MUHAMMAD YUSUF

“Qo`shiq bo`lib qaytaman…”

Muhammad Yusuf degan shoir she`riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, ko`pincha qo`shiqlarini tilga oladilar. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq tiliga juda yaqin va ravon tilde yozilgan. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini barilla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta`riflagan she`rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.

Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko`p bora eshitgandik. O`sha qush aynan Muhammadjon yuragiga oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko`zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir xonish qilganday edi.

Abdulla Oripov. O`zbekiston qahramoni

Muhammad Yusuf xalq mehrini qozongan shoir
Muhammad Yusuf kitoblarini varaqlasangiz, qulog`ingiz ostida qo`shiq yangrab turgandek har bir she`rni zavq-shavq bilan o`qiymiz. Qat-qatiga ichki dardga sherik bo`lasiz.
Muhammad Yusuf degan shoir she`riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, ko`pincha qo`shiqlarini tilga oladilar. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq tiliga juda yaqin va ravon tilde yozilgan. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini barilla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta`riflagan she`rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.
Muhammad Yusuf kamdan-kam tig`iladigan iste`dod egasi bo`lish bilan birga, kamdan-kam shoirda uchraydigan xislat egasi-shihratdan qochadigan kamsuqum inson edi. U shuhratning emas uning ortidan quvib yurardi. Yning yozgan she`rlari bir qarashda juda sodda, jo`n yoziladiganga o`xshab tuyuladi. Ammo, unga o`xshatib yozish biror bir shoir qo`lidan kelmaydi. Uning yoziladiganga o`xshab ko`ringan misralari muxlislarini yig`latadi, kuldiradi, o`z og`ushiga tortib oladi. Odamlar uning she`rlarini hayajonsiz o`qimaydigan, kitoblarini do`konlardan qidirib yuradigan bo`ldilar.
Muhammad Yusuf baxtli, omadli shoirlardan edi. Unga mustaqil yurtni, ozod xalqni ko`rish nasib etdi.. Yurtningeng ulug` bayramlarida uning qo`shiqlari barilla yangraydigan bo`ldi. Ozbekiston xaqidagi she`rini yoshlar hatto o`z madhiyalariga aylantirib yubordilar. Shu o`rinda Hurmatli yurtboshimizning bu kamsuqum shoirga shaxsan e`tiborini aytmay bo`lmaydi. Shoir Muhammad Yusufga Prezidentimizning mehrlari bobomiz Ulug`bek Haqidagi qo`shiqni eshingan paytlaridayoq tushgan edi. “Xalq shoiri” unvonini ham mamnuniyat bilan unga o`zlari topshirgan edilar.

Muhammad Yusuf she’riyatida xalq va vatan timsoli
Ona- Vatanni sevish, uni ardoqlash, himoya qilish insonning birinchi darajali burchi, shu bilan birgalikda uning vatanparvarlik fazilati, qalbning eng oliy tuyg`ularidan biridir. Shuning uchun ham Vatan mehri, sog`inchi undan ikki qadam uzoqlashmasdan turib qalbga larza soladi. Vatan mehri, muqaddas ona tuproq sog`inchi o`rnini hech narsa bosa olmaydi. Muhammad Yusuf o`z she’rlarida ham xalq qo`shiqlari ohangidan muhim uslubiy vosita sifatida unumli foydalangan. Bu ham shoir asarlarining xalqona, milliy ruhini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Vatan!… Bu so`zdan ulug`roq nima bor jahonda. Uni ulug`lamagan shoir bormikan dunyoda?!. Yana shunisi borki, har bir ijodkor o`z qalbidagi Vatanni o`zicha kashf etadi.
Muhammad Yusufning vatanparvarlik ruhida yozgan she’rlarini ham o`ziga xos- Vatanga bo`lgan mehr natijasi, yuksak ilhom samarasi deb aytish mumkin. U Vatanni farzand diliga qanchalik yaqin va bir butunligidan kelib chiqib madh etadi:
Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim.
O`zing hoqon,
O`zing sulton,
O`zing taxti Sulaymonim,
Yolg`izim,
Yagonam deymi
Topganim koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…
Muhammad Yusuf dastlabki yozgan she’rlarining birida «Onajon, Toshkentda qolib bir zo`r shoir bo`laman, yoki qishloqqa borib, yalpizga suyanib o`lib qolaman» degan misralarini bitgan edi.
Haqiqatdan ham, Muhammad Yusuf yurtimizning zo`r shoirlaridan biri bo`lib yetishdi. U Toshkent Davlat universitetini bitirgach, gazeta, jurnal va nashriyot tahririyatlarida ishladi. Birinchi yozgan she’rlar to`plami «Tanish teraklar» 1985 yilda nashr etildi. Keyinchalik uning «Iltijo», «Uyqudagi qiz», «Ishq kemasi», «Ko`ngilda bir yor», «Yolg`onchi yor» kabi ko`plab to`plamlari nashr etildi. Uning she’rlari xalq orasida juda mashhur bo`lib, ko`pchiligi qo`shiq bo`lib kuylandi.
Jamiyatda bo`layotgan turli o`zgarishlarga shoir doim munosabat bildirib she’r yozdi. Bu oddiy munosabat emas, kuyib, yonib aytilgan dil dardlari boshqalarning ham qalbida iztirob qo`zg`atdi. Muhammad Yusuf tarix haqida ko`p she’r yozardi. Ona xalqi boshiga tushgan musibatlardan azob chekib, sitam ko`rardi. Bundan bir necha yuz yil oldin xalq boshiga tushgan musibat ham shoir yuragini o`rtadi. U xalqning kelajagi haqida o`yladi. Kelajakni bilish uchun esa tarixni bilish kerak deb ta’kidlardi.
U ko`p she’rlarida qatag`onga uchragan vatandoshlarimizning ruhini yod olar edi. Bu she’rlar motam marosimida aytilayotgan marsiyaday ta’sir kuchiga ega bo`lib, nohaq qatl etilgan ajdodlarimiz ruhiga qo`yilgan haykalday ta’surot qoldiradi. O`quvchi bu she’rlarni o`qiganda ko`z o`ngida qancha dahshatlar namoyon bo`ladi:
Oq oltin bobom-a, voh tillo bobom,
Usmonim, Cho`lponim, Abdullo bobom.
Qora yer bahrida qon yig`lab qolgan
Akmal Ikrom bobom, Fayzullo bobom.
Ko`rinib turibdiki, ana shu to`rt qator she’rda qancha-qancha fikrlar bayon etilgan. Vaholanki, bu to`rt misra katta bir she’rning dastlabki bandlari xolos. She’rning davomi ham huddi shunday haroratli misralar bilan yozilgan.
Shoirning ko`plab she’rlari qo`shiq bo`lib kuylanib kelmoqda. Bu oddiy qo`shiqlar emas, kishini sehrlovchi, uni allalab tebratuvchi, his- tuyg`ularni junbushga keltiruvchi qo`shiqlardir.
Shoirning ona-Vatan, yurt, xalq haqidagi she’rlari nihoyatda jozibali yozilgan. Uning «Vatan», «Madhiya», «Samarqand», «Xalq bo`l elim» she’ri bunga misol bo`la oladi. «Xalq bo`l elim» she’ri el orasida katta shuhrat qozongan, bayramlarda elni oyoqqa turgazgan tantanali, jozibali qo`shiqqa aylandi:
Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,
Qumlar bosib quritmasin daryolarim.
Alpomishga alla aytgan momolarim
Ruhini shod etay desang- xalq bo`l elim!
Dunyoga boq qaddi sendek kim bor yana,
Dovrug`i ham dardi sendek kim bor yana.
Xalq bo`lishga qaddi sendek kim bor yana.
Moziyni yod etay desang- xalq bo`l elim!
Shoir bu satrlarni bitar ekan, ajdodlarimizga bo`lgan xurmatni, Vatanning naqadar ulug`vorligini, jasurlik, fidokorlik kabi fazilatlarni o`sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirgan holda el bilan-xalq bilan birgalikda bo`lishga ishontirdi va «Unga qanot bo`lay desang-xalq bo`l elim» deya bong urdi.
hullas, Muhammad Yusuf serqirra ijodkor. U qalamga olgan mavzular turli xil bo`lib, barchasiga o`ziga xos originallik bilan yondoshgan.
Mehr va muhabbat kuychisi
Xalqona ohang Muhammad Yusuf she’riyatining bosh yo`rig`ini belgilaydi. Uning she’rlaridagi balandparvozlikdan xoli soddalik va samimiyat, ikkinchi tomondan, musiqaga yaqinlik ana shu xalqona ohangning o`zaklaridir.
Bolalikda ko`rgan kechirganlari, bolalik xotiralari ijodkor shaxsiyatini, dunyoqarashini shakllantirishi bor haqiqat. Ijodkor bolaligida nimagaki zoriqqan bo`lsa, nimagaki talpingan bo`lsa-ana shular uning asarlarida turli-tuman shakllarda namoyon bo`laveradi. Bunga adabiyot tarixidan ko`plab misollar keltirish mumkin. Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini bolalikda yod olgan, Hazrat Alisher Navoiy ham butun umr davomida shu asar ta’sirida yashadi, uning ilhombaxsh ta’siridan ruh oldi.
Shu ma’noda Muhammad Yusuf she’riyatini kuzatadigan bo`lsak, unda, eng avvalo, mehrga zorlik, insoniy mehrga tashnalik hissini ilg`ash qiyin emas. Uning she’rlarida tez-tez qo`llaniladigan, qo`llanish darajasi muntazam bo`lgan, mehr-muhabbatni uyg`otadigan, shavqat hissini kuchaytiradigan obrazlar juda ko`p. Bular: «jayron», «ohu», «kiyik», «kapalak», «qaldirg`och», «lolaqizg`aldoq», «yalpiz», «yulduz» kabilardir. Mazkur iboralar satrdan satrga, banddan bandga, she’rdan she’rga ko`chib yuradi va shoir she’riyatida mag`zunlikning, ma’yuslikning, mehrning timsoli darajasiga ko`tarilgan.
Shoirning onalar haqida, qizlar va umuman olganda ayol kishi haqida bitgan dardchil she’rlarida yuqorida ta’kidlangan obrazlarni juda ko`p uchratish mumkin. Onalar, qizlar, singillar bilan tabiatan saralab olingan obrazlar o`rtasida ichki yaqinlik bor. Bu ichki yaqinlik har ikki tomonning nozikligida, himoyaga muhtojligida, ardoqqa zorligida, e’zozga tashnaligida, mehr chanqoqligida aniq-ravshan ko`rinadi.

Qiz bor uyning fayzi bo`lak deydilar.
Jannat yo`li-qiz bor yo`lak deydilar.
O`ngirimda o`g`lim yo`q deb o`ksimang,
Tog` bo`lmasa qir ham tirgak deydilar.
Elning baxti botirlarga yor bo`lsin.
Ominalar, Xolidalar bor bo`lsin.
Qiz yo`q yurtga ko`klamlar sep to`sharmi?
Qiz borki, o`lka omon, qo`rg`on but,
Qiz kutmasa yigit olov chekarmi?
Jonlar ilhaq, ilinjlar tumor bo`lsin.
Ma’sudalar, Mavludalar bor bo`lsin.
Muhammad Yusufning ijodidagi mag`zunlik, bu she’rlarnio`qib kishini o`rtanishlari, rahmini keltiradigan ifodalar , tasvirlar ehtimol shoirning biografiyasi bilan bog`liq bo`lsa, ne ajab.
Muhammad Yusufning ijodida sayqal topgan asoslardan yana biri muhabbat mavzuidir. Buyuk faylasuflar ta’biri bilan aytganda, muhabbat eski narsa, biroq har bir ko`ngil uni yangilaydi, yangidan kashf etadi. Muhabbat mavzuidagi she’rlardan shoirning qalami ravonlashadi, mavhum tuyg`u konkret shaklga kiradi, o`zligini izg`or etayotgan his tilga kiradi. Muhabbatning ozorlari, firoqu jafolari, vaslu vafolari poetik obrazlarda, kutilmagan sifatlarda o`ziga xos tarzda, ta’bir o`rni bo`lsa, muhammadona uslubda ifoda etiladi.

Muhabbat, ey go`zal iztirob,
Ey ko`hna dard, ey ko`hna tuyg`u.
Ko`kragimga qo`lingni tirab,
Yuragimni to`kib qo`yding-ku.
Muhabbat, ey go`zal iztirob,
Ko`chang kezdim sarson, dovdirab,
Yuzlarimga yuzlaring tirab,
Ko`zlarimni boylab qo`yding-ku!..
Shunday qilib, Muhammad Yusuf o`z ovozi, uslubiga ega san’atkorga aylanib, adabiyotda takrorlanmas iz qoldirdi, deb baralla ayta olamiz.

Shoir haqida xotiralar
«Muhammad Yusuf tez og`izga tushdi. Biror shoir uningdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo`lmagan. Ochig`ini aytsam, Muhammadga ko`z tegdi. Aslini olganda asl shoirlar uzoq yashamaydilar. Ammo ortdan abadiy yashaydigan meros qoldirib ketadilar. U mana shunday o`lmas meros qoldirdi.
Muhammad she’r muhlislarining yuragini o`rtab ketdi. Endi shoirning o`zi yo`q. Ammo Muhammad Yusuf deb atalmish She’riyati bor. Bu she’riyat aslo zavol bilmaydi».
Said Ahmad, O`zbekiston qahramoni, O`zbekiston xalq yozuvchisi.

«U obro` talashmas, izzatini so`roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo`lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlar tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Yurtboshimiz otalarcha mehr ko`rgizdi. Uning xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi»

Abdulla Oripov, O`zbekiston qahramoni. O`zbekiston xalq shoiri.

«Bu ozg`ingina, istarasi issiq, qorachagina yigitcha bir ko`rishdayoq meni o`ziga tortgan edi. Shu o`rinda bir narsani ta’kidlamoqchimanki, inson umrining ohirigacha ilm o`rganadi, xayot darsini o`rganadi. Ammo she’r yozish ilmi shunday ilmki, uni o`rganib bo`lmaydi. U tug`ma bo`lishi kerak.

Muhammad ham tug`ma iste’dod sohibi edi. U bu iste’dodni rivojlantirdi, o`ziga talabchan bo`ldi».

Erkin Vohidov, O`zbekiston qahramoni.
O`zbekiston xalq yozuvchisi.

» U rostgo`y shoir, halol va pokiza qalb egasi. Shuning uchun ham uning she’riyati butun ma’naviyatga to`la. U Vatan haqida kuylaydimi, muhabbat haqida qo`shiq to`qiydimi, yoki tariximiz, taqdirimiz haqida kuylaydimi, hamisha xayotga, haqiqatga hamnafaslik tuyg`usi sezilib turardi. Uning she’rlari oddiy, ravon, soddaligi bilan xalq og`zaki ijodiga qamohangdir».

Sobir Mirvaliev,Filologiya fanlari doktori. Professor.

O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning asosiy sanalari
1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumani, qovunchi qishlog`ida, dehqon oilasida dunyoga keldi.
1974 yilda Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutiga o`qishga kirdi.
Talabalik yillarida uning dastlabki she’rlari «Yoshlik» jurnalida, «O`zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosildi.
Ilk to`plami «Tanish teraklar» 1985 yilda nashr etildi. «Bulbulga gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Xalima enam allalari» (1987), «Ishq kemasi», » Ko`nglimda bir yor» (1990), «Bevafo ko`p ekan» (1997), «Erka kiyik» (1992), «Yolg`onchi yor», «Osmonimga olib ketaman» (1994), «Saylanma» («2001, 2002, 2003, 2004) kabi asarlari nashr qilingan.
1978-1980 yillar Respublika kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillar «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlagan.
1986-1992 yillar G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1992-1995 yillar «O`zbekiston ovozi» gazetasida ishlagan.
1995-1996 yillar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida o`qigan.
1998 yilda O`zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo`lgan.
1997 yildan to vafoti (2001yil 30 iyul)gacha O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatgan.

Muhammad Yusuf haqidagi asarlar, xotiralar bibliografiyasi

1. S. Mirvaliev. «O`zbek adiblari». Toshkent, «Fan»,1993yil.
2. Q.Umurov. «Adabiyot nazariyasi». Toshkent, «Sharq», 2002yil.
3. O`zbek adabiyoti tarixi.-Darslik,11sinf uchun, 2003yil.
4. O`zbek adabiyoti.-Darslik, 6 sinf uchun, 2002 yil.
5. Shoirlarga bir juft savol.-«O`zbkiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 5yanvar.
6. Men qo`shiq yozmayman. .-«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 1992 yil, 23 son.
7. Yangi yil kattami, Navo`zmi?. -«O`zbkiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 1993yil, 5 mart.
8. Shoirni xotirlab. -«Erudit» gazetasi,2003 yil,9 bet.
9. Muhammad akaning uyida yozilgan dissertatsiya. -«Darakchi» gazetasi,2003yil,24 iyul.
10. Zamira Eshonova. Ildizi nahd yurakda. -«Yoshlik» jurnali,1987yil,2-son,75bet.
11. So`zini o`qib,o`zini sog`inamiz.-«Sug`diyona» gazetasi,2003yil,8may.
12. Onangizni ko`nglini oling.-«Saodat» jurnali,2000 yil,6-son.
13. Qo`shiq millat qalbi.-» O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi,1999 yil, 18iyun.
14. Ortda qolgan iz… -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 2003yil,9 may.
15. Sog`inch satrlari. -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi, 2003yil,21 noyabr.
16. har kim har kuni eslashi lozim qarz. — «Zavafshon» gazetasi, 2002yil, 19 noyabr.
17. Barkamol ijodga da’vat. -«O`zbekiston adabiyoti va san’ati»gazetasi,1998 yil, 4sentyabr.
18. Menday xokisorni ko`rolmaslar qancha…- «Darakchi» gazetasi, 2003yil,4 mart.

Shoir Muhammad Yusuf tavalludining 55yilligiga bag`ishlangan «Ulug`imsan Vatanim» deb nomlangan adabiy-musiqiy kechaning ssenariysi.
(60 daqiqaga mo`ljallangan)
Tadbir o`tkaziladigan zal bayramona bezatiladi. «Muhammad Yusuf 55 yoshda»mavzusida kitob ko`rgazmasi tashkil qilinadi. Ko`rgazmaga shoirning chop etilgan kitoblari, gazeta va jurnallarda u haqida bosilgan maqolalardan namunalar shu bilan birga shoirning fotosuratlari qo`yiladi. Kechaga shoirning yaqinlari, yozuvchi va shoirlarni, adabiyot fani o`qituvchilarini ham taklif qilish mumkin. Zalda Muhammad Yusuf she’rlari asosida dilkash qo`shiq yangrab turadi.
Tabdirni o`tkazishdan oldin ishtirokchilarga she’rlar bo`lib beriladi.
Boshlovchilar adabiy kechani ochiq deb e’lon qilib, kechaga tashrif buyurgan mehmonlarni va ishtirokchilarni qutlaydilar.
1-boshlovchi: Assalomu alaykum jondan aziz, qadrli mehmonlar!
2-boshlovchi: Assalomu alaykum she’riyatga oshno qalblar!
1-boshlovchi: Bugungi bayram kechamiz O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodiga bag`ishlanadi. O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomini eshitmagan, loaqal u yozgan she’rlarning bir satrini xirgoyi qilmagan yurtdoshimiz bo`lmasa kerak.
2-boshlovchi: Zabardast shoirimiz xayot bo`lganlarida hozir 55 yoshni qarshilagan bo`lar edilar, ming afsuski sevimli shoirimiz muhlislarining yuragini o`rtab ketdi. U kishi oramizda yo`q, ammo Muhammad Yusuf deb atalmish she’riyat bor.
1-boshlovchi: Bu she’riyat aslo zavol ko`rmaydi. Shoirdan chinakam, betakror ijodiy meros qoldi. Xaqiqiy ma’nodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga ta’luqli desak xato qilmaymiz.
2-boshlovchi: Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumani, qovunchi qishlog`ida, dehqon oilasida dunyoga keladi. 1974 yilda Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutiga o`qishga kiradi. 1978-1980 yillar Respublika kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillar esa «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlagan.
1-boshlovchi:1986-1992 yillar G`afur g`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1992-1995 yillar «O`zbekiston ovozi» gazetasida ishlagan.
1995-1996 yillar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida o`qigan. 1998 yilda O`zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo`lgan. 1997 yildan to vafoti gacha O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatgan.
2-boshlovchi: Muhammad Yusuf atalmish shoir ustozlari, yaqinlari, farzandlari xotirasida yaxshi ishlari, xokisorligi, mehrliligi bilan muhrlanib qolgan bo`lsa, shaxsan tanigan-tanimagan muxlislari tasavvurida yig`latadigan, o`ylatadigan, ezgulikka yetaklaydigan she’ru qo`shiqlari bilan yashab qoladi.
1-boshlovchi: Shoirning ilk to`plami «Tanish teraklar» nomi bilan 1985 yilda nashr etildi. 1987 yildan to 2004 yilga qadar uning «Bulbulga gapim bor», «Iltijo», «Uyqudagi qiz», «Xalima enam allalari», «Ishq kemasi», » Ko`nglimda bir yor», «Bevafo ko`p ekan», «Erka kiyik», «Yolg`onchi yor», «Osmonimga olib ketaman», «Saylanma» kabi asarlari nashr qilingan.
2-boshlovchi: Azizlar keling sizlarni bugungi kechamizga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tanishtirib o`tsam, ular Muhammad Yusufning eng yaqin insonlari va taniqli shoir va yozuvchilarimizdir.
Mehmonlar bilan tanishtiriladi
Shundan so`ng boshlovchi davraga o`quvchilarni taklif qiladi va ular shoirning «Talabalar madhiyasi» she’rini yoddan ifodali aytib beradilar;
1-o`quvchi. Alp o`g`lonlar o`lkasi bu ko`hna Turon

Qalqonlari, qanotlari ilm istang.

Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

Alisherning avlodlari ilm istang!

2-o`quvchi. Taxtdan tushganda ham otdan tushmagan,

Ajdodingiz uy qurmagan-Davlat qurgan.

Yurti uchun yelkasida tog`lar surgan,

Rustamlari, Farhodlari, ilm istang.

3-o`quvchi. Ko`z ochgandan kezib yetti bag`ri ummon,

Yetti tilda so`zlashgan biz tili biyron.

Vatanida Tojmahallar tiklar sulton-

Boburlari, Behzodlari ilm istang.

4-o`quvchi. Qaq yo`lida siz ilmning ummatlari,

Xalq yo`lida hidoyati, himmatlari,

Madad bo`lsin Yassaviyning hikmatlari

Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.

5-o`quvchi. Ilm istang, izingizdan ibrat yoqsin,

Ihlosingiz, shahdingizdan shiddat yoqsin.

Ortingizdan mag`rur-mag`rur millat yoqsin-

Mulki Turon najotlari, ilm istang

6-o`quvchi. Alp o`g`lonlar o`lkasidir O`zbekiston,

Erkli elning qanotlari, ilm istang.

Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

Alisherning avlodlari, ilm istang.
1-boshlovchi: Rahmat. Muhammad Yusuf xalq dardini tushunardi, Xalq uchun, Vatan uchun, Mustaqillik uchun yonib ijod qilgan. Shu bilan birga inson qalbining tub-tubidagi dardini topib yoza olardi.
2-boshlovchi: Muhammad Yusuf degan shoir she’riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og`izga tushib ketdi. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o`ta jiddiy, ammo xalq diliga juda yaqin va ravon tilda yozilardi. U qo`shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o`xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.
So`z navbati mehmonlarga beriladi. Mehmonlarning chiqishi.
1-boshlovchi: Qiziqarli suhbatingiz uchun sizlarga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz va ijodingizda ulkan zafarlar tilaymiz.
Shundan so`ng davrada sho`h qo`shiq yangraydi. Maktab o`quvchilari Muhammad Yusufning she’ri bilan ijro etilgan qo`shiqqa raqs ijro etadilar.
1-boshlovchi: Chiroyli raqsingiz uchun uchun raxmat.
2-boshlovchi: Muhammad Yusuf kitoblarini varaqlasangiz, quloqingiz ostida qo`shiq yangrab turgandek har bir she’rni zavq-shavq bilan o`qiysiz. Qat-qatidagi ichki dardga sherik bo`lasiz. U Vatanni farzand diliga qanchalik yaqin va bir butunligidan kelib chiqib madx eta olgan.
1-boshlovchi: Unga mustaqil yurtni, ozod xalqni ko`rish nasib etdi. Yurtning eng ulug` bayramlarida uning qo`shiqlari baralla yangraydigan bo`ldi.
O`zbekiston haqidagi she’rini yoshlar hatto o`z madhiyalariga aylantirib yubordilar.
2-boshlovchi: . Shu o`rinda hurmatli yurtboshimizning bu kamsuqum shoirga shaxsan e’tiborini aytib o`tishimiz lozim. Shoir Muhammad Yusufga Prezidentimizning mehrlari bobomiz Ulug`bek haqidagi qo`shiqni eshitgan paytlaridayoq tushgan edi. «Xalq shoiri» unvonini ham mamnuniyat bilan Muhammad Yusufga o`zlari topshirgan edilar.
1-boshlovchi: Xurmatli mehmonlar va qadrli o`quvchilar, keling hozir Muhammad Yusufning xotirasini yod etib, hammamizga yod bo`lib ketgan «Fidoying bo`lgaymiz-O`zbekiston» qo`shig`ini birgalikda ijro etaylik.
Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni,
Ham oq yuvib oq taragansan o`zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib,
Kunimizga yaragansan o`zing bizni.
Fidoying bo`lgaymiz seni,O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…
Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joninga,
Alpomishlar ruhi yor har o`g`loninga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib,
Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oninga.
Adoyining bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…
Tuzing totib, unutganlar xor bo`ladi,
Ko`zlaringa ikki dunyo tor bo`ladi.
Shodon daming ko`rolmagan yurtfurushlar,
Bir kun bir kaft tuprog`ingga zor bo`ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni O`zbekiston!…
2-boshlovchi: Shoir bu satrlarni bitar ekan, ajdodlarimizga bo`lgan xurmatni, Vatanning naqadar ulug`vorligini, jasurlik, fidokorlik kabi fazilatlarni o`sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirgan holda vatanparvarlikka da’vat etdi..
Boshlovchilar tadbir ishtirokchilariga murojaat qilib, ular orasidan shoirning she’rlarini yod olgan o`quvchilarga navbatni beradilar.
1-boshlovchi: Muhammad Yusuf baxtli, omadli shoirlardan edi. Muhammad Yusuf kamdan-kam tug`iladigan iste’dod egasi bo`lish bilan birga, kamdan-kam shoirda uchraydigan xislat egasi-shuhratdan qochadigan kamsuqum inson edi. U shuhratning emas, shuhrat uning ortidan quvib yurardi.
2-boshlovchi: Xulosa qilib, Muhammad Yusuf o`z ovozi,uslubiga ega san’atkorga aylanib, adabiyotda takrorlanmas iz qoldirdi, deb baralla ayta olamiz.
1-boshlovchi: Muhammad Yusuf tavalludining 55 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan kechamizning aziz mehmoni bo`lganingizdan va ishtirok etganingizdan minnatdormiz.
Ushbu tavsiya etilayotgan tadbir ssenariysi namunaviy bo`lib, har bir ta’lim muassasasi ma’sul xodimlari mavjud sharoit va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, unga ijodiy yondoshadilar va tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etadilar, degan umiddamiz.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

ADABIYOT ATOMDAN KUCHLI !