MIR ALISHER NAVOIY

SO`Z SAN’ATINING GULTOJI

Alisher Navoiy tavalludining 574 yilligi munosabati bilan

Muqaddima

Barcha olijanob ishlarimizda Navoiy g`oyalari, Navoiy ibrati, Navoiy ruhi bizga hamisha hamroh bo`lsin!

I.Karimov

O`zbek mumtoz adabiyotining XV asrgacha bo`lgan tarixiy taraqqiyotiga yakun yasab, uni yanada yuqori pog`onaga ko`targan ulug` iste’dod sohibi, mutafakkir Alisher Navoiy o`z ijodiy faoliyati bilan jahon adabiyotining yirik namoyandalari safidan faxrli o`rin egallaydi.

Alisher Navoiy dastlab adabiyotga shoir sifatida kirib kelgan va adabiyotda she’riyat qasrini qurdi, g`azal mulkining sultoniga aylandi, keyinchalik qator dostonlar yaratdi, adabiyotshunos, tilshunos, davlat va jamoat arbobi sifatida dunyoga tanildi.

Alisher Navoiy o`z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli ko`rish ruhi bilan qalam tebratdi. U mehnatkash, pok, halol, o`z aql-farosati, yaxshi odamlar qalbidagi zakovat va saxovat, samimiyat, sevgi-sadoqat, fidoyilik, inson baxti, xalqlarni, mamlakatlarni do`stlikka, hamkorlikka, ezgulikka chaqirish, insonparvarlik, vatanparvarlik tuyg`ularini ulug`ladi.

Alisher Navoiyning yaratgan asarlarida millat taqdiri, birligi, el-yurt qayg`usi, yurtni obodonlashtirish, ilm, san’at va adabiyotni rivojlantirishni, Vatanga muhabbat, mehnatga sadoqat, axloqiy yuksaklikka intilish, go`zallik va muhabbat, mehr va muruvvat, shaxs erkinligi, ijtimoiy adolat uchun kurash g`oyalari bilan yo`g`rilgan- ligidir.

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov: «Insonni olam gultoji deb ulug`lagan hazrat Navoiyning butun hayoti, butun ijodi zamirida ezgulik, adolat, nafosat kabi yuksak tuyg`ular dunyoni obod va munavvar qiladi, bashariyatni ma’naviy halokatdan qutqaradi, degan qat’iy ishonch mujassam» deb bejiz aytmaganlar.

Haqiqatan ham Alisher Navoiy o`zbek mumtoz adabiyotining asoschisidir. U XV asr o`zbek mumtoz adabiyoti va madaniyati rivojiga munosib hissa qo`shgan ulug` siymodir.

2015 yil 9 fevralda Alisher Navoiy tavalludiga 574 yil to`ladi. O`zbek xalqi, Navoiyshunoslar va adabiyot ahli bu sanani nishonlaydilar, chunki uning yaratgan durdonalari umumbashariyligi va hamma davrlar uchun hozirjavobligi bilan barchani maftun etib kelgan, uning asarlari jahon tillariga va qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan.

Bu sana munosabati bilan kutubxonalarda shoir hayoti va ijodiga bag`ishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, navoiyxonlik kunlari, davra suhbatlari, navoiyshunoslar, adabiyotshunoslar, yozuvchilar va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etish ko`zda tutilgan.

Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati

(1441 — 1501)

Buyuk gumanist shoirimiz faoliyati va ijodiga teran nazar tashlasak, uning dahosi ijtimoiy hayotning, mafkura va madaniyatning barcha sohalarini qamrab olganidan hayratga tushamiz.

I.Karimov

O`zbek adabiyotining asoschisi, shoir, olim, ma’ri- fatparvar, faylasuf, musiqashunos, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Hirot shahrida tavallud topgan. Uning otasi G`iyosiddin Muhammad zamonasining bilimdon kishilaridan va Temuriylar xonadoniga yaqin shaxslardan bo`lgan. U go`dakligidanoq she’riyatga va ilm olishga qiziqqan, farzandiga ta’lim-tarbiya berish uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilgan. Alisher 4-5 yoshlarida shahzoda Husayn bilan birga maktabda ta’lim oladi.

Alisher yoshligidanoq sharq adabiyotiga, fors she’riyatiga qiziqqan. U badiiy asarlarni o`qish va o`rganish bilan kifoyalanib qolmay, o`zi ham she’rlar yoza boshladi. U 10-12 yoshlaridayoq ilk she’rlari bilan mashhur bo`lib, katta san’atkor va olimlarning diqqatini o`ziga jalb qildi. Alisherning iste’dodidan mamnun bo`lgan mavlono Lutfiy (Xondamirning xabar berishicha) uning:

Orazin yopqoch ko`zimdan sochilur har lahza yosh,

Bo`ylakim, paydo bo`lur yulduz, nihon bo`lg`och quyosh…

matla’li g`azalini tinglab, «Agar mumkin bo`lsa edi, men o`zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o`n-o`n ikki ming she’rimni shu bir g`azalga almashar edim»,- degan.

Navoiy mantiq, falsafa, riyoziyot va boshqa fanlar bilan shug`ullanadi. Firdavsiy, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Sa’diy, Atoiy, Lutfiy va boshqa yozuvchilarning asarlarini qunt bilan o`rgana boshlaydi. U o`zbek va fors-tojik tillarida bir qancha she’rlar bitib, ikki til bi-limdoni sifatida

shuhrat qozonadi. O`zbek tilidagi she’rlarida «Navoiy» («navo»-kuy so`zidan), fors-tojik tilidagi she’rlarida esa asosan «Foniy» («fano»-vaqtincha, o`tkinchi so`zidan) olib va ba’zan «Navoiy» taxallusini qo`llaydi.

Navoiy dastlab lirik she’rlari bilan keng shuhrat qozona boshlaydi. U o`zbek tilidagi dastlabki yirik asarini, ya’ni «Hiloliya» qasidasini Sulton Husayn Boyqaroga bag`ishlagan bo`lsa, fors tilidagi birinchi yirik asari «Tuhfat ul-afkor» (1476) qasidasini Jomiyga bag`ishlagan edi.

1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o`zi- ning o`zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni — «Badoe’ ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»)ni tuzdi.

Alisher Navoiyda o`zbek tilida «Xamsa»-besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo`lgan. Ushbu maqsadini 1483 — 1485 yillarda amalga oshiradi. Asar o`zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdona- laridan biriga aylandi.

Alisher Navoiy 1485 yili mashhur «Nazm ul-javohir» («Hikmatli so`zlar manzumasi») asarini yozadi.

Navoiy «Tarixi anbiyo va hukamo» (Payg`ambarlar va tabiblar tarixi: din va tibbiyot tarixidagi buyuk shaxslar hayotidan umumtarixiy risola) (1488), «Siroj ul-muslimiyn» («Musulmonlar chirog`i») (1488) kabi asarlarini ham yaratgan.

U hamisha ko`proq ijodiy va ilmiy ishlar bilan shug`ullanish, bu boradagi rejalarni amalga oshirish xayoli bilan yashardi.

Navoiy 1490 yil o`ziga zamondosh shoirlar haqida Jomiyning «Bahoriston», Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro» asarlari shaklida «Majolis un-nafois» («Nafislar majmuasi») tazkirasini tuzishga kirishib, uni 1492 yilda tamomladi.

U 1492 yilda aruz ilmiga bag`ishlangan «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o`lchovi») risolasini yaratgan. 1494 yilda turkiy tildagi maktublarni to`plab «Munshaot» («Maktublar») majmuasini tuzgan. Shuningdek, Navoiy 1494 yilda islom ma’naviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlariga oid «Nasoim ul-muhabbat» («Muhabbat shabbodasi») risola- sini yozadi.

Alisher Navoiy 1491 — 1492 yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan hamma she’rlaridan yangi yig`ma devon tuzishga kirishadi va bu ish 1498 — 1499 yillarda nihoyasiga yetadi. Devonning umumiy nomi «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi») bo`lib, 4 qismdan iborat bo`lganligi uchun «Chor devon» deb ham atalgan.

U 1498 yilda «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») falsafiy dostonini, 1499 yilda «Muhokamat ul-lug`atayn» («Ikki til muhokamasi») nomli ilmiy asarini yaratgan.

Navoiy «Lison ut-tayr» dostonini «Xamsa» dan 14 yil keyin yaratgan. Bu asarini shoir «Foniy» taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o`girgan, aniqrog`i, bu dunyosidan ko`proq u dunyosini o`ylay boshlagan edi. Ushbu asar bolaligida sevib o`qigani — Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» («Qushlar tili») dostoniga javob tarzida, shoirning o`z ta’biri bilan aytganda «tarjima rasmi bila» yuzaga keltirgan she’riy mo`’jizasi edi.

«Lison ut-tayr» dostoni 100 ming baytdan iboratdir. Ushbu boy meros bilan Alisher Navoiy o`zbek adabi-yotini jahon yuksakligiga ko`tardi va adabiy tiliga asos soldi.

Navoiy «Muhokamat ul-lug`atayn» asarida turkiy tilning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi o`rni, uning grammatik mukammalligi, so`zlarga boyligi, forsiy til qoidalari va hadisalariga qiyoslangan holda chuqur va aniq misollar orqali tahlil etilgan.

Alisher Navoiyning so`nggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yo`sinida yozilgan «Mahbub ul-qulub» («Qalblar sevgani»)dir.

1500 yilning 28 dekabrida Husayn Boyqaro isyon ko`targan o`g`li — Muhammad Husayn bilan sulh tuzib, Hirotga qaytar ekan, Alisher Navoiy ham uni kutib olishi lozimligiga ishorat qiladi. Orada 2-3 kunlik yo`l bor edi. Alisher Navoiy o`zining so`nggi she’rini Poyob rabotida yozgan va undan nusxa ko`chirtirib, kelayotgan Husayn Boyqaroga yuborgan. Uchinchi kuni Alisher Navoiy hukmdor istiqboliga yaqinlashayotganida o`zini yomon his etgan, u bilan ko`rishayotganda hushidan ketib, qaytib o`ziga kelmagan va 1501 yilning 3 yanvarida vafot etadi.

Buyuk so`z sultoni, o`zbek xalqining ulug` shoiri va mutafakkiriga vafotidan keyin yuksak hurmat va ehtirom ko`rsatila boshlandi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti — O`zbekiston Respublikasining badiiy ijod sohasidagi eng oliy mukofoti, O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1989 yilda 13 sentyabrda ta’sis etildi.

Alisher Navoiy qoldirgan ma’naviy meros — uning nodir asarlari mangulikka dahldordir.

OLIS YULDUZ SHULA TARATAR

(Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag`ishlangan tadbir ssenariysi)

Sahnaga ikki boshlovchi chiqadi.

1-boshlovchi: Buyuk mutafakkir, g`azal mulkining sultoni — Mir Alisher Navoiy tavalludi tantanasiga yig`ilgan aziz mehmonlar, assalomu alaykum!

2-boshlovchi: «Davron elining jismida jon bo`lg`on» mo`’tabar ustozlar, assalomu alaykum!

1-boshlovchi:

Jondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq bo`lmas,

Ondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.

2-boshlovchi:

Kamol et kasbkim olam uyidin,

Senga farz o`lmag`ay g`amnok chiqmoq.

Jahondin notamom o`tmak biaynih,

Erur hammomdin nopok chiqmoq.

(boshlovchilar chiqib ketadilar)

(Sahnaga 3 o`quvchi va Navoiy siymosi (Navoiy qiyofasidagi o`quvchi) chiqadi)

1-o`quvchi: Aziz bobojon! Siz betakror va boqiy siymosiz. Siz yaratgan asarlar samodek tiniq, tongdek shaffof, musiqiy ohanglar bilan yo`g`rilgan.

Asarlaringizni o`qir ekanmiz, har bir satringizdan o`z xalqingizga, insoniyatga cheksiz mehringiz, u bilan bir jon, bir tan ekaningizni anglash qiyin emas.

Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranji g`urbat havas aylama.

2-o`quvchi: Aziz bobojon! Siz jozibador baytlaringiz bilan insoniyatga so`zning sehrini, hayotning ma’nosini, saodatning eshigini ochib berayotgandeksiz. Bu gulshanda saodatning kaliti odamlarga yaxshilik qilishda ekanligini anglatdingin,

Bu gulshan ichra yo`qtir baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur yaxshilik bila chiqsa ot.

3-o`quvchi:

Ulug` ustoz! Siz g`azal mulkining sultonisiz. Siz bir umr:

Odamiy ersang demagil odami,

Onikim yo`q xalq g`amidin g`ami,-

degan shioringizga sodiq qoldingiz.

(o`quvchilar chiqib ketadilar)

Ovoz:

Jahonki muqaddas neni ko`ribdi,

Bariga onasan, ey qodir hayot.

Asrlar qa’ridan boqib turibdi,

Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.

Shu buyuk o`g`lingni ardoqlab dildan,

Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.

Uning nomi bilan birga bitilgan

Dunyo daftariga o`zbek degan nom.

Mumtoz kuy chalinadi. Navoiy o`z ijodxonasida……..

Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro` kelmadi,

Ko`zlarimg`a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Lahza-lahza chiqdimu chektim yo`lida intizor,

Keldi jon og`zimg`ayu ul sho`xi badxo` kelmadi.

(asta-sekin Navoiy siymosi sahnadan chekinib, kuy qo`shiq va raqsga ulanadi. (Munojot).

1-boshlovchi: Navoiy 60 yillik umri davomida o`z davrining ijtimoiy-siyosiy voqeliklarini, inson tuyg`ularini, uning kamolini, o`z orzu-tilaklarini boy adabiy ilmiy merosida aks ettirdi.

2-boshlovchi: Navoiyning mana shu boy badiiy, ijodiy dahosi o`z davridan boshlab adabiy hayotimizda alohida bir maktab bo`lib keldi.

1-boshlovchi: Navoiyga bag`ishlangan bugungi tadbirni ramziy ma’noda to`rt faslga bo`lamiz. Zero, Navoiy «Xazoyin ul-maoniy»da aytganidek, «Umr fusulining navbahori»ga sayr etsak.

Yosh Alisher bolaligidanoq o`zining o`tkir zehni, ziyrakligi va xushxulqi bilan barchani hayratga solgan. U uch-to`rt yoshidayoq she’riyatga mehr qo`yadi, to`rt-besh yoshida Qosim Anvor g`azallarini yod biladi, maktab yoshida Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini to`liq yodlaydi.

Sahna ko`rinishi. Yosh Alisherning Taft shahrida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashuvi.

2-boshlovchi: Navoiy o`z umrining ikkinchi davrini «Yigitlik nodirliklari» deb atadi. U yetti-sakkiz yoshlarida g`azallar bitgan bo`lsa, o`n ikki-o`n uch yoshlarida mamlakat bo`ylab shuhrat taratadi, el e’tiborini qozonadi. Navoiy yigitlik yillarida o`zi sevgan shoirlarning «shirin ash’ori va rangin ab’yotidin» ellik mingdan ortiq baytni yod bilgan. Aziz qat- nashchilar, Sizni Navoiy umrining shu fasliga chorlaymiz.

Navoiy (Navoiy qiyofasidagi o`quvchi) o`z g`azallaridan birini o`qiydi.

(Ikki o`quvchi Navoiyning «Qaro ko`zim» hamda «Topmadim» radifli g`azallarini yod aytadilar. Kuy chalinib turadi).

1-boshlovchi: «Fusulning xazoni, tiriklik bog`ining barg- rezining nishoni» bo`g`on fasl. Alisher Navoiy umrining bu davrida mamlakatda «Amiri kabir» — (Ulug` vazir) sifatida o`zining olijanob va eng yuksak orzulari — xalqqa xizmat qilish, mamlakat osoyishtaligini saqlash, hokimiyatni mustahkamlash, ilm-fan va adabiyot, obodonchilik va madaniyatni rivojlantirishdek ulkan ishlar qanchalik og`ir va ma’suliyatli bo`lmasin, ularni katta mehr-muhabbat va ulug`vorlik bilan amalga oshirdi. Shu bilan birga, bir lahza ham ijoddan to`xtamadi.

2-boshlovchi:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasig`a panja urmoq.

1-boshlovchi:

Kerak sher oldida sher jangi,

Gar sher o`lmasa bori palangi.

(Shu o`rinda o`quvchilar ijrosida «Xamsa»dan parchalar va Navoiy g`azali bilan aytiladigan qo`shiqlar ijro etiladi)

2-boshlovchi: Buyuk «Xamsa»ni yaratib, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Jomiyga hamqadam bo`lib, buyuklar qatoridan joy olgan hazrat Navoiy o`z oldiga qo`ygan maqsadini sharaf bilan ado etdi.

1-boshlovchi: Zamonining alloma shoiri, ustozi Jomiyning yuksak bahosiga musharraf bo`ldi. Husayn Boyqaro esa «Bu qalamga falakdin ofarinlar yog`ilsin» deya niyat bildirdi.

2-boshlovchi: To`rtinchi fasl — «Umr fusulining qishi». Navoiy ishq dardi va ranjining umr oxirida ko`rsatgan natijalariyu jonni o`rtovchi kechinmalarini «Favoyid-ul kibar»da jamlagan.

(Tadbirda Navoiy g`azal va ruboiylari bo`yicha mushoira o`tkazishni ham tavsiya qilamiz. Mumtoz musiqa chalinib turadi).

1-boshlovchi: Alisher Navoiy haqida shoirning do`sti, maslakdoshi Husayn Boyqaro o`z «Risola»sida deydi (sahnaga Husayn Boyqaro kirib keladi):

«Mir Alisher turk tilining o`lgan jasadiga Masih nafasi bilan ruh-jon kirgizdi… U har bir she’r turi maydoniga topqir otini surar ekan, o`sha mamlakatni til qilichi bilan o`ziga tobe’ etdi. Uning nazmini maqtashga til nuqsonli va qalam ojizdir va bu kun nazm dunyosining ruboi maskunida qahramon udur va uni bu mamlakatni qo`lga kiritgan sohibqiron desa bo`ladi».

Adabiyotshunos: Olis yulduzlarning nuri ular so`nganidan keyin ham ming-ming yillar mobaynida ona-Erimizga yog`ilib turar ekan.

Mir Alisher o`z davridayoq buyuk daholar safidan mustahkam o`rin olib, o`zbek nomini jahonga mashhur qilib, ona xalqimiz timsoliga aylandi, uning ummon qadar bepoyon ijodidan har kim o`z iste’dodiga yarasha bahramand bo`ladi. Zero, Navoiyning har bayti hikmatli bir kitob.

Biz shunday ulug` mutafakkir shoirimiz borligidan faxrlanamiz, iftixor qilamiz. Bugungi tadbirimiz Navoiyga, she’riyat dahosiga bo`lgan ehtiromimizning bir ko`rinishidir.

Barchamizga, adabiyot ahllariga she’riyat bayrami muborak bo`lsin.

Birin-ketin o`tib borar asrlarning karvonlari,

Oh, nechog`lik xatarlidir uning oshar dovonlari,

Inson zoti murodiga azal-abad yetar edi.

Ushalsa gar umidvor zot Navoiyning armonlari,

Fursat keldi do`stu g`anim kimligini bilay bu kun.

Jami bashar farzandiga saodatlar tilay bu kun,

Ko`kka boqib sahar chog`i iltijolar qilay bu kun,

Nurga to`lsin aziz bobom, Navoiyning makonlari.

(barcha kechada qatnashganlar boshlovchilar tomonidan rollari bilan tanishtirilib, sahnaga taklif etiladilar)

Navoiyning hikmatli so`zlari

Boshni fido qilg`il ato boshig`a,

Jismni qil sadqa ano qoshig`a.

Tun-kuningga aylagali nur fosh,

Birisin oy angla, birisin quyosh.

* * *

Karam va muruvvat ato va anodurlar,

Vafoyu hayo ikki hamzod farzand.

* * *

Haq yo`lida kim senga bir harf o`qitmish ranj ila.

Aylamak oson emas haqqin ado ming ganj ila.

* * *

Gavharu durni quloq ozori bil,

So`zni quloqning duri shahvori bil.

* * *

Jahon ilmiki bu kun menga yod erur,

Anga barcha jahl ahli ustod erur.

* * *

Bu gulshan ichra yo`qdir baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur qolsa yaxshilik bila ot.

Prezidentimiz I.A.Karimov Alisher Navoiy haqida

Inson qalbining quvonchu qayg`usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi.

* * *

Insoniy ishq-muhabbatni, mehru vafo, iffat, sharmu hayo va nazokatni yonib, hassoslik bilan kuylagan Navoiyning go`zal satrlarini o`qiganda buyuk va olijanob qalb sadolarini sezib turamiz. Bu yurak tug`yonlari, mana, oradan besh yarim asr o`tsa hamki, millionlab odamlarni hayajonga solib kelmoqda.

* * *

Ona tiliga muhabbat, uni ulug`lash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg`usi ham bizning ongu tafakkuri- mizga, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgan.

* * *

Alisher Navoiyning tarix va bashariyat oldidagi ulug` xizmatlaridan biri shundaki, u adolat tuyg`usini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib yashaydigan oliy mezon darajasiga ko`tardi, odamzodni hayotda adolatni qaror toptirishga, uni asrab-avaylashga chorlab o`tdi.

* * *

Navoiy hazratlarining tom ma’noda xalqparvar shaxs bo`lgani, uning o`lmas g`oyalari bugungi kunlarimiz uchun ham bag`oyat hamohang va ibratli ekani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Alisher Navoiy XX — XXI asr olimlari va

yozuvchilari talqinida

Alisher Navoiy dong`i ketgan buyuk shoirgina emas, o`z davrining eng ma’lumotli kishisi, fan va san’atning turli sohalarini asosli egallagan olim va mutafakkir, eng hushyor, eng tadbirli va davlatning istiqbolini ko`ra biluvchi keng qarashli bir siyosatchi ham edi.

Oybek

O`zbek xalqining ulug` shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk san’atkorlaridandir. Uning nomi va merosi Gomer va Dante, Rudakiy va Firdavsiy, Nizomiy va Shota Rustaveli, Sa’diy va Jomiy, Shekspir va Bal’zak, Pushkin va Tolstoy, Rabindranat Tagor va Lu Sin kabi ulkan so`z san’atkorlarining nomi va merosidek o`lmasdir.

N.Mallaev

O`zbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy o`lmas «Xamsa» tarkibidagi dostonlari, beqiyos «Xazoyin ul-maoniy»ni tashkil etgan she’riyati, o`n to`rt nomdagi nasriy asarlari bilan adabiyotimizni boyitgan, uni jahon adabiyoti yuksakligiga ko`targan, ilg`or bashariyatning madaniyat xazinasiga ulkan hissa qo`shgan ijodkordir.

S.G`anieva

Adabiy asarning qiymati, o`qishli va o`qishli emasligi birinchi navbatda uning qanday uslub bilan yozilishiga bog`liq. Alisher Navoiy asarlari besh asrdan buyon xalqimiz tomonidan sevib o`qilib kelinayotgan ekan, demak, bu asarlar yaxshi uslub bilan insonga farah bag`ishlaydigan shakl va ohanglarda yaratilgan. Xoh uning she’r va doston lari bo`lsin, xoh nasriy asarlari, xoh ilmiy asarlari, xoh tarixiy asarlari bo`lsin, ularni o`qigan har qanday kitob xon ulardan ma’naviy ozuqa oladi, rohatlanadi.

A.Hayitmetov

«Tuhfat ul-afkor» qasidasi Alisher Navoiyning shoh asarlaridan biri bo`lib, unda abadul abad ahamiyatini yo`qotmaydigan, hamisha dolzarb g`oyalar ifoda etilgan.

N.Komilov

Navoiy muqaddas kitoblardagi olamshumul fikrlardan o`z badiiy asarlarida barakali istifoda etib, islom ta’limotining ommalashishiga, ravnaq topishiga o`zining beqiyos ulushini qo`shgan. Islom dini asoslari Navoiy asarlarining badiiy-falsafiy jihatdan barkamolligini ta’minlagan.

M.Mirzaahmedov

Kitobing kirmagan o`zbek elida xonadon yo`qdir,

Ruboiy kuylaring yod bilmagan bir jonajon yo`qdir,

Yetuk avlodlaringdir ilmu donishli, gumon yo`qdir,

Bashar tarixini yuz bor o`qi, bunday zamon yo`qdir,

Ko`ngillarni yoritdik ma’rifatdan mohitob aylab.

G`afur G`ulom

Baytingga bir bora qovushgan har lab,

Takrorlab ketgusi mahshargacha to,

Qaratib turibsan bu yon, ne ajab,

Milliard martabali jahonni hatto.

A.Oripov

Alisher Navoiy dostonlar va nasriy asarlarini asosan umrining so`nggi yigirma yillarida yaratgan bo`lsa, lirik she’rlarini butun ongli hayoti davomida yozgan. Demak, shoir hayotidagi ruhiy kechinmalar o`sha davrning murakkab siyosiy, ijtimoiy hayotidagi turli-tuman voqea, hodisalarga bo`lgan munosabati xuddi aynan lirik she’rlarida o`z ifodasini topgan.

F.Sulaymonova

Navoiy asarlari markazida ezgulik, pok insoniy muhabbat, inson fazilatlarini ulug`lash, tinchlikka, do`stlikka da’vat, vijdon erkinligi singari g`oyalar turadi.

T.Mirzaev

«Ulug` shoir va olim, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatini bilasizmi?»

Bilimdonlar bellashuvini tashkil qilishga tavsiyalar

Bellashuvning maqsadi kitobxonlarni Alisher Navoiy ijodi bilan tanishtirib, adib va ma’rifatparvar, davlat arbobi, jahon ma’naviyatining buyuk siymosi yaratgan asarlarni o`qish, ijodi, tarjimai holi, u qoldirgan merosni o`rganish hamda keng kitobxonlar ommasiga targ`ib etishdan iborat.

Bellashuvni o`tkazishdan oldin faol kitobxonlardan 2 ta bilimdonlar guruhi tuziladi. Har bir guruh 8 yoki 10 nafar kitobxonlardan tashkil topadi.

Quyida bellashuvga qo`yiladigan savollardan namunalar keltiramiz.

1. Shoirning haqiqiy ismini aytib bering. Uning yana boshqa taxallusi bo`lganmi?

(Shoirning haqiqiy ismi Nizomiddin Mir Alisher, Foniy taxallusida ham ijod etgan).

2. U Sa’diyning qaysi asarlarini yoshlik paytida o`qigan?

(Alisher Navoiy Sa’diyning «Guliston», «Bo`ston» asarlarini o`qigan va yod olgan).

3. Yosh Alisherning iste’dodiga qiziqqan va unga katta baho bergan shoir kim?

(Keksa shoir Lutfiy yosh Alisherning iste’dodiga qiziqqan va unga katta baho bergan).

4. Alisher Navoiy necha yoshlaridan she’r yoza boshlagan va necha yoshida shoir sifatida keng tanilgan?

(Alisher Navoiy 10-12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan va 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan).

5. Shoir Samarqandda qaysi madrasada o`qigan?

(Shoir Samarqandda 1465 yildan 1469 yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida o`qib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi).

6. Navoiyning ilk devoni qaysi?

(Alisher Navoiyning ilk devoni «Badoyi ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»)dir).

7. Navoiyning «Xamsa»siga qanday asarlar kiradi?

(Alisher Navoiyning «Xamsa»siga quyidagi asarlar kiradi: «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor», «Saddi Iskandariy», «Hayrat ul-abror»).

8. Navoiy ijodida eng sermahsul davr qaysi va shu davrda qanday asar yaratgan?

(Shoir ijodida 1483 — 1485 yillar eng sermahsul davr bo`lgan. Shu ikki yil ichida «Xamsa»ni yaratgan).

9. Shoirning ikkinchi devoni qaysi va qachon yozgan?

(Alisher Navoiy 1476 — 1483 yillar orasida ikkinchi devoni «Navodir un-nihon» («Behad nodirliklar»)ni yozgan).

10. Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» devoni necha qismdan iborat?

( «Xazoyin ul-maoniy» devoni to`rt qismdan iborat 1. «G`aroyib us-sig`ar», («Bolalik g`aroyibotlari»), 2. «Navodir ush-shabob» («Yigitlik nodirotlari»).

3. «Badoe’ ul-vasat» («O`rta yosh badialari»). 4. «Favoyid ul-kibor» («Keksalik foydalari») deb nomlan- gan).

11. Ushbu keltirilgan ruboiy Alisher Navoiyning qaysi asarida berilgan?

Pokiza xos xonang nurlarga to`lsin,

Iffat chamani taxting maskani bo`lsin,

Iqbol osmoni oyog`ing hoki bo`lsin,

Hamisha Tangri taolo panohing bo`lsin.

(Alisher Navoiyning «Munshaot» (maktublar) to`plamidan olingan).

12. Mutafakkirning «Muhokamat ul-lug`atayn» asari qanday asar?

( «Muhokamat ul-lug`atayn» asari tilshunoslikka doir asar bo`libgina qolmay, balki o`zbek mumtoz adabiyotining taraqqiy etish jarayoni va uning istiqbolini yorituvchi asar hamdir).

13. Alisher Navoiy hayotining oxirgi yillarida qaysi asarini yaratgan?

(Alisher Navoiy hayotining oxirgi yillarida «Mahbub ul-qulub» («Ko`ngillarning sevgani») nasriy asarini yozdi. Asar 3 qismdan iborat.

Bellashuv yakunini hakamlar ma’lum ball qo`yish bilan yakunlaydilar

«Etti iqlimda mashhur» nomli kitob-suratli ko`rgazmani tashkil etish uchun materiallar

Taklif etilayotgan kitob ko`rgazmasi kutubxonada o`tkaziladigan tadbirlarni to`ldiradi.

Ko`rgazma quyidagi bo`limlarni o`z ichiga oladi:

1. Mumtoz adabiyotimiz asoschisi

Alisher Navoiy xalqimizning ong va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g`ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o`lmas so`z san’atkoridir.

I.Karimov

Bu bo`limda:

Alisher Navoiy tavalludini nishonlash munosabati bilan chiqarilgan qaror va farmonlar, asarlarini nashr etish to`g`risidagi va uning nomidagi Davlat mukofotiga doir farmonlar, ilmiy anjumanlar haqidagi adabiyotlarni namoyish etish mumkin.

2. Alisher Navoiy hayoti va faoliyatining sahifalari

Besh asrkim, nazmiy saroyni

Titratadi zanjirband bir sher

Temur tig`i yetmagan joyni

Qalam bilan oldi Alisher

A. Oripov

Bu bo`limda:

Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi nashrlarni namoyish qilish maqsadga muvofiq.

3. Navoiy — lirik shoir

Alisher Navoiy Sharq adabiyoti tarixida eng boy lirik meros yaratgan shoirlardan biridir. Bu lirik meros ichida g`azallar doim birinchi o`rinda turgan.

A.Hayitmetov

Bu bo`limda:

Alisher Navoiy yaratgan lirik to`plamlari, g`azallar, muxammaslar, musaddaslar, ruboiylar, qit’a, tuyuq, qasidalari va dostonlari hamda shu nashrlar haqidagi asarlarni ham namoyish etish maqsadga muvofiq.

4. Alisher Navoiy — adabiyotshunos

Alisher Navoiy ulug` so`z san’atida bo`lishi bilan birga, o`z davrining atoqli adabiyotshunosi va estetik tafakkur taraqqiyotining yirik namoyandalaridan biri hamdir.

N.Mallaev

Bu bo`limda:

Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois», «Mezon ul-avzon», «Mufradot» asarlarini va shu asarlar haqida chop etilgan manbalarni ham namoyish etish mumkin.

Adabiyotlar

Navoiy ruhi madadkor bo`lg`ay: O`zR.Prezidenti I.A.Karimovning Alisher Navoiy haykali va milliy bog`ining ochilish marosimida so`zlagan nutqi. 1991 y. 28 sent G`G`Karimov I.A. Ma’naviy yuksalish yo`lida: Tarix, ma’rifat, ma’naviyat. — T. : O`zbekiston, 1998-B.35-38.

Ulug`lari e’zozlangan yurt zavol ko`rmagay: Navoiy shahrida Alisher Navoiy yodgorlik majmuining ochilishiga bag`ishlangan tantanali marosimda so`zlagan nutqi 2001y. 24 avg. G`G`Karimov I.A. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. — T.-10. — T.:O`zbekiston, 2001.-B.18-23.

* * *

Navoiy Alisher. Mukammmal asarlar to`plami: 20 tomlik G` O`zFA A.S.Pushkin nom.Til va adabiyot in-ti, H.S.Sulaymonov nom. qo`lyozmalar in-ti; Tahrir hay’ati: Komil Yashin va boshq. — T.: Fan, 1987.- 2003.

* * *

Alisher Navoiy (1441-1501) G`G`O`zbekiston pedagogikasi antologiyasi: Ikki jildlik. J.1. G`Tuzuvchi mualliflar: K.Hoshimov, S.Ochil; Tahrir hay’ati:

M.Xayrullaev va boshq..-T.: O`qituvchi, 1995.-B.253-264.

Alisher Navoiy (1441 — 1501) G`G`Buyuk siymolar, allomalar: (O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir va donishmandlar). K.2. G`Nashrga tayyorl.

M.M.Hayrullaev.-T.: A.Qodiriy nom. xalq merosi nashriyoti, 1996.-B. 71-76

Alisher Navoiy qalblarda.-T.: Fan, 1991.-130 b.

Alisher Navoiy sabog`i G`Nashrga tayyorl. A.Jumashev; Mas.muh. A.Choriev.-Qarshi, 1992.-144 b.

Alisher Navoiyning adabiy mahorati masalalari: (Maqolalar to`plami) G`Tahrir hay’ati: A.Qayumov va boshq.; Mas.muh. S.Erkinov.-T.: Fan, 1993.-208 b.

Alisher Navoiyning adabiy mahorati masalalari.-T.:Fan, 2000.-208 b.

Navoiyga armug`on G`Tuzuvchilar: B.Qodirov, G.To`xliev, B.Amirboev va boshq.- T.: Abdulla Qodiriy nom. xalq merosi nashriyoti, 2003.-147 b.

* * *

Azimboeva M.A. Navoiy va hozirgi zamon.-T., 1991.-18 b.

Akromov Z.M. Navoiy va hayot.-T., 1991.-24 b.

Boboev H. Alisher Navoiy buyuk davlat arbobi.-T.: Sharq, 1993.-164 b.

Vohidov R. Navoiyning nomi barhayot: (Navoiyshunoslik tarixidan lavhalar) G`Mas.muh. O.S.Safarov.-T.: Fan, 1991.-79 b.

Vohidov R. Navoiyning ikki durdonasi: («Xamsat ul-mutahayyirin» va «Majolis un-nafois» haqida qaydlar) G`Mas.muh. B.N.Valixo`jaev.-T.: Fan, 1992.-114 b.

Mallaev N.So`z san’atining gultoji.-T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991.-152 b.

Muhiddinov M. Ikki olam yog`dusi.- T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991.-168 b.

Oybek. Bola Alisher: Qissa G`Nashrga tayyorl. va so`ngi so`z muallifi N.Karimov.-T.: Cho`lpon, 1995.-80 b.

Oybek. Navoiy: Roman G`Nashrga tayyorl. va mas.muh. N.Karimov; Tahrir hay’ati N.Shog`ulomov (rais) va boshq.-T.: Sharq, 1995.-447 b.-(XX asr o`zbek romani).

Oybek. Navoiy gulshani.-T.: Fan, 1997.-142 b.

Olim Sultonmurod. Naqshband va Navoiy G`Mas.muh. N.Komilov.-T.: O`qituvchi, 1996.-216 b.

Rajabov N. Alisher Navoiy va ona tilimiz: o`quv-uslubiy qo`llanma.-T.,1992.-75 b.

Sharipov Sh. Lison ut-tayr haqiqati G`Nashrga tayyorl., to`plovchi va so`z boshi mual. Ibrohim Haqqul.-T.: Ma’naviyat, 1998.-155 b.

Qodirov A. Navoiy va tibbiyot.-T., 1991.-24 b.

Qudratillaev H. Navoiyning adabiy-estetik olami: Navoiyga armug`on.-T.: Adabiyot va san’at nashriyoti,1991.-160 b.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !