berar edi. Shu yo’sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o’tib turar edi.

Jonso’z Bir Xabar Va Qo’rqunch Bir Kech
Agar olg’an hisobimiz to’g’ri chiqsa, bu gal uning Marg’ilong’a quruq qatnab yurishining ettinchi qaytasi edi. 1267-inchi yilning kuzi — bu voqi’ag’a o’n sakkiz, o’n to’qquz oylar o’tib ketkan edi.

Ertalabki choydan so’ng, usta Alim o’zining qaynisi bilan oshxonasi yonig’a yangigina qurg’an to’quv do’konlari yonida ipakka ohor berish ila ovora edi. Ammo ul bo’lsa, do’konxonaning ustuniga suyalgan ko’yi qandaydir bir o’y bilan mashg’uldek ko’rinar, ustaning Toshkand to’g’rilarida bergan savollariga «shundoq, ha, yo’q, albatta» kabi qisqa javoblar bilan qarshi turar edi. Ul shu ko’yi yarim soatlar chamasi so’zsizlik so’nggida, so’zsizgina ko’cha eshik tomong’a chiqib keta boshladi, usta Alim ko’zini ishidan uzib so’radi:
— Yo’l bo’lsin, Shokirbek?

Otabek yo’lak yonidan javob berdi:
— Shaharni bir aylanib kelmakchiman.
— Juda yaxshi, — dedi usta va: — ammo peshindan kechka qolmang, men oshni damlab sizni kutib o’lturaman, tuzikmi?
— Tuzik, — dedi Otabek va yo’lakdan o’tib eshik oldig’a — ko’chaga chiqdi. Chiqishi bilan narigi eshikdan Sodiq ham ko’rinib qoldi-da, Otabek bilan to’qnash keldi. Sodiq iltifotsizgina unga qarab olg’ach, shosha-shosha o’ngdagi tor ko’chaga yurib ketdi. A Otabek to’g’rig’a, katta ko’chaga qarab yurdi. Havo bulut edi.Oq bulutlar bo’lg’anliqdan quyoshning nuri uncha kesilmagan, quyosh to’r ro’ymol ichida o’lturg’an kelinlar kabi er yuziga suzilib qarar edi.

Bulutlarning ohistagina say-ridan sezilar-sezilmas hafif bir shamol yurib, engilgina bir izg’iriq ham yuzga kelib to’qunar, bu izg’iriq kishiga uncha rohatsizlik bermasa-da, lekin qaerdadir dog’ qi-lin—moqda bo’lg’an zig’ir moyining achchig’ isini dimog’qa kelturib urishidan kishiga bir behuzurlik hosil bo’lar edi. Otabek yo’lning ayrilishig’a borib to’xtag’an edi.

Yuzidan ikkilanish holati sezilar edi. Bu holat ikki yo’l ustida voqi’ bo’lg’anliqdan onglanmog’i engil, chunki bir tomonda poyafzal rastasining yo’li, ikkinchi yoqda to’g’ri ko’cha edi.

Uzoq to’xtab turmay sobit va kuchlik adimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko’cha uning yuziga qizarib-oqarish va bo’zarib-sar-g’ayish tuslari berar edi, yana har holda ul sobitqadam edi, o’sha voqi’adan so’ng, onalar ta’biricha, «ilon chiqg’an» bu ko’chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi. Ko’chaning burilishida yana bir oz uning adimlari sekinlashsa ham, lekin oldinlashini qo’ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimlik darbozasi ko’rinib turar edi… Darboza yonidag’i mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishka guvohlik bergan kabi bo’lar edi. Borliq kuchini asabiyat markaziga yig’ib, tag’in bir qayta darbozaga qarab oldi. Bu qarashida butun o’tkan kunla-rini yana bir qayta xotirlag’andek bo’ldi va ihtizozot orasida uflab yubordi. Ko’ringan gilos yog’ochlarining ostida bir vaqtlarda kimdir birav uni kutib olar edi, endi-chi… Endi kimni kutar ekan?— degan savol miyasini shipirib ketdi… Ul Kumushni tamoman o’z muhabbatida boqiy deb bilar va otasining zulmiga mahkum, deb tushunar edi. Shuning uchun ko’ringan gilos yog’ochi-ning kuz bilan sarg’ayg’an bargidek Kumushning za’faron yuzini ko’rdi, o’zi uchun emas, uning qalbi parchalang’andek bo’ldi. Hozir ul kutilmagan bir jasoratka molik bo’lg’an kabi edi. Kiraymi, deb o’yladi, bevosita o’zi bilan onglashaymi, deb jasoratlandi… Lekin… lekin darbozaning qarshisidag’i mash’um tol yog’ochi unga qarab kulgandek bo’lar edi: «Boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz, orsiz…» Ul darbozaga yaqinlashayozgan edi, nimadandir cho’chib chetka burildi. Chunki darbozadan chiqib qolg’an ikki kishini ko’rib, bularning birini qayin otasi bo’lib chiqmog’idan hurkkan edi. Haytovur chiqg’uchilar begona odamlar bo’lib, oldinga toba yuriy boshladilar. Boyag’i «…orsiz» jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so’ngan edi. Ammo «biravlar» to’g’risida nima bo’lganda ham bir gap eshitmak havasi tug’ilg’an edi. Bu chiqg’uchilar garchi qutidorning iti haqida bo’lsa-da, bir ma’lumot beralar-ku, deb o’yladi va ularga etib olish uchun adimlarini kengaytirdi. Ulardan uch-to’rt adim berida borar edi. Baxtka qarshi ular churq etmaygina ketar edilar. Nihoyat, yuz adimcha borgandan so’ng, ulardan so’z eshitishka to’g’ri keldi; birisi ikkinchisiga dedi:
— To’y bilan nikohni bu kunga qilg’animiz yaxshi bo’ldi.
— Nima, juvonga ham to’y boshqa, nikoh boshqa bo’larmidi? Bordi-keldi bitta juvon qizi bor-ku, munga to’yni boshqa, nikohni boshqa qilamiz deganiga hayronman.
— Axir qutidor ham boobro’ odam-da, — dedi bi-rinchi kishi.

Jonso’z bu xabarni eshitkan Otabeknnig hushi boshidan uchkan kabi bo’ldi-da, adim uzgan joyida mixlangandek qotib qoldi. Go’yo ustidan bir chelak qaynag’an suvni ag’darg’an edilar-da, butun terisi oyog’iga sidirilib tushkan edi… Besh daqiqalab yo’l ustida esankiragan, hushsizlangan ko’yi qotib turg’ach, moshinavori birdan yurib ketdi… «Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber», dedi va telbalarcha nima uchundir kulib qo’ydi, o’z- o’ziga so’zlanib Marg’ilon ko’chalarida tentaklarcha yugura boshladi. Uning bu kungi holig’a qarash yuraklarni yorg’anidek tasvirga ham qalam kuchi ojizdir…

* * *

Oyning o’n beshlari bo’lsa-da, havoning bulutlig’i bilan oy ko’rinmas, chin ma’nosi bilan qorong’i kuzning qorong’i bir tuni edi. Bir necha yuz yillardan beri yashab favqulodda zo’rayib ketkan «Xo’ja Ma’oz» mozorining chakalagi bu qorong’iliqqa bir manba’ kabi edi. Kuchlik bir el turg’an, qandaydir bir ishka hozirlang’an kabi to’rt tomong’a yugurib yurar edi. Mozor chakalagining bir burchagida tutab yotg’an to’nka yonida sochlari o’sib soqolig’a qo’shilib ketkan bir devona bu mudhish qorong’iliqqa qarshi kurashkan kabi gulxanni yondirishg’a tirishar, gulxan tavaragidan aylanib qo’lidag’i kasavi bilan to’rt tomonidan kovlar edi. Yel borg’an sayin kuchlana bordi, chakalak tartibsiz holg’a kirib ketdi, bitta-yarimta to’kilmay qolg’an yaproqlar shitir-shitir to’kilishka oldilar, qarg’a va zog’chalar ayni uyqu zamonida tinchsizlagani uchun elga qarshi na-moyish qilg’andek g’o-g’u bilan chakalak ustidan aylana boshladilar. Yel kuchaygandan kuchayib borar va shu nusbatda mozor ichi ham yana bir qat qo’rqunch holg’a kirar edi, el ketma-ket bo’kurar, bunga chiday olmag’an shox-shabbalar qars-qurs sinar, keksa yog’ochlar g’iyq-g’iyq etib yolborish tovshi chiqarar edilar. Yel ortiqcha bir g’azab ustida edi, er yuzidagi tikkaygan narsani bukib-yanchib tashlamoqchi bo’lg’andek pishqirar edi.

Chinorlardan birisini erni titratib yiqitdi, devonaning gulxanini ham to’nka-po’nkasi bilan ko’tarib chakalakning ichiga otdi. Butun mozor ichini o’t uchquni ila to’ldirib, yana ko’rinishka boshqacha bir tus berdi. Mozorni bu holg’a solg’andan so’ng go’yo shuning uchun g’ayratlangandek bir oz pasaya tushdi, och qolg’an sher kabi pishqirib bo’kirishlari bosilg’andek bo’ldi. Yarim soat chamasi jonsarakka uchrab uchib yurishka majbur bo’lg’an qarg’alar elning g’azabi bosilg’anini bir-birlariga xabar bergandek g’o-g’u bilan eski o’rinlariga qo’na boshladilar. Ko’kni o’rab olg’an qora bulutlar ham to’s-to’ska bo’linib, oy ham qora parda ichidan yarim yuzini ochib er yuziga mo’ralab qo’ydi. Gumbazning qarshisidag’i ikki tup keksa chinorning iskelet kabi quruq shoxlarig’a el bilan allaqayoqlarg’a uchub ketkan boyqushlar to’pi ham kelib qo’na boshladilar. Oy parchalang’an qora bulutlar bilan bekinmachoq o’ynag’an kabi hali ko’rinib, hali yashirinar edi. Ul er yuziga kulib qarag’anda mozorning chakalak qismiga aytarlik o’zgarish bera olmasa-da go’riston qismidagi do’mboq qabrlarni va ularning ustidagi marmar qabr toshlarini chuqur bir sukut ichida ekan, taqdim qilar edi. Boyqushlar uyasi bo’lg’an ikki tup chinorning qarshisida gunbazga ro’baro’ qilib so-ling’an ayvon-ziyoratxona bor, ammo oy tik ko’tarilganlikdan ziyoratxona ichi qop-qorong’i edi. Chinor shoxlari tasbeh kabi chizilg’an boyqushlar bilan to’lg’an. Ular oy nuridan uncha xursand emaslar, chunki oy er yuziga kulib qaray boshlasa, ular boshlarini kaftlari ichiga oladirlarda, dum-dumaloq bo’lib siqilib ketadirlar. Oy bulutlar ostig’a kirsa, ular rohatlang’an kabi chig’-chig’-chig’, ki-ki-ki qilib sayrab ham yuboradirlar. Bu vaqt shu boyqushlar sayrog’i ichidan ingranish kabi bir tovish ham eshitilgandek bo’ladir.

Masjid manorasidan ruhoniyyat yog’dirib munglik azon tovshi eshitildi-da, uyqu quchog’ida yotqan tabi’at uyg’onib javob bergan kabi jong’irab ketdi. «Ollohu akbar»ning so’ngg’i takrorida Otabek ziyoratxona ayvonidan tushdi-da, shildirab oqib turg’an ariq yonida tahorat olishka o’lturdi…

Kulib Qaramag’an Baxt
Endi uning umidi ortig’i bilan uzilg’an esa-da, yuragining yonishi bosilurliq emas edi.

Ilon chaqqan kishidek dovdir va besaranjom ko’zlari bilan tevarakka bejo-bejo nazar tashlar edi. «Nihoyat, otasi o’z muddaosiga etdi, qizini yangi kuyavga topshirib tinchlandi, kecha kechasi u…» der edi-da, mundan keyingi og’ulik haqiqatini bir turlik ham o’ziga singdira olmas va buni o’ylamaslikka tirishib va o’zini alaxsitmoqqa o’la tevaragiga bejo-bejo nazar tashlar edi.

Endi Marg’ilon qatnab yurishlarg’a xotima berilgandek va Marg’ilon ham undan «tag’in mendan nima ilinjing bor?» deb so’rag’andek bo’lar edi. Ul «Xo’ja Ma’oz»dan chiqib to’g’ri usta Alimnikiga qarab borar edi va u erdan otini minib umrlikka Marg’ilon bilan vidolashmoqchi edi esa-da, oshna bir kimsa uning ko’z o’ngiga ko’ringandek va begona rahmsiz bir yigitning quchog’idan qutilish uchun undan imdod so’rag’andek bo’lar edi.

Usta Alim eshigiga etayozdi. Tom bir ma’yusiyat ichida boshini quyi solg’an edi, o’tib turg’uchlarni payqamas, laxja cho’g’ kabi yonib turg’an yurak o’ti bilan sarxushdek edi. Qarshidag’i Sodiqning eshigidan chiqg’uchini ham payqamay qoldi va bir qarab olsa ham tanimag’an edi.

Otabek usta Alimnikiga kelib kirgach, Sodiqnikidan chiqg’uchi Homid uning orqasidan qarab yo’l ustida qotib qoldi…

* * *

Shokirbekning kecha ertalab chiqg’anidan beri daraksiz ketishiga tashvishlanib o’lturgan usta Alim uni yo’lakda ko’rishi bilanoq so’radi:
— Eyyy, barakalla sizga, Shokirbek, qayog’larda qolib ketdingiz? Juda ham tashvishlandim- da o’zim… Nega bir kunda bunchalik o’zingizni oldirib qo’ydingiz?

Chindan ham ul o’zini tanilmaslik darajada oldir-g’an, o’lat tekkan kishilardek ko’zlari ichiga cho’kib ketkan edi. Kirtaygan ko’ziga kuch bilan kulgi tusi berdi.
— «Xo’ja Ma’oz»ga borg’an edim…
— Nima uchun?
— Tunashka.

Usta Alim taajjub ichida yana bir qat uni kuzatib chiqdi:
— Tunadingiz?..

Otabek ayvon peshonasiga o’lturar ekan, ustani shubhada qoldirmas uchun dedi:
— Ko’bdan beri bir tunasam, degan xayolim bor edi.
— Buzrukdan so’rayturg’an tilaklaringiz bor ekanda,— dedi usta Alim va kuldi. Bu vaqt ikkisi ham yo’lakda yurib kelgan oyoq tovishig’a qaradilar. Qo’pol qilib boshig’a salla o’ragan, ustag’a o’xshash rangsizgina bir yigit kirib kelar edi. Usta Alim kelg’uchining istiqboli uchun o’rnidan turdi: «Eyy, usta Farfi, keling-keling, bormisiz!» dedi. Usta Farfi salom berib, usta Alim bilan ko’rishdi. Otabek ko’rishishga hozirlanmagan ham edi, ammo kelguchining o’zi qo’l uzatdida, «salomatmisiz, mehmon» deb ko’rishib oldi. Ayvong’a o’lturgach, fotiha o’quldi.

Usta Alim kelguchini xush omadi qilar ekan:
— Siz ham kelar ekansiz-a, usta Farfi, — deb pi-ching otib qo’ydi. Sog’u salomatlik so’ralib bo’ling’andan so’ng usta Farfi qarshidag’i yangi qurilg’an to’quv do’konlariga ishorat qilib dedi:
— Ishlar katta-ku, usta. Do’konlarni ham qurib yuboribsiz.
— Do’konni qurg’animizg’a endi o’n besh kuncha bo’lib qoldi. Fotiha o’qishg’a kelarmisiz, deb kutdim, shu choqg’acha daragingiz bo’lmadi.
— O’zingizning boshingizdan o’tkan, usta, — dedi biravning kafilini olg’andan so’ng ishni tashlab chiqish qiyin, jum’aning sharofatlari bilan oshna-og’aynilarnikiga borilmasa boshqa iloji yo’q, axir o’zingizning ham boshingizdan o’tkan-ku.
— Yo’q-yo’q, — deb kuldi usta Alim, — men sizga o’xshab do’konning ustida sira tuxum bosqan emasman, simkorni ko’zim qiymaydir desangiz, men ishonar edim.
— Bu gapingiz to’g’ri, — dedi kulib usta Farfi, — jo’jalari tushkir yildan-yilga ko’payib boradirlar, qozonni suvga tashlag’an kunimiz janjal.

Usta Alim dasturxon yozish uchun hujrasiga kirganda usta Farfi Otabekka qaradi.
— Sizniki qaerdan, mehmon?
— Toshkanddan.
— Juda yaxshi, qani yuqoriga chiqing, mehmon, — dedi. Otabek rahmat aytib joyidan qo’zg’almadi. Usta Farfi uni yana bir qat ko’zdan kechirib olg’ach, cho’k-kalashini buzib chordana qurib oldi. Dasturxon yozilib, ertangi nonishta uchun damlab qo’yilg’an choy olinib kelindi.

Usta Alim Shokirbekni yuqorig’a chiqishg’a qistasa ham ul kavshini eshmay eskicha o’ltura berdi.

Un-dan-bundan so’zlashib choy ichishka boshladilar. Usta Alim bilan usta Farfining so’zlaridan ilgarida bir ustakor-nikida ishlaganliklari, mundan yigirma kunlar burun usta Alimning ustakor bilan nima uchundir urishkanligi va shundan so’ng o’z uyiga do’kon qurib o’zicha ishlay boshlag’anlig’i onglashilar edi. Usta Farfi undan achchig’lanish sababini so’rasa ham ul qanoatlandirarlik javob bermas, faqat «yomon odam ekan, to’ng’iz» bilan kifoyalanar edi. Shu vaqt Otabek qo’lidag’i piyolasini bo’shatdi-da, usta Alimga dedi:
— Endi menga ruxsat berasiz, usta. Men jo’nayman.

Usta Alim ajabsinib unga qaradi va:
— Nega tag’in ketmakchi bo’lib qoldingiz? Uch-to’rt kun turmoqchi emasmi edingiz? — deb so’radi.
— Marg’ilondag’i ishlarim bitib qoldi, o’zim ham zerikib boshladim…
— Bo’lmasa choy tugalsin, shundan so’ng sizga ruxsat,— dedi usta Alim va bir piyola choy to’ldirib berdi. Otabekning izn so’rashi bilan bo’linib qolg’an savolini usta Farfi davom etdirdi:
— To’g’risini aytingiz-chi, usta, nima uchun ustakor bilan achig’lashdingiz?
— U sizga aniq aytmadimi?
— Aytmadi. So’rasam, gapni boshqa tarafka chalg’i-tadi.
— Imonsiz, aytishka uyalg’an, — dedi usta Alim va kimgadir nafratlanib qarag’andek bujmayib qo’ydi.
— Haytovur siz bilan achchig’lashqan sababini so’ra-sam, gapni chetka buradi.

Usta Alim qo’lidag’i piyolasini qult etib bo’shatdi-da, ustakori bilan achchig’lashish sababini so’zlab berdi:
— Men Homidning qaynim Sayfiga yomon ko’z bilan qarab yurganini sal-pal sezib yurar edim… Urisha-turg’on kunimizning ertalabida Sayfini ilgariroq ishka jo’natdim-da, o’zim nimagadir urinib kechroq qolib bordim. Darbozadan kirishim bilan ishxona ichidan kim- ningdir yig’lab-yolborg’an tovshini eshitib ajabsindim va ishxona eshigini ochib kirsam, imonsiz Homid qay-nimg’a zo’rliq qilib turg’an ekan. Eshik ochilish bilan cho’chib Sayfini bo’shatdi-da, menga qaradi. Men achchig’imdan nima deyishni bilmay qolg’an edim. To’ng’uz ishxonadan chiqib boshlag’an edi: «Sen bilan otangg’a yigirma yillab xizmat qilib, nihoyat sendan ko’rgan yaxshilig’im shu bo’ldimi?» dedim. Churq etmay chiqib ketdi. Nimagadir, siz, Karim va Ortiqboylar ham ishxonaga kelmagan ekansizlar. To’ng’uz vaqtdan foydalanib Sayfiga yopishqan ekan. Mana, oramizdan o’tkani shul. Uning orqasidan men ham Sayfini olib chiqib keldim-da, ikkinchi uchrashmay uyga do’kon qurish harakatiga tushdim, — dedi. Usta Farfi ham ustakorning bu qilig’idan nafratlangan edi:
— O’bba padarla’nati, hali shunaqa ish qildi deng-chi? O’zi odam emas, hali bu uning hunarlarining eng pachog’i, — dedi va tovshini sekinlatib davom etdi: — badbaxt, aqllar ishonmasliq darajada bo’lgan har bir yomonliqlarni qilar ekanki, biz bilmas ekanmiz.

Otabek usta Alimning hikoyasini iltifot bilan eshitkan edi. Shuning uchun undan so’radi:
— Bu qanday Homid, qora cho’tir kishi emasmi? Men hali uni qo’shningiz uyidan chiqg’an holda ko’rgan edim.

Usta Alim ajabsinib Otabekka qaradi:
— O’sha-o’sha, siz uni qayoqdan taniysiz?
— Uning bilan allaqaerda so’zlashkanim bor edi.

Usta Farfi Otabekka kulgi aralash qarab olib dedi:
— Bo’lmasa, uning qo’lansa so’zlariga xo’b zavqlan-g’andirsiz.

Otabek ma’nolik qilib iljaydi. Ularning so’zi shu erga etkanda ro’ymolda tugiglik bir narsa ko’targani holda Sayfi kirib keldi, salomdan so’ng usta Farfi bilan ko’rishdi va Otabekka qarab dedi:
— Kecha sizni kuta-kuta oshlarimiz sovib qoldi, bek aka.
— Men bu kungami, deb o’ylabman, — dedi kulib Otabek.

Sayfi hovliqib bir narsa deyishka hozirlanar edi:
— Bu kun kechasi hammomning og’ilida biravni o’ldirib ketibdirlar, — dedi.
— Kimni? — deb so’radi usta Alim.
— Kim ekanini bilmadim.

Usta Farfi javob berdi:
— Kelishimda qo’rboshilar boshliq o’lukni aravaga ortar ekanlar, o’ldirilgan Salim sharbatdorning o’g’li bechora Komilbek.
— Tavba, — deb qo’ydi usta Alim va so’radi: — o’ldurg’uchi ushlanganmi?
— Ushlanish qayog’da, o’lukning o’zini qidira-qidira zo’rg’a yarim kechada topqanlar, — dedi usta Farfi. Otabek bu xabarni sovuqqina eshitib o’lturar edi va fotiha o’qub turishka hozirlanar edi.
— Gumondor bormi? — dedi usta.
— Gumondor-ku yo’q, ammo bechoraning o’lumi juda qiziq kunga to’g’ri kelishi ajib, — dedi usta Farfi va davom etdi: — Kecha Komilbekning Mirzakarim aka-ning qizi bilan nikohlari bo’lmoqchi ekan. Bechora nikohdan ikki soat chamasi ilgariroq yonig’a bir o’rtog’ini olib hammomga borg’an va bir onda hammom ichidan yo’qolg’an, hatto uning yonidag’i kishi ham qayoqqa ketkanini sezmay qolg’an. Qiznikida hamma tajammulni tayyorlab, Komilbekning otasidan tortib nikoh qila-turg’an qoziyu quzzotlarg’acha kuyavni kutib o’lturar ekanlar. Bir vaqtda haligi birgalashib hammomga tushkan yigit hovliqib qiznikiga kelgan, kuyav kutib o’ltirganlar kuyavdan darak so’rasalar, ul ulardan kuyavni so’rag’an va voqi’ani aytib, hammomda kiyimlarini ham qoldirib bir onda yo’qolg’anini xabar bergan. Shundan so’ng nikoh- nikohda, osh-oshda qolib kuyavni qidirib ketkanlar. Nihoyat, yarim kechada hammomning tahoratxonasi yonidag’i bir og’ilning oxiridan qonig’a belashib yotqani holda topqanlar.

Bechora tahorat uchun og’ilg’a kirganda tovush chiqarmasliq eriga xanjar urib, oxirg’a tiqib ketkan ekanlar. Juda qiziq gap… Kim o’ldirg’an va nima uchun o’ldirilgan hech kim bilmaydir,— dedi.

Otabek tamom onglashilmag’an bir holatda qolg’an edi. Bu xabardan quvonishg’a-da bilmas va xafalanishg’a ham yo’l topmas edi. Raqibning o’ldirilishi uning tamom so’nib bitkan umidini yana qaytarg’andek bo’lsa ham, nima uchundir ul bu ishdan o’ziga tinchlik ortdira olmag’an, aksincha tinchsizlana boshlag’an edi. Bu foji’adan ortiqcha asarlangan usta Alim «voy bechora- bechora», der edi.
— Birarta dushmani borlig’i ma’lumdir, axir? — deb so’rab qo’ydi.
— Albatta bordir, — dedi usta Farfi va Otabekka qarab qo’ydi. Bu qarashdan Otabek borliq-yo’qliq holg’a kirgan edi. Usta Farfi davom etdi: — Dunyoda qanday odam yo’q, deb o’ylaysiz, kishining rizqig’a tupurganlar, oxiratini o’ylamag’anlar hamma yoqda ham to’lib yotibdir, — dedi, yana Otabekka qarab oldi… Otabek yorilish darajasiga borib qaytdi… Usta Farfining bu keyingi qarashini usta Alim payqag’an edi va usta Farfining bu to’g’rida bir narsa bilib-da, so’zlashka Otabekdan mulohaza qilib to’xtadimi, deb o’ylag’an edi:
— So’zlay beringiz Farfiboy, bu kishi o’zimizniki-dir,— dedi.
— Nimani so’zlay berayin?
— Komilbekning dushmani to’g’risida bilganingizni.
— Men sizga bir narsani bilaman, dedimmi? — dedi va kulib Otabekka qaradi: — bu odamning o’smoqchilashini qarang-a?

Bu so’z bilan Otabek bir oz engillashdi.
— Menga bir-ikki qayta qarab olg’aningiz uchun bilsangiz ham so’zlashka mendan yotsindingizmi, deb usta o’yladilar shekilli, — dedi Otabek.
— To’g’risini aytsam, siz bu to’g’rida bir narsa bilasiz, lekin so’zlashka Shokirbekdan cho’chib turasiz, — dedi usta.
— Quruq tuhmatni qo’ying-chi, — dedi usta Farfi.
— Quruq tuhmat emas, bilib tuhmat, — dedi usta va:— Shokirbek siz o’ylagan kishilardan emas, aslo tap tortmay so’zlay bering, — dedi.
— Astag’firulloh, — deb kulib qo’ydi usta Farfi va bir oz o’ylab olg’ach dedi: — Siz bilan menga shu narsa-ning nima zarurati bor, usta!
— Avvalo so’zlamayturg’an bo’lg’andan so’ng puk berish kerak emas, tildan ilingandan keyin bizga zarurati bo’lmasa ham bilganni aytish kerak, — dedi usta Alim.

Ayniqsa ustadan ko’ra ham Otabek sabrsizlana boshlag’an edi. Hozirgina o’ylab turg’an jo’nash masalasi ham uning esidan chiqg’an, chunki raqibining qotili kim ekanligini bilib olish hammadan ham unga qiziq va ahamiyatli edi.

Usta Farfi endi aytmasa bo’lmaslig’ini ongladi, shu-ning uchun Sayfiga ishonmag’ansumon qaradi:
— Jiyan, sen yoshsan hali, sening og’zingga ishonch yo’q, — dedi va: — bir oz do’koningga borib tur, achchig’ing chiqsa ham.

Usta Alim ham qaynisini turishka ishorat qildi va o’radan savzi olib to’g’rashga buyurdi.

Bola ketgach, usta Farfi ohistagina dedi:
— Agar gumonim to’g’ri bo’lsa, Komilbekning qotili Homiddir.

Bu so’z Otabekni ajabsintirg’andek, usta Alimga ham g’arib eshitilgan edi.
— Homid deysizmi?! — deb so’radi usta Alim.
— Homid, — dedi, yana sekingina usta Alimdan so’radi: — siz Umarbekni Homidg’a yaqin do’st ekanligini bilarsiz, albatta?
— Bilaman, hamma vaqt yurish-turishi o’shaning bilan edi.
— Bali, — dedi usta Farfi, — O’sha Umarbek bilan oralarig’a yaqinda bir sovuqliq tushdi- da, mundan o’n kuncha ilgari Homidning bir mudhish vahshati to’g’risida Umarbekdan bir sir eshitdim. Homid Komilbekni o’ldirganda ustida bo’lmag’an bo’lsam ham, ammo haligi eshitkan sirimnnig dalolatiga qarab albatta Komilbekning qotili Homid degan fikrga tushdim… Siz mundan uch yilcha ilgari Marg’ilon kelib Mirzakarim akaning qizig’a uylangan Otabek ismlik toshkandlik bir yigitni haligi qayin ota bo’lmish Mirzakarim aka bilan qamalib, osilishg’a hukm qiling’anlarida dor ostidan qutqarilish voqi’alarini xotirlaysizmi?.. Albatta yodingizda bo’lsa kerak, hov, biz Sariboyning do’konida choy ichishib o’lturg’an edik-ku, yodingizga tushdimi?
— Esimda bor, esimda bor, — dedi usta Alim va Otabekdan so’radi, — balki siz tanirsiz, Toshkandda mashhur bo’lg’an Yusufbek hoji deganning o’g’li.
— Taniyman, — dedi Otabek va hikoyani buncha uzoqdan solg’ani va o’z ustida gap yurgizgani uchun tong ajab ichida usta Farfining og’zig’a qarab qotqan edi.

Usta Farfi yarim-yarim tovishda davom etdi:
— Ana shu yigitning olg’an xotini juda ham nozanin bir qiz bo’lib, bu qizg’a bizning Homid ham xaridor ekan. Halig’i Otabek qizg’a uylanib qo’yg’ach, bizning Homid tikanga ag’nab, oradan Otabek bilan Mirzakarim akani ko’tarish fikriga tushkan va bo’lmag’an chaqimchiliqlar bilan ularni dor ostig’acha tortishg’a muvaffaq bo’lg’an… (So’z bu erga etkanda, Otabek bilintirmaslik qilib bir entikib qo’ydi). Usta Farfi davom etib dedi: — Ammo xudoning haqini nohaq qilmaslig’i so-yasida bir maktub sababi bilan kutmagan joyda dor ostidan najotka chiqg’anlar. Bular oqlang’ach, Homidning o’zi qamalaturg’on bo’lib ammo qo’rboshining yordami orqasida Qo’qong’a qochib qutilg’an va ul erda ham tinch yotmay O’tabboy qushbegini poraxo’rlikda ayblab, Musulmon cho’loqqa ariza bergan, — dedi va so’zini bu erda to’xtatib ustadan so’radi: — O’zingiz ham bilsan-giz kerak, Homid bir kecha yo’qolib, uch oylab bedarak ketkan va uni qo’rboshi yigitlari qidirib yurgan edilar.

Usta Alim tasdiq ishorasini berib:
— So’zlay beringiz, — dedi. Ammo Otabek bu dahshatlik haqiqatni eshitmakda bo’lg’an quloqlarig’a ishonmas va o’zini kuch orqasida tutib turar edi.

Usta Farfi tovshini sekinlatib davom etdi:
— Homidning Musulmon cho’loqqa bergan arizasidan so’ng Otabek bilan O’tabboy qushbegi Qo’qong’a chaqiriladirlar-da, so’roqdan so’ng yana oqliqqa chiqadirlar.

Ammo Homid uch oylab Marg’ilon kelalmay yurgach, nihoyat yana qo’rboshining yordami bilan kelishka ham muvaffaq bo’ladir. Biroq Homid hanuz tinch yotolmaydir. Fursati kelishi bilan yana bir yomonliq qilmoqqa, qutidorning qizini o’ziniki etishka o’ylab yuradir. To’ng’izning baxtiga bu fursat ham to’g’ri kelib, yana yomonliqqa yuz qo’yadir. Shundoqki, Otabekning Toshkanddan ham uylanganini bilib, uning tilidan bir taloq xati yozdiradi-da, Mirzakarim akanikiga kirguzadir.

Otabek o’zini nechog’liq bosib ushlab kelgan bo’lsa ham, lekin endi ichidan qaynab toshib ketkan hissiyo-tini bosolmadi — «vijdonsiz, to’ng’uz!» dedi-da, ixti-yorsiz o’rnidan turib ketdi. Usta Alim ham o’zini tinch tutolmadi, «Badbaxt, kofir!» deb qo’ydi. Otabekning o’zgarishidan usta Farfi shubhaga tushayozg’an bo’lsa-da, lekin usta Alimning ham unga qo’shilishi uni o’yla-tib turmadi, Otabek qaytib o’rniga o’lturg’ach, ul davom etdi:
— Bu soxta taloq xati to’g’risida Otabekning nima qilg’anlig’i Homidga ham ma’lum bo’lmaydir. Lekin ish Homidning o’ylag’anicha natijalanib, bir necha vaqtdan so’ng Mirzakarim akaning qizini taloq qilinishi xabari chiqib qoladir. Oradan uch-to’rt oyni o’tkazub, bizning Homid Mirzakarim akanikiga sovchi kirguzadir. Ammo Mirzakarim aka uning sovchilarini quruq qaytaradir. Bir necha vaqtdan so’ng, Homidning soxta taloq xatisi bilan eridan chiqg’an qiz Komilbekka beriladir va nima uchundir to’ylari bir necha vaqtka kechikib qoladir-da, oradan birar yilni o’tkazib, nihoyat , kecha ularning to’y va nikoh kunlari ekanki, Komilbekning hammomda o’ldirilgan xabarini eshitib turibmiz. Mana men yuqoridag’i sabablarga binoan Komilbekni o’ldirguchi aniq Homid, deb o’ylayman, — dedi.

Usta Alim boshini chayqab:
— Bundan shubha yo’q, nax Homidning o’zi, — dedi va o’zicha: — Eh, essiz musulmonchiliq, shunchalik ham insofsizlik bo’ladimi, o’zingning bir emas ikkita xotining bo’laturib, tag’in bir yigitning haloliga ko’z olaytirish… Yana o’zingning bo’ying etmasligini bilaturib ham, ikki orada bir gunohsizning qonini to’kish — eh, shayton bolasi! — deb qo’ydi.
— Bu bir it! — dedi usta Farfi, tomdagi luqmani o’zi ham eyolmaydir, boshqag’a ham edirmaydir, nax itning o’zi! Otabek o’z hayotidagi foji’alarning manba’i bo’lg’an bir habisni nihoyat birinchi martaba tanib turar edi. Bu palid dushmanga qarshi o’zida qo’zg’alg’an bitmas-tuganmas nafrat va g’azab hissiyotini sirining fosh bo’lishidan qo’rqib ichiga yutishka majbur edi. Shundoq bo’lsa ham ichda qaynag’an hissiyot o’z sharpasini uning yuziga ochiq tashlab turmoqda, ko’zi o’t kabi yonar va yuzi yuz xil tuska kirar edi.

Anchagina oradan so’z kesilib qolg’andan so’ng usta Farfi dedi:
— Siz bilan men shu choqg’acha Homidning bunday ishlari bor ekanidan xabarsiz yurganimizga hayron qolaman.
— Hayron qolishg’a o’rin yo’q, — dedi usta Alim, — siz-ku yaqinda kirib ishlay boshladingiz.

Ammo men yigirma yillab shuning uyida qolib sira ham Homidning ichidagiga tushuna olmas edim va hamisha ko’zimga dimlangan qorong’u o’radek qo’rqunch ko’rinar edi, — dedi va bir oz to’xtab olg’ach, bir narsa topqandek harakat yasadi.— Bu gaplarning bosh omili albatta Homid bo’lsa ham, lekin bunda uning boshqa yordamchilari ham bor ko’rinadir, yodingizda bormi, ko’pincha chaxchayg’an ko’zlik bir yigit ishxonamizga uni so’rab borar edi?
— Bilaman, bu kunda ham Homid bilan sermuomala, oti Sodiq bo’lib, sizning qo’shningiz emasmi?
— Otangga rahmat! Ana shu yigit bilan uning onasi bu ishda Homidning eng ishonchlik yordamchilari bo’lsa kerakki, ul ikki yildan beri shu qo’shnimnikiga hamisha qatnab qolg’on edi.

Sodiqlar o’z ovqatlarini ham o’tquzolmag’an holda faqirlikda yashab yil sayin menga oz-oz erlaridan sotib tiriklik qilar edilar. Bir yilcha bo’ldi, birdan suv olib qoldilar va Sodiq uylanib ham qo’ydi. Men haytovur bechora yo’lini topib oldiyov deb yurar edim. Endi bilsam, Sodiqni uylantirguchi ham shu Homid ekan, — dedi va Otabekdan so’radi: — Siz hali Homidning qo’shnimnikidan chiqib ketkanligini so’zlab edingizmi? — Otabek tasdiq ishorasini bergach, negadir bir entikib qo’ydi. Haqiqatan usta Alimning bu keyingi so’rog’i uni entiktirarlik edi. O’tkan kunlarini zahar bilan bulg’ab kelgan bu mudhish dushmaniga qaysi yo’sun bilan javob qaytarish yo’llarini izlab turg’an choqda bu savol berilib, Homid bilan boyag’i uchrashishini unga xotirlatqan va endi ham kulib qaramag’an baxtig’a la’nat o’qutqan edi. Ul o’zining hozirgi hayotini-da ulug’ tahlika ostida bo’lg’anlig’ini va bu tahlikaning o’tkandagilarga qarag’anda tamoman boshqacha bir dahshatda bo’lishini onglar edi.

Usta Alim oshxonag’a borib osh qilish harakatiga tushkan edi. Otabekning to’satdan ketish harakatiga tushib qolg’anini ko’rib:
— Bek, shuncha o’lturganning qatorida yana yarim soatka tahammul qilsangiz, oshni eb yo’lg’a tushasiz. Mana men, savzini ham bosdim, — dedi.

Otabek qaytib o’lturmadi va havlining o’rtasidan turib uzr aytdi:
— Rahmat, usta, men bu kun oshig’ich yurib, erta-lab jo’nab ketgan yuklarning ketidan etib olmasam bo’l-maydir.
— Oshni tashlab ketsangiz xafa bo’laman, qirqqa chidagan qirq biriga ham chiday oladir.
— O’lturing-o’lturing, mehmon, — dedi usta Farfi.— Oshg’a savzi bosildi — pishdi!
— Men ustaning oshini birinchi martaba eb yot-qanim yo’q, agar savdogarchilik omon bo’lsa, har o’n besh kunda bir kelib ustaning jonig’a ham tegaman, — dedi Otabek va boqchag’a qarab yuriy berdi.

Usta Alim oshg’a savzi bosish bilan ovora edi:
— Men sizni zo’rlamayman, lekin yo’l ustida qorningiz ochib qolsa, o’zingizdan o’pkalang, — dedi.

Otabek maydonda otini supirib egarlar ekan, maydonning g’arbidagi xaroba uyning devoridan bir bosh ko’tarilib munga qarab turar edi. Mundan uning xabari bormidi, yo’qmi, lekin ul bu tomong’a qaramasdan otini egarlash bilan mashg’ul edi. Ul egarlanib bo’ling’an otini havlig’a qarab etaklay boshlag’anda, havliga qarab turg’an bosh ham devordan quyig’a tushib yo’qoldi. Ul otini havlining o’rtasig’a qantarib qo’yib ayvondag’i xurjun va po’stunini olar ekan, usta Farfi bilan xayrlashdi. Otni Sayfi etaklagani holda usta Alim Otabekni ko’chaga uzatib chiqdi va uning qo’ltug’idan olib otka mindirar ekan, o’pkalash ohangida dedi:
— Oshni tashlab ketkaningizni unutmang, bek.

Otabek egarga o’lturib olg’ach so’radi:
— Xafa bo’ldingizmi?
— Nega xafa bo’layin, ammo yo’lda ochiqib qo-lishingiz uchun sizga achinayotibman.
— Tayyor oshni tashlab ketib, yo’lda ochliqdan qiynalishimni o’zim ham tushunib turibman, usta, — dedi Otabek va, — biroq tuyakashlar bilan Andijonda bu kunga uchrashish uchun va’dalashkan edim, ularga etib olib yo’l xarajatlar uchun bir oz aqcha bermasam, ya’ni o’z rohatimni ko’zlab sizni oshingizni kutib qolsam, besh kishini ko’ra-bila turib och qo’yg’an bo’laman.

Usta Alim otning jilovidan qo’lini olib so’radi:
— Andijon o’tkan kezlaringizda yo’l ustidan kirib turishka va’da berasizmi?
— Bo’lmasa-chi, — dedi Otabek, — shu o’n besh kunning ichida sakkiz tepki atlasdan loaqal ikki ko’ra yig’ib qo’yingiz, yodingizdan chiqarmangiz!
— Yodimda bor, xotirjam’ bo’lingiz!
— Xayr, xo’sh!
— Yaxshi qol, Sayfi! Saman yo’rg’a yo’lga tushdi, chovig’a odatdan tashqari bir-ikki qayta kelib tushkan achchig’ qamchi zarbi bilan bir onda ko’zdan g’oyib bo’lib ketdi. Otabekni uzoqlatib usta Alim uyga kirgan ham edi, Jannat opaning eshigi ochildi-da, Sodiq ot etaklagan holda chiqib keldi. Ul otqa minar ekan, eshik ichida ko’ringan Homid — «tezroq!» — degan amrni berdi. Sodiq ham Otabek izicha otini haydab yubordi…

Usta Alim Otabekni kuzatib kelib, ayvon peshonasiga o’lturar ekan:
— Tabi’ati juda qiziq yigit-da, — deb qo’ydi.

Usta Farfi so’radi:
— Bu yigit bilan qanday oshnalig’ingiz bor?
— Men sizga o’zog’i yili bir yigitning Homidning darbozasida adashib yurganligini va men bilan birga havlig’a kelib bir kun yotib ketkanligini so’zlab edim shekillik?
— Ha, ha, hali o’sha yigit shumi?
— Shu. Shundan beri har bir Marg’ilon kelganida va Andijon o’tkanida maning oldimg’a kirmasdan ketmaydir. O’zi juda og’ir va aqllik yigit, buning ustiga qiziq tabi’ati ham bor,
— dedi.
— Qizig’i qanaqa, — deb so’radi usta Farfi.
— Juda qiziq, — dedi usta va kechagi voqi’ani so’zlab chiqdi. — Kecha ertalab shaharni bir aylanib kelayin deb chiqib ketkan va tushlik oshka etib kelish uchun va’da ham bergan edi.

Men va’da vaqtig’a oshni damlab o’lturibman-o’lturibman, sira kelsa-chi! Nihoyat, sizdan sal ilgariroq kelib turg’an edi. So’rasam: «Xo’ja Ma’oz»ni tunab qoldim, deydir. Ko’zi uyqusizliqdan bir qarich ichiga tushib ketibdir. Juda ham tabi’ati qiziq yigit.
— Yaxshi yigit ekan, — deb qo’ydi usta Farfi.

Oshni eb bo’lg’anlarida u yoq-bu yoqdan jum’a tovshi kela boshlag’an edi. Shuning uchun choy ichib o’lturishka to’g’ri kelmay usta Farfi usta Alimdan ilgariroq namozi jum’aga qo’zg’aldi va eshikdan chiqishi bilan o’z uyidan kelayotqandek ko’ringan Homidga uchrashdi.
— Ha, usta Farfi, baxay? — dedi Homid.
— Usta Alimnikiga kelgan edim.
— Bo’lmasa ziyofat quyuq ekan-da!
— Quyuq! — dedi kulib usta Farfi, — usta Alim o’z uyiga do’kon qurg’an ekan, gilalab yurmasin deb fotihaga kelgan edim.
— Shundoqmi! — deb qo’ydi Homid. Birgalashib keta boshladilar.
— Bo’lmasa usta Alim o’z uyiga do’kon quribdir, deng-chi!
— Do’kon quribdir.
— Arvoh piri bermasdan-a?
— Qishda arvoh piri qilib bermoqchi! — dedi usta Farfi. Yana bir necha daqiqag’a oradan so’z kesilib qoldi.
— Osh qilib bergandir?
— Albatta.
— Boshqa mehmon ham bor ekanmi? — deb so’rab qo’ydi Homid. Usta Farfi Otabekning Homid bilan uchrashg’anini xotirlag’an edi.
— Toshkandlik bir savdogar mehmoni ham bor ekan,— dedi. Masjidga yaqinlashib qolg’an edilar. Homid yana nimanidir so’ramoqchi bo’lsa ham, usta Farfi shoshib masjidga burildi.

Raqib Izidan
O’n olti-o’n etti kunlik oy oq bulut ichidan qo’toslanib ko’rinar edi. Hamma xuftan namoziga kirib ketkan, ko’chalar suv quyg’andek tinch edi. Ko’chaning bu tinch paytidan foydalang’an kabi usta Alimning eshigi yonig’a kelib to’xtag’an kimsaning kim ekanligini bi-lish uchun oy yoruqlig’ig’a qarshi tushkan bo’g’ot xalal berar edi. Bo’g’ot panasida va eshik halqasida qadalib bir muncha vaqt nimanidir kutib turg’an bu kishi nihoyat, avaylabgina eshikni ochib o’zini yo’lakka oldi. Tag’in anchagina eshikning ichkarigi qismida turg’ach, ochishidag’i ehtiyot bilan eshikni yopdi.

Oy yoruqlig’i uch burchak ravishda yo’lakka tushib turar edi. Bu noma’lum kimsa oyoq uchi bilan yurib keldi-da, mo’ralab ayvong’a qaradi. Ayvonning tokchasida sham’ yonib, Sayfi o’rin yozish bilan ovora edi. Noma’lum kimsa yo’lakning qorong’i qismig’a o’zini olib, ko’zini Sayfidan uzmay tura boshladi, Sayfi o’rnini to’shab bo’lg’andan so’ng ayvonning peshonasida yozilib yotqan dasturxon va laganni ko’tarib hujraga kirdi. Yo’lakdagi majhul kimarsa go’yo shuni kutib turg’andek oyog’ uchini onda-sonda tashlab o’zini maydon ichiga oldi…

Bargi to’kilib quruq shoxlari bilan qolg’an maydon ichi tumanlik oydin, majhul kishi yuzini oyding’a berib, xaroba uy ostida qadalib turg’anliqdan uning kim ekanligini tanish oson edi. Bu alamzada, zulmdiyda yuz eng so’ngg’i kurashka hozirlang’an bir yigit edi…

Otabek xaroba uy devori yonida so’ng chekdagi bir e’tibor bilan ichkariga quloq solmoqda edi. Ichkaridan o’tin yorib o’choqqa o’t qalash harakatlari eshitilar, gohi xotin kishining tovshi ham kelib qo’yar edi. Ul bir-ikki qayta ohista adimlar bilan xaroba uylarning u boshi bilan bu boshig’a borib keldi, ya’ni ichkariga oshib tushmak uchun qulayroq o’rin chog’lar edi. Xaroba imoratlarning o’rta bir eridagi raxnadan oshib tushish qulayroq bo’lg’ani uchun shuning ostig’a shumshayib o’lturdi. O’lturishi hamono qayoqdandir oyoq tovshi eshitkandek bo’ldi-da, sekingina o’lturgan joyig’a erga singgandek qilib yotib oldi. Oyoq tovshi to’xtab narigi yoqdan usta Alimning tovshi keldi. Usta Alimning xuftandan qaytib kelganligini ongladi va uning maydonga kirish ehtimoli bo’lg’anliqdan shu ko’yi yotaberdi.

Vaqt juda sekin harakat qilar edi. Ul o’zining har bir yurak tepishini sanag’andek o’tkuzar edi. Kuzning yoqimsiz shamoli o’pkani qichitib, yo’talni qistatar, ul chalqancha yotqan ko’yi og’zini o’ramlab ko’mak kutkan kabi ko’kka ko’zini tikkan edi.

Oradan bir-bir yarim soatlar chamasi vaqt o’tib ketdi. Tevarakdan «jannat qushlari»ning birinchi tovshi qichqirilib o’tdi, shu kezda xaroba havli tomondan bir necha oyoq tovushlari eshitildi-da, ul o’rnidan turib quloq solishg’a majbur bo’ldi. Bir muncha vaqt onglashilmag’an so’zlashish tovushlari kelib turgach, darichaning g’iyq etib ochilishidan so’ng, bu tovushlar yana ham uzoqlashdilar. Otabek devorg’a intildi va sekingina yuqorig’a ko’tarildi. Buzuq uyning darichasi-dan narigi qatordag’i ayvon va undagi o’choqda yonib turg’an o’t ko’rindi. Ammo ochiqqina bo’lib uy ichidan kishilar tovshi kelar edi. Ul o’marilmasliq etib devor ustiga mindi va osong’ina xaroba uy ichiga o’zini oldi. Chunki uy tomi o’pirilib ostig’a bosqanliqdan uyning sahni juda ham yuza edi. Avaylab uch-to’rt adim bosdi-da, uyning buzuq darichasi yonig’a kelib to’xtadi va mo’ralabqina havli yuziga qaradi. Qarshidag’i uyning har ikki darichasi ham yopiq, ammo tirqishlaridan sham’ yoruqlig’i ko’rinar va boyag’ig’a qarag’anda sekinroq bir tovushda g’o’ng’ir-g’o’ng’ir so’zlashish eshitilar edi. Oradan o’n besh daqiqa chamasi fursat o’tib tovushlar bir oz yuqorilashib kelmakka boshladi. Bu orada uydan qo’lig’a lagan ushlagan bir xotin chiqdi-da, qozondan laganga bir narsani ko’tara berdi. Otabek go’yo shuni kutib turg’andek uzoq bir tin oldi va o’zini chetka burdi. Xotin lagan bilan uyga kirib ketkach, ichidan taqing’an xanjarini qinidan sug’urib oldi-da, damini oyding’a solib boqdi va xanjarining uchini yonboshidan orqasig’a o’tquzib ushladi, yana uyni kutib to’xtadi. Xotin yana chiqg’an va toboqlarg’a sho’rba suza boshlag’an edi. Uyga bir-ikki qatnab suzilgan sho’rbalarni tashib bitirgan, uyning eshigini bekladi-da, kirib ketdi.

Otabek havlining o’rtasig’a, tut yog’ochining yonig’a kelib to’xtag’an va janubda kishi yo’qmi, deb alang’lar edi. Ul bu to’g’rida bir qanoat hosil etkach, bitta-bitta bosib kishilik uyning yo’lak tomonidag’i darichasi yonig’a etdi va o’zini so’ng chekda ehtiyotlab daricha ostig’a o’lturdi.

O’lturishi hamono dimog’ig’a ichkulik bilan sho’rba isi kelib urdi. Uydagilarning so’zlarinigina emas, hatto tomoq chaynashlarini ham eshitsa bo’lar edi. Ichkaridan kimdir birav shap-shap etib chaynab der edi:
— Endi menga berma, Sodiq, Mutal polvong’a beraver! Otabek bu tovushning kimniki bo’lg’anlig’ini bilgan edi.
— Hadeb menga beraverasanlarmi, oralatib Jannat opamga ham berib qo’y, xa-xa-xa!
— Bizning kampirga bersang qaytarmasdan icha beradir!
— Bersa ichaberaman, qix… o’zim xotin bo’lsam ham Mutal polvonlarning o’nini qochiraman, qix…

Bu so’zdan so’ng, uy ichini kuchlik bir kulgi tovshi qopladi. Kulgi bosilg’ach, so’z boshlandi:
— Endi shuni ichasiz, Homid aka!
— Yo’q, Sodiqboy inim, men juda ham bo’lib qoldim, o’zi ham juda kuchlik chiqg’an ekan.
— Ichmasangiz qo’ymayman, nekin…
— Mutal polvonga ber! Siz oling-chi shuni!
— Aniq ichmaysizmi? Kumush opamning salomatligiga ham ichmaysizmi?

Bu so’zni eshitkan Otabek ixtiyorsiz o’rnidan turib ketdi. Jannat opaning xi-xi-xi qilib kulgan tovshi eshitildi.
— Orag’a nozik bir ismni kelturib solmasang, xudo haqqi ichmas edim. Qani, bo’lmasa ber- chi, Kumush apangning salomatligi hammadan ham menga kerakdir.
— Xa-xa-xa, nozik joydan ushladimmi?

Otabek bu so’zlarni eshitar ekan, zo’rg’a-zo’rg’a o’zini darichaga hujum qilishdan bosib qolg’an edi. Orada bir muncha mayda so’zlar so’zlangach, kim-ningdir ufff, deb yuborg’ani eshitildi.
— Tag’in nima bo’ldi, Homid aka?
— Bu kungi gap juda ham meni cho’chitib qo’ydi-da, Sodiqboy!
— Maning gapimga nima uchun ishonmaysiz, axir! Yuz martaba sizga aytib yotibman-ku, xumsani darbozadan chiqardim, tag’in qanchag’acha orqasidan borib to karvonlarga qo’shilib ketkuncha kutdim, so’ngra qaytib keldim, deb. Agar o’sha ketishi bo’lsa, bu kun xudda Qo’qong’a borib etkan.
— Ey, san bilmaysan, uka!
— Nekin manga qolsa, shu ishdan hech bir qo’rqa—turg’an gap yo’q, usta bilan tanishlig’i bo’lsa, uning uyiga mehmon bo’lg’andir, savdogarchilig’i bo’lsa Marg’ilong’a kelgandir, axir ketib turg’andag’i so’zini o’z qulog’ingiz bilan eshitdingiz-ku!
— Bu mulohazang tuzik-ku, biroq men bilan achchig’lashqan bir kishinikida mehmon bo’lishi boshni qotiradir, tag’in sizlarning havlilaringiz yonida…
— Agar sirringizdan usta Alimning xabari bo’lsa, ul vaqtda qo’rqsangiz ham arziydir.

Ammo menga qolsa u xumpar (Otabekni aytadir) Marg’ilonda xotini borlig’ini ham unitib yuborg’an, deb o’ylayman.
— Maning bu sirrimni sizdan boshqa hech kim bilmaydir. Umarbek bilan bir oz nari-beri bo’lib qolg’an edik, haytovur tag’in orani ochib yubordiq.
— Undoq bo’lsa tag’in nimadan qo’rqasiz?
— Men uning Toshkand ketishini ko’z bo’yash uchun bo’lg’an hiylami, deb qo’rqaman.
— Xayr, ketmagan ham bo’lsun: ul holda o’zingiz aytkandek qilib to’ppa-to’g’ri ertaga Salim sharbatdor-ning oldig’a boraman-da, o’g’lingni Mirzakarim akaning ilgarigi toshkandlik kuyavi o’ldirdi, men o’z ko’zim bilan ko’rdim, deyman. Ana undan so’ng xumsaning holig’a maymunlar yig’lasin! Agar ul sirringizni bilgan bo’lg’anda ham allaqachon kelaturgan ishka tushunib olib, Marg’ilondan dumini xoda qildi, desangiz-chi!
— Qix… Sodiqning gapi jo’yalik, — deb qo’ydi Jannat opa.

Otabek bu so’z dahshatidan titrab ketkan edi. Sodiq davom etdi:
— Endi ishning bo’ladirg’anini o’ylash kerak, sizning qo’rqoqlig’ingizni ko’rib, mana Mutal polvon ham uxlab boshlabdir.
— Uxlag’anim yo’q, hez, doringdan quy-chi!
— Mutalboy o’rtoq, — dedi Homid, — biz biravning yaxshilig’ini unutaturg’an kishi emasmiz.

O’rtog’ingiz Sodiqboy men bilan birgalashib kamlik ko’rmadi, avvali xudo, qolabersa men uni uylantirib qo’ydim… Men birav bilan oshnachiliq qilsam, hatto, undan jonimni ham ayamay, ko’nglini olmoqg’a tirishaman.

Sodiq:
— Mutalboy sizni o’bdan yaxshi biladir, Homid aka! Sizning qanday xizmatingiz borlig’ig’a ham qong’an… Ammo uning sizdan bir iltimosi bor ekan.

Homid:
— Nima iltimosingiz bor, Mutalboy?

Mutal (sarxush):
— Bitta ya-ya-ya -rimtadan uch-to’rt t-t-tanga q-q-qarz-larim bor edi, Homid aka.

Homid:
— Oshnaliq degan uch-to’rt tanga bilan bog’lana olmaydir, Mutalboy! Men sizga hali aytib qo’ydim: ma-ning oshnalig’im oshnadan jonni ham ayamasliq bilan bo’ladir. Uch-to’rt tanga emas, muhtoj bo’lsangiz o’ttuz-qirq tanga ham so’ray bering! Jannat opa:
— Ilohi Homidboy murod-maqsadig’a etsin, qix. Oshna-og’aynidan dunyo ayamaydir! Bir oz vaqt tanga tovshi eshitilib turg’ach, Homidning ovozi keldi:
— Mana, Mutal polvon, hozirga oz bo’lsa ham shuni olib turarsiz, ammo xizmat haqingiz o’z yo’lig’a bo’-ladir.

Sarxush:
— R-rahmat, H-homid aka, siz j-jonni ayamasangiz, m-men ham yo’lingizga boshimni tikdim, jamshidning arvoyi! Sodiq:
— Bizning Mutalboy ham quruq yigit emas! Homid:
— Dasturxonni yig’ishtirib olingiz-chi, Jannat opa! Lagan-tovoqning bir-birisiga tekkan tovshi eshitilib, Otabek o’zini ohistagina yo’lakka oldi. O’choq boshida bir-ikki daqiqa chamasi tovoq-qoshiq va oyoq tovshi eshitilib turg’ach, Jannat opa havlig’a tushib keldi va qo’lidag’i dasturxonni tut ostig’a qoqib ketdi. Otabek qaytib kelib daricha ostig’a o’lturgan ham edi, Homidning shu so’zini eshitib qoldi.
— Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat opa! Sodiq:
— Qo’rqasiz-da, Homid aka, eshikni o’zim zanjirlaganman.

Homid:
— San hali yoshsan, inim Sodiqboy, siz chiqabe-ringiz, Jannat opa! Otabek uchun vaqt ortiq tang va qo’rqunch edi. Xaroba uyga boray desa, Jannat opaning ko’rib qolishi aniq edi. Eshikni ochib chiqib ketay desa, o’lturishning maqsadi hali ochilmag’an bo’lib, butun mashaqqati shamolg’a ketar edi. Joni halqumig’a tiqilib tevaragiga alang’ladi va yo’lakdan nariroqda usta Alimning devorig’a suyog’liq turg’an zanbilga ko’zi tushdi. Zanbilning ostig’a yashirinish juda ham xavfli edi esa-da, ammo o’lturishning maqsadig’a qonmay ketish undan ham xatarlik edi. Sir fosh bo’la qolsa, uch dushmanga barobar hujum qilishni bo’yniga olib qo’ydi. Uy eshigi ochila boshlag’anda zanbilning ostig’a kirib olg’an edi. O’zini nechog’liq siqib g’ujanak qilg’an bo’lsa ham, ammo bir qarash bilan zanbil ostida kishi borlig’ini bi-lish uncha qiyin emas edi. Zanbil ostida xanjarini qisimlab, go’yo sichqonni poylag’an mushukdek hujumga hozirlanib yotar edi.

Jannat opa yo’lakka tomon yurib keldi-da, zanbil ostidag’ini payqamay yo’lakka burildi.

Oydindan eshik-ning zanjirligi aniq ko’rinib turar edi. Shuning uchun eshik yonig’a borib o’lturmay yo’lakning yarmidan qaytdi. Qaytishi hamono yuqoridan uchib o’tkan bir-ikki moshak qushning chev-chev-chev degan tovshini eshitib ko’kka qaradi. Shimol-sharqig’a to’g’ri otilib o’qdek uchib borg’an moshak qushlarg’a qarag’anicha yo’lak-dan uy tomonig’a qayrilib ketkanini o’zi ham sezmay qoldi. Jannat opa ayvong’a chiqqanda, Otabek ustidagi zanbil to’rt enlik yuqorig’a ko’tarilib, tag’in sekingina uni bosib tushkan edi. Jannat opa eshikni ochib, uyga kirganda, ul ohistagina zanbil ostidan chiqdi, uning yurak tepishi hali ham shiddatlik edi. Daricha yonig’a yurib keldi-da, hamon hujumga hozirlang’andek ichkariga quloq solib turdi. Jannat opaning «eshik zanjir» degan tovshini eshitkach, rohat tin oldi va daricha yonig’a cho’nqaydi.

Homid:
— Bo’lmasa, dushanba kuni kechasiga bo’lsin! Sodiq:
— Biz qaysi kunga desangiz ham hozirmiz! Mutal:
— Menga qolsa, shu topta borsaq deyman! Homid:
— Yaxshisi dushanba kun, undan nariga o’tkani ham yaramag’andek, berisi ham foydasiz bo’ladir, chunki bir-ikki kun bunga hozirlik ham kerak.

Sodiq:
— Tag’in qanaqa hozirligi bor?

Homid:
— Olib chiqg’andan so’ng, uni Marg’ilon ichida olib turib bo’lmaydir: to rom qilg’uncha birarta qishloqg’a yuborishka to’g’ri keladir. Olib chiqishimiz dushanba kechasining qaysi paytiga to’g’ri kelishini ham hozirdan aytib bo’lmaydir. Olib chiqg’an zamon Marg’ilondan chiqarilib yuborilmasa, kunduz kuni chiqarish tag’in xavflik. Kechasi ma’lum, Marg’ilon darbozalari yopiq bo’ladir. Shuning uchun birarta darbozabonni qo’lga olib qo’ymog’imiz, albatta, kerak…

Sodiq:
— Yaxshi maslahat, qutidornikiga qanaqa qilib tushamiz?

Homid:
— Masalaning bu yog’ini ham o’ylashimiz kerak ekan hali! Sodiq:
— Eng yaxshisi darbozasidan kirish! Mutal:
— Darbozasidan kirib bo’lmasa, tomidan oshib tushamiz! Sodiq:
— Ha-ha-ha, balli, Mutal to’ram! Mutal:
— Kulishingni bejo qilma, hez Abdikarim! San hali dunyog’a kelib nimani ko’rding-ku, sanga kulish tushib qoldi! Bu bosh dunyoga kelib nimalarni ko’rmadi-a? Bunaqanggi qochiriq ishlarni endi qilib turipti, deb o’ylaysanmi? Eyxa-x-x, Mutal akang nimalarni qilmadi? Xa-xa-xa…

Musulmonsan otangning arvoyi, Homid aka! Bir kuni Jonkeldiboy hasratini qilib Hotam to’raning o’g’lini yaxshi ko’rganligini, diydoriga to’yolmay besar bo’lg’anini arz qilib qoldi-ku, yonimda Qalandar polvon bor edi, Jonkeldiga, bo’lmasa o’n oqta ber bizga, biz Qalandar bilan birga do’ndiqchangni muhayyo qilib beraylik, dedim. Jonkeldi o’lib turg’an ekan, quloq qoqmay xo’b, dedi. Biz qalandar bilan tunni yarim qildiq-da, Hotam to’raning havlisiga keldik.

Ishning ebini jo’blab qarasaq juda kashal, devor — tosh hamin! Oshib tushishning sira o’nqovi yo’q. Bu ishkalni ko’rgan Qalandarning tarbuzi qo’ltug’idan tushib «besh oqtani qaytarish uvol- ku?!» dedi. O’zimning sal shunaqanggi kayfim balandroq edi, xanjarchamni qinidan sug’urib oldim-da, to’g’ri Hotam to’raning darbozasig’a borib chaqira boshladim. Bu ishimdan jon-poni chiqib ketkan Qalandar yonimg’a kelib turta boshladi: «Hoy, Mutal, sanga nima bo’ldi?» Men Hotam to’rani chaqira berib «tovshingni chiqarma, xoting’a o’xshag’an yigit», dedim. Qalandar yonimda turolmadi, meni yolg’uz qoldirib ura qochdi. Bir vaqtda haligi Hotam to’ra darboza orqasig’a kelib «kim» dedi. Men tovshimga shoshilishqan tus berib «Men, men, oching tezroq!» dedim. Bechora go’l to’ra darbozani ochib yuborishi bormi, lip etib o’zimni ichkariga oldim va Hotam to’rani qo’lidan ushlab havlig’a boshladim. Bechora endi meni tanig’an, avzog’imning buzuqlig’ini ham payqag’an edi. Ke-kirdagiga xanjarimni tirab: «Joningdan umiding bormi, yo’qmi, noinsof!» dedim. Juda tili shishib qolg’an edi xumsaning — «bovv-bovv» deb g’o’ldirab javob berardi… «Bir bechora o’g’lingni deb ko’kragini zaxka berib yotsin-da, san tinchkina o’g’lingni olib yot!.. Qani o’g’ling, yotqan joyini ko’rsat!» dedim. Hotam to’ra dir-dir qaltirar edi, shu ko’yi uni ayvong’a o’zim etaklab bordim-da, o’g’lini ko’rsatdi. Bolani uyqu aralash turg’uzib kiyintira boshlag’an edim, bir tomondan ona-si dodlab qoldi-ku, xanjarimni olib unga yugirdim. «Tovshingni o’chir, mochaxar… o’g’lingni o’limg’a olib borayotqanim yo’q, nihoyati bir piyola choy ichadi-ku keladi!» dedim. Qisqasi, ilgari dahshat berib, keyinidan yaxshi gaplar bilan ularni ishontirib, bolani olib chiqdim va Jonkeldiga topshirib ketdim…

Baxtimga o’sha kuni bitta ham mirshab yo’liqmadi. Ey-y, Sodiqcha, san hali nimani ko’rding-ku, nimangga ishonding, buzoq bo’g’uzlag’andek qilib bir-ikkitani so’ygan bilan odam bo’lding- qo’ydingmi? Gap bilan bo’lib zang’ar kayf ham tarqab ketdi, qani, quy-chi bir-ikkini! Homid:
— Sizga qoyilman, Mutal polvon, sizning shuna-qangi ishlaringizni bilib yurganim uchun bu erga chaqirtirib keldim-da! Mutal:
— Shuni bilgan bo’lsangiz bas, bu ishni menga topshirib qo’yabering! Homid:
— Sodiq aytkandek darbozadan kirishni xohlamayman, chunki mirshablarning oyog’ usti.

Mutal:
— Bo’lmasa havlining orqasidan tushamiz! Homid:
— Orqasi havlidir?

Jannat opa:
— Qix, haligi oti qursin… Malikboyning maydoni-da! Homid:
— Juda yaxshi ekan. Bo’lmasa tomig’a shoti etarmikin?

Jannat opa:
— Qix, juda balan.

Mutal:
— Balan bo’lsa, zarari yo’q, osoni uyning tegidan teshamiz, qo’yamiz! Homid:
— Qiyin bo’lmasmikin?

Mutal:
— Hammadan ham osoni teshish, mo’ljalini yaxshi olsaq bas.

Homid:
— Bir-ikki soatda uni teshib bo’larmidi?

Mutal:
— O’zi maydonmi, axir?

Jannat:
— Maydon, qix.

Mutal:
— Yaqinida odam yo’qmi?

Jannat:
— Yo’q, qix.

Mutal:
— Bali, mo’ljalni olib bersalaring, ertadan boshlab qazig’anim bo’lsin.

Homid, Sodiq:
— Bali, rahmat, polvon! Majlisning so’zi shu erga etkanda Otabek o’rnidan turib yo’lakka keldi. Eshik zanjiriga qo’lini olib borg’ani holda o’ylanib to’xtadi va eshikni ochmay orqasig’a qaytdi. Xaroba uy orqaliq usta Alimnikiga chiqib ayvon yonida to’xtadi, ularning xurrak va pishillashlariga qanoat hosil etkach, oyog’ uchi bilan yo’lakka o’tdi va eshikni ochib chiqdi…

* * *

O’z og’zidan eshitkanimizdek Sodiq uni, Homidning ta’limoticha Qo’qon darbozasidan chiqarib to karvonlarga qo’shilib olg’uncha ta’qib etib borgan edi. Otabek bu ta’qibni juda yaxshi sezganlikdan Sodiq yo’lda qolg’andan so’ng ham yana bir bekat olding’a borg’an va ikkinchi bekatdan yo’lni chaplab, Toshloq darbozasi orqaliq yana qaytib Marg’ilong’a kirgan edi.

Usta Farfining Homid va o’zi to’g’rilaridag’i mudhish hikoyasini eshitkach, Marg’ilonda qolish va qayin otasining uyiga borib onglashish o’rniga juda oshig’ichliq bilan Marg’ilondan jo’nab ketkan bo’lib ko’rinishi albatta o’rinsizga emas edi. Chunki Komilbek o’ldirilgan bir kunda Homidning ko’z o’ngida qolishi, bilaturib, o’z-o’ziga qabr qazish, qabrg’ina emas nomusni barbod berish va qotilliq ismini olib xalq oldida sharmanda bo’lish bo’lur edi, nuchukkim, biz yuqorida Sodiq og’zidan eshitkanimizdek Homid bu tuhmatdan ham qaytmas va o’z tuhmatini mahkama oldida mantiqiy ra-vishda isbot ham qila olur edi. Mana ul shu mudhish, boshqa tushmog’i aniq turg’an halokatning daf’i uchun Marg’ilondan oshig’ich chiqib jo’nag’an edi.

Orqasidan qiling’an ta’qibni payqashi esa avvalo bu uning bir mulohazasi bo’lg’an edi, ikkinchi, otini egarlar ekan, devordan o’zig’a qarag’an bosh bilan bu mulohazasini chinga chiqishini bilgan edi. Uchunchi, ko’chada usta Alim bilan xayrlashar ekan, qo’shnining yo’lagida ko’ringan kishi ko’lagasi yana ta’qib etilishini ta’kidlagan edi.

Marg’ilondan ikkinchi bekatka qo’nib, choyxonada bir-ikki choydish choy ichib uzoq o’ylag’an va Marg’i-long’a qaytish quruq tuhmatka qolish bilan farqsiz ekanligini yana bir qat tushungan edi esa-da, Homidni maydonda muzaffar holda qoldirib ketishni hech bir turlik yuragiga sig’dira olmag’an, g’ayri rasmiy yashirinib bo’lsa ham Marg’ilonda turishka va turib Homidning mundan so’nggi rejalarini o’rganishka va shunga qarab kurash boshlashg’a qaror bergan, shom bilan asr orala-rida Marg’ilong’a kirgan edi. Kelib birinchi kelishida tushkan saroyga joylashqan va joylashib tinchiy olmag’an, ya’ni ta’qibini bu kundanoq boshlashg’a qaror bergan. Homidning yomonliq korxonasi usta Alimning qo’shnisinikida bo’lg’anlig’i uchun hech bir taraddudsiz yo’lni to’g’rilab Sodiqnikiga solg’an ediki, biz mundan keyingi gaplarni yuqorida ko’rib o’tdik.

Usta Alimning eshigini ochib chiqg’ach, Sodiqning yo’lagiga quloq solib g’o’ng’ir-g’o’ng’ir kelgan tovushni eshitdi va sekin-sekin yo’lg’a tushdi.

Dushman bilan betma-bet uchrashmoq kuni belgulanganlikdan o’zining bu kungi kutilmagan muvaffaqi-yati to’g’risida hech bir taajjublanmas, faqat dushanba kun kechasi bilan miyasi mashg’ul edi. Dushanba kun kechasi bir emas, uch dushman bilan kurash to’g’risidag’ina o’ylar edi.

Bu birga uch masalasi bir oz uning miyasini qotirg’an; kishilar yollash, hukumatka bildirish, qutidorni xabardor qilib qo’yish mulohazala-rigacha kelib etkan bo’lsa ham, ammo izzati nafsi bu qo’rqoqliqqa tamoman zid turar edi. Bora-bora bu mulohazasini tamoman ko’nglidan chiqarib tashladi; na kishilar yollayturg’an, na hukumatka bildiraturgan va na qutidorni xabardor qilaturg’an bo’ldi. Chunki raqib bilan dildorning uyi orqasida tanho olishmoq, yor oyog’i ostida qonlik tuproqqa qorishmoq — uning uchun juda lazzatlik va shoirona tuyila boshlag’an edi. Saroyga kirar ekan o’zicha: — Shirin o’lim, — deb qo’ydi.

Garchi kechagi tun «Xo’ja Ma’oz»ni tunab uyqudan qolg’an edi, ammo uzoq vaqt bu kungi gaplarni o’ylab yotdi. Ul uxlab ketar ekan, o’zini goh qong’a belanib yotqan holda, goh Kumushni erkalab turg’an holda ko’rar edi.

Dushanba Kun Kechasi
Bu kungi kech Otabek bilan Homidning hayot va mamot masalalarini o’zining qora quchog’ig’a olg’an qorong’i bir tun edi va bulardan qaysi birlarining so’ng soatlari etkanligi shu qorong’i tun kabi qorong’i edi. Otabek bu ikki holdan tabi’iy birisini bu soat o’zining ko’z o’ngida ko’rar va shunga hozirlanar edi esa-da, ammo Homidning xayoli faqat gulgina iskar, gul sayriga oshiqinar edi…

Olti qarich kenglikda uzundan-uzoq tor ko’cha, tor ko’cha boshida kichkinagina bir eshikcha edi.

Shom bilan xuftan o’rtasida bu ko’cha boshig’a bir yigit kelib to’xtadi-da, tevaragiga kishi bilmas qilib razm soldi. Ko’chada hech kim qolmag’an, yo’l oyog’i bosilg’an edi esa-da, ul uzoqqina qarshisidag’i darboza ichlarini, tom ustlarini, devor raxnalarini kuzatdi va qanoat hosil etib tor ko’chaga ohista-ohista yo’l oldi. Tor ko’chaning yarmisig’a etkach, to’satdan orqasig’a qayrilib qaradi… Uning harakati bir narsadan shubhalanib emas, ammo orqadan dushman ta’qibi bo’lmadimi uchun edi. Kichkina eshikcha yonig’a etkanda tag’in haligidek orqasig’a qarab qo’ydi. Bir oz o’ylab to’xtag’ach, eshik-ning o’ng tomonidag’i devorning buzuq eridan sekin-gina ko’tarilib maydong’a mo’raladi. Eshikning qulf va zanjiri bo’lmay yuziga yopiq holda turg’an bo’lsa ham ul eshikka taqilmadi, mashaqqatlanib devorga mindi. Oy shom eb yaxshig’ina qorong’i tushkan bo’lsa ham maydon ichining daraxtsizligi uchun tikkaygan cho’b ham ajraturliq edi.

Maydonni kishidan xoli bilgach, sekingina devordan o’zini maydonga oldi.

Maydon ikki tanob kenglikda bo’lib, janubi qutidor va qo’shnisining imoratlari orqasidan va boshqa uch jihati ham shunga o’xshash binolardan iborat edi. Maydonga yozda nimadir ekilgan, chuqur-chuqur jo’yaklar tortilg’an va er yomg’ur bilan ivib, bo’kib oyoq ko’tarib bosishg’a imkon bermas, har bir oyoq uzg’anda uch chorak loy barobar ko’tarilur edi. Qiynala- qiynala maydonning janubiga o’tdi. Uning chap qo’li tomonida bir uyning orqa devori bir bo’yra eni kesib tushirilgan bo’lib qorayib ko’rinar edi. Ul bu kesilgan o’rinni o’tkan kun kechasi kelib ko’rib ketkani uchun qaytadan qarab turmadi esa-da, lekin uning bu binog’a iltifotsiz qarashi mumkin emas edi. Bu tegi kesilgan bino Kumushning o’z uyi bo’lib, bu uy ichida Otabekning saodatlik kunlarining shirin xotiralari saqlanar va shu daqiqada ham uning hayot tiragi bo’lg’an Kumushbibi o’lturar edi. Otabek ko’zini to’ldirib binog’a qaradi, go’yo bu qarashda ul dunyo malaki bilan vidolashar edi. Uzoqqina binog’a qarab olg’ach, qo’ynig’a qo’l solib bir qog’oz oldi, xayol ichida qog’ozning taxlarini tuzikladi-da, qaytarib yana qo’ynig’a tiqdi. Shundan so’ng binog’a yana bir ko’z tashlag’ach, maydonning kunbotarig’a yurib, o’n besh adimlab haligi joydan yiroqlashdi. Tom shuvog’ig’a loy oling’an zovur shekillik o’rinni kechagi kelishida biqinish uchun belgulab ketkan edi, kelib shunga tushdi-da, qo’lini chakkasiga qo’yib yoni bilan yotib oldi. Garchi osti kesilgan bino bilan Otabek tushib yotqan loyxona bir- birisiga ro’baro’ edi. Ammo imoratlarning ko’lagasi va kechaning o’tacha qorong’ilig’i orqasida loyxonada kishi bo’lg’anlig’ini payqash qiyin edi.

* * *

Tun yarim bo’lib, olding’i uxlag’anlar endi bir uyquni olg’an edilar. Maydon eshigi ochildi.

Biri orqasidan biri yurib ikki ko’laga maydonga kirdi. Buni payqag’an Otabek xanjarini qinidan chiqarib qo’lig’a ushlag’ach, yuz tuban erga uzandi… Ikki ko’laga so’zsizgina osti kesilgan bino yonig’a kelib to’xtadilar. Kelguchilarning biri Sodiq va ikkinchisi Mutal edi.

Tumshug’ini erga tirab yotqan mushukdek bo’lib Otabek ularni kuzatar edi.

To’xtag’ach, shivirlab Sodiq so’radi:
— Teshilayozg’anmikin?
— Ozg’ina qolg’andir, deb o’ylayman, negaki, paxsaning enidan bir gaz chamasi joy ochilg’an! Mutal tovshini baralla qo’yib so’zlar edi, shuning uchun Sodiq dedi:
— Tovshingni sekinroq chiqarsang-chi! Mutal belidan teshasini olar ekan, unga javob berdi:
— Hali shundan ham qo’rqasanmi, balki hali ashulamni ham aytib yuborarman!
— Jinnilig’ingni qo’y, Mutal aka! Men ham yoningda turaymi?
— Turasanmi, yo’qmi — ixtiyor o’zingda! Mutal kovakka kirib kovlashka tutindi.
— Teshani qattig’ solma, — dedi Sodiq.
— Menga o’rgatma, o’zim bilaman.

Sodiq Mutalning ehtiyotsizligidan qo’rqdi shekillik, bir oz Mutalning ishiga qarab turg’ach, dedi:
— Bo’lmasa, men eshik yonig’a borib turay, teshildi deguncha hushtak ber.
— Tuzik, hali Homid kuyaving qayog’da qoldi?
— Ko’chaning boshida poylab o’lturgandir. Hush-tagingni eshitkach, uni ham chaqiraymi?
— Chaqir, — dedi Mutal va shitir-shitir kesak tushira berdi.

Sodiq eshikdan chiqg’an ham edi, Otabek sekingina boshini ko’tardi-da, Mutal sari shuviy boshladi. Mutal esa emirilib tushkan kesaklarni tashqarig’a surish bilan ovora edi… Shu vaqt uning qo’ltug’i ostidan uzatilg’an qo’l hiqildog’idan ombir kabi siqib oldi… Mutal kuchli edi, ammo Otabek undan ham kuchlik edi. Sapchib hiqildog’ini ajratish uchun bo’lg’an Mutalning birinchi harakati bo’shka ketdi-da, chap biqinig’a o’tkir xanjar g’achcha botirildi… Ammo ul hamon bo’shalishg’a kuchanar edi va kuchli qo’l battarroq uni siqar edi. Uch daqiqalik kurashdan so’ng Mutal bo’shashdi, ilgarigi kuchanishlardan qoldi va bir-ikki daf’a to’lg’anib jimgina jon berdi. Otabek eshik tomondan ko’zini uzmag’ani holda Mutalni sudrab o’zi biqing’an loyxonag’a olib bordi va qo’rqibqina hiqildoqdan qo’lini oldi. Mutalning boshi shilq etib loyxonag’a tushdi-da, mangulik uyquga ketkanligi ma’lum bo’ldi… Otabek bitta-bitta teshilgan bino yonig’a kelib eshik tomong’a hushtak berdi, javob hushtagi eshitilgach, teshuk ichiga kirib o’lturdi. Teshukning yuqorisidan bir oz tuynuk ochilgan bo’lg’ani uchun ichkaridan quloqqa engilcha pishillash eshitilar edi… Sodiq yaqin etkan edi, kesmadan uzoqroqda turib shivirladi:
— Teshdingmi, Mutal?
— Teshdim, beri kel.

Sodiq kesma yonig’a kelib engashdi. Engashishi hamono qo’l hiqildoqqa to’g’ri kelgan edi va xanjar qornig’a botirilgan edi… Sodiq qo’lidag’i xanjarini bir-ikki qayta solib ko’rsa ham tegdirish uchun kesmaning tubanlig’i xalal berdi, lekin o’zi tetuk edi. Otabek sapchib kesmadan chiqdi va bor kuchi bilan Sodiqni bosib tushdi… Bosib tushishi hamono allaqaysi eri achishkandek sezildi… So’l qo’li Sodiqning hiqil-dog’ida, xanjarlik qo’li Sodiqning xanjarlik qo’lida edi… Bir oz kuchini yig’ib olg’ach, hiqildoqni bor kuchi bilan siqa boshladi.

Sodiq xirillar, shunday bo’lsa ham qo’lidag’i xanjarni bo’shatmas edi. Eshik tomondan Homid ham ko’rinib qoldi… Vaqt tang kelgan edi… Sodiqning ko’kragini qochirib xanjarlik qo’lini bo’shatdi va Sodiqning ko’kragiga soldi. Sodiqning xanjari bir-ikki qayta uning orqasiga kuchsiz-kuchsiz kelib tekkan edi. Xanjarini ikkinchi urishda Sodiq bo’shashdi va qo’lidan xanjari tushdi.
— Homid akangga juda ham mehribon ekansan, Sodiq! — dedi bosib yotqan joyidan Otabek.
— Joning -ni ham unga qurbon qilding! Sodiq ingranib qo’ydi.
— Kim xirillaydir? — dedi yaqinlashib kelgan Homid.
— Tezroq keling, Homid aka, Otabekni o’ldirdik! — dedi shoshib Otabek.
— Ah! — deb yurib keldi Homid.

Otabek Sodiqni qoldirib, Homidning xanjarlik qo’lini ushlab oldi:
— Mutal o’ldi. Sodiq ham o’lim yoqasida. Enda siz bilan ikkimizgina qoldiq! Homid qo’lini bo’shatishka tirishar ekan, Otabek salmoqqina qilib dedi:
— Ortiqcha oshiqmangiz, Homidboy, men sizning xanjarlik qo’lingizni bo’shataman hozir, ammo shungacha siz bilan ikki og’iz so’zim bor! Homid hanuz qo’lini bo’shatishg’a kuchanar edi.
— Kuchanmangiz, Homidboy!
— Mard yigit bo’lsang, qo’limni qo’y!
— Oshiqma, qo’yaman, — dedi Otabek. Shu choqda oyog’ ostida yotqan Sodiq ko’tarilib-ko’tarilib o’zini ot-moqda edi. Otabek Sodiqdan nariroqqa Homidni boshladi. Homid tig’izliq bilan surildi. Xanjarlik qo’li bilan tuynukka ishorat qilib, Otabek so’z boshladi:
— Siz mendan ham yaxshiroq bilasizki, shu uyda sizni allaqancha mashaqqatlarg’a solg’an, cheksiz joni-vorliqlar ishlatkan va hisobsiz tillalar to’kdirgan, niho-yat, shu daqiqag’a keltirib to’xtatqan birav uxlaydir. Agarda sizning manim tilimdan yozib bergan taloq xatingiz durust hisoblanmasa, bu uxlag’uchi manim halol rafiqam bo’lib, ikki yildan beri men ham uning ko’yida sargardonman. Demak, siz bilan maning oramizda shu birav uchun kurash boradir. Lekin siz shu choqqacha manim ustimdan muvaffaqiyat qozonib keldingiz: qora choponchi, deb dor ostilarig’acha olib bordingiz, Musulmonqul qo’lig’a topshirdingiz, bu ishlaringiz foydasiz chiqg’ach, ismimdan taloqnoma yozib, ikki yillab rafiqamdan ayirib turishka muvaffaq bo’ldingiz, bu orada gunohsiz bir yigitni ham o’ldirdingiz. Nihoyat, o’g’riliq yo’lig’a tushib ikki yigitingizni manim qo’limda halok qildingiz… Endi menga javob beringiz-chi: bu yomonliqlaringizda siz haqlimi edingiz?
— Haqli edim! — dedi Homid va siltab xanjarlik qo’lini bo’shatib chalqancha yiqildi. Ul qo’lini bo’shatqan choqdayoq Otabek ishini to’g’rilag’an, ya’ni Homidning qornini shir etdirib yorib yuborg’an edi. Homid holsizlanib yotar ekan, uni besh qadam naridan kuzatib tek turg’uchi Otabek zaharxanda ichida «haqlimi eding?» deb so’radi. Kuchanib «haqli edim!» dedi Homid va qo’lidag’i xanjarni Otabekka otdi, xanjar Otabekning yonig’a kelib tushdi…

Otabek kushxona o’rnidan eshikka qarab qo’zg’alg’an edi, Homiddan besh-olti qadam narida yotqan Sodiqning «hmmm» degan tovshi eshitildi. Otabek ko’ngli allanechuklangani holda maydondan chiqdi…

O’zni Tanitish
Ertasi kun butun Marg’ilon deyarlik Malikboyning maydonida voqi’ bo’lg’an ishka juda hayron edi:
— Mutal bilan Sodiq bo’lsa shaharning tomteshar yigitlaridan, ular qutidornikiga o’g’riliq uchun borg’an bo’lsalar borg’andirlar… Lekin shaharning katta boylaridan hisoblang’an Homidning ishi qiziq. Xayr, Homidning o’g’riliq hunari ham bor bo’lsin, bularni kim o’ldirgan? Qutidor bo’lsa ertalab uyqudan turg’ach, bu hangamani bilibdir, juda ajoyib!
* * *

Kuch choshkohga etkanda Otabek saroy darbozasidan chiqdi. Ul o’zining so’l qo’lini doka bilan o’rab bog’lag’an va ko’kragiga ko’tarib ushlagan edi. Kecha Homid xanjarlik qo’lini siltab tortqanda, xanjar uning bosh barmog’i orasini suyakka etkuncha shipirib ketkan edi. Uning oyog’ olishida ham bir oz oqsoqlanish sezilar edi.

Saroydan ancha uzoqlashqan edi, qarshidan o’ziga qarab kelguchi Rahmatni ko’rdi va chor-nochor so’rash-moqqa to’g’ri keldi:
— Ha, mulla Rahmat, salomatmisiz?

Rahmat oshiqibg’ina uning bilan ko’rishdi:
— Qachon keldingiz, bek aka?
— Kelganimga bir-ikki kun bo’ldi… Nega xafa ko’rinasiz, mulla Rahmat?

Rahmat uflab oldi:
— Eyyy, bek aka, bizning boshka tushkanni dushmaningizga ham ko’rsatmasin! Otabek ajabsinish tusi ko’rsatib so’radi:
— Nima bo’ldi, uy-ichingiz bilan salomatmisiz?
— O’zingiz bilasiz, bultur padar marhum bo’lg’an edilar, bu kun yana boshimizg’a o’lim tushaturg’an bo’lib qoldi, tog’am Homidni allakimlar chavog’lab ketibdirlar.

Otabek ko’zini olalantirg’an bo’ldi:
— Qaerda, kimlar, yarasi qo’rqunch emasmi?

Rahmat voqi’ani qaerda bo’lg’anlig’ini so’zlab turmadi:
— Yarasi yomon, hushsiz holda hiqillab yotibdir. Qornini tikdirmakchi bo’lg’an edim, jarroh bo’lmaydir, dedi.
—Chavog’lag’uchini aytmadimi?
— Til bo’lsa aytadi-da, — dedi Rahmat, — ul yiqi-lib yotqan joyda yana ikki yigitning o’lugi bor ekan… Shulardan zarb olg’anmi deb o’ylayman.
— Xudo shifo bersin! — dedi Otabek.

Ajralishdilar.

Otabek usta Alimning ko’chasiga burilg’ach, Sodiq eshigida uch-to’rtta bel bog’lag’an kishilarni tobut yasash bilan mashg’ul ko’rib tinchsizlanib ketdi. Usta Alimning yo’lagiga kirar ekan, Jannat opa bilan yana bir xotinning yig’i tovushlarini eshitdi…

Janozaga tahorat olish uchun obdasta yonig’a o’lturgan usta Alim Toshkand jo’nab ketkan Shokirbekni oradan uch-to’rt kun o’tmay qaytib kelishiga ajabsingan edi:
— Keling-keling, Shokirbek… Toshkand jo’na-mag’anmi edingiz?! Otabek ayvonning oldig’a o’lturar ekan, kuldi:
— Toshkandga borib keldim…

Usta Alim uning hazilini fahmladi-da, tahorat ola-ola qiziq voqi’adan so’z ochdi:
— Marg’ilondan ketmagan bo’lsangiz, o’zingiz ham eshitkandirsiz Shokirbek, siz bilan menga tarjimai hollari ma’lum bo’lg’an Homid bilan Sodiqni va tag’in Mutal degan yana bir yigitni Mirzakarim akaning havlisi orqasida o’ldirib ketibdirlar. Yomonlar o’z jazalarini to- pibdirlar.
— Eshitdim, — dedi Otabek va tag’in kulib qo’ydi.

Usta Alim uning bu kulgisiga e’tibor qilmag’an edi, so’zida davom etib so’radi:
— Siz bularni kim o’ldirgan deb o’ylaysiz?
— Siz-chi? — dedi Otabek va tag’in iljayib qo’ydi.
— Menga qolsa, — dedi usta Alim, — o’ldirguchi albatta Mirzakarim akaning kuyavi Otabekdir… zap ish qilg’an-da, men unga qoyilman. Men uning O’tabboy qushbegiga qilg’an muomalasini eshitib, yuragiga bali degan edim… zap yigit ekan-da! Otabek o’ng’aysizlanib ketdi. Usta Alim yuz-ko’zini artib Otabekning qo’lini olib ko’rishmakchi bo’lg’an edi, ko’zi o’ralg’an dokaga tushdi:
— Qo’lingizga nima qildi, Shokirbek?
— Pichaq kesib ketdi…
— Yomon kesdimi?
— Sal.

Usta Alim Otabekning yonig’a o’lturdi va:
— Nega Toshkand jo’namadingiz, birarta mone’ chiqib qoldimi? — deb so’radi.
— Mone’ chiqib qoldi…
— Qanday mone’? — dedi usta.
— Mone’mi? — dedi Otabek va kulimsirab: — Men sizga bir katta gunoh qilib ketkan edim… Yo’lda boraturib gunohimdan o’kindim-da, sizga tavba qilg’ali Qo’qondan qaytdim… Agar siz gunohimni kechirsangiz, men shu daqiqada Toshkand jo’nayman.

Usta Alim ajablanib Otabekka qaradi:
— Hazillashasiz…
— Hazillashmayman, agar siz kechiraturgan bo’lsangiz, gunohimni ham hozir iqror qilaman.

Usta Alim kulimsirab so’radi:
— Qani iqror qilingiz bo’lmasa.
— Ilgari kechirishka va’da berib qo’yingiz.
— Menga qolsa sizning hech gunohingiz yo’q… Menga noma’lum gunohingiz bo’lsa kechirdim.
— Rahmat, — dedi Otabek va so’radi: — men kim?
— Sizmi, siz Shokirbek! Otabek uyat aralash kulib qo’yib dedi:
— Ana usta, manim borliq gunohim sizning shu kungacha meni Shokirbek, deb bilishingizdagina!
— Bo’lmasa, siz kim?
— Gunohimni kechirgansiz-a?
— Kechirganman.
— Men siz bilgan Shokirbek emas, toshkandlik Yusufbek hojining o’g’li va marg’ilonliq Mirzakarim akaning kuyavi — Otabek! Usta Alim bir oz o’zini keyinga tashladi va ko’ziga jiq yosh chiqardi.
— Siz-a? — dedi. Kelib Otabekni quchoqladi… Bu favqulodda holg’a tushuna olmay qolg’an Sayfi ishini to’xtatib do’konxonadan qarab turar edi. Usta yig’lag’an holda Otabekni quchoqlab o’pdi-da, ayvonga ko’rpacha sola boshladi.
— Nima qilmoqchi bo’lasiz, usta? — deb Otabek so’radi.
— Men o’zimning yangi mehmonimni ko’rpachaga o’tquzmoqchi bo’laman, — dedi kulib usta Alim.
— Men sizning ko’rpachangizga ko’b o’lturganman, endi menga ortiqcha takallufingizning hojati yo’q.
— To’g’ri so’zlamaysiz, Otabek, bu kungacha manim ko’rpachamda o’lturib yurgan Shokirbek otliq bir yigit edi. Endi men o’zimning yangi mehmonim bo’lg’an Otabekni siylamoqchi bo’laman…

Qani, Otabek, ko’rpachaga chiqingiz! Otabek ustaning latifasiga kuldi-da, ko’rpachaga chiqib o’lturdi. Bu vaqt Jannat opaning «shahid o’lgan bolam» deb yig’lag’an tovushi eshitildi-da, Otabek gunohkor bir yuz bilan usta Alimga qaradi. Ul esa Otabekning bu qarashidag’i ma’noni sezgan edi:
— Zap qilg’ansiz, Otabek, — dedi usta, — yomonlarning jazosi shunday bo’ladir… Yoningizda kishilaringiz bor edimi?
— Yo’q.

Usta Alim Otabekka tushuna olmay qarab turg’ach, so’radi:
— Uch dushmanga qarshi yolg’iz o’zingiz?
— Yolg’iz o’zim! Xudo yomong’a jazo beraturgan bo’lsa, shundoq bo’lar ekan.

Usta Alim tamom ajabda qolg’an edi:
— Subhonolloh! Qanday yuragingiz bor ekan, Otabek! Qo’lingizdan boshqa eringizda jarohat yo’qmi?
— Yo’q. Bo’ksam ustiga bir oz xanjar uchi tegib o’tkan bo’lsa ham ahamiyatsiz.
— Xudoga shukur, Otabek! Sizning bu ishingizdan qayin otangizning xabari bor edimi?
— Yo’q edi. Bu ishni hozirg’acha bir o’zim va bir tangri bildi. Endi bu sirni bilguchilarning uchunchisi siz bo’ldingiz!
— Astag’firulloh! — deb qo’ydi usta Alim, — raqibingiz Homidni birinchi martaba usta Farfi orqaliq tanig’aningizmi?
— Birinchi martaba tanishim, — dedi uflab olib Otabek, — bunga ham sizning bilan bo’lg’an oshnalig’im ko’mak berganlikdan sizga minnatdorlik qilishdan ojizdirman.
— Sizning aqllar ishonmaslik qahramonlig’ingizg’a yuragim qinidan chiqish darajasiga etdi! Otabek, Homidning bu keyingi rejasini qaerdan bildingiz?

Otabek kuldi.
— Xudog’a shukurlar bo’lsunki, manim tortqan ohlarimni quriqqa yubormay, kutmagan erdan sirni bildirdi. Men sizga hikoyamni boshidan so’zlab beraymi va yo Homidning rejasini bilishimniginami?
— Boshidan so’zlangiz, Otabek! — dedi hovliqib usta Alim va ish to’qish ila mashg’ul Sayfini savzi to’g’rashqa buyurdi.

Usta Alimni hikoya tinglamak uchun hozirlang’an ko’rgach, Otabek dedi:
— Tahoratning sababi yodingizdan ko’tarildi shekillik!
— Ko’tarilgani yo’q, Otabek, yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik ko’rinadir… Qani, so’zdan keling! Otabek o’zining chin do’stig’a birinchi marta Marg’i-lon kelishidan tortib hikoyasini so’zlab ketdi. Uning uch yil ichida boshidan o’tkanlarini bir soatlik vaqtga cho’zilib, Sayfi oshni suzib kelganda yo’lda uchrashqan Rahmat bilan hikoyasini tugatdi. Usta Alim Otabekning elkasiga qoqib der erdi: — Sizda chin yurak bor, do’stim. Bu yurakingiz bilan hech vaqt dard qolmaysiz, Otabek! Ammo mendan chin ismingizni yashirib kelganingiz uchun sizni ayblay olmayman. Biroq jum’a kun kechasi Homid izidan manim havlimga kirib, menga o’zingizni bildirmay ketkaningizga xafa bo’laman, xudoy ko’rsatmasin bir falokat yuz berganda nima bo’lar edi?

Oshdan so’ng usta Alim shunday fotiha o’qudi:
— Dushmanlaringizning yo’q bo’lg’anlari chin bo’l-sin, suyganingiz bilan endi mas’ud yashang! Otabek tashakkur etdi. Tag’in bir oz choy ichib so’z-lashqandan so’ng, Otabek daftaridan ikkita xat chiqarib dedi:
— Sizga og’ir kelmasa, bir xizmat topshirmoqchi-man, usta!
— Buyuringiz! Otabek qo’lidag’i xatlarni uzatib:
— Men shu soatning ichida Toshkand jo’nashg’a majburman. Shuning uchun siz bu xatlarni qayin otamnikiga o’z qo’lingiz bilan eltib berasiz.

Usta uning bu gapiga tushunolmay qoldi:
— Nega endi Toshkand jo’naysiz, o’zingiz…
— O’zimga mumkin emas, chunki… ikki tomong’a ham o’ngg’aysiz. Men hozir ketishka majburman, balki o’zingiz ham onglarsiz.
— Ongladim, — dedi usta va: — gap-so’z bosila-yozg’ach, kelmakchimisiz?
— Balki… — deb to’xtadi Otabek, — xatlarning birisi qayin otamg’a, ikkinchisi unga, — dedi.
— Xo’b.
— Qayin otamg’a yozg’anim qisqa bo’lg’ani uchun siz unga mendan eshitkanlaringizni so’zlab qondirarsiz. Qutidor bilan ishingizni tugatib qaytishingizda uning xatini berarsiz, tuzikmi?
— Ma’qul.
— Uchrashqaningiz to’g’risida menga ma’lumot yozsangiz, tag’in minnatdor qilar edingiz…
— Bosh ustiga.

Shundan so’ng ikkisi quchoqlashib ko’rishkach, vidolashdilar.

Otabek eshikdan chiqg’anda Sodiqni ko’mib kelgan kishilar qur’on o’qub tarqalmoqda edilar.

Xayrixoh Qotil
Mirshablar tomonidan qo’rboshi mahkamasiga so’-roqqa olib ketilgan qutidor qaytib yo’lakdan kirishi bilan ming xil tashvishda o’lturg’uchi Oftob oyim bilan Kumushka qaytib jon kirgan kabi bo’ldi. Kumush otasining oldig’a qanot yozg’an kabi yugirib, uning soqolini silar ekan, so’radi:
— Sizga zarar bermadilarmi, otajon?
— Yo’q, qizim.

Oftob oyim erining bu so’zini eshitishi bilan Xo’ja Bahovaddin yo’lig’a o’gurib qo’yg’an etti tanga pulini To’ybekaga berib, darrov eshonnikiga jo’natdi va shundan so’ng eridan so’radi:
— Sizga ayb qo’ya olmadilarmi?
— Xudoyg’a shukur, oqlandim, — dedi qutidor. — Chindan ham menda qanday ayb bo’lsunki, o’zimiz ham bu hangamani uyqudan turib payqag’an bo’lsaq. Uyimiz ostini yomonlar teshkan bo’lsalar ham ammo kishi sig’masliq bo’lg’anlig’i meni oqliqqa chiqardi. Lekin kishi sig’aturg’an bo’lib teshilganda ham meni ayblay olmas edilar, zeroki, uyimiz ostini teshkan muttahamlar albatta yaxshi niyat bilan teshmagan bo’lib, molimiz va jonimiz qasdida ekanliklari ma’lum edi. Basharti qotil men bo’lib ko’ringanimda ham molim va jonim qurug’ida o’g’rilarni o’ldirganligim uchun yana gunohkor bo’lmas edim. Har holda bu foji’a bizga zararsiz bo’lib o’tdikim, buning uchun haq taologa qancha shukur qilsak ham ozdir, — dedi va ayvong’a chiqib tanchaga o’lturg’ach, Kumushdan so’radi: — achang kelmadimi?

Oftob oyim javob berdi:
— Qattig’ og’rib qolibdir, — va so’radi: — kimlar o’ldirib ketkanini bila olmadingizmi?

Qutidor ajabsinib xotinig’a qaradi:
— Qiziq so’z aytasan-a! — dedi. — Bu ishka butun shahar hayron. Qilni qirqqa yoradirg’an donolar ham bir narsa to’quy olmaydirlar… Ammo manim ko’nglimga keladirgani shulki, bizning molimizg’a ko’z olayturg’an o’g’rilar besh-olti kishi bo’lib, uyni teshayozg’an vaqtla-rida oralarig’a nizo tushib, bir-birlari bilan pichoq-lashqan bo’lsalar kerak.

Kumush otasining bu kashfiga qarshi tushdi.
— Bu gapingiz to’g’ri emas, ota, — dedi.
— Nega to’g’ri emas?
— Negaki, bir-biravlarini o’ldirishib, bizga zarar ber-masdan quruqqina ketmas edilar.
— Tong otib qolg’andir yoki ular ham holdan toyg’andirlar, — deb javob berdi qutidor.
— Bu orada Homid nima qilib yuribdir, o’ziga tuzikkina boy kishi emasmi edi? — dedi Oftob oyim, bu vaqt Kumush sekingina onasig’a qarab olg’an edi.
— Homid tiynati buzuq bir yigit edi, — deb javob berdi qutidor. —Ehtimolki, uning topqan davlati o’g’riliq orqasidadir, kishining davlatiga qarab hukm yurutish qiyin.
— Xudoyimdan o’rgulayki, — dedi Kumush entikib va dahshatlanib, — yomonlarning jazasini o’zi bergan. O’g’rilar teshib oldimg’a chiqg’anlarida men nima qilar edim? Oh, otajon! Men ajalimdan besh kun burun o’lar edim. Qizingizdan ajralur edingiz!.. Meni g’aflat uyqusi bosmag’an bo’lsa, nega bir gazlik paxsani kesar emishlar va boshimdan tuynuk ochar emishlar-da, men hech narsa sezmas emishman.

Oftob oyim boshini chayqab:
— Shuni ayt, qizim! — dedi.

Qutidor:
— Xudoning qanday hikmatlari bordirkim, shu kecha-kunduzlarda bizning tevaragimizda qonli voqi’alar ko’rila boshladi: bu kun nikoh deganimizda Komilbekni hammomda o’ldirib ketdilar (Kumushbibi yuzida bir engillik ko’rildi), kecha uyimiz orqasida bir emas, uch kishi o’ldirildilar. Xudo oxirini baxayr qilsin endi…
— Inshoolloh, ishning oxiri xayrlikdir, otajon,— dedi Kumush, — chunki bizning molimizga ko’z olaytirib yomon niyat bilan uyimiz orqasini teshkuchilarni er bilan yakson etdirishi istiqbolimizning xayrlik follaridandir, otajon!
— To’g’ri aytasan, qizim, — dedi qutidor.

Kumush o’zining qo’ng’uroqdek tovshi bilan davom etdi:
— Bu maqtullar kimlar bo’lsa bo’lsin, bizning uyi-miz orqasig’a yaxshi niyat bilan kelguchi kishilar emas va bularni tuproqqa qorishdirg’uchi ham bizga xayrixoh bo’lg’an qotil va yo qotillardir… Bizga muncha yaxshiliq qilg’an kishi kim bo’lsa ham xudo ajrini bersin! — dedi.

Qutidor qizining so’zini kuchlab tushdi.
— Bizga yomon niyati bilan qarag’an bo’lsalar, xudo jazalarini berdi. Bizga xayrixoh bo’lg’anlarning ham xayri jazalarini berar, — dedi.

Kumushbibi bu qo’rqunch uyda yota olmaslig’ini bildirgani uchun Oftob oyim To’ybekadan Kumushning buyumlarini ikkinchi uyga tashita boshladi. Qutidor esa butun kun mehmonxonasig’a kelib-ketib turg’an ko’ngil so’rag’uchi oshna, yor-do’stlari bilan ovora bo’ldi.
* * *

Shomdan so’ng qutidor endigina mehmonlardan bo’-shab ichkariga kirgan edi, mehmonxona yig’ishtirib qolg’an To’ybeka qutidor yonig’a kelib dedi:
— Sizni bir kishi chaqiradir.
— Qanaqa kishi, tanidingmi?
— Tanimadim.

Qutidor erinibgina tashqariga chiqdi-da, mehmon-xonada o’lturg’uchi tanish bo’lmag’an kishi bilan sovuqqina ko’rishib so’radi:
— Xizmat?

Usta Alim qutidorg’a kulimsirab olg’ach:
— Ruxsatsiz mehmonxonangizga kirganim uchun kechirasiz, — dedi.
— Aybi yo’q, mulla, — dedi qutidor va qarshima-qarshi ulturishdilar.
— Yomonlar suiqasdidan salomat qutilishingiz mubo-rak bo’lsin!
— Tangriga qulluq bo’lsin! — dedi qutidor. Mehmonxona qorong’ilanib ketkani uchun havli supirib turg’uchi To’ybekaga darichadan turib buyurdi: — Sham’ yoqib chiq, To’ybeka! Sham’ chiqishini kutkandek usta Alim boshini quyi solib o’lturar edi. Qutidor «nima yumishing bor menda» degandek qilib unga savol nazari bilan ko’z tashlar va qur’on tinglovchi kishidek bo’lib o’lturg’uchi majhul kishidan taajjublanar edi. Nihoyat, sham’ kelib tokchaga qo’ndirilg’ach, usta Alim muroqabadan boshini ko’tarib qutidorg’a qaradi:
— Mendan taajjublandingiz, — dedi va qo’ynidan maktublarni chiqarib bittasini qutidorg’a uzatdi, — mendan ham bu maktub ajibroqdir, — deb kuldi. Qutidor xatning unvoniga ko’z yugirtirib chiqg’ach, usta Alim aytkandek taajjub ichida xatni ochdi… O’qub bitirgach, ul dahshat va taajjub ichida toshdek qotib qolg’an edi… Agarda uning yonida usta Alim bo’lmag’anda edi, ehtimol ul qay va qatlarg’acha serrayib qolar edi.
— Jon va oilangiz dushmani bo’lg’an bir badbaxt endi o’z qilmishining jazasini ko’rdi, burodarim Otabek ularning totiqlarini xo’b boblab berdi, — dedi usta Alim va davom etdi:
— shuning bilan sizning najib oilangiz dahshatlik foji’a davrlarini kechirib, endi ma’sud kunlar arafasiga etdi. Xatni o’qub sizning dahshatlanishingiz emas, quvonishingiz, dushmaningizni yuz tuban qilg’ani uchun haq taolog’a shukur aytishingiz kerakdir! Qutidor hushini boshig’a yig’ayozdi va uflab tin olg’ach, hayajon ichida so’radi:
— Men bilan Otabekni qamatdirg’an va dor ostlarig’a yuborg’an Homidmi?
— Homid.
— Taloq xati yozg’uchi Otabek emasmi?
— Hosho va kallo, Otabek munday gapdan xabarsiz. Uning otidan taloq xati yozg’uchi ham shu badbaxt Homid.

Mundan so’ng qutidor turib ichkariga yugirdi, yarim yo’ldanoq tanchada o’lturg’uchi Oftob oyim bilan Kumushka qichqirdi:
— Sir ochildi! Ikkisi ham sachrab qutidorg’a qaradilar-da, birdan so’radilar:
— Nima, qanday sir?

Qutidor tanchaga borib o’lturmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo’lidag’i xatni yuqori tovush bilan o’qub chiqdi:

«Muhtaram qayin otamizg’a! Siz bilan meni qorong’i zindonlarg’a tushirib, dor ostlarig’acha tortkan, buning ila o’zining vahshiyona tilagiga eta olmag’andan keyin manim tilimdan soxta taloq xati yozib darvoza yonidan haydattirishka muvaffaq bo’lg’an va bir gunohsizni shahid etkan Homid ismlik bir to’ng’uzni nihoyat, ikki yillik sargardonligim so’nggida yordamchilari bilan tuproqqa qorishdirishg’a muvaffaq bo’ldim… Sizning shonli havlingiz yonida voqi’ bo’lg’an bu kurash albatta sizni va uy-ichingiz ham yor-do’stlaringizni anchagina tinchsizlikka qo’yg’an bo’lsa kerak. Na choraki, yomonlarni sizning havlingiz orqasida rafiqam qasdida bo’lg’anlari paytida uchratishg’a to’g’ri keldi va men bu ishka majbur qoldim. Buning uchun albatta meni kechirarsiz umididaman. Faqat sizning tinchsizlanishingiz va mardumning yuqori-quyi so’zi bo’lmasa sizga boshqa zarar bo’lur, deb o’ylay olmayman. Sizdan bu ulug’ gunohim uchun afu so’rab, haydalg’an o’g’lingiz Otabek Yusufbek hoji o’g’li».

Ammo qutidor «haydalg’an» so’zini tashlab o’qudi. Maktub o’qulib bitkanda Oftob oyim, ayniqsa, Kumush qutidorning boyag’i holig’a tushgan edilar. Kumushning bu daqiqadag’i holini qalam bilan chizib ko’rsatish albatta mumkin emas edi. Ul titrar edi, ko’karar edi, to’lg’anar edi… Hozirgi eng kuchlik hissiyotini hissiyotning a’lo ifodachisi bo’lg’an yosh bilan to’kar edi.

Qutidor o’z tomonidan ham izoh berib chiqdi:
— Men bilan Otabekni qamatib dor ostig’a yubor-g’uchi, Otabek tilidan soxta taloq xati yozib bir-birimizdan judo etkuchi, Komilbekni o’ldirguchi, uyimiz orqasini teshib Kumush qasdida bo’lg’uchi — hammasi ham shu battol Homid ekan… Ammo badbaxtni ikki kishisi bilan tuproqqa qorishdirib ketkuchi Otabek ekan! Oftob oyim titrag’an tovush bilan:
— Uyatsiz Homid, — dedi.

Kumushbibi:
— Bechora begim, — deb qo’ydi.

Uchchavi ham yurakni to’xtatib olish uchun anchagacha jim qoldilar.
— O’zi esonmikin? — deb so’radi oxirda Kumush.
— Xatig’a qarag’anda sog’, — dedi qutidor.

Oftob oyim so’radi:
— O’zi qaerda emish, xatni sizga kim kelturdi?

Bu savoldan qutidorning esiga mehmonxonada o’l-turgan usta Alim tushkan edi. O’rnidan irg’ib turdi-da, xotinig’a javob bermasdan tashqarisig’a chiqdi. Ul usta Alimning qarshisig’a o’lturganda, mehmonxonaning yuqori darichasi ostig’a Oftob oyim bilan Kumush xat keltirguchining so’zini eshitish uchun kelib to’xtag’an edilar.

Qutidor uzr aytdi:
— Kelturgan xabaringiz ta’sirida sizni unutayozibman…
— Men buni payqadim, — dedi usta Alim kulib,— shu yo’sinda makkor Homidning iblisona dasisasi bir oilani tamom ishdan chiqarayozg’ankim, bu to’g’rida ayniqsa sizga so’zlash ortiqchadir. Ammo arslon yuraklik Otabek ham badbaxtni shundog’ yanchib tashladikim, bu juda oz kishilar qo’lidan kelaturgan ishdir.
— O’g’rilarni o’ldirganda Otabekning yonida necha kishisi bo’lgan? — deb so’radi qutidor.

Usta kuldi:
— Otabekning tanho o’zi! — dedi.
— Uch kishiga tanho o’zi? — qutidor ishonmag’an edi.
— Azamatning yolg’iz o’zi! — deb usta Alim ilgarigi so’zini qaytaladi.
— Astag’firulloh… Nega menga bu to’g’rida xabar bermagan?
— Sizga xabar berib o’lturishni yigitlik otig’a eb bilmay, hatto menga ham bir narsa sezdirmagan. Men hali bu nuqsoni uchun ayblasam: «Men o’zimning ashaddiy dushmanim bilan tanho kurashib yo jon bermakka va yo jon olmaqqa qaror bergan edim. Shuning uchun hech kimga ham bildirmadim», deydir.

Qutidor bir tomondan dahshatka tushsa, ikkinchi jihatdan Otabekning dov yuragiga hayron qolar edi.
— O’ziga jarohat olmag’anmi? — deb so’radi qutidor.
— Bo’ksasi bilan qo’lidan yaralang’an bo’lsa ham zararsizdir.

Usta Alim qutidorning ba’zi bir e’tirozlariga qarshi Otabekning qutidor tomonidan quvlang’anidan tortib, shundan beri Marg’ilong’a etti-sakkiz martaba kelib ketkanini, har bir kelishida o’zining uyiga kelib tushkanini va qalin o’rtoq bo’lib olg’anlarini, shundoq bo’lsa ham Otabekning o’zidan chin ismini yashirib yurg’anini, jum’a kuni usta Farfidan birinchi martaba o’z raqibini tanishini, nihoyat bu kungina unga chin ismini ochqanini so’zlab chiqdi.
— Taloq xati-ku soxta ekan, — dedi qutidor, — nega biznikiga bir kelgani bilan qaytib kelmadi ekan?
— Chunki uning so’ziga qaraganda, siz uni og’irroq tariqa bilan darbozangiz yonidan jo’natqan ekansiz, — deb izohladi usta. — Toshkanddan uylanishida sizning bilfe’l bosh qo’shishingizni faqat qizingizni undan chiqarib olish uchun qurilg’an bir hiyla ekan, deb o’ylab, qaytib eshikingizga oyoq bosmag’an, hatto xotinini qozig’a chaqirish to’g’risida fikri bo’lsa ham, siz bilan uchrashishdan qochib bu fikridan ham qaytqan, ya’ni sizning qizingiz bo’lg’ani uchun suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan.

Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmag’an edi:
— Mendan o’zi xafa bo’lg’an bo’lsa, orag’a kishi qo’ysa ham bo’lar edi.
— Shundog’ qilsa ham bo’lar edi, — dedi kulib usta Alim, — men hali undan shunday deb so’rasam, «O’zimga ishonmag’an kishi kishi so’ziga kirarmidi, deb o’yladim», deydir.

Kuyavingizning qiziq tabi’atini shundan ham yaxshi bilib olsangiz bo’ladirkim, shu choqqacha ota-onalari ham bu foji’adan xabarsiz ekanlar.
— Qiziq yigit, — dedi qutidor, — mendan ham katta nodonliq o’tkan.
— Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz yo’q.
— Albatta yo’q, — dedi qutidor va so’radi: — o’zi siznikidami?
— Bu kun peshinda Toshkand jo’nab ketdi.

Qutidor tushuna olmag’an edi:
— Nega-nega? — deb so’radi.
— Nega… sababini men ham yaxshi tushuna olmadim.
— Qaytib keladirgan vaqtini aytkandir?
— Bu to’g’rini so’rag’an edim, muhmalroq javob berdi,— dedi usta va yonini kovlab xatni oldi. — Bu xat karimangizga bo’lsa kerak, endi menga ruxsat, — dedi va fotiha o’qub o’rnidan qo’zg’aldi.
— Men sizga dasturxon yozdirishni ham unutqanman, qo’zg’almangiz!
— Rahmat, amak, hozircha meni kechirib turasiz, ammo bapirja kattaroq ziyofatni unutmaysiz, — deb kuldi usta Alim. Qutidor uni ko’chagacha kuzatib chiqdi.

Kumushbibi daricha orqasidan hamma gapni eshitib olg’an va hissiyotini yum-yum yig’lab o’tkargan edi.
* * *

Oftob oyim Kumush bilan boshlashib ichkariga kirar ekan, so’radi:
— Homidning yomonlig’ini bizga ulashdirib yurgan puchuq xotinning shumligi o’z boshig’a etib, o’lganlarning bittasi o’shaning o’g’li ekan, bildingmi?
— O’lganidan menga nima foyda, — dedi Kumush.

Oftob oyim qizig’a ajablangan edi.
— Foydasini ko’rib turibsan-ku, axir.
— Foydasi Toshkandga ketib qolg’animi?
— Ketib qolg’an bo’lsa, tag’in bir kun kelar.
— Kelmaydi, — dedi o’ksib Kumush, — uning hamma harakati dushmanidan o’chini olish uchun ekan.
— Kim aytdi sanga?
— Xat olib kelganning so’zidan payqadim.

Oftob oyim kuldi:
— Ering sani tashlab ketmas, qo’rqma qizim, — dedi,— saning boshingg’a tikilgan bu balolarni o’zining shirin jonidan kechib daf’ qilg’an Otabek, seni sira ham unutmas, sanga yozg’an xatini otangdan olib o’qub ko’r-chi oldin.

Kumushbibi yig’idan qizarg’an ko’zini katta ochib so’radi:
— Menga xat yozg’anmi?
— Haligi kishi sanga atab dadangga bir xat berdi-ku, bilmadingmi?
— Bilmadim, — dedi. Chunki ul usta Alimning «muhmal javob berdi» so’zini eshitkach, tamoman o’zini unutib, berilgan xatni payqamay qolg’an edi.

Ikki yildan beri suratini ko’z o’ngidan ketkuza olmag’an, Otabekning yuzini ko’ralmay, so’zini eshita olmasa ham yozg’an xatini o’qub eshitish Kumush uchun katta qiymatka molik edi.

Otasining yo’lakdan kirishi bilan latif ko’kragi kuchlik tin olish ila ko’tarilib tashlandi- da, go’yo Otabek bilan uchrashaturg’andek yuragi o’ynamoqqa boshladi. Qutidor kelib tanchaga o’lturg’ach, o’ziga «amonatni topshiring» degan kabi qarab turg’an Kumushka xatni uzatdi:
— Sanga xat.

Kumushbibi uyalib-netib turmadi va kimdan, deb ham so’rab o’lturmadi, darrov tokchada yonib turg’an sham’ yonig’a borib xatni ocha boshladi. Sham’ qarshisida qizarg’an shahlo ko’zlari, yosh bilan sing’an jinggila kipriklari, chimirilg’an to’sdek qora qoshlari uni allaqanday bir holga qo’yg’an edilar. Qoshi ustiga to’zg’ib tushkan sochlarini tuzatib xatni o’qudi:

«Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga! Shayton ustasi bo’lg’an Homidning manim otimdan sizga yozg’an taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o’ti ehtimol endi o’cha tushkandir. Soxta taloq xatini olg’an so’ngingizda menga xitob qilib yozg’an fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozg’andirsiz… Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to’luq bo’lg’an yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o’zining to’lib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi… Sizga ochib so’zlay, go’zal rafiqam: go’yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to’kkan, o’tlik ohlar tortqan chog’ingizda erishar-da unutilg’an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz va yonib turg’an yurak o’tingiz bilan kuydirarsiz…

Ammo xatimni o’qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o’tida kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg’a hozirman! Uyingiz orqasida qilg’an adabsizliklarim, xunxo’rlik-larim uchun meni kechiringiz… Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning saqlanishi buni taqozo etar edi… Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig’im uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o’zimni sazovor hisoblay olmayman.

Men o’shal kuni kechasi dushmanlardan birini o’ldirdim-da, so’ng darajada zaiflandim, ikkinchi dushmandan engilishimni va ko’yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib ketdim… Manim uchun ko’yingizda va oyog’ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko’bdan beri g’oyam edi. Shuning uchun yaqinrog’ingizda o’lmak uchun, o’lar ekanman, so’ng daqiqamda yana bir martaba bo’yingizni olib o’lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilg’an tuynukchaga kirdim.

Kirdim-da, sizni bo’yingizni oldim, xafif tin olg’andag’i latif uxlag’an tovshingizni eshitdim… Shu vaqt subhonolloh… o’zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka o’zimda qudrat ko’rgan edim… Men o’zimga bag’ishlang’an kuch manba’ini juda yaxshi onglar edim, mendagi bu o’zgarish manba’i uy ichida uxlag’uchi bir malak edi… Siz edingiz!» Kumushbibi xatning bu o’rniga etkanda qizarinib, bir oz o’qushdan to’xtab oldi va davom etdi:

«Shundan so’ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning foji’amizning asl omili bo’lg’an Homid esa go’yo manim qo’limda mushuk kabi o’yin bo’lg’an, uni kulib turib, o’ynab turib tilimlagan edim…

Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag’ishlag’aningiz? Bu kecha ham bu ikkinchi o’limdan qutqarg’uchi va ikkinchi martaba menga hayot bag’ishlag’uchi yana siz bo’ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men bo’lishg’a tegishman! Sizdan emas, otangizdan bir o’pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o’z qo’lim bo’lib, bo’lmag’anini ajrata olmag’an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham ko’rsatilmagan o’xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko’z o’ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi… Har holda taqdirning bunchalik o’yinlari turg’an bir zamonda biz nima ham qila olur edik? Bu to’g’rida mendan ham o’tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg’an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o’zimni tag’ofilg’a solg’an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila sizni-da, o’zimni-da Homid qo’lida o’yin bo’lmog’imizg’a katta yo’l ochqan edim.

Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko’rishmak menga muyassar bo’lmadi. Umrimda birinchi martaba ko’ngil orzusig’a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag’i qora tikon supirilgan edi.

Mundan so’ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko’zim o’ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?! Zavjingiz Otabek».

Kumushbibi xatni o’qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg’an edilar. Kumushbibi qo’lida ikkinchi bir maktub ko’targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki xatni bir-birisiga solishtirib ko’rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg’an taloqnomasi edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg’anliqlarini o’z og’izlaridan so’zlab turar edilar.

Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig’a ko’r-satdi:
— Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog’liq g’aflat bosqan ekan, — dedi.

Qutidor qizining maqsadig’a tushunib ikki turli qo’lni darrav payqab oldi:
— Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo’ydi.

Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho’nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib yondirar ekan, otasidan so’radi.
— Shu voqi’adan so’ng kuyavingiz aniq kelganmi edi?
— Kelgan edi, qizim.
— Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor qilmadingiz?
— Men uning kelishini boshqa gapka yo’yib, sizlarga bildirmagan edim…
— Qizimizni taloq qilg’an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga g’arib tuyulmag’anmi edi? — deb yana so’radi Kumush.

Qutidor uyalish va o’kinish orasida:
— Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo’ydi.

Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so’z orasida «baraka topkur, umring uzoq bo’lg’ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa qayg’uda edi. Eru xotinning so’zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to’g’risig’a kelib taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so’radi:
— Senga kelishidan aytkanmi?

Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi.
— Aytmagan! Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg’ach, orada uzoqqina sukut boshlandi.

Kumush quti-dorg’a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo’ydi.
— Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o’zimiz tushamiz-da, — deb xo-tinig’a qaradi.

Bu so’z Oftob oyimg’a yoqmag’anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan rozi qolib, onasig’a qaradi.
— Qizing har qaysi erda bo’lsa ham sog’ bo’lsin, — dedi xotinig’a qutidor. — Eriga topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o’lturganimiz ma’qul o’x-shaydir.
— Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim. Qutidor xotinig’a kulib qaradi:
— Eri yaxshi bo’lsa, kundash balosi nima degan gap?
— Eri ming yaxshi bo’lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar bilmasdan «kundash» demaganlar.

Qutidor qizig’a qarab kuldi va xotinini yupatdi:
— Hamma vaqtga emas, qo’rqma.
— Menga qolsa bir kunni ham ko’b ko’raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi?
— Kuyavingning shuncha qilg’an jonbozlig’ini unutdingmi?
— Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki.

Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg’a tish-tirnog’im bilan qarshiman.
— Besh-olti kunga ham-a?
— Necha kunga?
— Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo’lg’uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga ko’nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson bo’lg’anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko’rish juda uyat, axir! Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so’zini aytkanda Kumush qizarinib erga qarag’an edi.

Oftob oyim eri-ning keyingi so’zi bilan anchagina bo’shashdi:
— Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig’i uchun, — dedi.
— Ana endi o’zingga kelding, xotin.
— O’zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o’zim birga borib kelaman.
— Albatta, o’zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog’ing ham zarur.
— Qachon yubormoqchi bo’lasiz endi? — deb so’radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o’ylab olg’ach, Kumushka qarab javob berdi:
— Otabek bilan ketma-ket chopishmog’imiz ham uncha ma’qul ko’rinmaydir. Undan so’ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag’i uch oy qishni o’tkazib jo’narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib ketkani uchun bo’lsa kerak, — balki o’zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so’zni-da qo’shib qo’ydi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !